Zokir namozshom chog‘i qo‘ylarini qamab uyga kirarkan, ichkarida o‘tirgan ota-onasining suhbati kulog‘iga chalindi. Tushundi: gap o‘zi haqida bormoqda.
— Yo‘q, — derdi otasi. — Ertaga qishloqdagilar falonchi o‘g‘lini boqolmay, ko‘chaga gadoylikka chiqaribdi, deyishlarini istamayman.
— Voy, gadoylik nimasi. Ochliqdan chiqayotgani yo‘q-ku! Bu ham bir bolalik gashti-da. O‘rtoqlari bilan qo‘shiq aytib kelishadi. Xo‘p deng, bolamning shashti sinmasin.
Zokir ertalab maktabga borar chog‘ida onasidan «Ramazon»ga chiqishga ruxsat so‘ragandi. “Bo‘pti, — degan edi u, — agar yaxshi bola bo‘lsang, dadangdan ruxsat olib beraman”. Shundan so‘ng Zokir oyog‘ini olti qilib chopdi. Maktabda shu kungi darslardan “besh” olib, kundaligini onasiga ko‘rsatdi, uydagi yumushlarining hammasini bajardi, hatto qo‘ylarini o‘tloqqa bir aylantirib kelishga ham ulgurdi. Demak, bugun “yaxshi bola” bo‘libdi. Hademay tengqurlari bilan “Ramazon”ga chiqadi. Chunki u otasining fe’lini yaxshi biladi. Onasiga hech qachon yo‘q demagan. To‘g‘ri, avvaliga bir oz ro‘yxushlik bermaydi-yu so‘ng ko‘nadi-qoladi…
— Ana, to‘rt kishi bo‘ldik. Boshqani qo‘shmaymiz. Ulush kam tegadi. Salim jo‘raboshi shu so‘zlarni aytarkan, Zokirga ko‘zi tushdi-yu gapini davom ettirdi:
— Hey, sen mayda, ovozingni balandlatib aytgin. Bizniki eshitilmasin. Keyin pulni ham sen menga keltirib berasan. Chunki bizni ko‘rib, yo tanib qolishsa ayb qilishadi. Senga farqi yo‘q. Hali kichiksan!
Birinchi borganlari Inom boboning hovlisi bo‘ldi. Darvoza oldida qatorlashib ashulani boshlab yuborishdi:
Rabiman, yo rabiman, yo Ramazon
Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga…
Payg‘ambarning o‘n bir o‘g‘li bor edi…
O‘n biridan shoh Yusuf gul uzor edi…
Zokir baland ovozda “Ramazon” aytarkan, shu topda oyisining payg‘ambar haqidagi rivoyati yodiga tushib, uning farzand dog‘ida ko‘r bo‘lib qolgani, Yusuf payg‘ambarning esa zindondagi azoblari, qul qilinib sotilishi-yu, so‘ngra baxti chopib shoh bo‘lganini ko‘z oldiga keltirdi.
“Ana ko‘rdshggmi, bolam, yaxshilik doim g‘alaba qozonadi, – degan edi onasi o‘shanda. – Ammo birovga yomonlik qilgan kishi bir kuni yuzi shuvut bo‘ladi”.
Inom boboning o‘zi darvozani ochdi. La’lidagi non, shirinliklarni dasturxonta to‘karkan, “Ramazon oyi muborak bo‘lsin”, deya yuziga fotiha tortdi.
— Bu uyning orqasida oy ko‘rdik, bu uyning egasini boy ko‘rdik, — deya odatiy tarzda “Ramazon”ning davomini aytgan Zokir cholning bir necha oy ichida tez qariganini sezdi.
Inom boboning o‘g‘li bundan bir yilcha muqaddam Rossiyaga ishlagani ketgan, ammo oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas uning jasadi kelgan edi. Shu topda bolaning ko‘ziga otaxon Yusufni kuduqma-quduq axtarib yurgan so‘qir Yoqub paygambar bo‘lib ko‘rindi.
— He, qurumsoq chol, — dedi jo‘raboshi dasturxondagi yeguliklarga yomon qarab. — Shuncha mayda-chuydaning o‘rniga yuz-ikki yuz so‘m bersa o‘ladimi?
— Unday dema, — e’tiroz bildirdi Zokir. — “Ramazon”ni pul uchun emas, savob uchun aytadilar.
