Farida erinibgina tashqariga chiqdi-yu, qorni ko‘rib uyqusi qochdi. Yuziga muzdek havo urilgan bo‘lsa-da, jilmaydi. Birinchi qor-da. Yoshligida birinchi qor yoqqan paytda dugonalariga qorxat yozgani, ularga tutqich bermay, ancha-muncha sovg‘asini olgani xayolidan o‘tdi. Eh, nimasini aytsin, rostdan ham ajoyib damlar edi. Endi-chi? Endi kimga ham yozardi, ana yaqinda nabira ko‘rib buvi ham bo‘ldi. Shu tobda nabirasining tezroq yurib ketishini, keyin uni issiqqina kiyintirib qorda o‘ynatishini o‘ylab entikib ketdi. Mazza bo‘lardi-da. Gulnora jajji qo‘llariga qo‘lqop kiyib, bir siqimgina qorni olganicha qiqirlab kulib uning ortidan yugurgan bo‘lardimi. Hatto nogoh yiqilib ketsayam yig‘lamasdi, bir amallab turardi-da, yana buvisining orqasidan chopardi. Otgan qori tegsa bormi, ana bolajonning xursand bo‘lishini ko‘ring. Farida shularni xayolidan o‘tkazdi, chog‘i, yuragi hapqirdi. Oppoq qorni qo‘liga olib, yuziga bosmoqchi bo‘ldi. Lekin shunday engashganini biladi, xolos, oyog‘i toyib, oldinga munkib ketdi. Baland bo‘yli, to‘ladan kelgan ayol “voy!” dedi-yu, yerga “guupp!” etib yiqildi. Sal yonboshlab tushgani uchunmi, o‘ng qo‘li tagida qoldi. Og‘riqni darrov sezmagani bois “Qorga yiqildim-ku hech nima qilmagandir”, deb o‘yladi. Biroq endi qo‘lini yerga tirab o‘rnidan turmoqchi bo‘luvdi, birdan og‘riqdan baqirib yubordi…
Palata eshigi ohista ochildi. Ichkariga qadam qo‘ygan Hoshimjon xotinining uyilgan qovog‘ini ko‘rib biroz sergaklandi.
– Kelardingiz…
– Yana nima qildi? – so‘radi Hoshimjon Faridaning gips qilingan qo‘lini avaylabgina ushlab.
– Tegmang!
– Ie, chatoq bo‘pti-ku. Faqat qo‘lingizmi yoki…
– Bitta qo‘lim bo‘lganda yotarmidim cho‘zilib. Boshim ham lat yebdi, shekilli, lo‘qillab og‘riyapti. Buning ustiga, oyog‘im ham singanmi, deyman, qimirlatishga qo‘ymayapti.
– Rentgen qilishdimi?
– Ertaga ishlar ekan.
– Obbo… darrov shaharga oboringlar, demadiyizmi?
– Xayolimga kelibdimi? O‘zi jonim chiqib…
– Bolalar qani? Eshitishmadimi? Unda kim opkeldi sizni?
– Nima saksanga kirgan otangiz olib kelarmidi? Skoriy kelguncha yotdim qimirlamay. Sizgayam hayronman, halakaning itiday Bo‘zga qatnash joningizga tegmadimi? Ja, indamasa, yotib qolganingiz nimasi? Shu yaqin o‘rtadan ish toping! Yetar, shuncha qo‘yib berganim.
Farida tutoqib ketdi. Alamini eridan ola boshladi. Go‘yo boshqa tumanga borib ishlamasa, bu baxtsiz hodisa ro‘y bermasdi. Ishni bahona qilib tez-tez o‘sha tumanda qoladigan odat chiqargani-chi? Kim biladi, kechalari nimalar bilan shug‘ullanib yuribdi? Qo‘yday yuvosh ko‘ringani bilan… “Palakati yana menga urayotgan bo‘lmasin?”
Hoshimjon ensasi qotib qo‘lidagi yelimxaltani tumbochka ustiga qo‘ydi. Bir ko‘ngli o‘zing-ku “Uzoqda ishlaganingiz yaxshi, bu yerdagilar qanday pul topayotganingizni bilishmaydi. Obro‘ngiz saqlanib turaveradi. Faqat ko‘proq topsayiz bo‘ldi”, deb aytgan, endi yana nega bunaqa gap qilyapsan, demoqchi bo‘ldi. Biroq o‘yidan nariga o‘tmadi: jahl ustida gapirdi-qo‘ydi, tuzalib chiqqanidan keyin yana yelkamni silab “boravering”ga tushib qoladi, deb o‘zini bosdi.
– Uzoqning donidan yaqinning somoni yaxshi, demoqchimisiz?
– Boshimga ish tushganda yonimda bo‘lmasayiz, nima keragiyiz bor?
– Palakat-da, xotin.
