Murod besh yashar…
Onasi beshikdagisi bilan ovora bo‘lib qoldiyu,singlisi ikkisi otasiga ergashib, ko‘chaga chiqishdi. Kuzning yomg‘irli, zimiston kechasi edi. Otasi ishga jo‘nab ketgandan so‘ng qorong‘ida qolishdan cho‘chigan Murod:
– Ota, biz uyga kiraveraylikmi? – deb so‘radi.
– Kiraveringlar, – dedi otasi, enkaygancha velosipedining qayerinidir sozlashga unnarkan.
Aka-singil chopqillashib uyga kirishdi.
– Otang ketdimi? – so‘radi onasi, beshikni tebratarkan.
– Ha.
– Yaxshi borib keling, dedingmi?
– Yo‘q.
– Iy-e! Bolasi tushmagur! Yaxshi borib keling, demadingmi? – Onasining ko‘zlarida bezovtalik aks etdi.
Aka-singil bir-birlariga qarab, bosh egishdi.
– O‘tinglar, yotinglar qaqqayib turmay! Yaxshi borib keling, deydi-da odam. – Onasi chaqaloqning yig‘isiga ham qaramay, shoshgancha tashqariga chiqdi. Bir ozdan so‘ng bo‘shashib qaytib kirdi. – Jo‘nab ketibdi otang, – degancha, zarda bilan beshikni tebratdi. – Yig‘layverib, balo bo‘lding!
Aka-singil indamay ko‘rpaga kirib ketishdi…
Murod uxlab qolipti. Turtkidan arang ko‘zini ochdi.
– Tur, Murodjon, tur, turinglar, hovliga chiqinglar… – derdi onasi yig‘ili ovozda, so‘ng uni quchoqlar va yana yig‘lar, titroq qo‘llari bilan qizining boshini silar, yana: – Turinglar, chiqinglar, yig‘langlar… – der edi.
Murod uyqusirab, hech nimaga tushunmadi. Onasi unga to‘n kiydirdi, beliga belbog‘ bog‘ladi. Singlisi ikkovini yetaklab, ayvonga olib chiqdi:
– Otaginangdan ayrilib qopmiz-ey! Otaginangni o‘ldirib ketishipti-ey! Nima qilamiz endi, Murodjo-on??!!! Yig‘langlar-ey! – onasining ko‘zlaridan shashqator yosh oqardi.
Singlisi yomon bir narsani sezibmi, qo‘rqibmi, yoki onasining siqtashidan ta’sirlanibmi, baralla yig‘lab yubordi. Lekin Murod miq etmas, hech vaqoni anglamas, tumshayib turar edi. Keyinchalik kampirlardan biri:
– Sen bosh o‘g‘ilsan! Endi ukalaringga ota o‘rnida otasan, bolam! Ularga qara, onangga qanot bo‘l! – deya duv-duv yig‘laganda ham garangsishi qolmadi.
Tong otdi. Odamlar yig‘ila boshladi. Kelgan kim, ketgan kim. Hovli gavjum bo‘lib qoldi. Murod kuzatish ermagi topilganidan xursand. Birovlar uning boshini silaydi, katta yigit bo‘lib qolibsan-ku, deydi. Bundan ko‘ngli o‘sadi. Hovlida xotinlar davra olgan, o‘rtadagisi allaga o‘xshash bir nima aytar, tevaragidagilar unga jo‘r bo‘lishardi. Juda g‘alati edi-da bu o‘yin. Tezroq otasi kela qolsayu, Murod unga hammasini birma-bir aytsa. Boyagi kampirning gapiga qaraganda, otasini duxturxonaga olib ketishganmish.
Murod Tohir amakisini qurshagan davraga yaqinlashdi.
– Boshiga temir bilan qattiq urgan ekan-da, zang‘ar! – dedi burama mo‘ylovli kishi bosh chayqab, – bo‘lmasa, akangiz uncha-munchaga bas keladigan odam emasdi. Melisaga xabar berib ulgurganini ayting… Uchta ekanmi ular?.. Qorovulga hujum qilish… gruppavoy… postda turgan odamga… O‘zlariniyam onalarini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatsa kerag-ov?..
Hech kimdan sado chiqmadi. Kimga qarama, afsuslangandek bosh chayqaydi, xolos. Tohir amakisiuni ko‘tarib oldi-da, davradan chiqdi. Amakisi har gal shirin konfetlar olib kelardi, shuning uchun Murod uni yaxshi ko‘rardi.
