Arxeologik qo‘riqxona sanalmish qadimiy Afrosiyob xarobazorini kechayu kunduz qo‘riqlovchi afsungar: sochlari to‘lin oy shu’lasidek shokila-shokila oqbadan parivash!..
Yuragi tig‘ tilgandek simillab sanchayotgan Zarina yonida tizzalagan yolg‘iz o‘g‘li – Arslon burji ostida tug‘ilgan Sevinchakning bo‘y-basti va marhum eri Hikmat Roziqning dahliz devorida osuvli rangli suratiga termila-termila qorong‘ilik qa’rida sonsiz nigohi sokin chaqnayotgan sukunatni shu taxlit sifatlar edi.
– Naqadar himmatlisan, ey mushfiq ayol!..
Harir libosli oqbadan parivash nimadandir cho‘chiyotganday iymanib asta shivirladi, dilbar musiqaday yoqimli ovozi sokin havoda bir zum titrangach, Sevinchak dilida aks sado berdi.
Kuchli dori ta’sirida yarim tunda Zarina nihoyat mizg‘idi, lekin har xil qo‘rqinchli tushlar ko‘rib, uyqusida ham halovati bo‘lmadi, ajabki, negadir nuqul, Anushbiy dili zanglagan kas, deya alahlar va yupqa lablari quruqshab qarg‘anar edi. Tong bo‘zarmay suyagi beshbattar og‘irlashib uyg‘ondi, lekin hech bir tushini eslolmadi.
– Doim shu odamga tish qayraysiz, sababi nimada? – Qandaydir shubhaga ko‘milgan Sevinchak ma’yuslanib g‘udrandi. – Bir marta u qo‘li egri muttaham degandingiz, nima, otam qo‘lyozmasini o‘sha o‘g‘irlaganmi?
Zarina g‘ashlik og‘ushida behol titrandi, axir, ko‘nglida qanchadan-qancha alamu armon, qayg‘u-hasrat va nadomat tog‘dek uyilib yotibdi. Lekin ulardan birortasini sirtiga chiqarishni istamas, aniqrog‘i, bunday qilishdan behad cho‘chir edi. Shu bois hozir Sevinchakning savollari javobidan atay tiyildi va uni chalg‘itish maqsadida Afrosiyob taqdiri behisob o‘tkir nigoh va biyron til sohibi bo‘lgan sukunat, ya’ni badani simob tusli malak taqdiriga chambarchas bog‘liq ekanini maydalab izohlashga kirishdi.
Sevinchak otasi Hikmat Roziq qo‘lyozmasi masalasida Zarinani, yurak xuruji tutib qolmasin degan o‘yda, boshqa qistovga olmadi, qolaversa, onasi ko‘zlariga qarab ichidagini andak bilgan, aniqrog‘i, oqbadan parivash nigohi orqali ko‘nglini o‘qigan edi. Qayta-qayta uni ovutib va doim taniqli olim ekanini aytib maqtanuvchi Anushbiyni la’natlab, ishga jo‘nagan zahoti poyiga oqbadan parivash poyandoz bo‘lib to‘shaldi. Haybatli qiyofaga kirgan sirli xilqat butun Afrosiyob, ayniqsa, otashparastlar ibodatxonasi hamda jome masjidi qoldig‘i peshida charx urayotgandi. Tez orada doktorlik yoqlaydigan Anushbiy nazoratidagi mazkur nuqtada hozir yaqinda harbiy xizmatdan qaytgan va oddiy ishchilikka yollangan Muslim yolg‘iz erinib ter to‘kayotgandi. Qisqa salomu alikdan keyin Sevinchak ham yeng shimardi va yog‘och dastali nozik kurakcha uchini sho‘rlagan devor biqiniga avaylab botirdi va o‘sha zahoti butun vujudi quloqqa aylandi.
Ey o‘g‘lon, qutlug‘ tongda Yo‘lbars burjidan kelgan vahiyga ko‘ra, hozir ruhlarimiz birlashur!..
Oqbadan parivash Sevinchak atrofida ipak kabi eshilib va xushnud nozlanib paymonayu patak edi. Muhimi, falakdan harorat hamda quvvat o‘zlashtirgan sehrlovchi muloyim ovozi har bir qarich taqron yer, ya’ni o‘zaro tutash bukri do‘ngliklar, eski poydevor toshlari, parcha-purish sopolu g‘isht siniqlaridan bir maromda tomchilab sizayotgandi.
