Birinchi kun
…Qishloqqa kirib borarkan yo‘l yoqasidagi tanish daraxtlardan birortayam qolmaganligiga ko‘zi yetgach dami ichiga tushib ketdi…
Bir vaqtlar shoxlari shamolda gurillagan, epikinda sollanishgan, shoxlashishgan shoxlarning soyalari bir birini quvalagan, shoxdan-shoxga uchgan-qo‘ngan qushlar g‘ujuridan, ostida bir maydon o‘tirgan odamning bahri dili yayraydigan, g‘ubori ketadigan yo‘l yoqalagan daraxtzordan irimigayam qolmaganidan aqli shoshdi. Necha yildirki bola tugul otagayam ish topilmasligi, siyosat siyohiga tegib ketmasin deb gudranganda bekorchilik, odamlar origa tegib ketmasin deb talmovsiralganda ilojsizlik ortidan, odamlarni o‘zi ekkan bo‘lsada, o‘zlariniki bo‘lmagan daraxtlarni kesishga, egalik qilishga, kesgandayam kesayotganligining gunohligini bilib turib, bir-biridan yashirincha, yarim kechada kesib, o‘g‘rincha o‘tinni o‘g‘rincha uyga tashiganiga, uydagilarniyam o‘g‘rilikka sherik bo‘lganiga guvoh bo‘lgan Kattayo‘lning ikki beti o‘tinni sudrab o‘tgandan qolgan chandiqlar qachon bitishini, qachon avvalgiday bo‘lib ketishini ikki ko‘zi osmonga qadalgancha kutib yotganday ko‘rinadi. Ko‘zda ko‘ringandan ko‘ra xayolida ko‘ringan xushni shoshiradi.
Kattayo‘ldan Jarko‘chaga burilarkan, burimdagi bir vaqtlardagi, daraxtlar orasidagi ariqdan qolgan do‘nglikda ketni quriq yerga berib, sal kam ko‘krakkacha qayrilib kelgan tizzalar ko‘zi ustiga qo‘llarni osiltirib, chotni katta kerib, boshni osiltirgancha mardikor o‘tirishda qatorlashgan, biri nos, biri tutunni xumorida tizilishgan, nosu-tutundan yiroqlar, to‘rt qadam narida chordona qurgan qishloqdoshlarini changda qoldirmaslik uchun oldinroqdan sekinlatilgan mashina tuproq oralagancha sal o‘tmay to‘xtaydi. Hol so‘rashishga qo‘zg‘algan qurga yuzma-yuz yuradi. Ko‘plari tengqur. Yuzma yuz kelgan yuzlar xuddi bundan qirq yil oldin shu ko‘chalarda yurgan otalarning tus nuqsi. Bolalar otalarning suratiga kirgan qo‘ygan. Yaqinlashish uchun tashlangan to‘rt-besh qadamda xayoldan o‘tgan xomcho‘ticha otalarning yoshi qurda turganlarnikidan ancha katta edi. Erta qarigan tengqurlarning faqat ko‘zlari o‘zlariniki edi chog‘i. Shaharlik ko‘rganidan, sezganidan seskanib ketdi. Qishloq odamidan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Yana ko‘rib turgan bo‘lsa. Ko‘rganlaridayam, hamma narsani bilib turganlaridayam o‘zlarini sezmaganga, bilmaganga oladilar, xolos. Hokisor. Bilganga xor, bilmaganga sor.
– Keling, endi bir bag‘rimga bosay, avojon. Bo‘yinggizga bir to‘yaylik. Yana qachon ko‘rishamiz. Kelsammi kelmasammi deb turgan shamolni isi kimniki desak, sizniki ekanda…
Bu Bozorboy avoning ovozi. Ota kasb, etikdo‘zlik qiladi. Birda aytgan edi: quloq terlab etik tikish, burin pishnab maxsi tortish qayoqda. U kunlar o‘tib ketgan, avojon. Kun yirtiq, yamoqqa qolgan. Qishloqda o‘qimagan kitobim qolmadi. Sizda zo‘rlaridan bor, avojon, bilaman. Bittasini tashlab ketasiz. Yangamning yirtishidan tekkan tavarikka o‘rab o‘qiyman. Bu keganingizgacha yodlab qo‘yaman…
Endi kitob tegishi naqdligini hamma biladi. Oraga yangani oti tushdi. Avoning yangasi shaharlikni opasi. Tuqqani.
Kela-kelguncha, moshinada o‘g‘ilchalariga yo‘lma-yo‘l maqtanib kelgan, bir vaqtlar bolalikda, yozgi ta’tilda mehmonga kelgan, qishloqcha aytganda qidirib kelgan, shaharlik bo‘lib ketgan xolalarning bolalari – bo‘lalar Jarko‘chaning ikki yelkasida osmonni suyab turgandek balandan baland teraklarning hayratidan hayajonlangancha “qal’a devorlariga o‘xsharkan” degan teraklar ham xolasinikiga ketgan ko‘rinadi.
Er quriqshib, qaqrab, qaqshab yotgan edi.
Xudo mehribon bo‘ldi. Nam tashladi.
Bosilgan iz qolar-qolmas qor tushgan hovlining kun chiqar etagidagi daraxt shoxida sovuq zahridan panalabgina, uvishibgina, mung‘ayibgina, mo‘ltirabgina turgan nazarni ilg‘adi. Qadim tanish va yuklik o‘rinadi. Qarashning yoshi, bo‘yi-basti borga o‘xshaydi. Yillar bilan o‘lchanmaydigan, o‘ziga o‘xshagan xotiralar, o‘lmaydigan xotiralar bilan o‘lchanadigan, xayolni paqqos egallaganda ko‘kayni orziqtiradigan xotiralar bilan qarichlanadigan, taroziga qo‘yilganda, zirqiratar xotiralar bilan tosh bosar o‘ynaydigan, o‘lchanadigan, eniga titroqlar bilan sarjinlanadigan, begona ko‘rmasligi shart ko‘z yoshlari bilan choshlanadigan, gardiyam elaklarga, g‘alvirlarga, qulochlarga sig‘maydigan, og‘ir keladigan, mana-man degan yelkalar ko‘tarolmaydigan, ne bir katta ko‘zlar ko‘rmaydigan, ko‘rolmaydigan, ko‘rishi buyurilmagan, ne bir katta telpakli, sallali, shlyapali kallalar ostidagi aqllar ilg‘amaydigan, ilg‘ash nasib qilmagan, nasib qilmaydigan zarradekkina yuki bo‘ladi. Bo‘yining totini Kunchiqarda turib totsa, Kunbotarda sayrlanib tuysa ham bo‘ladi. Odam zoti qalam bilan surat solsa uifor bilan, bo‘y bilan surat soladi. Suratni havoga, osmongasoladi. Didlarga, dimoqlarga soladi. Ko‘ngillarga soladi. Ko‘kaylarga, ko‘zni ko‘ziga soladi. Solgan suratidan ham isi kelib turadi. Ham bolalik, ham o‘smirlik, ham yoshlik, ham keksalikning isi bab-baravar kelib turadi.Ularga qo‘l qancha uzun bo‘lmasinetmaydi.Ota hovlining kech kuz boltasidan o‘tib, yaproqlar bilan omonlashib, qo‘shni dov-daraxtlar bilan xayr-xo‘shlashib,qor bosgan bog‘ning adog‘idagi peshonasiga bir chimdim qor qo‘ndirgan ko‘k olmalarning betidagi dog‘lar qaysi bir jono‘rtar xotiralarni, sepkilday nuqta-nuqta xatlari ne bir yuzlardagi xollarni, ko‘z yoshlarga belanib titragan xollik yuzlarni, xollarni quchoqlab to‘kilgan ko‘z yoshlarni, bolalikning, o‘smirlikning istalgan kunini kuni kechagidek yodingga yo‘ldosh, qavatingga qadrdonday tikka turg‘izib qo‘ymaydi. Kerak bo‘lsa qo‘l ushlatib qo‘yadi. Bir vaqtlar qalin jo‘rang bo‘lgan-u, keyin haromni qozoni qaynab, uzilishib ketib, amallashga berilgan amal xayr – ma’zurni nasiya qilib ketgach, yuk yengillab,yana topishgandek. Ko‘k olma… Hayotlarining bir chekkasi,chegarasi shu olma edi. Undan keyin ariq. Ariqning nari labi qo‘shniniki…
Qor ustidan yurib eski tanishdaraxt tanasiga qo‘l tekkizar ekan, daraxt titrab ketdimi, o‘zimi haytovur bilmadi. Lekin, shunday bo‘ldi. Yo‘q! Seskangani yo‘q!. A’zoyi-badani birdaniga bo‘shashdi, ko‘ziga mung‘aygan va eganing o‘g‘li kelishini kutganday ko‘ringan, o‘zini ne bir ko‘zuqo‘llardan asragan ko‘rimsizgina olmani uzib, shoshgancha, eta,hishtorovlagancha kissasiga soldi. Birov ko‘rmasin degan xayol ko‘nglidan o‘tmagan bo‘lsayam, nimagadir shunday qildi. Sovqotganidan isisin, dedimi, sovuqqa qoldirganidan o‘zini aybdor xis etib, aybini sal bo‘lsa-da yuvish uchunmi, bolalarga beraman dedimi, yo‘q, bu olmani bolalarga berganini xotini ko‘rsa shuyam olmami deganday ensani qotiradi, … haytovur shunday qildi. Aqlning ana shunday vaqtlarda zarrachalik ahamiyati yo‘qligini ko‘p bo‘lmasayam ko‘rgan. Olmaning ne bir armonu orzusi ushalgan odamni nafas olishiday damsar urgani yo, eshitildi yo, shunday tuyuldi.
Ota uy xotiralaridan ortiq, ota uy xotiralaridan shirinxotira yo‘qligini, otauy hovlisida yurishning o‘zi bir tush ekanligini o‘ziga o‘zi anglatgancha bolalik o‘tgan hovli tuprog‘idan kishi bilmas olib, kishi bilmas hidlab qo‘yadi. Tushu o‘ng xotiralari, xayollarini tartibga keltirishga ming urinmasin biri-biridan qadrli, biribiridan entirtirar xayollar biri birini ustiga bostirib kelaveradi. Xotira hamisha tirik. Xayol hamisha tirik. Arvoh hamisha hozir. Yaxshiyam ushlab bo‘lmaydi. Ushlanadigan narsalar qozonga bosilmay qolmagan. Xayollar ham ham o‘g‘ilning xayolida bir ko‘rinishni, otahovli sahnida ko‘rinishni, yurishni, diydorlashishni necha yil kutganday tuyulaveradi. Xotiralar o‘g‘ilni o‘zlari sherik bo‘lgan yo‘llarga, guvoh bo‘lgan joylarga tortqilaydi. Tortqilab-tortqilab bir vaqtlar, bolaligidashoxidan tushmagan daraxt ostiga olib kelishadi. Ota-onasining shu daraxt soyasida gaplashgan gaplari xayollari orasidan parillagancha to‘rt ko‘z tugal, dimog‘i chog‘oldinga o‘tadi.Qatorga ega chiqadi. O‘tag‘olik qiladi.
– Sapiya, shu Qorabolangiz armiyada bir ish qilib qo‘ygan bo‘lmasin tag‘in? Emasa (bo‘lmasa) nimaga tilponga chaqirtirishadi, deydi opasi otasiga bosh bolasining otini tutib.
– San haliyam balasan-da, deydi otasi. Chaqirtirishmagan, balangni o‘zi gaplashaylik, deb telgiramma berdirgan.
– Xatni birovga yoziradi-yu, telgirom berishni qayerda biladi? Shuningiz sal sho‘x edi, davlatni tankasini sotib qo‘ygan-ov, xatida tankichiman deb yozgandi. Suratidayambir o‘zi, yonida hech kim yo‘q. Qiynalib qolgan bo‘lsa…
Otasi bir muddat jim qoladi. Keyin, javob bergan bo‘ladi.
– Sanga bari-bir hech narsani tushuntirib bo‘lmaydi.Telefonga chaqirgan kun kelsin-chi, ungachayam xudo poshshodir. Boraylik, gap nimaliginio‘shanda bilamiz. Tankani kim olardi, qiziqsana-a? Qayerdagi gaplarni gap deb yuribsan. Ro‘za og‘iz har narsani gapirmaydilar. Davlatni tanki tugul har bir otilgan o‘qiqayerga tekkanini hisobi bor. Nima deb yuribsan o‘zingdan o‘zing.
– Maniyam gaplashishga olib boring.
– Xo‘p. Avval san gaplashasan, bo‘ldimi?
– Qo‘shnimizni o‘g‘li Zayniddin soatini yo‘qotgan ekan, onasi, dugonam xudoning zorini qildi, dugona ko‘nglingga kelmasin, shu o‘g‘lingdan boshqa qush ham uyga kirgan emasdi, deb. O‘g‘lingizdan aldab so‘rasam aytmadi. Uch so‘mni ko‘rsatib topib bersang shuni beraman degandim, katta sandiqni tagiga bekitgan ekan, pechkani olov cho‘qilagichi bilan qo‘ygan joyidan tortib chiqarib, endi pulni bering deganda,mana sanga uch so‘m pul deb,bir shapaloq urganman.Shu narsa esimga kelaverib, tankaniyam sotvarganmi dedim-da. Shu vaqqacha aytmay, yashirib yuruvdim… Bala-da.
Dadasi hech gap eshitmaganday javob beradi.
– Kim unga tankani sotgani qo‘yib qo‘yarkan. Gap tamom. Bo‘ldi. Boshimni og‘ritma.
Otaning xayoli shoshgandi. Bolani tashvishi manaman degan ona-onaniyam shoshirishini keyin ko‘rgan. Bilgan. Boshidan o‘tkazgan. Boshidan o‘tgan biladi. O‘shanda otasi opasiga jo‘yali gap topib berolmay qolganida bir muddat noqulaylikdan keyin “ko‘p gapirmay tandiringga qara, kalla tankada bo‘lib, toshko‘miremaylik” degandi. Opasi“voy, esim qursin” degancha tandir boshiga yuguruklagandi. Tandirga kirishga tayyor yasog‘liq xamirlar supadagi savatda. Opasi tandirning yaxshi oqarganligiga ko‘ngli to‘lganidan boshi tandir og‘zida, qadrdon non yopar joylarni tusmollagancha non yopganda orqada odam turishi mumkin emasligini gapirishdan tiyilib, qo‘lini silkib otasini nari ketishga undardi.