– Biznikida to‘y bo‘lyapti-ya?!
Amakisi javob bermadi.
– Aka, otam nega duxturxonaga ketdi?
– A? Otangmi? Yomg‘irda ishga jo‘natibsizlar-ku! Oqshom sovqotib qolgan-da!
– To‘yga keladimi?
– Qaysi to‘yga?
– Mana, to‘y bo‘lyapti-ku! Onam qo‘shiq aytyapti. Yuring, tomosha qilamiz.
– Keyin… keyin…
– Aka, bugun menga kamput opkelmadingizmi?
– Konfetmi?.. Sen ham katta yigit bo‘lib qolding, Murod. Qachon maktabga borasan?
– Otam, kelasi yil, degan.
– Nechaga kirding?
– Oltmish birga, – dedi Murod sal uyalinqirab.
– Iy-ya, qarib qolipsan-ku, uka…
– Aka, sizni birov urdimi?
– Yo‘q.
– Unda nega yig‘layapsiz?
– Obbo sen-ey! Urgan odamni aytsam, urib berasanmi?
– Kuchim yetmaydi-da. Kecha Alibek meniyam urdi. Yig‘lovdim, qochib ketdi. Hali ko‘rasan, Tohir akamga aytib beraman, seniyam boplaydi, dedim.
– Ko‘ziga ko‘rsatib qo‘ymadingmi o‘zing?
– U mendan katta-da! Aka, siz Alibekdan zo‘rsiz-a!? Uni urolasizmi?
– Ha, adabini berib qo‘yamiz, shoshamay tursin bu Alibek.
– Alibek esa, Tohir akangdan qo‘rqmayman, dedi. Keyin otamga aytgandim, bor, ushlab kel, qulog‘idan cho‘zib qo‘yaman, dedi. Men chiqqancha Alibek qochib ketibdi. Hali otam duxturxonadan kelsin, Alibekni ushlab beraman.
Shu orada Tohir akasini kimdir chaqirib qoldi. U Murodni yerga qo‘yib, o‘sha yoqqa ketdi…
Murod uyga kirdi, yotdi. Uxlab qolgan ekan, kimdir yuzlarini silab-siypab uyg‘otdi. Qarasa, haligi kampir:
– Otangni duxturxonadan olib kelishdi, tur bolam, xo‘shlashib qol, – deyapti.
Otasi to‘rdagi uyda uxlab yotgan ekan. Sovqotib qolmasin deb, boshini oq latta bilan bog‘labqo‘yishipti: «Otam uyg‘onguncha Alibekni ushlab kelaman».
– Otam qachon uyg‘onadi, momo?
Ayollar uvvos solib yig‘lashdi.
– Yig‘la, bolam, yig‘la! Nimaga yig‘lamaysan axir?! Bu –oxirgi ko‘rishing! Endi qaytib otangni hech qachon ko‘rmaysan! Eyo-y-y, sho‘ri qurigan nevaram-a!
«Momomni ham birov urganga o‘xshaydi».
Murod endi yig‘lamaydi. Alibekdan kaltak yesa ham yig‘lamaydi. O‘shanda ko‘z yoshini oqizib kelganda otasi xafa bo‘lgan, yigit ham yig‘laydimi, degan. U yig‘lamaydi.
Odamlar bir nimani ko‘rpaga o‘rab, ayvonga olib chiqishdi. Xotinlar chuvillashib qolishdi. Erkaklar haligi narsani narvonga qo‘yib, ko‘tarib ko‘chaga chiqishayotganda Murod ham pitillab ortlaridan ergashdi.
– Kel, otajon! – Hotam bobo uni opichlab oldi.
Bobo bir ko‘cha narida turadi. Soqoli oppoq. Murodlarnikiga tez-tez kelib turadi. Onasining aytishicha, u yomon odam. Besh-olti marta uylanganu, xotin chidamagan: yo qochib, yo o‘lib qutulgan. Onasi:
– Kamroq kelsin shu odam biznikiga, – degan edi bir gal otasiga. – Sizdan boshqa unga xotin topadigan yo‘qmi?
– Kimni shunga joni achirdi? – degan edi otasi.
