Ular daryodan o‘tib olganlaridanoq chek-chegarasi yo‘q sahroga duch keldilar. Hozirgina qo‘lbola solda vahimali daryo bilan olisha-olisha qirg‘oqqa qadam qo‘yganlarida yelkadan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortgan bo‘lishsa-da, biroq lop etib paydo bo‘lgan tushuniksiz, daryodan-da vahshatli bu sarg‘ish-qoramtir, tikkaygan buta ham ko‘zga tashlanmaydigan, kimsasiz kenglik oldida shunchalik ojiz va g‘arib edilarki, asov daryoning tug‘yonlarini yenga olganlari tufayli qalblarida paydo bo‘lgan muzaffarona masrurlik shamolga sochilgan kuldek bir zumda tarqab ketdi. Ularning oldini bahaybatligidan narigi qirg‘og‘i zo‘rg‘a ko‘zga ilinadigan, bo‘g‘izlangan jonivorning so‘nggi tomchi qoni yanglig‘ quyuq va bo‘tana suvi qaynab, yaqinlashishga jur’at topa olgan har qanday jonzotni bir zumda o‘z komiga tortmoqqa tayyor bo‘lib oqayotgan tuganmas suv to‘sganida ham bu yanglig‘ sarosimaga tushib qolmagan edilar. To‘g‘ri, o‘shanda daryo ularning olisdan-olis, sirli va mashaqqatli yo‘llarida go‘yoki so‘nggi bir sinov, shundan
eson-omon o‘ta olsalar, bu yog‘i manzillariga yetishlariga ishonishardi. Shu ishonch har ikkalalariga ham dalda bo‘lib ulkan daryodan sog‘-omon olib chiqqan edi. Endi esa…
…O‘shanda, otlari bor paytda qaroqchilar qo‘lidan eson-omon qutilib, ular ta’qib qilmayotganiga ishongan lahzalarida, nega ortga qaytishga ko‘na qolmadiykan. Unda hali kech emas edi. Bir-ikki kun yurganlarida yaqin qishloqqa yetib borgan, qishloqdagilar bularning kimligini bilgan zahoti ot-ulov berib uylariga eson-omon qaytarib yuborgan, agar shunday qilganida hozirgi mashaqqatlarga duch kelmagan, hayoti esa o‘zi o‘rganib qolgan o‘sha eski maromida ketavergan, xo‘jayinning o‘tinini yorib, suvini tashib, bersa yeb, bermasa chalaqursoqligiga ham shukr qilib yuravergan bo‘larmidi. Endi esa kech… Demak, u tanlagan yo‘lning mashaqqati to mahshar qadar tuganmas ekan-da…
Shom qo‘nayotgan edi. Quyosh qirmiz kosasini asta-sekinlik bilan bo‘tana suvga botira boshladi. Ikkalasi bir tomoni xun yanglig‘ qip-qizarib jilvalanayotgan daryo, bir tomoni kuyib, qovjirab ketgan qoramtir mallarang qumtepalar orasida serrayib turib qolishdi.
– Men och qoldim, – dedi Jilva begim, qora qo‘ng‘iroq sochlaridan loyqa tomchilarni siqib chiqarar ekan, bir paytlar malikalarga xos bo‘lgan, ammo, hozir bir uyum uvadaga aylangan ko‘ylagini tekislashga harakat qilayotib, amirona qo‘shib qo‘ydi: – Biron yegulik topib kelsang-chi!
Nurgeldining o‘zi ham och edi. Ammo uning miyasida g‘ujg‘on o‘ynayotgan xayollar hozir ochlikni his qilishga imkon bermasdi. Shu sabab kimsasiz sahroda mavqelari tenglashib qolgan, hattoki, taqdiri o‘z qulining tadbirkorligiga va odamgarchiligiga (to‘g‘ri-da, hozir Nurgeldi, bor-e desayu, o‘zi boshi oqqan tomonga ketsa kimsasiz sahroda uni kim ham qutqarib qolardi?) bog‘liq bo‘lib qolganida ham o‘z hukmfarmoligini o‘tkazishga urinayotgan begimga g‘azabli nigoh tashladi. O‘girilib daryo qirg‘og‘i tomon yurib ketdi. Bir tomoni suvga botib turgan kattaligi sandiqdek keladigan toshga o‘tirgancha yana botayotgan quyosh nurlarida qizg‘ish tovlanayotgan daryoga termulgancha sukutga cho‘mdi.
– Menga qara, Nur, senga aytyapman! – Jilva begimnig fig‘oni falakka chiqdi. – Nega indamaysan qulog‘ing karmi?!
Nurgeldi sekin o‘girilib begimga o‘qdek nigohini qadadi.
– Qulog‘im kar emas, begim. Ammo yeyishga ham hech vaqo yo‘q. Buni tushunishingiz kerak.
– Tushunishni istamayman! – Qaysarlik qilardi begim. – Sen mening buyrug‘imni bajarishing kerak! Bo‘lmasa… – U birdan o‘zining qayerdaligini eslab, tutilib qoldi.
– Aytavering, begim, bo‘lmasa nima qilmoqchisiz?
– Seni… Seni… – Begimning g‘azabdan tili kalimaga kelmay qolardi, – Seni kaltaklataman! Keyin zindonga tashlataman!
Kutilmaganda Nurgeldi xoxolab yubordi. Uvada yaktagining ostidan bo‘rtib turgan keng ko‘kraklari silkinib-silkinib kulardi.
– Kimga kaltaklatasiz? Zindonni qayerdan topasiz? – zaharxanda qildi yigit.
Begim ming g‘azablansin, ammo o‘zini tiyib turishga majbur ekanligini, bu ishni amalga oshirish uchun hali Arkka yetib borishi lozimligini, agar shu qulvachcha uni manzilga olib bormasa, bir o‘zi ikki dunyoda ham yeta olmasligini o‘ylab, g‘azabini bosishga majburligidan beixtiyor tishlarini g‘ijirlatsa-da indamadi. Jim turaverdi.
Ular ikkinchi tunni ham och o‘tkazdilar.
Ertalab. Quyosh hali yuz ko‘rsatmagan esa-da, atrof yorishib ulgurgan, ulkan daryo ham endi tundagidek sirli va mudhish pishillamas, sokin, ba’zan ko‘pirib oqardi. Olisda quyoshning zarrin tojlari orasidan ko‘m-ko‘k orolcha elas-elas ko‘zga tashlanar, tinimsiz o‘ziga chorlardi. Jilva begim negadir shu orolchaga borishni va butun umr shu yerda qolib ketishni istadi. Keyin xayolini kutilmaganda qaroqchidek bosib olgan bu istakni quvish uchun ko‘zlarini yumib oldi. Birozdan so‘ng ko‘zini ochib ko‘karib kelayotgan osmonga termuldi.
O‘rnidan turmoqchi bo‘lganida ustiga yopib qo‘yilgan Nurgeldining uvada choponiga ko‘zi tushib ajablandi…
… – Jilva, – dedi bir kuni o‘smirlikdan yigitlik pallasiga o‘tib, iyaklari va lablari ustini mayin mo‘y qoplashga ulgurgan amakivachchasi Mengli unga g‘alati nazar tashlarkan, – senda bir gapim bor edi.
O‘n to‘rtga kirib anchagina durkun qizaloq bo‘lib yetishgan Jilva begimning ham yuragi orziqib ketdi.
– Ne gaping bor, og‘a?
Menglining ko‘zlari chaqnadi, ammo tili kalimaga kelmadi.
– Gapingni unutib qo‘ydingmi, og‘a? Nega gapim bor deysan-u, lekin gapirmaysan?
– Men… men seni olib qochib ketmoqchiman!
– Qay tomonga, og‘a? Nega?
Menglining peshonasini sovuq ter qopladi.
– Amakim seni menga bermaydi. Shuning uchun ham olib qochaman!
Jilva begim bechora yigitchaning qaltirab turishidan avji keldi. Kulgisi qistadi. Bolalikdan birga o‘ynab katta bo‘lishganidanmi, Menglini sodda, biroz dovdirroq, jur’atsizgina bola deb bilardi. Nahotki, u shunchalar o‘zgargan bo‘lsa-ya…
– Men rozi bo‘lmasam-chi? Unda qanday olib qochasan?
– Ne uchun rozi bo‘lmaysan? Axir amakim seni amirga cho‘ri qilib bermoqchi bo‘lib yuribdi-ku!
Qiz qiqirlab kulib yubordi. Bundan Mengli battarroq sarosimaga tushdi.
– Bilsang, og‘a, meni amirga cho‘ri emas malika qilib bermoqchi otam. Men malika bo‘lishni xohlayman. Sening is bosgan qora uyingda chilik yigirib, kigiz bostirib yurgandan ko‘ra, Amirning saroyida zarga ko‘milib yurganim yaxshi emasmi?
– Jilva…
Qiz uning mo‘ltirab turgan ko‘zlariga qarab turib kulgisi qistaganini bildirmaslik uchun o‘girilgancha chopib ketdi.
Mengli yig‘lab yuborgandi o‘shanda…
… Nurgeldining qorasi ko‘rindi. U ko‘tarilayotgan quyoshni to‘sgancha yirik laqqa baliqni yelkalab kelardi. Jilva begimning yoniga kelganida yukini yerga qo‘ydi. Baliqning qorni yorilib ichak-chavog‘i olib tashlangan bo‘lsa-da, shundayligicha ham bir pud tosh bosardi. Nurgeldi indamay baliqni tilkalay boshladi.
– Qayerdan ushlading buni, Nur? – Jilva begim kechagi dilxiralikni unutib unga birinchi bo‘lib so‘z qotdi.
– Nariroqdagi ko‘lmakdan, – Nurgeldi ishdan boshini ko‘tarmay javob qaytardi.
– U yerda baliq borligini qanday bilding? – qiziqishini qo‘ymasdi begim.
– Tongga yaqin suv shalopladi. Shuning tovushiga qarab boraverdim. Daryo toshganida suv qirg‘oqqa chiqib bir chuqurlikni to‘ldirgan ekan. Suv qaytganidan keyin u yer ko‘lmak bo‘lib qolibdi. Endi esa ko‘lmakda suv quriy boshlaganidan laqqa daryoga o‘tib olish uchun sakrayotgan ekan. Zo‘rg‘a ushlab oldim.
– Buni xomligicha yeymizmi?
– Pishirib yeymiz, begim.
– Qanday pishiramiz?
Nurgeldi indamadi. Baliq bo‘laklarini tosh ustiga tartib bilan terib chiqa boshladi.
– Aytsang-chi axir, qanday pishiramiz? – sabrsizlanardi Jilva begim.
– Agar pishirilgan baliqni yemoqchi bo‘lsangiz, borib shox-shabbalarni terib keling, ungacha men olov yoqishga harakat qilaman.
– Men-a?!
– Sizdan boshqa bekor o‘tirgan biror kishi yo‘q-ku, bu yerda!
– Sen… sen menga ish buyuryapsanmi, hali?! – Begimning jahldan chiroyli to‘garak yuzi qiyshayib ketdi.
– Buyurayotganim yo‘q, begim. Pishirilgan baliqni yemoqchi bo‘lsangiz, o‘tin terib kelishingizga to‘g‘ri keladi.
– Sen-chi, sen o‘zing ham yeysan-ku!
– Menga xomi ham bo‘laveradi. Axir men qulman-ku! – Nurgeldi shunday degancha bir bo‘lak xom baliqni og‘ziga tashladi. – Pishganidan ko‘ra xomi mazali buning.
– Yovvoyi! – tishlarining orasidan shivirladi Jilva begim nafrat bilan va daryo chiqarib tashlagan shox-shabbalarni terish uchun istar-istamas o‘rnidan turdi.
Nurgeldi Beshim oqsoqol xonadoniga qachon kelganini eslay olmaydi, ammo shu yillar davomida birinchi marta xo‘jayini ustidan zafar quchganidan qalbida allaqanday iftixor tuydi. To‘g‘ri-da, dag‘dag‘ali oqsoqolning shaddod qiziga ish buyura oldi. Buning ustiga buyrug‘ini bajarishga majbur qilishga ham o‘zida kuch topdi!
…Karvon ertalabdan yo‘lga tushgan bo‘lsa-da, qosh qoraya boshlaganda ham Sandiqli qumidagi Toshquduqqa yetib kela olmasdi. Avval rejalashtirilganidek, mahobatli karvon shu quduq yonida oyoq ilishi va tunni shu yerda o‘tkazib, ertalab yo‘lga chiqishi kerak edi. Lekin mo‘ljalni noto‘g‘ri olishganidanmi, yo sekin yurishganidanmi, quduqqa o‘z vaqtida yetib kela olishmadi. Quyosh ham qizarib-bo‘zarib bota boshladi. Hamon quduqdan darak yo‘q. Oxir-oqibat Abdurayim oftobachining sabri to‘ldi shekilli, karvonning oldida qora to‘riq otini yo‘rttirib borayotgan Sarbonga qoshini chimirib yaqinlashdi. Oftobachi sinalmagan bir kimsani karvonga yo‘lboshlovchilikka tayinlaganidan o‘kina boshlagan edi. Aslida kelgan yo‘llaridan qaytmoqchi edilar. Biroq yo‘lga tushganlaridan so‘ng bu kimsa kelib, yaqin yo‘lni bilishini, o‘sha yo‘ldan yursalar Buxoroga qariyb ikki hafta oldin yetib borishlarini aytib ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi. Aslida har bitta qadamini o‘ylab bosadigan, shuning uchun ham birin- ketin taxtga o‘tirgan uch
ta amir davrida ham yuksak mavqeini boy bermay kelayotgan oftobachi uning gapiga laqqa tushib o‘tiribdi. Endi esa yo‘lning anchagina qismini bosib o‘tgandan keyin, qarorini bekor qilib, yana ortga qaytishga yuragi betlamadi. Bu kimsaning hatto otini ham bilmaydi. «Sarbon» esa albatta laqabi bo‘lsa kerak…
– Bu qanaqasi bo‘ldi, Sarbon, quduqqa peshin namoziga qadar yetishimiz kerak edi-ku?
Sarbonning bir-biriga nomutanosib yuzlari burishdi. Chap ko‘zi o‘ngiga qaraganda qisiqroq bo‘lganidan g‘ilaysifat ko‘rinadigan, engagidagi nechta tukdan iboratligini xatto sanasa bo‘ladigan darajada siyrak cho‘qqi soqolining gapirganda silkinib turishidan pixini yorgan tullak odam, degan taassurot uyg‘otar, ammo, yirik o‘ng ko‘zidagi jiddiy nigoh uning ko‘pni ko‘rgan mulohazali va boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qo‘ymaydigan qat’iyatli ekanligidan darak berib turardi.
– Biz sal sekinroq yurganimizdan vaqtida yetib kela olmadik, aybdorman, oftobachi janoblari.
Xatosini tan olib turgan karvonboshini yana koyish, oftobachining fe’liga to‘g‘ri kelmasa-da, noroziligini ichiga ham yutib keta olmasdi.
– O‘zimiz bilgan yo‘ldan yursak yaxshiroq bo‘lardi. Bir-ikki hafta keyin bo‘lsa-da bexavotir yetib olgan bo‘lardik. Bu yo‘lni sizdan boshqa hech kim bilmaydi. Shuning uchun ham, siz barchasiga javob berasiz! Tushundingizmi, Sarbon?
– Bosh ustiga, oftobachi janoblari.
Sarbon osmonga bir qarab qo‘yib, yana otini yo‘rttirib ketdi.
Bu paytda Nurgeldi amirning shohona soyabon aravasida o‘zining joriyasi va kanizlari bilan ketayotgan Jilva begimning ortida piyoda kelardi. Beshim oqsoqol amirning ishonchli amaldorlaridan bo‘lgan va Jilva begimga tojdor kuyovdan sovchilikka kelgan Abdurayim oftobachi boshchiligidagi karvonni as’asayu dabdaba bilan kutib oldi va bir hafta to‘y qilib, yedirib-ichirdi. Keyin Buxoroga qaytishlarida kelinning sepi deya o‘n aravani sandig‘u sandiqchalar bilan to‘ldirib jiyani Mengli boshchiligida qirq yigit va yana shuncha qulni aravalarni kuzatib manziliga eson-omon yetkazish uchun karvonga qo‘shib jo‘natdi. Nurgeldi shu qullar safida, Jilva begimning xos g‘ulomi sifatida edi. U yo‘lga chiqayotganida xo‘jayin Beshim oqsoqol unga qaytib kelish to‘g‘risida hech qanaqa topshiriq bermagan, bundan kelib chiqardiki, agar begim unga «qol» desa, amirning haramida qolishga majbur bo‘lardi. Omadi kelmay begim unga qolishni buyuradigan bo‘lsa, haramda xizmat qiladigan qullar tsingari o‘zining bichilishini bilar va shundan q
attiq qo‘rqardi. U kunu tun Xudoga yolvorib begimning ko‘ngliga insof tilar va uni olib qolish jahdidan qaytarishni yalinib-yolvorib so‘rardi.
Kun qorong‘ilashib, osmonda ilk yulduzlar miltiray boshladi hamki, hamon va’da qilingan quduqdan darak yo‘q edi. Shu payt kichikroq barxanni aylanib o‘tayotganlarida olisdan gulxanning miltillagan shu’lasi ko‘rindi. Sarbon buni ko‘rganidan keyin otini yo‘rttirib Oftobachining oldiga keldi va gulxanga ishora qildi.
– Oftobachi janoblari, gulxan shu’lasini ilg‘adingizmi, bu o‘sha quduq bo‘lishi kerak. U yerda bizdan boshqa ham yo‘lovchilar bo‘lsalar kerakki, gulxan yoqmoqdalar.
– Balki, boshqa kimsalardir? Men yo‘llarda qaroqchilar ko‘pligi haqida eshitgan edim. – Abdurayim oftobachi negadir sarbonning nomutanosib yuzlariga ishonchsizlik bilan qaradi.
– Oftobachi janoblari, bul kimsasiz sahroda qaroqchilar ne qilsin. Men oldin ham bu yo‘ldan bir necha marta o‘tganman, hali biron yerda qaroqchiga duch kelmaganman. – Negadir karvonboshi oftobachini ishontirishga urinardi.
– Ne bo‘lganida ham, ehtiyot bo‘lganimiz ma’qul. – Oftobachi ortiga o‘girilib amir sarbozlarini sardori Hakimbekka yuzlandi. Chamasi u hamon Sarbonga ishonmasdi. – Sardor, siz sarbozlaringiz bilan oldinga o‘ting. Ortdagi aravalar bilan zaifalarni Menglining yigitlari qo‘riqlasinlar.
– Xo‘p bo‘ladi, oftobachi janoblari, – Hakimbek harbiylarga xos boshini sal egib ta’zim qildi-da sarbozlari tomonga otini yo‘rttirdi. Sarbozlar bir zumda jangovar holatga kelib, karvonning oldiga o‘tib yoysimon saf tortdilar. Menglining chavandozlari ham aravalar safini o‘rab oldilar. Mash’ala yoqish taraddudiga tushgan karvonboshini Abdurayim oftobachi to‘xtatdi.
