Boshlab, hushtagini chalib shamol keldi. Besaranjom to‘zon keyin ko‘tarildi. Jarko‘chani u boshidan bu boshiga hammani hangu mang qilgancha izg‘idi.Har bir daraxtni qo‘ltiqlab, siltab-siltab ko‘rdi. Har bir g‘ovni g‘iqqillatib ochib-yopib, har bir darvozani dangillatib urib ko‘rdi. O‘zini qayerga qo‘yishni, qayerga urishini bilmay Enaning dordagi yoyiqliq kirlari bilan o‘ynashdi.Birini bayroqqilib pirpiratdi, birini uchirib borib shamoldan cho‘chib, pusib yotgan Olaparning boshiga yopdi. Itqo‘rqqanidan sakrab o‘rnidan turdi. Boshiga o‘ralib qolgan lattadan qutilish ilojini topolmadi. O‘zini to‘g‘ri kelgan tomonga urdi. Shamol boshiga latta o‘ralgan itning ahvoliga bir maydon kulimsirab qarab turdi-yu, baribir ko‘ngli to‘lmadi. Qunishib turgan tovuqlarni qo‘noqdan ag‘dardi. Tovuqlar bir-biridan o‘tariga qishloqni boshiga ko‘tarib qaqag‘lashga tushdi. Qani endi tinsa.
Shamolning qishloqda kirmagan teshigiyu, ushlamagan beshigi qolmadi. Barini bir qur, qadimgidek ko‘rib chiqdi. Suv tark etgan Turkariq yelkasidagi tegirmonni ham bir yurgizmoqchi bo‘ldi-yu, shashtidan qaytdi. Odamlar nima deydi?Tentak shamol ekan deydilar. Beqiliqlik obro‘ keltirmagan.
Guli-gulshanhidlarini avval o‘zi yaxshilab quchoqlab, to‘yib olgach, choshlab-choshlab qishloq ko‘chalariga socharkan, barchaning dimog‘ini chog‘qildi. To‘qson kun qishda joyida qimirlamay ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotgan chollar hassaga suyanib ko‘chaga chiqdilar.
Mushuklar tomga chiqib movlashib qoldi.
Yosh-yalanglar hayhotdek Taypoqsoyga sig‘may, o‘zini qo‘yarga joy topolmadi.Shamol ko‘ngillarga quvvat, dillarga shavq, ko‘kayga g‘urur, diydalarga g‘ayrat, aqllarga ishonch bag‘ishlagancha etagini kalta yig‘ishtirib, Oyqor tog‘ tomon parillagancha o‘rladi. Oyqorning asriy muzliklariga to‘shini urib-urib hovuridan tushganday bo‘ldi. Archalarni bir-bir sanadi. Oxirida Otamozorga kelib tindi. Mozorotning biri biriga o‘xshamaydigan qayroq toshlaridagi yozuvlarni o‘qidi. Shamol tilida o‘qidi. O‘qiganini odam tushunmasa-da, shamollar tushunishdi. Uxlab yotgan joylaridan uvillashib bosh ko‘tarishdi. Bir to‘pi ota makon — Afrosiyobdan, bir to‘pi Biynaymandan, bir to‘pi Badbaxtdala, bir to‘pi Ustyurt, bir tutami Axsikent, bir bog‘lami Shohruhiya, bir qatimi Dobusiya, bir bog‘i Mizdomkand, bir qopi Yerqo‘rg‘on, bir uchi Enasoy, bir to‘pi Qalmoqsoydan izillagancha yetib kelishdi. Qirq shamol qirq joydan kelib, bir bo‘ldi. Uchrashgan joylari Otamozor bo‘ldi. Otamozor boshida gir aylanib uvvos solishdi. Bo‘y yetgan sanoqli sakkizta terak avvaliga nima bo‘layotganini anglamayserraydilar. Tushunishgach, chapak chaldilar. Ikki ko‘zli buloqdan uyqusirab oqayotgan suv ham hayajoni zo‘ridan bir to‘xtab oldi. Keyin nafasini o‘nglab parqillab, qaynagan qumg‘ondek vaqillab olamni buzib, to‘rt tegirmon suvni oldiga solgancha g‘ayrat bilan Kattasoyga haydadi…
* * *
Samarqanddagi Xo‘jai Xizr masjidi ayvonidan kun chiqarga qarasangiz, Otamozor ko‘rinadi. Ko‘zi borga albatta. Katta oq salla o‘ragan tog‘ — Oyqor. Oyqorningqori Samarqandga oshiqligidan bir to‘lib, bir kuyib turadi deyishadi. Samarqand Kattatog‘ning suvidan ichadi. OtamozorOyqorning shunday ko‘zi ostidagi kamar. Kamar deb uch tomoni qir bilan o‘ralgan, bir tomoni ochiq joyga aytiladi. Kamarning ochiqqismini og‘zi deyishadi. Og‘zi Samarqandga qaragan. U yerda ikkita mozor,ikki ko‘zli buloq, bitta kattadan katta, qurib qolay-qurib qolay degan, lekinshoxlarining uchidagina sanoqli to‘rtta bargi tirikligini bildirib turadigan yakka terak, sakkizta bo‘y yetgan terak va ular atrofida bir yuz o‘n to‘rtta terakchalar bor. O‘zim sanab chiqqanman. Buni sal keyinroq aytib beraman.
