Anvar Obidjon. Ustoz Erkin Vohidov mutoyibalari

Suyukli ustozimiz, atoqli adibimiz Erkin Vohidov chuqur falsafiy she’rlari, mutafakkirona xislatlari bilangina emas, o‘ta samimiy, o‘ta topqirona mutoyibalari bilan ham muxlislar qalbini zabt etib kelgan. Shularni eslar ekanman, Erkin aka, doimo ko‘nglimizdasiz, biz bilan birgasiz, degim kelaveradi.

O‘sha tanish qorovul

Toshkentga endigina ishga kelgan davrim edi. Birovnikida ijarada turardim.

Oylik ta’tilga chiqqan Erkin aka butun oilasi bilan Issiqko‘lda dam olib kelishga jo‘nadi, men uyni qo‘riqlab turadigan bo‘ldim. Tirikchiligim uchun sovutkichga to‘ldirib tashlangan xilma-xil noz-ne’matlarning yarmini yeb ulgurmasimdan, ular sayohatdan qaytib kelishdi.

Bir-ikki oydan keyin ustozni ziyoratlab borsam, hali maktab yoshiga yetmagan kenjatoyi Fozilaxon men bilan juda bo‘lakcha quvonib ko‘rishdi.

– Bu qizimning sevinchi ichiga sig‘may turibdi hozir, – deya yelka uchirib kuldi Erkin aka. – Sizni uzoqdan ko‘riboq, menga qarab, dada, yana Issiqko‘lga boramizmi, deb so‘radi.

Tinib-tinchimagan it

Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov tig‘dor-tig‘dor she’rlarining orqasidan eski tuzumning tazyiqlariga uchragani, necha-necha tanqidlarga duchor bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. U kishi bunday g‘ala-g‘ovurlarga parvo qilmayotgandek bo‘lib yursa-da, yuragiga ma’lum darajada jarohat yetganini ba’zi bir so‘zlaridan payqab olish qiyin emasdi.

Ijodiy safarlardan birida ustoz bilan bitta xonada tunaydigan bo‘ldik. Vaqt yarim kechadan og‘ib boryaptiki, tashqarida bir ko‘ppak tinimsiz vovullayverdi. Shunda Erkin aka bosiq tovushda asta so‘z qotdi:

– Qiziq! Bu halovatsiz it qaysi arslonning kitobini tanqid qilyaptiykin?!

Muxlis

Bir kuni Erkin akani yo‘qlab, uyiga bordim. Picha suhbatlashib o‘tirdik. Qaytayotganimda meni kuzatishga chiqib, bodring ekishga tomorqam bo‘lmasayam, mana, oltiariqlik ekanimni bildirib, darvozaning yoniga uzum ekib qo‘ydim, deb maqtandi. Bir qarashdayoq bildim, bu – daraxtlarga ilashib bo‘lsayam meva qilaveradigan jaydari uzumlardan.

Erkin akaga buni yotiqroq tarzda shamalab, bu juda g‘alati uzum, mevasi shirin bo‘lmasayam, tomiri bolalab, muxlislaringiz singari tobora ko‘payib boraveradi, dedim.

Oradan ikki oycha o‘tgach, Erkin aka uyushmamizdagi bir majlisda oldimga kelib dedi:

– Darvozamizning yonidagi uzumni muxlisingiz deb to‘g‘ri aytgan ekansiz, shekilli. Yozda ko‘cha tomondagi derazamizning fortochkasi ochiq turadi, uzumning bitta shoxi shu joydan ichkariga kirvolib, yangi yozayotgan she’rlarimni peshma-pesh o‘qib boryapti.

O‘zini o‘zi qidirish

Erkin aka bilan yoshlar nashriyotida birga ishlardik. Bir tanishi to‘yga aytgan ekan, yuring, tekinga tushlik qilib kelasiz, deb meni ham birga olib boradigan bo‘ldi. Garajdan mashina chaqirsa, buzilgan joyini haydovchi hali tuzatib ulgurmagan ekan, mayli, avtobusda boraqolamiz, dedi.

Avtobusga chiqib, orqaroqdagi o‘rindiqqa o‘tirib-o‘tirmasimizdanoq, oldimizda konduktor ayol paydo bo‘ldi. Pulimizni olib, chipta yirtib uzatarkan, Erkin akaga tikilib boqib, xuddi Erkin Vohidovga o‘xsharkansiz, dedi.