– Siz-chi? Sizga nima? Xotin kerak bo‘lsa, o‘zi topib olsin! Nevarasi uylanadigan bo‘lib turibdi-yu!
– Hay, buyam savob ish-da! Mingta kelin bir xotinning o‘rnini bosolmaydi.
– Xotin kerak bo‘lsa, o‘g‘illari topib bersin.
– Men topsam nima qilipti? Bir qariyaning duosini olsak olipmiz-da, xotin.
– He-e, qari bo‘lmay har balo bo‘lsin. Ko‘zlarini yomon ko‘raman, olma-kesak terib turadi. Ko‘nglida g‘arazi ko‘p u odamning…
Qo‘y, qirq yillik gapni qo‘zg‘ama. U vaqtlari senam, menam bo‘lmaganmiz-ku. Nima bo‘lsa bo‘lib, unut bo‘lib ketgan. Yaxshimi, yomonmi, qarindoshchiligi bor. Erta bir kun oyoqdan qolsa, kelinlari ham, qizlari ham kuniga yaramaydi. Bir xotinga zor bo‘ladi, shunda…
– Doim shunaqa deb yengasiz…
Onasining aytishicha, Hotam boboning keyingi uch xotinini otasi topgan. Bari bari boboga xotin chidamagan, oxirgisiyam o‘lib qutulganmi-ey, yana so‘qqabosh emish…
Murodning otasiga, u-bu, yumushimga qarashing, deb qo‘shnilar kelaverardi. Ba’zsi Murodga olma, boshqasi konfet tutqazardiyu Hotam bobo esa biron narsa olib kelgan emas. Shuning uchun u Murodga ham yoqmas edi. Lekin hozir odamlardan orqada qolib ketayotgnida Hotam bobo opichlab olganiga juda xursand bo‘ldi.
– Meni yaxshi ko‘rasanmi, otajon?
– Sira kamput opkemaysizku!
– Ha-a… shunaqa de. Obbo otajon-ey! Hali ko‘p kamput opkelaman, keyin meni yaxshi ko‘rasanmi?
– Kamput opkelasizmi? – so‘radi Murod ishonqiramay.
– Ha, bir sandiq opkelaman.
– Olma-chi?
– Olmayam. O‘shanda ota deysanmi meni?
– Yo‘q… O‘zimning otam bor.
– Otang yo‘q endi. O‘ldi! Uni ko‘mamiz, shu bilan omin ollohu-akbar. Katta otangni qara, soqoli shalvirab, yig‘lab boryapti. Meni quloqsan, deb surgun qilsayam haligacha omonman. O‘g‘li ko‘zini oldida asfalasofilinga jo‘navordi. Endi senga qiyin, bir o‘zing yotishga qo‘rqasan. Shuning uchun senga ota kerak. Meni ota qilasanmi?
– O‘zimning otam uyda, uxlayapti! – dedi Murod, Hotam boboning gaplariga parvo qilmay. Chunki bu bobo ilgarilari ham shunaqa yomon gaplarni aytib, uni qo‘rqitmoqchi bo‘lar, ammo u qo‘rqmas edi.
– Ko‘rmayapsanmi, ana, odamlar otangning o‘ligini ko‘tarib ketishyapti. Obborib ko‘mishadi, shu bilan tamom-vassalom. Onang – ersiz, sen – otasiz qoldinglar, – dedi Hotam bobo huzur qilib. – Hali katta otang ham kelib oyog‘imga bosh urib, tavba qiladi… Sen boshqa birovlarnikiga borib yurasanmi, meni ota qilib olaver-da. Keyin senga har kuni kamput olib kelaman.
Murod odamlar ko‘tarib borayotgan narvondagi – otasi ekaniga ishonmasa ham Hotam boboni yana yomon ko‘rib qoldi. Hatto kamput beraman, deganda ham indamadi. Oldinroqda ketayotgan Tohir amakisini ko‘rib, pitirlab, Hotam bobosining qo‘lidan pastga tushdi va o‘sha yoqqa yugurdi.
– Aka-a!..
– Iy-e, Murod, sen ham kelyapsanmi? – Amakisi uni opichlab oldi.
Murod amakisining yelkasi osha Hotam boboga g‘olibona qarab qo‘ydi-da, so‘radi:
– Aka, Hotam bobo yomon odam, a?
– Nimaga unday deysan?
