1966 yilning 26 aprelga o‘tar kechasi. Qorong‘i osmonda yulduzlar ham, oy ham arang ko‘zga tashlanadi. Atrofdan esa onda-sonda daydi itlarning ovozi eshitilib qoladi. Bunga yaqin o‘rtada joylashgan ko‘lmakdagi qurbaqalarning qurillashiyu chirgirtkalarning tinimsiz chirillashlari jo‘r bo‘ladi.
Pastak devorning hovli tomonidan kimningdir boshi ko‘rindi. Ko‘chada begona sharpa yoki tovush yo‘qligiga amin bo‘ldi chog‘i, qo‘lidagi tugunni devordan oshirdi, so‘ng o‘zi ham apil-tapil harakat qilib o‘tib oldi. Ortidan qurigan kesaklarning tuproqlari to‘kildi. Ko‘zlari javdirab u yoq-bu yoqqa qaradi. Qo‘lga tushib qolsa, urkaltak-surkaltak bo‘lishdan qo‘rqib, zudlik bilan sal naridagi tor ko‘chaga o‘zini turdi.
* * *
Hovliga darvozadan emas, jo‘xoripoya bilan berkitilgan devor teshigidan kirdi. Oyoq uchida yurib kelib, chetdagi xonaga quloq tutdi. Otasining kalta-kalta yo‘tali quloqqa chalingach, uyg‘oq emasligiga ishonch hosil qilib, yotog‘iga oshiqdi. Dahlizga kirdi, shamni qayerga qo‘ygani esida, topib yoqishga qiynalmadi. Xona ichi yorishgach, avval eshikning zanjiriga yog‘och qoziqni tiqdi, so‘ng har ehtimolga qarshi deb derazaning eski sarg‘ish pardasini ham tortib qo‘ydi. Burchakka bordi-da, sham yorug‘ida tugunni ochdi. Uch-to‘rt bo‘lak oddiy mato qo‘lga ilindi, peshonasi tirishib tagini ko‘targandi, shamning lipillagan shu’lasida ko‘zlari yaltirib ketdi: tugunning tagida yigirmanchi ipda erinmay bo‘lak-bo‘lak qilib bog‘lagan pullar bor edi. Shoshib birini qo‘lga oldi. Qarasa, pulga bir parcha qog‘oz ham qistirib qo‘yilgan ekan. Qiziqib shamning yorug‘iga tutdi. “Go‘rkovga besh so‘m”. Ikkinchi bog‘lamga ko‘z yugurtirdi: “Yuvg‘ich xotinga uch so‘m”, yana birida “Sovunga”, keyingisida “Durraga” degan yozuvlar bor edi. Harflarning qing‘ir-qiyshiq, ammo diqqat bilan yozilganiga qaraganda kampirning o‘zi erinmay, bittalab tayyorlaganga o‘xshaydi. O‘g‘ri yigit pullarni jamlasa, ancha kunga yetadigan mablag‘ bo‘lishini xayolidan o‘tkazarkan: “Ovim baroridan kelibdi”, – dedi kaftini bir-biriga ishqab. Ammo shu payt tugundagi yana bir bo‘lak qog‘ozga ko‘zi tushib, hayron bo‘lib qoldi. Negaki, katak daftardan yirtib olingan qog‘ozchaga pul qistirilmagan edi. Biroq unga: “O‘ttizta ro‘molchaga pul yig‘ishim kerak!” – deb yozib qo‘yilgan edi. O‘ylanib qoldi. Kattagina undovi bor yozuvga qayta nigoh tashlarkan, kampir echkisini astoydil qo‘riqlab yotishining boisini endi tushunganday bo‘ldi. Tokchadagi sopol kosalarda turgan sutni ertalab sotsa kerak. Tushgan pulning bir qismini yeb-ichsa, bir bo‘lagini… O‘yini davom ettirolmadi. Saksonga kirgan kampirki, g‘imirlab, ham bir kunini ko‘rsa, ham o‘limlikka pul yig‘ayotgan bo‘lsayu u qaysi vijdon bilan birovning peshona teri evaziga to‘planayotgan mablag‘ini “g‘iq” etmay hazm qiladi. Birinchi marta g‘alati holatga tushdi. Narigi xonada yotgan kasal otasini o‘yladi. Uning ham kunda so‘raydigan narsasi bitta: “O‘limligimga deb yig‘ib qo‘ygan pulimni ishlatib qo‘yuvding, joyiga qo‘ydingmi?”
