Kuz quyoshi ostida mudrayotgan shahar ko‘chalarida yupun kiyingan, kalta sochlari qirovlagan ozg‘in kampir tushiga changali dov qarchig‘ay kirganini ayta-ayta so‘ylanib yurar edi…
Oradan ko‘p o‘tmay, avji qish chillasida, yeru ko‘k pag‘a-pag‘a qor ko‘rpasi bilan o‘ralganda, dabdurustdan shaharga Amir Temur Ko‘ragon tashrif buyurdi. Ichiga olov tushgan Sorbug‘o qipchoq hukmdor etagini o‘pish uchun oshiqdi.
Sohibqiron bunaqa safar paytida ko‘pincha dorug‘a hovlisi yoki chorbog‘ida qo‘nar, oliy martabali mehmonga xos saxovatu nazokat ko‘rsatishni ma’qul bilar edi. Ammo bu navbat negadir marhamatini darig‘ tutdi, ipakday eshilayotgan Sorbug‘o qipchoqni badtar kuydirib, bedovi jilovini Xoja Ahmad Yassaviy xonaqohi tomon burdi.
Egarda zo‘rg‘a ilinib turgan a’yonlaru boyonlar, shohona ziyofatu orasta bo‘lmalarni chetlab o‘tib, ship-shiydam manzilga umtilgan sohibi davron ortidan churq etmay ergashdilar.
Shahar chetrog‘ida qo‘nqaygan xonaqoh g‘ira-shira qorong‘ilik aro allatovur vahimaga cho‘mgandi. Faqat ba’zi tuynuklaridan xira miltirab yonayotgan sham shu’lasi ko‘rinar, ora-chorada bedor darveshlar va muridlar tilovati quloqqa chalinar edi.
Sohibqiron yo‘l-yo‘lakay sukut saqladi, qori kuralgan bo‘sag‘ada otdan tushgach, hamrohlari sari o‘girilib, ohista so‘z qotdi: “Janoblar, kamina kori-holidin birgina gumashta xabar olib tursa kifoya. Siz hokim ixtiyoridasiz!” So‘ng qoruvli, o‘ktam qaddu qomatini tik tutib, salobatli qadamlar bilan qiya ochiq eshik sari yurdi…
Xonaqoh ahli ba’zi kaltafahm mardum o‘ylamay-netmay tufroq bilan teng qo‘yadigan tabarruk dargohga ko‘ngil bog‘lagan martabali zotdan xabar topgan hamono, birdan g‘avg‘o ko‘tarib, muborak diydorini ko‘rish uchun yopirildi. Ammo har qachongidan qattiqroq buyruq olgan baquvvat va abjir gumashta shafqatsiz ravishda hech kimni hujraga yo‘latmadi.
Zax va rutubatning achqimtir hididan Sohibqiron dimog‘i yorilgudek bo‘ldi, ammo zig‘ircha parvo qilmay, egnidan siymu zar bezagan banoras choponi, boshidan nafis pat va yoqut qadalgan qirmizi shohi taqiyasini bafurja yechdi, devordagi mixdan uzun tim qora chakmonu uchli kigiz kuloh olib kiydi. Bu ishidan ancha yengil tortib, dardi holini pinhon tutgan uzun kechani, bir dam mijja qoqmay, botiniy tilovat bilan o‘tkazdi.
Bahonada qirchillama qishning zulmat pardasiga o‘ralgan sokin oqshomlari hamdami va sirdoshiga aylandi. Bo‘yra-palos to‘shalgan torgina hujrada kechadigan bedorlik – botiniy zikr onlari naqadar shukuhli ham maroqli: mehribon alloh yodi bilan qolganda joni huzur topar, ich-ichida chiroq yonar edi. Goho o‘zini onadan qayta tug‘ilgan odamga qiyoslardi, go‘yo yorug‘ dunyoni o‘sha baxtiyor zot ko‘zlari bilan ilk bor ko‘rayotgan edi.
Bu erta Soqibqiron, qor tinimsiz uchqunlab, izg‘irin va sovuq benihoya qahriga olib turgan esa-da, Sorbug‘o qipchoq, Joku barlos, bir necha xos mulozim, nihoyat, patak soqolli shayx – mulla Nishonni hamroh qilib, xonaqoh bo‘ylab aylandi. Ne-ne zamonlarni ko‘rgan obida devorlari sho‘r va nam ta’sirida nuray boshlagan, me’moriy qiyofasini yo‘qotishiga bir baxya qolgan edi.
– Piyrimiz bo‘lmish hazrat Ahmad Yassaviy bul joyni alloh uyi hisoblag‘onlar, – tushuntira boshladi mulla Nishon. – Oltmish uchdan keyin yerto‘lani xilvat bilib, to umrlari oxiriga qadar chilla saqlaganlar…
Sohibqiron faqirlikni kasbu kor bilgan Ahmad Yassaviy jasorati afsonaga aylanib ketganini yaxshi biladi. Elda mashhur “Hikmatlar”i botinida nihon teran ma’nolardan ozmuncha oziq olganmi? Qachondan beri o‘zini ulug‘ pirning g‘oyibona muridi sanaydi. Umuman, mana shu sajdagoh sari mushtoqlanib intilgani, bo‘sag‘asi gardini ko‘ziga tutiyo qilish tilagi bilan yongani bejiz emas.
Bugun ko‘nglida yana bir ezgu niyat kurtakladi: ilim-issiq kunlar kelishi bilan xonaqoh ta’mirini boshlash uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratadi, shundan keyin, inshoolloh, o‘ng‘ayroq joyda har kim ko‘rsa quvonadigan maqbara qurdirmog‘i lozim.