– Men akasi bo‘laman, – deya ayolga jiddiy qiyofada yuzlandi Erkin aka. – Bir haftadan beri uyga kelmayapti, deb xotini kecha arz qilganidi, mana, o‘sha Erkinboylaringni ertalabdan beri axtarib yuribman.

O‘rischa so‘kinish

Erkin aka maktab yoshiga yetib-etmagan payt­lar ekan. Bir kuni uch-to‘rt tengdoshini boshlab, Oltiariq mashina-traktor stantsiyasi (MTS) direktori lavozimidagi dadasining ishxonasiga boribdi. Yuqori tashkilotdan kelgan bir rus kishi bilan gaplashib turgan dadasi, o‘g‘liga boshdan-oyoq qarab olib, sherigining ko‘ng­­li uchun bo‘lsa kerak, ruschalab: “Pochemu bosikom?” (Nega yalangoyoqsan?) deb jerkib beribdi.

Bu voqeani eslab turib, Erkin aka kula-kula shunday degandi:

– O‘shanda biz bu gapni o‘rischa so‘kinish bo‘lsa kerak deb o‘ylabmiz. Birorta bola jig‘imizga tegsa, “He, pachemu basiko‘m!” deb, o‘zimizcha ayovsiz haqoratlagan bo‘lardik.

O‘ta topqirona chora

Erkin aka yetmish to‘qqiz yoshga to‘lganida, oilasidagilarni dasturxonga urintirib qo‘ymaslik uchun Iqbol Mirzo, Ahror Ahmedov, Azizbek Anvar birgalashib, ertalabroqda tabriklashga borsak, kennoyimiz bilan bozor qilishga chiqib ketishgan ekan. Kamtarona tuhfalarimizni nevarasi Iftixorga topshirib, ortga qaytdik.

Ustoz peshindan keyin menga sim qoqib, odamni juda xijolatga qo‘ydilaring-ku, oldindan qo‘ng‘iroq qilganlaringda, biron-bir vaqtni belgilab olardik, deb dakki berdi. Kechirim so‘rab bo‘lganimdan so‘ng, tashlab kelgan sovg‘amning narxini oshirib, to‘nning ichida Oltiariqning eng qo‘ligul chevari tikkan o‘ta toza do‘ppi ham bor, uni faqat katta tantanalarda kiying, deb dabdabavozlik qildim.

– Do‘ppini allaqachon kiyib ko‘rdim, rostdanam juda chiroyli tikilgan ekan, – degan tovush keldi eshitqidan. – Faqat, boshimga sal kattalik qilib, old tomondagi burchagi ochilib qolyapti. O‘sha joyiga kesak qistirib olsammikin deb turibman.

Eshitqidan taralgan yoqimli kulgi mening ham zavqimni jo‘shtirdi.

Erkinlarning eng mansabdori

Yoshlar nashriyotida bosh muharririmiz Erkin Vohidovning birmas, ikki adashi bor edi – yoshlar adabiyoti bo‘limida ishlovchi mashhur tarjimon Erkin Mirobidov, o‘smirlar adabiyoti bo‘limi muharriri Erkin Siddiqov.

Vohada yashovchi keksaroq bir adibning qo‘lyozmasini ko‘rib chiqish Erkin Siddiqovga topshirilibdi. U bir haftadan keyin muallifga telefon qilib, men Erkinboyman, qo‘lyozma bilan tanishdim, Toshkentga kelsangiz, bir fikrlashib olardik, debdi. Muallif nashriyotga kelib, Erkinjon kerak edilar, desa, uni Erkin Mirobidovga ro‘para qilishibdi.

– Hay, hay, hay, sizdek tabarruk odamni ko‘radigan kun ham bor ekan-ku! – deya quloch ochib ko‘risha boshlabdi muallif. – O‘zlariga bir qorako‘l telpak atab qo‘yganmiz. Qani, boshi­ngizni manavi ipda yaxshilab o‘lchab olay-chi, keyingi safarimda tiktirib kelaman.

