Qo‘qon shamoli qishda qutirib ketadi. Tomlarda, daraxtlarda, simyog‘ochlarda uvillaydi, o‘kiradi, chiyillaydi. Daraxtlarni egadi, bukadi, «qars-qars» sindiradi. Elektr simlarini uzadi, o‘t chiqaradi. Hammayoqqa dahshat soladi. Shivalab yog‘ayotgan qorni o‘z mayliga qo‘ymay to‘zg‘itadi, olis-olislarga uchirib borib pastqamliklarga, zovurlarga, burchak-burchaklarga tiqib tashlaydi…
Ayozli kun o‘tadi, tig‘li tun o‘tadi, biroq bu beshafqat shamolning adog‘i ko‘rinmaydi.
O‘shanda ham qahraton qish, qorli bo‘ron edi. Latifjonning onasi Jannat xola bir haftadan beri ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotardi. Latifjon umrida birinchi marta ishga bormadi. Surunkasiga uch kun bormadi. Singlisi Sharifa, xotini Zulayho bilan birga onasining qoshida bo‘ldi. Kolxoz hayotiga doir ba’zi zarur ishlarni telefon va hol so‘rab keluvchilar orqali bitirib turdi.
Jannat xola kechga yaqin tildan qoldi. O‘zining pastak tomli suyukli hujrasida sandalning to‘r tomonida qizil ko‘rpa orasida shipga qarab jim yotibdi. Terisi suyagiga borib yopishgan, chakka suyaklari bo‘rtib chiqqan. Burishgan yuzlari, oriq, kichkina qo‘llari qonsiz, oppoq. Cho‘kib ketgan nursiz ko‘zlari bolalariga tikiladi. Cheksiz mehr bilan, tengi yo‘q bir qizg‘anish hissi bilan tikiladi. Go‘yo Parvardigor bulardan xolani emas, xoladan bularni tortib olayotganday…
Jannat xola ertalab tuppa-tuzuk edi. Dastlab chorak piyola sut ichdi. Xolaning jondan aziz sakkizta kitobi bor edi. Varaqlari sarg‘ayib, jildlari qayta-qayta ta’mir qilingan kitoblar. Hammasini bir-bir o‘pib, peshonasiga bosdi. So‘ngra Sharifa uning buyrug‘i bilan kitoblarni oq, odmi ro‘molga tugdi. Latifjon shoti keltirdi. Tugunni shiftga — kampirning qoq peshonasiga osishdi.
— Rahmat, bolalarim, rahmat, — dedi xola. — Umrlaring uzoq bo‘lsin. Keyin xola Bedilning bir baytini yedtsan o‘qidi. Navoiyning «abadul-abad» ekanligi haqida gapirdi. So‘ng zukko afandi va nodon podsho haqida latifa aytib, hammani kuldirdi. Magnitofondan Munojot Yo‘lchiyevaning lentasini qo‘ydirib eshitdi. Munojotni suydi, alqadi. Tushga yaqin tarvuz so‘radi.
— Attang, tugagan edi-yu, — dedi Sharifa ko‘rqa-pisa.
— Topamiz, topamiz, buvijon, — xitob qildi Zulayho va eriga qaradi.
— Ha, tugagan ekan, nega oldinroq aytmaysizlar shuni, — jerkidi Latifjon va tashqariga otildi. — Hozir…
— Qo‘yaqol, bolam, — zorlandi bemor. — Shu zahar ayozda…
Latifjon yo‘q bo‘lib ketdi va bir yarim soatlarda ikkita ko‘m-ko‘k tarvuz qo‘ltiqlab kirdi.
— Mana, buvijon, — dedi va etigining qo‘njidan pichoq olib, tarvuzlardan birini shartta ikkiga bo‘ldi. Qonday qizil go‘shtini palaxsa-palaxsa qilib tashladi. Keyin mayin jilmaydi. — Qumga ko‘mishgan ekan, azamatlar, yozdagiday turibdi.
Zulayho tarvuz etidan maydalab, kampirning tishsiz og‘ziga solib turdi.
— Endi bas, — dedi xola bir ozdan so‘ng. — Barakalla, bolalarim. Qolganini o‘zlaring yenglar, narigi uyga opkirib, bolalaring bilan yenglar.
