Aziz Norqulov. Polkovnikning armoni (hikoya)

Sukunat bilan suhbat qurish naqadar maroqli. Hayot muzlatib qo‘yilganga o‘xshaydi. Bir lahza bo‘l­sin tinib-tinchimagan odamzot uyquga cho‘mgan. Bunday pallada vaqt ichkarisiga uzayib ketgandek tuyuladi. Go‘yo ikkinchi hayo­timni yashay boshlayman. Parallel bir olamda – bu dunyo qanchalar huzurbaxsh ekanini his qilish uchun biroz bedorlik kerak.

Gup-gup urayotgan yurak, tomiringizda oqayotgan qon zabtini his qilasiz.

Hayotda-chi?!

Bir chaqaga arzir-arzimas yumushlar uchun yelib-yuguramiz. Boshqalar tugul o‘z ko‘nglimizga quloq tutishga vaqt yo‘q. Qalbimiz izhorlar, anduhlar, armonlar mozoristoniga aylanib boradi. Uni obod qilishga umrimiz yetadimi, yo‘qmi – bu faqat Yaratganga ayon.

Har tong tahsil olayotganim Markazga oshiqaman. Chala-yarim nonushta, uzuq-yuluq xayr-xo‘sh. Yo‘l-yo‘lakay sababsiz signallar, oshiqishlar, nihoyat, muqaddas maydonda safdamiz. Yuzdan ziyod odam bir lahza sukunat qo‘ynida qoladi. “Tekislan”, “Rostlan”, “Erkin” komandasi bilan polkovnik maydonga kirib keladi.

65 yillik umr, 45 yillik harbiy tajribadan hayotiy saboq beriladi. Har gal ota-­onani yo‘qlashni unutmaslikni uqtiradi. Kimdir to‘g‘ri tushunib, keragini qabul qiladi, bosh­qasi ilojsiz g‘udranadi. Kimdir “robot”ga aylanib qolgan bu odam ko‘ngil ishlarini unutganini aytib noliydi. Nima bo‘lganda ham barchamiz Vatan himoyasi yo‘lidagi mas’­uliyat va vazifalarimizni yana bir karra yod olib, o‘qishga, ishga kirishamiz.

Rostini aytsam, o‘zim ham yaqinlar, do‘stlar, ustozlarga yetarlicha vaqt ajrata olmayotganimdan siqilib, ich-etimni yeb yuraman. Kimdir yo‘qlab kelayotganini eshitsam, quvonaman. Hech bo‘lmasa, ertalab, kechqurun suhbatlashamiz. Ataylab borishga imkon qayda?!

Singlim jiyanchalar bilan biz tomonga otlanganini eshitib, sabrim chidamadi. Ular kelayotgan avtobusga qarama-qarshi tomondan duch kelguncha yurishga qaror qildim. Qo‘ng‘iroqlashib, shaharga yaqin tuman chegarasida kutib oldim. O‘g‘il-qizlarining bo‘yi ancha cho‘zilibdi.

Birgalikda sanato­riya­da yotgan ammamdan xabar oldik. Bolalarim tog‘asinikiga ketgani uchun uyda yolg‘iz edim. Bir mashina bo‘lib yo‘qlaganimizni ko‘r­­gan bemorning ko‘zlari­ga yosh qalqdi: “Hajlaring qabul bo‘lsin, bolam!”.

Uzoq gaplashib o‘tirdik, suratlarga tushdik. Bizni o‘z farzandidek ko‘radigan ammam sidqidildan duo qildi. Davolanishdan keyin uyga o‘tishini qayta-qayta tayinlab, shaharga qaytdik.

Qarindoshu qish­loq­doshlarni es­lab, uyga qanday yetib kelga­ni­mizni sezmay qolib­man. Singlim tayyor ovqatni isitib, choy damlab keldi. Lekin nimagadir piyola­ga quyib, uzatmadi. Tindirib qo‘yganini tax­min qilib, biroz kutdim. Keyin chiday olmay, sababini so‘radim:

– Kelinlik vaqtim ham choy quyib bermaganman. Kimga kerak bo‘lsa, o‘zi quyib ichaveradi.

