…Tinchgina shaharda yuruvdim, qishloqni qo‘msab uyga otlandim. Hovli torlik qilib, toqqa yo‘l oldim. Mana oxiri kelganim – «keng» yerda o‘tiribman, butun dunyoni kaftdagidek ko‘rib. Odamzot qiziq, issiqqa ham sovuqqa ham, uzoqqa ham, yaqinga ham chidamaydi. Ishga ketayotsam qishloqdan zo‘rg‘a, o‘z-o‘zimni avrab, arang chiqib ketaman. Vaqt o‘tib qishloqqa otlansam ham shu ahvol. Shaharda ko‘z ilg‘amas rishtalar bilan yuzlab yumushlarga bog‘lanib qolganimni his qilaman. Birini bajarsang, ikkinchisi qolib ketadi. Nima bo‘lsa bo‘lar deyman-da, bir siltanib katta yo‘lga, undan ulovga chiqib olaman. Bu yo‘llardan qayerlarga borish mumkin? Yo‘l bo‘ylab yuzlab, minglab xonadonlar.
Oldinda yana qancha? Ular orasidagi birgina uyga intiqman. Faqat o‘sha manzildagina shodumonlik nimaligini anglayman. Mashinaning bir maromda guvillashidan bir oz mizg‘ib, aloq-chaloq tush ko‘ribman. Qattiq zilzila bo‘layotganmish. Ko‘pchilik uylarning devorlari yorilib ketgan. Uyga kirar-kirmasimdan osmonni quyuq bulut qoplab, jala boshlanibdi. Bir pasda hovlilardan sel ariqdek oqa boshladi…
Beo‘xshov signaldan sergaklanib, ko‘zimni ochdim. Katta yo‘lda pitillab ketayotgan mashinadaman. Atrofni ji-im kuzataman. Yo‘limda uchragan har bir narsa nimagadir ishora qilayotgandek. Bug‘doyzorlar shamolda dengizdek chayqaladi. Sarg‘aya boshlagan boshoqlar bosh silkitib xo‘shlashadi. Qishlog‘im, Oyqorning qorli tog‘lari olislardan quchog‘ini ochib qarshilaydi. Oylar o‘tib yana qaytayotganimdan sevinadi, menimcha. Jilg‘alaridagi suv o‘ynoqlab poyimga shoshiladi. Undagi shaffoflik qalbimga ko‘chadi. Shaharga ketayotganimda tog‘lar tund qiyofada bo‘ladi. Buni katta yo‘lga chiqib, ortimga qaraganimda sezaman. Mayin shabboda bilan yelkamga qoqib, dalda beradi. Bundan kuch-quvvatga to‘lib, yana ildamroq ilgarilayman. Qaytayotganimda ilonizi cho‘qqilar pastlab kelayotgandek, qarshimga peshvoz chiqib, peshonamdan o‘pmoqchi bo‘lib egilayotgandek tuyuladi.
Mana hozir o‘sha cho‘qqida sog‘inchlarimni aytib o‘tiribman. Qishloqqa uzoq termulaman, chayqalayotgan daraxtzorga o‘xshaydi. Huv, ana, qishloqning boshi — katta qir. U yerda qadimiy qabriston bor. Qir ustiga chiqqanda yurak bir hap-qiradi-ey: «Yana keldim, ey, jonajon qishlog‘im, seni qanchalar sog‘inganimni, qarog‘imda opichlab yurganimni tasavvur qila olmaysan. O‘yinqaroq bola ko‘nglini xushlagani keldi, desang adashasan. Yo‘q, men seni o‘zimdan ham yaxshi ko‘raman. Tuprog‘ingga singib ketgim, senga jo bo‘lgim bor. Bahoru kuzda kichkintoylarning yuragiga qo‘rqinch solib derazalarni chertadigan, tomlarni taqillatib qochadigan shamolga aylanib, har bir xonadondan xabar olgim keladi…»
Hovlida kuymalanayotgan onamni ko‘ra solib, quchog‘iga otaman o‘zimni. Ajinlari ko‘paygandek ko‘rinadi. Otam hassaga tayanib, hovliga chiqadi. Uyga kirarkanmiz, uni bir chetga uloqtiraman, chirigan yog‘ochchalik nafim tegmayotganidan g‘ashim keladi. Ota-onamni mahkam bag‘rimga bosib, toabad bag‘irlarida qolishni istayman.
Vaqt, zamon va makon mohiyatini yo‘qotadi. Bir pasda qorong‘i tushadi. Barqut bulutlar ustida suzayotgandek, tog‘lar alla aytayotgandek uyquga ketaman. Tiniqib uxlayman. Ertalab asabni buzadigan soat qo‘ng‘irog‘i o‘rniga giyohlarning xush bo‘yidan, qushlarning chug‘ur-chug‘uridan uyg‘onaman. Ochiq eshikdan purviqor tog‘larni tomosha qilib yotaman. Uning eng baland cho‘qqisiga chiqib hayqirgim keladi.
