Xurmo ostidagi so‘rida oydindagi oqilondek qazilanib yotgan Oymamatning halovatiga vijirloq xotini yana putur yetkazdi. «Qosh qorayib qolyapti, buzog‘imiz yaylovda tunamasin endi», degan sibizg‘asimon tovush uning qulog‘iga suvaraklar galasidek yoprilib kirib, miyasini timdaladi. Tilining uchiga to‘plangan sassiq so‘zlarni so‘lakka qo‘shib tuflagach, o‘zini bosib: «Qashqavoy sendan hushyorroq, molxonasi qayerdaligini biladi», deya do‘rillab qo‘ydi.
– Yomo-o-n tanbal bo‘pketyapsiz-da! – battardan tixirlandi xotin. – Ana, amakingizning g‘o‘najini hovlini adashtirib, uch kun deganda zo‘rg‘a topildi.
– Bizniki adashgandayam, peshanasidagi yum-yumaloq qashqasi hammaga taniqli. To‘g‘ri uyimizga qarab haydashadi.
Xotin biqiniga qo‘l tirab, karnayni endigina avjga hozirlayotganida, ko‘chadan kelgan: «Sattor aka! Ho‘, Sattor aka!» – degan ovoz shashtini so‘ndirdi.
– Tunov kuniyam bittasi Sattor akaning uyi deb biznikini chaqirib keluvdi, – eriga selkillab boqdi xotin. – Sarg‘ish darvoza mahalla bo‘yicha bizniki-yu, Sattor folchiniki. Shuni boshqa rangga bo‘yab qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?
Folchining otini eshitib, Oymamatning ko‘zlari birdan ayyorona chaqnadi. Qaddini ko‘tarib, to‘shakka oyoq chog‘ishtirarkan: «Shoshma, kallamga bir o‘y keldi», deya xotiniga shumlanib iljaydi-da, ko‘chaga bo‘ylanib shang‘illadi:
– Ho‘, labbay! Kiravering!
Odimlashi qoqinishga moyilligidan shoshqaloqligi yaqqol sezilib turgan jiydabarg mo‘ylovli yigit kela solib qo‘shqo‘llab ko‘rishdi-yu, hol-ahvol so‘rab o‘tirmasdan: «Hamma umidim sizdan, akajon!» – deya Oymamatga kuchukdek jalangladi. So‘rining chetiga omonat qo‘nib, duo o‘rniga «nima xizmat bo‘lsa, tappa-tayyormiz», degan so‘zlar bilan yuziga apil-tapil fotiha tortdi.
Oymamat muddaoni surishtirgach, yigit hatto uloqchilar ham havas qiladigan chopqir eshagi qo‘qqisdan g‘oyib bo‘lgani, shu noyob jonivorni topish umidida najot izlab kelganini ma’lum qildi. Folchilikdagi tajribasizlik Oymamatga pand berib, gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas chaynalib qoldi. Piyoladagi choyni shoshmasdan simirib, shoshmasdan yutishga tutindi. Fikrini jamlab olgach: «Eshaging hangimidi, mochamidi?» – deya savol yumalatdi.
«Hangi edi», degan javobni eshitib, tuyqus qovog‘ini uydi:
– Oting nimaydi, uka?
– Qurvanaqqul.
– Ochig‘ini aytsam, ishimiz ancha chigal, Qurvanaqqul,– qoshini bilanglatdi Oymamat. – Odatda, mochani topish osonroq, ojizaligiga borib, uzoqqa ketishdan qo‘rqadi. Ammo-lekin, erkak zoti «hayyo-xo‘y» deb, uydan bosh olib chiqdimi, uni dunyoning narigi chetidan qidir.
Qurvanaqqulning ko‘zi yosho‘rab: «Hamma ayb o‘zimda, eshagimni qattiq xafa qipqo‘yganidim», deya mo‘ltiraganida, Oymamat: «Xo‘sh, xo‘sh?» – deb qulog‘ini ding qildi.
– Kecha tomorqaga kirsam, eshagim hadeb tuproqqa ag‘nab o‘ynayapti-da, – so‘zlana ketdi Qurvanaqqul. – Qitmirligim qo‘zib, u yoqda enang o‘lib yotibdi-yu, sen yumalab o‘ynashingni qara, dedim. Buni eshitib, eshagim «Ena-a! Ena-a!» deb yig‘lashga tushdi. Unga rahmim kelib, o‘zingni bos, shunchaki hazillashdim, desam, «i-i, i-i», deganicha menga bir zum o‘qrayib turdi-yu, shartta o‘grilib, og‘ilxonaga qarab yurdi. Ertalab kirsam, arazlab ketvoribdi.
– Yo tavba-a! – yoqa ushladi xotin. – Eshak odamning gapini uqishini endi eshitishim.
Shundan keyin Qurvanaqqulning sayroqlanishini ko‘ring. «Folchi»ning xotiniga o‘grilib olib, bitta eshakmas, xonadonidagi borliq jonzot uni odamdek tushunishi, ba’zilari hatto so‘zlashniyam o‘rgana boshlagani, masalan, birov ko‘chadan chaqirsa, iti undan oldin «Ha-hov!» deb qo‘yishi, qo‘yi yemiga ko‘z olaytirayotgan echkiga qarab «Ema-a! Yema-a!» deb baqirib berishi, dakang xo‘rozining doni tugasa, bo‘sh idishni tepib, «Qupquruq-ku! Qupquruq-ku» deya shovqin ko‘tarvorishi haqida ko‘pirib sannashga tushdi.