Katta Enasi aytganday nonlar ha demay Xudoning yuzini ko‘radilar… non tandirning issig‘idan qizarmasmish. Jamolini ko‘rganidan emish. Tandirga non yopganda non yopganning orqasida odam tursa non orqasini bermasmish. Orqasini bermagan, tandirda qolib ketgan nonlar shundan emish. Uniyam egasi bormish. Kuygan non kuyganlarga berilarmish. Ularning oti qitirloq edi. Nonni kuygan desa uyat bo‘larmish. Qitirloqni opasi tavoqqa solib to‘g‘ri Enasining oldiga olib borardi. Enasi kuygan. Yoshligida kuygan. To‘rt bola bilan jazillab qolgan deyishadi. Otalarini “…sen kitob ko‘rgansan…” deb olib ketishgan. U vaqtlarda kitob ko‘rgan odamni ko‘pi kuygan.
Enasi ko‘ngil uchunqitirloqdan bir bo‘lagini tishsiz milklari orasiga olardi, “kuygani menga, kulgani yoshlarga” deb tarqatardi. Qitirloqni qitirlatib yegandagi ovozlar ham begonasirab bo‘lsa-da,etagi chaqirtikonlarga talanib bo‘lsa-da, uzuq-yuluq bo‘lib bo‘lsadayetib keladilar.
Tandir so‘zini qayerda eshitmasin opasining opachasiga non yopishni o‘rgatayotib tayinlagan gaplari guvillab atrofida aylanadi.
– Tandir qizdirishni bilmaydigan xotinning og‘zi sovimaydi. Qulog‘iyam.Tandirni oqartirishni bilmagan xotinning hamisha ikkibeti qora. Ko‘p mudarrislik qilmay, yengichani bilakkinadan o‘tkazing, rapidagina nimaligini bilasizmi o‘zi yaxshi qiz,” deb kenaganlari, gap ustiga guvoh bo‘lib, ekilganidan beri tandirxona og‘ziga qorovullik qiladigan, bir-biriga qarab kulishgan chilonjiyda barglari keladi. Barglar boshida boshqa tashvish, soyasida boshqa xayol bo‘ladi. Ko‘ngli oqning tandiri hamisha yaxshi oqaradi. Bir tutam g‘o‘zapoya, bir changalyantoqqayam oqaraveradi. Bu gaplar endi ro‘zg‘or ko‘rgan, vatanni boshini ushlagan, o‘choq-tandirga ega chiqib,noni xom chiqsa hammasini o‘zi bekitib yegan, yaxshi chiqsa hammaga ulashgan, ulashadigan, tandirigao‘g‘rincha o‘tinni tiqmagan, qozoniga ko‘ringan bezni, chandirni bosmagan, bosishdan tiyilgan, bosmaslikka iqror bergan, ko‘sovi ko‘sov joyida, otashkuragi otashkurak joyida turadigan, ota-onasi batayin biyxotinlarning gapi. O‘g‘ri bek, g‘ar beka bo‘lolmasmish.Bunisi Mardonniki.
O‘g‘il,shahri azimdan chiqishidan oldin,xuddi bir vaqtlardagidek, ota-onasi hayot vaqtlardagidek bozor-o‘chor qiladi. Onasiga yoqadigan sap-sariq novvot, qo‘shnilarga chiqarish uchun mozorbosdi nonlardan bir quchoq, mashinani ko‘rgandan yuguruklashib ergashadigan qishloq bolalariga teshik kulchalardan bilak ko‘targancha, qadimdagidek qutisining ichi yaltiroq qog‘ozli, ustida ikki filni bir-biri bilan salomlashayotgandek rasmi bo‘lmasayam,qishloqda ichadigan odam topilmasayam,Hindistonning hidli pomili-qora choyidan oladi. Olmasa bo‘lmaydigandek, begona joyga begonadek borayotgandek tuyulaveradi. Onasi xafa bo‘ladigandek bo‘laveradi. Necha marta qilmoqchi bo‘lgan va qilolmagan ishini qilishga yordam berishini ko‘nglida so‘raydi, niyat qiladi. Otasi tizza urgan, peshonaqo‘ygan, yolvorgan, iltijo qilgan o‘rinlarda tilovat qilishgatayyorgarlik ko‘radi.Xayollarga qo‘shilib ota nafasining tafti o‘rab olganidan serrayib qoladi. Otasining susti bosadi. Hamzamon otasi hayotdan begona o‘tlarnibir quchoq qilib o‘ribmi, tutamlabmi yiqqan-u, qo‘ltig‘igaqisib kelib qoladigandek.Opasiga “darvozaga qarab tur, peshin kirib chiqay” deydiganday. Yelkasi osha qarab turgandek, bolasini bola bilayotgandek. Ota uyga qarab yo‘lga chiqishi bilan ota nigohi izma-iz oldiga tushib yo‘lni tozalab, adashib ketmasin deb yo‘l ko‘rsatib kelgandek…
* * *
Bomdoddan bo‘shagan o‘g‘il, otasi berkinib joynamoz yozgan o‘rniga erkin joynamoz yozganidan dili bir yorishgan bo‘lsa, bo‘shagandan keyin, yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Xuddi otasidek usti ochilib qolgan o‘g‘illarning ko‘rpasini yopdi. Tashqariladi. Sakinat paqqos egallagan hovlining, otameros tut, o‘rik, yong‘oq oralab bir chekkada yelka qisib o‘sgan va tanasiyam qurib, yorilib ketgan olmaning oldida to‘xtadi. Kovushbotar qorda qolgan o‘z izlariga ko‘zi tusharkan, orqasidan kimdir ergashib kelgandek taassurot, xayol lip etib o‘tdi. Tiriklik, hayot ergashib yuribdi,yurgan yo‘lingda iz qolibdimi, demak tiriklik belgisi, yozig‘i. To‘xtasang to‘xtaydi-ku, dedi o‘ziga o‘zi oyoqlari ostiga qaragancha. Bir vaqtlar otasi sahar mardondan shunday hovlida yolg‘iz yurganda opasiningqo‘li ishda bo‘lsa-da, bir ko‘zi otasida bo‘lardi. Hozir uning ortidan, izidan, har bir harakatidan “bir kunda bir necha marta siz uchun jonimni berishga tayyorman ukajon, deydigan, degandayam ko‘zda yoshi bilan deydigan, siz kasal bo‘lmang, mana man tayyorman”, degan Oyxon opasi bir nafas ham ko‘z uzmayotganiga iqror. Yo‘talsayamha, ukajon, debtandirxonadanmi, mehmonxonadanmi, o‘tiradigan uydanmi, uy tomdanmi yuguriklab chiqadigan, institutni bitirgandan qishloq maktabida ishga kelib boshlang‘ichlarga dars bergan, harf o‘rgatgan, butun qishloq yoshlari bolalariga aylanib ketgan opasi,toshkentlikjiyanlarini ko‘rganidan o‘zida yo‘q shod, yuzu ko‘zi mehrga to‘lgan opasixursandligidan qilar ishiniyam adashtirib paypaslanib qoladi. Uka opasini urintirgisi kelmaydi. Bir vaqtlar, talabaligida Otakent-Samarqanddan qishloqqa kelganda onasi shunday qilardi. Hayot o‘z doirasida, o‘z maromida aylanveradi, faqat unda sen o‘zingni birda ko‘rasan, birda ko‘rmaysan, birda ko‘rmaganga olasan, birda hayot seni ko‘rmaganga oladi deganlari shu bo‘lsa kerak.
Qadim o‘rniga yozilgan dasturxon ustida ammajon, uka, kelin va ikki jiyan. Yoshi yetmasayam qo‘shni bolalarning maktabga borarida orqasidan ergashib, yanagi yil maktabga borasan deganlarigayam qaramay, janjalni katta qilib birinchiga chiqqan Kichkinaga hamma narsaga ruxsat. Ammajon topgan-tukkan, o‘zi oylab yemaydigan shirinliklaru, kallai saharlab pishirib-tushirilgan bo‘g‘irsog‘u, kulchalar kulgancha qatorlashgan bo‘ladi. Dasturxon ustidagi savatday keladigan turk patir va uning o‘rtasidagi qo‘sh kelini ilingan bir kalla kuvining sariq moyi bir chekkadan erib, hidi olamni tutadi. Hovli egalik ekanligidan taltayadi. Egasining bolasi kelganidan taltayadi. Xuddi onasi, otasi bor vaqtlardagidek.Opasi ukagapatirni sindirishni, sovumasligini tayinlagan bo‘ladi. Erkakni qo‘lida singan nonning yo‘rig‘i bo‘lak emish. Bu gaplarko‘p qadim gaplar. Avvallari aytilguvchi edi. Patirni sindirar ekan, shu gapni aytmasa bu iboralar ham chetga surilib-surilib, yoshlarning qulog‘iga kirmay, begonasirab qoladigandek. Begonaga aylanib ketadigandek, shoshadi.
– Nonni erkak kishi sindirishi kerak-a, ammajoni, – deydi.
– Ha, ha,– deydi Ammajon ham gap nimadaligini, ukaning ko‘nglidan o‘tayotgan qildek narsalar ham ayon berayotganini bildirmaslikka tirishgancha.
– Erkak kishi sindirgan non orqasiga qaramaydi.
– Bu non emas, patir-ku, – deydi Kichkintoy tap tortmay.
– Undan bo‘lgan hamma narsa non sanaladi, deydi opasi gapga qo‘shilib.
Qo‘llari endigina o‘choqning ostidan chiqqan patirning issig‘idan kuyganday bo‘lsa-da, bir chekkasidan bo‘lak-bo‘lak qilib sindirib, bu Sariq, bunisi Qorabolaga deb belgilab, keyin o‘rtada kilkillab erigan saryoqqa botirib qo‘yayotgan otaga erkintob Kichkintoy odatdagidek kelganini to‘xtatmaydi.
– Dadajon, dadangiz o‘qigan joyda namoz o‘qidingiz-a?
– Ha, balajon,– degancha bir Ammajonga, bir xotiniga qaraydi. Bir vaqtlar otasini shoshirgan shamol betiga kelib urilganday bo‘ladi. Kattalar dasturxonga qaraydi. Patirning sovushini, o‘ziga tegishlisini olishini kutadi. Gap-so‘z jiddiydan jiddiylashadi.
– O‘zim ham shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.
– Mana bu kimniki,– deydi ota boyagina bu falonchiniki, bu tugunchiniki deb belgilangan bo‘laklardan birini olib atayin o‘zini bilmaganga solgancha.
Katta o‘g‘il otaga qaragan bo‘ladi. Ota uzatgandi, bola qo‘l cho‘zdi.
– Dadajon kattalarning ishi kichiklarga tushishi mumkin-a?
– Albatta.
– Ana, aka, men sizga nima devdim. Akam bo‘lsa kattalarning ishi tushmaydi, nimani xohlasalar kichkinalarga buyurishi mumkin, deydilar.
– Nima gap ekan?
– Aytaylik, bir narsabir pana joyga kirib ketdi. Kattalarning qo‘li uzun bo‘lgani bilan olomaydi-ku, o‘shanda olib ber deb kichkinalarga ishi tushadi-ku?
– Ha, ha, to‘g‘ri– deydi ota xayoliniyam yo‘qotgancha. Va xuddi hozir ota-bolalar turgan joyda va bir vaqtlar xuddi shunday vaqtlarida, qish kunlaritok uzilib, lampa chiroqlar shishalarini tozalagani esiga tushadi. Opasi eski gazetaniyam avaylardi, o‘lchaganday qilib berardi. Bolakayning qo‘li shishani ichiga azot kirar, yaxshi tozalardi. Otasidan, opasidan qilgan ishiga rahmat eshitish uchun ularga qayta-qayta qaraganda, xuddi shu xayollar boshidan o‘tgandi,otasi o‘shanda “yashasinbalang, yashasin Sariq balang, ana hech kiming qilolmaydiganniSariq bala qildi. Qani birontang shunday tozalab ko‘rchi”, deb maqtaganlari xotirasiavval ko‘zini, keyin og‘zini kuldirib ketdi. Qishning uzoq kechalarida to‘qqiz bolorlio‘tiradigan uylarining o‘rtasiga, mixga ilinganchiroqning boshiga qo‘ndirilgan shlyapasi bir silkinib hammasi esidaligini bildirganday bo‘ldi.
Otauy uch xonali. Ikki ayvonli. Biri katta, biri kichik. Darvozadan kirganda mehmonxona, o‘rtada o‘tiradigan uy, keyin uy tom deyiladigan xona. Nimagadir oti shunday. Uy tom. Mehmon kelganda ishlatiladigan idish-tovoq, gilam, ko‘rpa turadigan joy. Doimo qulfloqlik bo‘ladi. Hamma ko‘rpa-ko‘rpasiga kirib ketgandan keyin, yotar oldiotasi chiroqning piligini pasaytirib qo‘yishiyam ko‘z o‘ngidan o‘tganday tuyuldi-yu, ko‘ngli bo‘shashdi. Boshiga savat qo‘ndirgan chiroqning turishi, o‘zi bir doston bo‘lishini endi-endi ilg‘aydi, eng zo‘r tushlar o‘shanda o‘tib ketganligini endi ilg‘aydi. Otachiroq ostida ko‘rilgan tushlarning beg‘ubor, begidir, beso‘rov, beg‘alva, betashvish, beqiyos, bebaho, behisob ekanligini endi ilg‘aydi. Bolalar chug‘uri davom etadi.
Ota-onaning, yoshi kattalarning oldida baland ovozda gapirish uyat ekanligini ta’kidlagandek, ota tomoq qiradi. Dasturxon atrofi o‘sha-o‘sha, to‘liq. Sovuqdan qunishgan musicha ayvondan pana topgan, keyin o‘tiradigan uyning ayvonga qaragan derazasining tokchasidan ichkariga mo‘ralagan bo‘ladi. O‘sha-o‘sha. Qadim tanish musicha. Bolaligida qishloqda hamma, kattayu kichik musichani musigugu deyishardi. Biyfotimaning tovuqlari deyishardi. Hozir gaplarga bir narsa ketgan. Joni yo‘q. Na yozgan tushinadi na o‘qigan. Bo‘ynidagi munchoq taqqanday qora xolday kashtalar ham o‘sha-o‘sha. Ko‘ziga qarashga yurak dov bermaydi. Musigugu qulog‘ini deraza oynasiga qo‘yadi. Ichkariga kirgudek bo‘lib boshini oynaga urib oladi. Ko‘ziga tanishlar ko‘ringan bo‘lsa kerak. Opasi derazaga quloq tutib turgan musichaga gap qo‘shardi.
– Hozir balalar choylarini ichib bo‘lsin, dasturxonni ayvonga qoqaman. Shoshmay tur. Jo‘rang, qani? Hah, qushniyam vatani buzilmasin, yamonni kuchi yapaloqqa yetdimi, degancha kuyinardi.
