Bu yerda hamisha shovullab tuproq to‘kilib turadi. Tepalik o‘yilgan joyda tikka devordan, belkuragu ketmondan, sho‘r bosgan yelkalardan, cho‘kich zarbidan, kajava zambillardan shitirlab to‘kilardi. Bu shovullash o‘n besh-yigirma yil naridan kelayotganday, bo‘g‘iq, doim bir maromda allalab eshitiladi.
Tepalik o‘yilib, qo‘raday katta kovak hosil bo‘lgan, ichi nimqorong‘i, hurmat taxtasining tepasida yonib turgan ikkitagina lampochka bilan sal yorishib turibdi. Bu yerda ish tabiatning injiqliklariga qaramay, qoru qirov, selu jalada ham, sovuqda ham, issiqda ham tinmay davom etadi, tuproq to‘kiladigan jargacha so‘qma yul yaxshi shibbalangan, o‘sha yerdan tepalikning qovjiroq shumgiyayu shilvi, bujg‘un cho‘kirtaklari chirmashib yotgan sirti bemalol ko‘rinadi.
Ishlayotganlarning biri eng ichkarida, orqa devordan tuproqni metin bilan o‘yib berib turibdi. U o‘rta bo‘yli, qorachadan kelgan baquvvat odam, har zarbidan rosa yarim zambil tuproq to‘kiladi, ko‘zlari timqoraligidan g‘ira-shirada ham yiltillab ko‘rinadi. Ikkinchisi tuproqni bel bilan zambil kajavasiga tashlab turibdi. Yorug‘lik orqadan tushgani uchun, miyonagina tiqmachoq gavdasi chodirxayolning qo‘g‘irchoq soyasidek lipillab ko‘rinadi, yaqiniga borgan odam qoracho‘g‘larida ishga astoydil ixlosni o‘tini payqaydi.
Ular o‘zi yetti kishi, ikkitasi, ya’ni uchinchi va to‘rtinchisi zambilda. Bular aka-uka bo‘lsa kerakmi, bir-biriga juda o‘xshash: qorachadan kelgan yuzlari ham, pishiq-puxta jussalari ham quyib-qo‘yganday. Bir-birlarini ko‘z qarashlaridan tushunishadi. Qoracho‘g‘ yilt etdimi — «ko‘tar!» degani, bilinar-bilinmas im qoqdi-mi — «ag‘dar!» degani. Tuproq to‘kiladigan joyga mokiday qatnab, so‘qma yo‘lni shular shibbalagan.
Beshinchisi yorug‘roqda, kiraverishdagi eski yozuv stoli yonida… ha, darvoqe. to‘xtang-chi, yaxshisi bunisini oltinchi deyaylik. Chunki u…
Beshinchisi esa ketmonda. U boshqalardan shu bilan ham ajralib turadi, o‘yilgan g‘orning yerini qirib tekislaydi, tuproqdan, dumalagan toshu kesaklardan tozalaydi. O‘zi keksaroq bo‘lsa ham hali baquvvat, girdig‘um gavdasiga chog‘ ketmon obdon yarashib turibdi.
Endi oltinchisiga kelaylik. U, aytganimizday, eski yozuv stoli yonida (stol ustida chang-g‘ubor qo‘ngan telefon apparati ham bor) taxtaday koyib turadi. Ko‘zi qandayligi ma’lum emas, chunki u ko‘zoynak taqadi. Qoracha yuzida odamga lop etib ko‘rinadigan narsa shu ko‘zoynak. Lekin u boshqalardan bu bilangina farq qilmaydi. Farqi yana shundaki, avvalo, hali aytganimizday, stol yonida qotib turadi, shunga bog‘lab qo‘yilganday. So‘ngra ishlamaydi. Bir zamonlar, yoshligida, mana bu «Hurmat taxtasi»ii tashkil etib uni hamma ko‘zlarning suratlari bilan. g‘orning peshtoqini esa shior bilan bezab qo‘ygan. Endilikda shularning ta’sirini kuzatib, qimir etmas miyasini ishlatib turibdi.
