1
Mamatning tepa sochi tik bo‘lib ketdi. Nahotki odam qurib qolganday, kelib-kelib, ularga Banot ko‘r qo‘shni bo‘lsa?! Bir qorindan talashib tushgan akasiga yomonlik qilib, eldan quvilgan xotin bularga tinchlik berarmidi?
Banotning akasi bultur to‘y qilaman, deb qattiq yig‘indi. Chavandozlar ko‘pkariga bir-ikki kun oldin oti bilan kelishadi-ku, shuni hisobga olib, otlar uchun ozroq arpa g‘amlagan ekan. Qurg‘urni qayoqdan olgan – u biladi, xudo biladi. To‘y kuni Banot atay rayondan militsionerni boshlab kelib, uni «tutib» beripti. To‘y azaga aylandi. Akasi qulog‘ini ushlab ketdi. Banot esa, mana … yuripti. Yurgani mayliya, odam quriganday, kelib-kelib, endi Mamatlarga devor-darmiyon qo‘shni bo‘lmoqchi! Rahima xolaning hovlisini sotib olmoqchi?! Gap shundaki, Rahima xola bola-chaqasi bilan ota yurtiga ko‘chib ketyapti. Bu yerda bir emas, ikkita hovlisi bor. Sotamiz, deb ovoza qilishganiga ham ikki oydan oshdi. Arzonga bular ko‘nmaydi, qimmatga – talabgorlar. Rahima xola uyni sotarmish, degan gap Banot ko‘rning ham qulog‘iga yetipti. Erini oldiga solib, bugun ertalab Rahima xolanikiga kelibdi. Shuni eshitib, hamma vahimaga tushib o‘tiribdi.
– Banot ko‘r hamsoya bo‘lsa, ko‘chib ketib tinchiymiz-ov, – dedi hatto Mamatning xotini.
– Nafasingni issiqroq qil-e! El bor, yurt bor, qolaversa, brigadir bor, o‘ylab, bir chorasini topishar axir…
– Iqbol opayam xafa. Rahima xolaga: «uyingni Banotga sotsang – qarg‘ayman. Borgan joyida yolchimasin, olgan puli buyurmasin, deyman», dedi.
– Rahima xolachi?
– Unda o‘zing ol. O‘zing olmaysan, boshqaga sotgani qo‘ymaysan, qanaqa odamsan o‘zi, dedi. Bir hovlisini to‘qqiz mingga savdo qilipti.
– To‘qqiz ming? – Mamat o‘rnidan turib ketdi. – Choldevorga-ya? Banot ko‘rning esi joyidami o‘zi? Yo pulni yerdan shipirib oliptimi?
– Pulning zo‘ri bilan olmasa, kim unga uy sotardi. Rahima xolaga pul kerak emish, yangi uy quramiz deb ancha qarz bo‘lipti. Endi Banot ko‘r ko‘chib kelsa…
Mamatning xayoliga bir fikr kelib qoldi. U xotinini ovutdi-da, tashqariga chiqib, otiga mindi. Bir talay qo‘shnilar ko‘chada uy savdosini muhokama qilib turishgan ekan.
– Oho! Jamoa jam-ku! Muncha? – so‘ragan kishi bo‘ldi Mamat, otinig jilovini tortib. – Azaga yig‘ilganday bo‘lib turibsizlar. Jon hovuchlab… Ko‘chib kelavermaydi, e qizini…
– Ketidan so‘kishni biz ham bilamiz, – dedi Usmon.
– Banot ko‘rdan, o‘zi, nega qo‘rqasizlar? Kimki o‘g‘ri bo‘lsa, o‘sha qo‘rqsin, – dedi Mamat, Usmonga qaramasdan.
– Qo‘rqadigan bir biz emasdir, – dedi Usmon rangi o‘zgarib. – Nima qilasiz shunaqa gaplarni chuvalatib.
– Nima deyin bo‘lmasa?
– Ko‘rni yaqin yo‘latmaslik kerak.
– Qo‘lingizdan kelsa – yo‘latmang! Brigadirga boring, ayting! – dedi Mamat cho‘rt kesib va jilovni siltadi.