– Men sizga o‘tgan yili aytuvdim, o‘sha yer yutkur ostonani buzib tashlang deb. O‘shandayam shu qo‘lim sinib… bir oydan ko‘proq azob chekkanman. Tani boshqa dard bilmas, deb shuni aytsalar kerak-da.
– Yana piching qilishni boshladiyizmi?
– Nimasi piching bu gapning? Agar sizniyam biror yeringiz sinib, mening o‘rnimda yotganingizda bilardingiz, pichingmasligini. Avval buzmagan bo‘lsangiz, ana endi tag-tugi bilan qo‘porib tashlaysiz. Endi menga o‘sha eski uyning hecham keragi yo‘q, bildiyizmi? – dedi tamog‘i qurib Farida.
U gips qilingan qo‘lini nihoyatda avaylar, boshini yostiqdan ko‘tara olmasa-da, tez-tez turishga chog‘lanib qo‘yardi. Qimirlangan sari esa ko‘zlari qisilib, peshonasi tirishib ketardi.
– Ostonani aytyapsizmi yoki…
– Ostonaga qo‘shib eski uylarniyam buzib tashlaysiz!
– Axir etta yashab turibmiz-ku, – nihoyat tilga kelib so‘radi Hoshimjon deraza rafiga suyanib.
– Bo‘ldi, endi boshqa yashamaymiz. Shu bugunoq hamma narsalarni yangi uyga o‘tkazib qo‘ying. Bahorni kutib o‘tirmaymiz. Bu yerdan to‘g‘ri yangi uyga boraman. Tushundingizmi? – dedi Farida nigohi bilan erini qidirib. – Boshimda turmay, mametga kelib o‘tirsayiz-chi!
– Dadam… ko‘nmaydilar.
– Dadangizni… eng chetdagi, oshxona oldidagi xonaga joylashtiring. Cholga o‘sha yer ham bo‘laveradi.
– Esingiz bormi, u yerni ombor qilamiz-ku?
– Bo‘lmasa, yotoqxonamizga olib kiring, biz bilan tursin! Shu gapni kutganmidiyiz! Kim aytadi, sizni kap-katta kishi deb. Mundoq boshingizni ishlatsangiz-chi! Dada, biz qurgan yangi uyda ham yashang endi, axir bu uyni sizni deb qurganman-a, deb avraysiz-da. Nima, shularniyam men o‘rgatishim kerakmi sizga. Shu kalla bilan qanaqib soliqda ishlab yurganingizga hayronman.
Hoshimjon g‘ijinib qo‘ydi. Biroq uning afti burishganini xotini ko‘rmadi. Nima qilishni bilmay, olib kelgan narsalarini yelimxaltadan chiqara boshladi. Chunki tortishish foydasiz edi-da.
– Mana bu issiq shashlikni yeysiz. Shetda turo‘rsinmi yo oldiyizga qo‘yib beraymi? – so‘radi Hoshimjon, noiloj xotiniga tirjayib boqarkan.
– Nima, ketmoqchimisiz?
– Boshqa gapiyiz bo‘lmasa…
Farida yuzini burdi. Hoshimjon ketishga chog‘landi. Endi eshik oldiga yetib borgandi, xotinining dag‘dag‘asi yana miyasini egovladi.
– Yangi uyga ko‘chib o‘tishni paysalga solmang, uch-to‘rt kunda chiqib qolaman. Eskilarni bitta qo‘ymay buzdirib yuboring! Agar qimasayiz, o‘ziyizdan ko‘ring. To‘rtta erkakni boshlab kelib, xotin boshim bilan tekislatib tashlayman. Otayizi diydiyosiga qarab o‘tirmayman!
Hoshimjon bir zum xotiniga qarab turdi-da, indamay eshikni yopdi. Farida erining ortidan “Eshitdingizmi?!” deya baqirganicha qoldi.
* * *
Uyga kelgan Hoshimjonning mardligi tutdimi, qo‘liga eski boltani oldi. Ayvonga chiqish uchun qilingan yog‘och ostonaning oldiga keldi. O‘ylanib o‘tirmadi, bir urib eski ostonaning qiyshaytirdi, ikkinchi zarbda esa pachaqlab tashladi. Ko‘ngli joyiga tushib, qaddini rostladi.
Taraq-turuqdan bezovta bo‘ldi, chog‘i, narigi chetdagi xonadan avval dadasining zaif ovozi eshitildi. Birozdan keyin eshik oldida hassaga tayangan Hamroqul ota ko‘rindi.
– Senmiding? – dedi Hamroqul ota xira tortgan ko‘zlarini o‘g‘liga tikib. So‘ng uning qo‘lidagi boltaga nigohi tushib, birdan hushyor tortib so‘radi: – Nima qilyapsan, o‘g‘lim?
