Besh oydirki, Rohila kallai saharlab turadi. Avval ko‘rgan uzuq-yuluq tushini eslamoqchi bo‘ladi. Lekin eslolmaydi. So‘ng to‘zg‘igan, ok tolalari kun sayin ko‘payib borayotgan sochlarini tuzatadi. Keyin yonginasida pishillab uxlab yotgan, yuzlari kir-chir bolalariga termuladiyu yuragi ezilib ketadi. Chuqur xo‘rsinib, ertalabki nonushtaga nima tayyorlashi kerakligini o‘ylay boshlaydi. Kecha ertalab oxirgi qandni bo‘lashib bergan edi. Bugun-chi?.. Yirtiq dasturxonga nima qo‘yadi?..
Besh oydirki, Rohila musaffo tonglar bilan xayrlashgan. Eh, oldinlari-chi… U yoshligidan tonglarni sevardi. Sof va musaffo havo tomir-tomirlarigacha kezib yurganini his qilardi, vujudi yayrardi. Shunday dilbar tonglarni yaratgan tabiat mo‘jizasidan hayratlanar, uni mehr va muhabbat bilan sinchiklab kuzatardi. Ayniqsa, sutga chayilgandek oppoq, tonglarni dil-dilidan yaxshi ko‘rishini ta’riflab bo‘lmasdi…
Endi-chi? Na zavq oladi, na ta’sirlanadi. Na kulishini va na yig‘lashini biladi, o‘sha kasofat ish bo‘ldiyu hamma narsadan yuragi bezib, tonglardan hayratlanmay ko‘ydi. Ko‘ziga hamma narsa sovuq va yoqimsiz ko‘rinadi…
* * *
Uning har tong birinchi qiladigan ishi — havozaga qistirilgan cho‘ltoq supurgini oladi. Sho‘r bosgan supani, darvozaxonani, yo‘laklarni chinniday qilib tozalaydi. Bu ishi unga bolaligidan odat. Esida: rahmatli buvisi Jang‘il kampir, har tong o‘rnidan turg‘azib ko‘liga supurgi berardi va: «Yoshligidan o‘rgansin, boshiga tushsa qiynalib qolmaydi», — derdi. Yoshligidan o‘rgangan odatini tark etgani yo‘q. O‘zbekning eshigi doimo ochiq, bittaning kelishi, bittaning ketishi bor. Nima bo‘lganda ham hammayoq top-toza turgani yaxshi-da.
Eri Boymurod ham tozalikni yaxshi ko‘rardi. U ham go‘zal tonglarni sevardi. Endi esa…
So‘ngra u dastasi qiyshiq, eski chelakni olib, bir nimadan umidvor bo‘lib ayvonga boradi. Sigir ham go‘yo «seni kutib turuvdim-a» deganday erinibgina qaraydi. Ayvonning chetida yotgan buzoq jonivor xo‘mrayadi. Kecha oqshom bolalari Turkmanariqning bo‘yidan terib kelgan o‘tdan bir siqim sigirga tashlaydi va uni sog‘a boshlaydi. Chelakning ostidagi bilinar-bilinmas suvga uzun va oriq barmoqlarini namlab olib, chandir emchaklarini umid bilan tez-tez cho‘za boshlaydi… Xayriyat, bergan sutiga bir obgardon suv qo‘shsa, shirchoy bo‘ladi. Bolalariga tangaday-tangaday yog‘ solib bersa harqalay to‘q saqlaydi. Buning ustiga kecha kenjasining mazasi qochib, vrachga borgan edi: «Yanga, iloji boricha sut bilan qatiq ichiring», deb qoldi. Bu o‘lgurning u kundan bu kunga beradigan suti nimaga ham yetardi. Ertalab bolalarni avrasa bo‘lgani. Endi kimga ham sut deb boradi. Tunov kuni yon qo‘shnisi Arofatlarnikiga qizchasi Tulg‘anoyni yuborsa, «O‘zimizga yetmaydi-yu» deb to‘ng‘illaganmish. Rost-da, ularga ham qiyin. Bir hovlida o‘n uch jon bir sigirdan umidvor. Hozir hech kim o‘zidan ortmaydi. Bu yoqda xo‘jalik rahbarlari oila boshiga bir tonnadan sho‘ra va yantoq chopib berish kerak, deb oyoq tirab olgan.