Reja ustiga reja pishitayotgan Sohibqiron e’tiborini bir tabaqasi qiyshaygan omonat darvoza biqinida kuymalanib turgan, ko‘zlari kirtaygan ozg‘in kampir tortdi…
Changali dov qudratli qarchig‘aydan ogoh etgan va ulusni ancha-muncha shoshirib qo‘ygan mo‘minai muslima shu tinmasak mushfiq jon edi. Sho‘rlik munkillab qolgan bo‘lsa-da, issiq-sovuqni pisand qilmay, shaharda tentirab yurgani, tez-tez bozor oralab turgani bois, kattayu kichikka birdek tanilib qolgandi. Faqat naslu nasabi, ismi-sharifi, tirikchilik manbai, ro‘zg‘orini har kim ham bilmasdi. Ba’zi hangomatalab qitmir kimsalar esa, ayol zotidan chiqqan yakkayu yagona qalandar, deb masxara qilishni yaxshi ko‘rishardi.
–Ey onaxon, zap sovqotibsiz, – yumshoq kuldi Sohibqiron, uch-to‘rt qadam narida beixtiyor to‘xtab, – issiqqina sandal ko‘zida qilsangiz bo‘lmasmi toatu ibodatni?
–Yaxshisi… tegirmondin xabar olgaysiz, insofli banda! – cho‘kkan ko‘zlarini jildiratib ming‘irladi kampir. – Manim toatu ibodatim og‘irligi tushmas hech kimga!..
Sohibqiron qiyofasini istehzo qopladi.
Vo ajab, mushtdekkina bo‘lib nimaga sha’ma qilayotir padar qusur bu yosuman?
–Hazratim, og‘ir olmang, bu shunaqa hardamxayol, – xushomad ohangida bidirladi mulla Nishon, – yo‘q yerdagi gaplarni aljiyveradi. Xudo bas kelsun!..
–Taajjubga molik… Kesakdin o‘t sachragandek!
Sohibqiron, goh ortiga qarab, goh bosh chayqab, shoshilmay hujra sari yo‘naldi. Jimjit hujra to‘rida, anchayin yupqa ko‘rpachada tizzalagach, ilgari qaydadir kampir bilan uchrashgandek bo‘laverdi. Andak og‘riyotgan boshini kaftlari orasiga olib uzoq o‘ylasa-da, bir to‘xtamga kelolmadi, saldan keyin gumashtani chorlab, hamyon tutqazdi va maqsadini aytdi.
Gumashta negadir qimirlamadi: gunoh ish qilib qo‘ygan kimsadek ro‘parasida kalovlanib turar, yakkam-dukkam ajin tushgan yumaloq betida tashvish va xavotir ifodalangan edi.
–Xoda yutdingmi, bandai gumroh?
–Bir qoshiq qonimdin keching, a’lo hazrat, – g‘udrandi nihoyat gumashta, niholdek egilib. – Tuhfangizni yetkarmak iloji yo‘qtur.
–Ie! – ajablandi Sohibqiron. – Nechun?
–Sho‘rlikni Sorbug‘o qipchoq navkarlari hibs qilmishlar.
–Sababi ayonmu?
Gumashta yo‘q ma’nosida ma’yuslanib bosh tebratarkan, Sohibqiron tutaqib ketdi. Axir, ne ko‘rgilikki, kimsan Sorbug‘o qipchoq kelib-kelib kuchini to‘ridan go‘ri yaqin bir ojizai notavonga ko‘rsatsa!? Chamasi, hargiz molu dunyoga to‘ymagan ko‘zlari qavat-qavat shira boylamish, bas, kapangga o‘t ketgurni tuzukroq tergab qo‘yishi kerak.
Sohibqiron mujda tekkan zahoti shamol kabi shitob yetib kelgan va barvasta qomatini oyoqlari ostiga tashlagan Sorbug‘o qipchoqqa nigohini tikan qilib sanchdi.
–Olampanoh, eshitdikki, shahrimiz yalmog‘izi muborak ta’bingizga ozor bermish, – dedi u do‘rillab, past tushishni istamay. – Shu bois tegishli tadbir chekdik, toki yo‘lingizni boshqa to‘smasun.
–Ko‘p afsuski, xom o‘ylabsiz, birodar, – dedi Sohibqiron tahdid aralash. – Tomdin narini ko‘rishdin mahrum sizdek kimsa uchun amalu martaba hayf!..
–Afu etgaysiz, – endi arang sazo berdi hokim. – Yana bir andishai sabab bor orada, ya’ni o‘sha ojiza betiga xudojo‘ylik niqobini tortgan firibgar erur.
–Insof bilan so‘ylang, qipchoq begi.
–Valine’matim, bizga ma’lumki, o‘g‘li Erxonni go‘dak yoshidin qin-g‘ir yo‘lga gij-gijlamish. Endilikda ul bachchag‘ar musulmonlar mol-holiga ko‘z ola qilish ila ro‘zg‘or tebratadur. O‘n kuncha muqaddam iflos tumshug‘ini xazinamiz qopqasiga tiqibdur.
Birdan Sohibqiron qosh-qovog‘i uyildi.
–Qipchoq begi, unaqa nobakor o‘g‘il muqarrar jazo olur, – dedi ke-yin afsus bilan. – Lekin onaizorni o‘z holiga qo‘ying.
Sorbug‘o qipchoq qayta-qayta qulluq qilib, oshig‘ich hujrani tark etgandan keyin Sohibqiron og‘ir uf tortdi. Axir, zardasi qaynab, nadomat chekkanicha bor-da: buqalamun siyoqli bu kas olis yo‘lda hamrohlikka yaramaydi chog‘i!..
Sohibqiron botiniy tilovat bilan mashg‘ul bo‘larkan, ruhi goho yorishar, goho nedir g‘uborga chulg‘anar edi. Ibodatdan keyin turk qavmi rahnamosi sanalmish Xoja Ahmad Yassaviy (alloh oxiratini toabad obod aylasin!) arvohini hamxona bilish ayricha saodat ekanligini yana mushohada qildi.