Ayollar, «Rahmat», «Rahmat, sizning yeganingiz — bizning yeganimiz», deb tek o‘tirishaverdi. Bunga kampirning jahli chiqqan bo‘ldi.
— Gapim o‘tmaydigan bo‘lib qolibdi-da, — dedi.
Ayollar, «Kechirasiz, buvijon», deya o‘rinlaridan turdilar va bir palladan tarvuzni ko‘tarib, xonadan chiqdilar. Latifjon eshikni zich yopdi-da, onasining yoniga kelib o‘tirdi. «Amringizga muntazirman», deganday uning og‘ziga tikildi.
— Fursat borida gapirib olay, bolam, — dedi xola uzoq o‘ylanib yotgandan keyin.
— E, unaqa demang, — cho‘chib tushdi Latifjon. — Sog‘ayib otday bo‘lib ketasiz. Hali sizni Kavkazga olib boraman deb yuribmanu.
Bu tasalli Jannat xolaga yoqmadi.
— Bilib turib yolg‘on gapirmagin-da unaqa, — dedi. — Yolg‘onchilik yomon narsa. Kampir tez-tez kiprik qoqib, jim qoldi. So‘ng:
— Yoshimni yashadim, oshimni oshadim, — dedi zaif bir tovushda. — Mana yetmish yettiga kirdim. Otang hayot bo‘lganda ikki kam saksonga borardi. Urush yedi rahmatlikning boshini.
— Xuddi shunday, buvijon, — past tovushda xitob qildi o‘g‘li. Xola picha dam olgach:
— «El-yurtni yashnataman degan odam, avvalo, o‘zi yashnaydi», degan ekan bir donishmand, — dedi. — Mana, sen ham yashnab, yashnatib yuribsan. Bundan keyin ham yashnagin, iloyim.
Latifjon qulluq qildi.
— Xo‘p, buvijon, xo‘p.
— Keyin singling bilan xotiningni e’zoz qilgin. Alomat juvonlar, jahonga bergisiz juvonlar.
— Xo‘p, buvijon, hamma aytganlaringizni qilaman.
Kampir jimib qoldi. Uning ikki ko‘zidan ikki dona yosh yaltiradi.
— Qirq olti yillik qadrdonim eding, — dedi ona ovozi qaltirab. — Qirq olti yil hidladim seni. Lekin… to‘ymadim, sira-sira to‘ymadim…
Latifjonning tomog‘iga bir nima tikilganday bo‘ldi.
— Buvijon… — dedi qaqshab va kampirga tashlandi, yuzlaridan, peshonasidan «cho‘lp-cho‘lp» o‘pdi.
Haligina bo‘lib o‘tgan edi bu suhbat. Shunday bir yaxshi gaplashib o‘tirgan odam to‘satdan tildan ajrab o‘tirsa-ya.
Yarim kechadan o‘tdi hamki, shamol qahridan tushmaydi. Och bo‘riday uvillaydi, erinmay qor to‘zg‘itadi. Kampir qizil ko‘rpa orasida kichkina bo‘lib, go‘yo shu shamoldan boshqa hech qanday voqea ro‘y bermayotganday osoyishta yotibdi… Boshida Sharifa, o‘ng tomonida Latifjon, chap tomonida Zulayho, uchovining ham ko‘ngli vayron. Sharifa bilan Zulayho ovoz chiqarmay kuyunib yig‘layapti. Dam-badam yelkalari tikuv mashinasining «boshi»dagi sakragichday «dik-dik» qilib qoladi. Latifjon jim, dam onasiga, dam uzluksiz chayqalib turgan lampochkaga qaraydi. Chakkasiga ombur solingan odamday betoqatlanadi, panjalarini qisib ezadi, qayiradi… Bir payt tashqarida nimadir taraqlaganday bo‘ldi. Latifjon sergaklandi. Nima ekan? Narigi uyda bolalar yotgan edi, o‘shalarmikan?
Latifjon hovliga chiqdi. Taraqlagan darvoza ekan. Ana, yana taraqladi. Latifjon o‘rnidan turib, eshikka chiqdi. Bilqildoq qor uyumlarini kechib, darvoza tomon bordi. Darvozaxonaning chirog‘ini yoqdi.
