Ishxonamizga yangi kelgan xodimani ko‘rdimu joyimda taqqa qotdim. Qani endi bir qadam ham siljiy olsam! Shunaqangi chiroyliki, og‘zimning suvini zo‘rg‘a ushlab qoldim. Nafaqat men, balki har qanday erkak ham uni ko‘rganida angrayib qolishi muqarrar, agar rostdan ham erkak bo‘lsa! Ko‘zlari… bilmadim, bu ko‘zmi yoki ummon tubidagi durmikan? Oh, shu ko‘zlarning ichiga kirib ketsang-da! Kipriklarini aytmaysizmi, shu qadar qayrilma va quyuqki, agar jajji odamga aylanib, ustiga chiqib sakraganingizda ham ular sinmaydi. Ikki yonog‘i qizg‘ish, silliqligidan esa dunyoga dong‘i ketgan “Barbi” qo‘g‘irchoqlari ham hasad qilsa kerak.
Qisqasi, qiz emas, tovus, chiroyli tovus! Haligi, “qizmi bu, kiyikmi bu”, deb kuylaydigan jingalaksoch yigit ko‘rganida ham izvoshini tashlab, yugurib kelardi bu qizning oldiga. Shu qadar go‘zal! “Odam bo‘lmasa kerak, — dedim ichimda, — odam bunchalik chiroyli bo‘lishi mumkin emas. Tovus, tovus”.
U shundoq yonimdan o‘tib ketganida sochlarining yengil silkinib, paydo bo‘lgan epkinidan oyoqlarimning tagigacha titroq kirdi. “Do-o-d”, — deb yuborgim keldi.
Men es-hushimni yig‘ib olgunimcha u qabulxonadan chiqib ketdi. O‘zimga kelishim qiyin bo‘ldi. Atak-chechak qilib yurishni o‘rganayotgan boladek zo‘rg‘a odimlab ortidan chiqdim. So‘ng uni topolmay, kafedraga qaytdim.
— Ha, nega rangi-quting o‘chgan? — dedi meni ko‘rib hayron bo‘lgan Jalil.
Men gapirolmadim va qo‘rqib ketdim: “soqov bo‘lib qolgan bo‘lsam-a?!” Jalil yana nimalar dedi, qulog‘imga kirmadi. Ikki hushim o‘sha parivashda edi.
Uyda kechasi bilan to‘lg‘anib chiqdim. Uning shundoqqina yonimdan o‘tib ketgani “sekinlashtiruvchi kadrlar” orqali namoyon bo‘laverdi. Ko‘zimni ochsam ham shu tasvir, yumsam ham! Shu bois tushim bilan o‘ngim ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Faqat ertalab…
Ko‘zlarimni bir zum ochdim-u cho‘chib tushdim: shundoq yonimda pishillagancha bir ajina yotardi. To‘g‘ri, odam o‘z xotinini ajina deyishi yaxshi emas, ammo, gapning dangali, ishxonadagi parivashning oldida mana bu xotin ajina bo‘lmay nima?!.
Institutga qanchalik shoshilib bormayin, vaqt imillab o‘tardi. Go‘yo men yuguryapmanu, yer shari o‘z o‘qi atrofida sekingina aylanayotgandek. Parivashni tezroq ko‘rib, gurs-gurs urayotgan ko‘ksimni bosib qo‘ymasam, bu yuragim to‘rtta klapanini uzib, og‘zimdan chiqib ketadi-yov bunaqada.
Qabulxonaga yetay deganimda u yerdan Jalil gandiraklab chiqdi-da, menga “darang” etib urildi.
— Sen uni ko‘rdingmi, voh, ko‘rdingmi? — dedi u menga. — “Chiqma, Qays, ohim birla, yonmoqdadir sahro bugun…”
Demak, Jalilning ham ko‘zi tushibdi parivashga. Men unga parvo qilmay, qabulxona eshigini ochmoqchi edim, kafedra mudirini ko‘rib, noiloj ortimga qaytdim. Jalilning og‘zi tinmas, nimalardir deb rashkimni qo‘zg‘ardi. Qo‘lim umuman yumushga bormadi. Ish stolim ustiga muk tushib yotdim. Jalil ham boshqacha bo‘lib qolgan: goh tirjayadi, goh xomush bo‘lib qoladi.