Hoshimjon dadasining sarosimaga tushganini ko‘rib, boltani chetga uloqtirdi. So‘ng mixidan yaxshi ajramagan taxtani bir tepdi. Nima gapligini anglagan Hamroqul ota ayvondagi divanga amallab o‘tirdi, keyin o‘g‘liga razm solganicha dedi:
– Ostonada nima ayb, bolam?
– Buzib tashlamasam, palakatdan qutulmaymiz, shekilli. Shu bilan ikkinchi marta qo‘lini sindirib oldi keliningiz. Yana tag‘in ikkilasidayam shu la’nati ostonadan yiqilganini ko‘rmaysizmi?
– Xudodan beamr bandasiga tikan kirarmidi, ko‘rgilik-da, – dedi Hamroqul ota bu safar xotirjamlik bilan.
Hoshimjon yalt etib dadasiga qaradi. Divanga yonboshlagan chol negadir yengil xo‘rsinib qo‘ydi. Shu payt Hoshimjonning xayolidan xotinining “Tanasi boshqa dard bilmas” degan gapi o‘tdi. Faridaning ahvolini so‘rab-surishtirmagani yetmaganday, beparvoligi-chi? Tavba, ota degani ham shunaqa berahm bo‘ladimi?
– Endi bu eski uyni ham buzaman, dada, – dedi Hoshimjon yerga “chirt” etib tupirarkan.
Hamroqul ota quloqlariga ishonmay qo‘li hassasiga yugurdi. Bir amallab qaddini rostlab, shu paytgacha yashab kelgan uyga peshonasini tirishtirganicha tikilayogan o‘g‘liga jiddiy qarash qildi.
– Nima deding?
– Shu bahona anavi yangi solingan xonalarga ko‘chib o‘tamiz. Qarang, bu chor devor uy shunday chiroyli hovlining xunugini chiqarib turibdi. – Hoshimjon shunday deb oyog‘i bilan taxtalarni jimg‘argan bo‘ldi.
– Bu gapni bir gapirding…
– Qariganda yangi uyda maza qilib yashaysiz, – deya dadasining gapini og‘zidan oldi Hoshimjon. – Qo‘ni-qo‘shnilar ham qachon ko‘chib o‘tasizlar, deb so‘rashgani so‘rashgan. Erta-indin kirib olsak, birorta qo‘y so‘yib…
– Yana picha shoshma, – Hamroqul ota ham o‘g‘lining gapini bo‘ldi. – O‘lganimdan keyin nima qilsang, qilaverasan. Ammo bu uyga tegmaysan, uqdingmi? Juda ko‘chging kelsa, ana xotining bilan istagan xonaga kirib olaver.
– Axir, oyim ham shu ostonadan yiqilib, qo‘lini, uchta qovurg‘asini sindirib olgandi. O‘shanda qanchalar azob chekkanini o‘zingiz juda yaxshi bilasiz. Keyin hech qancha o‘tmay… rahmatli bo‘lib ketdilar. Endi esa bu yoqda xotinim. Nima, qarg‘ish tekkanmi bu yaramas ostonaga!
– Jahling ham bor ekanmi, o‘g‘lim?
– Dada!
– Shu uyni buzishga ahd qilgan ko‘rinadi kelin. Ha, mayli, shu bilan ko‘ngli tinchisa, nimayam derdim. Bu yog‘ini o‘zing bilasan, yana baloga qolib yurmagin.
Hamroqul ota shunday deb zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Boshini sarak-sarak qilarkan, tomirlari bo‘rtib chiqqan ozg‘in qo‘llari bilan hassani mahkam siqdi. Sovuq o‘tdimi, bir-ikkita kalta yo‘taldi, keyin asta yurib ichkariga kira boshladi.
Hoshimjon qaddi bukilgan dadasining ortidan bir zum tikilib qoldi. U shu tobda ish oson bitganidan xursand bo‘lishni ham, xursand bo‘lmaslikni ham bilolmadi.
* * *
Bahorning so‘nggi oyi boshlandi. Kunlar isib, sal sovuqni ham bildiradigan qo‘ldagi jarohat deyarli unutildi, kishi biror narsadan qiynalmaganidan keyin xotirjam bo‘ladi-da. Osoyishta, bezovtalik yo‘q ko‘ngilga esa xursandchilik yarashadi. Yangi uyga bir-biridan chiroyli jihozlar olindi. Bu orada Hamroqul ota ham yumshoq yog‘och karavotli bo‘lib qoldi. Keyin kattagina qilib uy to‘yini o‘tkazishdi. Soliqchining uyiga qishloq ayollarining kelgani ham keldi, kelmagani ham keldi. Endi-endi to‘y-ma’rakalarga aralasha boshlagan Farida yaqinda tortgan azob-uqubatlarini esidan chiqardi. Ko‘ngil so‘raganlarga ham “O‘sha kunlarni eslatmanglar”, deb tanbeh beradigan bo‘ldi. “Og‘zi qiyshiq bo‘lsayam, boyning bolasi gapirsin” deganlariday, ba’zi qo‘shnilar xushomad qilishib oxirgi bir-ikki yig‘inlarda Faridani “Boy xotin”ga aylantirdi-qo‘ydi. Bu gapdan og‘zining tanobi qochgan, bo‘yi osmon qadar cho‘zilgan Boy xotin erim oltin baliqcha tutib olgan, deya hazil-huzul qiladigan odat chiqardi. Mingtepaliklarning yuziga tik qarolmay qolganidan, o‘tgan yili Bo‘z shahriga ishga o‘tib ketgan “Baliqchi chol”ning rostdan ham omadi chopgan edi. Tagida yangi “Neksiya”. Sakkiz xonali uyni dang‘illatib qurib qo‘ydi. Ikkala o‘g‘li institutda o‘qiydi. Bittayu bitta erkatoy qizi yaqinda maktabni tamomlaydi. Lekin kiyinishda uncha-muncha shaharlik qizlarni dog‘da qoldiradi.