Mozorotlar usti qayroq toshlar bilan ko‘tarilgan. Ko‘k, oq, qora, qizil, yashil… dunyoda necha rang bo‘lsa shuncha tusdagi tosh bor. Birov bittasini joyidan qo‘zg‘atishni xayoliga ham keltirmaydi. Ko‘tarolmaydiyam.Haromning moli toshib, o‘g‘rining o‘roni o‘rmalagan vaqtlarda qaroqchidan battar bittasi tuman rahbariga: “shu joyda shunday toshlar bor, shundan idoraning oldiga chiroyli narsa qilsak sizdan yaxshi ot qolardi”, degan. Rahbar darrov o‘sha odamni bosh, qurilish tashkilotini yonbosh, to‘rtta moshinani ularga qo‘shib, bir to‘da odam bilan o‘sha yoqqa jo‘natgan. Odamlar Otamozor ortidagi Oqtoshdantosh terarkanmiz, deb tushunishgan. Bilishsaki… niyat bo‘lak. Kattalar chiqqan UAZik Otamozor tomon burilganini ko‘rib, o‘zlarini usti ochiq moshindan tashlab, kelgan tomonlariga qaytishgan. Ikkita tosh tashigich moshina shopirlari “moshina buzildi” bahonasi bilan yo‘ldayoq, kapotni ochib, motorni sochib tashlashgan.
Palakatpoyiga ilashib, tekin tomoshadan quruqqolishni istamaydiganlar esa borgan. Ikki o‘ris shopir bilib-bilmay moshinlarini Otamozorning og‘ziga tiragan. Qani endi toshlarni birov ko‘tarsa-yu, moshinga ortsa. U davrlar qo‘l telefon yo‘q. Kattalarga birovni yomon ko‘rsatib yaxshi ko‘rinadiganlardan bittasi UAZikka o‘tirib, hozir buldozer olib kelaman, deb O‘smatga engan. Shu engandan moshin-poshini bilan Quruqsoyning qirrasidan uchgan. Bir shopir tirik qolgan. Uyam yetti oy deganda tili zo‘rg‘a aylanib, ko‘rgan-bilganini birovga aytishga qo‘rqib, ovqatni og‘ziga yeyayotganiga xursand bo‘lganicha, ishini yig‘ishtirgan.
Aytishlaricha, ziyoratgohning biri shijoatli otalar, shavkatli va g‘ayratli bobolardanbirining so‘nggi maskani, biri uning yovqur otining go‘ri emish. Samarqandda uzoq davom etgan qirg‘inbarotdan keyin yovman deganni qiyratib, o‘ziyam, otiyam horib, yarador bo‘lib, shu yerda to‘xtagan, odamlar xabar topib ortidan yetib kelguncha yer ularni bag‘riga olgan. Ikkita go‘r paydo bo‘lgan. Bulutlar yuvib, Oyqortog‘qorlari kafanlikka o‘tgan, deyishadi. Keyin, odamlar har biri bittadan tosh qo‘yishgan deyishadi. Birov Otamozor deydi, birov Otaliq mozor, birov Otmozor. Lekin, men uni Oq kamar deb atagim keladi. Bu yerdagi buloq keyin chiqqan. Teraklar keyin ekilgan. Har bir qavm bittadan terak ekkan deyishadi. Barlos, orlot, nayman, mang‘it, kenagas… Terak bo‘y yetsa kesiladi. Lekin, bu yerdagi terakni birov kesmagan. Kesolmagan ham. Vaqti kelib o‘zi yiqiladi. Selu selova dalayu dashtga olib ketadi. Teraklar shunda talosh bo‘ladi. Birgina teragini tomiga bossa, bu uyga balo kelmasligini birov-birovga aytmasa ham hamma biladi. Selning g‘avg‘osiyu shovqinidan qo‘rqmay hech bo‘lmasa bitta shox olib qolish uchun jonini ayamaydi. Qo‘li tegsa, ushlasa bo‘ldi, o‘shaniki bo‘ladi. Birov ega chiqolmaydi.