– O‘zimizni elburutdan bildirib qo‘yish yaramaydi, Sarbon.
Karvonboshi oftobachining ehtiyotkorligidan ijirg‘angancha, mash’alani o‘chirib, otini yo‘rttirib oldinga o‘tmoqchi edi yana oftobachi qarshilik qildi.
– Sarbon, oldinda sarbozlar borishadi. Siz biz bilan yuravering.
Karvon ehtiyotlik ila yana oldinga siljiy boshladi.
Nurgeldi karvonda allaqanday bezovtalik boshlanganini ko‘rib, oldin nima gapligini tushunmadi. Keyin Menglining yigitlari gap-so‘zlariga qarab qaroqchilar hujum qilishi mumkinligini sezib o‘zi ham hovliqib qoldi. Bu cheki-chegarasi yo‘q sahroda agar qaroqchilar hujum qiladigan bo‘lsa, jonini qanday saqlab qoladi? Qul bo‘lsa ham baribir jon shirin. U bezovtalanib yon atrofiga nazar soldi. Navkarlar jiddiylik va sergaklik bilan borishardi. Uning o‘zi qatori qullar esa boshlarini quyi solgancha aravalar ortidan sudralishar, ammo ba’zan ko‘zlari olazarak yiltillab qo‘yardi. Demak, ular ham o‘z terisining tashvishiga tushib qolishgan. U xavfu xatar oldida o‘zining yolg‘iz emasligini ko‘rib biroz yuragini bosib oldi. «Ko‘pga kelgan to‘y, bular nima bo‘lsa men ham shu-da».
Karvon gulxanga yaqinlashganida shuncha tashvishlangani bekor bo‘lib chiqdi. Toshquduq yonida yigirma chog‘li kishi gulxan atrofida suhbatlashib o‘tirishardi. Chamasi bunaqa yo‘lovchilarni ko‘raverib ko‘zlari pishib ketganidan bo‘lsa kerak, karvonni ko‘rib ham ular pinaklarini buzishmadi. Nihoyat qurollangan sarbozlarni ilg‘aganlaridan keyin ular o‘rinlaridan turishdi.
Ular ham Buxoroga borishayotgan ekan. Oftobachi ularni rosa so‘roq qilib, shubhaliroq narsa topa olmaganidan keyin, shu yerda tunab qolishga buyruq berdi. Birozdan keyin toshquduq atrofida o‘nlab gulxanlar yoqildi. Quritilgan go‘sht solingan qozonlar gulxanga qo‘yilib, ishtahani qitiqlaydigan sho‘rva hidi tungi sahroning iliq havosida suza boshladi.
Kun buyi jazirama sahroda yo‘l bosib charchagan yo‘lovchilar, toshquduqning muzdek suvidan qonib ichib mazali sho‘rvadan qorinlarini to‘ydirib olgach mizg‘iy boshladilar. Shunda birdan qiyomat qo‘pdi…
…Nurgeldi qo‘ynidagi chaqmoqtoshni olib, choponining astari ostidan chiqib turgan paxtadan uzib oldida toshni bir-biriga urib uchqun chiqardi. Tutab turgan paxtani kuh-kuhlab o‘t oldirdi va ustiga bir siqim xas tashladi. Xashak xurr etib yonib ketdi. Nurgeldi uning ustiga kichik-kichik shoxchalarni tashlab gulxanni kattalashtira boshladi. Jilva begim olib kelgan bir quchoq o‘tinini yerga qo‘yib, Nurbeldining ishini kuzata boshladi. Yigit yo‘g‘onroq shoxlarni olovga tartib bilan terib chiqqach, ustiga choynakdan sal kattaroq yapasqi toshni qo‘yib unga baliq bo‘laklarini tera boshladi. Oradan chorak soat o‘tmay ular pishgan baliqlarni ishtaha bilan tushirishardi.
– Nur, endi buyog‘iga nima qilamiz?, – Jilva begim baliqning qiltanog‘ini go‘shtidan ajratarkan, Nurgeldiga umid bilan termuldi. – Bu sahrodan qanday o‘tib olarkanmiz, a?
– Bu yog‘ini peshonangizdan ko‘rasiz, begim. Peshonangizda bor bo‘lsa, bir amallab Buxoroga yetib olarmiz.
– Nega bunaqa deyapsan, Nur? Sening peshonang-chi, nima, bu yo‘lning senga aloqasi yo‘qmi?
– Men qulman, begim. Shu yerda sahroda qovjirab o‘lib ketamanmi, yo xo‘jayinning qamchisining ostida o‘lamanmi, buning farqi yo‘q.
Jilva begim uning jo‘rttaga qo‘rslik qilayotganini, lekin o‘zi ham sahroni qanday kesib o‘tish to‘g‘risida o‘ylayotganini tushunib turardi.
– Menga qara, to‘g‘risini ayt, sen nega men bilan birga yuribsan? Hozir meni tashlab o‘zing hohlagan joyingga ketaverishing mumkin-ku, to‘g‘rimi? Nega sen ketmayapsan? Agar shunday qilsang, xo‘jayindan qutularding. O‘zing orzu qilgan ozodlikka ham erisharding?
Nurgeldi indamay ko‘zlarini yerga tikdi. U shuni o‘ylamaganmidi. Shu to‘g‘rida o‘ylamagan biron daqiqasi bormi o‘zi uning. Bugun tongda ham u ko‘lmakni baliq shaloplashi tovushidan topgani yo‘q-ku, axir. U uxlab yotgan begimning ustiga choponini tashlab, o‘zi esa boshi oqqan tomonga ketmoqchi emasmidi.
Shunda ko‘lmakda shaloplayotgan baliqni ko‘rib qolib, fikridan qaytdi. Begimning ikki kundan beri tuz totmayotgani esiga kelib, kimsasiz sahroda zaifani och va yolg‘iz tashlab ketishga ahd qilganidan uyalib ketdi va baliqni ko‘tarib ortiga qaytdi. O‘zi butun umr orzu qilgan ozodligiga erishishiga bir necha qadam qolganida, ortga chekingani uchun asabi buzilib turgan edi. Shuning uchun ham begimni o‘tin terishga majbur qilmadimi…
…O‘shanda uning butun vujudini g‘azab, nafrat, alam va xo‘rlikning aralashmasidan bino bo‘lgan g‘alati bir isyon butkul qoplab olgan edi. O‘n to‘rtga kirib labining ustini ilk bahorda bosh ko‘targan maysadek mayin mo‘y qoplay boshlagan, bo‘yi cho‘zilib, bilagiga quvvat inib qolgan pallalar edi. Shomda oqsoqolning suruvini qo‘raga qamagach, o‘zining tegishi bo‘lgan obiyovg‘ondan quruq qolmaslik uchun qullar uchun taom pishiriladigan o‘choqxonaga yo‘rtayotganida oqsoqolga duch kelib qoldi. Beshim oqsoqol negadir tund edi. Bir u emas, ichki hovlidagi barcha xotin-xalaju bola-baqraning barisining qiyofasidan zahar tomardi. Oqsoqol unga burgut qarash qildi. Bolaning tizzasi qaltirab, hatto salom berishga ham holi qolmay duduqlanib qoldi.
– Hoy, yetimak, nechun salom bermaysan?! – o‘shqirdi u. Shu payt qayerdandir qo‘lida qamchi paydo bo‘ldi. – Erganja it emganning haromisi, sening ham boshingni sapchadek uzib tashlash kerak!
Takaning terisidan tilib to‘qilgan qamchining qattiq arqog‘i, ko‘zlari allanechuk g‘ayritabiiy g‘azabdan xonasidan soqqadek otilib chiqadigan darajada baqraygan, cho‘girmasi qiyshayib ketgan boshi ustidan bir aylanib bolaning bo‘yni aralash chakkasiga zarb bilan urilib uzun qontalash iz hosil qildi. Nurgeldi yuzini kaftlari bilan to‘sib, munkirkan, oqsoqolning g‘azabdan titrayotgan taka soqoliga ko‘zi tushdi. Shunda negadir uning shu soqolidan changallab turib bo‘g‘ziga pichoq tortishni, tizillab oqayotgan qonga qo‘lini yuvgisi kelib ketdi. Bu istak shunchalar kuchli ediki, ustma-ust tushayotgan qamchi zarblari ham kor qilmas, ojiz bo‘zdan tikilib, uzzukun oftob tig‘ida yurganidan hilvirab qolgan guppisi tilka-tilka bo‘lib uchayotgani, qonga belanayotganini his qilmas, negadir og‘riqni unutgan, faqatgina xomsemiz oqsoqolning har zarbdan keyin harsillashinigina eshitardi. Og‘zida qon ta’mi o‘tirib qolgan, ko‘zlari oldida esa kesilgan boshdan oqayotgan qon qotib qolgandi.
Keyin quturgan oqsoqolning qo‘lidan Ayoz chol bilan Nusrat chopib kelib ajratib olishganini elas-elas ko‘rdi. O‘sha kecha Oqsoqolning to‘qsondan oshgan onasi jon berganini bildi. Shungacha u qismati shu ekaniga ishonib kelgan, dashtda qo‘y boqib, oqshom chog‘i o‘ziga yetgan zarang kosadagi obi yovgonni ishtaha bilan tushirib yuravergan edi. O‘sha qamchilangan oqshom uning yuragiga isyon kelib o‘rnashdi. Bolaligi tugab, mashaqqatli va zahardan-da achchiq hayoti boshlangan kun bo‘lib xotirasiga o‘rnashdi…
– Siz mening ozodlikni orzu qilishimni qayerdan bilasiz? Balki shu hayotimdan boshqa narsani orzu ham qilmasman?
– Yo‘q. Men aniq bilaman, sen ozodlik istaysan. Ba’zan ko‘zlaring yovvoyi mushuknikidek yaltirab ketadi. Shunaqa paytda men sendan qo‘rqaman!
– Siz-a? Nahotki sizdek oliynasab begim, tagi past quldan qo‘rqsangiz! Buni boshqa birovga aytsangiz ustingizdan kulishadi.
Jilva begim nigohlarini daryo tomonga burib sukutga toldi. O‘sha tunda qo‘llarini qayirib, tagiga bosib olayotgan qaroqchiga tashlanib ko‘ksiga pichoq sanchgan Nurgeldining ko‘zlaridan yovvoyi va sovuq alanga sachragan pallani hamon ko‘z o‘ngidan uzoqlashtira olmasdi…
…Qayerdandir paydo bo‘lgan qora kiyimli kishilar mudroq sarbozlarni ayovsiz qilichdan o‘tkaza boshladilar. Ular shafqatsiz va sovuqqonlik bilan o‘zlarining qonli ishlarini aniq bajarardilar. Bir zumda sahroni xotinlarning uvvosi bilan yaradorlarning ingroqlari tutib ketdi.
Nurgeldi bu dahshatli go‘sht qiymalagichdan qanday omon chiqqanini haligacha ham tushuna olmaydi. U Jilva begim o‘z joriyasi bilan yotgan soyabonli aravaning kattakon g‘ildiragiga suyangancha mudrab o‘tirardi. Qilichlarning sovuq jaranggi va tanasini qilich tilgan yaradorlarning faryodidan o‘ziga keldi. «Qaroqchilar hujum qilganga o‘xshaydi!» U emaklab aravaning tagiga kirib oldi va dahshat bilan yon-atrofida bo‘layotgan xunrezlikka qarab o‘tirdi. Qaroqchilar Hakimbek sardorning sarbozlarini tinchitib bo‘lishdi shekilli, endi aravalarni qo‘riqlab turgan Menglining yigitlariga tashlanishdi. Nurgeldining shundoq yonginasida bir yigit chopib tashlandi. U ola-g‘ovurda qilichini olishga ulgurmaganidan xanjar bilan raqibiga tashlangan shekilli, jonsiz qo‘llari bilan hamon dudama xanjarini mahkam siqimlab turardi. U diqqatini jamlab olgach Menglining qonga botgan jasadini tanib qoldi. Xanjar ham tanish, Menglining talabi bilan Ayoz chol yasab bergandi. Nurgeldi uning qo‘lidan sekingina xanjarni ajratib olib qo‘yni
ga soldi. Chamasi qaroqchilar Menglining yigitlarini yer tishlatishgan bo‘lsa kerak, endi aravalarni talashga o‘tishdi. Shunda tepasida joriyaning chinqirgan tovushi eshitildi.
– Malikaga zinhor qo‘lingizni tekkizmang!
– O‘-ho‘, malika?! O‘ljamiz chakki emasga o‘xshaydi! Ushla uni!
Shunda Jilva begim ilojsiz yordam so‘rab nola qildi.
– Ey, badbaxt malika, bu sahroda senga yordam berishi mumkin bo‘lgan tirik jon qolmadi! Nimayam qila olarding, ko‘nasan-da!
Allaqanday yovvoyi xoxolash eshitildi. Nurgeldining yuragidagi qo‘rquv birdaniga qayoqqadir chekindi. Arava ostidan chiqib o‘rnidan silkinib turdi. Va shunda, soyaboni pora-pora qilib tashlangan aravaning burchagida joriya qo‘llarini yuziga bosgancha ho‘ng-ho‘ng yig‘layotgani, bir barzanggi kimsaning begimni tagiga bosib olgancha, hadeb uning etagini ko‘tarishga harakat qilayotgani, sochlari to‘zg‘ib ketgan begim esa uning ostida tipirchilayotganiga ko‘zi tushdi. Yigit g‘azabdan bo‘g‘riqqancha bir sakrab arava ustiga chiqib oldi va qaroqchining kuraklari orasiga xanjarni urdi.
– Ih, – ingrab yubordi barzangi va begimning ustidan ag‘anab tushdi. Shunda Nurgeldi begimning shoxona kuylagi dabdala bo‘lganini, oppok ko‘kraklari ochilib kolganini ko‘rib yuzini burdi.
– Turing begim, qochamiz!
U qizning qo‘llaridan sudragudek bo‘lib sahro ichkarisiga chopib keta boshladi.
– To‘xta!
Orqalaridan kimdir baqirdi. Keyin otning dupuri eshitildi. Ortda chopib kelayotgan joriyani oldinga o‘tkazish uchun begimning qo‘lini qo‘yib yuborib, o‘girilganida ot choptirib kelayotgan kimsa qilichini bir o‘ynatib oldi. Shilt etgan tovush elas-elas quloqqa chalindi va joriya munkib ketdi va yerga shaloplab quladi. U qilichni ikkinchi marta urishga ulgura olmadi. Nurgeldi chaqqonlik bilan otning yuganidan ushlagan zahotiyoq bir sakrab chavandozning biqiniga xanjarini sanchdi. Qulayotgan otliqning oyog‘ini uzangidan chiqarib yuborib darhol o‘zini egar ustiga oldi-da, jilovni siltadi. Ko‘zlarini katta-katta ochgancha nimalar bulayotganini anglab-anglamay qotib turgan begimni mingashtirib, sahro qo‘yniga ot qo‘ydi…
…Mengli nega uni kuzatib borishga otasidan ruxsat oldiykin. Bunga hecham aqli yetmaydi. Balki yo‘lda shunga o‘xshagan tasodif ro‘y berishini va ikkalalarining yolg‘iz qolishlarini juda-juda istagandir. Balki, biron ilojini qilib uni karvondan olib qochib ketishni o‘ylagandir. Qanday reja o‘ylagan bo‘lsa ham bu yo‘l uning boshini yedi. Qiziq, Mengli nahotki o‘zini qurbon qilar darajada uni sevib qolgan bo‘lsa… Axir, u bilgan Mengli og‘asi bunaqa bola emasdi-ku. Yo buni sezmagan, yo bo‘lmasa u shunchalar o‘zgarib ketgan ekan-da. O‘sha dahshatli tundan beri qancha vaqt o‘tdiykan. Hisoblab ko‘rsa bir oydan sal o‘tibdi. Ammo, xuddi yuz yil bo‘lgandek. O‘zini o‘n oltiga kirganigayam, yigirma oltiga kirganini ham bilmaydi. O‘tgan shu bir oy nahotki uni shunchalar o‘zgartirib yuborgan bo‘lsa… Atigi bir oycha oldin qulning buyrug‘iga itoat qilib o‘tin-terib kelishni hatto tasavvuriga ham sig‘dira olmasdi. Endi esa …
Mengli o‘shanda aravaga tashlanayotgan barzangi qarshisiga dudama xanjari bilan chiqqandi, ko‘ksiga qilich sanchilib qularkan, yupqa lablari titrab yuzlari qiyshayib, og‘zidan qon favvora bo‘lib otilayotgan holati hamon ko‘z o‘ngidan ketmaydi. Qanchalik istamasin uni xotirasidan o‘chirib tashlay olmaydi. Negadir Menglining arvohi mudom uni ta’qib qilayotgandek. Ba’zan bir necha kun uni unutgandek bo‘ladi, biroq, shunday kunlarda Mengli lop etib uning tushida paydo bo‘ladi…
…– To‘g‘ri aytasiz, men ozodlikni istayman. Hamma qatori erkin odam bo‘lishimni, mening ro‘zg‘orim, bola-chaqam bo‘lishini, men ham odamlar ichida yashashni istayman. Biroq, agar qochib ketadigan bo‘lsam, butun umrimni ta’qibda o‘tkazishim kerak bo‘ladi. Mudom qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqib, jon hovuchlab yurgim kelmaydi. Hayotim yolg‘iz, shu kimsasiz sahroda o‘tishini istamayman.
– Unda seni kimdir otamdan sotib olib, keyin ozodlik vasiqasini berishi kerak. Lekin unaqa oliyhimmat odamni qayerdan topasan bu zamonda?
– O‘sha odam siz bo‘lasiz, begim.
– Nima? – begimning ko‘zlari hayratdan katta-katta ochilib ketdi. – Nahotki sen mening shunaqa qilishimga ishonsang?
Nurgeldi miyig‘ida jilmayib qo‘ydi. Keyin yuzlari jiddiy tortdi.
– Bilasizmi, begim, tekinga mushuk ham oftobga chiqmaydi degan naql bor. Men sizni qaroqchilarning qo‘lidan qutqarib chiqdim. Asrab-avaylab olib ketyapman. Xudo xohlasa, sochingizdan bir tolasini ham nobud qilmay Buxoroga yetkazib boraman. Buning evaziga esa siz menga ozodlikni hadya etasiz. Men qoraquyunli elatiga yo ozod kishi sifatida boraman, yo mutlaqo qaytmayman, deb qaror qilganman.
– Men senga ozodlik berishimga ishonasanmi?
– Hozircha menda ishonch bor. Ammo ishonchim so‘ngan kuni meni qaytib ko‘rmaysiz.
Uning ko‘zlarida allaqanday shiddatli alanga chaqnagandek bo‘ldi. Bu olov begimga tanish edi. Begim sukutga toldi. Birozdan so‘ng esa daryoga mayda toshchalarni otib o‘ynayotgan Nurgeldiga qaradi.
– Qachon yo‘lga tushamiz, Nur?