Yaqinda yana bir gap tarqaldi. Emishki, “Boy xotin” uyida shaharliklarga o‘xshab xizmatkor ishlatayotganmish. Narigi qishloqlik bir ayol kir-chirini yuvarkan, oziq-ovqatini tayyorlab berarkan. Uydagilarning birortasi qo‘lini sovuq suvga urmas ekan. Hatto keliniga ham ish yo‘qmish. Ko‘pchilikning og‘zi ochildi: ana hayot-u, mana hayot! Qishloqda ham shohona yashasa bo‘larkan-da, a?
Ham havas, ham hasad bilan shunday shirin kunlar asta o‘tib borardi. Bugun erinibgina o‘rnidan turgan Farida derazadan tashqariga tikildi. Negadir havoning avzoyi buzuq edi. Yaxshilab qaragandi, maydalab yomg‘ir yog‘ayotganga o‘xshadi. Derazani ochdi, darhaqiqat, yomg‘ir shivalab turardi.
Ishkom tagidagi so‘riga nazar tashladi. Kattagina xontaxta ustidagi dasturxon nozu ne’matlar ila uy egalariga muntazir edi. “Baliqchi chol” ertaroq ishga ketgan, shekilli, mashinasi ko‘rinmaydi. Talabalar o‘rinlaridan turishganga o‘xshaydi, tepadagi xonadan shovqin eshitila boshladi. Qizlar noz uyquda bo‘lishsa kerak, ularning xonasida jimlik.
Farida yuzlarini yomg‘ir suvida yuvishni va bolalaridan sal avval so‘riga borib o‘tirishni o‘ylab, baxmal xalatini kiydi-da, xonadan chiqa boshladi. Usti yopiq so‘rida yomg‘ir paytida o‘tirishning gashti boshqacha-da. Chor atrofidan muzdek suv oqib turibdi. Havo shunday tozaki, nafas olib to‘ymaysan. Tagingda qalin ko‘rpacha. Qo‘lingdagi paxta gulli piyolada qaynoq choy. Saldan keyin yarim kosa qilib issiq mastava olib kelsa, uni qatiqlab miriqib ichib olsang, oh, buning lazzatiga nima yetsin!
Ishtahasi ochilgan Farida shunday ostonaga qadam qo‘yganini biladi, xolos. Falokat oyoq ostida deganlari shumi, qanday qilib toyib ketganini anglolmay qoldi. Balandligi bir metrlar keladigan zinapoya shundoq ayvonning ostonasidan boshlanardi. Marmar zina ho‘l emasdi, oyog‘i silliqib ketdi, desa. Buning ustiga, zinaga polos tashlangan. Unda nima bo‘ldi? Qanday qilib oyog‘i qiyshayib oldinga munkib ketdi?
– Qo‘lingiz yana sinibdi. Gipslatmasangiz bo‘lmaydi, – dedi Faridaning rentgen qog‘ozini tekshirib ko‘rgan shifokor.
– Sizga nima bo‘lgan o‘zi, nuqul shu qo‘lingizni sindirib kelasiz? – so‘radi bu gal hayronligini yashirolmay, gips tayyorlashga kirishgan hamshira ayol, semizligiga qaramay, chaqqon harakat qilarkan.
Faridaning yuragi orqasiga tortib ketdi. Hozir baland bo‘yli, to‘ladan kelgan shifokor kiradi-da, sinib qiyshaygan qo‘lni to‘g‘rilaydi. Baqirganiga qarab o‘tirmaydi. O‘h-ho‘, o‘sha paytdagi azobni tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Xuddi boshqatdan sindirganga o‘xshaydi. Lekin Farida hozir bo‘ladigan og‘riqni his qilganidan emas, balki hamshira ayolning o‘rinli savoli peshonasidan sovuq ter chiqazdi. U ichidan zil ketdi, xunobi oshdi, kimdandir darg‘azab bo‘ldi. Biroq shu tobda uning ko‘nglidan kechgan narsalar bir o‘zigayu yolg‘iz Xudoga ayon edi, xolos. Farida quruqshagan lablarini tishladi. Bog‘lov xonasiga o‘tgan galgi shafqat nimaligini bilmaydigan shifokor kirib kelganda esa beixtiyor hushini yo‘qotdi.