“Ha-a!” – deydi ensasi qotganini bildirmay. “Unda menga ko‘rsatib, ko‘nglimni tinchlantirmaysanmi!” “Ha, xo‘p”. “Menga qara, hov bola, bunaqa narsalar bilan hazillashma. Boshingga bir baloni orttirib olmagin tag‘in. Yolg‘iz o‘g‘ilsan-a. Ajalimdan burun sen o‘lib ketsang, meni kim ko‘madi? Orqamda qolishingni istayman, axir”.
Biror ishning boshini tutmay, ko‘cha-ko‘yda, bozor-o‘charda kissavurlik qilib yurgan yigit shundan keyin otasining pulini joyiga qo‘yish harakatiga tushib qolgandi. O‘ylab-o‘ylab narigi mahalladagi kampirning uyini tanladi. Kattagina echkisi bor. Og‘zini bog‘lab, bir amallab ko‘chaga olib chiqsa bo‘ldi. To‘g‘ri bozorga olib boradiyu ko‘targaniga pullaydi. Biroq kampir shundoq og‘ilxonaning oldida yotarkan. Undan o‘tib, og‘ilxona eshigini ochish mushkul. Noiloj, uy ichini titkilab, eski ko‘rpa-to‘shaklarning orasidan tugun topib oldi. Bekorga bu yerga yashirmagandir deb, qo‘yniga tiqdi. Mana endi shu tugun oldida boshi qotib o‘tiribdi. Nima qilsa ekan? Ertalab pullarni otasiga ko‘rsatib, ko‘nglini xotirjam qilsamikan? Yoki… qaytarib qo‘yib kelsamikin-a? Yo‘g‘-e? Shuncha pulni-ya?
Biroq otasining ta’kid bilan aytgan gaplarini eslab, yana tag‘in biror baloga giriftor bo‘lishdan qo‘rqdi. Puli yo‘q qog‘ozchaga qarab-qarab qo‘yarkan, birdan mardligi tutib ketdi. Temir karavotining bosh tomonidagi yaltiroq qismini tagidan bir urgandi, ajralib chiqdi. Ichi bo‘sh trubaga – karavotning o‘ng oyog‘iga xuddi biror narsa ko‘rinadiganday ko‘zini qisib qaradi. Keyin shurup bilan qotiriladigan teshikchaga diqqat bilan razm soldi. Qirqtalik g‘altak ip joyida turardi. Qora ipni asta tortgandi, bir nechta obdon o‘ralgan va bog‘langan pullar birin-ketin chiqib kela boshladi. Bog‘lamlarni bittalab sanadi: o‘n ikkita chiqdi, demak, oltmish so‘m puli joyida turibdi. Eng oxiridagi bog‘lamni ushlab, ipni tishi bilan uzdi, o‘ralgan bir so‘mlik pullarni sanadi, besh so‘m, to‘g‘ri. Keyin o‘ttizta dastro‘molchaning puli qancha bo‘lishini hisoblab ko‘rdi. O‘n olti tiyindan bo‘lsa, to‘rt so‘mu sakson tiyin bo‘larkan, endi bu yog‘iga o‘ylanib o‘tirmadi, shoshmasa bo‘lmaydi, tong otib qolishi mumkin. Besh so‘mlik o‘ramni kafti bilan tekislagan bo‘ldi, unga qog‘ozchani qistirdi-da, tugunga soldi. Ketish oldidan karavotini to‘g‘rilab qo‘ydi.