– Onam doim shunaqa deydi. Mengayam, otang o‘ldi, endi meni ota qilib ol, deyapti. Otam o‘lgani yo‘g‘-a, aka?! Hotam bobo aldayapti-ya?!
Hotam bobo cho‘tning soqqasiday ko‘zlarini yiltillatib, ularga tenglashdi. Tohir akasi yomon o‘qraydi, lekin bobo parvo qilmay, dedi:
– O‘lim ham, otajon, o‘limga chora yo‘q. U desang ham, bu desang ham yangang beva qoldi…
Tohir akasi Murodni chap qo‘liga oldi-da, cholning yuz-ko‘zi aralash basharasiga solib yubordi. Hotam bobo nimagadir toyib yiqildi. Murod quvonib ketdi: «Tohir akasi zo‘r! Hali Alibekni ham urib beradi!» Yonma-yon ketayotganlardan biri Tohirning bilagidan tortib ketdiyu Boshqasi Hotam boboni turg‘izdi. Bobo ust-boshini nari-beri qoqdi.
– Mayli, otajon, mayli. Otangning ko‘z yoshini ko‘rdim, endi o‘lsam ham armonim yo‘q.. Shu kunlarga yetkazganiga shukr!
Kaltak yegan bo‘lsa-da, Hotam boboning ko‘zlarida yosh ko‘rinmasdi. Tohir amakisi
Esa yig‘lardi.
– He… o‘sha… sendaqa iflosni! Hali akamning bolalariga sen ota bo‘lmoqchimisan? – Tohir akasi Murodni yerga qo‘yib, urinib-surinib, Hotam bobo tarafga intildi. – Hali burgutning o‘limi – quzg‘unning bayrami bo‘lib qoldimi? He o‘sha…
Odamlar uni mahkam o‘rab, ushlab qolishdi.
– Ket bu yerdan! Emasa soqolingdan sudrab, akamning lahadiga tiqaman!
– Mayli, otajon, mayli, ursang ham mayli… Menga…
Uyga qaytib kelishganlarida bildiki, otasini yana duxturxonaga olib ketishipti. Oqshom yomg‘irda qattiq sovqotgan ekan. Shundan keyin kim otang qayerda deb so‘rasa, duxturxonada deydigan bo‘ldi. Momosi ham, Tohir akasi ham shunaqa deyishgan-da.
Kunlar o‘taverdi. Hadeganda otasi duxturxonadan kelavermadi. U otasini sog‘indi. Otam duxturxonadan qachon chiqadi, deb injiqlik qiladigan bo‘ldi. Onasi tun bo‘yi uxlamay, yig‘lab alla aytardi:
Alla bolam, alla,
Shirin bolam, alla.
Otasidan ayrilgan
Yetim bolam, alla.
Bir kuni Murod ko‘chada yana Alibek bilan urishib qoldi. Bu safar Murod bo‘sh kelmadi. Alibekni urolmagan bo‘lsa-da, kaltak ham yemadi.
– Murod sag‘ir, Murod sag‘ir! – dedi Alibek urolmagandan so‘ng.
– O‘zing sag‘ir! – dedi Murod bo‘sh kelmaganidan kuchlanib.
– Mening otam bor, otasi bor sag‘ir bo‘lmaydi. Sen sag‘irsan, sening otang o‘lgan!
– Bekor aytibsan. Otam duxturxonada, hali keladi, – dedi Murod. Dediyu, bari bir ko‘ngli bo‘shashdi.
Otasi duxturxonada juda uzoq qolib ketdi-da. Tezroq kelsa bo‘lmaydimi? Alibekni ushlab berardi. Keyin otasi uni rosa savalardi. Otasi Alibekni urishini tasavvur qildi. Alibek dodlaydi: «Qo‘yib yuboring-ey! Murodga ikkinchi tegmayman!», deb yalinadi.
Murod jilmaydi.
– Seni Tohir akang shunday deb aldagan, – dedi Alibek, – otam aytdi-ku. Murod sag‘ir qoldi deb. Yetimcha yetti kulcha. Endi-chi, onang Hotam boboga tegadi. Hotam boboni ota qilasan. U seni rosa kaltaklaydi. Bildingmi? Iyx! – Alibek maza qilib kuldi.