* * *
– Shaharga ko‘chamiz, dada, – dedi Hoshimjon kechki ovqatdan so‘ng dadasining oldiga kirib biroz o‘tirgach.
Yaqindan beri yotib qolgan chol o‘g‘lining ovozi titrab chiqdimi yoki g‘azab aralash aytildimi, bilolmay qoldi. Balki shundanmi boshini salgina ko‘targan ko‘yi so‘radi:
– Qayerga?
– Shaharga. Uyni sotamiz. Men gap ostonadamikin desam, umuman bu hovliga qarg‘ish tekkan, shekilli. Qarigan paytda menam xotindan ayrilib…
– Zadaniya qattiq bo‘lganga o‘xshaydi, a? – dedi chol o‘g‘lining gapini shartta bo‘lib.
– Ko‘rmayapsizmi, palakat arimay qoldi uyimizdan.
– Aqling joyidami sen bolaning, yo xotining miyangni aynitib qo‘yganmi? Qachon bundoq bir mustaqil fikrga ega bo‘lasan, o‘zi? – Hamroqul ota yotgan joyidan turib ketayozdi.
Hoshimjon yelkasiga hassa tushib qolishidan hadiksirab deraza oldiga o‘tdi. Keyin birdan yodiga nimadir tushib tashqariga nigoh tashladi, gaplarini hech kim eshitmayotganiga ishonch hosil qilgach, asta dadasiga yuzlandi.
– Shahar yaxshi-ku, dada. Qarang, hamma ishlagani shaharga ketyapti. Yo‘lini topib, o‘rnashib qolayotganini aytmaysizmi? Bizning ulardan qaytimiz kam?!
– Lekin men hech qayerga ketmayman! Uqdingmi? – Hamroqul ota bu safar ham g‘azabini yashirolmadi. Ovozi xirillab chiqsa-da, aniq eshitildi.
Hoshimjon dadasi qaltiragan qo‘llari bilan adyolni mahkam siqqanda sal xavotirga tushdi. Boshqa indamay qo‘yaqolay, degan fikrga bordi. Ammo bu ish ham o‘tgan safargiday silliq bitib qolarmikin degan ilinjda yana gap boshladi.
– Nabiralaringizga ham juda qulay bo‘lardi-da, dada. Qishlarda o‘qishga zo‘rg‘a borib kelishyapti. Lekin erta-indin qizlar ham o‘qiyman, deb qolishsa…
– Sen bola, gapni aylantirma! – dedi Hamroqul ota o‘g‘lining nayrang qilayotganini fahmlab. – Qizlaring o‘qiyman desa, darrov yotoqxona berishadi. Elu xalqning bolasi nima bo‘lsa, ular ham shu. Ja, xavotir olsang, ijaraga birorta uy topib berarsan.
– Shaharga nima yetsin, dada.
– Qarigan chog‘imda shaharda nima bor menga? E, yo‘q, o‘ligim shu yerdan chiqadi! Uqdingmi?
– Axir…
– Bo‘ldi, chaynalma!
– Axir…
– Yana axir deysan-a?
– Axir, hadeb ostonadan yiqilib tushaversa, men nima qilay, dada? Bunaqada mayib bo‘lib, yotib qoladi-ku.
– Men chidayapman, senam chidaysan.
– Iye, bu nima deganingiz?
Hoshimjon dadasidan bunday gapni sira kutmagan edi. Sovuqqina munosabatdan g‘alati ahvolga tushib qoldi. Keyin birdan asablari tarang tortilib, xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
– Axir, onam o‘lganlarida juda kuyingandiyiz-u. Hatto kasal bo‘lib yotib qolgandiyiz. Nima, endi sizga baribirmi? Biz bilan ishiyiz yo‘qmi? Farida ostonadan yiqilib o‘lib ketsayam mayliga ekan-da.
Chol o‘g‘liga “O‘tirsang-chi”, degandi, ovozi xirillab chiqdi, ammo bo‘sh kelmadi: yoniga suyab qo‘yilgan hassani oldi-da “do‘q” etib polga urdi. Hoshimjon yurishdan to‘xtadi. Zo‘rg‘a yutingan ota zaif tovushda dedi:
– Ho‘v, nodon bola. Sen bu ishlarga haliyam ostona sabab deb o‘ylayapsanmi? Yo endi hovlini aybdor qilishga o‘tdingmi?