Miyamda chaqmoq chaqqandek bo‘ldi. Chala yotgan ishlarim, rejalaru orzularim bir-bir ko‘z oldimdan o‘tdi. Odamlar ulardan voz kechishga arziydimi? Boshqalar-chi, sen uchun printsiplarini buza oladimi? O‘zimni behuda “qurbon” qilmayapmanmi?! Nahot, sun’iy chegaralarimizni hatlab o‘tolmasak?! Bunday qo‘lbola to‘siqlarning sanog‘i bormi?!.

Bu hodisa menga polkovnik bilan bog‘liq voqeani eslatdi. Manaman degan Vatan himoyachilari nigohidan hayiqadigan polkovnikning: “Uyimni sotib bo‘lsa ham aytganlarini qilsam bo‘lar ekan”, deya tit­ragan ovozda qilgan iqrori – idrab turgan yurakning hasrati emasmi!?

Bunday hasratlar, har kimda istagancha topiladi. Dadam enam (o‘zining onasi) vafot etishidan oldinroq aroq ichishni tashlamaganiga haligacha afsuslanadi. O‘zim bunday armonlarning sanog‘ida adashaman.

Mashrab boboning mashhur “O‘rtar” g‘azali bastakori bilan gazetaga suhbat tashkil qilib berishimni bir qadrli opamiz ko‘p iltimos qildi. Dunyoning oxiri yo‘q tashvish­lari oralab savol tuzib, tayyor qilgunimcha bir oydan ziyod vaqt o‘tdi. Qo‘ng‘iroqlashdik. Vaqtini topish biroz mushkul bo‘ldi. Bir kuni opa gina qilib, yig‘lab oldi. Tavakkal qilib, yo‘lga tushdim. Afsuski, uyda yo‘qligini bilgach, ortga qaytdim. Shafqatsiz o‘lim bu suhbatga to‘siq bo‘ldi.

Adabiyotshunos olim Bahodir Sarimsoqov bilan birgalikda tushlik qilayotgan mahal gazetaga intervyu qilishga kelishib oldik. Tuzgan savollarimga Bosh muharrir o‘zgartirish kiritishimni aytdi. Kunlarning birida, qayta ishlov berib o‘tirsam, filologiya fakultetini tamomlagan akamiz hayratlanib, sababini so‘radi. U mahallar hozirgidek ijtimoiy tarmoqlarda birov o‘lsa yoki tug‘ilsa ma’lumotlar bir necha kun aylanmasdi. Vafot etgan odam qolib, o‘zining soxta obro‘siga xizmat qiladigan postlar qo‘yilmaydigan paytlar. Domla qazo qilgan ekan. Savollarim qiyomatga qoldi.

Ko‘p shukr qilaman, ba’zi insonlar bilan shunday munosabatga kirishdimki, ularning yaqin orada o‘lishini bilganimda ham bundan ortiq e’zozlashim imkonsiz edi.

Biroz chalg‘idik. Polkovnikka qaytaylik.

Uning qarshisida yuzlab tinglovchilar chuqurroq nafas olishga cho‘chirdi. Har kuni ikki mahal bir soatdan ortiq tarbiyaviy dars. Kimgadir yoqar, yoqmas, bir inson 60 yildan ortiq yashab chiqargan xulosalarini biz bilan baham ko‘rardi. Orqasidan yaxshi-yomon gapiradiganlar topiladi, albatta. Harbiy libosdagi “qattiqqo‘l” rahbarning yuragida armonlari borligi bizga keyin ma’lum bo‘ldi. Tanbeh bersa ham “bolam” deb gapiradigan polkovnikka mehrimiz, ehtiromimiz oshdi.