Bu odamning kimligini, nima maqsadda kelganini aniqlab olgach, andak adashibdilar, mehmon, siz axtarayotgan Erkin qo‘shni xonada chaqchayib o‘tirgan bo‘lishi kerak, debdi Mirobidov. Muallif endi Siddiqovning oldiga kiribdi. Yana qorako‘l telpakdan gap ochilib, ipda boshni o‘lchab ko‘rish boshlanibdi.

Sal o‘tib, ikkala Erkin muallifni o‘rtaga olgancha koridorda askiya qilib turishsa, Erkin Vohidov xonasidan chiqib qolibdi. Bo‘lgan voqeani kula-kula eshitib bo‘lib, muallifga debdi:

– Nashriyotdagi eng telpakbop Erkin menman. Bularga sholchado‘ppiyam bo‘laveradi.

Tahrirning tagida gap ko‘p

O‘shanda hali jurnalistlikka o‘qib yurgan A’zam O‘ktam she’rlarini “Yoshlik” jurnaliga bersa, bosh muharrir Erkin aka ularni o‘qib ko‘rib, muallifni huzuriga chaqiribdi, juda go‘zal narsalar yozibsiz, deb qizg‘in tabriklabdi. So‘ng she’riy turkumni unga tutqazib, eng zo‘rlarini “plyus” bilan belgilab qo‘ydim, bularga yangilaridan yana bir-ikkita qo‘shing, ko‘zga ko‘rinadiganroq qilib bosaylik, debdi.

A’zamjon belgi qo‘yilgan she’rlarga ko‘z tashlab chiqib, aynan Anvar Obidjon u yer-bu yeriga qalam tekkizganlarini tanlabsiz, desa, Erkin aka darhol mutoyiba qilibdi:

– Qarang-a! Demak, Anvarjon sizni haddan ziyod hurmat qilarkan. Meni “ustoz” deydi-yu, kitobimga muharrir bo‘lganida, andakkina jon tortishib, she’rlarimning biron-bir joyini, loaqal, ko‘nglim uchun tahrir qilib qo‘ymadi-ya!

Uzrli sabab

Bir uchrashuvda Erkin akaga savol berishdi:

– “Yoshlik devoni”dagiga o‘xshagan g‘azallarni juda sog‘inib qoldik-ku. Keyingi paytda ishqiy she’rlaringiz nimaga kamayib ketdi?

Erkin aka shunday javob qildi:

– Soch oqargani sayin, odam xotiniga xushomaddan nariga o‘tolmay qolarkan…

Amal – o‘tkinchi, uy – abadiy

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari etib tayinlangan Yo‘ldosh Sulaymon bir kuni Erkin akadan so‘radi:

– Farg‘onada Yozuvchilar uyushmasi bo‘limining boshlig‘i edim, endi yuqori tashkilotga o‘rinbosar bo‘lib keldim. Bilolmay turibman, meni ko‘tarishdimi, pastlatishdimi?

– Bu ko‘tarilish ham, pastlash ham emas, – deb tagdor javob qildi Erkin aka. – Toshkentdan tekinga kvartira olish deydilar buni!

Hammualliflar    

Adabiy uchrashuvlarning birida o‘n ikki yoshlar chamasidagi chaqchaqako‘z bola Erkin akaning kitobini uzatib, dastxat so‘radi. Muallif tilaklarini yozayotgan chog‘da, shu kitobdagi she’rlarning barini o‘zingiz to‘qiganmisiz, deb savol berdi bolakay.

– Barini emas, – o‘zini kulgidan zo‘rg‘a tiyib javob qildi Erkin aka. – Nuqta-vergullarning ba’zilarini “korrektor” degan odamlar to‘qigan.

Professorga dashnom

To‘qsoninchi yillarning boshrog‘i edi, chamasi. Bir kuni Erkin aka menga sinchkovlik bilan tikilib turib, nega hech semirmaysiz, birorta jiddiy kasalingiz yo‘qmi, deb so‘radi. Eski revmatizm, sariq kasalligining ayrim asoratlari borligini hisobga olmaganda soppa-sog‘man, dedim.

– Bilasiz, Toshkent Meditsina instituti professori, terapiya bo‘limi boshlig‘i Erkin Qosimov qudam bo‘ladi, – deb jonkuyarlik qilishni boshladi ustoz. – Shu kishiga tayinlab qo‘yaman, sizni kasalxonasiga yotqizib, chuqur ko‘rikdan o‘tkazadi. Har ehtimolga qarshi-da.