– Bilmadim. Bir-ikki kun shu yerda hordiq chiqarsak yaxshi bo‘lardi. Oldimizdagi sahroni mutlaqo bilmayman. Bir hafta yuramizmi, bir oymi… Shunga yarasha yegulik g‘amlab olishimiz kerak.
– Bu yerdan qanaqa yegulik topa olardik?
– Ko‘proq baliq tutib quritib olishimiz kerak. Bu yerda ko‘lmaklar ko‘p ekan.
Nurgeldi ketdi. Begim uning tuni bilan o‘tirib chiqqan toshiga chiqib oldi…
…Ularning oti bor edi. Ot uning kasofatiga qolib o‘ldi. Agar o‘shanda ozroq sabr qilganida edi, otlari o‘lmasdi. Sahroda qolib ketishdan qo‘rqmasdan yo‘lga tushavergan bo‘larmidilar. Nega hamisha shunaqa bo‘ladi? Xuddi kimdir yuqorida uni kuzatib turgan, sabri, irodasining kuchini sinayotgandek tuyula boshladi. Uni xuddi qo‘liga tushgan sichqon bilan o‘ynashayotgan mushukka o‘xshatdi. Bechora sichqon qocha boshlaydi va endi qutuldim deb yengil nafas olganida yelkasiga o‘tkir tirnoq sanchiladi…
Ot baquvvat, sahroda yurishning hadisini olgan ekan. Avvaliga ular qaroqchilar ortdan quvib kelishidan qo‘rqib, otni yeldirib ketishdi. Tuni bilan yo‘l bosib tongga yaqinlashganda ortlaridan hech kim ta’qib qilmayotganligini bilib biroz xotirjam tortishdi va endi bamaylixotir yura boshladilar. Ular tunda faqatgina jonlarini qutqarishni o‘ylab duch kelgan tomonga ot surganliklaridan hozir qayerga qarab ketayotganliklarini mutlaqo bilmasdilar. Otning jilovini bo‘sh qo‘yganlaridan butun umidlari shu otda bo‘lib qolgandi. Charchagan ot esa bitta-bitta qadam tashlab oldinga sudralardi. Ular otdan ham battarroq charchashgan, ilojini topib mizg‘ib olishga qulayroq joy izlardilar. Shunda olisda itlarning akillagan tovushi eshitildi. Allaqayoqlardan esa qo‘y-qo‘zilar ma’rashi eshitilardi. Demak, shu yaqin atrofda cho‘ponlarning qo‘nalg‘asi bo‘lsa kerak. Saksovulzorni kesib o‘tganlaridan keyin birdaniga yalanglikka chiqib qoldilar. U yerda yoyilib ketgan suruvga ko‘zlari tushdi. Ayiqdek keladigan bo‘ribosar o‘tov oldida
lo‘killagancha aylanib yurardi. Ularni ko‘rib vovullagancha bostirib kela boshladi. O‘tovdan qaytarma qalpoq kiygan, siyrak soqoliga oq oralagan kichik jussali cho‘pon chiqib, avval ularga biroz xavotirli qarab turdi, keyin esa akillayotgan itini chaqirdi.
– Bo‘ldi! Bas, Yo‘lbars!
It qanday tezlikda ularga otilgan bo‘lsa, xuddi shunday ortiga qaytdi.
Cho‘ponning basharasi har ikkalalariga ham o‘tirishmadi. Bir ko‘zi qisiq, soqoli siyrak, jikkak yuzida negadir neklikdan alomat berguvchi biron alomat ko‘rinmasdi.
– Kelinglar, baxay, kimsizlar?
– Biz yo‘ldan adashib qoldik.
Cho‘pon yigitning qon sachragan yaktagiga, qizning ro‘molsiz, parishon to‘zg‘igan sochiga qarab ularning shunchaki yo‘ldan adashgan o‘tkinchi emasligiga ishonsada, buni sezdirib o‘tirmadi.
– Emasa tushingiz. Sal dam olingiz. So‘g‘in yo‘ldi o‘zim ko‘rsatib yuboraman.
U otning jilovidan ushladi. Nurgeldi egardan tushib Jilva begimning ham tushishiga qarashib yubordi.
– Ayalingiz o‘tovga kirsin. – Cho‘pon o‘tov tomonga tovush berdi, – Ulbo‘sin, hov Ulbo‘sin, qara qo‘noq keldi. – Keyin Nurgeldiga yuzlandi, – siz men bilan yuring. Otingizga Mirza qaraydi.
U angrayib qarab turgan o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi o‘spiringa otning jilovini tutqazib yubordi.
Ichkaridan chiqqan to‘ladan kelgan keng va yumaloq yuzli xotin avval begimga qarab angraydi, keyin birdan o‘ziga kelib uni ichkariga boshladi. Begimning ahvoli u qadar yaxshi emasligiga unga qaragan har qanday kimsa shubha bildirmasdi. Shohi durrachasi aravada barzangi bilan olishayotganidami, yo ot choptirib qochayotganlarida tushib qolgan, sochlari to‘zg‘ib ketgan, atlas ko‘ylagi bilan baxmal kamzulining yoqasi yirtilgan, yuzi timdalanib, bo‘yni va tomog‘ining osti ko‘kargan edi. Ustiga ustak sillasi qurigan, oyoqlarida zo‘rg‘a turardi. Buni ko‘rgan ayol uni ortiqcha savolga tutib o‘tirmadi.
– Tomoq yeysizmi, miymon?
Begimning qorni och bo‘lsa-da, ishtahasi yo‘q edi. Tili qaqrab ketganidan zo‘rg‘a aylandi.
– Bir piyola suv bering, opa.
Ayol zipillagancha borib kattakon ko‘zadan bir kosa suv quyib keldi. Begim uni shosha-pisha boshiga ko‘tardi va to‘kib-sochib ichdi. Vujudi yengil tortib, tarang tortilgan mushaklari bo‘shashdi.
– Charchabsiz, miymon, ozroq mizg‘ib olasizmi?
Begim bosh irg‘adi. Ayol tashlab bergan to‘shakka o‘zini tashladi.
– Ko‘ylagingizni yeching, siz uyg‘onguncha yamab qo‘¬yaman.
Jilva begim ixtiyorsiz yechinib, ayol bergan keng ko‘ylakni kiygancha boshini yostiqqa qo‘ydi va shu zahoti uxlab qoldi.
Ayol esa uning yirtilgan kuylagiga, chiroyli yuzining tirnalgan joylariga, bo‘yni va ko‘kragidagi dog‘¬larga qarab labini tishlagancha bosh chayqab qo‘ydi. U qizning bunday abgor holatidan shubhalansa-da, biroq ko‘nglining bir chetida unga mehr uyg‘ongandi. Qiz haqiqatan ham go‘zal edi. Butun umri cho‘lda o‘tib, fe’li sahrodek qattiq va o‘zgaruvchan, qahru g‘azabi ba’zan toshib ichidan chiqib ketadigan, tiyiqsizroq bo‘lsa-da, qizning ma’sum tarovati oldida iya boshladi. U sekingina qizning sarxil matodan tikilgan boyvuchchalarga xos ko‘ylagining titilgan joylarini choklay boshladi.
O‘tovning soyasiga tashlangan sholchada o‘tirib cho‘¬pon bilan bir kosadan ayron ichib o‘tirgan Nurgeldi ichkaridan chiqib kelgan ayolning qo‘lidagi begimning kiyimlarini ko‘rib yuragi shuvillab ketgan bo‘lsa-da, bilintirmadi. Ayol imo bilan cho‘ponni yoniga chaqirdi. Birozdan keyin esa u qiyofasi tundlashib qaytib keldi.
– Bu zaifa ayalingizma? – so‘radi u shubhalanayotganini yashirib ham o‘tirmay.
– Yo‘q, – dedi Nurgeldi ham unda qanday o‘zgarish bo‘lganini o‘zicha tushunib, unga diqqat bilan razm solarkan.
–O‘g‘irlab kelayotirmisiz?
– Yo‘q.
– Unda nega unga doridingiz?
– Dorimadim. Qaroqchilarning qo‘lidan qutqarib olib kelyapman.
Cho‘pon unga ishonqiramay qaradi.
– Qaroqchilar deysizma, bu zaifa ayalingiz bo‘masa, nega uni qutqarish uchun joningizni garovga qo‘ydingiz. Tushunuksiz.
– Bu zaifa mening bekam. Men uning quli bo‘laman. Shuning uchun ham bekamni qutqardim. Bekam Buxoro amiriga malikalikka bormoqda edi. Men uni Amirning oldiga beshikast eltishim lozim.
– Ey-bi! Sen hali qulmisan?
Hozirgina taxdidli savollar berayotgan bo‘lsa-da, uning hurmatini joyiga qo‘yib turgan cho‘ponning birdan sensirashga o‘tishi Nurgeldini hushyor torttirdi. Uning yuziga yana razm solib bu basharani qayerdadir ko‘rganga o‘xshataverdi. Keyin esa xayoliga kecha kunbotar oldidan otda yo‘rtib ketayotgan karvonboshiga ro‘para bo‘lgani xayoliga keldi. Bu cho‘ponning yuzi qaysi jihati bilandir o‘sha Sarbonni eslatardi. Uning ham chap ko‘zi qisiqroq, siyrak soqolli…
– O‘zimam o‘ylagandim, nega bu ayalning usti boybichalarnikidek-u, bunisi qullardek yupun deb. Gap shunda, de! To‘g‘risini ayt, qayerga olib ketyapsan uni?
– Buxoroga. Amirning oldiga.
Cho‘pon endi uning mutlaqo yolg‘on gapirayotganiga ishondi. Yuzidagi tundlikning o‘rnini g‘azab egalladi. Barcha sahroyilar kabi uning ham fe’li torroq edi. Butun umrini cho‘lda, odamlardan yiroqda o‘tkazayotgan cho‘pon odamlardan ko‘ra ko‘proq bo‘ribosar itiga ishonardi.
– Emasa ayt-chi, nega bekangning ko‘ylagi yirtilgan?
– Aytdim-ku karvonimizga qaroqchilar hujum qilishdi. Men uni zo‘rg‘a qutqarib qoldim!
Cho‘pon unga baribir ishonmagani sovuq yiltirab turgan qo‘y ko‘zlaridan bilinib turardi.
– Hali buni ko‘ramiz. Bekang uyg‘onsin. Uning o‘zi aytib beradi.
O‘zi aytib bergani ming marta yaxshi. Ammo bu to‘ng va qaysar cho‘pon nega uni mirshablardek so‘roq qilaveradi. Bundan Nurgeldining jahli chiqsa-da, uning mehmoni ekanligidan izzatini saqlashni ma’qul topdi. Ammo bir narsaga u tushunmay turardi. Agar unga ishonmayotgan ekan, bunaqa qovoq-tumshuq qilib o‘tirgandan ko‘ra, ko‘tar lash-lushingni deb haydab yuborsa birov unga g‘ing deya olarmidi. Kiritishga kiritib, keyin bunaqa qilishning nima keragi bor. U xayol surib o‘tirib mizg‘ib qolgan ekan, cho‘ponning tap-tup qadam tovushi uyg‘otib yubordi. Cho‘pon qo‘lida bir tovoq qaynatilgan go‘sht bilan cho‘qqa ko‘mib pishirilgan non olib kelardi. Uning chehrasidagi tundlik tarqagan, yonoq suyaklari bo‘rtib, qisiq ko‘zlari yanada qisilib jilmayishga moyil ifodani zohir etardi.
– Ol, tomoqdan ye, keyin bafurja gaplashib olamiz.
Nurgeldi och edi. Go‘shtning kattagina bo‘lagini olib ishtaha bilan tushira boshladi. Cho‘pon qumg‘ondan choy quyib uzatdi.
– Sening og‘a-inilaring bormi? – so‘radi go‘sht chaynab ustidan choy ichayotgan yigitni ko‘z qiri bilan kuzatarkan.
– Bilmayman, – dedi Nurgeldi ovqatdan boshini ko‘tarib. – Esimni taniganimdan beri bekamning otasining eshigida xizmat qilaman.
– Ha, bechora, – achingandek ko‘rinishga harakat qilardi cho‘pon, – qulning ko‘rgan kuni qursin.
Nurgeldining ishtahasi g‘ippa bo‘g‘ildi. Qo‘lini sochiqqa artdi. Cho‘pon bu mizg‘ib qolganida nimanidir o‘ylaganini va shuning uchun ham turqini birdan o‘zgartirganini tusmol qildi. Uning xayoliga nima kelganidan bexabar, biron shumlikni o‘ylamadimikin, degan tashvishi ham yo‘q emasdi. Cho‘ponning o‘zi yorilishini kutib indamay turdi.
– Buxoroga qanday yetib bormoqchisan? Otda axir bir oylik yo‘l-ku. Yana daryoni ham kechib o‘tishlaringga to‘g‘ri keladi. Bekangni urintirib qo‘ymaysanmi?
Nurgeldi ham shuni o‘ylab boshi qotib turardi. U o‘sha tunda qaroqchini o‘ldirib, begimni otga mingashtirib olib qochganida shu ketishda to‘g‘ri Buxoroga borishni mo‘ljallagandi. Agar begimni beshikast eltib topshirsa Amir uning bu jasorati evaziga ozodlik vasiqasini beradi, deb ishongandi. Ammo to Arkka yetib borgunicha yo‘lning bu qadar uzoq va mashaqqatli ekanini hecham o‘ylamagandi.
– Ha, buyog‘i oson bo‘lmaydi. Nima qilishga ham hayronman.
– Bunday qilsang-chi, – dedi cho‘pon og‘ir muammoning yechimini topgan olimdek hovliqib, – Sen yaxshilab hordiq chiqarib olganingdan so‘g‘in erta saharda yo‘lga chiqsang. Bekang esa shu yerda qolsa. Sen Buxoroga borib, uning shu yerda sog‘-salomat ekanligini amirga yetkazsang bas. Uning o‘zi bekangni olib ketish tashvishini qiladi.
O‘ylab qarasa cho‘ponning gapida jon bor. Begim bilan sudralib yurgandan ko‘ra bir o‘zi bo‘lsa tezroq yetib boradi manziliga. Ammo baribir oxirgi so‘zni begimning o‘zi aytishi kerak. Keyin uning bir o‘zini begona kishilar orasida qanday qoldiradi. Bunisi ham bor hali bu rejaning. Eson-omon amirning huzuriga yetib ham bordi deylik, agar bu yerda begimga bir narsa bo‘lsa amir ham, Beshim oqsoqol ham uni tirik qo‘yishmaydi. O‘shanda uning ozodlik haqidagi orzularining ro‘yobga chiqishi o‘rniga, kundaga bosh qo‘yishi haqiqatga yaqinroq. Yo‘q, bunga ko‘nib bo‘lmaydi.
– Bo‘lmaydi, og‘a, – dedi fikrlariga yakun yasab Nurgeldi. – Men bekamni yolg‘iz tashlab keta olmayman. Agar shunday qilsam, sizni ham, o‘zimni ham xatarga qo‘ygan bo‘laman. Boshqa yo‘lini topish kerakdir.
Cho‘ponning qiyofasi yana oldingi holatiga qaytdi.
– Ne uchun bo‘lmasakan? Sen menga ishonmayapsanmi?
– Yo‘q, nega unaqa deysiz. Men ketganimdan keyin agar bekamga bir narsa bo‘lsa men ham, siz ham tirik qolmaymiz. Buni o‘zingiz anglagan bo‘lsangiz kerak?
– Axir yo‘lda biron kor-hol bo‘lishi mumkin-ku, unda nima qilasan?
– Unda peshonamdan ko‘raman. Xatarga sizni sherik qilish niyatim yo‘q. Bola-chaqali odam ekansiz…
Cho‘pon allaqanday g‘alati qarash qildi. Yigitning anchagina jo‘yali mulohaza qilganidan unga tuzukroq javob topa olmay, chakkasiga qon tepdi shekilli, qizarib ketdi.
Nurgeldi bilmasdiki, u uxlab qolganida cho‘pon o‘tovga kirib, uyqudagi qizning husnini ko‘rgan, endi qanday qilib bo‘lmasin uni olib qolish harakatiga tushib qolgandi. Shunaqa, shoshganda labbay topilmas deganlaridek, u yigitga tuzukroq bahona topib bera olmay qiynalardi. Oxir u o‘ylay-o‘ylay, miyasiga jo‘yali fikr kelmaganidan keyin tikkasiga hujumga o‘tishga majbur bo‘ldi.
– Men, bekangga uylanmoqchiman! Men bo‘ydoqman. Ulbo‘sin esa mening singlim bo‘ladi. Buni shunchaki qilmoqchi emasman, senga yuzta qo‘y beraman. Sen shu qo‘ylarning yarmininng puliga o‘zingga ozodlik sotib olishing mumkin. Sen qizni qo‘yib, bir suruv qo‘yni haydab ketasan. O‘ylab ko‘r!
Nurgeldi xuddi shunday gap bo‘lishidan qo‘rq¬qandi. Haqiqatan ham shu gap aytildi. Bunga esa javob qaytarish lozim. Lekin Nurgeldi unga javob qaytarishga ulgura olmadi. O‘tovda qiy-chuv ko‘tarildi. Olislashib ketayotgan ot tuyog‘i tovushi eshitila boshladi.
Jilva begim uyg‘onib ketib, o‘tov tashqarisidagi gap-so‘zlarni eshitib turgandi. Cho‘ponning niyatini tushungan zahoti, tashqariga otildi. Eshik oldida turgan o‘zining kiyimlarini qo‘ltig‘iga tiqqancha tashqariga chiqdi. Otning bog‘langan ipini qoziqdan yecha solib uzangiga oyoq qo‘ydi. To o‘tovdagilar nima bo‘lganligini anglab ulgurganlaricha u quyosh botib, sahroning me’daga tegib ketgan sarg‘ish qoramtir rangi tim-qoraga aylanayotgan qumtepalari ortiga singib ko‘zdan yo‘qolib ketdi
– Hay, to‘xtat uni! Hozirgina jemish jegan otni chovib bo‘lama?! –Hirqiroq ovoz bilan baqirardi cho‘pon. – Qochib hech joqqa ketalmaydi-ya, lekin otni jeydi! Zotdor ekanligi tuyog‘idan ko‘rinib turgandi-ya, essiz!
Cho‘pon mushtdek boshini sarak-sarak qilgancha qolaverdi…
…Ular uchinchi kuni yo‘lga tushdilar. Nurgeldi yelkasiga osib olgan tugunda nimalar yo‘q deysiz: Begimning duxoba ko‘ylagiga o‘ralgan qoq baliq, yana ipu igna bilan birgalikda, o‘zlari o‘ldirgan quyonu bo‘rsiqning terilari, bir qadoq keladigan tuz, bir mesh suv ham joy olgandi. Tong quyoshi ko‘tarilayotganda daryoni tark etib sahroga qadam qo‘ydilar. Ular borishi lozim bo‘lgan olis sharqdan quyosh ko‘tarilib kelar, shunchalik beg‘ubor va ma’sum ediki, go‘yo u sahroni otash tafti bilan qovjiratib tashlamagandek, go‘yo u atrofga do‘zax alangasini sachratib, bosh ko‘targan buta yoxud jonzot borki, qaqratib, yo‘qlik sari ravona qilmagandek, atrofga kelinchakdek qimtinibgina, ma’sum va hurkak nazar tashlardi.