Sohibqiron ertalab, avvalroq chamalab qo‘yganidek, hali qaddini tuzukroq tutib olmagan shahar bilan tuzukroq tanishish, qisqasi, guzarlari va bozorlarini aylanish tilagida tashqariga chiqarkan, darvoza oldida yana haligi kampirni uchratdi va yana nogoh o‘y-fikri alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi.
–Onaxon, muruvvatli tangri taolo faqirni Turon mulkining toju taxtiga loyiq ko‘rmish, – dedi saldan keyin chertib-chertib, – biron arzingiz bo‘lsa tinglayin.
Jonsarak kampir ilkis o‘girilar ekan, qat-qat ajin qoplagan ensizgina beti, xira tortgan nigohida nedir hayrat bilan yo‘g‘rilgan andisha ifodalandi. Va muborak nomi yetti iqlimga tarqalgan dovruqli zotni boshidan oyog‘iga qadar qiziqsinib kuzatdi. Lekin churq etib og‘iz ochmay, qovog‘idan qor yog‘dirib, cho‘pdek ozg‘in jussasiga yarashmagan viqor bilan yo‘lini davom ettirdi.
Sohibqiron miyig‘ida kinoyaomuz kuldi, ammo neki tuygan bo‘lsa, barini jimgina ichiga yutmay iloji qancha? Hozir ortiqcha bir narsa deguday bo‘lsa, kampir dilini badtar og‘ritib qo‘yishi va yana o‘zi xijolat chekishi mumkin. Haytovur, o‘lgudek dimog‘dor ekan, nimasiga buncha ishonarkin qurmagur. Zindonda chiyralib yotgan o‘g‘li bilan ham zig‘ircha ishi yo‘qdek, tavba!..
Zimiston sovuq chirsillagan navbatdagi kechada Sohibqiron bosriqib qoldi, tushida kampir qat-qat ajinli beti yumdalangan, yonoqlaridan shashqator yosh dumalayotgan, qirovlagan sochi ko‘ksida parishon yoyilgan alfozda ko‘rinish berdi.
Tavba, ertalab, tushi ta’birini o‘ylagancha, ko‘rpachada lolu hayron xomushlanib o‘tirganda, gumashta hay-haylashiga qaramay, qiya ochiq eshikdan o‘sha mo‘mina pildirab kirdi. Boshiga eskiroq bo‘z ro‘mol o‘ragan, egnida nimdoshgina baxmal kamzul, qo‘ltig‘iga kichik tuguncha qistirib olgan va oqarinqiragan lablarida siniq bir kulgi…
Sohibqiron taxmin qildiki, qayg‘u-alam, ayriliq va xo‘rlik oxiri suyak-suyagidan o‘tib, arz-dod uchun kelgan, hozir uzundan-uzun obi-diydasini boshlab, nonko‘rlik ko‘chasida adashgan nuridiydasi gunohidan kechishni so‘rab o‘tinadi.
–Olampanoh, azal tegirmoni azaldin buzuq, – dedi kampir bir yonda cho‘nqayib. – Andog‘ erkan, shafqat tilashda maza-matra bormi?
–Onaginam, maza-matra albatta bo‘lur, qachonki so‘z adolatni tiklash ustida borsa! – keskin javob qaytardi Sohibqiron. – Afsus, ko‘p holda mardum yaxshi bilan yomonni farqlamas!
–Zamona zayli shu bo‘lsa, ne qilsin?
–Ko‘zingiz oqu qorasi Erxon ham o‘sha qatorda, – dedi Sohibqiron kesatiq ohangida. – Qilmishini qoni bilan yuvadir, bu musibat shirin joningizga achchiq botmasmi?
–Botar… Lekin ilojim qancha? Peshona sho‘rini sho‘r yosh yuvolmas!
–Namuncha noumidsiz, onaxon?
–Negaki, manimdek ojizalar va notavonlarga hamisha chorasizlik chora bo‘lg‘on. Sizdek iqboli kulib, dunyo so‘ragan bahodir zotlarni esa charx hatto qaro tunda ham oftob bilan siylagay!..
–Hay, hay, mazaxlaysiz chog‘imda?
–Hazratim, ko‘z ochib ko‘rganim Rumda, to‘ng‘ichim Eronda, o‘rtancham Iroqda… muborak tug‘ingiz ostida jon fido qilg‘onini qaysi til bilan aytsam!?
Nogoh Sohibqiron dili tub-tubida misli yo‘q qirg‘in-barot jangu jadal guldirosi, tahdidu tahlika aralash urho-ur, yaralanib qulayotgan sarbozlar ohu vohi, jon-jahdi bilan ko‘kka sapchiyotgan asov otlar kishnashi aks sado bergandek tuyuldi.
–Netayki, ota mehriniyam, qahriniyam ko‘rmay, ko‘ngli yarim, ko‘zi o‘larday och, qo‘li egri bo‘lib o‘sdi Erxonim!..
–Onaxon, taqdir-da!..
–Attang, o‘lat tegib, go‘dakligida o‘lib ketmagan ekan, hozir nasog‘iga qolib o‘tirmas edim!..
Gumashta mo‘ralab suhbat bo‘lindi.
Kampir xayr-xo‘shni nasiya qilib jo‘nagach, Sohibqiron ko‘ksi butunlay huvillab, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish va sal-pal ovunish uchun taraddud chekdi. Lekin, harchand urinmasin, qaniki o‘y-fikrini bir nuqtada jamlay olsa?!
Ertalab Soqibqiron aniqroq tuydi: ta’riflash mahol boshqacha evrilish qo‘zg‘algan edi ruhida. Shunaqa hol ilgari har qadamda va hatto har soniyada yuz berardi, bu yerga tashrif buyurgandan beri ko‘ngli tinch-xotirjam tortib, ancha yengil nafas olayotgan edi. Ajabo, yana nima bo‘ldi? Taxminiga ko‘ra, ishni kecha kampir buzib ketdi. Tavba, har gal u bilan uchrashganda nimadir ro‘y berayotir, nima balo, afsun qiladimi?