Sevinchak sal ilgari Zarina ta’kidlagan jiddiy e’tirofni xotirlagan zahoti g‘alati orziqdi, jazirama issiqda chatnab olovlangan quruq shoxu shabba misoli olovlangan ruhi oqbadan parivash ruhiga chirmashdi. So‘ng nogahon tug‘ilgan nigoh ilg‘amas daryo jismini qaygadir oqizib ketdi va ajib safar mobaynida allakim “Samoviy yo‘lbars doimiy madadkoring” degan gapni muttasil uqtirib turdi.
Sevinchak seskanib ko‘zlarini ochganda mo‘ylabi sabzalagan va ko‘zlari o‘tli chayirgina bo‘zbola edi; ko‘krak qafasida jasur hayvon yuragi potirlab tepayotgandi va shovqinu suronga to‘la Siyob bozorida bemalol hammollik qilib yurardi. Zildek qopni aravaga ortayotganda bir to‘da xaridorni og‘ziga qaratib sayrayotgan Anushbiy e’tiborini tortdi. Rapida betli bu odam dog‘uli moyfurush sifatida tanilgani va toshu tarozidan qo‘rqmay urishi haqida tarqalgan turli g‘iybatlarni eslovdiki, tag‘in ruhi oqbadan parivash ruhi bilan birlashdi va o‘sha zahoti yaralgan jo‘shqin daryo vujudini Afrosiyob qo‘riqxonasi sari eltib tashladi…
Sevinchak atigi bir necha soniyada qariyb o‘ttiz asrlik masofa bo‘ylab sayr qilib qaytganiga ajabsinar va miyasida nuqul azizu avliyolar oldida ikki dunyo bir qadam naqli g‘imirlar edi. So‘ng Yo‘lbars burji yo‘llaydigan vahiy va oqbadan parivash afsuni asosida kechadigan ajib sayohatga ehtiyoji muttasil ortaverdi va yetti iqlim bojiga tatiydigan karomat ilmu amalini tugal egallagan kimsaga evrila bordi. Ajib holatga ipsiz bog‘langani sayin gullab-yashnagan davrini muttasil tushlarida ko‘radigan, muhimi, ilgari Zarina va Hikmat Roziq astoydil suygan Afrosiyob quchog‘iga yanada zoriqib talpinar edi. Qadim zaminga qadam bosgach, volidai mehriboni behad og‘ir betobligi, padari buzrukvori yorug‘ dunyodan toabad kechib ketganini ezilib o‘ylardi-da, jami shodligu g‘amini bo‘lishishga tayyor nazokatli oqbadan parivash nigohi orqali tevarakka razm solardi.
– Ey Afrosiyob, sen buyuk armonsan!..
Tasodifan volidasini topgan yetimday hapriqadigan Sevinchak na’rasi ko‘ksidagi samoviy yo‘lbars yuragi tubidan butun Afrosiyob xarobotini uyg‘onishga undab otila chiqar, moviy bo‘shliqni tebratgach, oy va yuduzlar oshyonini quchar edi. Navbatdagi ish kunini ham shu yo‘sin boshlagani uchun himmatli oqbadan parivash olqishini qozondi, xushlamay qimirlayotgan Muslimdan esa nordon dakki eshitdi. Saldan keyin u pataklagan sochlari changini qoqib, ko‘hna tarix siymosida chandiq bo‘lgan bu makonni qaytib yelkamning chuquri ko‘rsin tarzida kesatib juftakni rostladi. Sevinchak og‘rinib keskin qo‘l siltagan ediki, ro‘parada Anushbiy kayfiyati sozligida hamisha zamona To‘marisi deb erkalaydigan sarv qomatli va xushsuvrat malak Komila bo‘yladi.
– Opajon, yaqinda sukunat afsuni yordamida hali Iskandar Zulqarnayn qo‘shini toptamagan navqiron Afrosiyobni ziyorat qildim va sizni Zardusht haykali yonida ko‘rdim!..
– Avvalgi hayotimda haykaltarosh bo‘lganman!
– Naqadar omadlisiz, opajon!..
– Barchamiz kechmish adosimiz, ammo u bizga aslo zor emas! – Komila muloyim kuldi va kaftidagi tuproqni o‘pdi. – Otangiz Hikmat Roziq asarlariga shu fikr singdirilgan!
– Rahmatli taqdiridan qoniqmay o‘tgan!..