Ettinchi kishi, qo‘lida ketmoni bilan, keyinroq yetib keldi. Uning bo‘yi past ham emas, baland ham emas. o‘zi ketmon bilan quchoqlashib tug‘ilganday, yumaloq. Tepalikning orqa tomonidan chiqib kelib, pastga yumalab tushganday birdan paydo bo‘ldi.
— Ha, shu yerni kovlash kerak ekanmi? — deb so‘radi kelasolib:
— Nega kovlash kerak ekan?
— Hokim To‘rayevich aytganlar! — dedi Ikkinchi.
— Ha unday bo‘lsa… — deb kaftiga tufladi-da. barini beliga qistirib, ishga tushdi. Endi unga shu yerni kovlash kerak ekanligi ham, Nega kovlash kerakligi ham ayon edi. Oftobda qoraygan peshonasiga sharros ter qalqidi.
Lekin unda yana savol tug‘ildi. U boshqalardan mana shu o‘rinsiz savollari bilan ajralib turardi.
— Ana u kishi nimaga ishlamayapti? — dedi u yozuv stoli yonida taxtaday qotib turgan Oltinchiga ishora qilib. Uning bu qadar sersavolligiga ham hayron bo‘lib, ham g‘ashi kelib turgan Birinchi ishdan bosh ko‘tarmay to‘ng‘illadi:
— Tepadagi shiornn o‘qimadingmi?
— O‘qish kerakmi? — deb so‘radi Yettinchi.
— Yana savol beradi-ya. Muncha savoli ko‘p ekan?
Keyin shiorni o‘qidi: «Qo‘shimcha majburiyatni muddatadan oldin bajaramiz!»
Uning ovozini eshitgach, qizil alvondagi bezaklar birdan jonlanib ketgandan, hamma anqayib tepaga qaradi.
— Ana endi tushundingmi? — dedi Birinchi Yettinchiga. Keyin qotib turgan Oltinchiga ishora qildi: — U ana shuni g‘oyaviy jihatdan ta’minlaydi.
Aftidan, Birinchi ko‘p narsani bilar, shiorni ham o‘qigan ekan shekilliyu, kamtar ekan-da. Tarbiya ko‘rgan odam kamtar bo‘lishi kerak. Kattaodamlar bor, kichkina odamlar bor. Kichkina, kamtar odam hargiz o‘z xayollariga izn beravermasligi kerak. Hadeb savol ham beraverma, dedy o‘ziga o‘zi Yettinchi.
Shu bilan gap-so‘z tinib qoldi, astoydil mehnat qilishga shart-sharoit tug‘ildi.
Tuproq shovullaydi. Betinim, bir maromda, hamma yerda tuproq shovullaydi. Telefonli stol yonida turgan Oltinchinpig xayoliga «Mehnat poyeziyasi!» degai tanish so‘z birikmasi keladi, qoracha yuzlari yorishadi.
Shunday jimlikda g‘ayritabiiy bir shitirlash eshitiladi. Ikki marta eshitildi. Savol beraverish naqadar noqulay bo‘lsa ham, Yettinchi o‘zini tiyolmadi:
— Bu, deyman, juda ichkariga o‘yib kirib ketdik-ku, tepamiz o‘pirilib bosib qolmasmikin?
— Bosmaydi. Bosmaydi deyishgan, — dedi Uchinchi bilan To‘rtinchi barobariga bo‘sh zambilni yerga qo‘yib.
— Ha unday bo‘lsa… — deya, xotirjam bo‘lib kajavaga tuproq tashlay boshladi Yettinchi. Tepalikning bosib qolmasligiga endi ishonchi komil edi, qoracha manglayidan mehnat terini sidirib tashladi.