Salqinda imkon qadar ko‘proq yo‘l bosish uchun shoshilib yurishardi. Kunduzgi jaziramadan keyin, tunda sovub ulgurmagan mayin qum hamon iliqligidan oyoqlari rohatlanar, ba’zan qush uyqusidek qisqa bahor pallasida gullab, yana urug‘ sochib ulgurgan ravochning qovjirab qolgan tanasida saqlanib qolgan yakkam-dukkam shoxlarida yaltirayotgan shabnam tomchilari yalang oyoqlariga to‘kilib seskantirishi ajabtovur hislarni uyg‘otib yuborardi. Ular oftobning shunday mayin va ma’sum bo‘lib turishini xohlashar, tonggi sarin shabadaning ham o‘zlariga yo‘ldosh bo‘lib qolishini istashar, biroq, hali zamon, mayin nurlarning qilichdek keskirlashishini, shabadaning garmselga aylanishini bilib tursalarda, bu tong abadiyatga qadar cho‘zilishiga ishongilari kelardi. Quyosh daqiqa sayin ko‘tarilib borar ekan, avvalo qovjiragan shoxlarda endi marjondek ilinib turgan shabnam tomchilari havoda erib yo‘q bo‘layotganidan muzdek tomchilar oyoqlarini seskantirmay qo‘yganidan keyingina, ularning qalblarini to‘lqinlantirgan tong chekingani
ni his qilib, havoyi tuyg‘ular o‘rnini quyosh tikkaga kelganida panalaydigan joy topish tashvishi egallab oldi. Yaydoq sahroda bunday joyni topishning o‘zi bo‘lmaydi.
Nihoyat, sahroning bo‘ronlariga basma-bas turib o‘sgan qari saksovulning yashil va suvga to‘la nina barglari, ajdardek xunuk buralib o‘sgan, xuddi ko‘saning soqolidek yakam-dukkamgina qolgan shoxlari ostidan panoh topishdi. To bu yerni topguncha, bir necha soat oftob tig‘i ostida yurishgan, buning ustiga bir zumda tandirdagi cho‘g‘dek qizib, tovonlarini ayovsiz kuydirayotgan qumda bo‘lari bo‘lib holdan toygan bechoralarga saksovulning olachalpoq soyasi jannat bog‘idan avlo tuyulib ketdi.
Nurgeldi tugunni yechib begimning uzun, kimxob kuylagini saksovul shoxiga yoyib soyani quyuqlashtirdi. Keyin po‘stak bo‘lib qolgan terilarni yerga to‘shadi. Ular yonma-yon cho‘zilgancha mudrab o‘tirishardi. To shom qo‘nguncha bu do‘zax sahroda yo‘l yurib bo‘lmasdi. Mizg‘iy-mizg‘iy rostakamiga uxlab qolganlarini sezmay ham qolishdi…
…Keyingi kun kechga borib meshdagi suv tugadi. Yurish endi rostakamiga azobga aylandi. Buning ustiga begimning isitmasi ko‘tarilib ketib, alahlay boshlagach Nurgeldi yurishni bas qilib, chog‘roq barxan panasida tunash uchun joy hozirlay boshladi. Bu yerlarda yotish xavfli ekanligini bilar, kunduzgi jaziramada yer ostidagi inlariga bekinib olib, oftob tig‘idan yashiringan barcha cho‘l jonivorlari tungi salqinda tashqariga o‘rmalab chiqishgan, sahro jonlanib qolgandi. Bu yerda shunday kamquvvat va chalajon holda yotishsa, ilon chaqib ketishi yoki biron cho‘l yirtqichining yemishiga aylanishlari ham hech gap emasdi. Ammo begimning bu holatida yurishni davom ettirish uni ajal jariga itarib yuborishdan boshqa narsa emasligini his qilgan Nurgeldi arosat o‘tida qovrilardi. Agar ertaga quyosh tikkaga kelgunicha suv topa olmasalar, ikkalalari ham sahro otashida qovrilib o‘lishlarini his qilishning o‘ziyoq uni dahshatga solardi. Iliq qum ustida yotgan qiz ingray boshladi. Uning har bir nolakor va zaif tovushi yigitn
ing qulog‘iga o‘qdek sanchilar, biroq unga yordam berishdan ojiz ekanligidan, imkonsizligidan bo‘ridek ulib yuborgisi kelardi.
U yuragini parmalab teshib yuborayotgan bu tovushni eshitmaslik uchun quloqlarini bekitib oldi. Yo‘q. Ingroq tovushi aksincha kuchayib kelardi. Go‘yo uning butun vujudi quloqqa aylanganu, jismi joni faqatgina jon berayotgan begimning ingrog‘ini tinglashga mahkumdek edi. Nurgeldi chidolmadi. O‘rnidan sakrab turib zulmatga burkangan sahroning duch kelgan tomoniga chopa ketdi…
…Nurgeldi olisda bayroqdek hilpirayotgan begimning ko‘ylagini ko‘zdan qochirmaslik uchun, halloslagancha uning ortidan choparkan, bor kuchi bilan hayqirib begimni to‘xtatishga urinardi. Quyosh botib borgan sari uzoqlashayotgan otliqni ilg‘ab olish shunchalik qiyinlashib borar, ustiga-ustak yigitning o‘pkasi bo‘g‘ziga tiqilib, chopolmay, madori qurib borardi. Keyin esa shilqillab qumga yiqilib tushdi. Shu buyi qancha yotganini bilmaydi, bir payt o‘ziga kelsa, allaqachon osmonga oy ko‘tarilgan, sahro sutdek yorishib ketgandi. U o‘rnidan turib qumga chuqur botgan ot izlarini qoralagancha yo‘lga tushdi. Tong oqardi hamki, begimning qorasi ko‘rinmasdi. Quyosh tikkaga kelganida negadir osmonda kalxatlar paydo bo‘lganiga e’tibor berdi. Ular osmonda yarim doira yasab, nariroqdagi qumtepa orqasiga sho‘ng‘ishardi. O‘sha yerda nimadir borligini his qilgan Nurgeldi o‘pkasini qo‘ltiqlab shu tomonga yugurdi. Qumga toyg‘onib-toyg‘onib tepalikka chiqib olganida, eng avval pastda orqa oyog‘i beo‘xshov ko‘tarilgan ot cho‘zili
b yotganini ko‘rdi. Uning yonida esa begim boshini changallagancha otga termulib o‘tirar, atrofni esa yuzga yaqin kalxat zich halqa bo‘lib o‘rab olgandi. Nurgeldi, bu o‘laksaxo‘rlar xuddi begimga tashlanib, bir zumda burdalab tashlaydigandek qo‘rqib ketdi. Ustidagi yaktagini yechib boshi uzra aylantirib qiyqirgancha, chopib tusha boshladi. Kalxatlar, undan cho‘chib, bir zum havoga ko‘tarildilar, ammo uzoqqa ketmay o‘n-o‘n besh qadam nariga qo‘ngancha, ko‘zlarini lo‘q qilgancha ular tomonga xunuk, patsiz bo‘yinlarini cho‘zgancha qarab turaverdilar. Begim uni ko‘rib yig‘lab yubordi. Keyin jazavaga tushib qichqira boshladi.
– Yaqinlashma! Yaqinlashma, deyapman, tagi past! Sen la’nati hali meni yuzta qo‘yga almashtirmoqchi bo‘ldingmi?! Yo‘qol!
Nurgeldi birdan to‘xtadi. Qiz tomonga hayron ko‘z tashladi.
– Nimalar deyapsiz, begim, tushunolmayapman?
Qiz battarroq ho‘ngradi.
– Eshitdim! Barini eshitdim. Anavi tepaning ortida shilpiq cho‘poning ham kutib turgandir?
– Siz xato eshitgansiz, begim. To‘g‘ri, cho‘ponning niyati shu ekan. Ammo, men uning gapiga ko‘nmaganimni eshitmadingizmi?
Jilva begim, cho‘ponning past ovozda Nurgeldiga begimning evaziga yuzta qo‘y bermoqchiligini aytganida ko‘zi qonga to‘lib ketganidan yigitning unga ne javob qilganini anglay olmagan edi. Uning nazarida Nurgeldi uni yuzta qo‘yga alishib yuboradigandek tuyulgan va otga mina solib, sahro qo‘yniga yeldirib ketgandi.
Begim unga ishonishni istardi. Biroq fe’lidagi qaysarlik o‘zining shoshilib kalta o‘ylaganini tan olishga yo‘l qo‘ymas, shuning uchun ham o‘zini ishonmagandek ko‘rsatib, tugunini yerdan yulqib ko‘targancha poyi-piyoda yo‘lga tushdi.
Nurgeldi beso‘naqay cho‘zilib yotgan otning jasadiga xo‘rsiniq bilan nazar tashlab, puxta charmdan ishlangan jilovining tasmasini qo‘ynidagi xanjari bilan kesib oldi. Ikki qulochlik tasmani yelkasiga tashlagancha begimning ortidan yo‘lga tushdi. O‘n qadamlar uzoqlashganidan so‘ng, otga so‘nggi bor nazar tashlash uchun o‘girilganida, quzg‘unlar allaqachon ziyofatni boshlab yuborishgan, otning faqat tikkaygan orqa oyog‘igina ko‘rinardi xolos…
…Otni u o‘ldirdi. Nega o‘shanda shunchalik g‘azablanib ketdiykin-a. Agar, uni tuni bilan chopishga majbur qilmaganida ot o‘lmasdi. Otda allaqachon manzilga yetib borgan bo‘lardilar. Nur qayerga ketdiykin. Balki yo‘lga yaramaydigan ortiqcha dardisardan qutulish uchun uni tashlab ketgandir.
– Nur, yaramas qulvachcha! Hali seni qirq darra urdiraman. Tering parcha-parcha bo‘lib ketmaguncha savalataman! Keyin yarangga tuz bostiraman! Qani o‘shanda tayoq yegan itdek angillashingni eshitib bir huzur qilay!
Nurning sopol qo‘g‘irchog‘ini sindirib qo‘ygani ko‘z oldiga keldi. O‘shanda Mengli uning qo‘llarini qayirib o‘tirgan, o‘zi esa uning yumshoq joyiga juvoldiz tiqib olgandi. «Purt-purt» kirayotgan juvoldizdan eti seskansa-da, uvada ishtoni qip-qizil qonga belansa-da, o‘spirin yoshiga yetib qolgan Nurgeldi miq etmagan. O‘shanda agar istasa qo‘lini qayirib turgan Menglini bir zarb bilan qulatgan, injiq va erkatoy bekning qo‘lidan qonga belangan juvoldizni tortib olgan bo‘lardi. Biroq u bunday qilmadi. Begim qachonki, bu ermakdan zerikib, juvoldizni irg‘itib yuborib nari ketmaguncha jim o‘tiraverdi. Keyin bir necha hafta ketini yerga bosa olmay qiynalib yurgan bo‘lsa-da bu haqda birovga og‘iz ochmagandi.
U shuncha qiynaganlarining alamini olish uchun kimsasiz sahroda ochlik va suvsizlikdan azob chekib o‘lishini xohlagani uchun ham tashlab ketdimikan. Yo‘q, u ketmagan, qanday qiynalib jon berishini miriqib tomosha qilish uchun biron joyda pisib, kutib o‘tiribdi.
Nahot, ajal unga shunchalar yaqin kelgan bo‘lsa… Kimdir shu atrofda aylanib yuribdi. Qanoti ham bor! Uzun va qopqora. U o‘laksaxo‘r kuzg‘un-ku! Ana, yana bittasi kelib ko‘ndi. Nahotki, u o‘lgan bo‘lsa?! Quzg‘unlar faqatgina o‘liklarning go‘shtini yeyish uchun kelishadiku, axir. Quzg‘unning ko‘zlari tanish ko‘rinmokda. Boshiga cho‘girma kiyib ham olibdimi…
– Mengli! Mengli og‘a! Sen nahotki quzg‘unga aylanib qolgan bo‘lsang? Kulma! Nega kulasan?! To‘g‘risini ayt, men ham o‘lganmanmi? Ketma! Hech ko‘rsa savolimga javob berib ket! Mengli og‘a-a-a!
Mengli qanotlarini keng yoygancha uning oyoq uchiga qo‘ndi. Keyin beo‘xshov va bahaybat qanotlarini keng yoyib uning ustini qoplab oldi. Shunda uning qanotlari qora bulutga aylanib yuziga yomg‘ir tomchilari tusha boshladi. Qaqragan lablari orasidan qurib yotgan tomog‘iga bir necha tomchi suv tushdi. Begim yutoqib ichdi. Yomg‘irdan balchiqning qo‘lansa hidi anqirdi. Boshi uzra egilib turgan, quzg‘un – Mengli asta-sekin Nurgeldiga aylana boshladi. U qo‘lidagi tirishib ketgan toshbaqa kosasidan uning og‘ziga qoramtir bo‘tana suv qo‘yardi. Begimninng yuragi to‘lqinlanib ketdi.
– Nu-ur…
Quyosh allaqachon tikkaga kelgan. Boya quzg‘unning qanoti bo‘lib ko‘ringan narsa ikkita cho‘pni qumga sanchib, ustiga ko‘ylak tortib, nomigagina yasalgan soyabon ekan.
– Nu-ur, tunda sen meni tashlab ketganingga ishongandim. Shu sahroda o‘lib, jasadim quzg‘unlarga yem bo‘lishini hatto, tasavvur ham qilgandim, Nur!
– Men qaytib keldim-ku, begim. Men eski, qaqrab yotgan quduqni topdim.
– Endi o‘lmaymizmi, Nur?
– Yo‘q, begim. Sizning o‘lishingizga yo‘l qo‘ymayman.
Begim titroq qo‘llari bilan yigitning bo‘yniga osilib oldi.
– Endi o‘lmaymiz-a? Quduqni topganing rostmi?
– Rost, begim. Bu yerdan uzoq emas.
Begimning holsiz tanasiga quvvat kirgandek bo‘ldi.
– Narsalarni yig‘, o‘sha yoqqa boramiz.
Nurgeldi cheksiz sahroda yolg‘iz ikkalalari qolib ketganlaridan beri, begimning bunaqa buyruqlarini bajarishdan bosh tortib kelgan bo‘lsa-da, bu safar indamadi. Mutelarcha narsalarni yig‘ishtirib tugunni yelkasiga ortdi va tunda taqdir in’omi bilan topgan quduq sari yo‘l boshladi…
…Tunda begimning ingrashiga chidolmay zulmatdagi sahroning duch kelgan tomoniga o‘zini urgan Nurgeldining yagona maqsadi yuragini talka-tilka qilayotgan bu zaifgina umidsiz ingroqdan imkon boricha uzoqroq ketish edi. Taqdir har ikkalalarining peshonalariga shu dahshatli sahroda o‘lim topishni bitgan ekan, bir-birlarining qanday azobdan jon taslim qilishlarini ko‘rmaganlari ma’qul.
Xayoliga kelgan fikr o‘ziga ham ma’qul ko‘rinib, begimdan imkon qadar uzoqroq ketishga intilar, to quvvati yetgunicha yuraverishga, qadam tashlashga holi qolmaganidan keyin to‘xtashni va o‘sha yerda so‘nggi soniyalarini kutishga ahd qildi. U qadamini sudrab bosarkan, ortidan allaqanday qadam tovushlari eshitilgandek bo‘lardi. Nurgeldi to‘xtab quloq solsa tovush ham tinar, yursa yana eshitila boshlardi. Sillasi quriganidan, o‘zining qadam tovushini boshqa joydan eshitgandek tuyuldi. O‘lim onlari yaqinlashgani sari shunaqa ko‘ziga allaqanday sharpalar ko‘rinadigan, qulog‘iga g‘alati tovushlar keladigan bo‘lib qoladi, deyishgani xayoliga keldi. Balki bu tovushlar uni izma-iz ta’qib qilayotgan ajal sharpasidir. Agar ajal uni ta’qib qilib kelayotgan bo‘lsa, uni ham, o‘zini ham ovora qilib nima qiladi. Jonini olmoqchi bo‘lsa shu yerda olaqolsin. Nurgeldi to‘xtadi. Qumga cho‘kkalab o‘tirib oldi. Qani kel, bekinmachoq o‘ynaguncha shu sabil jonini ola qol! Zora shu bilan orom topsa… Hatto nafas ham olmay, tiq etgan to
vushni ham e’tibordan chetda qoldirmasdan o‘zining so‘nggi soniyalarini kuta boshladi.
Sahro jim-jit edi. Tim qorong‘u sahroda umrguzaronlik qilayotgan jonzotlar ham yigitning so‘nggi lahzalaridagi ulug‘vor sokinlikni buzishga jur’at qilmay joylarida haykaldek qotgandilar go‘yo. Shu tariqa asrlarga teng o‘n daqiqa o‘tdi. Yigit o‘limga mahkum etilib, boshi kundaga qo‘yilgan, barchasiga ko‘ngan, muallaq turgan jallod oyboltasining pastga tushishini kutayotgan mahbusdek, boshini xam qilib, ko‘zlarini yumgancha ajalini kutib o‘tirardi. Shunda nimadir unga yaqinlashayotganini his qildi. Sharpa bir necha qadam qolganda to‘xtadi. Og‘ir-og‘ir nafas olgancha g‘ingshib qo‘ydi.
– Bo‘ri! – xayoliga keldi uning.
Ajal shu yirtqich qiyofasida uning oldiga kelgan. Hozir xanjardek keskir tishlar bo‘g‘ziga qadaladi va bu sarhad bilmas azoblar nihoyasiga yetadi. Nurgeldi ko‘zlarini yanada mahkam qisib, boshini quyiroq egdi. Lekin bo‘g‘ziga sanchilishi lozim bo‘lgan tishdan hamon darak yo‘q. Go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek, bu kutish so‘ngsizdek, to mahshar qadar shundoq davom etadigandek edi. So‘nggi lahzaning zalvoriga chidolmay yigit ingrab yubordi. Shu payt sharpa yana g‘ingshidi. Uning qisqa-qisqa nafas olishi shundoqqina burnining tagidadek edi. Hatto issiq nafasining yuziga urilishini ham his qilib turardi. Yana to qiyomat qadar cho‘zilgandek tuyulgan bir lahza o‘tdi. Nurgeldi endi ortiq bardoshi yetmay ko‘zlarini ochib yubordi. Asta-sekin ko‘z oldida tillarini osiltirib turgan itning yirik boshi namoyon bo‘ldi. Yigit beixtiyor uning boshini siladi. Shuni kutib turgandek it uning qo‘lini yalay boshladi. Uning hozirgina o‘limning barcha azobiga tayyor bo‘lib turgan ko‘ngli yumshab, diydasi eridi. Sahro tunining salobatli
sukunatini buzib bor ovozi bilan yig‘lab yubordi.