– Unda, nima, dada? Shuncha yashab qishloqdan birortasining ostonadan yiqilib tushganini eshitganmisiz? Masalan, men eshitmaganman. Biroq oxirgi ikki yil ichida eshitish u yoqda tursin, o‘z ko‘zim bilan ko‘ryapman. Yana qayerda deng, shu uyimizda! Bir emas, ikki kishi yiqilib tushsa, hatto bittasi shu azobdan o‘lib ketsa, bu uyni yana nima deb o‘ylash kerak? – noiloj dadasining qarshisidan joy olgan Hoshimjon o‘zini to‘xtatolmay gapira ketdi. – Nega indamaysiz, dada? Axir, o‘zingiz ham ostonani yangilasammikin, degandiyiz-u onamdan keyin. Yoki esingizdan chiqdimi?
– Demak, hech narsadan xabaring yo‘q.
– Tushunmadim, nimadan xabarim yo‘q, dada?
– Xotining sababini aytmabdi-da.
– Yiqilib tushganinimi?
– Ha.
– Yo‘q.
– Aytolmaydiyam.
Hamroqul ota bu gapni aytishga aytdi-yu, keyin o‘ylanib qoldi: “Bilganda nima o‘zgarardi, bu lallayganning qo‘lidan biror narsa qilish kelarmidi? Xotinini so‘kish, urish tugul, qattiqroq gapirolmaydi-yu. Bilmadim, kimga o‘xshadi ekan? Pulni sen topayotganingdan keyin tiling ham shunga yarasha bo‘lmaydimi, dayus. E, sadqai erkak ket!”
Chol yonboshlab oldi. Xayolida marhuma xotini jonlandi. “Lekin kimga-qiyin, menga qiyin bo‘ldi, onasi. Necha kundirki, bu lapshaygan o‘g‘lingga nima deyishni bilmayman. Mana, hozir ko‘zini lo‘q qilib og‘zimga termulib o‘tiribdi. Eski ostonaga qo‘shib sen bilan shuncha yil birga yashagan uyimizni ham buzib tashladi. Tishimni tishimga qo‘ydim. Agar sen tushimda qo‘limdan yetaklamaganingda yangi solgan xonalariga aslo kirmagan bo‘lardim. Eskirgan bo‘lsa-da, o‘zimizning uyimiz yaxshi edi. Lekin buni qara, yangi uylarida tinch yashaymiz deb o‘ylashgandi, bo‘lmadi. Yana Xudoning qahriga uchrab, balandgina qilib qurilgan zinadan yiqilib tushdi. Lat yemagan joyi qolmaganmish. Bilishimcha, endi bu hovliga kelishga yuragi betlamay turibdi. Shundanmi, buniyam sotib shaharga ko‘chisharmish. Bu yerdan uzoqroqqa ketsa, go‘yo uni hech narsa ta’qib qilmaydi. Xudoning nazari tushmaydigan yer bor ekanmi bu yorug‘ olamda. Nahot, shuni fikr qilib ko‘rmayotgan bo‘lsa? Nima deysan? Maqsadi boshqami? Mahalla-ko‘ydan qochyaptimi? Yo‘g‘-e?..”
– Dada!
– Hm.
– Uxlab qoldingizmi?
– Namuncha shovqin solmasang?
– Nima deysiz?
– Nima deyishim keragiydi? – chol ko‘zlarini sal ochib o‘g‘liga qarab qo‘ydi.
Hoshimjon xavotirga tushdi.
– Doktor chaqiraymi, dada?
– Nimaga doktor chaqirasan?
– Yaxshimisiz, o‘zi?
– Tavba, senlarning dastingdan ko‘zimniyam yumolmaymanmi? Yo darrov o‘ldiga chiqarib qo‘ydingmi? – dedi Hamroqul ota ajin bosgan peshonasini battar tirishtirib.
– Nega unaqa deysiz, dada? Gaplashib turib… uxlab qolganingizga…, – g‘udrandi Hoshimjon sal yengil tin olib.
– Nima deyotganding?
– Shaharga ko‘chishni maslahat qilayotgandim, – dedi vaziyatni yumshatishga uringan Hoshimjon.
Hamroqul ota “yo‘g‘-e” deganday o‘g‘liga bir zum razm soldi. Hoshimjon ko‘zlarini yashirish maqsadida dadasining ustiga yopilgan qizil gulli adyolning u yog‘-bu yog‘ini to‘g‘rilagan bo‘ldi. Ammo uning harakatlari tabiiy emasdi.
– Menimcha, sen shaharga ko‘chamiz, deding, shekilli? – chol aqli hali joyida ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldimi, dangal gapirdi.
– Qishloqda shuncha chang yutib yurganimiz yetar. Biz ham odamlarga o‘xshab bi-ir shaharda yashaylik-chi, nima bo‘larkin?
– Solgan uying ham shaharnikidan qolishmaydi.