Lekin bir pastdan keyin haligi shitirlash yana eshitildi. Ilhombaxsh mehnat jarayonida bunga kim ham e’tibor berardi. Xiyol o‘tib, kiraverishda tepadan top etib ikkita kesak tushdi. Kesaklar ushalib, sochilib ketdi. Top etgan tovushga qayrilib qarashgan ham ediki xuddi o‘sha joyda tepadan gup etib lo‘mbazday tuproq o‘pirilib tushdi. Chang to‘zg‘ib, tashqari ko‘rinmay qoldi, yana allanimalar gursilladi. Zimistonday qorong‘ida changdan nafasi qaytgan odamlar jon holatda avval uyoq-buyoqqa yugurishib, keyin gursillashu shovullashlardan quloqlari ham bitgach, bir-birlaridan najot istaganday qo‘l ushlashib o‘rtaliqda guj bo‘lib qoldilar. Dahshatli gursa-gurslar tinganda ham, quloqlariga ishonmay, bir-birlarini qo‘yib yuborishdan qo‘rqqandek, tirik jon taftndan umid uzolmasdan shu holatda uzoq turib qoldilar. Hech narsa eshitilmas, hech narsa ko‘rinmas, u dunyodami — bu dunyodami ekanliklarini bilolmaganday garangsib, qimir etgani jur’at topolmay turaverdilar.
Anchadan keyingina quyuq to‘zon asta bosilib avval yon devorda «Hurmat taxtasi» tepasidagi ikki chirog xiragina bo‘lib ko‘rindi. Odamlar o‘z nafaslarini eshitib, bir-birlarining changga belangan afti-angorlarinn ko‘rdilar. Hammaga go‘yo qaytadan jon kirdi, tirik ekanliklariga quvondilar, ko‘zlari ham asta-sekin qorong‘iga o‘rganib o‘rab olgan qora devorlarni ilg‘ay boshladilar. Chor atrof kuru gumgurs edi. Yugura borib devorlarni bir-bir ushlab, itarib, tepib ko‘rdilar. Ilgari ochiq turgan tomon ham butunlan bosib qolgan, ular tiriklay ko‘milgan edilar.
— E… endi… nima qilamiz? — dedi Yettinchi.
Bu cheksiz jimlikda qora devorlardan titroq aks-sado bergan birinchi jur’atli tovush edi. U ham bo‘lsa-savol. Shu holatda ham savol beradi. Yettinchi o‘zi biron jo‘yali fikr taklif qilolmaydi-yu, savol tashlagani tashlagan.
Ammo shu birinchi sado hammani hushiga keltirdi. Qimirlab qoldilar, kimdir ust-boshini qoqdi. kimdir sal o‘ziga kelib zambilg‘altakka o‘tirdi, yana kimdir og‘zidagi loyni tuflab tashladi…
Nima qilardik… Hech kim topshiriqni bekor qilgani yo‘q, har qanday ob-havo… toyes har qanday sharoitda…
— O‘zi qaysi tomonii qaziyotuvdik? — dedi bu vahimali zimziyoda boshi aylanib qolgan Ikkinchi.
— Mana bu tomonni… — Beshinchi qoqila-surila orqa devor tomonga yurdi.
— Mana bu yoq ochiq edi. Mana bu «Hurmat taxtasi» — yon devor, demakki… — U gapidan to‘xtab qoldi. «Hurmat taxtasi» yonida Oltinchi ishga tushgan edi. U «Hurmat taxtasi»ni maxsus latta bilan artib, unga Yettinchining ham suratini osib ulguribdi. O‘zi taxtada hamma bor, faqat bitta joy bo‘sh qolgan edi. Endi qarabsizki, taxta ochilib ketibdi, xuddi shundan siqilib turgan ekanmi… Chiroyli! Chirog‘lar ham uning tepasida. G‘orni yoritib turgan chirog‘larmi, ilg‘orlarmi — Oltinchining yuzida mana shu zavqli va hayratomuz xitob porlar edi. U ommaning kayfiyatini ajoyib tezkorlik bilan payqaydi. Tuproq tagida qolgan shiorni ham yangittan yozib osishi kerak. Stol tortmasidan tish paroshogini olib, ishga tushdi.