Sohibqiron asrdan keyin negadir, hujraga sig‘may, bir joyda o‘tirolmay qoldi, yuragi po‘rtanadek toshib, sezimlari o‘t tushgandek chatnab ketaverdi. Kimdir go‘yo olisdan elas-elas chaqirar, xiyol mahzun xayrixoh tovush inon-ixtiyorini o‘g‘irlagan edi. Siru sinoat bilan o‘ralgan xilvat olamidan sado kelarmidi, kim bilsin.
Bir payt hushini o‘nglab qarasa, tepada son-sanoqsiz qarg‘alar charx urib faryod chekayotir, qor zarralarini chirpirak uchira-uchira izg‘irin g‘uvillab esayotir, jismu jonida – ta’rifi yo‘q bir isyon!..
Qiyalik shimolida yastangan qabriston o‘rtasida, yuqori tarafida uchiga tug‘ bog‘langan yo‘g‘ongina egriroq xodacha qo‘ndirilgan oddiy go‘r yonida xomush tizzalagan, kuloh qo‘ndirilgan boshi xam… Lablarida umidu ilinj aralash mahzun shivirlash: buzrukvor, faqir qoshingizdamen!..
Sohibqiron nihoyat yaxlagan kesakka asta peshonasini tegizib xo‘rsinar ekan, dorilfano bilan dorilbaqo o‘rtasida guldirab yotadigan tegirmonni ko‘rgandek bo‘ldi. Oradan taxminan yarim soat o‘tsa ham hamon piri komilni abadiy panohiga olgan tuproq uyumi biqinida parishon cho‘kkalab turardi.
Tishlari takirlay boshlagan gumashta, vaqt bemahal bo‘lib, qahraton sovuq kuchayib borayotganini uchinchi marta yurak yutib eslatgach, qayta duoyi fotiha o‘qidi-da, shoshilmay yo‘l tortdi.
Sohibqiron qaysidir guzar choyxonasi oldida, qor ko‘mgan daraxtlar ostida, halqa solib g‘ivirlayotgan ayolu erkakka duch keldi. Nogoh kimdir ko‘rib qolib, o‘zini oshig‘ich panaga urdi, tez orada boshqalar ham shivir-shivir bilan to‘rt tarafga suruvday tirqirab ketishdi. Faqat bir kishi qoqilgan qoziqdek qimirlamadi, ajabo, u har qachongidan ko‘ra yupunroq kiyingan, rang-ro‘yi tag‘in ham zahillashgan kampir edi.
–Buzayturg‘on ko‘p-ey… Tuzayturg‘on qani? Esizgina!..
Buni qarang: zahar tomadi-ya tilidan!..
Qurmagur kampir xirilloq tovushini atay ko‘tarib kesatayotgani va hamiyatiga tegayotgani bejiz emas, axir, kimsan yetti iqlim ustidan hukm yurgizishga qodir jahongir bo‘la turib, haligacha bir mayda jumboq yechimini topmadi-da. Erxon mojarosidan Sorbug‘o qipchoq so‘z ochishni istamagani tabiiy holdir, xo‘sh, nechun o‘zi siru savdo tagiga yetish uchun sal bo‘lsin qiziqmadi? Hordiq istab, osudalik tilab, xilvat sari chekingani bahona, arqonni bu qadar uzun tashlab qo‘yishi ko‘pam risolaga to‘g‘ri kelmasa kerak.
Sohibqiron bexosdan yo‘lini o‘zgartirdi.
Betiga sanchilayotgan izg‘irinni pisand qilmay, jadal lo‘killab borar ekan, tezroq Sorbug‘o qipchoq bilan oraochdi qilish – betidan niqobni olib tashlashni mo‘ljallar edi. Atrofida beli baquvvat, dasti uzun kaslarni to‘plagan, o‘shalar panohida o‘ziga ortiqcha bino qo‘ygan hokim osonlikcha jon bermasa kerak. Lekin zig‘ircha aybini sezsa bormi, tomiri suvga yetgan esa-da, jallod ilkiga topshiradi nobakorni!..
Nozik ganch naqshlar bilan ziynatlangan ulkan xonai xosni chilim tutuni tumandek o‘rab olgan, zarhal kosalarda qirmiziy sharob ko‘pirayotir, uzun dasturxonda sarxil nozu ne’matlar muhayyo edi. Qo‘shqavat adrasu kimxob ko‘rpachalarda bemalol qo‘r to‘kib o‘tirgan, qovoqlari ko‘pchigan sarxush kishilar hazil-mutoibasi va qiyqirig‘i bemalol tashqariga eshitiladi. To‘rda beso‘naqay oyoqlarini uzatib yonboshlagan Sorbug‘o qipchoq xotirjam pinak qilar, har zamonda xirxirab xurrak tortar edi.
–Oh-ho, bazmi jamshid avjida-ku, – guldiragan tovushda kesatdi Sohibqiron, ostona hatlagan zaqoti. – Dunyoni suv bossa o‘rdakka ne g‘am, shundaymi?
Sachrab ketgan davra ahli baravar poyiga yopishdi.
–Qadamlariga hasanot, qiblagohim! – tutilib lutf qildi Sorbug‘o qipchoq, muz ostidan chiqqandek dag‘-dag‘ uchib. – Bir qoshiq qonimizdin kechgaysiz, g‘ofil qolibmiz.
–Qipchoq begi, eshitdimki, amringizga ko‘ra erta-indin Erxon dorga tortilur, – dangaliga ko‘chdi Sohibqiron. – Bilay-chi, bandai mo‘min qancha siymu zaringizni qiya qilmish?