Tong oqara boshladi. G‘ira-shira yorug‘da itning bir oyog‘i cho‘loqligi, qovurg‘alari sanalib qolganidan boshi gavdasiga nisbatan kattaroq ekanligi ko‘rinardi. It uning qo‘llarini yalagancha g‘ingshir, yorishib kelayotgan ufqqa qarab ojiz vovullardi. Nurgeldi tunda ajal sharpasi bo‘lib ko‘ringan itning najot farishtasi ekanligiga imon keltirib, o‘rnidan turdi. Shuni kutib turgan it boshini osiltirgancha oqsoqlanib yo‘rta ketdi.
Kun nayza bo‘yi ko‘tarilganida ular toshnovini qum biroz ko‘mgan, tashlandiq quduqning ro‘parasidan chiqib qoldilar. Nurgeldi danakdek toshni quduqqa tashlagandi, birozdan so‘ng ojizgina shipillash eshitildi. Demak, quduq tubida ozgina bo‘lsa ham suv bor! Quduqdan balchiqning qo‘lansa hidi anqir, biroq yigit bunga e’tibor beradigan darajada emasdi.
U tunda quyoshning chiqishini endi qaytib ko‘rmasligiga ishonchi komil edi. Endi esa birdan yashagisi, judayam uzoq umr ko‘rgisi kelib ketdi. Mayli, qolgan hayoti shu g‘azabkor sahro ichida ming mashaqqatlar orasida o‘tsin, biroq tiriklik deb atalgan ne’matdan bebahra qolmasa bo‘ldi. Sahroda chopib yurgan notavon kaltakesak tsingari quyosh chiqayotganini, giyohlar gullab, muattar bo‘y taratayotganini ko‘rsa, chanqagan pallasida bir piyola zilol suv ichganidagi rohatni tuysa, hammasidan ham o‘zining tirikligini his qilib yursa, bas.
Nurgeldi suv solishga yaroqli idish qidirib ancha ovora bo‘ldi. Qumga ko‘milib yotgan toshbaqaning kosasini topib olganida kun ancha ko‘tarilib, sahroni qizdira boshlagan edi. Yigit shosha-pisha yo‘nilmagan tosh qalangan quduq devoriga tirmashib tubiga tushib oldi. Quduq sahro shamoli natijasida qumga ko‘milganidan tubi ancha sayoz, balchiq orasida toshbaqaning kosasi zo‘rg‘a botadigan suv bor edi. Nurgeldi sabrsizlik bilan shu qo‘lansa suvga labini bosdi. Biroz nafsi orom olgach, uni shu yerga boshlab kelgan it esiga tushib kosani to‘ldirib suv oldi-da yuqoriga ko‘tarildi. It suvni shaloplatib ichar ekan, ba’zi-ba’zida yigitga yaltoqlanib, dumini likillatib qo‘yardi. Nurgeldi ikkinchi bor quduqqa tushib kosani to‘ldirib chiqdi va begim yotgan tomonga yo‘l oldi…
… Quduqning yoniga kun peshindan og‘ib, jazirama avjiga chiqqan palladagina yetib keldilar. Nurgeldining ahvoli ham begimnikidan avlo bo‘lmasa hamki, u quduq tubiga yana bir marta tushib chiqishga majbur edi. Begim suvdan qonib ichib olgach, toshnov soyasida uyquga ketdi. Chanqoqlari qonganidan keyin bir necha kundan beri tuz totmaganlari eslariga tushdi. Nimadir qilib bo‘lsa-da oshqozonni aldamasa bo‘lmasdi.
Begimning issig‘i tushgan bo‘lsa-da, holsizlanib qolgandi. Nurgeldi biron qushmi, jonzotmi uchrarmi, degan umidda oftob taftidan jizg‘anagi chiqib ketgan sahroning olis kunjaklarigacha sinchiklab razm solib o‘tirdi. Qarayverganidan ko‘zlari tinib ketsa ham, harakatlangan biron bir qorani ilg‘ay olmadi. Yana qalbini umidsizlik kemira boshladi. Begim har-har zamonda zaif tovush chiqarib, uxlab yotardi. Sahroning beshafqat quyoshidan nozik lablari po‘rsildoq bog‘lab yorilib ketgan, oriqlaganidan yonoq suyaklari bo‘rtib, yuzlari dag‘allashgan bo‘lsa-da uning ko‘zlariga dunyoda undan go‘zalroq qiz yo‘qdek tuyuldi. Nahot ikkalalari ham shu yerda ochlikdan tirishib o‘lib ketsalar. Yigit beixtiyor qizning to‘zg‘ib ketgan sochlarini silay boshladi. Keyin, nima qilayotganligini idrok qilib qo‘rqib ketdi va birdan qo‘lini tortib oldi.
It negadir bezovtalana boshladi. U ellik qadam naridagi qumtepa yoniga lo‘killab borar, yerni iskab-iskab qaza boshlar, keyin lo‘killab, boshlarini silkitgancha uning yoniga kelar, g‘ingshiy-g‘ingshiy yana ortiga qaytardi. Bu hol bir-ikki qaytarilganidan keyin Nurgeldi o‘rnidan turib u qazayotgan joyga bordi. It dumini likillatar, va o‘zi qazigan chuqurga qarab hurib qo‘yardi. Nurgeldi o‘sha qaroqchilar hujum qilgan tundan beri yonidan qo‘ymay olib yurgan xanjarini qo‘ynidan chiqarib chuqurni kavlay boshladi. Biroz ovora bo‘lganidan keyin, xanjarning uchi qattiq narsaga tegib taqilladi. Nimadir bor edi. Yigitning vujudiga g‘ayrat indi. Chuqurga qo‘lini tiqib yirik-yirik ikkita toshbaqani chiqarib oldi.
Nurgeldi toshbaqaning kosasi va likopi birlashgan joyiga xanjar tiqib ikkiga ajratdi. Yumshoq go‘shtini ajratib toshnov ustiga qo‘yib tuzladi. Qolgan qismi esa itga tegdi. Kechga yaqin begim uyg‘onganda, yigit gulxan yoqib, kabob pishirib o‘tirardi. Ular mazali kabobni yeganlaridan keyin yana uyquga ketishdi…
…Ayoz chol negadir uni yaxshi ko‘rardi. Qachon borsa chog‘roqqina ustaxonasida, yoshi nechadaligini bilib bo‘lmaydigan, yuziga qarab turib bemalol qirqdan oshganligini chamalasa bo‘ladigan, ammo, o‘spirinlarnikidek ozg‘in va kichik jussasi va ingichkaga moyil ovozi mutlaqo basharasiga mos kelmaydigan shogirdi – Nusratga dam bostirib, laqqa cho‘g‘ temirni bolg‘a bilan tekislayotgan bo‘lardi. Uni ko‘rishi bilan Ayoz cholning muttasil cho‘g‘ga qarayverganidan xiralashib qolgan ko‘zlariga nur inar, Sandiqlining barxanlaridek qatma-qat bo‘lib ketgan ajinlari yoyilib, o‘t taftidan ko‘mirdek qorayib ketgan basharasiga jilmayishga monand tus kirardi.
– Kel, kelaver, Nurboy! Ishqilib, echkilarni bu safar to‘ydirib keldingmi?
Sandon ustidagi qoraya boshlagan temirni qisqich bilan ushlagancha yana ko‘kimtir alangalanib yonayotgan o‘tda kuyar ekan, qat-qat ajinlarini kir belbog‘iga artib, tumshug‘i tsingan choynakdan kattakon piyolasiga giyohlardan damlangan choy quyib ho‘playdi. Bu giyohlarni echki boqishga chiqqanida Nurgeldi terib kelardi. Choydan ho‘plab-ho‘plab, bolani gapga tutadi.
– Ho‘sh, Nurboy, cho‘lda nimani ko‘rdilar? Bugun ham kunbotardan karvon o‘tmadimi?
– Yo‘q, buva, – deydi Nurgeldi, – shom kirguncha qaradim. Bittayam tuya ko‘rinmadi. Buva, nega hadeb, kunbotardan keladigan karvonni so‘raysiz?
Ayoz chol indamaydi. Negadir yuzidagi jilmayish ifodasi yo‘qolib, o‘rnini adoqsiz g‘ussa qoplab, nursiz ko‘zlari cho‘kib qoladi. Cholning kayfiyati buzilganini ko‘rib Nusrat bolaga qoshlarini chimirib xo‘mrayadi. Nurgeldiga ham cholning g‘ussasi ko‘chgandek, chuqur xo‘rsinib qo‘yadi, yelkasini qunishtirib jim qotadi. Nusrat cholga qaramaslik uchun damning arqonini tez-tez torta boshlaydi. Chol shu turishida, choy qaynarlik fursat bir nuqtaga tikilib o‘tiradi. Keyin asta-sekin boshini ko‘taradi. Allaqanday iddao bilan laxcha cho‘g‘ bo‘lgan temirni atrofga uchqun sachratib bolg‘alay boshlaydi. Har zarbda bir xarsillagan cholning kalta mosh-guruch soqoliga ter to‘kiladi, cho‘g‘langan temir xanjar shakliga kirib boradi. Chol qoraya boshlagan temirni toshoxo‘rdagi suvga voshillatib tiqadi.
– O‘tni o‘chir, – deydi Nusratga.
Chol kattaroq odam zo‘rg‘a suqilib kira oladigan, taxtalari hilvirab ketgan torgina eshikdan botayotgan quyoshga unsiz termulib turadi.
– O‘sha tomondan keladigan karvonni ellik yildan beri kutaman. Unda Bibi Fotima kelar deyman… O‘h-ho‘, ellik yil… O‘shanda u o‘n oltiga kirgan sanama rasta edi, – o‘zicha g‘uldiraydi chol. – Hisoblab ko‘rsam, endi oltmish oltiga kirgan bo‘larkan. Hilviragan bir kampir bo‘lib qolgandir… Yo omonatini Olloga topshirib qo‘ya qoldimikin… Yo‘q, u hali o‘lmagandir. Men ham uning ilinjida o‘lib o‘lolmay, qolib qololmay yuribman-ku…
Chol yana eshikka termuladi. Endi quyosh botgan, osmonda uning qonli shafaq bo‘lib izi qolgan edi. Ko‘zlari bilan shafaq cho‘kayotgan ufq tomonga imo qiladi.
– Mening yurtim o‘sha tomonlarda edi. O‘zim yigirma beshga kirgan Siyovush kelbatli yigit edim. Otam qip-qizil temirni sandon ustiga qo‘yib turar men sandonni urardim. Har urganimda xuddi tog‘ni iylayotgandek atrofga uchqun sachratardim. Tog‘amning qizi Bibi Fotima menga aytilgan edi. Shu qizning tirqishdan meni kuzatib o‘tirishini his qilgan sayin butun jismim o‘tga qo‘yilgan temir parchasidek qizib ketardi. To‘yni kuzga belgilagandik. Qishlog‘imizdagi Mutallib degan eng katta boy otamga uchta omoch bilan, yigirmatadan cholg‘i-o‘roq buyurtma berdi. Bu anchadan beri mijoz kutib, bekorchilikdan pichoq charxlab o‘tirgan temirchi uchun haqiqiy omad qushining boshiga qo‘ngani edi. Hali hech qaysi temirchi bunday katta ish olmagan, buning ustiga boy ham qizg‘anchiqlardan emas, shu ishni eplasak, bitta emas, ikkita to‘yni ham qiynalmasdan o‘tkazishimizdan tashqari qishlik u-bu narsani g‘amlab olishimiz mumkin edi. Bularning orasida otni taqalash, ketmon, belni tuzatish kabi mayda-chuydalar ham chiqib turar va u ro‘
zg‘orning kundalik xarajatlariga asqotardi. Boy saxiyligini ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘rardi. Shu fe’li sababmi, ishini tezroq bitirib bersak, ustamasiga bitta qo‘chqor berishini aytib, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shib ketgandi. Otam ish ko‘pligidan, tog‘amning katta o‘g‘li, Bibi Fotimaning akasi Kabirni ham yordamga chaqirdi. Ishni yigirma kunlarda yakunlashni rejalashtirayotgandik. O‘n beshinchi kuni falokat bosdi. Bir devor yon qo‘shnimiz bo‘lgan tog‘amning uyiga tunda bosqinchilar kirishgan, Kabirni o‘ldirib, Bibi Fotimani o‘g‘irlab ketishibdi. O‘sha kuni ish ko‘p bo‘lganidan, uyga kirishga ham madorim yetmay do‘konda uxlab qolgandim. Otam bilan Kabir eshikni ustimdan qulflab uyga ketishgandi. Shuning uchun ham bu mudhish xabarni tongda eshitdim. Keyin otamning savdogar birodari Ali og‘aning otini olib ular ketgan tomonni taxminlab ortidan tushdim.
Ayoz chol qumg‘onda sovub qolgan choyni sirqiratib cheti uchgan piyolaga to‘kadi. Qaqrab ketgan tomog‘ini ho‘llab olgach, tishsiz og‘zini chapillatib qo‘ygancha yana eshikdan tashqariga termuladi. Endi ufqdagi shafaq ham so‘ngan, qosh qorayib osmonda bitta-yarimta yulduzchalar miltirab qolgandi.
– Qishloqdan chiqib sahro tomonga ot qo‘yishim bilan men ham qo‘lga tushdim, – chuqur xo‘rsinib qo‘yadi chol. – Besh-oltita cho‘girma kiygan baquvvat otliq yigitlar o‘rab olishdi. Ular bilan solisha ketdim. Biroq bir zumda otdan ag‘darilib qo‘l oyog‘im bog‘landi. Ularga otim kerak, deb o‘ylagandim. Adashibman, ularga otim ham, o‘zim ham kerak ekanman. Mening temirchi usta, buning ustiga zabardast ekanligim uchun men otdan ko‘ra qimmatroq turarkanman. Buni Chorjo‘y bozorida shu Oqsoqolga yetmish tangaga pullanganimda bildim. Ot esa bor-yo‘g‘i o‘n tanggaga sotilgandi. O‘shandan beri shu yerdaman. O‘shanda Bibi Fotimani ham Hirotda bir boyga cho‘rilikka sotib yuborishgandi. Shundan beri kunbotardan keladigan karvonga ko‘z tikib yuribmanda, Nurboy.
– Bobo, men qayerdan kelib qolganman bu yerga? – so‘raydi Nurgeldi, cholning muttasil cho‘g‘langan temirga qarayverganidan xiralashib, yoshlanib turadigan bo‘lib qolgan ko‘zlariga termulgancha.
– Sen hech qayerdan kelmagansan, sen shu uyda tug‘ilgansan.
– Qanday qilib, – tushunmaydi bolakay, cholga ko‘zlarini katta-katta ochib qararkan.
– Hamma qanday tug‘ilgan bo‘lsa, sen ham shunday tug‘ilgansan.
Nurgeldi tushunmaydi. Agar u shu yerda tug‘ilgan bo‘lsa, unda ota-onasi qani? Shuni Ayoz choldan so‘raydi.
– Onang o‘lgan, bolam, – deydi chol.
– Otam-chi? – bo‘sh kelmaydi Nurgeldi ham.
– Otang… Otangni bilmayman!
Cholning aldayotganini ko‘zlariga qarab sezgan bola, baribir qistayverishini sezgan chol, o‘rnidan turib, gap tamom deganday etagini qoqadi. Nurgeldi istamaygina o‘rnidan turadi. Oqsoqolning yetimlari turadigan bir xona va dahlizdan iborat uychaga qarab yo‘l oladi…
…Ular shunday uch kun uxlashdi. Toshnov soyasi salqin edi. Buning ustiga Nurgeldi yonlaridagi teri va boshqa latta-puttalarni soyabon qilib ikki kishi zo‘rg‘a sig‘adigan pana joy yasab qo‘ygandi. Jilva shu uch kun ichida ancha quvvatga kirib qolgan, tongda va oqshomgi salqinda quduqni qazayotgan yigitga qumni chiqarib tashlashga ko‘maklashardi. Quduq tubidan balchiq aralash qumdan tozalaganlaridan so‘ng suv ancha tiniqlashib, qo‘lansa hid ham yo‘qoldi. Negadir ikkalalarining ham ketgilari kelmas, go‘yo barxan ortida sahroning ajdahosi ularning quduqdan uzoqlashishlarini kutib poylab turgandek, undan ozroq chetlashsalar, otash nafasi bilan kuydirib kabob qiladigandek, toshnovdan jilgilari kelmasdi.
Nurgeldi quduq atrofida bir paytlar cho‘ponlar suruvni sug‘oradigan obxona bo‘lgan, keyinchalik qarovsizlikdan nurab, sahro bo‘ronlaridan duv to‘kilib tushgan xarsangtoshlarni to‘plab, ularni devor qilib tera boshladi. Ikki kunlik urinishdan keyin, ko‘tarilgan tosh devorning ustiga shox-shabbadan tom yasadi. Endi har qanday issig‘u bo‘ronga bardoshli kulbacha bunyod bo‘lgandi. Bundan ular shunchalik quvonib ketgandilarki, bunday baxtiyorlikni hatto yangi qasrga ko‘chgan amir ham tuymagan bo‘lsa kerak. Jilva uchib-qo‘nib allaqanday bekalarga xos sarishtalik bilan po‘stakni to‘shab, chang-chunglarni supurib chiqdi. Keyin, Nurgeldi xom teridan tiqib, choklarini toshbaqaning charvisi bilan moylab chiqib, suv o‘tmaydigan qilgan chog‘roq qovg‘ada quduqdan suv tortib atrofga shakarob qilib suv sepgach, shamol to‘zg‘ab o‘ynayotgan qumning xuruji bosilib, kulbaga salqin havo ufurgandek bo‘ldi. Bundan yigitning ham ko‘ngli ko‘tarilib, nimadir qilgisi kela boshladi. O‘ylab ko‘rib, tugunlarni ildirgancha yelkalab yuradig
an ikki qulochlik yulg‘un tayoqni bukib terini tilib eshgan pishiq arqon tortgancha o‘q-yoy yasadi. Qidira-qidira topgan qurib qolgan yulg‘unning mayda shoxlaridan o‘ntacha o‘q kesib oldi. Nishini nimadan yasashga ko‘p bosh qotirsa-da, tuzukroq yechim topa olmadi. Shunda unga beka yordamga keldi. Nariroqda sochilib yotgan, biron echkiningmi, yo jayronningmi, chamasi bo‘rilar xomtalash qilgan, keyin sahro oftobida tarasha bo‘lib qotib ketgan ustixonlarini keltirib berdi. Nurgeldi xanjari bilan ularni kesib, toshga ishqalab o‘tkirlashtirdi. Natijada duppa-durust paykonga ega bo‘ldi. Endi ovga chiqsa bo‘lardi. Nurgeldi o‘nta paykoni bor o‘q-yoy va xanjar bilan qurollanib, itni ergashtirgancha ertalab ovga ketdi va kechqurun ham, ertalab ham, shom qo‘nganda ham qaytmadi…
…Jilva begim toshnovning ustiga chiqib ketgan tomondan ko‘zini uzmay kutib o‘tiraverdi. Tongga yaqin, ko‘zi ilinib uxlab qolgan ekan, tushiga otasi kiribdi. Oqsoqolning engagidagi soqoli silkinar, ko‘zidan g‘alati o‘t chiqar, jon-jahdi bilan Nurgeldini qamchilardi. Bu tush shunchalik qisqa, ko‘z ilg‘amas lahzalarda bir ko‘rindiyu o‘chdi. U qachon ko‘zi yumilib, qachon ochilganini ham his qilishga ulgurmay qoldi. Biroq otasining yuz ifodasi xotirasiga shirachlab yopishtirilgandek, ko‘z oldidan ketmay turaverdi.