— Tuproq tashidigan yo‘l bekilib qolibdiku… — deb barobar gap boshlashdi Uchinchi va To‘rtiichi! Lekin Oltinchi ishni g‘oyaviy jihatdan ta’minlash uchun jon chekayotgan og‘ir sharoitda ortiqcha ob’ektiv vajhu kasonga chim quloq solardi. Aka-ukalar tarbiya ko‘rgan odamlarga xos odob bilan, jim bo‘lishdi. Ammo savoling boshingdan qolgur Yettinchining isyonkorligini tiyib bo‘ladimi! U savol bersa bo‘lgani, kimga savol beryapti — o‘zigami, birovgami, javob oladimi — yo‘qmi, bu bilan ishi yo‘q, ichini bo‘shatib oladi shekillida. Yana so‘radi:
— Axir, avval bu qora go‘rdan qanday chiqib qutulishni o‘ylamaymizmi?
— Buni o‘ylaydiganlar bor, akasi, — dedi barini beliga qistirib, ketmonni qo‘liga olgan Beshinchi. Hozir uning ishi ko‘p — hamma joyda shiftdan tushgan kesaklar sochilib yotibdi. — Tepada sendan katta odamlar o‘tirishibdi. O‘ylashadi.
— Sizning gapingiz ham gap, — dedi Yettinchi, — biz kichkina odamlarmiz.
Endi hamma o‘z ishiga kirishgan edi hamki, stoldagi telefon chang-g‘uborni to‘zg‘itib jiringlab qoldi. Yaqinroqda turgan Oltinchi trubkani oldi.
— Ahvol qalay? — degan ovoz eshitildi.
— Ahvol yomon emas…
Trubkadan kelayotgan ovoz, shubhasiz, Hokim To‘rayevichniki edi. Hamma jim bo‘ldi. Biroq telefon simlari shikast yegan ekanmi, qancha nafas yutib quloq olishmasin, baribir uyog‘ini yaxshi eshitisholmadi. Lekin Oltinchi toshpiriqnni yaxshi uqqan edi, ommaga yetkazdi.
— Hokim To‘rayevich, avvalo, qora ko‘zlarga mening salomimni yetkazing, dedilar.
— Ana, aytmadimmi, o‘ylaydigan kattalarimiz bor, akasi, — dedi Beshinchi kipriklarini qo‘lqopi bilan artib.
— Ha, o‘ylashyapti, — davom etdi Oltinchi. — G‘ordagilarni qutqarishni o‘yladik, dedilar. Ammo biz tashqaridan qaziylik desak bu xavfli ekan, tepalikning biror joyi butunlay bosib qolishi bor. Shuning uchun topshiriq bunday: O‘zlaringiz sharoitga qarab ehtiyot bilan mustaqil harakat qilinglar, dedilar.
Topshiriqni olgandan keyin hamma erkin, chuqur so‘rab olib, xotirjam bo‘ldi. Xuddi qora yer qa’rining zim-ziyo tutqinligidan bir mo‘jiza bilan qutulib, birdan yorug‘likka chiqqanday, yayrab o‘tirib qoldilar. Hokim To‘rayevichning ovozidan eribroq o‘tirgan Birinchi Yettinchiga qaradi:
— Hammamiz uchun hurmatli Hokim To‘rayevich dono odam-da, topganini qarang: «Qora ko‘zlar!» Muomala deb buni aytadi. Qarang, hech kimni boshqalardan ajratib ham atamaydi, hech kimni xafa ham qilmaydi. Hammaga yoqimli — «qora ko‘zlar»! Shu kengligi ommaga ma’qulda kattamizning.
— Zo‘r, zo‘r. Gapga jubbo kiydiradilar.
— Hech-da. Chunonchi, mana seni oting bilan aytib, alohida atasa, sen hovliqib, bir qarich o‘sib, yana, xudo saqlasin, ochidib ketib, hamma yoqni savolga to‘ldirib tashlarmiding! Shunday emasmi?
— Shunday.
— «Qora ko‘zlar» deganda esa hamma bir qolipdan chiqqanday bab-baravar. Hech kim hovliqmaydi ham, kamsitilmaydi ham.
— Ha.