Oq kamarga bir vaqtlar yolg‘izoyoq yo‘ldan, tikka jar oralab,tubi ko‘rinmas chag‘at yoqalab boradigan yo‘l bor edi, xolos. Unga ot-ulov boradigan yo‘lni o‘rmon xo‘jaligiga O‘ng‘or otliq insofli, diyonatli odam bosh bo‘lganda solgan. Qirning biqinini yorib yo‘l ochgan. Ikki tarafiga bodom ektirgan. Bodomlar ham qiziq ekan. Bir qarasang, yillab qurib qolgan o‘tinday so‘rrayib turadi, bir qarasang tirjayib gullagancha, boshiga asalarilarni to‘plab, dunyoni buzadi. Oq kamar o‘rmonchilari bir yaxshilik, bir yomonlik ko‘rgan. Yaxshiligini aytdim. Yomonligi ekkanidan yiqitgani ko‘p, otasiniyam tanimaydigan bittasi direktor bo‘lganda, ziyoratgohni chiroyli qilaman degan bahonada ilingan terakni kesib ketgan. Shu-shu rangi chiqmaydi. Tergovini biri tugasa, boshqasiga qatnaydi. Aytishlaricha, necha dona terak kesgan bo‘lsa, shuncha marta so‘roqqa tortilmaguncha bo‘lmasmish. Ishqilib o‘zining umri yetsin emish. Bo‘lmasa, bolalari qatnarmish. Bu gapni eshitgan borki, yoqasini tutadi.
Oq kamarni menga otam tanishtirganlar. Eng esimda qolgani, Oq kamarda terak qolmay qolgan zamonlarda katta otalari jo‘ralari bilan bittadan terak ekkan ekanlar. U teraklar ham yo‘qolib ketgan. Izidan terakchalar chiqqan. Kamarning bag‘rini, chala bo‘lsa-da, to‘ldirib turgan dov-daraxtlar shundan qolgan. Faqat katta otalari ekkan terakkina qurib-qaqshab bo‘lsa-da hanuz turganini, huv boya hikoyamning boshida aytganim, qurigandek ko‘ringan, biroq, uchki shoxlarida bir tutamgina yaproqlari ilinibgina, pir-pirabgina turgan yolg‘iz terak o‘sha ekanligini titroq ovoz bilan tushuntirganlar. Oq kamar teraksiz qolmasligi kerak, qilich tebranib turarkan, dushman tebranolmaydi, qalam ham, dedilar gap oxirida.
Ikkinchi marta katta enam olib borgan. Men ena deb chaqiraman. Katta ena desam uzoqlashib ketgandek bo‘ladilar.
Oqtosh avliyo mozoroti ostidan Kattatog‘ning ming yillik qorlari, dard-quvonchlari bo‘lib sizib chiqayotgan buloq boshida enam bilan birga bo‘laman. Enam zo‘rg‘a yursalar ham bor jonlarini yig‘ib, yo‘l yaqin bo‘lishi uchun to‘g‘ri qabriston oralab buloq bo‘yiga tushadilar. Yo‘lma-yo‘l har bir mozor bilan salomlashib, gaplashib keladilar. Katta otamni boshiga kelib qabr atrofini astoydil tozalagan bo‘ladilar. Katta otam qaytgan, qo‘yilgan 1937 yil bilan bugunning orasini, bugundaqo‘yiladigan joy oralig‘ini qabristondagi mozorlar bilan hisoblagan bo‘ladilar. “Ancha o‘tibdi-da. Shuncha mehmon keb-ketibdi-da”, deydilar o‘zlariga o‘zlari. Ko‘zlari o‘tmasa-da, bir Oyqortoqqa, bir katta otamning mozoriga, bir Dunyotepaga qaraydilar. Hech birini ko‘zlari ilg‘amaydi. Shunda men qo‘ltiqlariga kiraman. Enamning quvvati oshadi. Oyqortog‘ham Dunyotepayam ko‘ngillaridan ko‘tariladi. Eng aziz narsalarini topgandek ko‘zlari quvnab ketadi. Ikki tomchi yosh qaroqlari gardishida g‘iltillagancha aylanadi. Men ko‘rmaganga olaman. Enam meni qo‘ynilariga olib, boshimni hidlab-hidlab kuch yig‘ib oladilar. Otamozor deganda Kattatog‘ni nazarda tutadilar.