Aka-ukalar, opa-singillarning “ahmoq tishimni ol, aql tishimni ber” deb tom ustiga otilganda guvoh bo‘lgan ayvon ustunlarining turishi o‘sha-o‘sha. Shopillarning turishi o‘sha-o‘sha. Ustun ustidagi, shopil ostidagi boshalarning turishi o‘sha-o‘sha. Faqat rangi o‘zgargan, rangi o‘chgan. Xira tortgan. Endi bolalari ahmoq tishlari o‘rniga aql tishlari so‘rashmoqda. Xayol endi ahmoq tishlar-ku ketgan ekan, aqlli tish berganmikan, berganligini bilishga aqli yetganmikan, belgisini ilg‘ashga aqli yetganmikan degan o‘yni, o‘tgan kunlar hisobini surishtirib keladi… Baribir “ahmoq tishimni ol, aql tishimni ber” degandagi hayratga, ishonchga, beg‘uborlikka o‘ziga ishonchga to‘la so‘zdan ortig‘ini, yoqimlisini, ko‘ngliga yaqinini topolmaydi. Shu gapni ichida, tashida takrorlab hayot aylanadi. Otahayotni aylanadi.
Bir vaqtning o‘zida ham o‘tgan, ham hozirgi, ham kelasi zamon birday qarab turadigan, ham birlik, ham ko‘plik ma’nosi silqib turadigan Katta Enasining gap-so‘zlari daraxtlar, devorlar, tarnovlar, quduq boshiga, tandir og‘ziga, kir osiladigan dorlarga tumorlardek osilishib olganday. Mana, mana shu joy. Musicha derazasidan qaragan derazaning ayvon ostidagi o‘rni. Saraton edi. Opasi joy solib bergan edi. Enasi chiqib o‘tirgan edi. U kelib Enasiga erkalangan, g‘ayrati kelib avval kecha yodlagan oyatini, keyin Enam xursand bo‘lsin deb o‘zi o‘qib yodlagan Navoiy bovosining to‘rt qatorini yoddan aytib bergan edi. Enasining oldin qoshi, keyin ko‘zlari, keyin ikki beti, oxirida og‘zining ikki chekkasi kulgan edi. Takror, takror xudoga shukurlar aytib, tavallolar qilib, nafasini o‘nglab: – Xudojonning o‘zi mehribon bo‘lsin. Navoiy bovosini yodlagan, eslagan navoiyqosh bolamga o‘lay! Otalarining so‘zini o‘qisa otalar o‘lmaydi. Otalarning izidan yursa izi o‘chmaydi. Bizaniyam eslab turing, balajon. Man sizni hammavaqt yaxshi ko‘raman. Balongizni olay. Odam duoda tirik. Duodan ziyoti yo‘q, degancha o‘zi bilan o‘zi gaplashib ketgan edi… Birda gap to‘g‘ri kelib Enasidan Siz Navoiy bovoni ko‘rganmisiz, qoshlari qandayligini qayerdan bilasiz deb so‘ragandayam shunday bo‘lgan. Enasi hech narsa demagan. Avval qoshi kulgan, keyin ko‘zlari… keyin uyalib ketgan. Keyin katta o‘qishda o‘qiganda hammaning havasini keltirib yod aytgan, Katta Enasidan og‘izma og‘iz yodlagan, turish turmishi sirli ertakday o‘tgan o‘tgan bolaligining qadrdonlari, ayvon ustunlariga bir vaqtlar birgalashib yodlagan, dunyoning eng go‘zal qissasi “Yusuf va Zulayho”dan parcha o‘qib beradi.
Dedi: Azizo, senga aylay xabar,
Keltiru Yusuf yoqasin qil nazar.
Ilgaridan bo‘lsa alomati chok,
Yusuf erur mujrumu ahli halok.
Chok agar qilsa keyindin badar,
Bilki Zulayho ishidir sar-basar.
Soldi chu Yusuf yoqosina nazar…
Ustunlar ham esdan chiqarmagan ekan.
O‘sha-o‘sha beshikdagi bolani ko‘rsa Enasi esiga tushadi, Enasining doston dunyosiga g‘arq bo‘lishi tushadi, kuch-qudrati shamolidan zohir ohanglar tushadi. Xuddi beshikdagi go‘dak hozir bir narsa deb qo‘yadigandek… hamma narsalar oshkor bo‘lib ketadigandek….
Yoqasi keyinidan yirtiqlarni ko‘rgandayam. Azizlar topilmagandayam…
Ayvon ustunlarini bir qo‘li bilan himo qilib, quchoqlaganday aylanib qo‘shiq aytganda, Enasi zorlanardi. – Bo‘ldi, bo‘ldi balajon, aylanmang, boshim aylanib ketdi. Ustunlarning turishi o‘sha-o‘sha. Otiga yarashiqlik. Faqatgina rangi siniq.
Ikkinchi kun
Otauyda namoz o‘qish boshqacha…
Otauyning tushlari boshqacha…
Otauyning shamoli boshqacha…
Otahayot daraxti soyasi boshqacha…
Otauy tarnovining turishi kimligingga berilgan baho.
Otahovlining tozalangan arig‘ida yugurgan suvning shavqi ikki dunyoga sig‘maydi…
Otao‘choq yetti osmonga dud soladi …
Ota choponi turgan uyda baland ovozda gapirmaydilar…
Otahayotga qarasang Otahayot!
Namoz-chirog‘, degan mashoyixlar.
Chirog‘i o‘chmagan ota uydan aylansang arziydi…
Chirog‘i o‘chmagan ota uy tomida farishtalar qur olarmish…
Chirog‘i o‘chmagan ota uyning dami, havosi boshqacha bo‘larmish…
Ota hovli qudug‘iga qaray olsang suv ustida ko‘ringanni tanirmisan?
Ota rozi Xudo rozi…
Ko‘chadagi o‘yinlarga unchalik tobi yo‘q, kitob o‘qishdan charchagan vaqtlarida derazaning tokchasiga iyagini tirab deraza ortidagi hayotga qarab o‘tgan bolaligini esga solgan boyagi musichaning yurak urushi eshitilib ketadi. Ota hovlidagi barcha narsalar tanish, faqat o‘zi o‘ziga begonaday…
G‘ayrat qilib yog‘ayotgan qorga qarindoshiga, tengdoshiga zorlanganday, ko‘ngliga tegib qo‘ymay, deb betigayam qaramay opasi zorlanib qolardi. Ay, xudojon qorni yog‘dirgan xudojon, oshi-nonni yog‘dirgan xudojon. Jumlai mo‘min qatorida bolalarimniyam kam qilma. O‘lda-jo‘lda, o‘rda-qirda yurgan barchani o‘zingdan begona qilma. Imonini salomat qil, rizqini butun qil. Ha, qorjonlar g‘ayrat qiling!
Hozir ham shunday onalar bormikan, degan xayol ko‘nglidan kechdi-yu, o‘zining xayolidan o‘zi uyalib ketdi. Bor, dedi ko‘ngli cho‘rt kesib. Faqat siz ularni eshitmaysiz, o‘rtoq Katta; faqat siz ularni ko‘rmaysiz, janob Boshliq; faqat siz ularni holidan xabar olmaysiz, xo‘jayin To‘ra; faqat siz… xayollarni odatdagidek, hamma narsaga ruxsati bor Kichkintoy buzadi.
– Dadajon, biz akam bilan hayotda quvalash-quvalash o‘ynagandik shamol bizadan o‘tib ketdi. Lekin, birinchi akam bilib qoldilar. Qishloqni shamoli zo‘r ekan. O‘tib ketsayam, keyin yetib ol deb to‘xtab, qarab turarkan, degancha bir akasiga, bir otasiga qaraydi, Kichkintoy, xatoroq ish qilganligini ovozi bildirsada, aytmasa bo‘lmasligidan, shoshgancha.
– Birovni gapini o‘zinikiday qilib gapirish yaxshimas, uka…
– Men ham u shamolni taniyman,-deydi, ota bolalar gapini bo‘lib, bolalariga qo‘shilib bola bo‘lib, bola bo‘lgilari kelib ketib.
– Dadajon, Enashamol shu-a?
Dada bosh irg‘aydi.
– Enashamol kerak bo‘lsa Toshkentgayam borgan, Alisher Navoiy bog‘ida yurganimda uchib kelib qulog‘imni tagidan aylanib, betimni silab o‘tib ketgan. Dadamdan Enashamol shu-a deb so‘raganimda ha deganlar, uka.
– Dadajon, nimaga Braziliya o‘yinchilarini yugurishidan, to‘p tepishidan darrov bilib olsa bo‘ladi.
– Qanday qilib?
– Darvozachisi tepsayam yo Naymarga, yo boshqa o‘zini kamandasinikiga to‘g‘ri kelib tushadi, bizanikilar tepsa narigi kamandaga tushadi yo autga chiqib ketadi. Tepishdan oldin qayerga tepishiga yo to‘g‘ri qaramaydimi? Otadan sado chiqavermagach, boshini ekkancha davom etadi.
– O‘zimiznikilar o‘ynaganda siz ham uyalib ketasizmi?
Otaning dami ichiga tushadi.
Sezdirmasdan savolga savol bilan javob berdi.
– Siznimaga uyalasiz, balajon!
– Kiyimida bayrog‘imiz bor. Shunga…mana bu yerida, hamma ko‘radigan joyida, degancha chap ko‘kragi ustini ko‘rsatadi.
Otaning xayoli endi butkul qochadi. Qochganini bildirmaydi. Ko‘zini qayerga berkitishni bilmaydi. O‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Tomog‘ini bir narsa qirib, qirtishlab o‘tganday bo‘ladi. Lekin, javob berish kerak. Shart. Javob bermasa bo‘lmaydi. Haq savoldan nohaqlar qochadi.
– Autga chiqmaydigan bo‘ladi, balajon. Nasib bo‘lsa, albatta bo‘ladi.
– Dadajon, taqvo degani nima degani?
– Taqvomi? Taqvo, Xudoning kuzatib turishini doimo sezish va Xudodan qo‘rqish hissi degani.
– Hissi deganichi?
– Ichidan bilish.
– Hozir so‘zlarni yodlab olib qo‘yaversam, keyin tushinib ketaman-a?
Bu o‘zining gapi. Bir necha kun oldin aytgan gapi. Darrov ilib olibdi.
– Albatta, shunday, balajon.
– Dadajon, odamning ichidagi gapni qanday bilasiz?
– Siz qanday bilsangiz shunday, balajon?
U vaqtlar odamlarining hayotlari o‘ralmasdi. Bir hisobga to‘qchilik odamlarni nazarini och qilib qo‘yarkan, chog‘i. Katta Enasining odamlarni shashti qaytsayam fe’li qaytmasin, fe’li qaytgan odamdan balchiqdagi cho‘chqayam yaxshi, haydasang ketadi, degan gapi bo‘lardi. O‘sha vaqtlarda, erta ko‘klamda, kech kuzda hamma hayotlarini ag‘darganda, hosilini yiqqanda qayoqqa qarama ko‘z yetgancha har ikki tomon qo‘shnilarning hayotlari kaftda turgandek ko‘rinardi. Kim hayotida nima ish qilayotgani ko‘rinib turardi. Qo‘shni-kevatning bir-biridan ortda qolmay deb kunning yorug‘iniqochirmay, hamma birday, bir kunda harakat qilgan kunlar hayotman deganlar odamlarga to‘lib ketardi. Xuddi birgadning odamlari ikki quloq bo‘lgan g‘o‘zani yagana qilgani jappasiga dalaga chiqqandek. Bo‘y o‘sib, soyasi o‘ziga bo‘ysunmay qolgan paytlarda hayotlardagilar orasidan bir qizni kuzatgan kunlariyam lip etib o‘tadi-yu, o‘sha taraflarga qaraydi-yu, bo‘yi o‘zidan baland qilib qurilgan devorga borib uriladi. O‘zginasi qurdirgan devorga. U davrlar qanday davrlar bo‘lgan ekan-a?
* * *
Kech kuz edi. Shunday kunlarni birida Usta Hamza bovoning ko‘zlari katta-katta va qop-qora, shoxlari moylanib artilganday yaltirab turadigan,yil o‘n ikki oy uzzukun qop-qorong‘u xonada boylab boqiladigan, qimirlagan har bir narsaga yosh boladay katta ishtiyoq bilan qaraydigan ho‘kizi va tog‘ archadan qilingan omochiga xaridor ko‘payadi. Hayotlarni haydash kerak. O‘shanda navbat qo‘shnilarinikida edi. Haydalmagan ozgina yer qolgan edi.
Otasi bosh uydagilar yer haydalishi uchun hayotlarini xas-xusdan tozalagan, ariqman degan ko‘milgan edi. Otasi quduq boshidagi supada edi. U otasiga sovuq choy olib kelayotgandi. Shunda katta moshindan tosh to‘kilgandaybir ovoz kelgan. Ovozni birinchi bo‘lib otasi tanigan. Izma-iz yer qimirlagan. Itlarning ovozi dunyoni bosgan. Avval otasi yerga o‘tirgan, keyin hammani yerga o‘tirishini ikki qo‘lini silkigancha buyurgan. Yer qimirlaganini eshaklar ham, qoramollar hambilarkan. Omoch tortayotgan ho‘kiz ham joyida to‘xtagan. Xo‘kizning o‘shandagi qizargan ko‘zlariyam kechagiday esida. Otasi ketmonni yoniga qo‘yib, qiblaga qaragancha kalima qaytara boshlagan, avval uy ichilar, keyin ularni ko‘rib boshqa hayotdagilar ham yerga o‘tirishgandi. Hamma-hamma. Itlarning ovozi tinib, eshaklarni hushi joyiga kelgandan keyin, odamlar bir-biriga gap qo‘sha boshlaganda otasi “bir maydon o‘tirib turinglar, hali qaytari bor. Yer qimirlaganda yurmaydilar. Yiqilgan yaxshi emas”, degandi. Ko‘p o‘tmay yer qimirlashi qaytganini endi hamma birday bildi. Qaytari kuchli bo‘lgandi. Ishlar qayta boshda boshlanib ketganda, otasining oldiga borib so‘ragan gapi hali-hali yodida, so‘ragan joyi ham.
– Dadajon, yer qimirlaganda nima deyish kerak?
– La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh.
Otasiga bo‘ldi, shumi demasayam, deganday qarab turganidan, otasi ha degan. La ilaha illollohni tarozini bir pallasiga, yerni bir boshqa pallasiga qo‘ysa kalima bosadi degan. Yer qimirlashini to‘xtatish hech gap emas, degan. Mana o‘sha yer, mana otasi, mana o‘zi turgan joy.Quduq boshidan o‘choq boshiga qarab yurganda uch qadam. Otasi bilan quduq o‘rtasida quduqning supasi, supani pastidao‘choqboshi olacha to‘shalgan, ustida po‘stak bor edi. Hammasi esida. Hammasi jovdirab turibdi. Nafas olishlariyam eshitiladi.