–Hay, hay, nimasini aytayin, javohirot to‘la sandug‘cha yo‘qolgan, olampanoh, – dedi Sorbug‘o qipchoq, hamon qaltirog‘i bosilmay. – Bundan ko‘p afsusdamiz.
–Rizobek, sizdan eshitaylik, – hokim kabi gangib, adoyi tamom bo‘layozgan qozikalonga yuzlandi Sohibqiron. – Rosti qayda-yu, ko‘sti qayda, o‘zingiz tuzukroq anglatgaysiz.
–Muhtaram hokim rostini aytdi, – beixtiyor nigohini olib qochdi qozikalon. – Nafsi hakalak otgan muttaham Erxon xazinamiz barakasini uchirmish!
– Aqlga sig‘mas, qandog‘ epladi ekan? – cho‘zilib ketgan noxush jimlikni buzdi Sohibqiron. – Nima, gumroh soqchilarni g‘aflat bosgan erdimi?
–Olampanoh, – jon hovuchlab g‘udrandi qozikalon, – taftishni boshqarib turgan bosh vazir borini bizdin puxtaroq bilur.
Sovuqdan yaxshi asraydigan qalingina zarbof to‘n kiygan Qodir Bo‘tabek holi-ruhi ayniqsa zabun: halidan beri, hamma qatori, bo‘lma to‘rrog‘ida oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab turar, ichidan qirindi o‘tayotgani bois, rang-ro‘yi ko‘karib ketgan edi.
–Bir qoshiq qonimdin keching, ey ulug‘lar ulug‘i,– dedi u tili arang buralib, bukilgancha qayta-qayta yer o‘parkan. – Faqir alardin ortiq dalil bilmasmen…
–Hokim va qozikalon hukmiga rozimisiz?
–Barcha rozidur. Faqir ajralib qolarmidim?
–Ha, tuzuk… Bu dunyoda kimki o‘g‘ri, zavoli har doim tayin!..
Qariyb butun mamlakatda taniqli, xususan, shu atrofda so‘zi qilichdek kesadigan uch mansabdor bergan guvohlik asli yetarli edi. Hatto ular Erxon aybini bo‘yniga olganini bir necha marta kuyinib ta’kidlashdi. Faqat u hozircha sandug‘chani qayga yashirgani va ichidagi boylikni kimlar bilan bo‘lishganini sir tutayotgan ekan, agar og‘zidan gullaydigan bo‘lsa, yovvoyife’l sheriklari bir kechada tinchitib ketisharmish!..
Soqibqiron ko‘zlari olma-kesak terayotgan Sorbug‘o qipchoq qarorgohida andak taskin topdi, hokim va boshqalar bilan xayrlashib, xonaqoq sari qaytgandan keyin ichini har xil gumonlar yumdaladi. Aftidan taftish shunchaki nomiga, pala-partish va xom-xatala o‘tkazilgan va ko‘p narsa noaniq qolgan ko‘rinadi. Qaytadan barini birma-bir chig‘iriqdan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Aniqrog‘i, Erxonni ayamay qattiqroq burash kerakki, toki bilgan-kechirganini ipidan-ignasigacha so‘ylasin.
Shahar allaqachon orom og‘ushida…
Sohibqiron esa bedor: sovub ketgan jimjit hujra o‘rtasida, Qur’oni karim qo‘yilgan lavh yonida muk tushib, xayolan turli ko‘chalar bo‘ylab kezib yuribdi. O‘y-fikri bir dam tutqich bermas, tobora chuvalanib, boshi g‘ovlar edi. Nogoh kampirni eslab, g‘ussa va afsusga chulg‘anar ekan, eshikdan gumashta mo‘raladi. Bildiki, huzuriga kimdir kelgan, ajabo, naqd katta saharda-ya!?
Cohibqiron ijozati bilan eshikdan oshiqib kirgan, peshida allatovur orziqib tizzalab, etagini qosh-ko‘ziga surta boshlagan mosh-guruch soqolli kishini ilgari qaydadir, adashmasa, Sorbug‘o qipchoq saroyida kechgan bir mashvaratda uchratgan edi. Ehtirom rasmu rusumini kelishtirib o‘rniga qo‘ygandan keyin mehmon nihoyat o‘zini tanishtirdi. Rostdan ham u xazinabon Mustafo Shoshiy bo‘lib chiqdi.
– Xo‘sh, birodari aziz, nechun kunduz yorug‘ida kelmay, kecha qorong‘usida bezovta qilursiz faqirni?
–Qiblagohim, afu etgaysiz men odobsizni, lekin mabodo mal’unlar bilib qolsalar, kallamdin judo bo‘lurmen, – mahzun qiyofa oldi Mustafo Shoshiy. – Shu sabab bemahal qadam ranjida qilmakni ma’qul topdim.
– Shunaqami? Qulog‘im sizda.
– Erxon javr ostida qolmish!..
– Bilib qo‘ying, yolg‘ondin to‘yg‘onmen.
– Olampanoh, zig‘ircha yolg‘on so‘ylasam, tangri qarg‘ishiga uchrayin va til tortmay o‘layin, – dedi uzib mehmon. – Muborak xotiringizga ma’lum bo‘lsinki, dastlab taftishda ishtirok etibmen. Ammo keyin qozikalon qistovi bilan hokim faqirni chetlatmish!..
–Sabab?
–Sababi… Valine’matim, Erxon gunohdin xoli, bechorani tezroq hibsdin bo‘shatish lozim degan taklif aytganim!
–Kazzobga tarafkashlik qildingizmi?
–Imonimni tikib aytamen, g‘aznadin sandug‘cha yo‘qolgani rost, lekin ani Erxon o‘g‘irlagani xususidagi xulosa uydirmadur.
–Yo‘g‘-e! Isboti bormi?