Mamat ilgari uzumchilik brigadasida ishlardi. Qattiq kasalga chalinib, uzoq davolandiyu, og‘ir ishga yaramay qoldi. Ikki yildan beri sovxozning bedazoriga qorovul. Otda ham kuni bir aylanib chiqsa – bas. Sovxozning eng chekkasi – shu bedazor. Banotning tomorqasiga tutash. Banotning bir qo‘ra qo‘yi bor. Qachon qarama, bolalari bedazor atrofida boqib yurishadi. Bir kuni qo‘ylar bezadorga tushgan ekan, Mamat o‘zini bosib, tanbeh berdi. Banot yomon. O‘rmon xo‘jaligi qorovuli Samadboyning kapasini kuydirdi…
Yaxshi bo‘lmadi o‘shandayu Samadboydan ham ozroq… o‘tdi-da, o‘zi. E-e, bu Banot!! O‘shanda Samadboy ikkovi soyani olib, o‘tgan-ketgandan hangoma qilib o‘tirishgan edi, bir mahal… Asli Samadboyning ham aybi yo‘q emas… Yantoqzorda qo‘ylarini boqib yurgan Banotning erini ko‘rib, bexosiyat, dedi. Mamat gap qo‘shmadi.
– Hech qo‘lga tushmadi-da.
– Hmm!?
– Tunov kuni bostirmaga kerak bo‘p qoldi-da. Qo‘ling tekkandan keyin og‘zing ham tegadi-da, to‘g‘rimi?.. Kesib opketayotsam, er-xotin… Banot ko‘r – bosh, «o‘g‘ri», deb yoqamdan olguday bo‘ldi-yov.O‘rgildim sendaqa to‘g‘rilardan. Hap, senimi, shoshmay tur, deb…
Shu chog‘ qo‘ylardan biri nimadandir hurkdimi, tisarildi, keyin burilib, irg‘ishlagancha daraxtzorga kirib ketdi. Samadboy o‘mganini ko‘tardi:
– Ho‘-o‘y, Sa’dulla aka! – dedi o‘dag‘aylab, – qo‘ylaringizga qarasangiz o‘lasizmi?
Qo‘ylarini darrov qaytargan Sa’dulla aka bu gap yoqmadi.
– Nima demoqchisan? – dedi tap tortmay.
– «Nima demoqchisan?» deydi-ya! Qo‘yni eplagan boqadi-da.
– Qo‘yim davlatga senchalik ziyon yetkazgani yo‘q..
– Nima, nima? – Samadboyning yuzlari qorayib ketdi. Qo‘llari titrab o‘rnidan turdi-da, Mamatning hay-haylashiga ham qaramay, yeta bir musht urib, Sa’dulla akani qulatdi. Mamat picha taysallab turdi. Qarasa, ish chatoq. Borib o‘rtaga tushdi. Sa’dulla akani turg‘izib qo‘ygan bo‘ldi.
– Iflos, muttaham! – Sa’dulla aka tupurinib, qoqindi. – O‘g‘ri!
– Nima deding? O‘zing kimsan? Avliyomisan? He, sendaqa avliyoning… – Samadboy bir siltanib, Mamatni chetga surdiyu, yana Sa’dulla akaga tashlandi. Yerga yotqizib, tepa ketdi. Mamat yana oraga tushdi, yana ularni ajratdi, yana Sa’dulla akani turg‘izib qo‘ygan bo‘ldi. Kiyimlariga ilashgan xas-xashakni qoqishga ham holi kelmay, hiqillab ketayotgan Sa’dulla akaga achinarini ham, achinmasini ham bilmasdi. Har qalay u Banotning eri edi… Banot esa…
– Kasofat! Enag‘ar!… – Samadboy so‘kindi.
Mamat hushyor tortdi. Esim borida etakni yig‘ishtirib, jo‘nab qolay deb turgandi, Samadboy uni turtdi. G‘alati qaragancha: «Oq tuya ko‘rdingizmi?» dedi. Shu chog‘ balo-qazoday bo‘lib, Banot ko‘r yetib keldi. U shang‘illab olamni buzar, deb cho‘chigandi Mamat. Yo‘q, Banot bunday qilmadi.
– Ko‘zlaringni o‘yib olaman! – dedi ikki barmog‘ini Samadboyga nuqtab. – Qo‘llaringni sindiraman.
– E, hovliqma! Davlat bu daraxtlarni sening qo‘ylaring uchun ekkan emas. Hali javob berasan! To‘laysan!