Sevinchak nogahoniy xitobida Hikmat Roziq arxeologiya jabhasida juda erta tanilgani, alohida mavqe egallagani va keyin omadi chappa qaytganini nazarda tutgandi. Chindan ham, u yigirma beshga to‘lmay Afrosiyob kechmishiga doir dolzarb mavzuda dissertatsiya qoralagandi. Ammo negadir birdan astrologiya yo‘nalishi diliga cho‘g‘ tashlab, o‘ylamay-netmay himoyani ortga surdi-yu, falak burjlari bilan taqdirlar o‘rtasida mavjud aloqadorlik hamda bu jarayon samaralari ustida tadqiqot o‘tkaza boshladi va takroriy umr kategoriyasi bo‘yicha alohida nazariya yaratdi.
Hikmat Roziq moddiyatu ruhoniyat doimiy ravishda o‘zaro birdam ekanini aniq dalillar vositasida qat’iy isbotladi va natijada davridan ancha o‘zishga erishdi. Biroq kuyib-pishib ilgari surgan muhim nuqtai nazari yo‘qdan boru bordan yo‘q bo‘lmas aqidasi asosida suyagi qotgan zehni po‘stak qitmir zotlar, jumladan, o‘zini dangal bo‘lajak dahoga mengzovchi Anushbiy zarbasiga uchradi.
Haligi aqidani og‘ishmay yoqlaydigan nufuzli namoyandalar pinjiga suqulishni cho‘tlagan Anushbiy tinmay Hikmat Roziq uchun choh qaziyverdi va oxiri u mudhish xatar tashiydigan yot mafkura laychasi degan mazmunda maxfiy organga yumaloq xat yo‘lladi. Natijada jonini qaqshatib, tinkai madorini qurituvchi tergov boshlandi. Tintuv chog‘ida kitoblari orasidan Avesto va Qur’oni Karim topilgach, bir yo‘la sho‘riga sho‘rva to‘kildi: firqalik hujjatini topshirdi va qo‘lga kiritgan shuhrati tepasidan mag‘zavaga evrilib ag‘darildi. O‘ligi tayga o‘rmonida ko‘milgani va pochta bu haqda mavhum mujda yetkazgani, ayniqsa, alamli edi.
Qabri qaydaligi noma’lum Hikmat Roziq qamalgan kuniga qadar ko‘p mablag‘ini kelajak uchun munosib meros bo‘lishga yaraydigan boy kutubxona yaratishga sarflagandi. Sevinchak hamisha bo‘sh vaqtini derazasidan oqbadan parivash mo‘ralab qo‘yadigan ana shu kutubxonada kechirar va ba’zan kechalari aylana javondek qadrli divanda uxlar edi. Javonda e’zozlab saqlanadigan va Hikmat Roziq imzo chekkan ko‘kish muqovali qalin risola jonu dili va yupanchi edi. Ko‘p olimlarni hayrat va g‘azabga solgan mazkur jildda go‘yo ibtidoiy davrdan to hozirgacha Afrosiyob bilan birga necha bor o‘lgan va tirilgan sukunat yashirinib olgandi. Ayni paytda tasavvuf va astrologiya ta’limotlari, xususan, takroriy umr kategoriyasi, komil va johil ruhlar, o‘zaro o‘xshash voqealar, qayta kechadigan umrlar, shodlik va musibat tushunchalari mohiyatini sharhlardi, qolaversa, naqd milliard xayol qucholmas galaktika chegaralari bo‘ylab sochilgan behisob sayyoralar ham sukunat irodasiga bo‘ysunishi va ularda yerdagi barcha narsaning egizagi mavjud bo‘lishi to‘g‘risida noyob ma’lumotlar tortiq qilar edi…
Sevinchak diametri million kilometrli quyoshdan million barobar yirik qaysidir noma’lum yulduzda qiyofadoshi yashayotgani, Atlantika yoxud Hind ummonlari chayqalib yotgani, Niagara shovvasi pishqirayotgani, Elbrus tog‘i yuksalib turgani, Amu yoki Sir daryolari sharqirab oqayotganini taxminlab beixtiyor jilmaydi. Yana bir karra ko‘hna dunyo mo‘jizalar o‘chog‘i ekanini chamalar ekan, Afrosiyobning beliga belbog‘ misoli o‘ralgan ilang-bilang yo‘lni changitib ohista yelayotgan zarg‘aldoq tusli yengil mashina uzun-qisqa signal chaldi va hademay ibodatxona bilan jome masjidi qoldig‘i biqinida ilkis qalqib to‘xtadi.