Oq kamarga uchinchi marta qanday borib qolganimni bilmayman. Ertalabki choyni odatdagidek enam ikkimiz qildik. Enam aziz mehmonlar kelganda ochiladigan sandig‘idan bor-budini olib dasturxonga to‘kdilar. Mehmon kelsa kerak, deb o‘ylagandim, hech kim kelmadi. Menga turshaklardan ko‘proq yeyishimni, yuragim baquvvat bo‘lishini tayinladilar. Bittasini olib o‘zlariyam shimidilar. Shunda Oq kamarga borgim kep ketaverdi.
“Boring, bolajon, boring. Man qarab turaman” dedilar enam. O‘zim yolg‘iz ketdim. Turkqishloqni teng ikkiga bo‘lib taltayib yotadigan Jarko‘chadan o‘tarkanman, oyoq tovushlarim jarning ikki qirg‘og‘iga urilib, aks sado bergani o‘zimga eshitildi. Qanotlarida katta-katta ko‘zlari bor kapalakni quvgancha, u bilan o‘ynagancha Jarko‘chadan chiqib, Mushukjardan o‘tib, Kamar og‘ziga kelib qolgandik. Kamar esnagancha og‘zini ochdiyu, qayta yopolmadi. Esidan chiqib ketdi. Avval qadim terakning eng tepadagi ko‘zlari kuldi. Xursand bo‘lganini bildirib, ko‘zlarini qisib-qisib qo‘ydi. Men ham. Cho‘ltoqqo‘llaridan uyalib yashirmoqchi bo‘lgandi, eplolmadi. Kapalak yo‘l boshlardi. Ungadarrov ot qo‘ydim. Ko‘z kapalak.Kapalak men bilan kurash tushdi. Bilmay qoldim, shamol ikkovi birlashib ko‘tarib urdi. Tuproq bilan teng bo‘lib yiqildim. Osmon ostimizda qoldi. Keyin burnimga bir qo‘nib, yana qochdi. Kapalak hidini bilib qoldim. Kapalak gullardan gullarga qo‘nib qochdi. Gullar shamolga qo‘shilib tog‘-toshga salom berdilar. Xonqizi tizzamga bosh urdi. Qo‘limga olib “Otang cho‘lda, Enang qirda”, devdim o‘rtancha barmog‘im uchiga pildirab kelgancha qanotlarini bir maydon ochib turdida, uchdi-da ketdi. Keyin, opam yoz bo‘yi sariyog‘ yig‘adigan qo‘yni qorniday keladigan katta, oppoq tosh ustiga kelib qo‘ndi. Toshni dast ko‘tardim. Hu-hulab boshim uzra aylantirdim. Shunda Oyqor ortidan tizgindagi qo‘shindek qorayib bulut bostirib kela boshladi. Kelishi dunyoni buzgudek, qor-yomg‘ir aralash kelardi. Qo‘rqmadim. Toshni avaylab joyiga qo‘ydim. Bulut bulutday tarqab ketdi.
Kapalak terakni aylanib qochdi. Men quvdim. Terakka qo‘limni tekkizib, terakni quchoqlab, terakni himo qilib quvdim. Gir aylanib quvdim. Terakning uchlaridagi barglar deb noto‘g‘ri aytgan ekanman, ular osmonga yetgan, osmonga qo‘shilib ketgan barglar ekan. Shunda kapalak kapalak emasligini bildim. Shu payt terakning boshi aylanib ketdi. Avval qarsillagan ovoz chiqdi. Keyin to‘rtga bo‘linib birin-ketin osmondan tushib kelishdi. To‘g‘ri terakchalar tugagan maydondagi, adog‘dagi soyga kelib tushdi. Shunda shamolning qo‘llarini ko‘rib qoldim. Shamol ularni to‘rtga bo‘lib, birma-bir soyga taxladi. Birorta terakka zarar yetmadi. Ularni qir ustidankuzatib turdim.Meni qir ustiga shamolmi yo kapalak chiqarib qo‘yuvdiyov.