Ettinchi «ha» dediyu, lekin yana savolparastligi tutib, o‘rnidan turib ketdi.
— Hay, birodarlar, aytgancha, bu mustaqil harakat harakat qilinglar, degani qanaqa bo‘ladi?
— O‘zlaring bilib yo‘lini topinglar deganidir-da.
— O‘zimiz qayoqdan bilamiz, ko‘rsatma bo‘lmadi-ku? Yettinchining «savolchi»ligiga o‘rganib, bunga parvo qilmay qo‘ygan odamlar bu safar xushyor tortishdi. Chindan ham, o‘z bilgicha ish qilish mumkin ekanmi, bunisi qanaqa bo‘ladi?
— Telefon qilish kerak, aytishsin! — dedi Ikkinchi.
— Telefon qilib bo‘lar ekanmi. Telefon bir tomonlama-ku.
— Qanday «bir tomonlama»? — dedi Yettinchi.
— U tomondan gapirib bo‘ladi, bu tomondan — yo‘q. Uqdingmi?
— Qanday?— dedi. Sira tinchimadi bu «savolchi». Go‘yo faqat u hamma narsani bilishi kerak. Darrov bila qolishi kerak. Birinchi unga yana tushuntirib qo‘yishga majbur bo‘ldi:
— Menga qara, telefon ikki tomonlama ishlasa, tartib bo‘ladimi! Sen telefon qilsang, men telefon qilsam, sen bilan menga o‘xshaganlar nechta? Hokim To‘rayevich bo‘lsa…
«Nima qilamiz bo‘lmasa?» — bu savol hammaning ham ko‘nglida bor edi. Bu «savolparast» podani bulg‘atdi shekillida. Birinchi marta bunday bezovta bo‘lishlari. Ruhiy bezovtalik yomon ekan, halovat qochdi. Bu qiynoqdan ko‘ra, tepalikni o‘sha ko‘rsatilgan joydan qaziyvergan osonroq edi. Kavlayverilsa bir joydan chiqiladiku axir.
— Biz yangi ko‘rsatma oldik, demakki, eskisi bekor bo‘ldi. Yangi ko‘rsatma shundan iboratki, mustaqil harakat qilish kerak, — dedi Oltinchi qog‘oziga qarab qiroat bilan. — Bu avvalgisidan mushkulroq albatta. Ammo shunday bo‘lishi qonuniy. Chunki toshpiriqlar tobora og‘irlashib bormasa olg‘a qarab siljish bo‘lmaydi.
— Bir joydan kovlab, teshib chiqishi kerak. Havo kirsin, yo‘l ochilsin.
— Unday ko‘rsatma bo‘lgan emas…
— Qaysi tomonni kovlaymiz?
— Ha mana, o‘pirilib tushgan tomonni. Yo‘l o‘sha yoqda.
— U tomonni kovlashga kim ko‘rsatma beradi?
— Bo‘lmasa bir boshliq saylaymiz. O‘sha nima desa — shu.
— Yo‘g‘e… — dedi Birinchi qo‘rqib. — Tepada boshlig‘imiz turib, yana birovni saylash uni tan olmaslikka o‘xshab ketmaydimi?
— Kichkina… Kichkinagina bir boshliqcha saylaymizda. Bizga bo‘laveradi.
— Kimni?
— Mana, sizni, masalan, — deyishdi aka-ukalar. Birinchining mo‘yi tikka bo‘lib, sapchib tushdi.
— Meni?.. Seni kim tayinladi, desa… Yo‘q, tarbiya ko‘rgan odammiz, o‘zboshimchalik bo‘ladi. Avvalo yuqoridan menga ishonch bildirilishi… — u bir tomonlama telefonga mung‘ayib qarab qo‘ydi.
— Yo‘q, birodarlar, — dedi Ikkinchi, — saylovi nimasi. Har kim o‘ziga boshliq saylab olaversa… Topshiriqning har bir so‘zini diqqat bilan eshitdinglar: «Ehtiyot bilan» degan joyi bor. Bu donolik bilan aytilgan. Ehtiyot bo‘linmasa, mustaqillikning mana shunday xavfli tomonlari bor.