Toychoqdek bezatilgan temir ulovdan imillab tushgan oltmish yoshlardagi barvasta qomatli kishi – arxeologiya instituti bo‘lim mudiri Anushbiy ichi burab og‘riyotgandek bezovta bo‘layotgandi. Negadir tevaragiga tahlikali alanglar, javdirab tepakalini silar, yoqasiga tuflar va ko‘ksini changallab to‘rsayar edi. So‘ng loklangan tuflisini changga belamaslik uchun shoshilmay ilgarilab, Afrosiyob xilvatlarida xufya istiqomat qiladigan jodugardan kuyinib nolidi.
– Sukunatni aytyapsiz-da, ustoz! – Komila ulkan jahonshumul sirni fosh etayotgandek hayajonlandi. – Marhum Hikmat Roziq astrologiya ilmiga doir maqolasida uni oqbadan parivash deb ta’riflagan!..
– Oyim qiz, agar xotiram aldamasa, dastlab bu iborani Zarina iste’molga kiritgan! Qurib ketsin, sukunat juda yovuz va qadimda qonga belangan qo‘llari bilan meni hozir bo‘g‘ayotir!
– Yo‘g‘-e! – dedi Komila tashvishlanib.
– Qachondir Hikmat Roziq ilgari surgan astrologik motivlarni yakson qilib tashlovdim. Keyin bilsam, u haq ekan! Endi esa samoviy sayyoralar irodasiga ko‘ra taqdirlar takrorlanishi hodisasiga ishonaman va bugun o‘zim ikkinchi yoki uchinchi umrimni yashayotganimga aminman!..
– Ilgari moyfurush edingiz va boshqa kasbdayam ishlagansiz! – Sevinchak sendaqa buqalamun nokaslar urug‘iga qiron kelsin ma’nosida tishlarini g‘ichirlatdi va hujum boshladi. – Endi esa olimsiz, yo‘q, olim emas, xashaki kosibsiz!..
– O‘v galvars, miyangning qatig‘i achib qopti-ku!
Sevinchakning uchiriqlari oynadek tiniq yoz osmonini titratgan qaldiroqday ta’sir qilgani bois Anushbiy o‘larday dovdiradi va o‘ta zabun ahvolini yashirish payida beo‘xshov hiringladi. Nazarida hozir qarshisida ashaddiy raqib o‘qrayib turardi. Chindan ham, Zarina olti oyligida yetimxonadan olib tarbiyalagan va o‘ris tuprog‘i yutgan eri Hikmat Roziqning familiyasiga o‘tkazgan bu turqi sovuq razildan har baloni kutish mumkin. Lekin o‘zi asrandi farzand ekanini haligacha bilmaydi. Qurmagur Zarina qo‘lyozma mojarosini yuragiga sig‘dirolmay og‘zidan gullagan ko‘rinadi. Vaholanki, Moskvadan fan nomzodi bo‘lib qaytgach, agar joningdan umid qilsang tilingni tishlaysan, tarzida zahrini sochar ekan, poyiga yiqilgancha barisini dilida narigi dunyoga olib ketishga qattiq va’da bergan va manovi so‘takni hamisha qo‘llab yurishini o‘tinib so‘ragan edi…
– Agar kamolga yetishni istasang, betimga bunaqa sapchima!..
To‘nini butunlay teskari kiygan Anushbiy talaffuzida men ona sutiday pokman va tangri taolo inoyatiga binoan osmonni ushlab turgan ustunman qabilidagi ma’no pinhon edi. Ayni paytda to‘rsaygancha Sevinchakni chayonga mengzadi va bu xudbin meni chaqmay men uni chaqishim maqsadga muvofiqdir, deb qo‘ydi ichida…
Sevinchak ko‘hna dunyoda rostu yolg‘on o‘zaro qorishib ketganini taroziga solayotganda oqbadan parivash qo‘riqxona uzra harir sochlarini mayin-mayin yoyib tashlagan edi. Hayal kechmay Yo‘lbars burjidan quyosh nuridan qolishmas tiniq shu’la pirpirab yog‘ilgach, jo‘shqin ruhini Sevinchak va Anushbiy ruhiga payvandladi. Bexosdan tug‘ilgan nigoh ilg‘amas daryo osuda pishqirdi va ko‘pirib tosha-tosha moziy qatlamlari sari intildi.