–Ishonmasangiz, o‘zidin so‘rang, qiblagohim… To‘g‘ri, bandai ojiz xazinaga kirgan, ma’qul tuyulgan sandug‘chani o‘marishni mo‘ljallagan, ammo keyin…. Tasodifan devorda bir bitik ko‘rib qolganu aynigan.
–Bitik? Xo‘sh, xo‘sh?!
–Shundog‘, olampanoh… Devorda hunargir xatttot: “Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lguvchidir” degan oyati muborakni insho qilgan ekan. Har neki qilmishi xufiya qolishiga ishonib yurgan Erxon, haligi bitikni o‘qigach, peshonasiga bir shapati urgan va shashqator yosh oqizgancha sandug‘chani joyiga qo‘yib jo‘nagan. Eshikdan chiqqan joyida… uyg‘onib qolgan qorovullar tutishgan!..
Mustafo Shoshiy kuyingancha yuragi tubidan chiqarib so‘ylar, hujra sovuq bo‘lishiga qaramay, ajin tilimlagan enli peshonasini reza-reza qaynoq ter qoplagan edi.
Imoni butun odam ekanligi rang-ro‘yidan bilinib turgan xazinabon izohlariga astoydil quloq tutgan Sohibqiron kalava uchini topgandek yengil tortdi, muhimi, mavridi kelgan zahoti Erxon bilan uchrashishni mo‘ljalladi. Tun bo‘yi tuzukli uxlamay, kallai saharlab huzuriga Sorbug‘o qipchoqni chorladi-da, ko‘nglida borini baralla aytdi:
– Qipchoq begi, darhol farmoni oliy bitilsun. Biz Erxon xunidin kechduk. Yigit yashamog‘i kerak. Yana bir taftishdan keyin umuman biron jazoga loyiq yoki noloyiq ekanini jiddiyroq o‘ylab ko‘rgaymiz.
Bunaqa bo‘lishini kutmagan Sorbug‘o qipchoq oqara-bo‘zara e’tiroz bildirishga urindi. Lekin Sahibqiron bir ola qaragan ediki, pisillab o‘chdi-da, kaltak yegan it kabi dumini qisib jo‘nadi…
Hush-xayolini xilvat ixtiyoriga bergan Sohibqiron oradan ikki kun o‘tib ketganini sezmay qoldi. Bugun ertalab gumashta kirib-chiqib dasturxon tuzayotgan chog‘da, bu dunyoyi dunda qahru g‘azab yupanch bo‘la olmasligini o‘ylab o‘tirardi. Saldan keyin shunchaki ul-bul totindi-da, tokchadan qalin muqovali kitob olib, asta-sekin varaqlay boshladi. Qaysidir qiziqarli fasldan yarim-bir bet o‘qigan ediki, nogoh ostona gusirlab, ko‘zlari kosasidan irg‘ib chiqqan Sorbug‘o qipchoq shoshilib kirdi va barvasta gavdasini poygakka otdi.
–Qiblagohim, ko‘rgilik, Erxon o‘zini o‘zi chavaqlab tashlaptur!..
–Qipchoq begi, ne deb sannaysiz?
–Afsuski, so‘zim rost! Musibat sodir bo‘lmish!..
Sohibqiron, kitobni tezda joyiga qo‘yarkan, qoplondek shiddat bilan otilib turdi-da, titrab-qaqshab yukunayotgan Sorbug‘o qipchoqni yoqasidan bo‘g‘ib ko‘tardi va shaxt bilan siltab yubordi. Harchand o‘zini bosishga tirishmasin, ko‘ksi sim-sim achishar, ruhi ostin-ustin bo‘lib, yeru ko‘kka sig‘may qolgan edi.
Ko‘p afsus, loqaydlik o‘tib, tadbirni puxta qilmadi, butkul qo‘yib yubordi savil qolgur jilovni, endi shundoq ham alamdiyda, bag‘ri biyron mushtipar onaxon betiga qaysi ko‘z bilan qaraydi? Erta tag‘in hujrasiga xaltasini qo‘ltiqlab kelsa-da, insofli banda, baraka toping, tegirmon holidan xabar olish shunchalik bo‘lar-da, deb kesatsa, ey xudojon, ne kechadi holi, tutdek to‘kilib tugamasmi!?
Yana afsuski, Erxon nechun qasd qildi ekan joniga?
Bas, achchiq ichakday cho‘zib o‘tirmay, tezroq siru savdo tagiga yetishi, oqni oqqa-yu, qorani qoraga ajratishi lozim, aks holda, ruhida qo‘nim topa boshlagan osudalikdan judo bo‘lur. Hoziroq taftishni sarkarda Joku barlos ixtiyoriga topshiradi. Odam tanish, vaziyatni to‘g‘ri baholash va hatto iz topish bobida u besuyak…
Chindan ham sarkardalar ichra eng salohiyatlisi hisoblangan Joku barlos Erxon atrofida yurgan avvali-oxiri yo‘q mish-mishlarni allaqachon eshitgandi. Sohibqiron gardaniga maxsus vazifa yuklagach, bir necha xos mulozim yordamida jadal ishga kirishdi va ertasi shomga yaqin mufassal ma’lumot berdi.
Qoq yarim kechada, atrof jimjit bo‘lib qolganda, zindon soqchilari chopqin qilingan, xunrezlik Erxonni oradan ko‘tarish uchun amalga oshirilgan, chatog‘i shundaki, fitna boshida Sorbug‘o qipchoqning o‘zi turgan emish!..