— He, sani savobingni.. — gapga qo‘shildi bolalardan biri. — O‘zi hammasi sen lapashangni deb bo‘ldi. Qaytanga seni qo‘shmasak bo‘larkan. Ana Chori traktorchining uyi. Sen ichkariroq kir. O‘g‘il bolamisan o‘zi, muncha lallaymasang.
Zokir Chori traktorchi kechga yaqin qo‘shnisining tomorqasini haydab berib qaytib ketayotganini ko‘rgandi. Uning qovog‘ini uyib, doimo nimadandir jahli chiqqanday yurishidan cho‘chirdi. Qolaversa, Zokir bahorda uyidan narirokda o‘tib borayotgan tirkamaga osilgan, buni ko‘rgan Chori amaki, traktorni to‘xtatib chaqqon harakat bilan yerga sakrab tushgandi. O‘shanda bola ura qochayotib traktorchining “kalusning tagiga tushsang nima bo‘lardi. Ajalingdan besh kun oldin o‘lib ketarding. Yana shunday qilsang, qo‘limga tushsang, o‘zim bilaman”, deya qichqirganini eshitgandi. Shu bois uyga kirishga qo‘shli ham yo‘q, oldiga quvib solsa-chi, degan hadik ham bor edi. Ammo sheriklari ustidan kulishini o‘ylab, ohista qo‘shiqni boshladi:
Rabiman, yo rabiman, yo Ramazon…
Traktorchi ichkari eshikni ochib, tashqariga chiqdi-da, bolaga yaxshilab razm solgach, dedi:
— Ha, Zoirning o‘g‘li, kel. Yaqinroq kel. Zokir qo‘rqa-pisa ichkariga kirdi.
— Hozir “Ramazon” aytding-a. Yana bir marta ayt. Bola noiloj qo‘shiqni yana aytishga tutindi:
Rabiman, yo rabiman, yo Ramazon
Ramazon aytib keldik eshigingizga
Xudoyim, o‘g‘il bersin beshigingizga.
— To‘xta, – dedi traktorchi. — Shu yerini qayta ayt.
— Ramazon aytib keldik eshigingizga
Xudoyim, o‘g‘il bersin beshigingizga.
— Eshityapsanmi, bolaning niyati ijobat bo‘ladi, — dedi u orqasidan ergashib chiqqan xotiniga. Keyin Zokirga yuzlandi.
— Ma, o‘g‘lim, ma, xudo mangayam sanday o‘g‘il bersii.
Shunday deb Chori traktorchi Zokirga ikkita mingtalikni uzatdi. Bola bir zum traktorchining saxovatidan hayratlanib turdi-yu rahmat aytib, tashqariga yo‘naldi.
— Voy-bu, Zokir, traktorchining cho‘ntagidan borini o‘mardingmi, nima, — qo‘lidagi mingtaliklarga qarab hali ham ko‘ziga ishonmasdi Salim. — Agar Chori shu holida ikki ming so‘m bergan bo‘lsa Sami boy bizga xazina yog‘diradi.
Bolalar ko‘proq pul ilinjida boyning naqshinkor darvozasi oldida tizilib “Ramazon” aytishdi. Birinchi marta javob bo‘lmagach, yana takrorlashdi. Ammo bu gal ham ahvol o‘zgarmadi. Faqat chiroq o‘chdi xolos. Bolalar sezishdiki, boyning uyidagilar qitmirlik qilishyapti. Shunda bu holatlarda aytiladigan jumlani qaytarishdi:
Bu uyning orqasida latta-putta,
Bu uyning egasining… katta.
Bolalar orqasiga o‘girilib bir-ikki qadam yurgan ham edilarki, darvoza ochvdib, ichkaridan bir bahaybat it otilib chiqdi. Yugurishga chog‘lanayotib, o‘zini o‘nglolmay yiqilib tushgan Zokir o‘rtoqlarining uni xavfli vaziyatda tashlab ketayotganligini ko‘rib alami keldi va “koshki, tishlamasaydi”, degan ilinjda duo aytayotgandek pichirladi:
Shoh Yusufni ovga olib chiqdilar,
Jarga tashlab bo‘ri yedi dedilar…
Vajohat bilan yugurib kelayotgan it go‘yoki bolaning ko‘nglidan kechayotganini uqqandek uning ro‘parasiga kelganda to‘xtadi-da bir oz turib orqasiga qaytdi.