Uydagi mollar esa och…
U turar ekan, katta-katta ko‘zlarini unga qadagan sigirga alamzadalik bilan qaradi. So‘ngra sal yumshab, o‘ylay boshladi: «Hozir shunaqa kunlarga qoldik, jonivor. Mana, sen ham hademay quritasan. Keyin holimiz ne kechadi? Men bilan sen borga ham, yo‘qqa ham chidaymiz. Bolalarimiz-chi?.. Ana shularga qiyin. Ular tushunarmidi buni. Ayb ularda ham emas. Hammamiz ham bolalikda shunaqa bo‘lamiz…
Mana, olti oydan beri xo‘jayinimiz yo‘q. Uni nohaq qamashdi. Tepada Xudo bor, uning zarracha ham aybi yo‘q edi. Bir og‘iz gapga qamashdi-qo‘ydi. Endi hammamizga og‘ir bo‘ldi. Axir, hovlida bir erkakning bo‘lgani yaxshi-da.
Hozirgi kunda boshingga og‘ir kun tushmasin. Og‘ayningni ham, do‘stingni ham katta-kichigi sendan yuz o‘girar ekan. O‘shandan buyon bu uyda odam bormi-yo‘qmi, deb hech kim so‘rab kelmadi. Ana shunday paytda bilinadi-da, odamzotning qadri. Pichoq ur — qon chiqmaydi. U bechora hech kimga yomonlik qilgan banda emas. Endi bir og‘iz gap qaytarganiga nomardlar shu ko‘yga solishdida uni. Nomi yomonotliq bo‘ldi. Lekin Xudoyim hammasini ko‘rib turibdi. Yomonlarning albatta jazosini beradi.
Sen jonivorda ham nima ayb. Yemishingni o‘z vaqtida berolmasak, yetaklab boqishga ham hozir joy yo‘q. Ko‘p xo‘rsinaverma, jonivor, hammamiz ham musofirmiz. Biron kun qorning to‘yadigan vaqt kelar, o‘shanda chelak-chelak sut berarsan. Ishqilib, xo‘jayin tezroq qaytsin-da. Bolalar ham u kishini juda sog‘ingan…»
Buzoqcha cho‘zib ma’radi. Sigir bolasiga o‘girildi. Rohila esa bir tutam o‘t olib buzoqchaga berdi. So‘ng qo‘lidagi chelakni ayvoncha chetidagi ilgakli simga ildirib, «Tovuqlar qurg‘ur tuxum qo‘ygandir», degan xayolda tovuqxona tomon yurdi.
— E, qaqillamay qaqodoning teshilgurlar-ey!
Uning ovoz chiqarib koyinishlari bekor ketdi. Beshta tovuqdan zo‘rg‘a bittasi tug‘ibdi. Hafsalasi pir bo‘ldi. «Bekorga qaqillashadi, — tovuqxona chetidagi kundaga o‘tirib, o‘ylay boshladi u. — Quruqqa tomoq qoqishadi. Shu tovuqlar ham odamni aldaydi-ya. Uch kundan buyon bitta tuxumga shuncha qaq-qaq. Tavba, bular ham Xudoning bir mahluqi-da. Shu o‘lgurlarda ham nafs bor. Rizqini terib yeydi. Qani, endi odamzot shunday bo‘lsa. Yo‘q! Unda «sen yomonsan, sen boshliqni so‘qding», deb kimni qamashadi? O‘shanda kim bo‘yruq qiladi-yu, kim bajaradi? Shunday yaratganiga ham shukur, bo‘lmasa, bir-birining ko‘zlarini cho‘qib olardi, bu odamlar… Endi shu kunlarda mushtday-mushtday tuxumlaringni to‘tiyo qilmanglar. Ko‘rib turibsizlar, xo‘jayinimiz ketgandan buyon ahvolimiz og‘irlashib qoldi. Ayniqsa, bolalarga qiyin. Sizlar bola tug‘ib ko‘rmagansizlar-da, bilmaysizlar, qaqajonlar. Tunov kuni Marziyaga muallimi «agar forma olmasang, darsga kelma», debdi. Pul yo‘q, qayerdan olamiz. Bechora besh kundan beri yig‘laydi, maktabga bormaydi. Axir, bitta mening ketmon chopganim nimaga ham yetardi?