— Kim? — dedi baqirib.
— Men, men, Xursandman, — g‘uldiroq ovoz keldi ko‘chadan. — Bemahalda sayyoq yurgan Xursand jinningman.
Xursandali pastroq tovushda kimgadir, «Unday bo‘lsa, mayli, rahmat, katta rahmat», dedi. Yengil mashina jo‘nab ketdi.
Latifjon darvozani ochdi. Hakiqatan Xursandali ekan. Sherigi ham bor. Xursandali Latifjonning qalin do‘sti. Sayyor muxbir. Latifjon singari xushchaqchaq yigit. Marg‘ilonlik.
Ular uzoq vaqt ko‘rishmagan edilar, kuchoqlasha ketishdi. Latifjon haydovchi yigitni tutib qolmagani uchun Xursandalidan o‘pkalandi. So‘ngra darvozani shamolga qarshi zo‘r berib itarib yopdi, sharaqlatib qulfladi. Bungacha Xursandali Qo‘qon shamoli sha’niga malomat gaplarni yog‘dirib tashladi.
— Buncha ham burunga o‘ch ekan Qo‘qon shamoli, — dedi so‘ng. — Bir chaqib to‘ymaydi, ikki chaqib to‘ymaydi… Burunni sug‘ursang chiqsa ekan, ro‘molchaga o‘rab cho‘ntakka solib ko‘ysang, mana bo‘lmasa deb!
Latifjon samimiy kulib yubordi. Keyin:
— Senikidaqa ellik oltinchi razmerli burun biz tomonlarda kam-da, — dedi hamon kulib. — O‘shaning uchun salmoqdor burun uchrab qolganda, bir burunxo‘rlik qilib olaylik deydi-da.
— Shunaqa, — dedi Xursandali kulgidan keyin jiddiy. — Yoz bo‘lsa chivin ko‘z ochirmaydi. Anovi xartumli chaqadigani bor-ku, o‘sha. — Endi hamrohiga karab davom etdi. — Bularning chivinlari ko‘p «odamoxun» bo‘ladi. Gulzor yoki biror ariq yoqasida o‘tirib qolsangiz, «Qandaysiz in-i-i-imm!..» deb kelaveradi birin-ketin. Beparvo qoldingizmi — tamom! «Hurmatingizni o‘rniga qo‘yadi-da», qizil xaltachani ko‘tarib jo‘nab qoladi xayr-ma’zurni nasiya qilib. Ne chog‘li «izzat-ikromga sazovor bo‘lganingizni» keyinroq, badaningizning biror punkti jizillaganda bilasiz…
Mehmon bilan Latifjon yana kulishadi. Xursandali esa, tishining oqini ham ko‘rsatmadi.
— E, yuringlar-e, ichkarida gaplashaylik, — dedi Latifjon ularni darvozaxonaning shundoq biqinidagi mehmonxonasiga boshladi. — Juda sovqotib qolibsizlar-a?
Mehmonlar telpak va paltolaridagi qorlarni qoqib, zinada tepina-tepina ichkariga kirishdi. Latifjon kunduzi quruq xodachalarni maydalab qo‘ygan edi, darrov o‘shani keltirdi. Hol-ahvol so‘rab yurib, pechkani lovillatib yubordi. Pechkaning yoniga stol qo‘ydi. O‘tirishdi.
— Bay, bay, bay, o‘t-a! — Xursandali kaftlarini olovga toblab, bir-biriga ishqadi. — Bo‘ylaringdan akang aylangur, o‘t-a!
— Ko‘chada ko‘p turib qoldilaringmi? — so‘radi Latifjon.
— Uch zum. Shamolga betkay o‘zi darvozang. Yana bir zum turganimizda, muzlab haykalday ag‘nab tusharmidik. Yaxshi uyg‘oq ekansan.
Latifjon kechikib javob qildi:
— Idoradan hozir keldim.
— Raislik ham qiyin-da. Shunday sovuqda. Shamolni qara-ya, — Xursandali sherigiga bosh qimirlatdi. — Qo‘qon shamoli mana shunaqa bo‘ladi.