– Ota-onam biror marta dardini, tashvishini, ehtiyo­jini aytmagandi. Shaharga kelgan otamni biror marta kutib olib yoki kuzatib qo‘ymaganman. Meni avaylashardi. Bir gal mehmonga kelganlarida onam yuragini ochib qoldilar – falon narsani olib bersang yaxshi bo‘lardi, deb. Hayotda shunday printsipim bor – hech qachon birovdan qarz so‘ramayman. O‘shanda oylikka biroz bor, yonimda esa yetarlicha pul yo‘q edi. Yashab turgan uyimni sotib bo‘lsa ham onam­ning aytganini qilishim kerak ekan.

Maoshimni olgunimcha onam ota yurtga qaytishiga to‘g‘ri keldi. Noiloj kuzatdim. Farzand­larim o‘rganib qolgan ekan, uch-to‘rt kun qo‘msab yurdi. Boshqa viloyatdan uylanganim uchun nabiralarini erkalab “gibrit bolalarim” derdi. Har gal eslaganimda yuragim idrab ketaverdi. Oyligimdan bosh-oyoq sarupo qilib, taxt qilib qo‘ydim. Ammo yuragimdagi g‘ashlik tarqamasdi.

Oradan vaqt o‘tib otam mehmonga kelib qoldi. Yaxshi kunlar, yoshlikni esladik. Ketayotganlarida onamga ataganimni berib qo‘yish­larini iltimos qildim. Unamadi. Yotig‘i bilan tushuntirganimda miyig‘ida kulib qo‘ydi.

– Yaqinda nonushta mahali “Bir ota o‘nta bolani boqarkan, biroq o‘nta bola bir ota-onaning ko‘nglini topa olmas ekan”, degandi. Gapining sababini so‘rasam aytmagandi. Endi tushundim. Bolam, buni o‘zing borganda olib borib ber, xursand bo‘ladi.

Chorasiz mehnat ta’tilini kuta boshladim. Har zamonda telefonda gaplashamiz. Hozirgidek aloqa vositalari, imkoniyatlar qayerda u mahallar?!

Bora-bora qo‘ng‘iroq qilsam, onamni chaqirib bermaydigan bo‘lib qolishdi.

– Do‘konga chiqqandi, qo‘shninikida, bog‘da edi…

Oxiri, toqatim toq bo‘ldi. “Topib ke­ling­­lar, kutaman” dedim.

Shundagina shifoxonada ekanini, og‘irlashib qolganini bildim. Ertasiga ishga borib, ruxsat oldim. Samolyot uchishiga 7 soat vaqt bor. Poyezd hozir yursa ham bir sutkaga yaqin vaqt ketadi.

Kunlar issiq, mayitni uzoq ushlab turishning iloji yo‘q.

Qo‘ng‘iroq qilib, onamning jasadini qiynamasliklarini tayinlab, yetib bora olmasligimni aytdim.

Ko‘zimda yosh, qo‘limda bosh-oyoq sarupo bilan uyga kirib bordim…

Polkovnikning qolgan gaplari qulog‘imga kirmay qo‘ydi. Har gal uqdiradigan ota-ona haqidagi tayinlovining boisini tushundim. Men ham enam (dadamning onasi) qazo qilganida janozasiga yetib bora olmagandim. Rosa 20 yil bo‘libdi. Oxirgi bor o‘limidan bir oy ilgari duosini olib chiqib ketgandim. Hozir ham o‘sha duo qo‘ltig‘imdan opichlab yurgandek tuyuladi.

U mahallar men talaba, qadrli singlim maktab o‘quvchisi edi. Endi farzandlarining maktabiga kiyim-bosh qilish uchun shuncha yo‘l bosib kelib o‘tiribdi. 20-30 yillik voqealar haqida gaplasha olayapmiz. Yana shuncha muddatda kim bor, kim yo‘q?!

O‘ylarimni singlimga sezdirmaslikka tirishib, piyolaga quygan issiq choyimni xo‘plagan ko‘yi suhbatni davom ettirdim.

Shu lahzalarda o‘zim yashaydigan parallel olamni qo‘msayotgandim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 35-son