Parivashni kechga yaqin ko‘rdim. Yanada chiroyli bo‘lib ketibdi. Ismini ham bilib oldim: jismiga monand Malak! Bir marta jur’at qilib so‘z qotdim. Tilim zo‘rg‘a aylanib, soat necha bo‘lganini so‘ragan edim, u shundoq ham yirik ko‘zlarini katta-katta ochib kulib yubordi. Voy-ey, ovozi shu qadar jarangliki, eng xushro‘y bulbul Chaykovskiy simfoniyasini jo‘shqin notalarda chalyapti, deysiz. Malak yo‘liga ravona bo‘lganiga qaramay, chiroyli kulgusi quloqlarim ostida sado berib turaverdi.
Men dardimni kimga aytay, anovi ovsar Jalilgami? Axir, u ham o‘zini yo‘qotib qo‘yib, yo‘lida uchraganga to‘qnashib yuribdi. Og‘zidan sigaret tushmaydigan kafedra mudirigami? Ko‘zoynagi ustidan g‘alati qaraydi-yu “arizani yozing”, deydi, vassalom. Yana kim bor? Ha, dotsent Ma’diyev! Yo‘q, to‘g‘ri kelmaydi. Og‘zi bo‘sh, yetti mahallaga, e, yettita kafedraga doston qiladi.
Uyga kirib borganimda ajina meni hayron bo‘lib qarshi oldi:
— Ha, nima bo‘ldi? Tinchlikmi?
Qani edi, mana shu ajinaning o‘rniga meni Malak kutib olsa! Ishga ham bormasdim. Ertadan-kechgacha gulruxsoriga tikilib o‘tiraverardim-o‘tiraverardim-o‘tira…
— Sizdan so‘rayapman, hoy? Nima balo, ichdingizmi? — tergovni davom ettirdi xotinim.
Yo‘q, ichmaganman. Ichsam, yig‘lab yuborsam kerak. Qolaversa, o‘zimni dadil tutib, hammasini manovi ajinaga aytib berishim mumkin, ichsam. Keyin ko‘ring tomoshani!
— Hech gap yo‘q, — dedim zo‘rg‘a, so‘ng jur’at qilib so‘radim: — Maylimi, nafas olsam?
— Nima?! Hali men sizga nafas oldirmay qo‘ydimmi?
Qiziq-a, bu xotin — o‘z qilmishini tan olmaydi. Axir, uylanganimdan buyon kislorod nimaligini bilmayman-ku! Faqat karbonat-angidrid!
Bolalarim oldimga yugurib kelishdi. Nechta edi o‘zi bular?.. Hammasini bir-bir quchoqlar ekanman, o‘pkam to‘lib ketdi. Xotinimning esa og‘zi tinmasdi. Qani, iloji bo‘lsa-yu, “protivogaz” topib, boshiga kiydirib qo‘ysam!
— Siz birortasini topgansiz! — so‘nggi taxmini va atakasini ishga soldi u.
— Malak! — bu so‘z beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi-yu, xotinim ham shartta gapdan to‘xtadi. Negadir bolalarim ham nimadir ro‘y bergandek qotib qolishgan edi. Men zudlik bilan vaziyatni o‘nglamasam bo‘lmasdi.
— O‘n yettinchi asrda shunday shoira o‘tgan ekan, — dedim kiprik qoqmay. — Uning ijodini tadqiq qilyapman. Butun es-xayolim shu ishda. Agar tadqiqotim yaxshi amalga oshsa, juda ko‘p pul olaman.
Xotinim oxirgi jumlalarimni eshitib, yuzi muloyim tortdi. Qancha pul olishim mumkinligini so‘radi. Og‘zimga kelgan miqdorni aytib yubordim. Uning ko‘zlari kattalashib ketdi, ammo Malaknikidan yirik va charos emas bu ajinaning ko‘zlari!
Keyin o‘ylanib so‘radi:
— Malak, dedingizmi? Shunday kursdosh qiz bo‘lardi, birga o‘qiganmiz.
Ichimda yanib qo‘ydim: “Birga o‘qiganmish! Malak kelib-kelib sen bilan birga o‘qirmidi?..”
Bu kecha ham ming azobda o‘tdi. Malak haqida o‘ylayverib, qariyb jinni bo‘layozdim. Ertalabgacha uxlamadim hisobi.
