Anvar Obidjon. To‘poricha gap-gashtaklar (hajviya)

Sal madaniyatli ko‘rinay deb shuncha vaqt bekorga ovora bo‘ldim: tirikchilik masalasi chatoqlashib ketayotganini hazil-huzulga yo‘yib, ming marta shama qilgandirman, na tepadagilar tushunishdi, na pastdagilar. Endi asli to‘poriligimga qaytib, to‘g‘risini gapiraman – ishlar xurjun! Umuman kun ko‘rib bo‘lmay qoldi!
Bu qanaqasi – bergan oyliklariga yarasha mol topolmaysan, topgan molingga yarasha oylik berishmaydi. «Qorabotir» kooperativida hamma narsa bor, «Tohir-Zuhra» magazinida hech vaqo yo‘q. Xo‘sh, arzingni kimga aytasan, mahalla oqsoqoligami? Aytib ko‘rdim. U beparvo qo‘l siltab: «Ovozingni ko‘p ishlatma, uka, o‘sha birinchi yo‘qotgan narsamizni topsak, hamma g‘alva birdan tinchiydi-qoladi», dedi.
O‘zi bu mamlakatda eng oldin nima gumdon bo‘luvdi? Bir eslab ko‘raylig-a…
Yo‘q, shakarmas, bu – yaqindagi gap.
Agar yanglishmasam, yurtimizda eng oldin qo‘ng‘iroqli soatlar kamayib, g‘ofil bandalar ko‘paydi. G‘ofillikdan Lanjlik, Lanjlikdan Befarqlik, Befarqlikdan G‘urursizlik tug‘ildi. G‘urursizlik o‘sib-ulg‘ayib, qudrati shu darajaga yetdiki, uning hukmiga tobe erkaklar o‘z bolasiga do‘kondan paypoq topolmay qolsayam, «Xizmat ko‘rsatgan paxtakor» degan temirni talashib yuraverdi. Nazoratsiz qolgan xotinlar esa, bolalariga kiyim topish bahonasida bozorma-bozor sang‘iydigan bo‘ldi. Shunda erkaklar: «Xo‘sh, ojizalarimiz qachon teng huquqli bo‘ladi», deb dag‘dag‘ali savol yog‘dirishdi. Bu – xotinlarimiz qachon yolchitib ishlashadi, degan gap edi. Buni to‘g‘ri ilg‘agan dono hukumatimiz ayollarni sayilbop poyabzaldan shartta qisib qo‘ydi.
O‘z foydasiga ish qilishga kelganda, dunyoda ayollardan zo‘rroq kashfiyotchi yo‘q – ular hash-pash deguncha bu mushkul vaziyatdan chiqishga yo‘l topib, erkakcha kiyinishga o‘tishdi. Endi kallani ishlatish navbati erkaklarga keldi. Durustroq chora topisholmagach, xotinlarga aralashvolib, qo‘l uchida ishlashni o‘rganishdi…
Davlatimiz bu g‘ayriqonuniy musobaqadan dastlab dovdirab qoldi. Keyin qator kengashlar o‘tkazib, yagona to‘g‘ri yo‘lni topdi-yu, bir zarb bilan hamma turdagi ustaralarni sotuvdan supurib tashladi. Natijada, mamlakat fuqarosining jinsini aniqlash imkoni tug‘ilib, endi og‘ir ishlarni soqollilarga buyuradigan bo‘lishdi. Sho‘ring qurg‘ur soqollilar har beshyillik sayin ezilgandan ezilaverdi. Insof bilan ayting-chi, bunaqa xo‘rlikka araq ichmasdan chidab bo‘ladimi?
Xonadonda ichimlik ko‘payganidan keyin, mug‘ambir xotinlar ham tezda o‘zini ezilganga solishdi. Senlarni qachon ezibmiz, deyishga erkaklarning tili bormadi. Shu tariqa ko‘knoritabiat bolalar ko‘payaverdi. Ular voyaga yetib, tap tortmasdan har xil lavozimlarni egallab olishayotganda lop etib ko‘zimiz ochildi, jamiyatni boshqarishda sog‘larga ham o‘rin qoldirish maqsadida kambag‘al araqni konturrevolyutsioner deb e’lon qildik…
Siz aytgan shakarga mana endi navbat keldi. Balki shakarning batamom qahat bo‘lishiga haqiqatanam musallasfurushlar sababchidir. Lekin boshqa narsalar-chi? Nima, zararkunanda piyonistalar kirsovunni piva, shampunni shampanskiy qilib ichvorishdimi?
