Oysha xola yaxshi ayol-da. Odamning dili-joni. Necha maralab Abdurazzoqning hojatini chiqargan, rahmatini eshitgan. O‘g‘lini uylantirayotganda u bormagan do‘kon, elanmagan sotuvchi qolmadi. Yo‘q deyishdi. O‘ziyam kelin tomon nomi boru o‘zi yo‘q buyumlarni ayttirgan ekan, ancha-muncha ovora bo‘lishdi. Bechora o‘zini o‘tga urdi, suvga urdi. Yo‘q-da, yo‘q. Fig‘oni falakka chiqib, bo‘shashib o‘tirganda qayoqdan ham Oysha xola o‘z oyog‘i bilan kelib qoldi. Eski tanishlardek quyuqqina so‘rashib, bir piyola choy ham ichdi. So‘ng sumkasini ochib, “ozroq molim bor, ko‘ringlar, yoqsa olinglar”, deb qoldi. Bundo-oq qarashsa, o‘zlari izlab topolmay yurgan matohlar! Abdurazzoq ham, xotini ham quvonib, shartta ko‘tara savdo qilishdi. Kelinning sarpolari bitdi. To‘y bo‘ldi. To‘yga Oysha xola ham keldi.
– Buni qarang, – degandi o‘shanda Oysha xola, – xuddi bilganday to‘ppa-to‘g‘ri siznikiga kiribman. Yuragim sezdi-da. Sh uyda yaxshi odamlar yashaydi, deb o‘ylagandim. Bu zamonda kim ko‘p – yomon ko‘p. Do‘stdan dushman ko‘p. Ko‘rolmaydi, yo ustidan yozadi, yo melisa bilan soliqqa xabar beradi…
– Bizning Barlosda unaqalar yo‘q, – dedi Abdurazzoq. – Bemalol kelavering. Topgan-tutganingizni olib kelavering. Kam bo‘lmaysiz.
Shu-shu Oysha xola Barlosga tez-tez keladigan, har gal Abdurazzoqni, xotinini, qo‘shnilarini alqab ketadigan bo‘ldi. Keyinchalik Abdurazzoq qizini uzatayotganda ham sarponi Oysha xola to‘g‘rilab berdi. Tag‘in arzonbahoroq… Albatta, bular ham qarab turishmas edi. Abdurazzoqning xotini uyma-uy yurib, xotin-xalajni yig‘ar, hademay ularning supasi Oysha xolaning “yarmarka”siga aylanib ketardi.
Bir kuni Abdurazzoq xotini, qudasi bilan choy ichib o‘tirganida Oysha xola kelib qoldi. Gapdan gap chiqib, Oysha xola aytdiki,qo‘shnisinikiga ikki bolali yoshgina juvon ko‘chib kelganmish. Eri aroqxo‘r ekan-da, bahridan o‘tibdi. Endi… agar… ichmaydigan durustgina odam chiqsa…
– Toshtemir aka-chi? – dedi xotini. – Bechora, xotini o‘lgandan beri qiynalib yuripti. Bizdan nima ketdi, savobga qolamiz.
– Rost aytasan, xotin! – dedi Abdurazzoq o‘ylaninqirab.
– Haligi… u … yoshmi? – so‘radi Oysha xola.
– Endigina ellikdan oshdi. Oltitagina bolasi bor, – dedi Abdurazzoq darrov savdolashishga kirishib. Umuman, u savdolashishni yaxshi ko‘rardi. – Bolalari odam bo‘lib qolgan. Ziyoni tegmaydi. Kattasi uylanmoqchi shekilli,a? Toshtemirning o‘zi yaxshi inson, mo‘min-qobil, namozxon. Topsa shundayini topadida. Nima deding, onasi?
– Haq gapni aytdingiz. Ammo-lekin siz ham savobga qolasiz, Oyshaxon!
– Mayli-ku, – dedi Oysha xola nimadandir andisha qilib. – Yoshi o‘tib qolgan emasmi ishqilib. Sa-algina, a? Keyin… Hech bo‘lmasa, qirq yoshlar atrofida bo‘lganda edi… Juvongina hali o‘ttizgayam kirmagan. Ko‘ngil…
– E, rozi bo‘ladi. Rozi bo‘lmay qoyoqqa borardi. Toshtemir bir yasan-tusan qilsa. Soqol-mo‘ylovini qirtishlab, karillab yo‘liga chiqsa-chi, o‘sha juvoningiz “men ham yurgan ekanman-ku, baxtimdan o‘rgilay”, deb bo‘yniga osilib qoladi. Ko‘rasiz hali! Siz nima deyapsiz!