— Yomon ekan, — deb qo‘ydi mehmon yigit sekin.
Xursandali yurgan yo‘lida latifa to‘qib, latifa aytib yuradi. Latifa qahramoni ko‘pincha o‘zi bo‘ladi.
— Juda yomon, — dedi u va darrov lof-latifa boshladi. — Bir kuni bolalar hovlida o‘ynab yurishardi. Ha, u vaqtlarda Beshariqda turardik. (Bu gapi g‘irt yolg‘on edi.) Men sigirlarga tert qorayotgan edim. Shamol to‘satdan «g‘uv» etib qoldi. Turib borib, uch bolani ikki qo‘ltiqqa urib, uyga chopdim. Ostonadan o‘tayotganimda «tars-turs» etganday bo‘luvdi, tashqariga chiqsam, sigir ham yo‘q, g‘unajin ham. Shamol arqonlarini «shart-shurt» uzib, uchirib ketibdi ikkovini ham!
Mehmon zavq bilan kuldi. Kulgiga Latifjon qo‘shildi. Xursandali jiddiy, ko‘rsatkich barmog‘i bilan ta’kidlab vahima qildi.
— Bir hafta deganda arang topdim. Qarangki, osmonu falakda uchirib borib, Xo‘jaqishloqning baqateragiga osib ketibdi, battol! Borsam, sigirposhsho sevimli qizi bilan, «Ne kunlarga qoldik biz-e!» degan ashulani vang qo‘yib, osilib yotishibdi baqaterakning ustida! O‘t o‘chiruvchilarga yalinib yurib, arang tushirib olibman bechoralarni.
Yana kulgi ko‘tarildi. Xursandali «kuyunib» ketdi.
— Xe, o‘l, bu kuningdan battar bo‘l, shamol, deyman! Shu ham ishmi? Xo‘p, ana, kasbing sigir uchirish ekan, qurib ketganmidi menikidan boshqa sigir?! Mana, haromxo‘rlarnikini uchir, poraxo‘rlarnikini uchir, chayqovchilarnikini uchir! Kelib-kelib menikini uchirasanmi? Qalam uchini yalab, zo‘rg‘a tirikchilik qilayotgan faqir bir gazetachinikini uchirasanmi? Yo bo‘lmasa hammanikini baravar uchir — osmon mol bozoriga aylanib ketsin!
Xo‘p kulishdi.
— Ha, aytmoqchi, sizlarni bir-birlaringga tanishtirmabman-ku, — Xursandali peshonasiga «shaq-shaq» urdi. — Kalla yo‘q-da menda, kalla. Bu kishi buxorolik do‘stimiz bo‘ladi. Ismi shariflari Aminjon Ne’matov. Moskvada tanishganmiz. Qo‘li gul jurnalist.
Latifjon qo‘llari ko‘ksida, labida tabassum bilan, gavdasini oldinga va orqaga tashlab uch-to‘rt bor tebratdi.
— Juda yaxshi, juda soz. Bahonada yana bir do‘stning sohibi bo‘lib oldik.
Mehmon hafsala bilan taralgan bo‘liq, qop-kora sochini silab, «Rahmat, rahmat», deb ko‘ydi.
Latifjon jilmayib o‘tirardi-yu, fikri-zikri ichkarida edi. Rov kirib chiqmoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi.
— Men hozir…
— Nima «hozir»? — Xursandali uning yelkasidan bosib o‘tqazib qo‘ydi. Xursandalining durustgina kayfi bor edi. Bunday paytlarda aytganini qildirmaguncha qo‘ymasdi. Buni Latifjon yaxshi bilardi. Shu tufayli ortiqcha tirqishlik qilmadi. — Oldin tanishtirish marosimi tugasin, keyin kirarsan dasturxonga. Xo‘-o‘sh… Aminjon bir ish bilan kelib qoldi. Buyoqlarda birinchi marta bo‘lishi ekan. Hamzaobodni, So‘xni tomosha qildirdim. Rishtonni ko‘rsatdim. Oltiarikda yaxshigina o‘tirgan edik, birdan sen esimga tushib qolding. Tuman kattatari ko‘p qarshilik qilishdi. «Yo‘q» deb turib oldim. «Latifjonning ishqi tushdimi — tamom», dedim. Mashina to‘g‘rilab berishdi, mana, keldik. Bir tomoni shamolga rizqimiz tortib turgan ekan. Ertaga Qo‘qonni ko‘rsatamiz. Xudoyorxonning o‘rdasi, adabiyot muzeyi, Muqimiy, Furqat muzeylari — hech qaysisi qolmaydi. Mashina «gum»dir?
