Do‘kondan sut olib kelayotgan Hojiqurbon uyiga yetay deb qolganida, qo‘shnisining darvozasi zarb bilan ochilib, pirpiraganicha Mardivoy chiqib keldi. Ortidan «Adidas» degan yozuvli changqoqarni do‘layib, xotini ko‘rindi.
– Hu, yashshamagur! Iloyim, tilingga zindalak chiqsin!
Bizning davrimizda kelinlar erini ko‘sov ushlab quvardi, zamonning madaniylashib ketganini qarang, deb o‘yladi Hojiqurbon. So‘ng salobatli harakat qo‘llab, oraga kirdi.
– Qanaqa to‘palon bu? Ayniqsa, mendek odamning oldida-ya!
– E, ko‘rmaysizmi, – deya shosha-pisha uning panasiga o‘tdi Mardivoy, – o‘zidan-o‘zi jazavalanib…
– O‘zidan-o‘zimish… Ko‘pchib yotmang deb uyg‘otgani kirsam, «O-o, Marfushaxo-o-n», deb alahsiragan kim?
– Bekorlarni aytibsan. Hech qanaqa Marfushaxon degan tanishim yo‘q. Tuhmatchalpak bu!
Kelin qo‘llarini biqiniga tirab, «um-m, hali biz tuhmatchiyam bo‘pqoldikmi», deya galdagi choponqoqdiga shaylanganida, Hojiqurbon «e, bo‘ldi-da endi», deb o‘zidan yana duvol yasadi.
– Bu pismiqni bilmaysiz, – shang‘illadi kelin. – Xudo urgan shilqim bu. Shilqim bo‘lmasa, Do‘mbiravotni Do‘mboqobod, Eskijuvani Eskijuvon dermidi?
– Boring, uyga kiring, – bu safar keskinroq jerkidi Hojiqurbon. – Uyat bo‘ladi! Boring!
Kelin sannaganicha kirib ketgach, «o‘zlaridayam ancha-muncha ayb borga o‘xshaydi», deya Mardivoyga chimirildi. Mardivoy, kuyina-kuyina, o‘zini oqlashga tushdi:
– O‘lay agar, g‘irt bo‘hton bu. Kecha yangi chiqqan to‘plidan olaman deganida, ko‘nmaganidim. Hamma balo shundan. O‘zicha bahona to‘qib, mendan alamini olyapti.
– He, bo‘m-bo‘m! – uning peshanasini tikillatdi Hojiqurbon. – Bu yog‘ini tushinibsan-u, poxoldo‘qni haliyam o‘rganmabsan-da?
– Poxoldo‘q?
– Shuni bilginki, xumkalla, sen xohlaysanmi, xohlamaysanmi, xotinlar o‘zi yoqtirgan narsani baribir olmasdan qo‘ymaydi. Tinchgina ro‘zg‘or quraman desang, xotining nima olmoqchiligini bilvolib, o‘sha narsani olishga go‘yo o‘zing majbur qilgandek bo‘l. Shunda erkakchilikni qo‘ldan chiqarmay turasan.
Mardivoyning hanuz anqayib turishidan gapning mag‘zini chaqolmaganini anglagan Hojiqurbon jahlga mindi. «Yur, hozir tushuntirib qo‘yaman», deya Mardivoyni ortidan ergashtirdi.
– Masalan, men xotinimning ba’zi shamalaridan sezib yuribmanki, turkcha ko‘ylak bilan tillo sirg‘a olishga pul to‘playapti. Olmaysan desam, biydalab tashlaydi. Bunaqa paytda poxoldo‘qni ishlatib, erkakdek bir yayravolaman. Dunyodagi hukumatlaram xalq bilan muomala qilishda mening usulimdan foydalansa, yomon bo‘lmasidi.
Hojiqurbon Mardivoyni yetaklaganicha hovliga kirib kelib, sutli idishni peshayvon supasiga «taq» etkazib qo‘ydi. «Ho‘, xotin, qayoqdasan», deb dimog‘langanini biladi, ichkaridan «Ha, nima», degan vag‘illoq ovoz yangrab, xontaxtadagi pashshalarni to‘zg‘itib yubordi.
– Sutni opkeldim, – sir boy bermay do‘rangladi Hojiqurbon. – Ol, qaynat.