Hayratdan qayta so‘raganiyam esida, otasining boshini sekin ham qilib, ikki ko‘zini baravar sekin yumib, bir maydon turib sekin ochganiyam. O‘choqboshi olacha degani eskirgan olacha, o‘rniqqan to‘shanchi degani.
* * *
Turkqishloqning tentagiyam begona bo‘lmaydi. Mardon otlig‘iniki qo‘zisa husni ta’mil, tashbehu, tanosublar tiyibgina, tiyilibgina o‘tiradilar. Tikonlar ustma – ust gullab, o‘tinlarni yarmi barq urib, yonib,yarmi barg chiqarib, ilonlar kulcha urgancha tappa-tappa po‘st tashlaydi.Hunarini birovni qo‘lida turib ko‘rsatadigan ko‘sovlar ham chetda qolmaydi. Mardonning haq ajratishini birinchi marta eshitgan odamning avval ensasi qotadi, keyin bir kuladi, keyin yaxshi ko‘rib qoladi, keyin aytganlarini takrorlab yuraveradi.Birov biroviga aytib xatosini to‘g‘irlab ham oladi. Sangloqdan erkak toshlarni bir qator, oldinga; urg‘ochi toshlarni bir saf, ortidan; yarim beti urg‘ochi yarim beti erkaknamo toshlarni oxirgi radga terganchav birovnining osilgan qinidagi pichog‘ini qayrashga ishqivozligidan ko‘zining bezi suv tegdi degandan yaltiraydigan qayroq toshlarni bir bo‘lak qilib dars o‘tadi.
– Akademiya daraxt ostidagi maktab degani. Birinchi darsimizga xush kelibsiz deydi. Cho‘zmasdan po‘st kallasiga o‘tib qo‘yaqoladi: -Avvalo xudo!El tili bilan el! Tilsiz elni el demaydilar! Tili boshqa dili boshqani yozuvchi. Yozuvchisi bir-birini tushunmagan elni yozig‘i og‘ir. Ishongan tuyam san bo‘lsang kuvshangan og‘zingga… degan maqollar aslida yozuvchi va shoirlarga qaratilgan, azizim degancha bir toshni olib ko‘ziga yaqin olib kelib, qulog‘iga bir narsa deb, yana joyiga qo‘yarkan.Har bir so‘z belgisi, oyati; har bir harf mo‘jiza, belgisi, oyati; har bir tovush alomati, belgisi, oyati ekanligini so‘ppayganlardanmisan, sajdaga chala borganlardanmisan, soyangni sudrab yurishing ham belgisi ekanligini bilmasang qo‘lingga qalam ushlama. Qog‘ozniyam betini qora qilma. Hammaniki o‘ziga yetadi. Ko‘nglingga tinchlikni solib qo‘ymagandan keyin qiyin. Ko‘ngli bilan qalamini tili ayri tushganni yozuvchi demaydilar. Yoziq– yo‘l!Yo‘lni o‘zing tanlaysan. Qalbda yo‘q narsani tilga, yo‘lga chiqarmaydilar.Uni hallozilik deydilar. Keyin nima bo‘ldi deb changallab yurma. Yozig‘ing qalamni boshini yeyayotganiniunutma. Nohaq yozilgan yoziq, nohaq yeyilgan bosh xun so‘raydi. Ilonning tili nimaga ayriligini avval o‘rgan! Peshonasiga elining yozig‘i yozilganni yozuvchi deydilar, elning yozig‘ini yozadiganni yozuvchi deydilar! Yozig‘ing o‘chmas lovlamaday parillab, charog‘on chirog‘day, guvillagan gulxandayligidan tuyuntirilmagan bo‘lsang, ushlama.Azobi rahmati ekanligidan tuyunmagan bo‘lsang ushlama!Qonda bo‘lsa hech joyga qochmaydi. Qonda bo‘lmagandan keyin qoziq qoqib, arqon boylagan bilan ham ushlamaydi. Qoziq boshiga ovsar qo‘ndirganing bilan ovora bo‘lganing qoladi. Eshakni minorani ostiga qoziqlaganing bilan azonni eshitmaydi.Odamku odam, mol zotiga tortadi. Qo‘ngan bo‘lsa ushlatmay qo‘ymaydi. Qo‘nmagan bo‘lsa ushlolmaysan! Boshi qorani hammasiyam qalam bo‘lavermaydi. Qalam bilan ko‘sovni farqi katta. Odamningbo‘lish turishi – qalam. Yurishi – yoziq. To‘g‘ri yurish – to‘g‘ri yoziq. O‘z boshini o‘zi yeydigan qalam boshini ushlashdan oldin o‘yla. Yer varaq.Ortingdan qoladigan yoziqlardan ko‘klaydigan maysalar tillarini davru davron so‘roq savollariga javob bera olishlarini ayon bermagan bo‘lsa ushlama. Qilg‘iliqni birgalashib qilib, keyin sudrab ketsa, o‘chog‘i kuldan bo‘shamay, ko‘ngli gul ko‘rmay hamma aybni xotin zotiga ag‘darib o‘tib ketgan nechov? Har bir kishi o‘z kasbi-amalining garoviligini unutma! Yoziqchisidan oldin o‘tib ketgan yoziqlarni yoziq demaydilar.Asario‘zidan oldin asarini ko‘rsatmay ketganlarni yozuvchi demaydilar.Asari issig‘dayam sovug‘dayam o‘z asarini ko‘rsatganni asar deydilar. Xayollardan xayollarga, xotiradan xotiraga o‘tadigan, yoziladigan, ilg‘anadigan, asarini qoldiradiganni asar deydilar.Asrlar bilan sirlashmaganni asar demaydilar.Tilni berib bo‘lgandan keyin saroyyu, o‘rdayu, qo‘rg‘onni qo‘riqlashni hojati yo‘q. Hamma narsa o‘z oti bilan”,degancha, bo‘ynidagi munchoqni, anorlarning boshi kesilib, toji bilan birga yaxshi quritilib, meksikaliklar shlyapasini eslatuvchi po‘stloqlarniteshigidan ip o‘tkazib, bir chizim qilib tizib, bo‘yniga tashlagancha, o‘zi ot qo‘ygan “Shodashox” munchog‘iga sal ko‘proq qaragan, toshchalar ortidan qatorlashgan odamlarga “poshsholarni taniyapsanmi, hammasini toji manga qoldi, nima qilsam ekan”, deyishidan oldin.
Manabu Kaligulaniki, dunyodagi eng zolim poshsholardan biri, uyam o‘z saroyida o‘ldirilgan, munisi Fir’avnnikixudo qarg‘agan:o‘laroldi musulmonlikni tan olganu kech bo‘lgan, bunisi Doroboyniki, buKisrojonniki, bu Qaysar otliqniki, bu Najoshiyniki, bu o‘zimizga tegishli otasi oq qilganlardan, bu sho‘r og‘zi ochiq, ko‘zi yumuqlarni aytganim bilan tanimaysan degancha bo‘yniga alohida osilgan shodani ostidan urib shaqillatib qo‘yadi. Bunisi Iskandar, tunov kuni Katta Qarg‘alar tashlab ketdi, bu avval boshga ko‘tarilib keyin oyoq ostiga olingan Bonapart. Olomonga ishonib bo‘lmasligiga mangu guvoh.Borsa kelmas orolini qirg‘og‘ida na suvga tovun, na yerga tovun bo‘lib, na yer na suv qabul qilolmay g‘ildirab borib-kelib yotgan ekan, jonzotyuborib olib keltirdim.Farosati sanday, sandan sal ziyod, sal kamlar ham serob og‘ayni, yana pishak bolasini yeb qo‘ygandek, san hamotalaringni boshini yeb qo‘yma, eshakligingga borib,deydi har kunlik oti o‘zgartirilib, bugun Turkiston gubernatori nomiga loyiq ko‘rilgan eshagiga alohida mehr bilan. Keyin ko‘ziga ko‘rindi shekilli, bandasi qanchalik xayol qilmasin buyurgani bo‘lishiga iqror berib, Yetti iqlim sultoni Shahrisabzda o‘zi uchun qurdirgan, lekin kirib yotish nasib qilmagan go‘r ustidagi sag‘ana yozig‘ini yodakiaytib jo‘naydi. “Yo Olloh, meni, otam va onamni barcha mo‘min va mo‘minalarni, muslim va muslimalarni, tiriklarimiz va o‘liklarimizni mag‘rifat qilg‘il, bizlarning oramizdagi ezgu ishlarni bardovom qilg‘il, sen chindan ham o‘tinchlarni ijobat qiluvchisan, marhamatli, hojatboror, azoblardan xalos qiluvchi, ezgu ishlar sohibi bo‘lgan zotsan. U marhamatli va qudratli zotdir”.
Gulligidayoq shoshganidanmi, ko‘tarolmaganidanmi ulgurilmagan gunohdek to‘kilgan anor tojlarni bir bo‘lak shoda qilib bo‘yniga osadi. Aytari alohida bo‘ladi. “Har bir nafas ikki betiyam kesarman tig‘li xanjar. Kirariyam hisobli, chiqariyam sanoqda. Birda bo‘lmasa birda, biri bo‘lmasa biri baribir kekirtakni bilganiday qiladi”,– degancha tojlarninghar birini alohida-alohida silagancha boshlaydigan aytimini oxirigacha eshitgan niyatiga yarasha bir narsaga dorimay qolmaydi.
* * *
Otahayotning har bir daraxti ko‘p narsani ko‘rib qo‘yganidan mas’um ko‘rinadi…
Devorsiz hayotlar bilan birgaqo‘shilib ketgan bolalik davrida o‘g‘rilik kam bo‘lardi. Yo‘q hisobi edi. Odamlarda o‘g‘irlaydigan narsaning o‘ziyam yo‘q edi. Lekin, boshqa narsa borligini, bor bo‘lganligini endi-endi ilg‘ayapti.Oqibat bo‘lganligini ilg‘ayapti, juda katta qo‘rquvdan bekinib-sekinib yurgan oqibat bo‘lganini ilg‘ayapti. Ro‘zami-ko‘zami hammaning ichkisi kelsa kelmasa maktab direktori bosh, oblastdan kelgan komissiya yonbosh, aslida u bosh, har bir sinfga kirib har bir o‘g‘il-qizga bir stakandan suv ichirgan, suv ichmayman deganlarni ro‘zador hisoblab, butun sinf bolalarini ro‘zadorning yuziga tuflatgan, hayitlagan, hayit namoziga borgan olib ketilib, haftalab yo‘qolib, qayerda yo‘qolganiniyam aytishdan qo‘rqib otiniyam esidan chiqarganlarniyam ko‘rgan bu daraxtlarning titrog‘i hali beri bosiladigan ko‘rinmaydi.
Har bir daraxt tugul devorining har bir yorig‘i bir gapni eslatadi, yo boshga bir musht tushirganday qiladi. Katta Enasi, otasining onasi unga ko‘p narsalarni o‘rgatgan bo‘lsa-da otasi gap bahonasida so‘rab-surishtirib, xatosini to‘g‘irlab, tergab borishini endi-endi ilg‘aydi.
Birda akalar shaharga o‘qishga ketgan: qish; qo‘y tog‘dan kelgan, qor katta tushgan, chekana boqar navbatchi cho‘pon ham chiqmagan kunlarda otasi quduqlaridan suv tortgan, o‘g‘il unga yordam bergandi. Avval ko‘zi, keyin yuzi, oxirida og‘zi kuladigan otasi quduq chig‘iriniaylantirib suvni, bug‘i chiqib turgan suvni boshqa paqirga bo‘shatarkan, qo‘ylar, jonivorlar ham xuddi odamday ekanligini, qishning sovug‘ida sovuq suv ichsa tishi yorilishini, kasal bo‘lishini, tishi yorilgan mol ko‘pga bormasligini, odamga dardini aytarga tili yo‘qligini, egalikqiladigan odam mol-holining issiq-sovug‘iga xudoni oldida bir javob berishini, sovuq suv ichgan sovliqlar bola tashlashini, molga qarasa mol bo‘lishini, tayyor quduqning suvi o‘rniga sovuq suvni berib bir odam o‘zining bir yillik mehnatini ham, molning mehnatiniyam kuy qilishi yaxshi emas derdi. Keyin gap-so‘z jiddiylashardi. Bu degani ota o‘g‘liga o‘sha kunlarda hammaga aytib bo‘lmaydigan gapni aytayotganidan, otao‘g‘il albatta otaga munosib bo‘lishi shartligi, o‘g‘ilni ota Katta bola sanayotganidan bilsabo‘lardi.
– Qani balajon, birov sizdan musulmonmisan deb so‘rasa nima deb javob berish kerak?
– Alhamdilulloh musulmonman.
– Alhamdilulloh deyish to‘g‘ri. Ha, yoki, ha musulmonmanemas. Albatta alhamdilulloh musulmonman deyish shart.
– Komissiya so‘rasayammi?
– Undan kattasiyam?
Gap-so‘zlarga chuqurligi o‘n to‘rt metrlik quduq guvoh. Uning osmonga qaragan to‘rtta ko‘zi guvoh.Shu quduqning boshida otasi yanabir gapni uqtirgan. U gapdan keyin gapiradigan gap qolmagan.
– Qul qutursa quduqqa tupiradi. Qulzodaga kun qo‘psa quduqqa qulf qo‘ndirarmish. Quldan qulovuz chiqsa ishni quduq ko‘mishdan boshlaydi. Quduq bor joyda hayot bor. Elning bulog‘i qurisayam, qudug‘i qurimasin. Qo‘rqmaganni qudug‘idan suv ichmaydilar. Suvni o‘tirib ichadilar. Tikka turib ichgan uyat. Ichib bo‘lgandan keyin, albatta, Xudoga shukur deyish kerak. Bo‘lmasa uyat bo‘ladi. Xudodan uyalmaganni banda demaydilar.
O‘shandayam quduq bo‘yidagi shu archaning qildan sal ziyod bir bargi,iynasi kiprik qoqqanday qilgan edi. Hozir ham shunday qildi.Bargi uchidagi o‘sha bir tomchining turishi o‘sha turish. Iynasi uchiga bir tomchi yoshni ildirib olganday. O‘sha-o‘sha. O‘sha turish. Shoxlar oralab tushgan quyosh nurining tomchiga urilib, to‘rt tomonga baravar sachragan ranglariyam.