Bulutlar orasidan yerga quyosh nuri tushdi. Oppoqyo‘lak ochildi. Zinasi bo‘lmasa-da, yo‘lakdan osmonga chiqib ketgudek edi. Yo‘lak Jarko‘chani boshigacha kuzatib keldi. Qorayib kelayotgan bulutdan qo‘rqmasin, dedi shekilli. Birov ko‘rmasin, deb ko‘cha boshida lip-lip etib xayrlashdi-da, zum o‘tmay Oyqordan oshib ketdi. Otamozor — Oq kamardan qaytar ekanman enam g‘ov oldida hassalariga tayangancha tik oyoqda turardilar. Hayron bo‘ldim. Kimni kutib turgan ekanlar.
— Ha, otajon, yaxshi keldingizmi, — dedilar, qarslarining uchi bilan bilan ko‘z yoshlarini qayta-qayta artarkanlar. — Sizni kutib turuvdim.
Shu kecha tush ko‘rdim. Oq kamar g‘ij-g‘ij terakchalarga to‘lganmish. Terakchalarning bittasi men emishman. Shamol kelib qulog‘imizdan tortib-tortib qo‘yarmish. Biqinimizniqitiqlab-qitiqlab, yumshoq joyimizdan chimchib-chimchib qo‘yarmish. Bir-biringga qarab, bir-biringni suyab o‘ssang, odam bo‘lasan, bir-biringga soya tashlasang, ko‘karmaysan, go‘ram bo‘lmaysan, qadim teraklaryo‘l berdilar, dermish…
Betimni shosha-pisha yuvib, enamga salom beraman. Keyin ko‘chadan yugurib kelaman-da,bir irg‘ib molxona tomiga chiqaman. Undan uy tomiga. Tushim o‘ngidan keldimi, deb Oq kamarga qarayman. Tomlar usti endi yetib kelgan qaldirg‘ochlarday chug‘urlashgan bolalarga, kamar teraklarga to‘la bo‘ladi. Har biri bir qirday ko‘rinadi. Har biri qilichday tebranadi. Osmonganayzadek intilgan bo‘ladi. Hech kimdan kam emasligini pastu balandga ko‘z-ko‘z qiladi. Bu tush bo‘lmaydi.
Tanish shamol hurillab keladi. Joy qurigandek, sholvorimni qaqragan joyidan kirib ninalarini sanchib-sanchib o‘ynashadi. Shamolni so‘kmaydilar. Qattiqham gapirmaydilar. Qizlarning qirq kokiliga qirq shamol osilgan bo‘larmish. Shamol ketganlarning ohi, kelarlarning nafasi emish. Enam shunday degan. Bu haqda boshqa safar aytib berarman.
Terakchalardan biri ichikkan go‘dakdek, biri otalarining gunohini bo‘yniga olgandek ma’yus, birido‘stga zordek giryon, biri do‘stidan kuygandek garang, biri hiylagar do‘st ko‘zidek yaltirab, biri murdadil o‘rtoqdek sovuqdan sovuq, biri jonbotin jo‘radek botin, biri tomoshatalab yo‘lovchidek merovlanab, biri qilich ko‘targan askardek ziyrak, biri shu joyda ko‘karganidan ko‘ksi baland, shu makon uchun jonfidoligi yuz-ko‘zidan bilinadigan ko‘ngillardek sokin, ming-mingi elning og‘ir-engilini yelkasiga olishga tayyor jo‘marddek mag‘rur, biri yer bilan osmonni yoqasini bir qilib tutamlab uradigan bahodirdek g‘ayratli, biri barchani hisob-kitobini qilib kuzatayotgan qattiqqo‘l oqsoqoldek ko‘rinardi…
Shamollar ekib ketgan son-sanoqsiz teraklar boshida ne-ne xayollar, ne-ne niyatlar bor edi. Shular ichidan birini yoqtirib qolaman va mening teragim deb tanlayman. Xuddi oqshomlari jo‘ralar bilan Dunyotepaga chiqib yulduz tanlagandek.
Terak qo‘lini silkib, salom beradi. Qadim jo‘ramni topgandek quvonaman. Yosh bolayam xursand bo‘lsa ko‘zidan yosh chiqib ketarkan. Birov ko‘rmasin deb darrov artdim.