…Nahot endi Nur qaytib kelmasa… U shu mudhish sahroda yolg‘iz qolib ketadi va oxir-oqibat paykon qilib yasalgan ustixonlardek suyaklari qumlar orasida sochilib yotadi. Qachondir, yana o‘zidek baxtiqaro kimsalar undan paykon yasashadi. Tarang tortilgan yoydan uchib chiqadi. Uchaveradi, uchaveradi. Shunda o‘zi bilan yonma-yon uchayotgan qushga ko‘zi tushadi. Qanotlari ulkan, tirnoqlari chang solishga tayyor, qayrilgan va uchli. Tumshug‘i burgutnikidek, boshi kal – bittayam pat yo‘q. Bu kalxatga o‘xshaydi, biroq tez uchadi. Ulkan qanotlarini silkitib uni ushlamoqchi bo‘ladi, biroq eplolmaydi. Birdan qanotlarini qo‘ltig‘iga qisgancha pastga qulaydi. U ham qush bilan birgalikda pastlayotganini, yer dahshatli tezlikda yaqinlashib kelayotganini ko‘rib qo‘rqqanidan qichqirib yuboradi.
Shunda ko‘z oldidagi xira qoramtir dog‘lar tiniqlashib kimsasiz va qizg‘ish-mallarang kenglikka – sahroga aylandi. U ko‘zlarini ochgancha tush ko‘rayotganini his qilib qo‘rqib ketdi. Atrofda qimirlagan qora ko‘rinmaydi. Hatto qilt etgan shabada ham yo‘q. Uning nazarida otasining uyidan chiqqanidan so‘ng o‘tgan balki uch oy, balki uch yil orasida dunyo shunchalik o‘zgarib ketgan va yer yuzidan inson zoti supurib tashlanganu hammayoq qip-qizil sahroga aylangan. Yana ming yil uloqib yursa ham shu ko‘chmanchi qumlar uyuridan boshqa hech narsani ko‘ra olmasligiga ishonch hosil qila boshladi. Uning yonida tog‘dek tayanch bo‘lib turgan Nurning ham qaytib kelishiga umid qilmay qo‘ydi. Go‘yo uning oldingi hayoti xotirasida elas-elas qolgan tushdek, undagi Beshim oqsoqol ham, onasi ham, Nur ham, Mengli ham, va yana saroyida malikalik orzusida yo‘lga tushgan Amir ham sarobdan paydo bo‘lgan shakllardek bir paydo bo‘lib, tuman yanglig‘ tarqab ketgan ro‘yo edi xolos. Hatto o‘zining ham bu yerda bor ekanligiga shubha uyg‘on
di. Uni borliq emas, yo‘qlik o‘rab turgandi. Bu yo‘qlikning ko‘z ilg‘amas kengligida faqatgina U bor. U borliqni yo‘qlikka, yo‘qlikni esa borliqqa aylantira oladi. Qolgan hammasi bekor. Qolgan hammasi qoraxayoldek, sahrodagi sarobdek bir narsa. Ko‘zga ko‘rinadi, biroq ushlab bo‘lmaydi. Balki, mutlaqo ko‘rinmas, xuddi ko‘rinayotgandek tuyular…
…Asta-sekin qosh qoraya boshladi. Sahro qumtepalarining qizg‘ish bo‘yog‘i quyuqlashib, bo‘g‘iz qoni tsingari qoraya boshladi va oxir oqibat butkul zulmatga burkanib oldi. Jilva begim hamon toshnov ustida cho‘nqayib o‘tirgancha zulmatga tikilib turardi. Qayerdadir ilonmi yo kaltakesakmi qumni shuvillatib o‘tib ketdi. Yana qayerdadir shoqol uvladi. Hozir biron yirtqich unga tashlanib qolsa, indamay turavergan bo‘larmidi. Baxtiga, sahrodek baxtsiz, sahrodek yolg‘iz qizga sahroning ham ishi bo‘lmadi. Go‘yo borliq uning o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishini istayotgandek edi…
… Qish chillasi edi. Bir kuni oqsoqolning xizmatkorlari va qullari turadigan orqa hovliga bir kampir kirib keldi. Nurgeldi kampirning uvada egnidan ham ko‘ra ko‘zlariga qarab uning esi joyida emasligiga amin bo‘ldi. Uning qorachiqlari kengayib ketgan ko‘zlaridan biron narsani uqib olishning iloji yo‘q edi. Shunda kampir bosqonning sandonga urilgan tovushlari uchib chiqayotgan Ayoz cholning ustaxonasiga yura boshladi. Cholning unga ko‘zi tushgach, bir zum angrayib qoldi. Qo‘llariga qaltiroq inib qisqichni tushirib yubordi. Kampir esa unga baqraygancha qotib turardi. Keyin esa ma’nisiz ko‘zlari nurlana boshladi. Devonalarga xos o‘lik yuzi jonlandi.
– A-ayoz!
Chol ham o‘rnidan turishga majoli qolmay xarrakday shalvirab turardi.
– Bi-bi…
Qolganiga cholning kuchi yetmadi. Sekin tanasi qiyshayib boshi osilib qoldi. Nusrat nima yuz berganini anglab, cholning yoniga yetib borgunicha, bechora omonatini topshirib bo‘lgan edi. Uning ochiq ko‘zlarida shu paytga qadar Nurgeldi ko‘rmagan allaqanday nur jilvalanardi. Birozdan keyin o‘limning xira pardasi uning yuzini qoplab olganidan keyin, bu nur ham so‘ndi. Biroq baxtiyorlikning sarmast ifodasi qotib qolgan cholning chehrasi yigitning onggiga yopishib qoldi.
Hamma Ayoz chol bilan bo‘lib devona kampirni unutib yuborgan ekan. Kampir ham qanday daf’atan paydo bo‘lgan bo‘lsa shunday to‘satdan g‘oyib bo‘lgandi. Oradan bir necha soat o‘tib, xizmatkorlardan biri gap topib keldi. Hovli devorining shundoqqina kungay tomonida bir juldur kiyingan kampir, sovuqda qotib qolibdi.
– Tushunmadim, – derdi jikkak xizmatkor, – o‘zi qotib qolganu, ammo, xuddi kulib turgandek tuyuladi. U yoshligidagi allanimani eslab iljayib turganida joni uzilgan bo‘lsa kerak.
Beshim oqsoqol odamgarchilik qildi. Daydi kampirni ham Ayoz cholning yoniga dafn etishga ruxsat berdi…
…Nurgeldi quyosh tikkaga kelib, sahroni mumdek eritib yuborar darajaga olib kelganida, olisda harakatlanayotgan qora nuqtalarga ko‘zi tushdi. Nuqtalar muttasil kattalashib kelayotganlaridan, o‘zi tomonga chopib kelayotgan qandaydir jonivorlar to‘dasi tusmol qildi. Ular yaqinlashib qolganida esa suv qidirib chopib yurgan o‘ttiztacha jayronni aniq ko‘rdi. Darrov issiqni ham, charchoqni ham unutib o‘q yoyni qo‘liga oldi va ularning maqbul masofaga kelishini poylab turdi. Yuragida ovchilarga xos ehtiros uyg‘ondi. Nafas olishni ham unutib, paykonning uchi yoyning cho‘piga tiralgunicha tortdi va eng birinchi kiyik bilan o‘rtasidagi masofa o‘n besh qadamcha qolganda qo‘yib yubordi. Paykon jonivorning bo‘yniga sanchildi. Jayron bir munkidi, biroq birdan o‘nglanib yo‘nalishni o‘zgartirgancha chopa boshladi. Nurgeldining ikkinchi paykoni uning sepkil toshgan yuzdek xol-xol nuqtali soniga ikki enlikcha botib, sanchilgancha turib qoldi. U uchinchi o‘qni ham uzishga ulgurmadi. To‘da burilib, o‘ng tomondagi ulkan qumtepa
orqasiga o‘tgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Faqatgina shamolsiz havoda ular tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang muallaq qotib qoldi. It halloslagancha ularning ortidan chopdi. Nurgeldi ham qumtepa ortiga o‘tganida to‘da anchagina olislab ketgan, ular bir qatorga tizilib olganlaridan bo‘lsa kerak, bir tutamgina, arqondek ingichka chang chuvalib ular ketgan tomonni ko‘rsatib turardi. Nurgeldi yaralangan jayronning qayerdadir qonsirab yiqilishiga umid qilib, changning izidan yo‘lga tushdi. Birozdan so‘ng esa tillari osilib, cho‘zilgancha qisqa-qisqa nafas olib, kutib turgan itga yo‘liqdi.
Tili qaqrab ketgan bo‘lsa-da, beliga osib olgan meshdan suv ichishni istamadi. U borsa gumon yo‘lga tushgandi. Bu yo‘l qancha davom etishini: bir soatmi, yo bir necha kunmi, bilmas, shuning uchun ham suvni ehtiyot qilishga qaror qilgandi. Qosh qoraya boshlaganda go‘yo qirmizrang dengizning ulkan to‘lqinidek yastanib olgan ko‘chma qumtepaga duch keldi. U kiyikdan umidini uzib bo‘layozgan edi. Hatto yantoq-da o‘smagan mayin qum yengilroq shabadada ham ko‘chib allaqachon to‘daning izini ko‘mib yuborayotgan, oqshom chog‘i havo biroz salqinlashib, shabnam hidi dimoqqa urilayotgan mahalda, muallaq turgan chang og‘irlashib, asta sekinlik bilan yerga chiqayotganligidan, u to‘daning izini yo‘qotishiga shubhalanmay qo‘ydi. Tunni barxanning ustida o‘tkazishga ahd qilib, qumni pastga shovullatib surgancha tepaga o‘rmalay boshladi. It ham tillarini osiltirib unga ergashdi. Tepaga chiqib olganidan keyin atrofga umidsiz nigoh tashladi va birdan ko‘ngli yashnab ketdi: to‘da shundoqqina barxanning pastidagi siyrakkina xazori
spand o‘sgan yalanglikda g‘uj bo‘lib yotardi. It tashlanishga harakat qildi, biroq Nurgeldi bo‘ynidan bosib, siljitmadi. Hozir ular hurkitilsa bepoyon sahro bo‘ylab olislab ketib qolishi va izini butunlay yo‘qotishi mumkin. Jayron tunni shundoqqina yonida o‘tkazgani yaxshi.
U meshdan bir hovuch suv olib qaqragan va changdan loyqa tiqilib qolgan og‘zini chaydi. Yana bir hovuchni esa itning og‘ziga tutdi. It tillarini chapillatib ichdi. Suv qurigach esa uning yuqi qolgan ho‘l kaftini yalay boshladi. Nurgeldi itga rahmi kelsa-da boshqa suv tutmadi. Quyosh botib, atrof zimistonga chulg‘onar ekan, jonga yoqar salqin shabada uyg‘onib, qovjiragan sahroni rohatijon yelpug‘ichida yelpib sovutayotgandek edi. Sahroni yoqimli salqin havo qamrab oldi. Bu hol qanchadir davom etib, sahro qanday isigan bo‘lsa shunday tezlikda soviy boshladi. Tanasi junjika boshlagach esa hali taftini yo‘qotib ulgurmagan mayin qumga ko‘milib yotdi. Alg‘ov-dalg‘ov o‘tgan kun uni ancha toliqtirib qo‘yganidan darrov ko‘zlari yumildi.
Itning g‘ingshib akillashidan uyg‘onib ketganida u qayerda yotganini birdaniga anglay olmadi. Osmonga termulib, yetti yulduz dastasi kunbotarga qarab anchagina og‘ganini ko‘rib tongga yaqin qolganini his qildi va shundan so‘nggina jayron ortidan tushib, qumtepa ustida yotgani xotirasiga keldi.
It hamon irillar, ilojsiz g‘ingshir, pastda esa dupir-dupir va allaqanday yirtqich, chamasi shoqol bo‘lsa kerak, g‘alati uvlab qo‘yardi. Nurgeldi sakrab o‘rnidan turdi va quyuq ko‘kimtir tus olayotgan osmonning ta’siridanmi, g‘ira-shira yorishayotgan sahroni tiniqroq ilg‘ay boshlaganida, g‘alati manzarani ko‘rdi. To‘da uch yuz qadamcha nariga borgan va barchasi g‘uj bo‘lib barxan tomonga qarab turishardi. Kecha kiyiklar yotgan xazorispandzorda esa bir nechta shoqol yarador kiyikni halqa qilib o‘rab olishgan, tashlanishga yuraklari betlamas, biroq uni qo‘yib yuborishga ham ko‘zlari qiymay turishardi. Nurgeldi o‘rnidan turib barxandan pastga sudralib tusha boshadi. Undan oldin pastga qum shuvillab to‘kilganidan hushyor tortgan shoqollar irillagancha arra tishlarini taqillatib o‘dag‘aylasalar-da, lekin zich halqani buzib, naqd o‘lja bo‘lib turgan yarador kiyikni qochirib yuborishni ham istashmasdi. It yonida Nurgeldi turganidan sherlanibmi, qattiq vovulgancha shoqollarning to‘daboshisiga tashlandi va ko‘kragi
bilan bosib tushdi. Shu payt to‘daning zich halqasi tarqab, jayron sheriklari tomonga katta sakradi, ammo yarador, hamon suyak nishli paykon sanchilib turgan o‘ng oyog‘i pand berib avval munkidi, keyin ko‘p qon yo‘qotib holsizlanib qolganidan, o‘zini o‘nglab ololmay ag‘anab tushdi. Qulay fursatni kutib turgan shoqollar, itning ostida qolib piypalanayotgan sheriklarining zorlanib ingraganiga e’tibor ham bermay kiyikka tashlandilar. Nurgeldi qo‘liga xanjarini oldi.
– Yo‘qollaring bu yerdan! Bu mening o‘ljam!
Uning hayqirig‘iga och yirtqichlar vahshiyona irillash bilan javob qaytarib, kiyikning bo‘g‘ziga tish botirishga urinishlarini bamaylixotir davom ettiraverdilar. Nurgeldi sal paysalga solsa kiyikdan faqatgina ustixon qolishini tushunib, oqarib kelayotgan tong nurlarida tikkaygan yoli qizg‘ish tovlanayotgan jondorlarning duch kelganining biqiniga xanjar urdi. Sug‘urib olib, ikkinchisining bo‘g‘zini tilib yubordi. Uchinchisi esa lip etib unga chap berdi va boldiriga og‘iz soldi. Iskanadek qisib olgan jag‘dan boldirini bo‘shatish uchun egilgan yigitning ustiga to‘rtinchi shoqol sakrab chiqib bo‘yin aralash yelkasiga tish botirdi. Sal bo‘sh kelsa yirqichlar uni bir zumda xomtalash qilib tashlashini ko‘z oldiga keltirgach, bor kuchini yig‘ib bir silkindi va yelkasini tishdan xalos qilarkan, yiqilayotgan shoqolning kuragiga xanjar sanchishga muvaffaq bo‘ldi. Oyog‘ini silkitgancha shoqolni uchirib yuborishga urinarkan, beshinchi jussasi kichikroq yirtqich allaqachon o‘ljaning bo‘g‘ziga tishini botirganini ko‘rdi. Be
chora jayron oyoq qoqib, jon talvasasida xirillardi. Nurgeldi ming bir azobda oyog‘ini tirik qopqondan ajratib oldi. Jag‘ini ochishni istamagan shoqolning jag‘ida boldiridan uzilgan bir tishlam go‘sht ham qoldi. Tishini-tishiga bosib jayronni saranjomlashga urinib yotgan yirtqichga qarab ikki qadam tashlaganida yolg‘izlanib qolgan shoqol endi o‘ljadan butkul umidini uzib, istar-istamay o‘zini chetga oldi. Hamon jon talvasasida xirillab yotgan bechora jonivorning bo‘gziga xanjar tortib, azobini yengillashtirgan yigit holsizlanib o‘tirib qoldi. Jarohatlangan boldiridan tomiri uzilgan shekilli, sharillab qon oqar, negadir ko‘ngli aynib ko‘z oldida sahro chir aylana boshlagan edi.
Shunda ko‘zlarining oldida toshnovga cho‘nqayib o‘tirib olgancha ma’nosiz ko‘zlarini olis-olislarga qadab o‘tirgan Jilva begimning qiyofasi namoyon bo‘ldi. Qizning boshini osiltirib, yelkasini qunishtirgancha qilt etmay turishi negadir o‘ljasining o‘limini poylab o‘tirgan ulkan kalxatga o‘xshardi.
Shunday o‘tiraverish uni muqarrar o‘limga boshlashi aniq edi. Harakat qilish kerak. Buning uchun esa oldin oqayotgan qonni to‘xtatish lozim.
Nurgeldi bir hovuch toza qum olib jarohatiga bosdi. Qum bir zumda shafaqrang loyga aylandi, biroq qonning yo‘lini to‘sdi. Qon oqishi to‘xtagach, yigitning bosh aylanishi ham sekinlashdi.
Taka jayron ikki pudcha tosh bosardi. Uni ko‘tarib ketishning o‘zi bo‘lmasdi. Nurgeldi qornini yorib ichak-chavoqlarini chiqarib itga berdi. Jigaridan bir bo‘lak kesib olib og‘ziga tashladi. Bu orada it ham o‘ziga tekkan nasibani paqqos tushirib bo‘ldi. Xom jigar Nurgeldiga kuch bag‘ishladi. Yengillashib qolgan jayronni yelkalab, oqsagancha yo‘lga tushdi. Biroz yurganidan keyin anchadan beri bunday ziyofatga yuzi tushmagan, omadi kelib qolganidan, to‘yib, anchagina og‘irlashib qolgan it biroz erinib bo‘lsa-da, oldinda yo‘l boshlab keta boshladi. Tushgacha yo‘l yurganlaridan keyin, dam olishga o‘tirdi. Jayronning biroz qayrilgan, uchi o‘tkir xanjarsimon shoxli chiroyli boshi bilan ingichka, paydor oyoqlarini kesib tashlashga majbur bo‘ldi. O‘lja birozgina yengillashdi. Biroz o‘tib, jayronning faqatgina ikki sonini qoldirib qolgan joylarini ham tashlashga majbur bo‘ldi. Oftob tig‘ida, buning ustiga yarador oyoq va yelkada shuncha yuk bilan yo‘l bosishning o‘zi bo‘lmasdi.