O‘sha vaqtlarda u gaplarni mazasini bilmaganligi, otasiyam bolasi hali angnimasligini bilganligini, biroq, hali toza miyaga o‘rnashib qolsin, bir kun emas, bir kun albatta, esiga keladi, tushunadi degan niyatlarda aytgani o‘sha bir kunlar, bir necha marotaba qayta-qayta kelganida anglagan. So‘zlar yo‘l ko‘rsatishini o‘shanda ko‘rgan. Tayoq ko‘rsatgan yo‘l qayerga olib borishiniyam. Otaquduq chig‘irining chirqillab, hiqqillab aylanishi, zorlanib aylanishi, o‘z bo‘yniga arqon o‘rashi, ulatqi arqon aylanishi xotiralar arqonidek tuyuladi, har kuni bo‘yinbog‘ boylaydigan bo‘yniga boylanayotgandek, o‘ralayotgandek bo‘ladi. Ikki xayollik, ikki xayol o‘rtasidagi umr yo‘li hech qayerga olib bormasligini aytib yig‘lagandek, yig‘layotgandek bo‘ladi. Ikki ayollik o‘rtasidagi umrniyam.
Yangihayotning eski odamlari, yo‘q unday desa bo‘lmas ekan, o‘zi oti Yangihayot bo‘lsa, hali qabristoniyam bo‘lmasa, uning qanday qadimi odamlari bo‘lishi mumkin? Yangihayotning yana bir otini aytish esimdan chiqibdi. Turkqishloq. Qadim xalqi, kitob ushlagan, itob tushmagan xalqi, ekin-tikin yerini, ro‘zg‘orining kamini yer parmalab topadigan xalqi,urug‘ qadab oylabmehnat qilib biror narsa berarmikan deb umid qilib, umidini terib kun ko‘radigan, chuvillagan bir etak bolasini ko‘zini to‘q qilib turadigan bir parchagina haydov yerini hayot, hayat deydi, hayotini hayotlik, tiriklik deb biladi, tomorqa deydi, katta eshik deydi, otiz deydi, otangdan olti bo‘lsang ham vataningga yolg‘iz deganday vatan deydi. Ota tili, otalar so‘zi, ota arvohini, otalar qarashi, ota nafasi, otalar vasiyatini unutmaganlari, albatta.Zotu budi hayot, otiz, katta eshik ko‘rmagan, ko‘rgan bo‘lsayam esi esxonasidan chiqarilganlar sotik,loyi pishmaganlar uchastka, o‘rislashganlar ogorod.Har doim otizqulog‘iga otaizi deb eshitilganday bo‘laveradi.
Tog‘dan,bir qismiO‘smat, bir qismi Ravotdan ko‘chirma qilingan va dalaning o‘rtasiga, betma-bet solingan, shaharning uylaridek bir chiziq uylarning hayotlarida na soya berar daraxt, naboshqa borligidan katta hovlidek ko‘rinardi. Ayniqsa, kechasi hamma yotganda, bir-biriga paqqos o‘xshaydigan uylarning ayvonlaridagi chiroqlarning osilib turishiyu, xiradan xira yoritishigacha o‘xshash edi. Ulardan tushgan shafaq katta bir hovlini yoritishiga kuchi yetmayotganidan xijolat chekkandek, yoki kuchini ko‘rsatgisi kelmay hayotlari boshiga yo‘qolgan mushugini qidirib borgan yosh-yalanglarni aybini oshkor qilgisi kelmayotgandek tuyulardi. O‘ng so‘l qo‘shnilarNe’mat avo, Abdusalom avo, A’zam avo, Abdurajab avo…Hammasi otadoshlar. Avo, abo deganlar otabir aka-ukaning bolalari degani. Otazodlar. Otadoshlar. Ishonmasangiz eski kitoblarni ko‘rishingiz mumkin. Ushlatsa, albatta. Yangihayot, Otahayot, Turkqishloq qishlog‘i degani shu. Avoni katta kichigi bo‘lmaydi. Aka-ukaday katta kichikka ajratilmaydi. Avo bu avo!Avochiligi bo‘lsa bo‘ldi. Otasi tenglik ham o‘zidan kichikni avo, avojon deydi. Teng ko‘radi. Teng biladi. Teng turadi.
Ko‘rpasoy shovuri, Toshohur shamoli, Sangloqning suvi har kuni qishloq oralab yuradi. Tog‘liklarningavlod-ajdodi paxta ekishni yetti uxlab tushida ko‘rmagan bo‘lsalar ham, zo‘rniki tegirmon yurgizadi deganlaridek, siyosatning yarim otash, yarmi yax,bir dam urishi bilan bir kechada paxtakor bo‘lganlardan. Qo‘ndirilgan joylarida kappa tikib, tiriklikni davom ettirganlar. Hayotni kelgan joyidan yangidan boshlaganlar. Yangihayot boshlagan. Shundan Yangihayot otliq bo‘lgan deyishadi.
– Shuncha yering bo‘lib, qulog‘igategar tegmasingdan sandan oldin darvozangga suv yugurib kelsa, arzimagan savzi-piyoz deb bozorga to‘rva ko‘tarib kunni kech, umrni uvol qilish uyat der edi otasi ichi achir odamlarga. Bir qator ko‘k, bir qator sariqqa mehnat ham savob. Saratonni sarig‘ida sarg‘ayib, qishning sovug‘ida dirdirab to‘rva ko‘targaning bahosi emas. Mehnat kimni o‘ldiribdi.Munday yer qayerda bor? Odamni eksang ertasiga qulog‘i ko‘klab ketadi. To‘rtta urug‘ni adashib bo‘lsayam tashlab qo‘y,sani bir yil boqadi. Bola chaqangga qo‘shib.Qulday ishlab bekday yashamaysanmi! O‘zing ishlamasang, bolalaring ham ishlamaydi. Ovora bo‘lma. Bo‘yin mehnatga yor bermas ekan, odamlikdan chiqqaning shu. Mehnatdan qochgan, tekinga o‘rganganni odam sanog‘iga qo‘shmaydilar. Hayotiga yaxshi qaragan birovning qo‘liga qaramaydi…
…erta ko‘klamdan yanagi erta ko‘klamgacha hayotning tortig‘i tugamaydi. Qaysi birini aytsin. Shuncha narsalar bir hovlidan chiqqaniga hozir ishonmaydi. Lekin, qaysi daraxt qayerda o‘sganligini izma-iz borib ko‘rsatishi mumkin. Otalarning g‘ayrati boshqacha bo‘lgan. Bir vaqtlar navbati bilan og‘iz-burin qilib to‘ldirilgan turlik o‘ralardan, otazamon o‘ralardan asar ham qolmagan bo‘lsada o‘rni og‘iz ochib turgandek. O‘shanda o‘rachi degan kasb ham bo‘lardi. Hozir o‘raga tushib ketgan. Darvozadan kirib kelgandan oyoq ostidan boshlanib o‘choq boshigacha sollanishgan, bir-biriga bo‘y bermagan, bir biri bilan rang talashgan, bir-biridan joy talashgan qaysi bir gulni nomini aytsin. Birini aytsa, biri qolib ketsa xafa bo‘lsa. O‘sma-yu rayhonni aytmasa endi uyat.Otalik hayotda, otahayotda hayot qaynagan, jannat otliq uyatlig‘ bo‘lgan davru davronlarning ko‘ngilda ko‘ringan suvratlari, dimoqqa urilgan bo‘ylari, hayollarda eshitilgan hirgoyilari halimlarniyam shoshiradi.
Ertakday o‘tgan bolalik manzillaridan biri hayot adog‘idagi, chegara belgisini bildiruvchi achchiq gilos daraxtining shoxlari. Tengqurlar maktab imtihonini topshirishda, akasi qarag‘ay imtihonlardan ozod etilgan kunlarda daraxt shoxidan tushmasdi. Xushiga kelib, ovozni baland qo‘yib qo‘shiq aytgan kunlari quyoshga qo‘shilib sarg‘aygancha qarab turgandek. Qo‘ni-qo‘shnilarning “yashang Enaning balasi” degan bir og‘iz gapidan guvranib, ko‘zni chirt yumib, tomoq qurib qolguncha o‘zbekcha-o‘rischa qo‘shiq aytgan kunlarni eslarkan, yon qo‘shnilari, otasining qadrdon jo‘rasi Abdurajab muallimning otasi bilan nima gapdan gap chiqib, arazalishib qolganlari, bir necha kundan buyon gaplashmay yurganliklaridan bexabar gilos shoxidagi bolaning bir qo‘shig‘idan keyin qilar ishiniyam tashlab, ikkita nonni ko‘tarib chiqib, otasining oldiga quchoq ochib kelgani, quduq boshida ikki jo‘ra yig‘lashib ko‘rishganlariniyam ko‘rgan.
– Jo‘ramiz uydami, degancha darvozaxonadan baqirib kirib kelib, yengi bilan ko‘z yoshlarini qayta-qayta artib, jo‘ra, ayb bizda, bizni kechiring,– degan otasining jo‘rasi.
– Yo‘q, ayb bizda edi,-degan otasi ovozi qaltirib, -bizni siz kechiring, jo‘ra,-degan, tik turgan joyidan qimirlaganiyam holi kelmay, o‘tirgani joy ko‘rsatarga joy topolmay.
– Yo‘q, jo‘ra, ayb bizda. Bir bolaning bir qo‘shig‘ini eshitib hozir o‘lib qolsam kerak, keyin kech bo‘ladi deb o‘ylab, chopib kelaverdim, meni kechiring jo‘ra!
Ikkovlariyam baravar unga, u o‘tirgan achchiq gilosga qarashgandi.
O‘sha qo‘shiq haliyam esida:
Do‘stlik o‘zi bir shisha,
Sinsa aslo tuzalmas.
Do‘stligimiz chin bo‘lsa,
Uni hech kim buzolmas…
Qishning sovuq kunlarida quduqqa xizmat ko‘payadi. Tashvishi ortadi. Og‘zidan bug‘ chiqib,o‘pkasi to‘lib suv yetkazib berish osonmi? Mol-hol, bola-chaqa bari ko‘z tikkan bo‘lsa. Vodoprovod deganing kun sovudi degandan tomog‘iga muz tiqiladi. Quduqning fe’li boshqacha. Ish chiqsa, dimog‘i chog‘ bo‘ladi. Suvi tinigandan tiniydi, shirindan shirin tortadi. Maqtaganlarida bolalardek suyunadi. Yangihayotda to‘rtta quduq bor. Otasining qudug‘ini suvi eng shirin. Mol-hol, kir-chirga odamlar boshqa quduqlardantortadilar. Yerning fe’li qiziq-da deydi Enasi, bir tosh otim chiqmaydigan joydagi quduqlarning suvi to‘rt maza bo‘lsa. Buyam xudoning qudratidan derdi o‘ziga o‘zi urchuq yigirgani kunchuvoqqa chiqib, quduqqa suvga qator turgan qiz-kelinlarga qarab. Ularning ko‘pi enaning yuzini ko‘rganidan xursand. Qatorda turgan, hovlining sal kamqoq o‘rtasidagi quduq boshidan boshlangan paqir ko‘targan navbat darvoza tagigacha boradi. Qatordagi xotin-xalaj,bo‘y qizlarning gapi tugamaydi. Ko‘rmagan balosi qolmagan, ermakka ergategib oti chiqqan xotinlar, “bolalaring katta bo‘lib qolgandan keyin o‘z uyingda o‘g‘ridek bo‘lib qolasan. Ungacha er zotini haqidan chiq…”, deb gap boshlashi bilan endi-endi erkak isini ayrit qilgan kavushi yangi kelinchaklarningog‘ziangrayib qoladi. Kelinlarning bu gaplardan keyin xayoli suv ochgan bo‘ladi. Shunday vaqtlarda bitta yarim yigit kelib qolsa hammaga suv tortib bermaguncha qo‘li bo‘shamaydi. Erliklar egalik ekanliklarini bildirib jiyakli lozimlarda, parparak yoqali ko‘ylaklarda, kamiga do‘ppisini qo‘ndirganlariyam qatorlashadi. Ana tomosha, mana tomosha. Ayollar bir-birini tomosha qilishganini shunda ko‘rasiz. Atir-upa hidlarining ko‘pligi va aralashib ketganidan To‘rtko‘zning ham boshi aylanib, dumni qisganchakappasiga urib ketadi.Suyakdan yaxshi narsa yo‘q dunyoda degandek kechadan qolganini bag‘riga bosgancha.Egasiz itda obro‘ bo‘lmaydi.Oxirgi gapni yoshligidaMardon tentak bir joyda aytganda daftarchasiga yozib olgandi.Bunisini o‘zi yoshligida ko‘rib yozgan: qopag‘on itlar ham nimagadir chiroyli kelinchaklardan qo‘rqadi.
Bolaligining eng cho‘g‘ xayoli, qizil durrachali, sariq paypoqli,jingalak sochlini qizlar orasidan qidirgani to‘g‘ri. Durrachayam avvaliga qatorda el qatori turgan, keyin deraza ichidan bo‘lsayam mallasoch bosh ko‘rinavermaganidan, ha demay navbati kelib suvni olganidan keyin ketishi kerakligi yaqinlashgani sayin atrofga jovdiragani, o‘zini qo‘yarga joy topolmaganiyam, qizarib ketgani, hech kim hech narsa demasayam dugonalariga kulgu bo‘lganiyam bo‘lgan ishlar. Bolalikning ko‘z uchrashuvlarida gunoh bo‘lmas emish. Ko‘z ko‘zni sog‘inishi ayb emas emish.
Uchinchi kun
Qo‘y qirqimga borgan, aylana bostirmali, tomining o‘rtasi ochiq, qirning yonboshiga, kunchuvoqqa qurilgan qo‘raga tushib qolganday, qo‘yni qo‘raga qamaganday qilib, ichkarisida gir aylantirib quvib, nimaga qochayotganiniyam, nimaga qochish kerakliginiyam bilgan-u bilmagan, bosh-ko‘ziga qayta-qayta tayoq tushib gangigan, toza havoga yetolmay qo‘ra ichida qolgan to‘zonga qo‘shilib bir birini ko‘rmay, eski dardi qo‘zib, ko‘ngli aynib, ko‘zi tinib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan, tayoq ko‘targanni himosiga qo‘shilib, qoshi-kiprigigacha eski tezakning changiga botib nima qilayotganini o‘ziyam bilmay o‘tib borayotgan kunidan hafsalasi pir bo‘lgan qo‘yday yuvvosh bo‘lib, hech kimga bir og‘iz gap qo‘shmay, otameros tog‘dan biyday cho‘lga ko‘chirilgan otadoshlarining ahvoliga qanday maymunlar yig‘layapti-yu, qaysilariga sovetning kuni boqqanidan, yoqqanidan xabar olgani peshonasi besh qarich eshagini niqtaganchaMardon tentak enadi.
