Alibekning Samarqandda o‘qiydigan student akasi Salim shanba kuni uyga keldi.Ovqatlanishdi, u yoq-bu yoqdan gaplashishdi. Keyin zerikish boshlandi. Bunaqa kelishlarga o‘rganib qolgan Alibek xuddi shu fursatni poylab, shaxmat ko‘tarib keldi.
– O‘ynaymizmi?
– Akang bilan o‘ynaymizmi? – so‘radi otasi kulimsirab.
– Mayli, bekorchilikka ermak-da, – dedi Salim.
Salim Alibekdan uch yosh katta. O‘zini tutishi, gap ohangi juda boshqacha. Shunchaki gapirsa ham xuddi birovga nasihat qilayotganday bo‘laveradi.Akasini Alibek uch kundan beri kutadi. Maslahat so‘ramoqchi. Zulfiyani yaxshi ko‘rib qolgan. Sevish mazza-da! Shirin-shirin xayollar surarkansan. Kechalari shiftga tikilib, uxlolmay chiqarkansan. Ertasiga hech narsa bo‘lmaganday, yana ishga ketaverarkansan. Nuqul fikru-yodi Zulfiyada. Yotsa ham, tursa ham, yursa ham… o‘shani o‘ylaydi. O‘zi zo‘r qiz! Muloyimgina… e’tibor berib qaralsa, Barlosda Zulfiyachalik chiroyli qiz boshqa yo‘q. Ma’sum kulib turishlarini eslasa, butun vujudi haroratga cho‘lg‘anib, bilagi kuchga to‘lib. Zulfiyani o‘zi yo‘q badbashara devlardan himoya qilgisi kelaveradi.
Qaysi kuni qiziq voqea sodir bo‘ldi.Hamma tushlikka chiqib ketgan payt edi. Qurbonoy, Zulfiya uchovlon, uch sinfdosh ovqatlanib bo‘lishgandan keyin qizlarning qatoriga kirib, qator boshida: ko‘cha tarafda uzum to‘latilgan yashiklar, orqa tomonda quyuq ishkom panasida soyalab, maktab yillarini eslab utirishgandi. Zulfiya o‘rtada, ikki yonida Qurbonoy bilan Alibek. Soyalik kam bo‘lgani tufayli bir-birlariga tiqilibroq o‘tirishardi.Avvaliga Alibek Samarqanddagi sarguzashtlaridan maqtanish bilan bo‘lib, hech narsani payqamadi. Keyin qizlarga gap navbati yetganda ularga quloq tutib, badani Zulfiyaning badaniga tegib turganini his qildi. To‘g‘rirog‘i, ilgari ham sezgandiyu, ahamiyat bermagandi. Endi yuragi qiziy boshladi. Zulfiya hayajonlanib, qimirlab-qimirlab gapirardi. Alibek go‘yo qizlarning hangomasini zo‘r qiziqish bilan tinglayotganday, ularga qarab ishshayar, aslida Zulfiyaning bo‘ynini, qulog‘i tagidagi xolini, qalin qora sochlarini, muloyim ko‘zlarini, bilinar-bilinmas ko‘tarilib tushayotgan ko‘kraklarini kuzatardi. Kuzatgan sari to‘lqinlanar,vujudini bostirib kelayotgankuchli hayajonni jilovlamoqchi bo‘lar, ammo uddalay olmas, yana suqlanib tikilardi. Zulfiya tizzalarini quchoqlab o‘tirardi. Shu o‘tirishining o‘zi bilan ham Alibekka yoqardi Ayniqsa, kulganda shodligi butun yuziga yoyiladi, ko‘zlari juda mayinlashib ketadi. Bunday paytlarda Alibekka o‘zini tutib turish g‘oyatda azobga aylanardi.