Ishga borgach, Jalildan eshitgan birinchi gapim shu bo‘ldi:
— Men ajrashyapman, Nozim.
— Nega? — deb so‘radim yuragim taka-puka bo‘lib.
— Xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi.
“Xarakteringdan o‘rgildim. Bevafo! Malakni ko‘rib, fikring o‘zgarib qolgan-ku, sening! Gulday xotiningni tashlab ketishga qanday ko‘zing qiyadi, nomard?”
— Nega indamaysan, Nozim?
— Sen yo‘limga to‘g‘anoq bo‘lma, — degan so‘z og‘zimdan chiqib ketdi.
— Nima? — u angrayib qaradi. — Yo‘lingga? To‘g‘anoq?
Men o‘zimni o‘nglab oldim:
— To‘lg‘oq, demoqchi edim. Xotiningni to‘lg‘oq tutsa, nima qilasan? Beshinchi bolangni kutayotganding, shekilli?
— Ha-ya! — Jalilning esiga tushdi-da, bir zumda bechoravashga aylanib, o‘ylanib qoldi…
Xullas, bir hafta mobaynida Jalil ikkimiz bir-birimizga bildirmay, Malakning ishqida jizg‘anak bo‘lib yurdik. Bir hafta, deganim, shu kunlarda uning tavallud kuni ekanligi haqida eshitib qoldim. Shunchalik quvondimki…
Boraman, osmon gup etib uzilib tushsayam, Malakning tug‘ilgan kuniga boraman.
Bir amallab uning qayerda yashashini bilib oldim.
Keyin xotinimdan yashirib yurgan pulimga do‘konlardan sovg‘a izlab, rosa tentiradim. Qaysi sovg‘ani olmoqchi bo‘lsam, Malak aftini burishtiradigandek tuyulaverdi. Nihoyat, isi butun yer yuziga taraladigan atir xarid qildim. O‘zi mittigina-yu narxi osmoncha! Katta qilib “upakovka” qildirdim. Keyin guldasta sotib oldim.
Kechga yaqin Malak turadigan ijara uyning ro‘parasida turgancha avval biroz “repetitsiya” qildim. Endi qadam tashlayman, deganimda Jalil paydo bo‘lsa, deng! Uniyam qo‘lida guldasta, qandaydir o‘ram.
— Ammamning tug‘ilgan kuni edi, — dedi u ko‘zlarini mendan olib qochib. — Shu atrofda yashaydi.
— Zo‘r-ku! Sening ammang bilan mening xolam bir kunda tug‘ilganini qara-ya! — deb o‘zimni quvongandek ko‘rsatdim.
Ikkalamiz ikki tomonga ketdik, orqamizga qarab-qarab. Ablah, Jalil! Senga pishirib qo‘yibdimi bu yerda? Malakni birinchi bo‘lib men ko‘rganman-ku, axir! Shunday ekan, nima qilasan oraga suqilib?!. Mayli, avval sen kira qol, sharmandangni chiqarib haydab solsa, bilasan!..
Shu maqsadda to‘qqiz-o‘nta domni bamaylixotir aylanib, qaytib kelsam, Jalil ko‘rinmaydi. Malakning oldidamikan? Yo‘q, u allaqachon haydab yuborgan, to‘rtta bolasi bor ko‘zi qiyshiqni boshiga uradimi?..
Men uchinchi qavatga ko‘tarilar ekanman, eshikka qulog‘imni qo‘ydim. Ichkarida magnitofon qo‘yilgan, undan sho‘x tarona taralardi. Malak Jalil bilan raqs tushayotgan bo‘lsa-ya! Shartta eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Birozdan so‘ng eshik ochildi-yu, ko‘zlari charos Malak paydo bo‘ldi… Paydo bo‘ldi-yu yuragim avval oyog‘im tubiga tushib, keyin boshimga chiqib ketdi.
— Men… men… men… — dedim faqat.
— Voy, buncha chiroyli, — Malak kulimsirab qo‘limdan gulni oldi va meni ichkariga taklif qildi.
Xavotirlanib ichkariga qadam tashlar ekanman, to‘kin dasturxon atrofida hech kim yo‘qligidan quvonib ketdim. Demak, anovi xumpar Jalil kirishga jur’at qilolmay, uyiga ketib qolgan.