O‘ziga o‘zi bir kuni yaxshilik, ikki kuni yomonlik, bir kuni sadoqat ikki uni xiyonatga, bir kuni do‘stlar davrasida ikki kuni xoinlar xonasida, bir kuni gullar qurida ikki kuni tikonlar to‘dasida, bir kuni andalib ikki kuni zog‘lar, bir kuni baliqlar ikki kuni ilonlar inida o‘tib borayotgan, bir beti oq ikki beti qora, tussiz, tuturiqsiz, tutantiriqqayam arzimaydigan kunlardan iborat uzundan uzun umringning savdosi bir tiyinga qimmat kunni o‘zingcha kun deb yuribsanda, degancha Yangihayotga enadi.
Enishdan oldin eshagiga kashtasini keltirib so‘nggi rusumdagi bo‘yinbog‘ taqadi. – Hozirgi lobbistlar shunaqasini taqadilar, bugungi otingiz Olimtoy lobbist, deydi har kuni eshagiga yangi ot qo‘yishni odat qilgan Mardon. Olim Loppi desak ham haqingiz ketmaydi. Eshshak naslidan bo‘lsangiz ham toy dedik. Bir hisobi toyxarlikdan o‘tgansiz, murtgayam oq oralagan, ne bir ishlarni ko‘rsatgansiz, iskamagan tezzagingiz qolmaganligi hurmatidan toy dedik, ustingizdagi to‘qimi Nizomiddin. To‘qimi Alisheriyga yetishingiz dargumon, ota zotingiz termiziylar eshigiga bo‘lgani sizga u shahar otini berishni ko‘tarmaydideb qo‘shib ham qo‘yadi, ukkoog‘ar.Koshki eshak zoti tushunsa.
Yo‘lma-yo‘l bir o‘ziga, bir eshagiga gap qo‘shadi.
Onasining qornida esnagani va onasini qo‘rqitgani esiga tushib voqeani kimga aytishini bilmay, aytsa eshitganquloq og‘zinibekitib kulishini o‘ylab o‘ziga-o‘zi gap qo‘shgan Mardonning ko‘zlari yosharib ketadi. Esli odamlarday xayoliga kelgan gapni tiliga chiqarmaydi. Lekin, ichi tutab ketadi.
– Hamma gap,sha’ni past bu dunyoni oxirat ekinzoriga aylantira olishda Katta kalla. Kallani kattasi aqlni, kattasi degani emas, jo‘ra. Esli bo‘lish ham qiyin ekan.Belgiga ko‘ra xudo urgannini birontasiko‘ramiz, chog‘i, degancha engashib eshagining qulog‘iga pichirlaydi.Xudo zolimniyam, mazlumniyam tek qo‘yib qo‘ymaydi. Qancha hunaring bo‘lsa o‘zingga ko‘rsatayapsan, birovni boplayapman deb o‘ylamagin, Bechiroq, deydi yo‘l ustidagi simyog‘ochga. Bir simyog‘ochortiga o‘tayotgan, biryonma-yon turib o‘zining turishini simyog‘ochga to‘g‘irlayotganqorani taniydi. Kuni kecha kofir oldiga borolmaydigan, bormaydigan, el zulmning zo‘ridan, o‘lganining kunidan bo‘yin eggan, otameros do‘ppini boshiga bir qo‘ndirgan bormi,ichi-tashi to‘kilib bo‘lgan machit oldida sal ko‘proq turib qolgan bormi, necha yillardan buyon hovlisiga sanqi eshakdan boshqa zot kirmagan machitning hovlisidan eshaklarni haydab chiqarib, g‘ovini epaqaga keltirgan bormi, araq ichganga “qo‘y endi shu sag‘anani, yo‘lga tush edi” deb qo‘ygan bormi, machitni devori yorilib ketibdi, bir tirgov qo‘ysak bo‘larmidi, deb odamlarga maslahat solgan bormi, o‘ynashini ishga ol deganda, hozir joy yo‘q deb qo‘ygan sho‘rlik bormi bariga o‘zining sherligini ko‘rsatganning,elningkatta yo‘lida u o‘tirgan mashinadan mashinasida bilmay oldinga o‘tib qo‘ygan odamniyam qamatishni o‘ziga martaba, ish deb bilgan, ayni damda simyog‘ochga do‘q urib turganning turqiga qarashdan hazar qiladi.
Emishki, bir kun kechasi sovuq shamol, zahri qotil shamol, tekkan yerini olib ketmasa qo‘ymaydigan shamol, oqni oq, qorani qoraligini bo‘yniga qo‘ymasa ko‘ngli joyiga tushmaydigan shamol, ingichka boshli, yo‘g‘on dumli shamol Zo‘rning dang‘illama uyining ellik paxsalik devorini ko‘rmaganday qilib, darchadan kirib, eshikdan chiqib ketgan. Bir nafas olarchalik vaqt o‘tmagan. Nafasning chiqishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Uyda tirik jonni qoldirmagan. Bari toshga aylangan. Sovuq toshga. Beshikdagi kenjasini toshqotgan yuziga, xotinining sut isitib kelmagan deb oshxonada sanamday qotib qolganini ko‘rgan Zo‘rning betiga qaraguligi qolmagan. O‘z soyasini o‘zi sudraydiganlardan birgina bir vaqtlar Sher atalgan, keyin Zo‘r otini olgan qolgan, deyishadi. Shamol uning ko‘ziga bir qaragan. Tamom. Birato‘la, birdan, teptekis esdan ajragan, deyishadi. Shundan keyin Zo‘r oti Sho‘r bo‘lgan deyishadi. El ko‘zi bilan ko‘rmasayam ko‘rgandan ziyod qilib gapiradi. El qarg‘ishi shunday qilarmish. Zulmni zo‘ri zulmi zo‘rlardan begona bo‘lmasmish.
Elning bilishicha va aytishicha boshidagi sochidan ko‘ra ko‘pni qamatgan, bir vaqtlar Samarqand bilan Toshkent o‘rtasida mendan zo‘ri yo‘q degan, falonchi kelayapti desa belovdagi bolayam betini ko‘rmay, otini eshitmay deb o‘zini uyquga urgan, kamiga g‘ayrati kelganda “og‘ayni kerak bo‘lsa shaxsan o‘zim falonta yozuvchingni, shaxsan falon shoiringni, pismadonta oliming,munchamullangni emaklatganman,mayda-chuydalaringni-ku aytmay” deb qo‘lidagi o‘z aqlicha eng toza araqqa to‘la idishni tik turgan joyida bo‘shatadigan,har kishi o‘z kasbi-amalining garovligi ortidan, eldan, oiladan, boshqasidan ham bab-baravar bir tekis, bir nafasda ajraganni yo‘l yoqasidagi sim yog‘ochni bosh oyoq kuzatgan, simyog‘ochniyam turishi yoqmaganday yo simyog‘och bo‘lishni orzulaganday atrofida aylanayotganga ko‘zi tusharkansuyak tashlaganday qiladi:
– Shu stolbaniyam olib borib qama. O‘zi shu qoluvdi. Elning qarg‘ishi urganni yurish-turishidan ham bilsa bo‘ladi. Endi uradiganiniyam.Haliyam mehribon bo‘pti. Bo‘lmasa o‘tirarding, bir yutum toza havoga zor, quyoshni betiga qarashga intiq bo‘lib. Chuqur qazigan birovga qazimaydi degan mashoyixlar. Avval ham shunday bo‘lib kelgan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi. Bir yutum havo, bir yutum suv, bir yutum non. Undan ortig‘i hamisha yelkaga yuk, oyoqqa tushov bo‘lganligini endi sanga tushintirishni hojati yo‘q. Tentiratib bo‘lsada yurgizib, qo‘ygan ekan haliyam kech emas, etagingni yig‘ishtirda, bo‘yningga arqoni tushishini so‘ra. Avvalgi yurishingdan hozirgi ahvoling o‘lsa o‘ligi ortiq, agar bilsang. Avval odamlar sani ko‘rsa nafratlanishardi, endi har holda yoqa ushlashadi. Avval ham ko‘rgazmali qurol eding, hozir ham shunday. Hammamiz ham shu. Tavba qil. Ajralgan mol-dunyoga achinish hissidan ajralganing yaxshilikka bilsang. Tavba qil. Zora… Sho‘r Tentak gaplarni eshagiga aytayapti deb kuladi. Keyin, serovlanib, ko‘zi olayib, yo‘l yoqalab ketadi. Sandiraydi:men eshikdan o‘tmoqchi emasdim. Eshik og‘zida turgandim, ortimdan kelgan odamga yo‘l beraman, deb bilmay ichkariga kirib ketganman. Keyin kech bo‘lgan. O‘zi kirmoqchi emasdim…menyo‘qotdim…
Nimasini yo‘qotganini o‘ziyam bilmaydi.Qo‘sh qo‘llab urganda shunday bo‘larmish. Vaqt o‘tib endi qadamini sanab yurishni odat qilganida, oyog‘i ostida o‘rmalashgan narsaga ko‘zi tushib, qo‘rqib ketadi. Soyasi, o‘z soyasi ekanligiga aqli yetmaydi. Bexos quyoshga qarshi shaxdam qadamlar bilan askarchasiga yurib o‘zicha nechchidir qadam sanaydi. Boyagi qora narsa boyagi joyda qoldi, degan o‘yda orqasiga o‘giriladi. Qoraliq endi oldiga tushib olganligidanhayron bo‘lib turadi, keyin ikki qo‘lini ikki yonga yoyadi. Soya xoch suratini soladi. Silkitib ko‘ruvi, soyalar ham silkindilar. Nafasi ichiga tiqilib bo‘g‘riqadi. Nafas olish va nafas chiqarishining azobi tutdi. Ichida bir nafas turib qolgan nafasni chiqarish shunchalik qiyinligidan ko‘zlari olaygancha karaxtlanib qoladi-da, nafasga yo‘l ochilganidan birdan yig‘laydi. Ho‘ngraydi. Ho‘ngrovni eshitgan go‘ngpashshaning kiprigiyam qilt etmaydi. Qaroliq go‘rga kirgandayam birga kirishini, hech go‘rga ketmasligini, qiyomatgacha ajralmasligini, o‘sha yerdayam xizmatda bo‘lishini ta’kidlagandek, qiyshaysa qiyshayadi, tek tursa tek turadi. O‘tirsa o‘tiradi. Mardon qarg‘ish urganning betiga qarashga hazar qiladi. Keta-ketguncha orqasiga qaramasayam nimalar bo‘layotganini ayfonida ko‘rgandek ko‘radi.
Keta-ketguncha simyog‘ochlarning simiga osilib qolgan, kun urgan, issiq urgan, sovuq urgan, qor urgan, yomg‘ir urgan, urmagani qolmagan rangi uchgan varrakning o‘z arqoniga o‘zi o‘ralib na o‘ngga, na chapga, na to‘g‘riga qarashga majoli qolmagan, birining osilganiga yetmish besh yil, birinikiga ellik yil, birovinikiga yigirma besh yil bo‘lgan varraklar simyog‘ochlarda abgor ko‘rinadilar. Ne bir xayollarni osmonga olib chiqqan, ko‘zni quvontirgan kunlarni eslash ham og‘ir botib ketadi. Ularni uchirgan bolalarni tanirdi: ularning xayollarini osmonga, osmonlarga olib ketolmaganliklaridan to‘lg‘anadilar.
Turk bor joyda tentak begona bo‘lmaydi. Yo‘g‘ida no‘xotcha. Bularni mashoyixlar gapi deyishadi. Tushungan birdan tushunadi, tushunmaganga ponalagining bilan befoyda.Aqlni tug‘masi boshqa, suqmasi bo‘lak.Tog‘dan tushib, shoshmay, xuddi qadimgiday ko‘ngil yetar kapalarga qo‘noq bo‘lib, o‘tgan kunlarniyam minnat qilib sanamay, yo‘lma-yo‘l yo‘l so‘rab otadoshlarining Yangi hayotini topib boradi. Yangi hayotni Otahayot qilish kerak. Tentakning o‘y-xayoli shunda.
Eshagiga ruxsat bergan Mardon yig‘ib kelsa odami bir qo‘shhovuchchiqadigan Yangihayotning u boshidan bu boshiga necha marta borib keladi. Qadamlab-qadamlab, qadamini hisobini olganday yuradi. Sanoqdan adashib ketmasligi shartday yuradi. Oldidan ko‘chani changitib o‘tgan, bir-birini qiy-chuvlashib quvayotgan bolakaylar shamolidan Mardonning hushi uchadi. Dimog‘iga bir narsa urilgan, ko‘ziga bir narsa ko‘ringanday, bir narsa ko‘rinayotganday tuyuladi. Bolalarning shovqini, kulgusi,yugurishi uni bir soniyada yuz yilga yashartirganday bo‘ladi. Gap-so‘zlar orasidan xuddi o‘zi ming yildan buyon qidirib yurgan, qachon, qayerda yo‘qotganini eslolmaydigan so‘zni, gap-so‘zlarni topganidan yetmish ikki mingtomiri, o‘ligi-yu tirigi birdan barq uradi. Ko‘z o‘ngi yorishib ketadi… eshak egar-jabdug‘ini yechib, yo‘l ustidagi tosh ustiga qo‘ndirib, no‘xtasiniboshidan oshirib olarkan, bor endi,bir maza qilib kel, men ham bir yayray deydi. Xizmat chiqqanda o‘zim topib olaman. Ko‘ringan mocha bilan ilakishib yurma. Keyin bir kuni aytmagan ekansiz, ustoz, deb o‘pkalama. Yaxshi tayinlamagan ekansiz, deb og‘zing so‘ljaymasin. Bugungi ayshu ishrat tuganmas ertangi g‘am ekanligini dumingni tinmay likillatganing bilan uzoqlashtirolmaysan, Oshna! Eshak boqish ham jonga tegdi, deydi, o‘tgan-qaytgan ham eshitgan gapidan seskanayotganiga umuman e’tibor bermay.
Katta qaynovniyam, kichik qaynovniyam, osh endi yaxshi dam yeb, pishaman deganda pashsha tushgan qozonniyam, falonchi pismadonchevga deb suzilgan oshning laganda iligi o‘ynab, qazisining hidi dunyoni bosib, “falonchi akamgilaga, ehtiyot bo‘ling” deyilgancha qo‘lma-qo‘l ketar chog‘ida yo‘ldamanzili o‘zgarib, yo‘lini yo‘qotgan, egasiz qolib sovugan, it ham tegishdan hazar qilganoshlarniyam ko‘pini ko‘rgan.Mardon xayolida ming yildan buyon atolmay yurgan gaplarini tiliga chiqaradi.
– O, pokiza xayollar…
– O, turkiy xayollar…
– O, tuganmas navolar..,
– O, otadosh navolar..,
Shu yerga kelganida xayolining yuki o‘pkasiga og‘irlik qiladi chog‘i nafasi bo‘g‘ziga tiqiladi, ichiga tushib ketgan nafasini chiqarishga kuch topolmaganidan serrayadi, yutinib-yutinib bir balo qilib o‘ziga kelgan bo‘ladi. Keyin fikrini jiydaning donagini bolaligida opachalariga qarashib, munchoq qilib tergandagidek bir ipga chizadi.