— Ha, «gum».
— Birga boramiz-a?
Latifjon hayallab javob berdi:
— Mayli, boraveramiz.
— Malades-s. Xo‘roz yigit mening do‘stim. — Xursandali Latifjonni «cho‘lp» etkazib o‘pib oldi. So‘ng o‘z peshonasiga yana shapaloq tushirdi. — Haqiqatan ham kalla yo‘q menda. Shishaga yaqinroq yuramiz-da, o‘sha chirmoviq quritib turadi xotirani. Hali nima deyotgan edim? Ha, tanishtirish marosimi ketayotgan edi. Bu — qadrdon do‘stim Latifjon bo‘ladi. Haqiqiy latif yigit. Shu kolxozga rais, o‘n to‘qqiz yildan buyon rais! O‘zi Mehnat Qahramoni, orden-medallardan bir choyshabcha bor. Uning buvisi mening ham buvim. «Buvijon», deyman uni. Aytmoqchi, buvijonim qanday? Kirib ko‘rmabman-a, darrov. E, xomkalla. Avval o‘sha kishini ziyorat qilish kerak edi-ku. Yuringlar, ko‘rib chiqaylik.
Xursandali o‘rnidan turdi. Latifjonning rangi oqarib ketdi. Otashkurakni olib «tuppa-tuzuk» yonib turgan olovni tuzatishga behuda urinib, uzoq jim qoldi. Nima qilish kerak? Bu taklifga ko‘nsinmi? Ko‘ngan taqdirda… Yo‘q, bo‘lmaydi. Yo‘qsa, haqiqiy ahvolni aytib qo‘yaqolsinmi? Yo‘q, yo‘q. Shunday dilbar, shunday yayrab-yashnab o‘tirgan yigitlarning ko‘nglini vayron qilmaydi. Qahqaha to‘lgan mehmonxonani azaxonaga aylantirmaydi…
Latifjonning holatini ko‘rib, Xursandali tashvishga tushib qoldi.
— Ha, ranging o‘chib ketdi? — dedi. — Tinchlikmi? Astag‘firillo, — Latifjon pechkaning eshigini yopib, Xursandaliga astoydil tikildi. — Buvim Xonobodga, Sharifanikiga ketgan. Boramiz desang, mashina chaqiraman, boramiz…
— E, shunday demaysanmi. Men… Ha, mayli, unday bo‘lsa, ertaga, Qo‘qonga ketaturib tushib o‘tarmiz.
Xursandali kampirdan ko‘ngli tinchib, yana gapga tushib ketdi.
— Ajoyib buvi, — dedi Aminjonga qarab. — Bayt ham bitadi. Ancha she’ri tuman gazetasida bosilgan ham. Do‘ppi tikishda unga teng keladigani yo‘q. Bir kuni kelsam, menga atab do‘ppi tikib ko‘yibdi. Lovillaydi. Qarasam, ikkita qachampirnusxa guli ustida arabcha yozuvi bor. Nozik pushti ipak bilan tikib yozibdi. Nima debdi deng? «Xursand otamga, shirin bo‘tamga», debdi. Qoyil koldim.
Xursandali zavq-shavq bilan gapiryapti. Latifjon Aminjon singari «Hm, o-o», deb o‘tiribdi-yu, ich-ichi qaqshab ketayapti. Yuragining qa’ridan dard sizib chiqib, ikki marta xuruj qildi. Ikki marta tomog‘ida tutib qoldi. Mehmonlarning payqab qolishidan qo‘rqib, pechkaning eshigini ochdi, gurillab yonayotgan olovni zo‘r berib puflay ketdi. So‘ng o‘zini o‘nglab oldi-da, keskin harakat bilan o‘rnidan turdi.