Hozir xuddi o‘sha yerdaman. Xohlaganimcha baqirayapman. Biror kimsa sas bermaydi. «O‘t-o‘lanlarga tirmashib chiqsammikan», degan o‘y o‘tadi xayolimdan. Qovjirayotgan maysalar qo‘limda g‘ijimlanib ketadi. Ichimda bir nima uziladi. Umidsizlanaman. Qishlog‘imga termulaman, bola xayollarim bilan ko‘chalarni aylanaman.
Hozir onam hamisha nevaralari qurshovida. Bir gal otam bilan shifoxonaga kelib, ikki-uch hafta qolib ketishdi. Onamning jiyanchaning rasmini qayta-qayta o‘payotganini ko‘rib qoldim.
— Tinchlikmi, onajon?
— Nevaralarimni sog‘indim, tezroq ketmasak bo‘lmaydi, — deydi ko‘ziga yosh olmoqdan beri bo‘lib.
Endi onamni sog‘ina boshladim. Akam bilan urushib qolsak, xivchin olib jazolaganida «onajon, onajon», deya yig‘lardik. O‘quvchilik yillarim qattiq betob bo‘lib qoldilar. Ikki hafta shifoxonada yotib davolandi. O‘shanda onamga atab uchta she’r yozgandim. Hayiqa-hayiqa otamga ko‘rsatganman.
Xayol olib qochib (qattiq charchaganimdan bo‘lsa kerak) toshga boshimni qo‘ygan mahal ko‘zim ilinibdi. Bir payt kimdir yordam so‘rab qichqirgandek bo‘ldi. Quloq solsam qirg‘iylarning ovozi. Ular qiyqirishar, nimalargadir ishora qilardi. Keyin qaylargadir uchib ketdi. O‘sha tomonga qarasam, suvning shaldiragan ovozi eshitildi.
Qayerdaligimni ham unutib xayollanib qoldim. Maysalar menga hamdard bo‘layotgandek chayqalib, egila-egila salom bergan bo‘ldi. Ularning jussalari tog‘ sayllaridan payhon bo‘lib ketgandi. Yuqoriga, xarsangtoshga umid bilan termuldim. Balki u bilar bu yerdan chiqib ketish yo‘lini.
Xarsangtoshning yuragiga quloq tutdim. Cho‘ng qoyatoshga tutashib ketgan keksa xarsang na’ra tortib yuborishdan o‘zini arang tiyib turardi. Uning bag‘riga bu yerga kelganlarning nomi o‘yib tashlangan. Yo‘lda ko‘rgan tushimning ta’birini ham so‘ramoqchiydim, iymandim. Savlatli cho‘qqilarga termuldim. So‘nggi umidim ulardan. Yaqinlashganim sari hadigim ortardi. Oyoqlarim toliqdi. Uzoqdagi qishlog‘imga termulaman, ko‘rgan tushim nimaga ishora?!
Qoyatosh meni mag‘rur tinglab, sekin xo‘rsinib qo‘ydi: «Sen bola eding, — dedi ohista, — huv, qirlar bag‘ri lolalarga bezangandi. Odamlar ularni tag-tomiri bilan qirib tashladi, — bir yutinib davom etdi u. — Lolalar teparoqqa, yana ham yuqoriroqqa chiqaverishdi. Payhon qilinaverdi. Ortimga boq, naqadar go‘zal. Men lolalarni asrab turibman…»
Ishora qilgan tomoniga itoatkorona o‘tdim. Shunda, shunda mo‘jizaga guvoh bo‘ldim. Chaman-chaman lolalarni ko‘rib, bahri dilim ochilib ketdi. Ular silkinib-silkinib, o‘ziga chorlardi. Tashvishlarim, orzuyu xayollar unut bo‘ldi. Lolalarning yoniga uzala tushdim. Ular mening sochlarimni siladi, biri kelib qulog‘imga pichirladi. To‘rt-beshtasi toliqqan oyoqlarimni uqalashga tushdi. Osmonu falakda, barqut bulutlar ustida kezayotgandek edim.
Kun og‘a boshladi. Negadir lolalar bilan xo‘shlashgim kelmasdi. Ergashtirib ketishni istadim, unsiz jilmayib rad qilishdi. Tabiat bilan uyg‘unlashib ketgandim. So‘zsiz tillashardik. Qani edi bir-birimizni bog‘lagan rishta hecham uzilmasa. Sevinchi ichiga sig‘may qiqir-qiqir qilayotgan qor erivudagi jilg‘alar menga yo‘lboshchilik qildi. Uzundan-uzun sharshara qishloqqa eltadigan eng yaqin yo‘lni ko‘rsatib turardi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 13-son