– O, turkiy xayolli bolalarning navolari shovurini eshittirganinggashukur, yo, Rabb! O‘zing Rahmon – o‘zing mehribonsan!
– Navoiyqoshbolalar navolaringshamolidan tuyunishga loyiq ko‘rganingga shukur, yo, Rabb! O‘zing Qahhor – o‘zing g‘olibsan!
– Navolarni intihosiz ayla, yo, Rabb!
O‘zing Razzoq – barchani rizqini beruvchisan!
– O‘zingdan o‘zgaga mustar qilma, yo, Rabb!
O‘zing Sami’ – maxfiy va oshkora gapu sharpalarni, dildan o‘tganniyam eshituvchisan!
– Yangihayotning kunini hayotday qilgan, yo, Rabb.
O‘zing Latif – bandalarga sezdirmay o‘z lutfu ehsonini yetkazuvchisan!
Turkiy xayolli bolalarning xayollariga, ota xayoli uchun qon qusgan beklarning o‘ylariga quloq osgan Oyqortog‘ning ko‘ngli bir ko‘tarilib tushadi. Hayrati oshadi. Osmonga ko‘z tikkan buloqlar ko‘ziga,oynasiga o‘zini soladi. Shamol tortqilayverib olabo‘ji qilib tashlagan soch-soqolini tartibga solgan bo‘ladi. Ha demay, kun shom yeydi. Qirchalarga belgi berishi kerak. Taraddisini ko‘radi.
Otadoshlik mehri hayotma-hayot, xayolma-xayol kezib yurgandek. Rahmati yoqqanini, yoqqanini his qilgan, qilayotgan qalblar xayoli o‘tgan barcha gina-kudratlarni unutgan,unutganidan qachon yosh ko‘rgani esidan ham chiqib ketgan mijjalari ham bir yovoshlanib, keyin bir xayolga bosh qo‘shgandek, bir hayotga aylangan sokin damlarqurshovida qoladi. Begona quloqlarga, eshitmas quloqlarga, tamg‘a urilgan dillarga eshitilmaydigan, bilinmaydigan shovuri bilan ko‘klamga qo‘shilib keladigan yangi tashvishlar, yangi hayot, tiriklik zavqi, ertangi kundan faqat yaxshilik umidvorligi zavqi kezib yuradi. Keyin bilsa nafaqat to‘rt tomon, butun dunyo qarindosh, otadosh ekan. Odam sonidagilar, albatta. Boshqa gaplar bekorchi va bachkana tuyuladi. Odamizod ezgulik uchun yaratilganligiga iqror berganingdan keyin… albatta.
Keyintavba yo‘lidagi, tahvidni mahkam ushlagan, turklik zavqini uyg‘otadigan va tuydiradigan, tuyuntiradigan qadim va qoyadek oddiy va sodda ayni chog‘danecha bir yuz yillik jang va jadallarni ko‘rib va yengib kelayotgan, aytilganda eshitganni aqli tanimasayam qoni taniydigan, xayoli ilg‘amasayam tomirlarini tushovibo‘shagan bandiday g‘ayratlantiradigan, necha asrlardan buyon aytolmay kelgan so‘zlarni:bir kun oqo‘tin, toza o‘tin bo‘lishdan, qarsillab yonish vaqurga nafi tegishdan umidvor daraxtlarga, kun kelib ko‘ksidan o‘t chiqishidan umidvor yo‘l yoqalab bosh qo‘ygan toshlarga, yaxshisiniyam, yomoniniyam birday ko‘radigan, birday yuvadigan ariqlardagi suvga, panada qolib, ko‘rmay qolmay, eshitmay qolmay deb, bo‘ynini cho‘zib mo‘ralagan bulutlarga, o‘ziga o‘zi aytib jo‘naydi. Yangihayotning to‘rt ko‘chasida parillab aylanadi.Shu aylanishi-yam bir chekkasi Oymakondan, bir boshi Hirotdan, bir uchi Oybelidan, bir qaytishi Qoratepadan o‘tgan ko‘rinadi. Unga qo‘shilib aylanganning sanog‘i ko‘rinmaydi. Ko‘ngillarga gulqo‘ndirib aylanadi. Gul chizib aylanadi. Gul tashlab aylanadi. Gul yoziq tashlab aylanadi. Gulurug‘ tashlab aylanadi. Gullab-gullab, gurilllab-gurillab aylanadi.
– Tuyunmasang tuyunasan, tuyunganda suyunasan…
– Tuyunmasang tuyunasan, kuydim deganingdan suyunasan…
– Avval odam o‘zining yoqasini hidlagani ma’qul….
– Egasiga yuzma-yuz bo‘lishni unutganni, o‘sha kuni egasiyam unutadi…
– Allohga iymon keltirdim degin-da, so‘ngra mustaqiym turgin…balajon!
– Aql yuritadigan qavmingdan qil, yo, Rabb!
O‘zing Raqib – hamma narsani kuzatib, nazorat ostiga olib boruvchisan!
– O‘zingga aniq ishonadigan qavmingdan qil yo, Rabb!
– O‘zingninga axloqing bilan axloqlangan qavm qil, yo, Rabb!O‘zing Haqsan!
– Taqvo kalimasiga haqli va axl bo‘lganlardan qil, yo, Rabb!
O‘zing Vakilsan – hamma ishlarni o‘z zimmasiga, kafolatiga oluvchisan!
– Qalblarni taqvoga imtihon qilganlardan qil, yo, Rabb! O‘zing Avvalsan!
– Osmonlaru yer bor ekan, fitna zarar qila olmaydigan qalb ato et, yo, Rabb!
O‘zing Oxirsan!
– Uyi kuyib, xonasi tutagan o‘ylarga son ber yo, Rabb!
O‘zing Zohir – borligi hamma tomonlama ayon bo‘lmishsan!
– Kappasiga o‘t ketgan xayollarga vatan ber yo, Rabb!
O‘zing Zorr – xohlagan bandalariga ofat, zarar va musibat yetkazuvchisan!
– Xudoga qaytgan qavm qil, yo, Rabb!
O‘zing Moni’ – do‘stlarini himoya etuvchi, noloyiqlarga o‘z ne’matlarini man etuvchisan!
– Xudodan qaytgan qavm qilma, yo, Rabb!
O‘zing Sabursan – gunohkorlarga jazo berishga shoshilmaydigan zotsan!
– O‘zim kabiga yoki boshqa maxluqqa iltijo qilishdan asra! O‘zingga qochadigan qil, yo, Rabb! O‘zing Muqaddamsan – o‘ziga yaqin qiluvchisan!
– Beomon savash ichidagi umrni betiga tik qara, balajon!
– Birov mashhurlik tongini kutadi, balajon!
– Birov mashhar tonggini kutadi, balajon!
– Hammani borar yerini oyoq osti qilganning oldiga borma, balajon!
– Gumon gumonsiraganni o‘ziga qaytmay qolmaydi, balajon!
– Ibodatlarning ta’siri yuzlardan ayon, balajon! Boshqasiniyam.
– Yana yerni qaqragan holda ko‘rishing uning oyatlaridandir…
Oxirida, xuddi bir vaqtlar shoh va shoir, temuriyzoda Husayin Boyqaro Amir Alisher Navoiyni turk nazmida alam chekib “Xamsa” yaratgani uchun, shohona lutf ko‘rsatib, o‘z otiga chiqarib, otga jilovdorlik qilib, faxr ila xizmatga bo‘lib, butkul Hirot ko‘chalarini aylantirib kelgandan keyin, shoir o‘z hovlisi bo‘sag‘asidanhatlab, ortidan eshikni yopib, yerga tiz cho‘kib,ostonasi tuprog‘idan bir siqim olib o‘z boshidan quygandagiday o‘z boshiga o‘zi tuproq tortadi. Hazratning o‘shanda aytgan so‘zlariyam tirikday yugurishib keladi:
– Men, tuproqmen!
O‘sha voqealarga guvoh bo‘lgan gardlar quvonchlarini yashira olmay, hayratlarini kimga aytishga hayron xayollar atrofini o‘rab oladi, hali-hanuz shoshganlaridan yerga yetolmaydilar. Tanish hidlar dimoqqa o‘tiradi. Dimoqlarni chog‘ qiladi. Hali zamon yuguriklashib o‘tgan bolalardan qolganizlardan doriliqqa uchirtkiolib qoshi ustiga qo‘yadi. Tentak o‘zidan ham qo‘shadi. Bo‘lmasa tentakligi qayerda qoladi.
– Men, gardmen!
Etti siqim tuproqni yetmishga bo‘libboshidan quyadi. Har bir siqimiga bir yo‘l qo‘shiq qo‘shadi. Yetmish otaning yetmish otaso‘zini aytib, siqimidagi tuproqning har bir gardini ko‘ziga qaragancha dam solib, boshidan quyadi.
O‘z-o‘zini boshlamas yo‘lga kishi.
Avvalo chin e’tiqod, xavfu, rijo,
So‘ng tavakkul, so‘ng muhabbat, so‘ng riyo.
Xilma-xil orzularing ham iblis, ul.
Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l.
Bandalikdan yaxshiroq yo‘qdir maqom.
Hazir bo‘l har nafas, yo‘ldan adashma.
Bilgani xalqni faqat vahmu xayol.
Eshak tole emish tush ta’birida.
Soyadin kechgil, asl roz aylagil.
Tog‘i tuzlar, “Anal haq!” deb turar bo‘lsa.
Meni menda dema, menda emasman.
Haqqa yonmas o‘zin degan nari borsin.
Chirog‘ing namoz turur, qilmasmusan.
Hamisha og‘irning ostidan, yengilning ustidan yuradigan, hayallab keladigan xayollar o‘zlaridan, qilmish-u, qilg‘iliklaridan ikki xayolliklaridan yerga qarab mulzam tortadilar. Tentakning ko‘ngliga qo‘shilib erigan ko‘z yoshlarimijjalarga chiqib, notanish joyga kelib qolgan boladay hayron,enishni xush ko‘rmay to‘xtab qoladilar. O‘ziyam tomchimisan tomchi. Dumalasa bir tog‘ni yuvib ketgudek. O‘lag‘oy-da, sag‘ana.
* * *
Pishak izi botar bo‘lib tushgan qornipeshinga bormay yer ko‘rmaganday qildi. Yer o‘zinikini o‘ziga, issiq o‘zinikini o‘ziga oldi.Boyagina boshiga qor qo‘nib,qor ostidan mo‘ralagan,qori ketib, erishdan beti yaltirab turgan toshlar ham benasiba qolmaganliklarini bildiradilar. Suvga to‘ygan toshlar hayitga chiqqan qizlardek yayrashadi. Betiga qaraganga qaraganning ko‘zlarini o‘ziga ko‘rsatadi. Oyna bo‘l-a. Toshlar qorning ishini hazilga yo‘yadilar. Hazillashgan qorning ko‘nglini tushinadilar. Ko‘ngligaqaraydilar-u,ilkisdan shu qor, shu qorgina necha bir yillik hasratlarini yuvganday bo‘lganini ilg‘aydilar.Urg‘ochi toshlar nam yuqtirmaydilar. Xudoning qudrati bilan fe’liga yarasha yarmi erkak, yarmi urg‘ochi toshlarning ikki beti ikki boshqa ko‘rinadi. Qora bulut oralab qarayotgan kunning kulgisiga kulgu bilan javob qaytarishga jon-jahdlari bilan tirishadilar. Oyoqlab qolgan qishning balki oxirgi qori yernida yuvadi. Oqlaydi. Dardi dunyoga sig‘maganchako‘klam quyoshini qayta ko‘rganidan o‘pkasi og‘ziga tiqilib hansiraydi. Hayratidan hovur ko‘tariladi.
Shaharga qaytish vaqti bo‘ldi. O‘g‘ilning ko‘zi otahayotning bir chekkasidagi mas’umdaraxtga tushadi.Uning-da bag‘rida shamol o‘ynaydi. Shamol daraxtga qarab to‘ymaydi, daraxt shamolga. Qo‘l qimirlab kechadan oldingikun olma qo‘ygan cho‘ntak ustiga boradi. Tosholma mushtdek tuyuladi. Mushtdek bolakayning mushtidek ko‘rinadi. Hazillashib, turtkilab qo‘ygandek ham bo‘ladi.Hazillashib bo‘lmaydigan mushtga. Tog‘ni talqon qiladigan mushtga. Besh barmoq besh joyga tarvaqaylamay bir joyga musht bo‘lgan mushtga.O‘g‘ilotasi bir vaqtlar shu daraxt ostida shoshgandek… shoshadi.Rasmini chizsa zo‘r chiqarkan, o‘yladi o‘zicha xayolida ko‘rinayotgan olmadagi bo‘rtib chiqqanizlar va yosh bola musht tukkanda barmoqlarining usta-ust tushganiday o‘xshashligidan shoshgancha…qani endi rassom bo‘lsang. Ukaning xayollarini past balandigacha ilg‘ayotgan opa yengilgina tomoq qirib yaqinlashadi. Opa-uka bir birlariga qaragancha gap so‘zsiz gaplashadilar. Opaning degani hammasiga baho bergan bo‘ladi.
– Umrning o‘tgani daraxtlardan bilinarkan, ukajon. Shamol sal qattiq huyt desa qari daraxtlar qisirlagani qisirlagan. Zorlanganday. Odamni shoshiradi. Bolalingdan birga o‘sgan, har kuni ko‘raverib ko‘z o‘rganib ketgan daraxt bir kun ilkisdan yonboshga ketsa odam boshqacha bo‘lib ketarkan.Men sizdan mingdan ming roziman. Onam ketarlaridan oldin Oyxon, qizim, meni ketishimga birgina qarg‘ish yetmayapti chog‘i, kasal yotaveribseniyam juda qiynab yubordim, qari o‘lsin, shu tilagimni bajar, meni qarg‘a deganlarini hech tushunolmayman. Unday demang apa, degan bo‘lsamda, o‘shanda ko‘zlariga qarolmaganimga o‘zimni kechira olmayman. Sizga aytmasam bo‘lmasligi uchun aytayapman. Siz har doim Toshkentdan yo‘lga chiqqaningizdan ayon berib, supirgi olib ko‘chani tozalash kerakligini, suv sepish kerakligini, ko‘cha chang bo‘lmasligini g‘azovotini qiladilar. Bek bolamga gard yuqtirsang mandan ko‘rasan deganday bo‘ladilar. Tez-tez kelib turing, ukajon. Men sizni har doim sog‘inaman. Balajonlarniyam olib keling…
Otahovli suhbatlari shoshiradi.
Otahayot xotiralari shoshiradi.