– Sizga sut qaynatib berishdan bo‘lak ishim yo‘qmi? – oshxonadan chiqib, eriga tosrayib boqdi xotin.
– Gapni ko‘paytirma. Ko‘ryapsan-ku, yonimda mehmon bor.
– Nimma-a? Mehmon? Shu piyonistani mehmon deyapsizmi?
– Bu qanaqa betamizlik? – Hojiqurbon duvolga qo‘ngan xo‘rozdek ko‘krak kerdi. – Kimga oliftachilik qilyapsan, iprindi?
– Kim iprindi?
– Sen iprindisan! Ustingdagi kiyimni qara. Shuyam ko‘ylakmi? Birorta impo‘rtniysidan olib kiysang, o‘lasanmi? Gap shu, ertagayoq yangi ko‘ylak olasan. Agar gapimni qaytarsang…
Hozirgina temirni g‘ajiyman deb turgan xotin birdan bo‘yin qisib boqdi:
– Men bir narsa deyapmanmi?
– Debam ko‘r-chi! – mushtini o‘ynatib, endi xotiniga dadil yaqinlashdi Hojiqurbon. – Juda indamasa, a? Archib qo‘yaymi shu topda? Senda oriyat bo‘lmasa, mana, bizda bor. Ko‘rganlar aytmaydimi, Hojiqurbondek odamning xotini juldirvoqi bo‘pketibdi, bor-yo‘g‘i yigirma besh xil ko‘ylagi bor ekan deb?
Xotin battardan shumshaydi. Eriga zimdan bir qarab qo‘yib, uch kunlik kelinchakdek iymanib dedi:
– O‘zimam turkcha ko‘ylakni orzulab yuruvdim-u… yana ro‘zg‘orni o‘ylab…
– Men turganda, ro‘zg‘orni o‘ylashni kim qo‘yibdi senga, – karillay ketdi Hojiqurbon. – Ko‘ylak o‘z yo‘liga. Yanagi oydan qoldirmay, quloqqa tillo sirg‘ayam olasan. Gapim yerda qoladigan bo‘lsa, shopirma atala ichadigan qipqo‘yaman. Achchig‘imni bilasan-a?
Xotini ro‘molining uchini tishlab «ha, bilaman» deya asta bosh tebratganidan ruhlangan Hojiqurbon «yo o‘zim bozorga sochingdan sudrab boraymi», deb poxoldo‘qni yana ikki pog‘ona yuqori ko‘tardi. So‘ng, chivin haydayotgandek, kaftini teskarilab siltadi:
– Bor endi, sutni qaynat!
– Xo‘p bo‘ladi, dadasi, – xotin oyoq uchida kelib, supadagi idishni oldi. – Aytganday, kechagi jigarniyam qovuraymi? Mardivoy qo‘shnimiz bo‘lsayam, hartugur, mehmon-da.
Xotindagi o‘zgarishni soniyama-soniya kuzatib, hayratdan tobora haykalga aylanib borayotgan Mardivoy, keyingi so‘zni eshitgach, tush ko‘rmayotganiga ishonch hosil qilish uchun sonini qattiq chimdidi.
Vo-o! Dunyoda manavinaqa usullar borakan-u!
Hojiqurbon moydek erib bo‘lgan xotinining ko‘zlariga sinchkovlik bilan tikildi:
– Qovurilgan jigarni quruq yeb bo‘larkanmi? Xuddi biror narsang bordek gapirasan-a.
– Jovonda yarim shishacha vino boridi shekilli?
– Nima-a? – qoplondek irilladi Hojiqurbon. – Kimsan, Hojiqurbon bo‘lsam-u, mehmonning oldida astatka ichamanmi?
– Bo‘pti, dadasi, bo‘pti. Hozir o‘g‘lingizni do‘konga yuboraman. Butunidan opkeladi.
Xotin shunday deya, shipillaganicha ichkariga yo‘naldi. Pillapoyada g‘o‘dayib turgan Hojiqurbon dimog‘ini shishirgan siyoqda Mardivoyga o‘girildi:
– Poxoldo‘qning zaptini ko‘rdingmi? Senam yuribsan-da erkakman deb. He tirraqi!
1994 yil.