– Qaysi daraxtingni yedi? Qani ko‘rsat-chi menga.
– Men senga atcho‘t bermayman. Tegishli joyda ko‘rsataman. Tushundingmi?
– Ko‘rsatolmaysan. O‘zing qip-qizil o‘g‘risan! Nimani ko‘rsatasan? …Iye! Siz ham shu yerdamisiz? – dedi Banot Mamatni endi ko‘rib. Bu-ku, mayli, «sen»dan chiqan, sizga nima jin urdi? Hay, qo‘y, deyishning o‘rniga…
– Opa, men…
– Opa demang. Sizdan ham ko‘nglim qoldi. Odam degan shunday bo‘ladimi? Bu-ku, qip-qizil…
– E, opa, siz oldin nima gapligini biling. O‘rtaga tushgan aybdormi?
– Nima gapligini juda yaxshi bilaman. Hammangni tiling bir. Senlarga qolsa…
– Ho‘-o‘v! Ho‘-o‘y, manjalaqi! Ketasanmi, yo bir urib, yerga kirgizib yuboraymi? – Samadboy yana o‘dag‘ayladi.
– Ketmayman! Ur! Ana ur! Zo‘rmisan? Ur! Ha-a, urib bo‘psan! Qo‘rqasan! Qo‘rqmay ko‘r-chi! Shoshmay tur. Bola-chaqangni o‘ylab, ichimga yutib yuruvdim. Seniyam esingni kirgizib qo‘yadiganlar bor!
Banot yo‘l bo‘yi javrab ketdi. So‘ng Mamat eshitdiki, erini kasalxonaga yotqizipti… Oxiri Samadboy qamaldiyu Mamatning ham unga qo‘shilib ketishiga sal qoldi. «Men bor-yo‘g‘i ularni ajratgandim», deb zo‘rg‘a qutuldi.
Bedazorga yetib kelganicha har narsani o‘ylayverganidanmi, boshi qizib, Mamat holsizlandi. Otdan tushib, yonboshladi. Picha ko‘zi ilingan ekan, tapir-tupurdan uyg‘onib ketdi. Qarasa, bir qo‘ra qo‘y shundoq bedazorning uvatida… Boshi qotdi: nima qilsa ekan? O‘zi, Banot ko‘r… Xotini «ko‘chib tinchiymiz-ov», dedimi? Sa’dulla aka-ku, yomon odam emas, a, bari bir xotinining yo‘rig‘iga yuradi-da. Banot ko‘rni qishloqning teng yarmi xushlamayapti… Tinching bo‘lmaydi keyin… Hadiksirab yashashdan yomoni bormi? Nima qilsa ekan-a!? Qo‘ylar bedazorga yopirila boshlashdi. Egasi qani buning? Mamat irg‘ib o‘rnidan turdi-da, otiga mindi-da, qo‘ylarni oldiga solib haydadi. Bo‘lsa-da, Banotning qo‘ylari chiqar. Qilayotgan ishi Mamatning o‘ziga yoqmadi, ammo… nima bo‘lsa bo‘lar, .. haydayverdi. Ancha joyga borgandan keyin o‘girilib ko‘rdiki, o‘n-o‘n ikki yashar bola ketidan yugurib kelyapti. – Banotning o‘g‘li. Bo‘g‘ilib, qilt etib, yutindi. Bir xayol qo‘ylarni berib yubormoqchi bo‘ldi. Yana… Banotni yurakoldi qilgani ma’qul. Qo‘rqsa, och qornim, tinch qulog‘im, deb issiq joyini sovutmaydi. Rahima xolaning hovlisini olmaydi. Qolaversa…
Mamat otini to‘xtatdi. Yaqinlashgan bola ham Mamatning qo‘lidagi qamchindan ko‘z uzmay, hiqillagancha to‘xtadi.
– Ha, jo‘ra! – dedi Mamat, uning keng manglayiga qaragancha, – qo‘ylar senikimi?
Bola mo‘ltayib, ha, degancha, bosh irg‘adi. Keyin yerga qarab, ko‘zlarini bilagi bilan to‘sgancha, ho‘ngrab yubordi. Yana bir nima bo‘g‘ziga tiqildi.
– Qarasang bo‘lmaydimi qo‘ylaringga?