— Juda mushkul narsa ekanda… — dedi Beshinchi ketmonini suyab o‘tirarkan. Keyin u bo‘xchasidan non, mayiz, talqon olib, qiyiqchasini yerga yozdi. Buni ko‘rib boshqalar ham ochiqqanini sezdi chog‘i, biri belbog‘dan, biri to‘rxaltadan u bu olib o‘rtaga to‘kdi. Tortishuvlardan charchaganliklari ham endi bilindi. Shuncha tepalikni o‘yib, shuncha turpoq tashib munchalik charchamagan edilar. Chindan ham mushkul ekan…
U bu tamaddi qilgandan keyin, a’zoyi badanlari bo‘shashib, uyqu tortib tursa ham, xotirjam bo‘lolmas, bexalovat edilar.
Oziq-ovqatning hodini oldimi. poygak tomonga kalamush yugurib o‘tdi.
— Huv, padaringga la’nat!— dedi ishtahasi qochib, ko‘ngli betinch bo‘lib o‘tirgan Yettinchi. Endi uning savoli ham qolmagan edi. To‘g‘rirog‘i — bir-biriga mingashgan chigal-chirmov savollar uni yenggan, darmonini quritgan edi. U ham endi loqayd bo‘lib qoldi, ko‘pga kelgan to‘y, boshqalarga nima bo‘lsa, unga ham shuda.
— To‘xta, to‘xta!— dedi Ikkinchi shu mahal hovliqib. Aka-uka Uchinchi-To‘rtinchilarning «dasturxon» qilib yoygan ko‘k qog‘ozini tortib oldi. Undagi piyola yumalab, ikkn hovuch jiyda, turshak, yana allanimalar sochilib ketdi. Aka-ukalarning og‘zi ochilib qoldi. Ikkinchi qo‘lidagi ko‘k qog‘ozga tikilgan edi. Qog‘oz g‘ijimlanib, yirtilib ketgan, cheti ho‘l, bir burchagi butunlay yo‘q.
— Menga qaranglar! Mana bu… Axir bu…
Hamma unga qarab engashdi. Ikkinchi g‘ira-shira qog‘ozdagi katta harflarni hijjalab o‘qishga harakat qilardi.
— Ins… Ins…
— Insi-jins!? Voy-dod!
— O‘zingni bos, xursandchilik-ku qaytaga… «Ins… instr… «Buyog‘i sal yirtilibdi, attang», — dedi. Ikkinchi qog‘ozning yirtilgan, buklangan joyini barmog‘i bilan tekislab, o‘qidi: — «Instr — ukuktsiya» Instruktsiya!
— A? — dedi aka-uka barobariga, Hamma oldidagi taomini unutgan edi.
— Instruktsiya?
— Ha-da. Mana! Instruktsiya topildi, birodarlar!— dedi Ikkinchi atrofida charaqlagan qora ko‘zlarga tikilib. O‘zi ham xazina topganday, o‘limga mahkum etilgan do‘stlarining najotkoriday baxtiyor edi, ochilib ketdi: — Madaniy jamiyatda yashaymiz, azizlar. Bunday jamiyatda inson hech qanday vaziyatda ham yo‘l-yo‘riqsiz qolmaydi!
Instruktsiya — bamisoli mushkuli kushod. Toliqqan vujudlarga halovat qaytib keldi. Ovqat, charchoq, ruhiy xotirjamlik, bu omad hammani elitdi. Kechadan beri uxlamagan odamlar g‘am-tashvishdan arib, oyoqlarini bemalol uzatdilar, a’zoyi badanlari rohatdan halimday bo‘shashib uyquga toldilar. Endi miriqib orom olsa ham bo‘ladi, aha, yaxshilab hordiq chiqarish kerak, ertaga aniq, tayinli ishlar turibdi. Qayoqdadir kalamush shitirlayapti. Shitirlasa shitirlayversin…
Ertasiga nonushtadan keyin hamma bel boglab yeng shimarib bo‘lganida Ikkinchi chirog‘ tagiga borib «Instruktsiya»ni o‘qiy boshladi.