Qosh qoraya boshladi hamki, hamon toshquduqqa yetib kelishning iloji bo‘lmas, yigit butun inon-ixtiyorni itga qo‘ygancha hud-behud uning ortidan sudralardi. Meshdagi suv allaqachon tugagan, tomog‘i qurib ketganidan hatto tili ham aylanmasdi. Butun tunni oyoqda o‘tkazgan yigit tong oqara boshlaganida itning shodon xurgancha chopqillab qolganidan hushyor tortdi. Olisda bir necha kun oldin o‘zi qurgan kulbacha qorayib ko‘zga tashlanib qolgandi. Uning vujudiga qayerdandir kuch inib, qadami tezlashdi…
…Sen kelmasliging kerak edi, Nur. Sening qaytishingdan umidimni uzib bo‘lgandim. Nazarimda sening qaytmaganing ham ma’qul ekanligiga o‘zimni ishontirib bo‘lgan edim. Ko‘ngilda umid va ilinj tugaganida o‘lim so‘nggi bir ilinjga aylanarkan. Shunda barcha azoblardan qutqarib, osoyishtalikni keltirguvchi Xaloskorni kutayotgan lahzalarda sen bir qop umid va ilinjni yetaklab qaytib kelding. Endi o‘lim, xalos qilguvchi osoyishtalik baxsh etguvchi emas, balki, barcha narsalardan mosuvo etguvchi qaroqchidek tuyulyapti. Endi o‘lgim kelmayapti. Endi o‘lishning o‘zi bo‘lmaydi, Nur…
…Nurgeldining ahvoli og‘irlashib borardi. Shoqol bir tikkasini uzib olgan boldiri yiring bog‘lab shishib ketdi. Keyin esa isitmasi ko‘tarilib tuni bilan alahlab chiqdi. Tongga yaqin ko‘zi ilingachgina Jilvaning ko‘ngli biroz tinchigandi, biroq bu osoyishtalik ham uzoqqa cho‘zilmadi. Tong oqara boshlaganida yigit sovuqdan tishlari takillab, eti junjika boshladi. Beka o‘sha kuniyoq u yelkalab kelgan kiyikning etini maydalab tosh ustida qovurib olgan va sahroyilarning odaticha teriga o‘rab, qumga ko‘mib qo‘ygandi. O‘shani olib yog‘ini ajratdi va Nurgeldining tanasiga surtib uqalay boshladi. Buni beka onasidan o‘rgangan edi. U Beshim oqsoqolning issig‘i chiqqanida yelkasiga qo‘y yog‘i surtib uqalar va shu bilan oqsoqol tuzalib ketardi. Darhaqiqat, uning harakati bejiz ketmay, Nurgeldi biroz tinchidi. Qiz uning ustiga kiyik terisini tashlab o‘zi kulbadan tashqari chiqdi. Bir paytlar buvisi – ko‘pni ko‘rgan kampir, xazorispandning qaynatmasi, yara-chaqani tuzatadi degani esiga tushgandi U toshquduq atrofida siyra
k o‘sgan xazorispandning garmseldan qovjirab qolgan shoxlarini yulib keldi. Xas-xashak va unda-bunda uchrab turadigan shox-shabbadan olov yoqdi. Tosh quduq atrofidagi toshlar orasidan topib olgan, cheti uchgan sopol kosani suvga to‘ldirib ichiga xazorispandni tashlab gulxanga qo‘ydi. Suv qaynab, qoramtir tusga kirdi. Jilva gulxanni o‘chirib qaynatmani sovutdi. Keyin extiyotkorlik bilan patos boylagan yarani yuva boshladi. Kuniga bir necha marta shu ishni takrorlagach, tadbiri em bera boshlagani sezildi. Yara quriy boshladi…
…Men sizni tanimay qoldim, begim. Men o‘layotgan edim. Jahannam og‘zidan tortib oldingiz. Men otamni ko‘rdim. U qo‘lida qonli xanjar bilan kimningdir boshini kesib olayotgan edi. Uning xanjar tutgan qo‘li to tirsagigacha qonga botgan ekan. Nega otam uning boshini kesyapti, tushunmadim. Lekin xanjarni tanidim. U mening xanjarim edi. Otam nega bu kishiga qasd qilgan? Hamon ko‘z oldimda turibdi. U jayronga tashlangan shoqoldek, ko‘zlaridan sovuq alanga sachratib, qora soqolli bir kimsani cho‘kkalatdi. Keyin uning boshini tizzalari orasiga qisib, dikkaygan soqolidan torta-torta boshini tepaga qaratdi va o‘ynab turgan kekirdagiga xanjar tortdi. Hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Begim, men otamni hech qachon ko‘rgan emasman. Men uni hatto tasavvur ham qila olmasdim. Lekin o‘sha bosh kesayotgan jallodnusxa kishining otam ekanligini bildim. Qizig‘i hech kim menga ana shu kimsa otang bo‘ladi deb ham aytgani yo‘q. Men maqtulning kesilgan joyidan likillab turgan kekirdagini, oppoq tomirlaridan so‘nggi qoni tomchilas
hini, jon tark etayotgan tanasining ahyon-ahyon dirkillab turishini ham ko‘rdim. Boshidan judo bo‘lib, shalvirab qolgan jasadning eti pir-pir uchayotgani, tupchadek dum-dumaloq kallani qonga belangan soqolidan ushlab ko‘tarib turgan otamning ko‘zlaridagi mastona tantanani ham ko‘rdim.
Atrof tumonat odam edi. Ularning yarmi mahqum, yarmi esa jallod ekanligini bildim. Men ham o‘sha to‘dada edim. Lekin ularning qaysi firqasiga kirishimni bilmadim. Men maqtulmidim yoxud qotil, shuni bilmadim, begim. Siz buni anglashimni istamadingizmi, mening ham qo‘llarim qonga bulg‘anmasligini istadingizmi…
…Nurgeldi bir oyda o‘rnidan turdi. Qovurilgan kiyik go‘shti ham bir oyda tugadi. Sahro ham g‘azabini shu bir oyda sarflab bo‘ldimi, endi oftob oldingidek jizg‘anak qilg‘ulik otashini purkamas, oqshomlari salqin tushib etni junjiktirar darajaga olib kelar, kunlar kisqarib borayotgandi. Mezon kirib kelayotganini bildirib, havoda o‘rgimchak to‘rlari suzib qolgandi. Ular nima qilishni bilishmas, to‘g‘rirog‘i ertaning tashvishini qilishni, o‘ylashni istashmasdi. Qorinlari to‘ygudek o‘lja topilsa baxtiyor, bo‘lmasa chalaqursoq bo‘lsalar ham indamay kiyik terisiga o‘ralib yotishar, tong otgachgina yana bir o‘zlari uchun mavhum kunning boshlanishini allaqanday g‘alati xursandchilik bilan kutib olishardi. Kunlar kun-kundan sovuy boshlagan, shuning uchun kulbaning ichida gulxan yoqishga majbur bo‘lishayotgandi. Qilichini qayrab qish kelayotganini his qilishar, bu omonat kulba qahratondan o‘zlarini saqlab qololmasligini ham bilishar, biroq ikkovlari ketish haqida so‘z ochishmas, gaplashganlarida ham shu mavzuni chetla
b o‘tishardi.
Negadir Nurgeldi ozodlikka chiqish haqida o‘y surishga ham qo‘rqardi. Jilvaning amir saroyida malika bo‘lish orzusi unutilgandi. Yana qiz o‘zining begoyim ekanligini, yigit esa bechora qul ekanligini ham unutgandilar. Ular guyo qirq yildan beri bir yostiqqa bosh qo‘yib kelayotgan er-xotindek, bir-birlarini ko‘z qarashidan tushunadigan bo‘lib qolgan edilar. Nurgeldi ertalabdanoq turib, o‘q-yoyini yelkasiga ilgancha ovga chiqib ketar, omadi kelsa, biron ilvasin ko‘tarib kelar, beka esa kulbani supurib-sidirar, quduqdan suv tortar, gulxan uchun shox-shabba terib kelar, agar yigit ovdan o‘ljador bo‘lib qaytsa, kuydirib-pishirish harakatini qilardi. Ularning bir oila bo‘lishlariga yetishmagan bitta narsa, u ham bo‘lsa tunlari ayri yotishlari edi. Yigit kunduzlari yolg‘iz qolganida faqat shuni o‘ylar, bu tun albatta maqsadini amalga oshirishga ahd qilar, biroq ko‘zi bekaning ko‘ziga tushishi bilan kunduzgi botirligidan asar ham qolmas, birdan sovub, shalvirab qolar, haqida kunduzi o‘ylaganlaridan uyalib ketardi. J
ilva ham kunduz kunlari kulbada yolg‘iz qolganida toshnovning ustiga chiqib olib, Nurgeldining kelishini kutar ekan, uning keng quchog‘ida to‘lg‘onayotganini tasavvur qilib, hayajonga tushib terga botardi.
Shunday kunlarning birida ularning tor kulbasiga isqirt bir chol kirib keldi. U bir ko‘zi g‘ilay, qosh va kipriklari kuya tushgan po‘stakdek ilvirab qolgan, burni yapasqiligidan nafas olganda ingichka, hushtakmonand tovush chiqarar, ich-ichiga botib ketgan chakkalari yonoq suyaklarini yanada bo‘rtiqroq ko‘rsatar, echkinidek engagida bitgan soqoli siyrak, boshiga qo‘ndirgan kulohi bilan ustiga tashlagan jandasi kirlikdan yaltirab ketgan, oyog‘idagi xom teridan uquvsizlarcha tikilgan choriqni ola-chipor jun arqon bilan o‘rab bog‘lagan, kishining ko‘zi ilkis tushgudek bo‘lsa, saksovul kundasiga chipor ilon chirmashib turgandek sovuq taassurot uyg‘otar edi.
Quyosh botgan bo‘lsa-da, atrof qorong‘ulashib ulgurmagan, ufqda paydo bo‘lgan yakkayu yagona bulut parchasi qip-qizil shafaqqa aylangan, kun botayotgan tomondan esayotgan sovuq shamol etni junjiktirib, sahrodagi g‘arib qumtepalarni yanada qoraytira boshlagan, allaqanday o‘ksik o‘ylar yurakni ezg‘ilab, g‘ijimlab yuboradigan zavol pallasida osmondan tushgan yoxud qumdan bosh ko‘targan ilondek qo‘qqisdan paydo bo‘ldi bu chol. Anchadan beri o‘zlaridan boshqa kimsaga ko‘zlari tushmagan, o‘zlaridan boshqa hamsuhbat topmagan bo‘lsalar-da, bu kimsaning murdor qiyofasi har ikkalalariga ham mutlaqo o‘tirishmadi. Biroq uni kulbaga taklif qilishga bu holat negadir monelik qilmadi.
– Men bir qalandar, Olloning sargardon bandasidurman. Hargiz, injimangiz. Menga bir qultum suv, bir tishlam yemak bo‘lsa bas. Kulbangizning bir chetida tong otdirsam, tongda yo‘lga chiqajakman.
Uning qiyofasi qanchalar dahshatli bo‘lmasin, yakka-yarim qolgan sarg‘ish-qoramtir tishli o‘radek keng og‘zidan chiqayotgan so‘zlari shunchalik mayin va xushyoqar ediki, ular birdan cholning tinimsiz so‘zlashini istab qoldilar.
Nurgeldi gulxan yoqdi. Kulba birdan yorishib, tanalariga yoqimli iliqlik yugurdi. Jilva cholning ostiga po‘stak tashladi. Keyin yakkayu-yagona bisotlari bo‘lgan cheti uchgan sopol kosani suvga to‘ldirib, ichiga uch bo‘lak quritilgan go‘shtni tashlagach, gulxanga qo‘ydi.
– Bu ojizaning kangluni nechun ozorlamoqdasiz, bo‘tam? – dedi chol Jilva tashqariga chiqqanida Nurgeldiga yagona ko‘zini kattaroq ochib qararkan.
– Bilmadim. Jilvaning ko‘nglini olish mening ilkimdan kelmaydurg‘on ish ko‘rinadir. – Yigit og‘ir so‘lish olib boshini xam qildi.
– Er kishining qo‘lidan kelmaydirg‘on ishning o‘zi yo‘qtur. Uning uchun yurakda jahd bo‘lsa bas. Ollo Odam¬atoning qiyshiq qovurg‘asindan Momohavoni bunyod etkaninda, uning kangul sururini shul lazzatga bog‘lab qo‘ymishdur. Erta bahorda unib chiqqan chechak agar yomg‘ir bo‘lmasa qurib xasga aylangani tsingari Momohavoning nasli ham shu sururdan benasib qolsa qovjiray boshlaydir.
Jilva kirib kelsa ham, chol avzoyini o‘zgartirmay, gapini davom ettiraverdi.
– U birovni past, birovni yuqori qilib yaratmagan. Hech kim Uning dargohida tabaqalanmagay, bo‘talarim. Sen qul, men hoja deganlari bu yerda, – u tirnoqlari o‘sib ketgan, irkit ko‘rsatkich barmog‘ini pastga nuqidi, – o‘zini tirik deb ataydigan mavjudotlar orasindadir. Odamotaning qavmi Momahavoning nasliga qovushmog‘i shart. Bunga hech qanday monelik bo‘lmas. Aksinda Uning o‘zi yaratgan ins qavmi yo‘qolib bitmagaymi?
Uning qisilgan g‘ilay chap ko‘zi ham ochilib ketgandek edi go‘yo. Undan ohanraboday o‘ziga tortguvchi qandaydir sirli quvvat taralar, ilk bor ko‘rganlaridagi irganish qayergadir izsiz g‘oyib bo‘lgan, uning bo‘sh qolgan o‘rnini esa tushuniksiz hurmatga ham, ixlosga ham, muhabbatga ham o‘xshab ketadigan, ularning qorishig‘idan paydo bo‘lgan haromi o‘g‘ildek surbet tuyg‘u butkul egallab olgandi.
Jilva gulxanda sho‘rvasi bilq-bilq qaynayotgan sopol kosani teri bilan ushlab ko‘tarib, ikkita toshbaqaning muguz kosasiga bo‘lib qo‘ydi. Keyin allaqanday iymanish bilan birini cholning, ikkinchisini Nurgeldining oldiga surdi. Chol sho‘rvadan bir-ikki ho‘plagan, go‘shtdan totingan bo‘lib kosani chetga surdi.
Nurgeldi cholning qul va hoja xaqidagi gapidan keyin avliyo ekanligiga ishonch hosil qildi. Ko‘nglidagi gaplarni topib gapirayotganidan mumdek erib o‘tirardi.
– Lut payg‘ambarning qismati ne bo‘lganini eshitganmisizlar, – chol tishsiz milkini chapillatgancha bir tishlamgina go‘shtni uzoq chaynalib yutgach, ularga ifodasiz ko‘zini tikkancha qaradi. – Lut payg‘ambar ham Uning tanlaganlaridan biri edi. Shul zot bir sabab bilan qavmidan badarg‘a bo‘lib, ovloq g‘orda ikkita bo‘y yetgan qizi bilan yashay boshladi. U qarib qolgan, umri nihoyalayotgan esada o‘z naslini davom ettiradigan o‘g‘il farzand ko‘rmagan edi. Bir kuni qizlari otasini shu muammodan xalos qilishning oqilona yo‘lini topadilar. O‘sha tunda katta qizi ota¬siga chog‘ir ichirib mast qilgach qo‘yniga kiradi va undan homila orttiradi. Keyingi tunda esa kichik qizi opasining ishini takrorlab, ul ham homilali bo‘ladi. Otasi tezda o‘lim topadi. Qizlaridan ikki o‘g‘il dunyoga keladi. Shu ikki o‘g‘ildan ulkan Lut qavmi vujudga keladi. Ko‘rdingizmi, U Lutga shafqat qilib, undan qavm bunyod etdi. Illo sizlar ham bu sahroda beiz ketmagaysiz. Sizdan qavm bunyodga kelsa ne ajab. Sizlar ham qovushinglar. Tiriklikning a
sosi shuning o‘zi emasmi, bo‘talarim, – u biroz tanaffus qilganidan so‘ng gapini davom ettirarkan. – Sizning farzandingiz tug‘iladi. U sizning naslingizni davom ettirgusi. Kun keladi, siz bu sahroni tark etasizlar. Shunda ul farzand shu yerda qoladi.
Jilvaning ko‘zlarida g‘alati, tushuniksiz alanga ko‘rindi. Yigit esa hamon boshini yerdan ko‘tara olmas, nigohlari bilan yer chizib o‘tirarkan, tanasi cho‘qqa qo‘yilgan toshdek qiziy boshladi. Agar chol bo‘lmasa, Jilvani bag‘riga bosgan, lablaridan, oppoq bo‘ynidan bo‘sa olgan bo‘lardi.
Tashqarida negadir it uvladi. Unda bunaqa odat yo‘q edi. Uvlashi ham xunukdan-xunuk, etni junjiktirar darajada sovuq tuyuldi.
– Ie, hali it ham bormi? Uvlagan it bexosiyatdir. Ul xojasiga o‘lim tilasagina uvlaydir. Uni o‘ldiringiz! – Chol negadir bezovtalanib qoldi.
It kulba atrofini bezovta aylanib chopdi. G‘ingshidi. Keyin yana bir karra uvlab yubordi.
– Tong ham oqarib qoldi, – dedi negadir chol qalt-qalt titragancha. – Endi ketar fursatim ham keldi. – Chol o‘rnidan turib kashkulini beliga osarkan, bir narsa esiga tushib qolgandek Jilvaga o‘girilib, unga bir g‘alati qarash qildi. Kashkuldan bujmayib ketgan olmani chiqarib unga uzatdi. – Buni ikkalangiz bo‘lib yesanglar er-xotin bo‘lasizlar. Bu ilohiy olma. Farzand ko‘rganingizda uning ismini Sotuna qo‘yasizlar. Esingizdan chiqmasin. Sotuna.
Chol tashqariga yo‘naldi. Haqiqatan ham mashriq ufqi qizara boshlagan edi. Bundan hayratga tushishga ulgurmadilar. Qayerdan paydo bo‘lgan it akillagancha cholga tashlandi. Chol hay-haylagancha tayog‘ini silkib, yirik-yirik qadamlar bilan kunbotarga qarab lo‘killay boshladi. Lahza o‘tmay zulmatga qorishib ko‘zdan yo‘qoldi. Biroq, it hamon vovullagancha uning ortidan ergashar, qumtepadan oshib ko‘zdan yo‘qolgan bo‘lsa-da, anchagacha uning tovushlari kelib turdi. Shundan keyingina ular ichkariga qaytib kirdilar.
– Sizningcha butun tunni gaplashib o‘tkazdikmi, begim? – hayratini yashirmay so‘radi Nurgeldi chol o‘tirgan po‘stakka cho‘kar ekan.
– Men ham anglamay qoldim. U kunbotarda kelib edi. O‘shandan keyin bir sho‘rva qaynar fursat o‘tirdi. Yo sho‘rva shunaqa sekin qaynadimikan…
– Gulxan ham o‘chgani yo‘q. Yo o‘tin tashlaganmidingiz? – Hamon hayratini yashira olmasdi Nurgeldi.
– Yo‘q, tashlamadim. O‘sha o‘tin, – yelkasini qisdi qiz ham.