– Sizni orzu-havasli kishi, derdi onam rahmatli. Hatto bir paytlar shaharda tug‘ilmaganingizga afsus ham qilgan ekansiz? To‘g‘rimi? – bu gap esiga tushib ketganidan biroz dadillandi Hoshimjon.
– Yoshlikda gapirgan bo‘lsam, gapirgandirman. Ammo hozir bu yerdan hech qayerga ketgim yo‘q. Agar senlar ketmoqchi bo‘sang… bemalol. Menga desa, Toshkentga borib yashamaysanmi? Ammo bir narsa yodingda tursin. Qayerga borsalaring ham, ostonasiz uy bo‘lmaydi. Ostona esa xotiningga ba’zi narsalarni yodiga solib turadi. U jonini qanchalar asramasin…
– To‘g‘ri aytasiz, u ostonalardan shunchalar qo‘rqib qoptiki, ushlaydigani yo‘q bo‘lsa, tushmayman deydi. Birortasini chaqirmaguncha turaveradi. Shuning uchun ostonasi pastrog‘idan topsak, bunchalik bo‘lmas.
“Eh, nodon bola, bunchalar shapko‘r bo‘lmasang. Endi bundoq o‘ylab ko‘rsam, onang rahmatli ham bildirmay to‘g‘ri qilgan ekan. Qo‘lingdan bir ish kelmasligini sezganda, bo‘lmasa, “Xotining meni ostonadan itarib yubordi”, deb aytgan bo‘lardi. O‘zi indamagani qolib, meniyam og‘zimni ochirmadi. Aslida uning gapiga quloq solgan men ahmoqman. Shartta aytmaymanmi? Ursang, urarding, urmasang, hech yo‘q xotiningning qilmishidan xabardor bo‘larding-ku. Bolalari yetim bo‘lib qolmasin, deb qo‘rqibmiz-a. Juda kalta o‘ylabmiz. Shunday toparmon erni tashlab go‘rga ketardimi, bu makkor. Eh, xotin, xotin. Sening shu gapinggayam kirmasam bo‘larkin? O‘sha paytda jahlim chiqib, odam bolasini tanimay turuvdim, shart aytardim-qo‘yardim. Mana, endi aytishniyam, aytmaslikniyam bilolmay xunobim oshib yotibdi. Bor tavakkal qilib, yuziga aytsam-u, qo‘lidan hech vaqo kelmasa, battar siqilamanmi, deyman. Indamasam, xotinim yaxshi deb o‘tib ketaveradimi deb yana yuragim eziladi. Ammo sen, onasi, Xudoga solib bir hisobda to‘g‘ri qilgan ekansan. Bilib turgandirsan, qayta-qayta ostonadan yiqilib tushayotganini. Buni qara, dodini birovga gapirolmaydi, degin. Menimcha, Xudogayam aytolmayotgan bo‘lsa kerak? Ha, aytolmaydi. Yoki uyalmay dardini doston qilayotganmikin-a? Yana kim biladi, deysan?
Ammo bu dunyo qaytar dunyo ekanligiga aqli yetgandir? Bir emas, ikki emas, uch marta qo‘li sinib, qilmishiga ming afsus chekib o‘tirgandir? Yoki fahmi yetmadimikan? To‘g‘ri aytasan, ertadan kechgacha azob chekib yotadi-yu, o‘ylamaydimi?”.
O‘g‘lining tomoq qirishi cholning xayolini bo‘ldi.
– Mendan keyin bu uyning chirog‘ini yoqib o‘tirasanmi, desam… Baribir kelinning gapini ikki qilolmaydigan ko‘rinasan. Ha mayli, ishqilib, omon bo‘l, o‘g‘lim, omon bo‘l. Xudo senga to‘zim bersin.
Hamroqul ota shunday deb yuzini o‘girib yotdi.
Hoshimjon na ketishini, na ketmasligini bilolmay, anchagacha joyidan qimirlamadi. Ammo yana ozgina o‘tirsa, dadasi uxlab qoladigandek, darhol o‘rnidan turdi. Asta yurib eshik oldiga keldi, yana to‘xtadi, butun gavdasi bilan ortiga qaradi. Ozib ketgani adyol ostidan ham shundoq bilinib turgan dadasiga achinganday bo‘ldi. Ammo “Cholni ko‘ndirolmasangiz, o‘ziyizdan ko‘ring. Bo‘zda o‘ynashingiz borligini hammaga aytib, sharmandangizni chiqaraman. Nima, bu gaplardan hech kimning xabari yo‘q deb o‘ylaganmidiyiz? Siz hali shoshmang, bu bevafolik uchun javob berasiz. Indamay ketadigan ahmog‘ingiz yo‘q. Shuncha yashab bilmadingizmi kimligimni? Men yer tagida ilon qimirlasa biladigan ayollardanman! Yuzimga oyoq qo‘ydingizmi, endi shunga yarasha javob olasiz. Shundoq ko‘zingizning oldida menam bittasiga tegib olaman-da…” degan dag‘dag‘a uning yuragini tilka-pora qilgan edi. Qayerdan bildiykin, kimdan eshitdiykin, degan savollar xayolidan ketmay qoldi. Turib-turib ichidan qaltirardi. Shuncha pul topib kelganda obro‘si bir siqim. Agar ishdan haydalsa bormi, sariq chaqalik qadr-qimmati qolmasligi uni cho‘chitayotgan edi. Hoshimjon shu ishni bitirsam, balki xotinim to‘polon qilmas, degan o‘yga bordi. Xonadan chiqib ketmayotganining sababi ham shunda edi.