Sevinchak endi behad olis g‘uborli masofani o‘zidek beixtiyor jodulangan Anushbiy hamrohligida bosib o‘tdi va birlamchi hayoti uchun xos muhim davr issig‘u sovug‘iga aralashib ketdi. Endi u faqat qorin g‘amida hammollik bilan shug‘ullanuvchi soddagina o‘smir emasdi, aksincha, musht urib tog‘ni talqon aylash va har qanday xushro‘y sanamni izida kuz yaprog‘i misoli sarg‘aytirishga qodir bahodir bo‘lib, Spitamen qo‘shinida mardona xizmat qilar va navqiron Afrosiyob sari qilich yalang‘ochlab kelgan fotih Iskandar kallasini sapchadek uzish uchun qasam ichgan edi. Mudom ziyraklikni qo‘ldan bermay, oxiri saroy kotibi Anushbiy shaharni tashqariga bog‘laydigan maxfiy yer osti yo‘li tarhini bosqinchi sarkardaga yetkizgani va undan beqiyos siylov olishga erishganini aniqladi.
Spitamen farmoniga ko‘ra, Anushbiy qattol dor sirtmog‘ida tipirchilab uzilgan paytda g‘anim qo‘shinidagi ilg‘or qismlar yer osti yo‘lidan navqiron Afrosiyob ichkarisiga kirib ulgurgan edi. Jasur himoyachi askarlar yonida Sevinchak sherdek o‘ktamona savashdi va oxiri daydi kamon o‘qidan yaralanib ingrab yiqildi. Jasadlar orasida behol yotarkan, betiga nogoh oqbadan parivash nafasi urildi va darhol ruhlari o‘zaro qovushdi. Jismu jonini ajib inqilob chulg‘agan damda negadir Anushbiy ismli murdorga boshqa sira ishim tushmasa kerak deb shivirlar, ayni paytda olis masofani tag‘in birga bosib o‘tayotganini sezib turar edi…
Sevinchak aqlu idroki, ong-shuuri va qalbini o‘rab-chirmagan afsundan qutulganda Afrosiyobni botayotgan quyosh tafti chulg‘agandi. Negadir Komila ko‘rinmadi: uyiga jo‘nagan bo‘lsa kerak. Arpasi xom o‘rilgandek to‘rsaygan Anushbiy mashina motorini chuqalab ovora edi. Goho chor atrofga tulkidek hadiksirab boqardi va tangasimon ko‘zlarini birlamchi hayoti davridagi mudhish gunohi uchun dorga tortilgan paytda borlig‘ini titratgan talvasa qamrar edi.
Sevinchak pixini yorgan Anushbiy yaqin orada bajargan qing‘irlik olis kechmishda xufya ado etgan manfur qilmishi oldida urvoq ham emasligini chamalab xitlandi. Munofiq banda gullab-yashnagan Afrosiyob xarobazorga do‘nishi uchun zamin yaratgani, bugun esa uni kavlab yarasini yangilayotganini o‘ylagani sayin anordek ezildi va hovlilari darvozasidan mastu alast kabi dovdirab kirdi. Oshxonada kechki ovqatga unnayotgan Zarina ko‘pchib qizargan rang-ro‘yiga tikilarkan, Afrosiyobda g‘alamis Anushbiy bilan to‘qnashgani va o‘rtada jiddiy noxushlik kechganini taxminladi.
Zarina tobora diqqati oshayotgan Sevinchakni qorningni to‘qla va hordiq yozgin deb dahlizga chorladi. Imillab dasturxon tuzayotib, devordagi Hikmat Roziq suratiga beixtiyor qaradi-yu, ilkis ko‘ksida nimadir portlab, shuuri oysiz kechadek qorong‘ilashib, qirmizi patgilam to‘shalgan sahnga shalvirab quladi. Shoshilinch yordam mashinasi kasalxonaga yetkazganda hademay joni uziladigandek behol ingranar va goho meni xiyonat yuho yanglig‘ yutmoqda, deb alahlar edi.