Kasalxonaga borib yotdim. Birorta dori ichmadim, birorta ukol olmadim. O‘n kun mobaynida turli ixtisosdagi to‘rtta professor, uchta fan nomzodi meni astarimdan avramgacha tekshirishdi, yetti-sakkiz xil apparatlarga solib ko‘rishdi. Oxiri, bari birgalikda konsilium tashkil etib, bir to‘xtamga kelishdi – jiddiyroq tashvishga sabab bo‘lguvchi hech qanday kasallik yo‘q.

Qaytgach, buni ustozga ma’lum qilsam, u kishi qudasi Erkin Qosimovga sim qoqib, dashnom bergan bo‘ldi:

– Bu qanaqasi? Professorligingizga ishonib jo‘natsam, Anvarjondan bittaginayam kasallik topolmabsiz-a! Hech yo‘q, vahimali tikilib turib, she’r to‘qishdek xavfli dardga chalinibsiz-ku, uka, deb qo‘rqitsangiz bo‘lmasmidi?!

Tanqidmisan tanqid!

Ustozning yetmish yoshga to‘lishi nishonlanayotgan kunlar edi. U kishi bilan uchrashib qolib, yangi chop etilgan “O‘zbegim” kitobini yayrab o‘qiganimni aytsam, meni hadeb maqtayversalaring taltayib ketishim hech gapmas, ora-sira tanqid ham qipturinglar, deb hazillashdi.

– To‘g‘ri, kamchiliklaringiz ham bor, – dedim o‘zimni tersroq tutib. – Eng katta nuqsoningiz shuki… Hm-m…

– Tortinmay gapiravering…

– Ochig‘ini aytsam, haddan tashqari qizg‘anchiq shoirsiz, nihoyatda qisqa yozasiz. O‘qi-i-b boramiz-u, endigina zavqimiz toshayotganida, birdaniga yakun topadi-qo‘yadi. She’ringizga to‘ymay qolamiz.

Erkin aka nimtabassum ila ko‘zimga boqib turgach, ko‘kragini silab dedi:

– Umrim bino bo‘lib, bunaqa ajabtovur dakkini endi eshitishim. Ayamay gapiravering, men ham tanqidingizga to‘ymay turibman.

Shoirning xavotiri

Yozyovon tumanidan Erkin akaning deputatlikka nomzodi qo‘yildi. Saylovoldi uchrashuvlarida, qayerga bormaylik, bir taklif tez-tez takrorlanib turardi:

– Kimligingizni yaxshi bilamiz. Boshqa gapni qo‘yib, bizga yangi she’rlaringizdan o‘qib bera qoling!

Bu hol davom etavergach, Erkin aka yig‘inlarning birida shunday degandi:

– Ilgari to‘qigan she’rlarimni o‘qib berishdan osoni yo‘q. Mabodo deputatlikka saylansam, endi qonunlarniyam she’riy usulda yozib berasiz, demasalaring bas.

Havaskorga havas

Erkin akaning Nozimaxon, Mohiraxon, Fozilaxon degan qizlari bor. Xurshidbek – bittayu bitta o‘g‘il. Toshkentda endigina ish boshlagan paytlarim ustozni ziyoratlab borganimda, u kishi astoydil taklif qilib, dedi:

– Xurshidbek o‘g‘lim uchta qizning orasida zerikibroq qolyapti. To uy olguningizcha, unga sherik bo‘lib, biznikida yashab tursangiz-chi. Gulchehra opangiz bilan maslahatlashdik, boloxonani tugalay sizlarga beramiz.

O‘ta mashhur inson o‘zini menga shu qadar yaqin tutayotganidan juda quvonib ketgan bo‘lsam-da, biron-bir nojo‘ya qilig‘im bilan birdamas-birda g‘ashini keltirib qo‘yishdan cho‘chib, hozirda yolg‘izqo‘l kampirnikida yashab, unga dastyorlik qilib yuribman, qolaversa, sharoit shunaqangi tinchki, odamning yozgan sari yozgisi keladi, dedim.

Erkin aka buni eshitib, yelkamga qo‘l bosgancha, jiddiy qiyofada iltijolandi:

– Jon Anvarjon, o‘sha kampirnikidan mengayam bitta xona topib bering!