Sohibqiron arang bosdi g‘azabini, bas, dedi ichida, itdan bo‘lgan qurbonlikka yaramas, har qadamini nazoratda tutish va xashagini ochib tashlash lozim. Yolg‘iz tangri najotkor! Bilmagan ekan, bu shahar iqlimi va amaldorlari ko‘nglini rutubat bosmish, bundan xos ham, avom ham jabru jafo tortur. Miskinlik hech qachon ayb sanalmas, aksincha, jaholat sari og‘ish gunohi azimdir. Kimligi noma’lum bir ojiza mansabni ot qilib mingan kaslarga qanday bas kelsin. Sho‘rlik hozir o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotgandir. Bir borib ko‘nglini so‘raydi, shunga hafsala qilmasa, bekor katta gapirib yurgan ekan yorug‘ dunyoda!..
Ertalab, qor uchqunlab turganda, chakmonu choponga o‘ralgan amirlar va beklar xonaqoh oldida to‘planishdi. Hamma Sohibqiron etagini tavof qilish uchun oshiqardi. Lekin u har kimga ruyxushlik bermas, qovog‘i solingan va parishon edi. Boshiga qunduz telpak qo‘ndirgan Sorbug‘o qipchoqqa ko‘zi tushganda, ichini ayniqsa nimadir yondirib, dog‘uli salomiga alik olishni ham istamadi.
Sohibqron gumashta o‘nglagan gijinglayotgan to‘riq beliga abjirlik bilan qo‘ndi-da, shitob jilovni siltadi, vaziyatni anglaganday jonivor dumini xoda qilgancha, izg‘irin supurayotgan o‘nqir-cho‘nqir ko‘cha bo‘ylab yo‘rta ketdi.
Hayratu havasga ko‘milgan mulla Nishon zo‘r ishtiyoq bilan yo‘l ko‘rsatib bordi. Saldan keyin u mingan qovurg‘alari sanalib qolgan cho‘gir shahar chetidagi ko‘rimsiz hovli ro‘parasida pishqirib to‘xtadi.
Darvoza ikki qanotida besh-o‘n kishi bel bog‘lagan va qo‘l qovushtirgan holda sukut saqlab turardi. Bezotig‘li otlarda yelib kelgan, shohona liboslar kiygan aslzoda zotlarni ko‘rib, ular shoshib-gangib qolishdi. Ancha tetik ketmon soqolli chol, guzar oqsoqoli shekilli, kampir betob yotganidan xabar berib, tavoze ila ichkariga shoshildi.
Oqsoqol izidan faqat Sohibqiron, Joku barlos, Sorbug‘o qipchoq, Qodir Bo‘tabek va Rizo olchin ergashdi, boshqalar hassakash birodarlar qatoridan joy egallashdi.
Sohibqiron gupillab isiriq hidi anqiyotgan torgina dahlizga kirarkan, go‘yo birdan bag‘ri o‘pirildi, axir, g‘ira-shira qorong‘ilik qa’ridan mo‘ltirab boqayotgan horg‘in va ma’yus ko‘zlar ta’nasiga tob berish oson ekanmi, qodir egam?
To‘rda uyilgan lo‘la-bolishga yelka tirab o‘tirgan, jussasi yana ham kichraygan kampir ohista pichirlab duo o‘qiyotir, rang-ro‘yida bir olam mung va hasrat naqshlanib qolgan…
Uzun qora ko‘ylak kiyib, qora ro‘mol o‘ragan g‘undalakkina xo‘shro‘y ayol, kelini bo‘lsa kerak, atrofida paymona patak, hatto har bir so‘zi va har bir imo-ishorasiga mahtal…
–Onaxon, bandalik, – dedi Sohibqiron, qisqagina duoyi fotihadan keyin, bo‘g‘zi achishib. – Allohim jannatini ayamasun!..
–Iloyim, shunday bo‘lsin, – og‘ir sulish oldi kampir, kalta kipriklari namlanib.– Kecha aytishdi, muruvvat qilgan ekansiz.
–Ha, imkoni boricha… Ammo faqir dog‘da qoldim.
–Na chora? Osmon uzoq, yer qattiq! – qat-qat ajin bosgan yonoqlaridan dumalagan shashqator yoshni zahil tortgan kaftlari bilan sekin artdi kampir. – Shahanshohim, ming bora uzr, izzat-hurmatingizni joyiga qo‘yolmadik. Sizdek ulug‘ zot hamisha qo‘nog‘imiz bo‘lmas.
– Xijolat chekmak mavridi ermas, onaxon.
– Xudo haqi, tashrifingizdin boshimiz ko‘kka yetdi!..
Axiyri, xiyol tetiklashgan, oz bo‘lsa ham ko‘ngli yorishgan kampir beixtiyor nimjon gavdasini ko‘tardi va oliy martabali mehmon chehrasiga qaytadan razm soldi.
–Olampanoh, shu desangiz, bugun… yo ertami… beva qolgan kelinimga bir yumush buyurmoq niyatida edim, xudoyimdin o‘rgilay, mushkulimni o‘zi oson qilmish!..
– Ne yumush ekan, onaxon?
– Yodingizda bormi-yo‘qmi, bilmadim, zamonida sizdin bir omonat qolg‘on ixtiyorimda!..
Qo‘shqavat baxmal ko‘rpachada horg‘in tizzalagan Sohibqiron, nogoh hushyor tortib, ixcham kuzalgan soqolini siladi. Tavba, ko‘p alomat va naqadar hayratli, axir, to‘ridan go‘ri yaqin kampir qanday omonat ustida so‘z yuritayotir? Qurmagur ko‘pni ko‘rgan va bir baloni biladi-yov. Yoki shirin joni bo‘g‘ziga tiqilib, aljiray boshladimi sho‘rlik?
Har holda Sohibqiron, shubhalarini haydab, oxirigacha sabr bilan xotirjam kutishga qaror berdi. Bu orada kampir bir qadar jonsarak bo‘lib qolgani va orziqayotgani sezildi, hatto nogoq mo‘jiza ro‘y berib, yoshlik fasliga qaytgan kabi, nigohi boshqacha chaqnay boshladi. So‘ng nimadandir cho‘chinqiraganday astagina bosh irg‘adi. O‘sha zahoti kelin taxmondagi mayda naqshlar chekilgan sandug‘dan ola-bula tuguncha oldi.