Sochlari qirovlagan davolovchi vrach kuchaytirilgan rejim xonasi eshigi oldida uyqusirab, onasi ahvoli ancha yaxshilangani haqida xabar berganda tun yarimlagan edi. Ko‘ngli ancha joyiga tushib, yengil tortgan bo‘lsa ham uyga qaytmadi, tong quyoshini shu yerda oqbadan parivash suhbatini tinglab bedor qarshiladi. Endi darhol onasi yoniga kirishi, iliq so‘zlar aytib uni yupatishi, umr egovi sanalmish ikir-chikirlar va g‘iybatlarni unutishga chaqirishi lozim. So‘ng gurung orasida albatta Hikmat Roziq qo‘lyozmasi taqdirini ezg‘ilab surishtiradi, negaki, behad mo‘tabar meros sanalgan o‘sha xazinani, chindan ham, Anushbiy o‘marganmi yoki xudodan tongan boshqa yaramas nusxami – aniq bilishi va keyin gunohkorni jazolashu xumordan chiqish tadbirini ko‘rishi lozim.
Sevinchak maqsadini aytib har qancha yolborsa ham, navbatchi hamshira sira erimadi va qovoq uyib yo‘lini to‘sdi, negaki, oddiy palataga o‘tkazilgan zahoti onasi tag‘in aqlu hushini yo‘qotgandi, agar halovati buzilsa battar og‘irlashib qolishi mumkin edi.
– Ukajon, keyincha psixiatr tekshirsin. Qattiq botmasin-u, o‘zini sal anaqaroq tutadi. Aytimlari qiziq: Afrosiyob ulkan anduh va armon qa’riga dafn etilgan sirli mayit emish! Toabad uni buyuk guvoh sifatida afsungar sukunat qo‘riqlarmish, yopiray!..
Nihoyat so‘ylashdan tiyilgan hamshira odamzod fe’lu atvorini tushunish qiyin ma’nosida ingichka qoshlarini chimirdi va xizmat stoli oynasi tagidan yupqagina ko‘kish konvert olib uzatdi. Ko‘ngliga butkul qil sig‘may qolgan Sevinchak konvertni ochmay shartta bukladi-yu, yengi kalta ko‘ylagi cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi. Onasi bitgan maktubni tinchroq joyda o‘tirib, xotirjam o‘qish muddaosida edi. Ammo hardamxayol bo‘lib qolgani sababli besh-o‘n qadam bosmay niyatini unutdi. Oqbadan parivash tolim-tolim harir sochlarini bo‘yniga o‘rab erkalanayotgan damda Anushbiy ibodatxona va jome masjidi qoldig‘i oldida beso‘naqay qo‘llarini beliga tiragancha Komila zimmasiga muhim vazifa yuklayotgan edi. Yozgi jaziramadan saqlanish uchun tiklangan omonat shiypondagi qo‘lbola stolga yozilgan pushti dasturxonni ishtaha qo‘zg‘aydigan turfa nozu ne’mat bezagandi va bu rizqu nasiba biror ajib hodisa darakchisiga o‘xshardi..
– Xo‘sh desak, o‘tog‘a1 atrofini kengroq ochish kerak! Kazo-kazo qadimshunos olimlar jamoasi Toshkandi azimdan kelib, uning haqiqiy ilmiy bahosini berish ishtiyoqida!..
Qachondir abjir yugurdaklar tayyorlagan g‘o‘la-sarjin qatori payg‘ambar Zardusht o‘rtaga tashlagan Ezgu so‘z, Ezgu fikr va Ezgu amal yo‘riqlari o‘zaro birikib yongan o‘tog‘a Komila va Sevinchak izlanishlari natijasida to‘satdan topilgan va katta shov-shuv qo‘zg‘agan edi.
– Ammo ish bo‘ri emaski, o‘rmonga qochsa, Katinka! Siz tug‘ilgan kun bahona bir miriqib yayrasak! Ana, dasturxon muntazir! – Anushbiy odatiga ko‘ra tepakalini silay-silay shiypon sari yo‘naldi. – Xo‘sh, baraka topkur, Sevinchak, sen ham quvonchimizga sheriklash!..
Asalday totli lutfu ehsondan yanada gul-gul ochilgan Komila “qarisa ham quyulmagan bu odam” degan o‘yda chimirildi va shiypon peshida ming‘irlab ivirsiyotgan g‘o‘labir kimsaga zimdan razm soldi. Hakka burunli g‘alati nusxa dumkashak ekanini Sevinchak darhol payqadi va ichida nimadir kirpi misoli ag‘anadi. Shifoxonada jon talashayotgan Zarinani eslay-eslay yog‘och kursiga cho‘kar ekan, Yo‘lbars burji yo‘llagan vahiydan ilhomlangan oqbadan parivash ko‘ngli iqlimini ishg‘ol qildi va ko‘hna dunyoda ezgulik bo‘stonidan jaholat jari ko‘proq uchrashini ta’kidlab qo‘ydi.