Alibek sevgi haqida ko‘p kitoblar o‘qigan, hammasida ham o‘pishganlarni yozishadi, lekin keyin nima bo‘lishini… O‘pishsa nima bo‘ladi? Og‘izda konfet yeganday ta’m qoladimi? Ba’zan kechalari bilan uxlolmay chiqsa, ertalab: “bugun qanday bo‘lmasin Zulfiyani bir o‘pichga ko‘ndiraman”, deb o‘ziga o‘zi qaror qiladi. Ammo Zulfiyaga yaqinlashdi degancha susti bosadi. Zulfiyaning nimasidir bor. Uzoqlab ketolmaysan, ammo bemalol qo‘lingda tutib ham yurolmaysan. Seni ma’lum masofada ushlab turadi. Mana, hozir ham shundoqqina yonma-yon o‘tirishipti. Qo‘lini uzatib, Zulfiyaning yelkasidan tutsa, o‘ziga qaratsa,.. bo‘ladi, ammo… Qaysi bir kuni bir jurnalda “o‘pishish kerak emas”, deb yozishipti. Chunki o‘pishgandan keyin birining og‘zidagi, tishlari orasidagi mikroblar ikkinchisiga o‘tarmish, tish og‘rig‘i shu taxlit ko‘payarmish. Odamlar nega o‘pishadi? Sevishsa, albatta o‘pishish shartmi? Axir kino-kitoblarda nuqul… sevishdimi, darrov quchoqlashib qolishadi. Undan keyin… mana, o‘zi ham o‘ldim-kuydim, sevib qoldim, deb yuriptiyu, fikru-yodi bir ilojini topsayu, Zulfiyani o‘psa… keyin nima bo‘ladi?
– Ketdik, uzum teramiz, – dedi Qurbonoy o‘rnidan turib Zulfiyaga.
– Qo‘ysang-chi! – dedi Zulfiya erinib, buncha shoshmasang.Bu ahvolda hali bola-chaqa orttirsang keyin nima qilasan?
– O‘tirsang o‘tiraver, – dediyu, Qurbonoy savatlarini ko‘tarib, qatorning o‘z tomoniga o‘tdiyu, ishkom oralab ketdi.
Mana! Mana Alibek kutgan fursat. Yolg‘iz ikkovi qoldi. Alibek yon-veriga qaradi. Bironta odam zoti ko‘rinmaydi. Qurbonoy qatorning narigi tarafida. Tobora uzoqlashib boryapti. – Alibekning vujudiga titroq kirdi. Hamma yog‘i qizib borayotganini, bu o‘zgarish o‘zida juda tez sodir bo‘layotganini elas-elas biladi. Keyin nima qilganini o‘zi ham anglay olmay qoldi. Oldin yelkasidan tortdimi, yoqasidan ushladimi, esida yo‘q. Bir vaqti qarasa, Zulfiya yulqinib uning bag‘rida yulqinar, tipirchilar, hiq-hiq etib, dami ichiga tushgancha uning kukragiga mushtlardi. Nimalarnidir dahshatga tushib shivirlardi. Bir nima qilib qo‘ydimmi, deb qo‘rqib ketgan Alibek qizni shartta qo‘yib yubordi.
– Esing joyidami o‘zi? – dedi Zulfiya yig‘lamsirab. – Yaxshi gapirganga shunaqa qilasanmi?
Keyin tura solib, Qurbonoyning orqasidan jo‘nab ketdi. Alibek: “Men seni sevaman! Hech qachon ajrashmaymiz! Bir umr birga bo‘lamiz! Men seni, faqat birgina seni sevaman, Zulfiya!” , demoqchi edi. Ulgurmadi. Shundan beri Alibekni o‘y bosgan. Nima qilishini bilmasdi.Zulfiya esa arzlab yuripti. Hatto ish yuzasidan ham faqat Qurbonoy gaplashadi. Eh-he! Alibek o‘zicha Zulfiya bilan nimalar qilmoqchi edi. Qanaqa rejalar tuzgandi. Endi Alibekka qiyin bo‘ldi. Bir balo qilib, otasigami, onasigami, meni uylantirib qo‘yinglar, degan gapni tushuntirish kerak. O‘n sakkizga to‘ldi, Samarqandini ko‘rib keldi. Mana, kerak bo‘lsa, qiz bolani o‘pdi. Bo‘ldi-da! Doim o‘paverish uchun – uylanish kerak. Ammo oldin Zulfiyadan rozilik so‘ramoqchi. Qanday qilib? Shuni bilmay boshi garang. Salim akasida esa tajriba bor. Fikru-yodi akasining ko‘nglini ovlash va maslahat so‘rash. Hazilmi? O‘rtada sevgi masalasi bor. Bundan keyingi hayoting qay yo‘sin kechishi hozir qabul qiladigan qaroringga bog‘liq.