Sohibqiron lolu hayron bo‘lib kulimsiradi, axir, tunov kuni qora sovuqdan cho‘chimay yupun kiyingan kampir, to‘satdan hujrasiga bostira kirib, yuragini to‘kkanda shu narsa qultig‘ida emasmidi?
– Marhamat, shahanshohim!..
Vo ajab, g‘ira-shirada yalt-yult qilayotgan matoh nima?
Hushimi yoki tushi – binoyidek ko‘z qamashtirar kamar-ku!
Rostdan ham aql bovar qilmas: naqshlari qavariq tilla to‘g‘a, nozik zarblangan zarrin hoshiya, lov-lov yonib tovlanayotgan la’lu yoqutlar naqadar yaqin diliga!..
Sohibqiron o‘tli nigohini ro‘parasida ham mung‘ayib, ham siniq kulimsirab turgan kampirga ko‘chirdi va nogoh o‘zini shirabo‘ron aralash urayotgan laylak qor qo‘ynida, tiriklik nishonasi yo‘q zimziyo va kimsasiz dasht o‘rtasida ko‘rgandek bo‘ldi…
Barini avvalidan-oxirigacha esladi: omad butunlay yuz o‘girgan o‘sha mudhish kunda, barcha sherigidan adashib qolib, mo‘g‘ullar pistirmasiga duch kelgan va yelkasiga kamon o‘qi sanchilgan edi. Uzoq muddat tuz totmay, ko‘p qon yo‘qotgani sababli, tinkai madori qurib, oxiri bir qishloq yaqinida yuztuban quladi. Es-hushini yig‘saki, mol tezagi va pichan hidiga to‘la nim qorong‘i og‘ilda, pichan g‘arami ichra aftodahol yotibdi. Kimdir malham surib, yarasini bog‘labdi. Keyin bilsa, xaloskori xokisor va nozikkina xushro‘y ayol ekan…
Tez orada kuch-quvvatga engach, ayolni siylamoq niyatida, cho‘ntagini kovladi-yu, sariq chaqa ham topolmadi. Oxiri, xijolatini yashirolmay, quruq rahmat aytish bilan kifoyalandi.
Qor ko‘rpasi ostida mudrayotgan Kesh sari yuzlanarkan, bo‘z yigit bo‘lib bo‘y ko‘rsatganda, padari Tarag‘ay bahodir ezgu niyat bilan beliga bog‘lab qo‘ygan kamarni o‘sha yerda unutib qoldirganini bildi. Oh, shunaqa afsus chekdiki, nedir og‘riqdan qatto yuragi tars yorilayozdi. Axir, u shunchaki oddiy buyum emas, bahosi ham, takrori ham yo‘q yodgorlik: yetti pushtini ko‘rgan va yetti bobokaloni jismu joniga mador bo‘lgan. Uzoqni ko‘ra oladigan buzrukvori esa, vaqti-soati yetganda, o‘zi uni eng jo‘mard va oqil farzandiga topshirishi lozimligini necha marta qulog‘iga quygandi.
Sohibqiron g‘amu anduhga botdi, vaqtni boy bermay, besh-o‘n ishonchli navkar bilan haligi qishloqqa oshiqib keldi. Ammo kuniga yaragan ayol daragini topolmadi, hovli-joyini mo‘g‘ullar yoqib yuborgan ekan…
Sohibqiron, kamarni yodidan chiqarmagan esa-da, allaqachon undan umidini uzgandi. Axir, bunaqa narxi baland kamyob molni kim ham o‘ziniki qilib olishni istamaydi.
–Onaxon, faqir shu damgacha hech kimga, hatto qudrati zo‘r podshohlarga ham bo‘y egmay yashadim. Ammo sizga ta’zim qilsam yarashur. Bugundan sizga o‘g‘il bo‘ldim!..
Sohibqiron asta kaftini ko‘ksiga bosdi.
Chamasi, kampir ham o‘sha damlar achchiq-chuchugi, og‘ir-engili va jabru jafolarini xotiridan kechirayotgan edi. Ehtimol, shu bois ozg‘in yuzi ajinlari tobora yechilib, nigohi nurlanib borardi. Faqat koshki hali alohida lutf bilan aytilgan taklif, ado etilgan ehtirom dilida o‘rnashgan qavat-qavat dog‘larni yuvib yuborish uchun ozgina yarasa!..
–Onaxon, ayting, faqir ne qilsam dilingiz shodlanur? Hozir har neki tilagingizni mustajob qilishga hoziru nozirmen! Buyuring, bemalol ikkilanmay buyuring, ey onaxon!
Kampir javob qilmay xo‘rsindi, hech kimga e’tibor bermay, boshqatdan lo‘la-bolishga ohista suyandi-da, xiralashgan va halqa-halqa yosh aylanayotgan ko‘zlarini beholgina yumdi…
Shu bilan suhbat boqiy bo‘ldi.
Sohibqiron mo‘ltirab qult-qult yutinayotgan kampirning yillar tamg‘asi bosilgan chehrasiga oxirgi marta o‘girilib qaradi, ko‘ksi uvalgancha nimadir degisi keldi, ammo darhol tilini tiydi. Og‘ir-og‘ir qadamlar bilan dahlizni tark etgan maqalda, bezovta yuragi lag‘cha cho‘g‘ tekkan kabi kuyishayotgan edi.
Sohibqiron hamon izg‘irin uvillab supurayotgan o‘nqir-cho‘nqir ko‘chadan bedovni qichab haydadi: bir intiqlik bilan tangri uyi bo‘lmish xonaqohda qoyim xilvat sari oshiqardi. Izidan esa qorama-qora bir sharpa shovursiz yo‘rg‘alab kelardi…