– Xo‘rozimning shallaqiligidan bezib, oxiri pastko‘chadagi jiyanimga bervordim, – hobbonilikni davom ettirdi u. – Bervordim-u, haliyam qulog‘im tinchimaydi. Ertalabgacha «Qurvanaqqu-u-l! Qurvanaqqu-u-l!» deb meni chaqirib chiqadi.
Xotin daf’atan munglanib: «Xo‘roz sizga ichikibdi, inim. Qaytarib opkelmasangiz, uvoliga qolasiz-a», deya donolanishni boshlaganida, Oymamat: «Bor endi, ovqatga urin», deya damini kesdi. Xotin lab burganicha nari ketgach, Oymamat to‘shakka tizzaladi, Qurvanaqqulga ham tizzalab o‘tirishni, nima desa, shuni adashmay takrorlab turishni tayinladi.
– Vavaq-vavaq! – yelka uchirib qiypanglashga kirishdi Oymamat. – Vavaq-vavaq!
– Vavaq-vavaq! Vavaq-vavaq! – jilpillab takrorladi Qurvanaqqul.
– Shaqira-shuqur, vaqira-vuqur!
– Shaqira-shuqur, vaqira-vuqur!
– Vaq!!!
– Vaq!!!
Shundan so‘ng «folchi» ko‘z yumgan asno bir dam jimib qoldi. Keyin o‘zicha g‘udrana ketdi:
– G‘avva-g‘avva, g‘avva-g‘avva. G‘ir-r, g‘ip! Ana… ana… ko‘ryapman. Ko‘zi go‘layib turibdi.
Qurvanaqqul umidvorlanib: «O‘sha mening eshagim bo‘lishi kerak, haqiqatanam ko‘zi lo‘ppayganroq», deya tipirchilaganida, ko‘zi yumuq Oymamat «ko‘ragon»likda davom etdi:
– Boshida ikkita quloq ko‘rinyapti…
– To‘ppa-to‘g‘ri topdingiz! Qulog‘i ikkita bo‘lsa, aynan mening eshagim!
– Orqasida bitta dum…
– O‘sha bir dumli eshak meniki! Qoyilman, aka!
– Tagida to‘rtta oyoq turibdi…
– Xuddi mening eshagimni gapiryapsiz! Oyog‘i chindanam to‘rtta, o‘zim sanab ko‘rganman! Endi, qayerdaligini aytsalar bas, Nigeriyadan bo‘lsayam ushlab kelaman!
Oymamat asta ko‘zini ochib: «Mana, kerakli hayvonning shaklini aniqladik», deb viqor bilan do‘ranglaganida, Qurvanaqqul: «Shakli eshakmi, axir?» – deya toqatsizlanib pitirladi.
– Folimga bir qizg‘ish buzoq tushdi, – dedi Oymamat.– Qansharida yum-yumaloq oq qashqasi bor. Menimcha, u eshagingni ko‘rgan. Shu buzoqni yaylovdan topib, oldimga haydab kelsang, qattiq tergov qilaman. Eshagingni rostdanam ko‘rgan bo‘lsa, qaysi yoqqa ketganini aytadi. Aytmay ko‘rsin-chi!
Qurvanaqqul: «Qimirlamay o‘tirib turing, buzoqni g‘izillatib opkelish bizdan», deya o‘rindan qo‘zg‘alayotganida, Oymamat: «To‘xta!» – deb yo‘ldan qayirdi va qo‘shimcha qildi:
– Buzoqni pok holatda so‘roq qilishim kerak. Uni yo‘ldagi ariqda yaxshilab cho‘miltir.
– Xo‘p bo‘ladi! – ko‘ksiga qo‘l bosdi Qurvanaqqul.
– Erinmasdan tuyoqlariniyam yarqiratib yuvgin.
– Xo‘p!
O‘choq boshida ivirsib turgan xotin kutilmaganda gapga suquldi:
– Dumiga yopishgan qo‘ytikonlarniyam tozalab qo‘yaqoling, inim.
Qurvanaqqul angrayib, bir xotinga, bir «folchi»ga alangladi. Oymamat xotiniga zimdan o‘qrayib qo‘ygach, Qurvanaqqulga yuzlanib, beo‘xshov tirjaydi:
– Anqayma, Qurvanaqqul. Folchilik bu opangga bizdan ozgina yuqqan. Mayli, duminiyam tozalab qo‘yavur.
– Xo‘p! – ko‘ksiga qaytadan shapatiladi Qurvanaqqul. So‘ng kattakon kalishini «shilipa-shilip» qilganicha ko‘cha sari chopqilladi. Erining nojo‘ya qiliqlaridan xijolat tortgan xotin qozon ostidagi o‘tga keskaldirik tashlayotib, norozi qiyofada bidirladi:
– Yigit sho‘rlikni mazahlab yaxshi ish qilmadingiz, dadasi. Qolavursa, buzog‘imizni haydab kelib, endi eshagimni topib bering desa, nima qilasiz?
Oymamatning ko‘zlari yana mug‘ambirona miltirab, xotiniga sirli ishshaydi:
– Qurvanaqqulingga aytdim-ku, buzoqni so‘roq qilaman, deb. So‘roq qilamanam! Agar qashqavoyimiz o‘sha eshakni ko‘rgan bo‘lsa, aytar. Mabodo, ko‘rmagan bo‘lsa, folchi akangning qo‘lidan nimayam kelardi, xotinjon…
Oymamatning og‘zida qahqaha portladi-yu, xurmo shoxlarida yayrab chug‘urlashayotgan chumchuqlar gurungni chala qoldirib, to‘rt tomonga tirqirab ketishdi.
1998 yil.