Alibek ko‘nglida nimalar kechayotganini shu paytgacha biron kimsaga yozgani yo‘q. Akasi esa har qalay shahar ko‘rgan yigit. – Student! Studentlar sevgini yaxshi tushunishadi. Umuman, ular ko‘p narsani bilishadi, chunki ko‘p o‘qishadi, qio‘lar bilan birga ko‘p yurishadi. Bunaqa bilimdonlarning yoniga o‘tirib qolsang, ular bilan faqat bilimdonchasiga gaplashish kerak.
– Aka, – dedi Alibek, piyodani ikki katak olg‘a surarkan, – Jonibekov bilan Gurragcha qaytib tushishdimi?
– Bilmadim, xabarim yo‘q, – dedi Salim, shoh tarafdagi otni yon tomonga yurarkan.
– Jonibekoving kim? – so‘radi o‘yinni tomosha qilib o‘tirgan otasi.
– O‘zimizning toshkentlik kosmonavtchi, hali bilmaysizmi? – deya Alibek o‘zi biladigan narsani otasi bilmasligidan g‘ururlanib qo‘ydi. – Yaqinda “Interkosmos” programmasi bo‘yicha mug‘ulistonlik Gurragcha degan kosmonavt ikkovi uchgandi. Bizlar tupkaning tubida dunyodan bexabar ishlab yuradigan odam bo‘lsak, kosmonavt qachon uchadi, qachon qaytib tushadi, bilmasak, – dedi Alibek, piyodasini akasining chegarasiga o‘tkizib, otga qarshi qo‘yarkan.
– Unday bo‘lsa ularning uchganini qayerdan bilding? – so‘radi otasi va Alibekka o‘rgatdi, – hey, bekorchi o‘yin nima kerak, otingni chiqar.
– Radiodan qulog‘imga chalingandi. – Alibek parvo qilmay piyodani yana olg‘a surdi.
– Jonibekov? Toshkentdan ekanmi? Kosmonavt o‘zbeklardan ham chiqibdi-da, a? Hoy, piyodang joyida tursin. Qayerga boradi u? Otingni haydasangchi!
– Biz ham shaxmatni uncha-muncha bilamiz, ota, – dedi Alibek farzini bilan shoh berib. Piyoda shohning ikkinchi yo‘lini to‘sgan, Salim mot bo‘lgan edi.
– Iye! Alibekka yuttirib o‘tiribsanmi?
– Alibek keyingi vaqtlarda ancha progress qilyapti, – dedi Salim. – Biz esa regressga yo‘l qo‘ydik, shekilli.
– Qani tur-chi, bu kosmonavtlarni bilgich bilan o‘zim bir qo‘l ko‘ray, – deya otasi Alibekka qarshi maydonga tushdi.
– Kosmonavtlar osmonda yarim yillab yurishyapti, qanday yashashar ekan, a ular? Aka? – so‘radi Alibek, donalarni qaytadan terarkan, xuddi gap kelib qolganday, aslida boya uzilib qolgan suhbatni davom ettirish, ko‘p narsalarni bilishini akasiga isbotlash uchun. – Xlorella degan o‘simlik bo‘larmish. . O‘shani yeb kun kechirishadi, deyishadi. Shu rostmi, aka?
– Bo‘lsa bordir, – dedi Salim chaynalib.
– Odamlar osmonda yarim yillab qanday yashaydi? Kosmik kemalaringda hojatxona bormi? – so‘radi otasi.