Tozidek abjir dumkashak o‘zini xotirjam tutayotgan Anushbiy imosidan keyin maydon talab aylagan polvondek shishindi va kosagullik qilishga kirishdi. Kichik davra hurmati uchun egilib ta’zim qilgach, to‘latib o‘tkir may quyilgan guldor finjonni boshi barobar ko‘tardi, ayoldek nozlanib jilmaydi-da, kutilmagan tomosha oxirini kutayotgan Sevinchakning tumshug‘iga o‘ngladi. Dumkashak Anushbiy va Komila sari yuzlangan hamono Sevinchak oqbadan parivash nigohidan ajib ma’nolar uqib rag‘batlandi. Mana endi Anushbiy yoqlagan nomzodlik dissertatsiyasi aslida otasi Hikmat Roziq Afrosiyobda olib borgan mushkul izlanishlar mevasi ekanini to‘la oshkor etish mavridi keldi, ixtiyorida gumonu taxmindan boshqa tayinli dalili bo‘lmasa-da, bu xususda kesib-kesib dadil so‘ylashi kerak.
Qisinib-qimtinib o‘tirgan Komilani maqtovga ko‘mgan va nutqini “Erta jami ilm ahli sizga topinishi uchun ichamiz” qabilida yakunlagan Anushbiy iljayib joyiga qo‘ngach, Sevinchak sherdek sapchilab qo‘zg‘aldi. Cheksiz afsusga ko‘milib, xiyol oqargan lablarini qonatgudek tishlab, shodu xurram qarsak chalgan dumkashakni g‘ippa bo‘g‘di va haligi finjon girdini asta lablariga tegizdi.
– Bir tomchiyam qolmasin.
– Nasibang o‘zingga buyursin, ukajon!
– Borini aytmasangiz, og‘zingizdan quyaman!
– Mayga sekin ta’sir qiluvchi og‘u aralashtirdim!
– Ana xolos! Xo‘sh, nechun, muloyimxunuk aka?!
– Manovi boyvachcha munosib siylayman deb avradi!..
Xasu xashagi tamom ochilgan Anushbiy garangday talpanglab shiypondan uzoqlashgan dumkashak ortidan tiriklay po‘stingni shilmasam va ichiga somon tiqmasam otim o‘chsin ma’nosida musht do‘lg‘adi. Dumkashak tilini g‘alati o‘ynatib mazaxlar ekan, bir kulib, bir kuyayotgan Sevinchak daholikka da’vogar zotni ilkis tepib qulatdi, dodlab yolborsa ham pinak buzmay, qazuv chog‘ida yig‘ilgan sho‘rxok tuproqqa bo‘g‘zigacha ko‘mdi va qahru g‘azabini umuman tiyolmay qichqirdi.
– Birodar, hoziroq barisiga iqror bo‘ling, yo‘qsa manovi mayni ichishga majbursiz!..
Afrosiyob qo‘riqboni ta’qibi ostida chirigan uvada lattadek titilayozgan Anushbiy avval lab yormay o‘qraydi, so‘ng, “Hech qachon unday gumrohlik ko‘chasiga oyog‘im tegmagan” deb asabiy to‘ng‘illadiki, battar jahli qo‘zigan Sevinchak ilkis tom bo‘yi sapchiladi va terdan ivib tanasiga chippa yopishgan yengi kalta ko‘ylagi tugmalarini shoshilib yechdi. Finjonda sovuq yiltirayotgan mayni dag‘-dag‘ uchayotgan Anushbiy og‘ziga quyish qasdida egilarkan, nigohi ko‘ylak kissasidagi konvert qirrasiga qadaldi va undan chiqqan bir parcha qog‘ozda bitilgan so‘zlar go‘yo birdan dahshatli hasrat alangasiga evrila-evrila butun jonu jahonini ayovsiz kuydirib kul qildi.
“Azizdan aziz nuridiydam, tunov kuni ko‘nglimni butunlay to‘kib, andak yengil tortish ilinjida edim. Attangki, niyatim ushalmay dog‘i alamda aziyat chekdim. Ko‘pdan buyon seni tamomila omaddan qisilgan Hikmat Roziq qo‘lyozmasi taqdiri qiziqtiradi. Lekin agar qurib ketgur muammo faqat shundan iborat bo‘lsaydi, ko‘pam ezilmasdim va oxirat safariga xotirjam jo‘nardim.