Sovg‘alar, sovg‘alar…

Farg‘onada o‘tgan ijodiy safarimiz Yaypandan boshlandi, dastlab bir fermerning dalasidagi “Qovun sayli”da ishtirok etdik. Biri biridan shirin qovun-tarvuzlarga to‘ygandan to‘yganimiz yetmaganidek, mehmonxonada yersizlar, deb mashinamizga ham solib berishdi. Keyin bilim yurtlaridan birida uchrashuv o‘tkazdik. Qaytayotganimizda bir qo‘ltiqdan kitob sovg‘a qilishdi.

Tadbir mutasaddisi navbatdagi anjuman Qo‘qon paypoq to‘qish korxonasida o‘tkazilishini ma’lum qilganida, Erkin aka do‘sti O‘tkir Hoshimovning qo‘lini qisib, tantanavor tarzda dedi:

– Sizni oldindan tabrik­lab qo‘yaqolay, O‘tkirjon. Yangi paypoq muborak bo‘lsin endi!

Hozirjavoblik

Ustozning bir kitobiga dastxat yozdirsam, shirin tilaklar bitib, odatdagidek, “E VOH” deb imzo chekdi.

– Agar, “E V” deb qo‘l qo‘ysangiz, yanayam boshqacha bo‘larkan, – deya hazilomuz gap yumalatdim. – “E V”ni o‘zimizcha yoymalasak, “El Vijdoni” degan ma’no chiqadi.

Erkin aka bu lutfdan zavqlanib jilmayish bahonasida, bir-ikki sekund o‘ylanib olgan bo‘ldi-yu, darhol javob qaytardi:

– Mundoq qaraganda, siznikiyam chakkimas – A O! Bu –  alohidalikni bildiradigan “Avtonom Okrug” degani.

Boshqotirma

Pishiqchilik mahali edi. Erkin aka va turmush o‘rtog‘i Gulchehra opa bilan olis sayl­­ga chiqdik. Qo‘qonda, Marg‘ilonda bo‘lib, oxiri Oltiariqqa bordik.

Oltiariqlik rahbarlar bu tashrifdan xabar topib, tezda uchrashuv uyushtirishdi. Uchrashuv­ni tugatib tashqariga chiqqanimizda, “chapaki tirikchilik”ka ustamon bir kimsa karton qutiga xorijiy firma tamg‘asi bosilgan, o‘sha paytda behad tanqis sanalgan narsani mashinamiz yukxonasiga tiqayotib, bu mendan sizga sovg‘a, akaxonim, deya Erkin akaga ukaxonlanib iljaydi.

Har xil nusxalarga tili qisiq bo‘lishni xushlamaydigan ustoz o‘sha damda indamay qo‘yaqolgan esa-da, bir piyola choy ichish uchun biznikiga kirganimizda, meni yoniga chaqirib, dedi:

– Boyagi odamning sovg‘asini tezda uyiga tashlab keling. Erkin akamning sizga boshqa bir iltimosi bor ekan, keyinroq aytarkan, deb ko‘nglini tinchiting.

U ancha ezma odam, shoirimizning qanaqa iltimosi bo‘lsaykin, deb surishtirishga tushsa-chi, desam, ustoz ma’nodor jilmaydi:

– Erkin akamga bitta parovoz olib berarkansiz, deng. O‘lgunicha boshi qotib yuraversin.

So‘ng iyagini balandlatib, tebrana-tebrana kula ketdi. Behad chiroyli edi bu kulgu.

Milliy g‘urur

Qo‘qonda o‘tgan bir adabiy uchrashuvda mahalliy shoir Anvar Yunusov: “Erkin aka, Armanis­tonga borganingizda, respublika chempioni bo‘lgan shaxmatchini qanaqa qilib yutgansiz?” deb so‘rab qoldi.

Ustozning javobi juda oddiy bo‘ldi:

– G‘irt o‘zbekcha qilib yutganman!

Muammoning yechimi      

Erkin akaning har oyda bir marta bo‘lib turadigan “gap”i bor edi. Qirq besh yil davom etib, oxiri 2016 yilning bahorida professor Umarali Normatovning osh tortishi bilan yakun topgan bu “gap”ga Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdug‘afur Rasulov, Turg‘un Alimatov, Ibrohim G‘afurov, Rahmatilla Inog‘omov, Hasanxo‘ja Muhammadxo‘jayev, Karim Nazarov, Eson Lutfullayev, Ne’matullo Ibrohimov, O‘tkir Hoshimov singari dong‘i baland zotlar a’zo edilar.