Bunaqa gaplarni Murodga birgina Alibek aytmayotgandi. Hotam boboning nomini eshitgach, Murodning xo‘rligi keldi. Alamining zo‘ridan uzalib, yerda yotgan katta toshni inqillab ko‘tardi-da, Alibekka tashlandi. Alibek esa: «Murod sag‘ir, Murod sag‘ir! Yetimcha – yetti kulcha!», degancha qochdi-ketdi. Unga yetolmagach, Murod alamidan yig‘lab, uyga yugurdi. Kelsa, ayvondagi so‘rida Hotam bobo o‘tirgan ekan.
– Kel, otajon! – dedi u ko‘zlari chaqnab, so‘ng oshxonadan chiqib kelayotgan Murodning onasiga o‘girildi. – Hech bo‘lmasa mana shu norasidalaringni o‘ylasang-chi! Bularni katta qilaman, degancha sil bo‘lib ketasan. Yosh joningga jabr qilma. Mendan yoshi bari bir chiqmaydi. Ikki dunyoda ham mendan tuzugini topolmaysan.
– Kim chaqirdi sizni? Keting! Keting bu yerdan! Gapni ko‘paytirmang! Ersirab qolganim yo‘q. – Onasi zarda bilan ichkariga kirib, eshikni yopdi.
– Onajonim-ey! Bu shashtingdan tusharsan… er ham kerak bo‘lib qolar… – Hotam bobo o‘zicha g‘udranib, gapi o‘ziga nash’a qilib, kulimsirab o‘tiraverdi.
– Tushamanmi, tushmaymanmi, sizning ishingiz bo‘lmasin, – dedi onasi ichkaridan qaytib chiqarkan. – Nimaga butun qishloqqa sassiq gap tarqatib yuribsiz? Kim sizga tegaman, dedi? Uyaling! Uyat sizga! Turing, keting bu yerdan!
– Qo‘y, onajon, qo‘y, haydama! Undan ko‘ra uyingga kirgiz, ovqating pishayotganga o‘xshaydi, suzib kel, yeylik. Bundan keyingi ishlarni bafurja kelishib olaylik. Sen – yesir, men – yesir…
– Murod, tez borib Tohir akangni chaqirib kel, – dedi onasi, oshxonadan kosov ko‘tarib chiqarkan. – Bu miyasi aynigan kuchuk yaxshilikcha ketmaydiganga o‘xshaydi.
Amakisining hovlisi uzoq emas. Murod chopqillab ketdi. Amakisi juda yaxshi-da. Bir moshin ko‘mirni o‘zi hovliga tashib berdi. Kattakon xaltada oq kamput, un olib keldiyu Onasi, yaxshiyam Tohir akang bor ekan, bo‘lmasa, hammamiz ochdan o‘larkanmiz, deydi. Otasi duturxonada yotib olgandan beri Hotam bobo juda serqatnov bo‘lib qoldi. Otasi uyda bo‘lganida-ku, bu chol onasiga qayrilib ham qarolmasdi. Jilpanglab, ishini bitirardi-da, jo‘nab qolardi. Endi juda bemalolxo‘ja, xohlagan paytida kirib kelaveradi. Eh, Murodning kuchi yetgandami, Hotam boboni yig‘lagancha urardi. Hali kichkina-da…
U amakisini boshlab kelganda onasi so‘rida chaqalog‘ini bag‘riga bosgancha, emizib o‘tirgan ekan.
– Yana keldimi u? – dedi Tohir akasi tutaqib.
– Ha,.. kosov bilan zo‘rha haydadim.
– Bir gap bordirki, u hadeb kelaveradi!
– Shu gapni aytmagan bitta siz qoluvdingiz. O‘zingiz bilmaysizmi nima gap borligini? Akangizning arvohi chirqillab turganda menga shu gapni aytasizmi? Tegmayman erga! Hech kimga tegmayman! – Onasi qon bo‘lib yig‘ladi. Unga qo‘shilib chaqalog‘i, keyin Murod ham yig‘lab yubordi. Onasi siqtab davom etdi. – Hotam cholning onangizga uylanmoqchi bo‘lganini, ammo onangiz unga tegmaganini, butun umr Hotam chol shu armon bilan yashayotganini bilarsiz? O‘zi hammaga aytib yuradi-ku. Otangiz aktiv bo‘lib, keyin Hotam cholni quloq qilganini ham bilmaysiz-da, siz a? Alami ko‘p u odamning sizlardan. Endi jabrini men tortayapman. Bekorga Tohirning yangasi menga tegishga rozilik berdi, deb Barlosga gap tarqatib yuriptimi? Otangiz hassasini peshanasiga diqillatib urib yig‘layotganda ishshayib: «qaytar dunyo bu oqsoqol», deganidan xabaringiz bordir. Shuncha gapni bila turib, menga yana nima deysiz?