— Bir o‘zimman, — dedi Malak qizarib. — Hali bu shaharda yaqinlarim yo‘q-da!
“O, Malak, Malak! Men shu yerda turib nega, yaqinlarim yo‘q, deysiz-a? Mana, men-ku eng yaqin odamingiz!”
Qo‘limdagi atir solingan qutini unga uzatar ekanman, ketgan pulimga achinib qo‘ydim, albatta.
Hozir o‘tiraman-u dilimdagi gaplarni to‘kib solaman. Agar shartta-shartta gapirmasam, azbaroyi tutilganimdan kulgiga qolishim mumkin.
Xuddi shunday qildim. Gapni sal uzoqdan boshladim. Taxminan Alisher Navoiy davridan. Sevgi-muhabbat, Layli va Majnun, xullas, rosa tobini keltirdim. O‘zimizning asrga yetib kelib, endi muddaoga o‘tmoqchi edim, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi.
Malakka savol alomati bilan qaradim. U yelkasini qisdi. Men jentlmenlarga xos o‘rnimdan turdim-u, eshikka yaqinlashib, avval ko‘zchasidan qaradim. Qaradim-u kapalagim uchib ketdi: tashqarida po‘rim kiyingan kafedramiz mudiri turardi. Bu domla shunaqangki injiq, mijg‘ovki, agar meni bu uyda ko‘rsa, keyin ming bahona topib bo‘lsa-da, ishdan bo‘shatib yuboradi. Xotinimga aytishdan ham toymaydi. Babnik!
— Malak, men yashirinmasam bo‘lmaydi, — dedim qaltirab. — Bu domlaga tezgina javob berib yuborsangiz, suhbatimizni keyin davom ettirardik. XXI asr muhabbati…
Malak ham shoshib qoldi. Divanning tagini ko‘rsatdi, ammo u yerga men sig‘madim. Eshik qo‘ng‘irog‘i qayta jiringlagach, men o‘zimni shkaf ichiga urdim. Qop-qorong‘uda qandaydir muloyim narsaning ustiga o‘tirib oldim-u, damimni ichimga yutdim. Kafedra mudirining uyga kirgani, nimalardir degani eshitilarkan, tagimdagi narsa qimirlab qoldi.
— Qornimdan tush, — degan Jalilning ovozi keldi qorong‘ilik qa’ridan.
Voy, nomard-ey, shu yerda ekan-da! Tushib bo‘pman.
— Tush, dedim, — inqilladi Jalil, — bo‘lmasa, hamma joyni sassitib yuboraman.
— Baqirma, kafedra mudiri eshitadi, — dedimu sekin qornidan tushdim. — Senga balo bormidi bu yerda?
Jalilning yengil nafas olgani eshitildi. Birozdan keyin so‘radi:
— Nima qilyapsan, Nozim?
Kulgim qistadi.
— Tramvay kutyapman, — dedim bir latifani eslab.
Qancha o‘tirdik, bilmayman, oyoqlarim akashak bo‘lib ketdi. Bir payt shkaf eshigi ochilib, kafedra mudiri ham o‘zini ichkariga urdi. Men shoshganimdan boshimga qandaydir yubkani o‘rab oldim. Baqaloq mudir naq tizzamga joylashib o‘tirsa, deng! Men-ku chidardim-a, ammo Jalil o‘zini bosa olmay, piqir-piqir kula boshlasa bo‘ladimi!
— Kim bor bu yerda? — so‘radi kafedra mudiri past ovozda. — Kim bor, deb so‘rayapman.
— Biz aspirantlarmiz, — dedi Jalil pichirlab.
Men ovozimni o‘zgartirib, uning xatosini to‘g‘irlagan bo‘ldim:
— Biz boshqa institutdanmiz.
Kafedra mudirimiz talmovsirab qoldi:
— A… bu… noqulay bo‘ldi-ku… hm-m…
— Dekan kelib qoldimi, deyman? — hiringladi Jalil.
— Nima?.. Yo‘k, Ma’diyev degan bir g‘iybatchi… Sizlar qayerdan bilasizlar? — dedi kafedra mudiri.