– Mayli, unda ertaga kechga kuyovto‘rani biznikiga yetkazib boringlar. Kelin bo‘lmishni chaqirib chiqish – men tan. Ikkovini uchrashtiraylik. Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelsa,.. – Oysha xola mug‘ambirona kulimsirab ko‘z qisdi. – Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelsa, biz bir nimali bo‘p qolarmiz. A, nima dedingiz?
– Gapni dangal qiling, – deya Abdurazzoq ochiqcha savdoga o‘tdi. – Qancha so‘raysi? Biz shunga qarab, Toshtemirga uchraymiz. U, lekin, qo‘li sal kaltaroq odam. Bu yog‘ini og‘irlashtirib yuoradigan bo‘lsangiz, biz hoziroq ishni…
– E, ot bilan tuya bo‘larmidi! Kelish-ketish… yo‘l xarajatlari… Besh yuz bo‘lar, olti yuz bo‘lar, ishqilib, el urfi deganday. Bizlar bir hojatbaror odam. Yosh narsa har qalay, qo‘lli, oyoqli…
– Besh yuz!
– Bo‘pti! Besh yuz bo‘lsa besh yuz-da! Qolgan-qutgan xarajatlar kuyov tan.
Bulk etmay savdoga quloq tutib o‘tirgan Abdurazzoqning qudasi ular xayrlashayotganda indamay o‘rnidan turdi-da, uyiga jo‘nadi.
Abdurazzoq Oysha xolani kuzatgandan so‘ng Toshtemirnikiga yugurdi. Kuyov bo‘lmish namozgarni o‘qiyotgan ekan. Abdurazzoq kira solib joynamozni yig‘ishtirib oldi.
– Bu nima qilganingiz? Gunohga botasiz-ku!
– E, namozxonlikni kim qo‘yipti sizga! Gap bor!
– Xo‘sh, xo‘sh? – dedi Toshtemir xushlamay.
– Puldan bormi?
– Pul? Nimaga kerak pul?
– To‘yga! Yetadimi to‘yga?
– Ha, endi baholiqudrat deganday, o‘zimizga yarasha…
– Cho‘zing.
– Nimani?
– Pulni-da.
– Ho‘y, inson! Boshingizga baxt qushi qo‘nib turipti. Qani, oldin suyunchisini bering! Biz sizga xotin topdik, hali o‘ttizgayam kirmagan! So‘lqildoqqina! Milqildoqqina! Ikkita bolasiyam bor emish. Nozanday… Qalay, bel yaraydimi, bel? Uyaltirib qo‘ymaysizmi ishqilib?!
– Kim u? – so‘radi Toshtemir, og‘zining tanobi qochib.
– Uzumini yesangiz-chi, nima qilasiz bog‘ini surishtirib! Xo‘sh, yosh xotinni eplay olasizmi?
– Menga tegarmikan? – dedi Toshtemir ishshayib, – juda-a yosh deyapsiz…
– Bu yog‘ini bizga qo‘yib beravering. Gapga ko‘nsangiz – bas.
– Nima deysiz?
– Turish-turmushingizni ko‘rsa, kampir ham sizga tegmaydi. Sizga soqol nima zaril? Yetmish yashar cholga o‘xshab! Hozir soqolni tag-tubi bilan qirib tashlaymiz.
– Qanday bo‘lar ekan?
– Anday bo‘ladi!
– Odamlar kulmasmikan ishqilib? Qariganda…
– Ho‘y, siz nima deyapsiz? Nima deyapsiz, a? O‘ttizgayam to‘lmagan juvonga uylanaman deb turgan yigitsiz siz, tushundingizmi? Qaridim deganingiz nimasi! E qo‘ying-e! Ertaga kelinning oldidayam shunaqa gaplar aytib, hammamizni sharmanda qilasiz siz hali! Bunda-ay, yuvinib, taranib, yangi kiyimlarni dazmollab kiyib, deganday… Qani, ustarani keltiring-chi!
– Kim o‘zi u kelin?
– Keyin… kelin bilasiz. Qani tezroq, imillamang.
Abdurazzoq bir ishga kirishsa, astoydil kirishadi. Qo‘li ham yengil. Hash-pash deguncha Toshtemirning soqolini qirib tashladi.