Odam eskiravergani sayin bir xayoli bir xayolni, bir yaxshi, yurakni hayajonga soladigan, ko‘ngilni yashartiradigan, tiriklikka quvvat beradigan xayol boshqa bir, qayeridir o‘xshashligi bilan umrga egov, ba’zi qilgan, ko‘rgan, ba’zan guvoh bo‘lgan ishlariga nafrat, afsus, achinish hissini yetaklagan xayollarni yetaklab kelarkan. Bir yaxshiga bir yomon degandek.
Yaxshi xayolllarni yetaklab kelgan narsa tandirxonaning devori. Devordagi izlar. Ularni bir vaqtlar, bolaligida tengqur o‘g‘il bola, qiz bolalar birga avval loy qilishib, keyin bo‘lak-bo‘lakka bo‘lib, devorga orqa bilan turib, boshdan oshirib loy otib, “otamning puli ko‘p bo‘lsin” deb chuvullashgani, kimning loyi eng balandga, eng tepaga katta bo‘lib yopishsa, o‘sha bolaning otasining puli endi ko‘p bo‘ladigandek quvonishlari, o‘sha bola o‘yinni yutgan hisoblanishini eslarkan, quvonchning chiroyidan, sevinchning esankiratadagan epkinidan, unitilgan va eslanganidan tirilgan xotiralarning ko‘zidan otilib chiqqan yoshning ichidan bug‘riqib kelgan damni qaytarishga kuchiyetmadi. Devordagi izlar ham qo‘shilishib kulgandek. Izlar kulgisi bilan iz-ma iz kelgan, keyingi vaqtlarda beega uylarda palak otgan qizlarning to‘ylarida urf bo‘lgan kelin bo‘lmishning boshdan oshirib guldasta otishidek, harom qozon to‘qchiligining beo‘xshov qilig‘i, harakatlarining o‘xshab ketishi, hozirgina ko‘nglida chamanlar yaratib ketgan xayollarga quyuq soya tashlagandek bo‘ladi. Ayniqsa, egnidagi yo, bor yo, yo‘q ko‘ylak deyilmishning bir parchasiniyam yoraman deb turtib chiqqan jasadli kelin bo‘lmishlarning tortinish nimaligini paqqos bilmay o‘sgan nuqsiga ko‘z qiri tushganda, guldasta ushlaganning orqasidan qur olib to‘dalashgan, ersiragan dugonalarning tasrayishgan ko‘zlaridagi otiladigan guldastani ilib olishga ishqivozlik hasratini ko‘rganidan buyon kechki to‘ylarga oyog‘i tormay qo‘ygan… guldastadan uyaladi,
Otahayot xotiralari shoshiradi.
Kecha quduqdan paqirdagi suvga qo‘shilib chiqib, endi nima qilarini bilmay yo‘lini yo‘qotgan, qayerga kelib qolganini bilmay baqraygan qurvaqaning ko‘zlariga bekor qaragan ekan, haliyam ko‘z o‘ngidan ketmayapti.
Otahayot xotiralari shoshiradi.
Qo‘rqqandan shoshgan yomon. Ro‘za og‘iz har narsani gapirmaydilar, har narsani xayoldan o‘tkazmaydilar, deydi o‘ziga o‘zi, birov eshitib qolmadimikan, degancha atrofiga qarab qo‘yadi.Kalima qaytaradi. Otasi o‘rgatgandek, butun dunyo bir tomonga og‘ib ketayotgan bo‘lsa-da, ushlab qoladigan kalimani qaytaradi. Kalima toza joydan chiqadi. Hamisha toza joydan. Toza joydan chiqmagan narsani kalima, so‘z, yoziq demaydilar. Bu gaplarning barini otasidan eshitgan. Unda esi yo‘q, bola edi. Otasi bolasi xayoli tozaligida yodlab olsin deb o‘rgatgan, bir kun,albatta, foydasi tegar deb aytgan kalimani qaytaradi.Bilsangiz siz ham qaytaring…
Azon borliq yaxshiliklarga chaqirib, chorlab, yo‘l ko‘rsatib, borki yomonliklardan qaytarib, quvib haydagancha qishloq uzra sokinlik va halovat bag‘ishlaydi. Qishloqda o‘tgan uch kecha, to‘rt kunduzqadim xotiralarni yangilaydi, yoshartiradi, avlodlarni uchrashtiradi. Turlik turlik tomoshalarni tomosha qilaverib bir biridan tonib ketgan tomirlarni bir biriga tanishtiradi. El qiladi. Endi shu kunlarni eslab yuradi. Shu kunlar xayoli bilan yuradi. Shu kunlar xayoli quvvat beradi. Quvvat bo‘ladi. Hali shaharga yetib bormasidan kechagi kunlarni sog‘inayapti. Hali ko‘p sog‘insa kerak. Sog‘inishi tayin. Sog‘inadi. Ko‘p sog‘inadi.Sog‘inishga qarz. Odam sog‘inchda qadrli, xotirada tirik, duoda hayot. Enasining aytganlari xayol daftarida vaqraqlanadi.
Birinchi kundagi voqea,ancha vaqtdan beri qurib, qaqrab, qaqshab yotgan yer qordan oldin ilkis savalab o‘tgan sovuq yomg‘irdan nimaga seskanib ketganligi endi ayon berganday …sesnoq endi unga o‘tdi. Sesnoq ichra otahayotning dimog‘i chog‘, davralarga soyasi egasiz qolmaganday kirib borgan, orqasiga qaramay ketgan otaday dajam, shaxdam, gurso-gursyurishi ko‘rinaveradi, qani endi rassom bo‘lsang…Xayoliga yana otasining gapi ega chiqadi. Egasiz qolgan bog‘ jangalga tovun. Jangalga hamisha, hamma vaqtvoyvoyak ega chiqqan.Xayolni bu safar Katta bola buzadi.
– Dadajon, men she’r to‘qidim. Aytaymi?
– Aytingda, balajon!
Bir, bir, bir
Hamma yoqda sir.
Mashina ichidagi jimlikni endi Kichkina buzadi.
– Shuginami, aka?
Aka eshitmaganga oladi. Kichkina davom etadi.
– Dadajon, suvni tik turib ichmaydilar-a?
– Shunday? Ammajon o‘rgatdilarmi?
– O‘zim, ichimdan biluvdim, shunga.
– Dadajon, “Rizqu ro‘z” degani nima degani?
– “Nasiba xudodandir” degani, balajon.
– Dadajon, ahmoq tishimni tomga otmabman, mana, esimdan chiqipti, endi aqlli tishim chiqmaydimi?
– Hammasi niyatga bog‘liq, balajon, niyatni yaxshi qilish kerak.
– Niyat degani nima degani?
– Faqat yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarni o‘ylash, qilish degani?
– Dadajon, yaxshi o‘qish ham ishi-a?
– Eng zo‘r ish. O‘qday ish.
– Dadajon, Navoiy bovoning rasmlarining bittasi Navoiy boboga hech o‘xshamaydi. Bilasizmi? Kitoblarda bo‘lsayam baribir o‘xshamaydi. Navoiy bovoning ko‘zlari bunaqa bo‘lmagan…qoshlariyam…
– Qoshlari qanaqa bo‘lgan ekan?
– Gapirib tushintirib berolmayman, lekin chizib berishim mumkin?
Gapga Katta bola qo‘shiladi:
– Dadajon, sizmi, televizordami qayerda bo‘lsayam“Subhoni Rabbika”ni o‘qilganda “mursalin” degan so‘zni eshitganimda har doim ichim vujullab ketadi. Shu so‘zni juda yaxshi ko‘raman. Sizdayam shunday bo‘ladimi?
Endi moshin haydab bo‘lmaydi. Qutidan chiqib shamollamasa bo‘lmaydi. Mardoncha gapirganda endi qaynab ketgan miyagaozgina shamol yedirmasa bo‘lmaydi.
Yaxshi pishib, shoshmay qurigan va ozginanam tekkan shuvoqning hidi yaqin o‘rtadan keladi. Dimoqqa ega chiqadi. Yer yaxshigina namiqqan. Soat, yo‘g‘-e, soat deyishdan, soat so‘zining qur’oniy ma’nosini uqiganidan buyon hatto xayolida aylanishidan ham qo‘rqadi. Vaqt shomni bildiradi. Joynamoz qo‘ltiqda. Ochiq dalada o‘qish yana nasib qilsin.
Keng dalada joynamoz yozar ekan, yo‘ldan o‘tayotgan ulovlar qatorlashib to‘xtab,qavatini to‘ldirib borayotganlar bir-birlariga tinchlik tilashar ekan, qadim tanish Oqqosh Ota imomlikkao‘tadi…
Azal tanish nazarning dimog‘i chog‘ ko‘rinadi…
Soatga ilkis qaraganingda soniya milining uzoq vaqtdan beri bir joyda turib qolgandek, qilichini ko‘tarib to‘xtab turgandek, qaraganingdan keyin seskanib yurib ketgandek tuyulishini qayta-qayta kuzatgan. Keyin orqasiga qarab-qarabketishiniyam. Cho‘chib-cho‘chib, og‘rinib-og‘rinib, sakrab-sakrab, suyunib-suyunib, irg‘ib-irg‘ib.Izdan bir yaxshi narsa qoldimikan, deganday, chog‘i. Soat mili, qilichining bordi-keldisi, sotdim-oldim savdosi yo‘lini to‘g‘ri yo‘lga solib olganlarga ayonmish. Soat qilichiga tegishli gaplar Mardonniki.
* * *
Mardonning otahayot uzracharx urib, chappar urib, qur olib aytishi eshitiladi. Qur tanish ko‘rinadi. Aytuv avval ko‘nglida, keyin tilida aylanadi:
– Farmoning bir so‘zdan o‘zga emasligiga bo‘yin berdim, yo, Hu!
– Ko‘z ochib yumguncha bo‘lurligiga bo‘yin berdim, yo, Hu!
– Har bir ish kitoblardaligiga bo‘yin berdim, yo, Hu!
– Har bir kichigu katta ishlar satrlanganligiga bo‘yin berdim, yo, Hu!
– Ehsonning mukofoti faqat ehsonligiga bo‘yin berdim, yo, Hu!
– Ojizligimni tan olishdan boshqa iloj qolmas kundan oldin ojizligimga bo‘yin berdim, yo, Hu!
– Bo‘yindagi qon tomirdan ham yaqinligiga bo‘yin berdim, Yo, Hu!
Xayolni yana hamma narsaga ruxsati azaldan tekkan Kichkintoy buzadi.
– Dadajon, hayotning boshidagi olmaning shoxiga chiqib qo‘shiq aytsam, hayot ham manga qo‘shilib qo‘shiq aytdi. Nimani aytsam, o‘shani qaytardi. Ko‘zimni yumib aytsam atrofimda o‘rab olganlar qarab turishganday, ko‘zimni ochsam birda bekinib olishganday.Lekin qo‘rqmadim.
– Qaysi qo‘shiqni aytuvdingiz, balajon?
– Ayo, soqiyni…
– Aka, birga aytmaymizmi?
– Tashqariga chiqib aytamiz. Birga aytamiz. Dalalar ham eshitsin.
Bolalar xursandlikdan hayqirishadi.
Xudo xohlasa kelar ko‘klam hayotga, bolaligi o‘tgan hayotga bolaligida qanday daraxtlar qaysi joyda o‘sgan bo‘lsa, o‘shanday ko‘chatni o‘sha joyga o‘tqazadi. Qaysi daraxtning qanday joylashganligi kuni kechagiday esida, oralarining necha marta qadamlab sanagan. Sanog‘i esida. Hozir qadami katta, to‘g‘ri kelmasligi aniq. Sariq bolaning qadami to‘g‘ri keladi. Sariqqa qadamlatadi. Qoravoyga sanatadi. O‘zi xumordan chiqib kuzatadi. Xayoliga darvozadan kirgandagi behining bamaylixotir yonbosh tashlab turishi jazillab urildi. Behining beliga bo‘ynidan osilgan ayron meshning happayib, ikki qo‘l ikki yoqqa, ikki oyoq ikki tomonga tarvayib o‘tirishi qadrdondan qadrdon ko‘rinib ketdi. Ostidagi, otasi tog‘dan ataylab olib kelgan Kattasoy yassitoshining bir joyi badaniga botib ketdi chog‘i bir bilqillab qo‘yganday ham bo‘ldi. Og‘ziga bir tutam shivit tiqilgancha iyak ko‘tarib atrofida sollanishgan ko‘k rayhon, qora rayhonlarga qaraganini aytmaysizmi? Qurg‘ur. Bosh ketgan bo‘lsayam takaligi esidan chiqmay. Kulgisini qistatdi. Kuldirdi.
Erning og‘zini tanobi qochganiga ko‘zi tushgan, shu vaqtgacha uyqusirab kelgan, hamisha o‘zidan xavotirdagi xotin zotining jag‘i ochiladi.
– Hoy, dadasi, nimaga kulayapsiz. Nimaga kulganingizni aytasiz… men ham bilishim kerak. O‘zi boya to‘xtavduk-ku. Bolalarning ko‘ngliga qaramang. Bu turishda qachon yetamiz…
Moshinadan tushib, oyoqlar yerga tegishi bilan bolalarning aytar qo‘shiqlariyam eslaridan chiqadi. Quvalash-quvalash hayqiriqlari dunyoni boshiga ko‘taradi. Bolalik baridan ustun keladi. Begunohlik baridan pesh chiqadi. Bolalikka ayb taqamaydilar. Endi otasi qilgan ishni qilmasa bo‘lmaydi. Bir vaqtlar shunga o‘xshash holatlarda, otasi bolasini suyub ketgan vaqtlar otasi o‘g‘lini quchog‘iga olib, hech kimga ko‘rsatmay, tishlaringni bir ko‘ray qurtlagani bormikan deb og‘zini katta ochtirib tuflab qo‘yardi. Odam ham o‘z bolasini shuncha yaxshi ko‘radimi, degancha, opasi ayuhannos solardi.
Qadim tanish, otasi bir vaqtlar aytgan, ushlab ko‘rsatgan, birda silab qo‘ygan, birda bir chizim ip bilan bog‘lab qo‘ygan, degani deganidek bo‘lib chiqqan otameros og‘riqlar ko‘rsatilgan joylarga beradi, hazillashib turtkilab ham qo‘yadi.
Toshshahar qochib ketmas. Oqibati oshamidan oshmaydigan oshnalarga qo‘shilish qochib ketmas. Bolalarga qo‘shilib o‘ynagani qoladi. Vaqti kelib o‘tgan qaytganda eslarga bir narsa qoladi… Ko‘ngil yo‘l yoqalari tanish xayollarga to‘lishini tusaydi… qumsaydi… silqiydi…to‘lishidan tuyunadi…