— Boshimizdan o‘tgan-da, domla, — javob berdi do‘rillab Jalil. — Agar… Agar bu uyga dekan, prorektor ham keladigan bo‘lsa, bilmadim, holimiz nima kechadi?
— Sizlar qaysi institutdan? — yana vaysadi kafedra mudiri.
Men hozirjavoblik bilan og‘zimga kelganini aytdim:
— Agroqurilishdan… Malak oldin o‘sha yerda ishlagan.
— Hm-m, — o‘ylanib qoldi u. — Sizlarda Ismoilov ishlardi, kafedra mudiri edi. Hozir qayerda u?
Mendan oldin Jalil boplab javob berdi:
— Ismoilov boshqa shkafda o‘tiribdi, domla.
Jalilni turtib qo‘ydim. Yana jimlik cho‘kdi. Men kafedra mudirini qanday qilib qo‘ynimdan turg‘azishni bilmasdim. Qolaversa, undan tamakining badbo‘y isi kelib, ko‘nglim aynib boshlagan edi. Bu dotsent Ma’diyev qachon ketarkan-a?
O‘ylanib o‘tirib, pinakka ketibman. Kecha tonggacha mudrab chiqqanman, axir! Qancha uxladim, bilmayman, Jalilning do‘q urganidan uyg‘onib ketdim.
— Domla ketdi, — dedi u. — Tur-ey! Tezroq yo‘qolaylik, rektor kelib qolmasin tag‘in.
Oyoqlarimiz uvishib qolgani uchun ikkimiz ham shkafdan naq o‘rmalab chiqdik. Malak bizga qarab kulib yubordi. Shu topda u ko‘zimga baloday ko‘rindi…
Endi qaddimizni rostlagan edik, yana eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Jalil bilan bir-birimizga qarab yig‘lab yuborayozdik.
Malak eshik tomonga yurdi. Men uni to‘xtatib, Jalilga imo qildim. Eshik ko‘zchasidan qaragan Jalil ko‘zlari ola-kula bo‘lib menga qaradi:
— Yopiray, xotining! Yana ikkita ayol!
— Nima? — dedim rostakamiga qo‘rqib. — Qanaqa xotinim? — shu onda bugun uning menga qo‘ng‘iroq qilib, nimalardir deganini elas-elas esladim. Hushim o‘zimda emasdi-da!
— Vuy, — esiga tushdi Malakning, — boya telefon qilishuvdi, qayerdan eshitishibdi, deb hayron bo‘luvdim. O‘tiravering, hech nima deyishmaydi. Axir, birga ishlaymiz-ku!
Jalil ko‘ngillarga alag‘da soldi:
— E, siz buning xotinini bilmaysiz. Mushukdan ham rashk qiladi. Nozim, bo‘l, yana shkafga kiramiz.
— Yo‘q, u meni hidimdan biladi, yaxshisi, derazadan sakraymiz, — dedim men Jalilni sudrab.
— Esing joyidami? Uchinchi qavatdan-a!
— Unda o‘zing bilasan, — shunday dedim-u, derazadan irg‘idim. Allaqanday ilgak kiyimimdan ilib qolishini qayerdan bilay! Xullas, nimadir tarillab ketdi-yu, gurs etib o‘tloqqa quladim. O‘ira-shirada yuqoriga qarasam, shimim deraza ilgagida qolib ketgan. Men fig‘on chekishga ulgurmay, Jalil ham gurs etib yonimga tushdi. Uning ko‘ylagi yuqorida ilinib qolgan edi.
— Boya yaxshilab qaramagan ekanman, — dedi u so‘kinib. — Meniyam xotinim kelibdi. Vo-o-y, belim!
Inqillab zo‘rg‘a o‘rnimizdan turdik. Har holda xavf ortda qolgan edi. Ammo men shimsiz, Jalil ko‘ylaksiz… qanday ketamiz? Eng yomoni, shu payt uchinchi qavat derazasiga ilinib qolgan shimimning cho‘ntagidagi telefonim jiringlab qolsa bo‘ladimi! Chiqish qo‘ng‘irog‘iga naq xotinimning ovozi yozilgan: “dadasi, telefoningizni oling, dadasi-i-i-i…” O‘ziyam varanglab chiqadi-da ovozi!
— Qochdik, — baqirdi Jalil, — nima bo‘lsa bo‘ldi, oshna, ko‘rgilik!