Endi sizlardan bir narsa olish uchun bir narsa berish kerak. Donning ham qolganini ekdik. Nima qilamiz? Xo‘jayinimiz qaytguncha taqdirga tan berib yashayveraymiz-da…
O‘zlaring ham bilasizlar-ku, o‘sha kuni hovlida donlab yurgan edilaring. Yer o‘lchovchilar kelib qoldi. Haligi daroz hisobchi tanob cho‘pini u yoqdan bu yoqqa tashlab chiqdi. Ikki tanob yer ziyod ekan. Ular bir-birlariga «nima qilamiz?» deb qarab turishgandi, sovxozning partkomi kelib qoldi. Hisobchi bola bidirlab hammasini unga tushuntirdi. Partkom hovlining ichini o‘zicha chamalab, keyin yuqorida ekilgan bug‘doyzorga ishora qilib: «Huv, o‘sha yerni buzinglar, o‘rniga paxta ekasizlar», — dedi. «Aka, beshta bolam bor. Ularning rizqini qirqmang. Kelgusi yil ekmaymiz, davlatga beramiz», — dedi Boymurod gapga aralashib. «Shuncha ortiqcha yerni egallab olibsiz, yana gapingizni qarang. O‘roq solinglar», — deb buyruq berdi partkom yer o‘lchovchilarga.
Shunda Boymurod hoatada o‘ynab yurgan bolalarini bug‘doyzorning chetiga qator qildi. «Bug‘doyning egasi shular!», — deb turib oddi. Bolalar esa izillab yig‘lashardi. Mening ham yuraklarim qon bo‘ldi.
— Hali shunaqa qilib yengmoqchimisan yo qo‘rqitmoqchimisan, axmoq! — baqirdi partkom.
Boymurod ham to‘lib turgan ekanmi:
— O‘zing ahmoqsan! Sizlar ham bilasizlar kimni siqishni, — dedi jahl bilan.
Bo‘lgan gap shu. Shu yerda akt tuzishdi. Kechqurun melisa kelib olib ketdi. Karmanada o‘n besh kun yetdi. So‘ng Kattaqo‘rg‘on turmasiga olib ketishdi. Borib ko‘rolmadik ham bechorani. Mayli, yarmi qoldi. Nachora, kutamiz. Yomonlarning jazosini Xudo berar… Ko‘p ham tug‘masdan yurmanglar, hech bo‘lmasa kun ora tug‘ib turinglar. Bir shamollanglar…»
U tovuqxonani ochib tovuqlarni chiqarib yubordi. O‘zini yengil his qildi. G‘ussasi biroz tarqaganday bo‘ldi…
* * *
Ranglari siniqib qolgan Rohila bolalariga shirchoy qilib ichirdi. Katta qizi Marziyaga ukalarini qoldirib, ishga jo‘nash taraddudiga tushdi.
— Ona, qachon forma olib berasiz, bugun ham maktabdan qolamanmi? — deb yig‘ladi qizi.
— Yig‘lama, kelayotgan bozorda tovuqlardan sotamiz. O‘sha puldan olib beraman. Ukalaringdan ehtiyot bo‘l. Hovlining u yer-bu yerlaridan o‘t yulib sigirga beringlar. Ukalaring yiglasa, savatdagi qotgan nondan ivitib bergin.
U ishga ketaturib: «E, lahatga tiqay senlarni. Qaro yerga borib qaqillang! Kisht-e», — deya supa yuzidagi yirtiq kovushni olib, yangi ekilgan bug‘doylarni titkilayotgan tovuqlarga qarab irg‘itdi.