Tohir akasi o‘tirgan joyidan sapchib turdiyu: «He… o‘sha…» deya so‘kingancha, otilib ko‘chaga chiqdi.
«O‘hh! Boplaydi endi!»
Hotam bobo o‘shanda Tohir akasining daragini eshitiboq, endi meni o‘ldiradi, deb qochib, ikki kun somonxonasida yashirinib yotgan ekan.
Bir kuni Murodlarnikiga yana odamlar yig‘ilishdi. Uning nazarida yana to‘y boshlandi. O‘ynab yurib, oshxonaga kirdiyu, qotib qoldi. Otasi orqasini berib o‘tirgancha, qozondagi sho‘rvani shopirar edi. Murod quvonib ketdi: «Otasi duxturxonadan qaytib kelipti-da! Qanday yaxshi!» Sog‘ingani shunchalikki, otasining bag‘riga otilish o‘rniga nafasi ichiga tushib, jimgina tashqariga chiqdi. Kosa ko‘tarib kelayotgan onasining etagidan ushlab tortdi-da, otasini ko‘rsatgancha shivirladi:
– Otam!
– Nima, go‘sht yeysanmi? – Onasi egilib so‘radi.
Murod yo‘q ma’nosida bosh silkib, «otam», deb shivirladi yana. Keyin onasining orqasiga yashirinib, otasini kuzatdi.
– Bovosi, mening o‘g‘limga ozroq go‘sht bering, – dedi onasi.
– Ha?!
Murodning ko‘zlari qinidan chiqib ketay dedi. Qozon boshidagi odam o‘girilib unga qaradi: u boshqa odam edi!!! Otasi emasdi!!! O‘tirishi, mo‘ylovi, hatto yuzi ham o‘xsharkanu…
– Qoch, qoch! Baring bolangni yetaklab kelaverasan. Go‘shtni senlarning bolalaringga bersam, mehmonlarga nima qo‘yaman?
Murod yig‘lab yubordi. Yo‘q, go‘sht berishmagani uchunmas, aldangani, otasi kelmayotgani uchun yig‘lardi. Otasi bo‘lsa hech kimuni ham, onasini ham siltab tashlay olmas edi.
– Ha, jo‘ra! – Ortdan kelib qolgan Tohir akasi uni dast ko‘tarib oldi-da, bag‘riga bosdi. Ovutdi. Qozon boshida o‘tirgan boboni urishib, unga go‘sht olib berdi. Biroq Murodning ko‘ngli go‘sht tilamasdi. U xun bo‘lib, battar yig‘ladi.
– Otasini sog‘inipti-da, Murod! Qo‘y, yig‘lama, jo‘ra! Aytgan vaqti bir tuyur go‘sht bersangiz o‘lib qolarmidingiz? Bilasiz-ku, ko‘ngli yarimta… Bo‘ldi qil, axir sen katta yigit bo‘lib qolding-ku! Yigit ham yig‘laydimi? Duxturlar otangga ruxsat berishmayapti ekan. Hali borib, duxturlarni urib, otangni tortib olib kelamiz, xo‘pmi? Qani, jo‘ra, axir kap-katta yigit…
Yig‘lamay desa, otasini sog‘ingan. Otasi esa sira kelmayapti. Hotam bobo esa onasini qo‘rqitgani qo‘rqitgan. Alibek garchi endi urolmasa-da, yetimcha – yetti kulcha, deb qochadi. Murod qattiq o‘ksingan, ko‘z yoshlari marjon bo‘lib oqar edi.
– Ho‘y yig‘loqi, otang ko‘rsa nima deydi? – dedi o‘choq boshida o‘tirgan bobo.
Murod go‘yo eshikdan otasi kirib kelayotganday sergak tortdi. Jimit qo‘lchalari bilan ko‘z yoshlarini artdi.
– Otam kelsa, Alibekni tutib beramiz-a? – dedi Tohir akasiga.
– Hmm!
– Hotam boboniyam, a?
Tohir akasi yuzini ters o‘girgancha, qult etib yutindi…