O‘rinov joyida o‘tirolmadi. Go‘yoki oromkursiga tipratikan tashlab qo‘yilgan-u, bilmay orqasini qo‘ygandek edi. Saldan so‘ng ana shu jonivor uning ichiga kirgandek a’zoi badaniga nish sanchishga o‘tdi. Yuragida allaqanday taloto‘p boshlandi.
– Ablah, – dedi u o‘ziga o‘zi pichirlab, – kim sotdi ekan-a. Aslida, ayb o‘zimda, to‘g‘riko‘ngilligimga borib xodimlar orasida har qanday gapni aytaveraman-da..
Ertalab ishga yaxshi kayfiyatda kelgandi. Kadrlar bo‘limi boshlig‘ining xonasiga kirdi-da, hol-ahvol so‘rashgandan so‘ng, eski odatiga ko‘ra, hamma xodimlar hayotini “varaqlay” boshladi: “Eshmamat, mashina olibdi. Aslida-ku, maoshiga mashina tugul eshak-arava ham bermaydi. Biror yashirin daromadi bor. Oysha yolg‘iz boshi bilan dang‘illama to‘y qildi. Orqasida kimdir turibdi-yov”. O‘rinovning “ro‘yxat”i tugashiga ancha bor edi-yu, ammo kadrlar bo‘limi boshlig‘i G‘oziyev uning gapini bo‘ldi:
– G‘ulom aka, bo‘ldi, shu haqda so‘zlashmaylik. Bunaqa gaplar “katta”ga ham yetib boribdi, – dedi boshliqning xonasiga ishora qilib. – Kecha meni chaqirib, rosa izza qildilar. “Kap-katta odamlar uyalmaysizlarmi, g‘iybat, mayda gap-so‘zni ko‘tarib yurishga”, dedilar. Hali bugun o‘zingizga ham gapirib qolsa kerak.
Tamom, O‘rinovning ichiga qurt tushdi. Tentak qo‘ydek u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi: “Kim sotdi ekan-a, kim sotdi?!”
“Darvoqe, – o‘yladi u. – G‘oziyev bilan suhbat chog‘ida kimlar bor edi? O‘sha bo‘limdagi “Opa” hamda yangi ishga kelgan Tolmasov degan yigit. Topdim! “Opa” sotgan. Baribir ayol-da. Tili qulf-kalitsiz. Endi “Katta” men haqimda nima deb o‘ylaydi. Yo‘q. Otni o‘zim qamchilashim kerak”.
Ana shu xayollar og‘ushida O‘rinov qo‘rqa-pisa boshliqning xonasiga yaqinlashdi. Eshik oldida ham biroz kalovlandi-da, “tavakkal” deya ichkariga kirdi. O‘zini go‘yo salomlashgani kirgandek ko‘rsatgan o‘rinbosar birozdan so‘ng muddaoga ko‘chdi:
– Jamoamizda ajoyib insonlar bor-da, Muzaffar Ishoqovich, – arqonni uzun tashladi u. – Shu “Opa”ni aytyapman. Butun hayotini shu yerda o‘tkazdi. O‘zi yaxshi xodim-u, tilining yugurikligi yomon-da. Mana, kecha ko‘chada avariya bo‘libdi. Shuni derazadan ko‘ribdi-yu, har bir xonaga kirib, birma-bir aytib yuribdi. Hay, dedim, xalqning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solish yaxshi emas, dedim. Undan keyin tilingizga bir filtr ham o‘rnatib oling. Xayolingizga kelgan har qanday so‘zning keragini, chiroylisini chiqaring, dedim. Ha, endi, Muzaffar Ishoqovich, baribir besuyak til-da, sizning qabulingizda ham men yoki boshqa xodimlar haqida har xil so‘zlarni aytishi mumkin. Shunga e’tibor berib, muborak asablaringizni urintirmang, demoqchiydim.
