“Jinqarcha” bog‘chasining o‘rtancha guruhiga qop-qora qoshlari bir-biriga tutashgan, kipriklari uzun-uzun, charosko‘z bir bolakay kelib qo‘shildi. Uning asli ismi Oltinbek edi. Biroq, ko‘p o‘tmay, bolachoqlardan tortib tarbiyachilargacha uni “O…o…jon” deb chaqiradigan bo‘lishdi…
Bog‘chadagi mashg‘ulotlar, ko‘p hollarda, guruhdagilarni bir joyga jamlab o‘tkaziladi. Lekin, bolalarga ozgina erkinlik berildi deguncha, birov o‘zicha, birov o‘rtog‘i yoki dugonasi bilan har yer-har yerda o‘yin o‘ynay boshlaydi.
Birinchi kuni Oltinbek kimga qo‘shilishni bilmay, picha ikkilanib turdi. Oxiri, atlas ko‘ylakli qo‘g‘irchoqning dam sochini yozib, dam boshqatdan o‘rib o‘ynayotgan qizchaga sekingina yaqinlashdi. Yonrog‘ida cho‘kkalab, guldor qog‘ozdan buklama do‘ppicha yasadi-da, qo‘g‘irchoqqa kiydirmoqchi bo‘ldi. Qizcha qo‘g‘irchog‘ini biqiniga yashirib, unga xo‘mrayib qaradi. Oltinbek bundan zarracha o‘ng‘aysizlanmadi, marjon tishlarini yarqiratib kuldi. Qizcha to qovoq solishni qo‘ymaguncha, shunday jilmayib turaverdi. Qizchada ham do‘stona kayfiyat paydo bo‘lgandan keyin esa, yelkasiga beozorgina qo‘l tashlab, “cho‘lp” etkizib peshanasidan o‘pdi va ko‘z yumganicha: “O, o, o!” – deb tebranib qo‘ydi. Qizcha nima deyishini bilmay qiqirlab kuldi.
Shunda, nam qumdan uychalar qurib o‘ynayotgn bolalardan biri yonidagi sherigini turtib: “Hey, Boyhusan, hey, Boyhusan, qara, anavi yangi bola opangni o‘pdi”, deb chaqimchiladi. Boyhusan qoshlarini chimirgancha davradan chiqib keldi.
– Bufotima, rostmi? Manavi olako‘z bola seni o‘pdimi? – deb so‘radi u opasidan.
Bufotimaning yuzi xiyol qizarib, ko‘zlari g‘ildiradi. Indamay boshini solintirdi. – Opamni o‘pdingmi? – endi musht chigib, Oltinbekka o‘qraydi Boyhusan.
Oltinbek Boyhusanning ko‘zlariga samimiy boqib, “men qurchog‘iga do‘ppi yasab berdim”, dedi va unga ham jilmaygancha tikilib turaverdi. Bunday ko‘ngli ochiqlikni ko‘rib, jangari Boyhusanning achchig‘i o‘z-o‘zidan bosila boshladi, tugilgan mushtlari yozilib, qorachig‘idan chaqnayotgan uchqun asta-sekin so‘ndi.
– Do‘ppi yasab bersang, mayli, – deya endi bosiq tovushda so‘z qotdi u.
Bu gapdan so‘ng Oltinbek o‘sha muloyim kulgi bilan Boyhusanga kaftini cho‘zdi. Boyhusan ham beixtiyor kulimsirab, oshnachasiga qo‘l uzatdi. Yarashib olishgach, Oltinbek uni quchib, “cho‘lp” etkizib betidan o‘pdi:
– O, o, o!
Bu to‘qnashuv qanday tugashini qiziqib kutayotgan tomoshatalab mittivoylar yangi bolaning g‘aroyib qilig‘idan kulib yuborishdi.
– Meni otim Qaytmasvoy, – deya unga iljayib qo‘l berdi boya “opangni o‘pdi”, deb Boyhusanga gap tashigan bola. – Mengayam o‘rtoq bo‘lasanmi? “O, o” qilasanmi?
Tevarakdagi bolalar ham “ke, mengayam o‘rtoq bo‘l”, “mayli, oshna bo‘lamiz”, deb juvillaganlaricha uni o‘rab olishdi. Jovur-juvurlarni eshitib: “Nima gap o‘zi, arzandalarim?” – deya ichkaridan bog‘cha opa chiqdi.
– Anavi yangi bola hammani o‘pyapti, – deb hiringladi Qaytmasvoy.
Bog‘cha opa: “Nima?” – deya bolalarga hayron ko‘z yugurtirdi, so‘ng Oltinbekka egilib: “Bu qanaqasi?” – deb so‘radi. Oltinbek uzun kipriklarini pirpiratib, bog‘cha opaga odatdagidek shirin tabassum qildi. Bog‘cha opaning ham chehrasi yorishganda, bir sakrab uning bo‘ynidan quchdi, “cho‘lp” etkizib yuzidan o‘pib oldi. Barcha bola chapak urgan kuyi tengdan “O, o, o!” – deb qiyqirib, Oltinbekka jo‘r bo‘lishdi.
Bog‘cha opa, oldiniga biroz dong qotib turgach, to‘satdan ochilib-sochilib kulishga tushdi.
– Mana, qanaqa ekan yangi bolamiz! – dedi u ko‘zida mehr chaqnab va Oltinbekni bag‘riga bosib erkalata ketdi. – O‘rgilib ketay sendaqa shirintoydan! O‘zimning qulog‘ichim! O‘pog‘ichim! O…o…jonim!
Shu bo‘ldi-yu, birov bilan janjallashish nimaligini bilmaydigan Oltinbek hammaga birdek davradosh “O…o…jon”ga aylandi.
1996 yil