* * *
Kampir hali uyg‘onmagan ekan. Mushukday pisib kirib, tugunni joyiga qo‘ydi. Yana devor oshib ko‘chaga chiqdi. Voajab, biror ishidan bunchalar ko‘ngli to‘lmagan edi. To‘g‘ri, o‘g‘irlik qilib, uch-to‘rt so‘m topsa, xursand bo‘lardi, ammo kimnidir qaqshatgani uchun baribir yuragidan sevinmasdi. Bu safar butunlay boshqacha hissiyotda edi. Yaxshi ish qildimikan-a? O‘zi sezmagan holda yoqimli o‘ylarga berilib borayotgan lahzada birdan qattiq tebranib ketdi. Yiqilib tushishiga bir bahya qoldi. Nima bo‘ldi o‘zi? Yana tebrandi va u shundagina yer qimirlayotganini payqab qoldi. Ko‘cha o‘rtasiga yotib olmoqchi edi, ammo atrofdan qasir-qusur ovozlar eshitilib, esini chiqarib yubordi. Sal o‘tmay odamlarning yarim yalang‘och holatda baqir-chaqir bilan ko‘chaga otilib chiqayotganini ko‘rdi. Hamma sarosimada edi. Kimdir tomi o‘pirilib tushgan uyiga qarab dod soladi, kimdir beshikdagi bolasini quchoqlaganicha qayerga qochishni bilmay atrofga alanglaydi. Shu payt oq yaktak-ishtondagi cholning bir qavatli yog‘och darvozasi ostida qoqilib tushganiga, endi o‘zini o‘nglab turmoqchi bo‘lganida ustiga eski devor ag‘darilganiga ko‘zi tushib qoldi. Iy-e! Axir uniyam kasal otasi bor edi-ku, unga nima bo‘ldiykin? Devorlari nurab yotgan uyi bosib qolmadimikin? Yigit ko‘z o‘ngida ro‘y berayotgan hodisalardan dahshatga tushib, gandiraklab, yig‘i-sig‘i qilayotgan, bir-birini axtarayotgan odamlar oralab chopib ketdi. U qarsillab ag‘darilayotgan uylarning chang-to‘zoniga chap berishga harakat qilar, biroq sal o‘tmay kimgadir turtilib ketar yoki oyoq ostida yotgan nimagadir qoqilib zabti bilan yerga ag‘darilardi. Lekin darhol o‘rnidan turar va yana ildam qadam tashlardi. Qancha yugurmasin, yo‘li ko‘paymayotganga o‘xshardi. Qarasa, oqsoqlanib qolibdi. Demak, oyog‘i qattiq lat yegan. Ammo bunga e’tibor qilib o‘tirmadi. Otasi tirikmikin, uylari ag‘darilib tushmadimikan? Va nihoyat… qo‘shnining uyi ko‘rindi. Ko‘cha devor qulab tushgani uchun ustunlari qiyshayib yon tomonga og‘ib qolgan ayvoni bir ahvolda ko‘zga tashlandi. Yuragi tipirchilab o‘z uyiga qaradi. A-a! Uyi qani? Nega yer bilan yakson bo‘lib yotibdi? Iy-e, axir otasi bor edi-ku! Unga nima bo‘ldiykin? Qo‘rqinchdan yuragi yorilib bandalikni bajo keltirdimikan yoki qulab tushgan uylari bosib…
– Ota!
Otasidan ayrilib qolganiga aniq ishongan o‘g‘ri yigit ayqash-uyqash bo‘lib yotgan taxtalar, sinchlar va kesak guvalalarni bosib o‘tib oldinga intildi. Otasi yotgan xonani taxmin qilib, yaqinroq bordi-da, ovozini boricha yana baqirdi:
– Ota!
Hech qanday javob eshitilmadi. Qanday eshitilsin! U vayrona ostini qarashga qaror qildi. Yog‘ochlarni ko‘tarib nariga otmoqchi bo‘ldi, ammo bir-birini bosib qolgan sinchlarning birortasini ham joyidan qimirlata olmadi. Ana endi taqdirga tan berib rostmana yig‘lab yubordi.
– Meni deb shu ko‘yga tushdingiz! Mening kasrimga siz qoldingiz! Bu baloga men giriftor bo‘lishim kerak edi, ota. Ayting, qayerdasiz? Qanday qutqaray, sizni?! – deya tizzalariga ayovsiz mushtlay boshladi. Zirqirab og‘riyotgan oyog‘ini ham unutib, ustma-ust zarba tushirdi. – Ota, meni kechiring, men nodon o‘g‘lingizdan rozi bo‘ling!
– Fayzulla!
U dong qotib qoldi. Kimdir chaqirganday bo‘ldimi? Ovozi tanishmi?
– Fayzullamisan?
Yigitning yuragi qo‘yib yubordi. Turgan joyida shart orqasiga o‘girildi va hojatxona tomonda qo‘liga tunuka chovgum ushlab olgan otasiga ko‘zi tushdi.
– Tirikmisan, o‘g‘lim?
– Tirikman, ota. Tirikman.
– E, xayriyat-ey… Men seni… Buni qara-ya, Xudoga aytgan joyimiz bor ekan-a?
Fayzulla bunga javoban hech nima deya olmadi. Faqat vayronalar orasidan bir amallab o‘tib bordi-da, otasining dir-dir titrayotgan gavdasini mahkam quchib, bag‘riga bosdi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 10-son