— Xo‘sh, nima deysizlar, osh qildiraymi, shavla? — dedi. Xursandali besh panjasi bilan o‘zini «so‘ydi».
— Mana shunday, — dedi. — Hech narsa kerak emas. Faqat «Ona yuragi» kerak. Shuni aytib bersang bas. — Xursandali mehmonga boqdi. — Arman shoiri Isaakyanning «Ona yuragi» she’rini eshitganmisiz? Bu she’rni Latifjondan eshiting-qo‘ying. Vodiyda yo‘q bunaqa shirin aytadigani.
Latifjonning yuragi «shuv» etib ketdi. U bu she’rni chindan ham juda o‘rniga qo‘yib o‘qiydi. Lekin hozir mutlaqo o‘qiy olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Xo‘p, xo‘p, bajonidil, — dedi zo‘r berib iljayib. — Ammo bitta shartim bor: oldin choy damlab chiqaman. Tomoqni «yog‘»lab turmasam, she’r yaxshi chiqmaydi,
— Mayli, mayli, — dedi Xursandali va Aminjonga gap uqtira ketdi. — O‘zi bu bolada tug‘ma talant bor. Shoda-shoda talant. Go‘yo tabiat fazilatlar sandig‘ini jaranglatib ochgan-u, «Ol, Latif, ol, keragicha olaver», degan. Bu ham misqollab emas, etak-etaklab olavergan, ochko‘z. Jussani qarang, jussani! Minorai Kalonday keladi. Shu jussa bilan o‘yinni shunaqa ezadiki. Mukarramxon bo‘lib keti-e, deyman. Mahallaning to‘yida o‘yinni o‘zi boshlab beradi. — Juda maddoh bo‘lib ketding-da, — dedi Latifjon. — Bas endi.
Biroq Xursandali bunga e’tibor bermadi.
— Ashulani ayting, ashulani, — dedi Aminjonga qarab. — Tanburni yig‘latib «Sayding ko‘yaber, sayyod» yoki «Cho‘li iroq»ni olganida Orif Alimahsumov yoqa ushlab qoladi.
Latifjon pechkaga ikkita og‘irroq o‘tin tashlab, tashqariga otildi. Ellik-olmish metrlik masofani ellik-oltmish qadam qilib, qor uyumlarini pisand qilmay, hovlini ikkita uchburchakka teng bo‘lib kesib o‘tdi. Oyog‘ini «tap-tup» yerga urdi. Yuragi orziqib, hujra eshigini tez, lekin avaylab ochdi. Uning orqasidan shamol ham urib kirdi va yaraqlab turgan chiroqni olib borib shiftga qadadi. Latifjon darrov eshikni yopdi.
Kampir ancha so‘lib qolibdi. Shafqatsiz o‘lim tobora yaqinlashmoqda edi. Jannat xola o‘g‘lini ko‘rib, boshini sal qimirlatib qo‘ydi. Latifjon hech narsa deyolmadi, beixtiyor boshini qimirlatdi va tek turib qoldi.
Sharifa kampirning boshida, onasining oppoq sochini panjalarida mayin tarayapti… Zulayho kampirning yonida, qaynonasining qoqsuyak qo‘lini chap qo‘li kaftiga qo‘yib olib, o‘ng qo‘li bilan asta-sekin silayapti… Ikkovi ham tebranib, unsiz faryod chekyapti. Ba’zan yelkalari «dik-dik» qilib qoladi…
Latifjon onasining oldiga tiz cho‘kdi. Kampirning o‘ng ko‘zidan bir tomchi yosh sizib chiqibdi-yu, to‘xtab qolibdi. Latifjon shoshib ro‘molchasini oldi-da, engashib yoshni avaylab artdi. Latifjon qaddini rostlamoqchi edi, onasi o‘ng qo‘lini asta ko‘tarib, uning bo‘yniga tashladi. Chap qo‘lini ko‘tara olmadi. Zulayho solib qo‘ydi uni erining bo‘yniga. Kampir yuziga o‘g‘lining yuzini uzoq bosib yotdi.