“Xayriyat, – yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek his qildi o‘zini O‘rinov. – Rejam shunchalik o‘zini oqladiki, boshliq kechagi gapdan so‘z ochishgayam botinolmadi. Shoshma, agar bu gapni haligi Tolmasov yetkazgan bo‘lsa-chi? Har holda, yosh, “ko‘tarilish” ilinjida o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun gap tashigan bo‘lishi mumkin-ku.
O‘rinov darhol orqasiga qaytdi. Endi direktor bilan suhbat Tolmasovning ayollarga o‘chligi-yu, o‘z bola-chaqasi bo‘la turib, tuturiqsizlik bilan boshqalarga ilakishgani haqida bordi. Gap oxirida o‘rinbosar tuturiqsiz kimsalarning og‘zidan har narsa chiqishi-yu, ba’zan o‘zi haqida tuhmat gap aytib qo‘yganda e’tibor bermaslikni iltimos qildi.
Ammo baribir O‘rinovning ko‘ngli tinchimadi. Boshliqning xotirjamligi, sir boy bermayotgani uni xavotirga soldi.
“Mabodo G‘oziyevning o‘zi sotdimikan, – yana o‘z-o‘zini so‘roqqa tutdi o‘rinbosar. – Ha-ha, shunday. O‘zimam o‘ylovdim-a, nega bu oxirgi paytlarda boshliqning xonasiga serqatnov bo‘lib qoldi, deb”.
O‘rinbosarning uchinchi marotaba ham ayb ish qilgan boladay shalvirab kirganini ko‘rgan Muzaffar Ishoqovich oxiri yorildi:
– Tinchlikmi, G‘ulom O‘sarovich. Nima kindigingizni yo‘qotdingizmi?
– Tinchlik, Muzaffar Ishoqovich, tinchlik, – dedi o‘rinbosar kalovlanib, – Shunchaki, anavi G‘oziyev masalasida kelgandim. O‘zi tajribali xodim-u, ammo o‘lgudek ichi qora. Tag‘in, o‘zi qilgan ba’zi ishlarni birovlarga to‘nkashga ham ustasi farang.
– Gapingizni tushunmadim, o‘rtoq O‘rinov?
– Haligi, kechagi tanbehingiz juda o‘rinli edi. Asli hamma ishni qilgan G‘oziyev. Ammo yo‘g‘imda o‘zi to‘qigan yolg‘on-yashiqni menga to‘nkagani biroz xijil…
– Qanaqa tanbeh, qanaqa G‘oziyev? – dedi asabiylashayotgan boshliq ensasi qotib.
– Kecha G‘oziyevni chaqirganingiz…
– Men kecha G‘oziyevni chaqirtirmadim! Umuman, uch kundan buyon u mening qabulimga kirgan emas!
– Ha, ha, shundaymi, kechirasiz, – rangiga qizillik yugurdi O‘rinovning. G‘oziyevning o‘ziga aytgan so‘zlari shunchaki “ilmoq” ekanini bildi. Lekin shunday bo‘lsa-da, suv kelmasdan burun bandni bog‘lamoqchi bo‘ldi. – Har holda, jamoada ana shunday muloyimxunuk, gap tashuvchilar bor. Bildirib qo‘yay dedim-da.
– Rahmat, – dedi Muzaffar Ishoqovich o‘zini biroz bosib olib. – Har holda, bugun bir muloyimxunukni tanib oldim.
Boshliqning gapidagi sha’mani tushunmadi chog‘i, O‘rinov qo‘lini ko‘ksiga qo‘yarkan, iljayib dedi:
– Ha-ha, Muzaffar Ishoqovich, ko‘rdingizmi, men sizga doimo yaxshi bo‘lishini istayman.
Direktor xonasidan chiqarkan, o‘rinbosar xayolini boshqa tashvish chulg‘ab oldi: “Boshliq aytgan muloyimxunuk kim ekan? Opami? Yo Tolmasovmi? Ehtimol, G‘oziyevdir? Yoki boshqa birov bormikan? Tezda shuni aniqlashim kerak! Keyin shuning yonida tilimni tiy-yib gapiraman”.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 9-son