Bola umidvor yoshli ko‘zlarini unga tikdiyu Bu qarash Mamatga Banotni eslatdi. Diydasi tosh qotdi. Xotini, «ko‘chib tinchiymiz-ov» dedimi? Qo‘shnilar ham?..
– Borib enangga ayt. Qo‘ylar bedapoyaga tushgan edi, Mamat aka haydab ketdi, de.
Mamat qo‘ylarni haydadiyu Bolaning yig‘isini eshitsa-da, qayrilib ortiga qaramadi. Tishini tishiga bosib, yo‘lida ketaverdi. Chayla yonidagi qo‘toncha ko‘pdan beri bo‘sh. Mamat qo‘ylarni qo‘tonchaga qamadi-da, chaylaga kirdi. Baxtiga brigadirning o‘zi ham shu yerda ekan. Yaxshi bo‘ldi – guvohlikka o‘tadi.
– Ha, Mamat aka! Ishlar boshqachami bugun?
– E, qo‘yavering, bugun bir ish qilamiz, qog‘oz-qalam bormi?
– Topamiz. Nimaydi?
– Akt tuzishni bilasizmi?
– Iyya, iyya, yangilik-ku! Nimaga akt yozamiz?!
– Banot ko‘rning qo‘ylarini haydab keldim. Bir qo‘rqitib qo‘ymasak, bo‘lmaydiganga o‘xshaydi…
2
Banot Rahima xolanikidan ko‘ngli ancha taskin topib chiqdi. Hovli savdosi pishib qolayozgan edi.
Eldan chetda yashab, to‘g‘risi, Banotning bo‘ladigani bo‘ldi. Bu ovloq joyda qo‘ni-qo‘shni yo‘q hisob. Suvni ham quduqdan olishadi. Yaqin atrofda na bir do‘kon, va na bir qishloq bor. Nafsilambirini aytganda, bu yer mol boqishga qulay. Lekin gap bunda emas. Odamning taftini odam olarkan. U ham elga elakishsam, birovning og‘irini yengil qilsam, dardimga malham qo‘shnilarim bo‘lsa, deydi. Shuning uchun ham Rahima xolaning uyiga talabgor bo‘ldi. Shuning uchun ham…
Banot uyning daragini uch kun burun rayondan qaytayotib, avtobusda eshitdi. Aytishlaricha, bir-ikkita hovli sotilayotgan emish. Uning yuragi hapriqdiyu Nima bo‘lganda ham bittasini olish kerak. Katta o‘g‘li Samarqandda texnikumni bitiryapti. Rayonda ishlayman, deydi. O‘sha yoqqa ko‘chishsa, unga ham qulay bo‘ladi: xohlasa, avtobusda, avtobus bo‘lmay qolsa, xohlasa, piyoda borib kelaversa ham bo‘ladigan joy. Uch chaqirim nima degan masofa axir!? Rayon markazigacha-da!
Ammo Banot eshitdiki, Rahima xola tezob, ta’biga yoqmasa, xaridorga ters gapirib, qaytarib yuborarmish. Shu bois u Rahima xolanikiga cho‘chinqirab qadam bosdi.
– Hovli sotarmishsiz, deb eshitdik, – deya gap boshladi Sa’dulla aka, dasturxon yozilib, bir piyoladan choy ichilgach. – Agar savdomiz to‘g‘ri kelsa, hovlingizning birini olsak, degan niyatimiz bor edi.
Birgalashib ikkala hovlini ham ko‘rib chiqishdi. Narigi uy-joy ancha ko‘rimsiz, odam yashamayotgani uchunmi, o‘t bosgan ediyu Bundan tashqari avtobusdagi xotinlarning gapiga qaraganda yigirma yil oldin bir odam shu hovlida tentak bo‘lib qolib, ko‘chib ketgan ekan. Keyingisi o‘n besh yil yashab, befarzand bo‘lib, oxiri kasalga chalinib, bunisi ham ko‘chib ketibdi. Rahima xola nomiga o‘g‘li uchun sotib olsa-da, o‘sha katta o‘g‘li shu hovlida yashab, shu hovlidan ota yurtiga ko‘chib ketibdi. Shu hovli… haqiqatan ham peshayvonli, tomorqasi ham hiylagina, molxonayu, qo‘ylar uchun qurilgan qo‘rasi bor. Oshxona-ombori mustahkam. Chorbog‘dagi mevali daraxtlar ham anchagina…
– Mana shu hovliga narx ayting, – dedi Sa’dulla aka, Banot bilan maslahatlashib olgandan keyin.