Bo‘zda qolib o‘tkazgan shirin kechalari endi uyqusiz tunlarga yoxud zahar-zaqqumga aylanishi mumkin. “Nima jin urdi o‘zi meni? Tuppa-tuzuk ishlab yuruvdim-ku boshqa tumanlarda. Lekin oxirgi paytlarda asabniyam tugatdi-da, bu jag‘ing qurg‘ur xotin. Uyga kelsam, yuragim siqiladigan bo‘lib qolibdi. Demak, ayb o‘zida. Erkak kishi uyida orom topmagandan keyin…”
U shunday deb o‘zini oqlagan bo‘ldi. Biroq bu gaplarni Faridaga aytish uchun katta yurak kerak edi. Agar amallab gapirganda ham unga quloq solib o‘tirmaydi bu Farida deganlari. Nima qilsa ekan-a?
Hoshimjon “E, bir gap bo‘lar-da, shaharga ko‘chadigan bo‘lsak, u yerda kim bilib o‘tiribdi”, deb qo‘lini siltadi-da, asta yutindi. Dadasi “Hm, haliyam turibsanmi?” deb so‘rab qolarmikin, degan umidda edi. Javob bo‘lavermagach, peshonasini silagan ko‘yi dedi:
– Bir o‘zingiz qiynalib qolasizmi, deyman-da, dada?
Choldan sado chiqmadi.
– Lekin… bu uyni sotmasam, shahardan joy ololmayman.
Bu gapdan keyin Hamroqul ota salgina qimirlaganday bo‘ldi. Hoshimjon ikki qadam oldingga yurdi. Dadasining bosh tomoniga engasharkan shoshib so‘radi:
– Bir nima dedingizmi, dada?
Chol bazo‘r yutinib qo‘ydi. Hoshimjon savolini yana qaytardi. Keyin qaddini rostlar ekan:
– Axir, bir nima desangiz-chi? – dedi bu jimlikka noroziligini bildirib.
Hamroqul ota yana qimirlagandi, Hoshimjon quloqlarini ding qilib dadasining quruqshagan og‘ziga tikildi.
– Ozroq suv olib kelaymi, dada?
– Sen… harakatingni… qilaver.
– Rostdanmi, dada? Rostdanmi? Rahmat, katta rahmat. Sizni tushungan odam ekanligingizni bilardim. Bo‘ldi, dada, sizni o‘zim yelkamga ko‘tarib shaharga olib ketaman. Kerak bo‘lsa, do‘xtirlarga ko‘rsatib, davolataman. Nabiralaringiz ham haftalab yotoqxonada emas, sizning oldingizda turishadi. Ularni sog‘inib ko‘chaga ko‘z tikib o‘tirmaysiz. O‘qishidan chiqishadi-yu, to‘g‘ri oldingizga kelishadi. Mana, ko‘rasiz, shaharga ko‘chib borganingizga aslo afsuslanmaysiz!
Hamroqul ota indamadi. O‘g‘lining gaplari elas-elas qulog‘iga chalindi, hatto ba’zilarini yaxshigina angladi ham, biroq javob qaytarishga ojizlik qildi: tili aylanmay, tanglayiga yopishib qolganday tuyuldi. Keyin tobora og‘irlashib borayotgan qovoqlarini arang ko‘tarib qo‘ydi, xolos.
Hoshimjon ko‘chishga rozilik olganini aytish uchun xotinining oldiga oshiqdi. Agar sal pastroq engashganida ham dadasining ko‘zidan sizib oqayotgan yoshni ilg‘agan bo‘lardi. Biroq padari buzrukvorining so‘nggi gapini o‘zicha tushungan o‘g‘il “Bu ishni ham uddaladim, xotin” degan xayolda shoshib xonani tark etdi.
* * *
Yarim kechada Hamroqul ota yotgan xonadan yig‘i ovozi eshitildi.
Qo‘l-oyog‘i gipsda ekanidan uyalgan Farida shifoxonadan chiqmadi. Chiqolmadi. Lekin qachondir uyiga qaytishi va yana ostonaga qadam bosishi lozimligini o‘ylab yuragi battar siqila boshladi…
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 5-son