«Buvijonim, — ko‘nglidan o‘tkazdi Latifjon. — Meni kechiring. Yaxshi e’zozlay olmadim… Eh, onam, g‘animat onam».
Latifjon «Ona yuragi» she’ridagi bir bema’ni qizning muhabbatiga sazovor bo‘laman deb, o‘z onasining ko‘ksiga xanjar sanchgan va yuragini sug‘irib olgan yigitga la’natlar o‘qidi. Yurakning yiqilgan o‘g‘ilga aytgan so‘zlarini dilida takrorladi: «Jonim, bolam, yomon yiqilmadingmi, sog‘mi o‘t-bo‘ting?»
Latifjonning ko‘zlaridan yosh quyuldi. Yelkalari «dik-dik» sakradi. Nihoyat, kampir qo‘llarini tushirdi. Latifjon boshini ko‘tarib o‘tirdi. Ona-bola bir-biriga so‘zsiz tikilib qolishdi. Kampirning yupqa, kuruq lablari xiyol qimirladi, lekin og‘zidan hech qanday tovush chiqmadi. Latifjon og‘ir qo‘zg‘aldi. Choynakka termosdan choy quydi.
— Hozir kelaman, — dedi xasta tovushda. Jannat xola «mayli» deganday bilinar-bilinmas bosh qimirlatdi. Latifjon tashqariga chiqib, qor bilan yuzini yuvdi. Artdi.
Latifjon kirganda, mehmonlar gramplastinkadan askiya eshitishib, sharaqlab kulib o‘tirishardi. Latifjon ora-sira kulgiga qo‘shilib choy quydi. Xayriyat, askiyaga ovunib, «Ona yuragi»ni unutishibdi. She’rni qayta tilga olishmadi. Askiya tugagach, Xursandali ana shu askiyachilarning qaysinisi qayerlik ekanini, ularning kimlarni mot qilganliklarini gapirishga tushib ketdi. Latifjon mehmonlarga joy qildi. So‘ngra:
— Sizlar bemapol gaplashib o‘tiringlar, — dedi mehmonlarga. — Men o‘tin-po‘tin tayyorlab qo‘yayin. Basharti, dam olish istagi tug‘ilsa, ana joy, marhamat qilib yonboshlayverasizlar.
Mehmonlar ertalab uyg‘onib qarashsa, qor tinibdi-yu, shamol hanuz qahridan tushmabdi. Ular choydan so‘ng Qo‘qonga otlanishdi. Darvozaxonada «Volga» mashinasi muntazir edi. Latifjon haydovchi yigitni mehmonlarga tanishtirdi.
— Mana, Odiljon, — dedi, — kechgacha xizmatlaringda bo‘ladi. Xursandali ko‘zlarini katta ochdi.
— Ha, o‘zing bormaysanmi? — dedi niqtab.
Latifjon sariq etigi bilan qorni asta tekislagan holda bir lahza sukut qildi. So‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
— Kechirasizlar, — dedi mehmonlarga gunohkorona boqib, — borolmaydigan bo‘lib qoldim. Kichkina uzrli ish chiqib qoldi.
— Nima ekan u «kichkina uzrli ish»? — jerkib so‘radi Xursandali. Latifjon ko‘zlarini uqalab, ancha jim qoldi. Keyin:
— Shu, shu… volidamiz… haligiday bandalikni qildilar yangatda, — dedi sekin. — Omonatini topshirdi.
Xursandali ko‘z va og‘zini katta ochib, taxta bo‘lib qotib qoldi. Latifjon qalqib chiqqan ko‘z-yoshlarini yashirish uchun yuzini chetga burdi.
— Nega? Nega? — ovozi boricha qichqirdi Xursandali va savoliga javob ham kutmay, hayqirib Latifjonga tashlandi. Kuchoqlab yuz-ko‘zlaridan o‘paverdi, o‘paverdi… Ikki juft azamat yelka tinimsiz silkinaverdi, silkinaverdi…
Shamol esa hanuz darg‘azab: qor uyumlarini bearmon to‘zg‘itadi, daraxt shoxlarini xivich qilib olib, shifer va tunuka tomlarni ayovsiz savalaydi, savalaydi…