Masalan, saryog‘ qayoqqa ketdi? Sigirlarga kunjara yetkazib berolmayapmiz desak, ayb o‘zimizga ag‘dariladi. Bu – endi yomon. Aybni sigirlarga ag‘daraylik desak, afsuski bahona topolmaymiz, chunki ular norasmiylarga qo‘shilib miting qilayotgani yo‘q.
Bu ko‘rgiliklar balki holvadir. Shu ketishda ketaversak, kim biladi deysiz…
Tasavvur qilingki, birdan gugurt g‘oyib bo‘ldi. Endi ko‘richakni oldirish uchun jarrohga «gardkam» deb uch quti gugurt yumalatasiz. Eng tannoz qizlarning qulog‘ida tillo baldoq o‘rniga to‘rt qutidan gugurt. Boyvachchalar otarchining do‘ppisiga besh-oltita gugurt qistirvorgan…
Keyin tuz yo‘qoldi. Ilgarilari to‘ylarda qancha qo‘y so‘yilib, qancha araq ichilgani gapirilardi. Endi butun shaharda «falonchining bazmida yarim tonna tuz ishlatishibdi», degan mish-mish. Ovqatni og‘izga olib bo‘ladimi, yo‘qmi, bu bilan kimning ishi bor. Muhimi – minglab odamlarda sho‘rva qaynatishga tuz topilmayotganda, uning to‘yidagi besh qozon palovning to‘rt yarim qozoni g‘irt tuz…
Aytaylik, mevalar ichida birinchi bo‘lib anor qulog‘ini ushlab ketdi. Keyin surishtirib bilsak, Yaponiya Dashnobod bilan yuqori bahoda shartnoma tuzib, anorlar tarkibidagi alyumindan (bu yer alyumin zavodiga yaqin) uchoqlar yasab sotayotgan bo‘ladi…
Ammo, go‘shtning yo‘qolgani anchagacha sezilmadi. Baraka topkur o‘rdak-tovuqlarimiz, harqalay, bir-ikki yilga yarab turdi. Keyin Hindistondan fil, Avstraliyadan kenguru, Mozambikadan tipratikon olib yedik. Undan keyin Argentina toshbaqalariyu Kanada qarg‘alarining urug‘ini quritdik. Navbat Istambul sichqonlariga kelganda, go‘shtga tashnaligimiz shu darajaga borib yetdiki…
Kunlardan bir kuni «Toshkent – Qarshi» yo‘nalishida borayotgan laynerning aloqachisi Karmana tarafdan zoti noma’lum chumchuq uchib kelayotgani haqida aeroportga xabar berdi. Bu ma’lumot zum o‘tmay yuqoriga uzatildi. Kattaqo‘rg‘on tomonga uchayotgan chumchuqning koordinati to‘liq nazoratga olingach, ovchilar jamiyati yoppasiga qo‘zg‘alib, yakkaxon parrandaning parvozidan bahramand bo‘lgan barcha o‘ramlarni porox tutuni qopladi.
Ko‘p balolarni ko‘rgan tajribali chumchuq sochma o‘q yetmaydigan balandlikda qanot qoqayotgani ma’lum bo‘lgandan so‘ng, Urgut ichki ishlar bo‘limi jangovar quroldan foydalanishga ruxsat so‘rab, tegishli mahkamaga telefonogramma jo‘natdi. Ammo, javob kelgan paytda chumchuq allaqachon Denovni qahramonlarcha yorib o‘tayotgan edi. Nihoyat Turkiston harbiy okrugining vertolyotlari osmonga ko‘tarildi. Shovvoz chumchuq ularga ham ustalik bilan pand berib, endi jonholatda Termizga talpindi.
Ob’ekt Afg‘onistonga yaqinlashgani sayin tashvish ortib boraverdi. Chegara qo‘shinlarida birinchi nomerli tayyorgarlik e’lon qilindi, Yer-Havo tipidagi raketalar zo‘r berib nishonni qidira boshladi.
Bu vaqtda chalatirik chumchuqning ikki ko‘zi Hayraton ko‘prigida edi. Ko‘prik ustidan eson-omon o‘tib olsa bas, u yog‘i kimsasiz tog‘ etaklari.
Ming afsuski, noyob uchar masallig‘ shu joyga kelganda batamom holdan toydi, qanotlari uning xohishiga bo‘ysunmay qo‘ydi, toshdek qulab, gupillaganicha yerga tushdi… Termizda bayram boshlandi…
Ha, odamzod ozgina xayolparastlikka berilsa, tugalay aqldan ozishi hech gapmas. Agar… unda aqlning o‘zi bor bo‘lsa.
Darvoqe, o‘sha birinchi bo‘lib yo‘qotgan narsamiz, mabodo, Aql emasmidi?!
1990 yil.