– Ha, endi kosmik kemani shunga moslab chiqarishgan-da. Kosmik kemalar zamonamizning eng zo‘r olimlari tomonidan o‘ylab chiqarilgan , fan va texnikaning oltin fondi, eng yangi asboblar kosmik kemalar uchun ishlatiladi. Shuncha narsani o‘ylab topgan inson albatta kosmonavtning qanday kun kechirishini ham esidan chiqarmasa kerak, – dedi Salim.
O‘yin davom etdi. Alibek otasini ham yutib oldi. Keyin yana akasi bilan o‘ynadi, yutishiga sal qolganda go‘yo bilmagan bo‘lib, farzinini oldirdi. Shundan keyingina Salim xursand bo‘lib, o‘yinni yutdi.
Alibek va akasiga bir xonadan joy solishdi. Gaplashib olishga ayni fursat. Alibekning bilishicha, akasi bir shaharlik qiz bilan xat yozishadi. Alibek nogahon ko‘rib qolgan o‘sha xatda bunday deyilgandi: “O‘zim azoblansam deymanu, sizning kulishingizni istayman. Axir borlig‘imni qoplab olgan hislarim yuragimga tinchlik bermasa, vujudim nuqul sizga intilaversa, menda nima ayb? Siz ham tushuning-da! Sizni sevib qolganman…” Umuman, shunaqa gaplar. Gaplarning orasida she’rlar ham bor. Aytishlaricha, sevishganlar oldin bir-birlarini o‘rganishlari kerak emish. Alibek Zulfiyani birinchi sinfdan beri biladi. Demak, bemalol, hech o‘ylanmasdan uylanaversa bo‘ladi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni bor: Salim hali bo‘ydoq. Yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri Salimga: “aka, shunaqa-shunaqa gap, tezroq uylaning, mening yo‘limni to‘smang. Men ikki-uch kutib yurolmayman”, desa-chi? Xullas, gaplashib olish kerak. Salim ko‘rpaga kirib, qo‘lini boshiga yostiq qilgancha, shiftga tikilib xayol suryapti.
– Aka, nimalarni o‘ylayapsiz?
– Shunday,.. chiroq, o‘zim.
– Aka, sizga pul kerakmi? – Alibek javob kutmasdan o‘z topog‘onligidan xursand bo‘lib, kissasidan pul chiqardi. Shunday qilsa akasi xursand bo‘ladi, gaplashish osonlashadi.
– Qancha? – so‘radi Salim, pulni olarkan, ko‘zlari shodlikka to‘lib.
– E, kim sanapti deysiz! Kerak bo‘lsa yana beraman, hozir menda pul ko‘p, aka. Kecha oylik olganman. Mana! – Alibek kissasidan yana pul chiqarib berdi. – Siz studentsiz, sizga kerak bo‘ladi.
– Rahmat, chiroq,Shu hafta ko‘proq pul kerak bo‘lib kelgandim. Otamdan qanday so‘rashni bilmayotgandim.
– Aka, sizga ish yozaymi?
– Yoza olasanmi?
– Albatta. Hozir brigadirimiz Nurali aka bilan munosabatlarimiz zo‘r. Bir o‘zi to‘rt kishiga yozdirib oladi. Men bir sizga yozsam nima qipti.
– Tag‘in senga gap tegib qolmasin, qo‘y, chiroq.
Jim qolishdi.
Alibek nuqul boshqa gaplarga alahsiyapti. Boya kosmonavt degandi. Endi hisobchiligini maqtanyapti. Qanday bo‘lmasin hozir gaplashib olish kerak. Akasi pulni g‘amladi, shu ketishda bir oygacha kelmasligi mumkin.
… va Alibek bor shahdini tiliga jamladi:
– Aka, siz ham sevasiz-ku, to‘g‘rimi?!.
Salim yalt etib ukasiga qaradi.
Alibekning yuzi ichki zo‘riqishdan qizarib ketgandi…