– Ha, biz hizrgami, yo biron avliyogami ro‘para bo‘lganimiz haqiqatga o‘xshaydi. Aytgancha, u sizga olma bergandimi?
Jilva qo‘yniga qo‘l solib ko‘rdi – olma yo‘q. Nahotki, hozirgina ko‘rganlari tush bo‘lsa?
– Yo‘q, – dedi qiz ko‘zlarini katta-katta ochib, – nahotki yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsam. Hozirgina qo‘ynimga solib qo‘ygandim-ku!
– Balki tashqariga chiqqanimizda tushirib qoldirgandirsiz.
Shundan so‘ng har ikkalalari ham tashqariga yo‘l oldilar. Olma shundoqqina eshikning oldida dumalanib yotardi. Biroq, uni topib olganlari uchun emas, balki kunchiqar ufqda hozirgina ko‘rinib turgan shafaq zim-g‘oyib bo‘lganidan hayratlanardilar. Atrof hali tun yarmidan og‘maganini bildirib zimistonligicha turar, osmon yulduzlarga to‘la edi.
– Balki, bizga shunday tuyulgandir. Hali tongga uzoq-ku, – dedi yigit yana bir karra osmonga qarab olarkan.
– Yo‘q, chol bizning ko‘zimizni bog‘lagan bo‘lsa kerak.
– Hmm. Olmasini ko‘rsating-chi.
Qiz qo‘lida ushlab turgan olmani yigitning qo‘liga tutqazdi. Bujmaygan olma unga sirli va ajabtovur ko‘rindi. Olmani aylantirib ko‘rdi. Keyin hidladi, dimog‘iga hushbo‘y hid urilib vujudi yengillashdi. Yuragi dukillab, tanasiga yoqimli iliqliq yugurdi. Shartta xanjar bilan uni ikkiga bo‘lib, birini qizning og‘ziga tutdi. Ikkalasi ham bir paytning o‘zida qarsillatib olma chaynasharkan, bir-birlariga nigohlari tushib ilkis jim qoldilar. Keyin sekin-sekin siljib bir-birlariga yaqinlashdilar. Oradan olisdan-olis cho‘zilgan bir soniya ham o‘tib ular bir-birlarining og‘ushlariga singib ketdilar…
…Ena, enajon, sahroda bir o‘t bo‘larkan, tuyaqorin degan. U tuyaning qornidek katta va dum-dumaloq bo‘lib o‘sarkan. Bahor o‘tib, birinchi garmsel qo‘zg‘olganida u tomiridan cho‘rt sinib dumalanib ketarverarkan. Qachonki, biron ilinib qolardek narsa topganida tinarkan. Keyin shamolda uchib kelayotgan qumni ushlab qolaverganidan u to‘xtab qolgan joyda katta barxan paydo bo‘larkan. Mening ham bahorim o‘tib, boshlangan ilk bo‘ron tomirlarimni sindirib, sahroga uloqtirib tashladi. Darbadarligim boshlandi. O‘sha tuyaqorin tsingari sarson daydishim bu tunda poyoniga yetdi. Men Nurga ilinib to‘xtadim. Endi sahro menga shafqat qilib, qumga ko‘mmagunicha, bag‘riga olmaguncha, shu yerda qolaveraman, ena.
Siz endi tushimga kirmay qo‘yasiz. Siz, yuz berishi muqarrar bo‘lgan voqeaning, bu tunda amalga oshganini bilganingizda edi, hozir meni yer mushtlab qarg‘ayotgan bo‘larmidingiz. Balki, siz mening o‘limim xabarini eshitgan, mening motamimni ham o‘tkazib ulgurgan bo‘lsangiz, bunga umrbod ishonib yuravering. Agar qandaydir daydi shamol mening hidimni olib borsa, u shamolni haydang va unga inonmang. Men o‘lganman. O‘sha sizning xonadoningiz ostonasidan chiqqan lahzalarimda tomirim qurigan, jonim uzilgan, enajon. Bu shamollar mening loshimni sudrab yuribdi.
Siz mening baxtiyor kelinchak bo‘lib go‘shangaga kirishimni istardingiz. Bugun qismat yetaklab kelgan qahri qattiq sahroda o‘sha siz orzu qilgan go‘shangaga yetishdim, ena. Yana qaytib sizni ko‘ramanmi, yo‘qmi, biroq, otam orzu qilganidek qasrda amirning go‘shangasiga emas, kimsasiz sahroda bir qulning quchog‘ida orom topdim, ena! Agar shundan otam xabar topganida ikkalamizni ham tilkalab tashlarmidi. Xudoga shukrki, otam qiyomatga qadar bundan xabardor bo‘lmaydi. Hartugul men shundoq bo‘lishini istayman.
Men har bir bosgan qadamim, garchi ming mashaqqat bilan amalga oshayotgan bo‘lsa-da, biroq firdavsmonand hayotga, olamning eng farahbahsh manzili deb bilganim, o‘zimcha tasavvur qiladigan, hatto tushlarimga-da kirib chiqadigan Buxoroga yaqinlashtirayotganidan azoblarim tatimasdi. Ming bir azob bilan bo‘lsa-da, qarichma-qarich yaqinlashayotganim, Buxoro endi yo‘q. Men bir necha yillar davomida ko‘nglimda, fikru xayolimda bunyod etgan, har tun ko‘nglim bilan yolg‘iz qolganimda, miriqib tomosha qiladigan, unga necha-necha yangi tafsilotlarni qo‘shadigan, har tun osmonimda yo‘lchi yulduzdek mayoq bo‘lib jilvalanadigan Buxoromni yo‘qotdim, enajon. Ichim huvillab qoldi. Bo‘ron yalab o‘tgan sahrodek, kimsasiz va zimiston bo‘lib qoldim, ena.
Endi, yong‘in vayron qilgan qasrning ustunidek so‘ppaygancha, huvillagan ko‘nglimda faqatgina Nur qoldi. Shu qip-qizil va kimsasiz yalanglikda Buxoroni qayta bunyod etmoqni Nur uddalarmikan. Bilmadim, ena. Bilmadim…
…Ertalab Nurgeldi kech uyg‘ondi. Negadir to‘shakdan turgisi kelmay maza qilib kerishdi. Tungi voqeani eslab yoniga qaradi. Begimning o‘rni bo‘sh edi. Erinib o‘rnidan turdi. U tashqarida o‘zi yaxshi ko‘radigan toshnovning ustida, quyosh chiqayotgan tomonga qarab o‘tirardi. Nurgeldi Beshim oqsoqolga taqlidan tomoq qirib qo‘ydi. Shunda qiz birdan o‘rnidan turib, toshbaqa kosasiga to‘ldirilgan suvni olgancha peshvoz yurdi. U suv quyib turdi, yigit yuvindi. O‘tgan tun ularning hayotidagi barcha narsani o‘zgartirib yuborgan, endi yigitning xizmatini Jilva bajarardi. Yigit avval o‘zini shuncha xo‘rlagan Beshim oqsoqolning arzanda qizi girdikapalak bo‘lib xizmatini qilayotganidan mag‘rurlanib qo‘ydi. Ko‘ksida necha yildan beri toshdek qotib yotgan qasos olish istagi ushalayotgandek tuyulib, huzurlandi. Biroq qizning samimiy yuzidagi bolalarcha sodda va beg‘uborlikni ko‘rganidan keyin otasining alamini shu ojizadan olish yigit kishiga yarashmasligini o‘ylab, qovog‘ini ochdi. Unga jilmayib qaradi. Jilva ham uning chi
royi ochilganini ko‘rib, jilmaydi.
– Nega kulasiz….kulasan? – jo‘rttaga qovog‘ini soldi yigit.
– Siz-chi? Siz nega kulyapsiz? – qiqirladi qiz, uning bir sizlab, bir senlashidan zavqlanib.
– Nega kulayotganimni aytaymi, a. Aytaymi?
– Ayting.
– Aytsam, ana eshit. Sening yuzingga qorakuya surtilibdi!
– Qayeriga?
– Mana bu yeriga, – yigit unga talpinib qo‘lidan ushlamoqchi bo‘ldi. Biroq Jilva ham jayrondek chaqqonlik bilan qo‘lidan sirg‘alib chiqib yuziga suv sepib yubordi. Yigit birdan to‘xtadi. Qiz esa qiqirlagancha qocha boshladi.
Nurgeldi uning ortidan kulimsirab qarab turarkan, yuragi bir entikib ketdi. O‘tgan umri davomida hech qachon ta’mini totish nasib etmagan baxt unga shu kimsasiz sahroda o‘zining butun husni tarovati bilan bo‘y ko‘rsatgan edi. Nurgeldi unga sarmast bo‘lib tikildi. Bu lahzalar uchun butun boshli umrini qurbon qilsa ham arzirdi. Uning ko‘zlariga shu paytgacha faqat yolg‘izlik va badbinlikning timsoli bo‘lib ko‘ringan g‘arib qumtepalar shunchalik yashnab ketgandiki, xuddi jannat shu yerda bino bo‘lgandek, qanchalik tikilmasin, undan ko‘z olish qiyin bo‘lib borar, vujudida tuganmas qudratni his qilib, xuddi burgutdek qanotlarini yoygancha, bu firdavsmonand sahroning osmonini qulochlashni istab qoldi. Qiqirlab kulayotgan, farishtaga o‘xshab ketayotgan qizning ortidan bir hovuch suv olib chopa ketdi. Unga yetib olganida qo‘lidagi suv to‘kilib ado bo‘lgan edi. Qizni qumga yiqitib oldi va yuzlaridan, bo‘ynidan, hilvirab qolgan ko‘ylagi yashira olmagan oppoq siynalaridan o‘pa boshladi…
…Ular shu lahzalarning toabad davom etishini istashardi. Biroq baxtga qarshi kunlar chopqir otlardek bir-birini quvalashib yelib o‘taverardi. Sahroning saratondagi jaziramasidan amallab omon qolganlariga hech qancha o‘tmay, qish izg‘iriniga duch kelishdi. Amallab bahorga chiqib olganlarida Jilvaning ko‘zi yoridi. Ularga unchalik o‘tirishmasa-da baribir cholning gapini ikki qilmasdan pahlavondek tug‘ilgan chaqaloqqa Sotun deb ismni qo‘yishdi.
Sotun durkun bo‘lib o‘sdi. Ikki yoshga kirganida chopqillab yura boshladi. Ular sahroni makon tutganlariga uch yil to‘lganida pildirab yurgan bolakay qumtepalar orasidan bilakdek keladigan ilonni sudrab keldi. Buni ko‘rib Jilvaning o‘takasi yorilib ketdi. Ilon tirik edi. Bola uni xuddi mushukni o‘ynagandek ezg‘ilab o‘ynar, og‘ziga qo‘lini tiqib, ayri tilini ushlab olishga urinardi. Jilva ko‘zlarini chirt yumgancha chinqirib yubordi va chopib borib ilonni uning qo‘lidan tortib olib sahro bag‘riga irg‘itib yubordi va shilqillab o‘tirib qoldi. U tildan qolgandi…
…Tushimga yana otam kiribdi, Begim. Negadir bu safar barchasini aniq-tiniq ko‘rdim. Buning ustiga barcha tafsilotlarini miridan-sirigacha eslab qoldim. Otam barzangi odam edi. Zulukdek qora oti ham o‘zidek bahaybat edi. U oqsoqolga o‘xshab ketadigan, ammo, undan yosh va iyak ostiga o‘stirgan soqoli ham qop-qora kimsaning cho‘girmasini olib tashladi va, taqir boshini tizzalari orasiga qisib turib, bo‘g‘ziga xanjar tortdi. Aniq ko‘rdim, hatto uning jon talvasasida xirillashini ham, ayollarning chuvvos tortishini ham eshitib turardim. Otam ul kimsaning boshini kesib oldi va soqolidan ushlagancha baland ko‘tardi. Keyin uni irg‘itib yubordi. Atrofda qiy-chuv ko‘tarildi. Keyin birdan sukunat qopladi. Otam qonga belangan boshni tepib dumalatib yubordi va dahshatdan ko‘zlari olayib ketgan qizning ko‘lidan ushladi. U qiz qayerdan paydo bo‘lganini ilg‘ay olmadim. Qiz negadir senga o‘xshab ketardi, Jilva! Lekin u sen kabi dadil va mag‘rur emas, allaqanday o‘ksik, allaqanday tushuniksiz, g‘ussaga cho‘lg‘ongandek edi. Otam
uni bir siltab bag‘riga bosdi…
Shunda qayerdandir bir bashara namoyon bo‘ldi. U bashara menga naqadar tanish ekanligini his qildim. U sarbonga ham, shilpiq cho‘ponga ham, avliyo chol bo‘lib ko‘ringan darvishga ham o‘xshab ketardi. Biroq yana qaysidir jihatlari bilan ularga mutlaqo o‘xshamasdi ham.
Begim, sen tildan qolgandan beri ko‘zim ilingan zahoti ko‘ra boshlayman. Bilmadim, bu nimadan darak…
…Kundan kunga begimning ahvoli og‘irlasha boshladi. Uni bir hozik tabibga ko‘rsatish kerak edi. Nihoyat ularga uch qishu uch yoz boshpana bergan, yaxshi- yomon kunlariga guvoh bo‘lgan, va negadir yuragidan joy olgan qadrdon sahrodan rizqlari uzilganini his qilgan Nurgeldi narsalarini yig‘ishtira boshladi. Xotinini opichlab, o‘g‘lining qo‘lidan yetaklagancha yo‘lga tushdi…
Daryoning narigi tomonidagi bir qishloqqa yetib kelganlarida Jilvaning ahvoli ancha tanglashgan, Nurgeldining o‘zi ham sillasi quriganidan birinchi duch kelgan eshikka zo‘rg‘a yetib keldi. Itning hurganini, kimningdir ovoz berganini elas-elas eshitib, yigit begimni yelkasidan tushirib, yerga yotqizdi. O‘zi ham uning yoniga cho‘zildi. Ko‘zini ochganida allaqachon tong otgan, shiftdan osilib turgan qamish darchaning tirqishidan tushgan bir qatimgina nurdanmi, allaqanday qizg‘ish tovlanardi. Tashqarida avval otning dupuri eshitildi. Keyin qandaydir erkak kishining qattiq-qattiq gapirishi eshitildi. Birozdan keyin, o‘siq yungli cho‘girma kiygan barvasta kishi xonaga kirib keldi. Nurgeldi holsiz bo‘lsa-da o‘rnidan inqillab turib cho‘kkaladi. Kelguvchi unga e’tibor ham bermadi.
– Shularmi? – so‘radi u ortiga o‘girilib.
Shunda uning keng yelkalari ortida ko‘zga tashlanmay turgan kimsa ovoz berdi.
– Ha, shular, taqsir.
Nurgeldiga bu tovush tanish tuyuldi. Qayerda eshitganiykin.
– Ayol bilan bolani aravaga oling. Buni otga o‘ngaring, – buyruq berardi barzangi. – Oqsoqolning qo‘liga tirik yetkazish kerak!
– Bosh ustiga, taqsir! O‘rningdan tura olasanmi?
Shu payt ovoz egasi kelguvchining ortidan chiqib, ko‘rinish berdi. Uni shum taqdiri yetaklab yurganidan beri duch kelayotgan kimsalarning yana bittasining irkit basharasi namoyon bo‘ldi. Yana o‘sha g‘ilay va shilpiq ko‘z, siyrak soqol, kuya tushgan po‘stakka o‘xshagan qosh va kinoyali iljayish qotib qolgan yuz…
Unga qarab turib, Nurgeldi barchasidan charchaganini, barchasi tuzsiz oshdek me’dasiga urganini his qildi. Endi unga baribir edi. Uni tushiyu o‘ngida taqib etayotgan bu basharalarga qarshilik ko‘rsatishga endi unda majol qolmagandi. U horg‘inliq va loqaydlik bilan kimsaning ortidan ergashdi. Beshim oqsoqolning hovlisiga yetib kelganida ham ongi faromush bo‘lib angrayib turardi…
… – Ha, Erganjaning haromisi! O‘shanda sening boshingni olib tashlasam bo‘larkan, itvachcha! O‘shanda jon berayotgan enamning iltijosi yerda qolmasin, degandim. Sen la’nati meni nahsga botirishingni tush ko‘ribmanmi! Otang Erganja qaroqchi, ukamning boshini olib, singlimning nomusiga tekkani, shundan sen haromini to‘ratgani kammidi?! Menglining otasiz o‘sgani yetmaganidek, sen uni ham juvonmarg qilding!
Munkillib qolgan oqsoqolning so‘nggi yillarda birorta qora tolasi qolmagan engak osti soqoliga zahardan-da achchiq ikki tomchi yosh dumalab tushdi.
– O‘ldir uni, Normat, – dedi tishlari orasidan chiqarib. O‘girilib eshik tomon yurar ekan, past ovozda qo‘shib qo‘ydi: – Uchalasini ham!
…Negadir bola izsiz yo‘qolgandi. Keyinroq, odamlar bir qalandarsifat kimsa uni yetaklagancha sahro tomonga ketayotganini ko‘rishganini aytib yurishdi. Qalandarni batafsil tasvirlab berishar, biroq bolaning qanday ko‘rinishdaligini aytolmasdilar…
Ha, u bolani o‘zi bino bo‘lgan sahroga olib ketgandi. Sotun shilpiq cho‘ponni izlab topishi, uning qiziga uylanishi, undan ikki o‘g‘il ko‘rishi, vaqti kelib, ulardan sahroni titratib, karvonlarni qon qaqshatadigan qaroqchilar qavmi bunyod bo‘lishi bitilgan o‘z qismati izidan ketgandi…
Hovlida qirq chog‘li odam yig‘ilgan bo‘lsa-da, oqsoqolning shivirlagandek past tovushda aytgan ikki jumlasini barcha eshitdi. Hovliga o‘lik sukunat cho‘kdi. Barzangi Normat negadir birdan tetiklashib qolgan Jilvani ham qo‘llari bog‘lik Nurgeldining yoniga tiz cho‘ktirib qo‘ydi.
Boshini egib jimgina cho‘kkalab turgan bandilarning oldida bir zum serrayib turganidan keyin pichirladi: «Kalima keltir, yigit!» Nurgeldi sekin boshini ko‘tardi. Kun botayotgan tomonga qaradi. Ufq negadir qip-qizil edi. Ko‘zlarini qisib biroz termulib turdi. Keyin Jilvaga qaradi. Jilva ham ufqdan ko‘z uzmay turardi.
– Jilva, – shivirladi, yigit, – Jilva, men Uni ko‘rdim! U ko‘rinmoqda!
Jilvaning qonsiz yuzi hayajondan bo‘g‘riqib ketdi. Birdan tilga kirdi:
– Men ham…
Normatning keskir qilichi Nurgeldining bo‘yniga zarb bilan urildi. Bosh tarvuzdek uch-to‘rt qadamgacha dumalab borib to‘xtadi. Uning ochiq ko‘zlari hamon shafaq qoplagan ufqqa termulib turardi. Shu payt qilichning ikkinchi marotaba yumshoq etga shilt etib urilgani eshitildi va hammasi tugadi.