Hamma tilovat somedek jim o‘tirardi.
— «Instruktsiya» — deb o‘qidi Ikkinchi, — «Birlamchi modda. Massani… »
— Massani?
— Ha, ommani degani. «Massani harorat seltsiya bo‘yicha — 5° dan past bo‘lmagan salqin joyda saqlash kerak».
— Ha salqin joyda.
— «Ikkilamchi… » bunisi yirtilibdi. «To‘rtlamchi modda. O‘ylab bo‘lgandan keyin… qo‘llarni albatta, yuvib tashlash kerak»
— Yuvdik, yuvdik!
— To‘xtanglar!— dedi aka-ukalardan biri, To‘rtinchi — To‘xtanglar, birodarlar… bu… «o‘ylab» emas, «o‘ynab», «o‘ynab bo‘lgandan keyin» ya’ni, Kichkina o‘g‘lim qo‘g‘irchoq-odam yasayman deb xarxasha qilaverganidan, plastelin olib berib edim, bu o‘shaning qog‘ozi… Non o‘rab kelgan ekanman, birodarlar!
Yuzlaridagi shu’la o‘chdi. Bekorga xursand bo‘lishgan ekan. «Aldanib qolgon yomon», deb bekorga aytmaydi ashulachi. Kechagi tashvishli, so‘lg‘in holat yana qaytib keldi. Hatto Yettinchi ham biron savol topolmadi. Ikkinchi «Instruktsiya»ni jahl bilan tashlab yuborgan ekan. Beshinchi uni asta olib, avaylab taxladi-da, ichki cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Nima bo‘lsa ham instruktsiya axir. Hurmat qilishi kerak tarbiya ko‘rgan odam…
Jimjitlik eza boshladi. Yalang yerga kechagiday g‘uj bo‘lib o‘tirib qolishgan edi. Qayerdadir yana kalamush shitirlagani eshitildi. Har zamonda stoldagi telefonga qarab qo‘nishadi — ko‘rsatma bo‘lib qolar degan ilinj, sira o‘lmaydigan umid bor-da…
Jimlik quloqlarda zingillab, sabr-bardoshni egovlaydi. Shu yerda dimiqib o‘lib ketasizlar desa ham… ishqilib, biron bir ko‘rsatmacha bo‘lsa… Tavba-astag‘firullo, shunday o‘yga kelganlar ham bo‘ldi-da. Axir odamni ham o‘z-o‘ziga qo‘yib beradimi!
Bir payt bir chinqnriqdan sukut darz ketdi.
— Anuni qaranglar!
Mizg‘ib o‘tirganlarning quti o‘chdi. Chinqirgan aka-ukalarning biri — Uchinchi edi. Uning alohida ovozini endi eshitishdi, ovozi o‘tkir ekan. Hamma u ko‘rsatgan poygak tomonga qaradi, o‘sha yerdan kichkinagina bir» nuqta yorug‘lik qorong‘i g‘orni teshib kirgan edi. Ingichka shu’la, bir chimdimgina nur ichkari tomondagi ko‘r devorga o‘qday qadalib turibdi.
— Yorug‘lik! Yorug‘lik! — deb qichqirishdi.
— Kalamush teshibdi! Kalamush!
Birinchi shu nafis nur tasmasiday sehrlanganday, asta o‘sha tomon yurib, devor yonida to‘xtadi. O‘ylab turib, etigi bilan bir tepgan edi, ikki zambil tuproq o‘pirilib, shovullab tushdi-da, odam bo‘yi teshik ochilib ketdi. Kun kirib kelganday bo‘ldi g‘orga.
Jo‘ra-jamoat shovqin suron bilan o‘sha tomon oshiqdi. Birinchi tashqariga qaradi:
— Og‘izlaringdan gullab qo‘ymalaring, kalamush yo‘l ko‘rsatdi deb! Kattamizninng ori kelib, bizni noto‘g‘ri tushunib o‘tirmasin!…