– Soch qo‘ymaganingiz chakki bo‘lga ekan-da, birodar. Sa-al yoshroq ko‘rinarmidingiz! – dedi u “birodar”ining taqir boshiga shapatilab.
Toshtemir o‘zini ko‘zguga soldi. Asli yuzi burushiq emasmi, o‘zini besoqol ko‘rib, afti badtar burishib ketdi.
– Hechqisi yo‘q. Atirdan bormi?
Keltirilgan odekolondan Toshtemirning boshiga, aft-basharasiga yaxshilab pufladi. Qayoqda: qarilik o‘z hukmini o‘tkazayotgan edi. Toshtemirning yuzini atir sovun bilan rosa ishqalab yuvishdi. Beti sal oqarganday bo‘ldi. Keyin Abdurazzoq uni qo‘yarda qo‘ymay yechintirdi. O‘zi boshidan suv quyib turdi. Badanlarini rosa ishqalab, xumordan chiqqancha yuvintirdi. So‘ng pudra surishdi. Toshtemir onadan qayta tug‘ilganday bo‘ldi. Endi u kiyimlariga qo‘l cho‘zayotgan edi, Abdurazzoq hammasini bir chetga uloqtirdi.
– Qo‘ying bu jandalarni kuyovto‘ra! Sandiqni ochadigan payt keldi. Yangi kiyimlarni kiyib yasharishingiz kerak.
– Qanday bo‘larkan? Yosh o‘tib qolgani sezilmayaptimi o‘zi?
– Zo‘r! Siz aytganni qilavering, – dedi Abdurazzoq, borgan sari o‘z tadbirkorligidan zavqlanib.
Toshtemirning yangi kiyimlari ichidan bronta ham kuyovbopi topilmadi.
– O‘g‘lingizning ko‘ylaklari bordir axir?
– Bor. Bo‘lganda qandoq.
O‘g‘ilning ko‘ylaklari otasiga torlik qildi. Abdurazzoq borib o‘z uyidan o‘zining kiyimlarini keltirdi. Boshladimi, oxiriga yetkazishi kerak-da. Yangi qora kostyum va oq ko‘ylakda Toshtemir ancha ysh ko‘rinar, faqat yuzlarining burishiqligi sal… Sa-al-da. Toshtemirning, darvoqe, o‘g‘lining uch-to‘rtta galstugi bor ekan, tanlab-tanlab bittasini olishdi, taqishdi. Ha-a, kuyovto‘ra degan mana bunaqa bo‘pti-da. Toshtemir kalish-mahsi kiymoqchi bo‘layotgan edi, Abdurazzoqning jon-poni chiqib ketdi.
– Tentak! Hech odam bo‘lmadigiz bo‘lmadingiz-da.
– Nima kiyaman boshqa?
– O‘g‘lingizni uylantirmoqchi edingiz-ku! Tufli olmaganmi?
– Olgan.
– Kiying o‘shani!
Tufli Toshtemirga sal torlik qildi. Poshnasi ham baland ekan. Hechqisi yo‘q, bir marta kiyishga bo‘laveradi. Sho‘ring qurg‘urning paypog‘i ham yo‘q edi. Yana o‘g‘linikini olishga to‘g‘ri keldi. Xullas, kechqurun soat sakkizlarda kuyovto‘ra uchrashuvga shay bo‘ldi. Ikkovlon ko‘ngil joy bo‘lib, endi dasturxon qoshiga cho‘kkan edi, Abdurazzoqning uyidan “chopar” keldi. Xotini, tez yetib kelsin, depti. Tez yetib bordi. Qarasa, xotinining yuzidan zahar tomib turipti.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi Abdurazzov xavotirlanib.
– Sharmanda bo‘ladiganga o‘xshayapmiz.
– Nega? Nima bo‘ldi? Munda-ay, tushuntirib gapirsang-chi?!
– Boya gap olib, indamay o‘tirib, indamay chiqib ketganiga ko‘nglim g‘ashlangandi o‘zi. O‘ylaganimday bo‘ldi…
– Nima gap, tinchlikmi? Kim gap oladi?