Kuchu g‘ayratim borida men ham binoyidek moziyshunos edim va yetarlicha qoniqishim uchun olimlik kifoya emasligini tushunardim. Ko‘p attangki, avvalgi hayotimdagi kabi, bunisida ham tirnoqdan qisildim va ko‘pincha yarador qarchig‘aydek bo‘zlab hamda xudoga yolborib tong ottirardim. Qattol musibat Hikmat Roziq bo‘zbola paytida orttirgan og‘ir dard oqibati ekanini bilgach, noiloj taqdir hukmiga bo‘ysundim. Muolaja rejasini tuzayotganda u tuhmat balosiga uchrab besh yilga kesildi va xoki begona yurtda qoldi. Motam libosida tinmay yig‘layverib bukilayozdim va yoshim quridi. Yorug‘ dunyodan nahot befarzand o‘tsam degan achchiq armon bag‘rimni yoqayotgani bois, oxiri inonu ixtiyorimni institut va ko‘chada soyamga aylangan Anushbiy ilkiga topshirdim. Oddiy nikoh to‘yidan keyin bir yarim oy ahilu inoq yashadik va u qo‘qqisdan suvga cho‘kkan toshdek yo‘qoldi. Marhum Hikmat Roziq igna bilan quduq qaziganday qiynalib yozgan, tishi kavagida asragan va men uchun ham qimmati baland bo‘lgan qo‘lyozmani tunda o‘g‘irlab qochibdi. Asil maqsadi xudbinligu nobakorlik ekani yetti uxlab tushimga kiribdimi deysan. Cheksiz pushaymonda o‘rtana-o‘rtana zarchadek sarg‘aydim va lekin qaniki sud aylasa!
Vallomat tobutkashim, o‘sha qo‘lyozmada jamlangan ilmiy qarashlardan unumli foydalangan Anushbiy Moskvada dissertatsiya yoqlab, Samarqandga qaytgan kunda sen paxmoq sochli durkun o‘smir eding. Hech qanday bedodlik ro‘y bermagandek, nokas olimcha betiga yetti qavat charm qoplab, atrofimda yana parvona bo‘lish uchun intildi. Biroq tutqich bermay, qahru g‘azabimni bag‘riga nayza yanglig‘ sanchdim, muhimi, o‘la-tirila seni yashirdim va oxiri asrandi o‘g‘lim deb qutuldim.
Ey ko‘nglim chirog‘i, ilmu urfon va haqiqat izlab, qabohat dunyosida adashgan Hikmat Roziq familiyasi sha’ningga yarashadi. Ammo tomirlaring bo‘ylab fidoyi inson tafakkuri yaratgan kashfiyotni o‘zlashtirgan firib odami qoni oqayotganini qanday izohlashni bilmayman. Qodir egam iloyo yorlaqab, doim imoning gavharini pokiza asragaysan va chorasizlik domiga ilingan men mushtiparni kechirgaysan!..”
Agar hozir mo‘jiza ro‘y bersa va shundoq ko‘z o‘ngida Afrosiyob xarobasi o‘rnida avvalgi navqiron shahar qad rostlasa Sevinchak bunchalar ajablanmas va esankirab yoqa ushlamas edi. Bexosdan sokin olovlangan oqbadan parivash muloyim ovozda pichirlab ovutar ekan, battar ezildi va temir parchasi misol cho‘g‘langan yonoqlarini duvillab sho‘rtak yosh yuvdi. So‘ng ko‘zlari oldiga qora parda tortgan va dilini rutubatga burkagan maktubni asta shiqirlatib g‘ijimladi va bir chetga irg‘itdi.
Nimanidir payqagan Komila xatni javdirab o‘qiyotganda Sevinchak haligi finjonni shiypon ustuniga urib sindirdi, allatovur o‘ksinib va ingranib depsingach, og‘zini kappa-kappa ochib xirillayotgan Anushbiyni tutqunlikdan bo‘shatdi-yu, ilonizi so‘qmoq bo‘ylab chopa ketdi. Hademay ismsiz tuyg‘ularga chulg‘anib, ehromga o‘xshash tepalikka o‘rladi va chor atrofni oqbadan parivash nigohi orqali parishon kuzata boshladi…
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son