Katta ko‘chaga chiqqanimizda ham telefonimning ovozi eshitilib turardi. Jalil har qancha taskin bermasin, men dovdirab qolgan edim. Xotinim rostdan ham rashkchi, umuman, rashkchi bo‘lmaganida ham dugonasining derazasiga erining shimi ilinib tursa, har qanday xotin ham jig‘ibiyron bo‘ladi. Avvalo, u Malakni qiymalab boshlagandir.
Ne ko‘rgiliklarga giriftorman-u, yo‘lda bizni militsiya xodimlari to‘xtatsa, deng! Men taqdirga tan bergancha bezrayib turaverdim, Jalil rosa tavallo qildi. Foydasi bo‘lmadi, bizni bo‘limga olib borib, bayonnoma tuzishdi. Yaxshiyam, bir tanish chiqib qolib, ishni bizning foydamizga hal qilib berdi.
Shu kecha reja bo‘yicha avval Jalilning ukasinikiga bordik, u menga shimini berdi. Keyin mening uyimga yo‘l oldik.
— Shoshmang, kelin, — dedi Jalil o‘qlov ko‘tarib chiqqan xotinimga. — Nozimning ahvoli chatoq.
Men bu paytda jo‘rttaga og‘zimni ochgancha har yoqqa alanglayverdim.
— Xo‘sh, nima bo‘ldi, ayting-chi? — dedi xotinim qo‘lini beliga tirab.
— Avval siz ayting, bizning xodimani yo‘qlab boribsiz?
— Ha, o‘sha Malak hozir shifoxonada – tug‘ilgan kunini davom ettiryapti. Erimga nima bo‘pti, gapiring.
Jalil so‘zamollik qildi:
— Eringiz xotirasini butkul yo‘qotib qo‘ygan. O‘sha uyga adashib borib qolibdi.
— Qarang-a! — qulochini yoydi xotinim, so‘ng menga yaqinlashdi. — Hoy, erjon, boshqa bahona topolmadingizmi?
Men mutlaqo jiddiy ohangda undan so‘radim:
— Siz kimsiz, opa?
— Ana, ko‘rdingizmi? — gapni ilib ketdi Jalil. — Hech kimni tanimayapti bu. Ko‘p ishlashning oqibati bu. Ostropamyaterapiya, deyiladi. Ya’ni, miya falajlanib, xotira ma’lum vaqtga o‘chadi. Menga o‘sha xodimamiz telefon qildi, borsam, bu derazadan tashlayman, deb turgan ekan, ulgurolmadim. Agar eringizning hozirgi ahvolida bo‘lmag‘ur savollar berilaversa, u butkul jinni bo‘lib qolishi mumkin. Xotirasi joyiga tushganida esa, sizga aytgan loyihasidan ko‘p pul beradi.
Xayriyatki, xotinim rashkchi bo‘lsa-da, shunga yarasha soddagina. Yana ishondi. Ana shu ishongani uchun ham ko‘zimga boshqacha bo‘lib ketdi. O‘zimning parivashim!
— Yaxshi qiz, maylimi, siz bilan tanishsam? — dedim suyulib ketib.
Jalil pichirlab qo‘ydi:
— Hoy, oshirib yuboryapsan… Bo‘pti, men ketdim, hali xotinimga nima deyman, hayronman, — shunday deb u ketdi.
Xotinim anqayib qolgan edi. Men uning qo‘llaridan astoydil ushladim:
— Namuncha qo‘llaringiz muloyim?
— Endi… bilmasam… — shunday deb xotinim eri-i-i-i-b ketdi.
Men Malakni ko‘z oldimga keltirib, achinib qo‘ydim: u-bu joyi doka bilan bog‘lanib yotgandir bechora! Chiroylining jazosi shu bo‘ladi. Qolaversa, zo‘rdan zo‘r chiqadi, xotinimga o‘xshab. Er bermoq – jon bermoq. Qaysi xotinning o‘z jonini bergisi kelardi?
Yana bir gap: chiroylini sevgan erkakka ham qiyin, yolg‘ondakam xotirasidan ayriladi-da, menga o‘xshab xotinining qo‘llarini sila-a-a-b o‘tiradi. To‘g‘rimi, nima dedingiz?..