– Qurib ketgur qudangiz Mahmashoni kuyovday yasantirib… Hozir mashinada Oysha xolanikiga o‘tib ketishdi. Ikki orada sharmandayu sharmisor bo‘li-ib…
Abdurazzoqning miyasiga qon urdi. Begona bo‘lsa-ku, boshqa gap. Ham qo‘shni, ham amaki, ham quda. Shunaqa niyating bor ekan, aytmaysanmi, nomard? Qudasi o‘zi shunaqa: oyoqdan chaladi. Lekin… bunchalar emas-da endi… Odamlar, nima…
Abdurazzoq kelinini chaqirtirdi.
– Otang nima ish qilganini bilasanmi?
– Nima ish qipti? – Kelinning lablari pirpiradi, chunki boyagina qaynonasi bilan ham shu taxlit savol-javob qilishiga to‘g‘ri kelgan edi.
– Otang qanaqa odam ekanini bilasanmi? – so‘radi Abdurazzoq o‘zini zo‘rg‘a bosib.
– Qanaqa ekan? – Kelin ham bo‘sh kelmadi.
– Otang – ablax!!
– Og‘zingizga qarab gapiring! – kelin titrab ketdi.
– Og‘zimga sen xo‘jayin emassan! Lekin bilib qo‘y, otangni bir martaga rasvo qilarim bor.
Kelin yig‘lab yubordi.
– Nima qilsangiz qilavermaysizmi? Menda nima ayb? Mahmashoni olib ketgan bo‘lsa, albatta Oysha xolanikiga borishadimi? Boshqa ishi yo‘qmi?
– Chiq bu yerdan! Shang‘illama ko‘p!
– Chiqaman! Haydamasangiz ham ketaman. Uyingizga sig‘masam ham o‘sha yomon otam sig‘diradi meni.
– Yo‘qol!
Sal o‘tmay xotini hovliqib yugurgilab kirdi-da shivirladi:
– Hay, nima qip qo‘ydingiz? Tugunini ko‘tarib chiqdi. Ketayapti.
– E, menga desa oshib ketsin.
– Unaqa demang, el bor, yurt bor, gap bo‘ladi. Eshitgan quloqqa yaxshi emas.
Hovliga chiqishsa, kelinning qo‘lida tuguni, ketishga – shay.
– Ha, nima bo‘ldi? – Abdurazzoq jo‘rttaga so‘radi.
– Jonga tegdi… Ketaman… yomon otamnikiga.
– Ering kelsin, ora ochdi qilinglar.
– Menga er umi, yo…
– Uyga kir-e, benomus!
Kelin yig‘lagancha so‘riga o‘tirib qoldi.
– Bor, Toshtemirni chaqirib kel! – Abdurazzoq xotiniga buyurdi.
– Nima qilasiz uni?
– O‘l qilaman, balo qilaman, battar qilaman, Oyshanikiga olib boraman! – Abdurazzoq baqirib berdi-da, garajga kirib, “Jiguli”sini o‘t oldirdi.
Oysha xola ularni noxush qarshi oldi.
– Yolg‘onchiga chiqib qoldim-ku, – dedi darvoza eshigiga suyanib. – Bugun juvon o‘lgurning eri kelib, uyiga olib ketgan emish. Eri, endi bir qultum ichsam o‘lay agar, deb qasam ichipti. O‘zi binoyiday yigit ekan… – Oysha xola Toshtemirga boshdan oyoq sinovchan nazar tashladi. – Kuyov bo‘lmish shu kishimidi? Oyday… Tuf-tuf, ko‘z tegmasin. Urug‘i qurib ketmagandir, topilar yana…
Abdurazzoq serrayib turib qoldi. Sal fursatda andak o‘ziga kelib, zo‘rg‘a so‘radi:
– Mening qudam… kelmadimi?
– Yo‘q, hech kim kelgani yo‘q, nimaydi? – so‘radi Oysha xola hayron bo‘lib. Keyin yana Toshtemirga qaradi, miyig‘ida kulgi o‘ynaganday bo‘ldi.
… Yo‘l-yo‘lakay Toshtemir, menin axmoq qildinglar, yo‘q narsaga soqolimni oldirdinglar, endi ko‘chaga qanday chiqaman, endihammaga masxara bo‘laman, deb g‘ingshidi.
Abdurazzoqning qulog‘iga gap kirmas, xotining gapiga uchib, e yo‘q-be yo‘q, kelinini xafa qilganini eslab, ich-etini yer, hali o‘g‘li kelsa, bu nima qiliq desa, uning ko‘ziga qanday qarashi kerak bo‘ladi?..
– He, o‘sha Oysha xolangniyam…