Ushbu tovoqdoshlik so‘nggi nuqtasiga yetishidan uch-to‘rt yil yil oldin Erkin aka: “Bugun men navbat beryapman, siz “tuyoq” bo‘laqoling”, deb meni o‘tirishga boshlab bordi. O‘sha kuni Taxtapul sharsharasi biqinidagi restoranda bo‘lgan ziyofatda kun tartibiga bir masala qo‘yilib, “gapchi”lardan bir nechasi olamdan o‘tib ketdi, endi safni to‘ldirish uchun Iqbol Mirzo, Shuhrat Rizayev, Xurshid Do‘stmuhammad, Hamidulla Boltaboyev, Anvar Obidjonni ham ulfatchilikka qo‘shsak, degan taklif kiritildi.

Restoran yoki kafelarda ko‘pchilikka bu qadar to‘kin dasturxon yozishga cho‘ntagimning doim ham qurbi yetavermasligini aytishdan iymandim-u, sizlar ziyofatga xotinlaringiz bilan kelar ekansizlar, meniki g‘irt qishloqi, bunaqa aralash o‘tirishlarga borib o‘rganmagan, degan bahonani ro‘kach qilib, uzr so‘radim.

Bunday kutilmagan gapdan hamma tuyqus jimib qolgan paytda Erkin aka davraga quvnoqqina so‘z tashlab, vaziyatni yumshatdi:

– E, sodda bo‘lmay keting! Bu yerda o‘tirganlarning bittasiyam xotiningizni tanimaydi. Bizniki mana shu deb birorta bazmbozroq ayolni ko‘chadan yetaklab kelavermaysizmi!

Xaridorgir nom     

Saksoninchi yillarning boshrog‘i edi. Yoshlar nashriyotida Erkin akaning bir kitobi bosiladigan bo‘lib, dovruqli shoirning asariga muharrirlik qilishdek ulkan sharaf menga hadya etildi.

She’rlar, kimsan, Erkin Vohidovniki! So‘z tugul, hatto birorta vergulni o‘zgartirishga kimning haddi sig‘arkan?

Shunga qaramay, qo‘lyozmani bosmaxonaga berish orqaga surilaverdi. Boisi – muallif kunda-kunora fikrini o‘zgartirib, topshirishga shoshmay turing, kitobga boshqacha nom qo‘ymoqchiman, degani-degan.

– O‘zingizning kimligingizni o‘zingiz bilmaysiz, shekilli, ustoz, – dedim oxiri. – Kitobingizga sarlavhaning umuman keragi yo‘q, she’rxonlarga “Erkin Vohidov” degan yozuvning o‘zi yetib ortadi.

Erkin aka keng manglayini silab turib, mayli, unaqa bo‘lsa, bu – so‘nggi o‘zgartirishim, deya ko‘nglimni tinchlantirdi. To‘plamga boshqacha nom qo‘ygach, xonadan chiqib ketayotib, eshik oldida ozgina to‘xtalib qoldi. Keyin menga o‘ychanlik bilan o‘girilib, sarlavhaning umuman keragi yo‘q degan gapni jiddiy aytyapsizmi, deya, odatdagidek, sokin odimlaganicha, ortga qaytdi.

– Jiddiy aytyapman, ustoz.

– Bunaqa oson yo‘llari borligini bilmaganakanman, – dedi Erkin aka, ko‘zlari porpirab. – Endi she’r to‘qib ovora bo‘lmasdan, faqat muqovagamas, ichki betlargayam “Erkin Vohidov, Erkin Vohidov” deb yozib, yiliga to‘rttadan kitob chiqaraversammikin?

O‘shanda bu so‘z hazilga yo‘yib aytilgan esa-da, aslida, Erkin Vohidov degan nomning o‘ziyoq, chindan ham, behad suyukli, juda-juda xaridorgir edi. Hanuz shundayligicha qolmoqda.

El orasida bu qadar qadrli, ko‘rganlar yoniqib havas qiladigan darajada e’zozli bo‘lish baxti barcha-barcha oydindil kishilarga birdek nasib etaversin, iloyim…

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 10-son