Rahima xola Samarqandda o‘qiydigan, bugun qandaydir sabab bilan uyga kelib qolgan o‘rtancha o‘g‘li – Vohidga qaradi.
– Bu hovli hozircha tura turadi, – dedi Vohid, – avval akamnikini sotamiz.
– Nega?
– Endi… mayda-chuyda ko‘ch-ko‘ronlar shu uyda. Biz sotsak, ertaga hovlini bo‘shat, deysizlar. Mayda-chuydani bu hovlidan u hovliga tashish kerak. Sizlarga shu hovli yaxshi ko‘rinyapti-da, a? Aslida unisi yaxshi. Uy – yangi, poydevori mustahqam. Sizlar, xonalari ko‘p, ayvoni bor, molxonasi katta, deb bunga qiziqyapsizlar, aslida…
Sa’dulla aka Banotga qaradi. – Vohidning gapida jon bordek tuyuldi. Banot bari bir fikridan qaytmadi. Egasi maqtagan moldan qoch. Qimmat bo‘lsa, shunisi ma’qul, egasi yolchimagan uydan uzoqroq turgan ma’qul.
– Endi o‘zlaringiz bilasizlar, – dedi Rahima xola, – lekin bu hovli o‘n mingdan kamiga sotilmaydi.
– O‘n ming bo‘lar, yetti ming bo‘lar, savdoni qochirmang, – dedi Banot quvonib, chunki Vohidning gapidan keyin bir oz tashvishlanib qolgan edi.
– Sizlar foydalaringizni bilmayapsizlar-da, – dedi Vohid. – To‘g‘ri, narigi hovlimiz haqida har xil gaplar chiqqan. Qolaversa, akam besh yil o‘sha hovlida yashadi, uchta farzand ko‘rdi. Ko‘chib ketayotganda ham qishloqning yarmi to‘planib, oq yo‘l tilab qoldi. Har kim har narsa deyaveradi-da.
– Endi-i, – deya cho‘zib gap boshladi Sa’dulla aka, – bizniyam sizga o‘xshagan ustudent o‘g‘limiz bor. O‘shani uylantirib, shu hovliga kiritsak deymiz. U rayonda ishlamoqchi. Bu yerdan qatnash qulay. Uyni savdo qilgan bilan hali-beri ko‘chib kelmaymiz. Mayli, qancha yashasanglar yashayveringlar, rozimiz. Faqat gapni pishitib qo‘yaylik. Puliniyam pichasini oling. Qachon narigi hovlini sotib, ko‘chib ketadigan bo‘lsalaringiz xabar qilasizlar, biz yetib kelib egalik qilamiz. Sizlar ko‘chib chiqib ketaverasizlar.
Vohid kulimsiradi:
– Hozir biz pulni olsak, oradan uch kun o‘tmay, chiq mening hovlimdan deb kelsangiz… Qo‘ying… bu hovli hali sotilmaydi.
– Unday demang, uka, – dedi Banot, uydan quruq qolayotganday shoshib, keyin Rahima xolaga o‘girildi. – Dugona, siz ayting, o‘g‘lingizga ayting axir, sal shashtidan tushsin. Endi, har kim ta’bi tortgan ovqatni yeydi. Bizga shu hovli ma’qul. Yetti ming bo‘lmasa, sakkiz mingga berarsizlar?
– Avvalo sotilmaydi. Sotilsa, narxi – o‘n ming! Bir tiyin kam emas! – dedi Vohid qat’iy.
– Obbo ukam-ey! Dugonam xaridorlarni yaqin yo‘latmayotgan emish, deb eshitib, rosa qo‘rqib kelgandim. Sizni ko‘rib xursand bo‘lib o‘tirgandim, siz onangizdan ham o‘tkazib yuborar ekansiz.
Ular kulishdi.
– Men gapning po‘skallasini aytyapman. Narigi hovli qachon sotilishini bilmaymiz. Bir yil, balki ikki yil turib qolar. Shuncha vaqt kutmaysizlar-ku, to‘g‘rimi?
– Mayli, mayli, biz hali-beri kelmoqchi emasmiz. Sakkiz ming deganminan shuncha pulimiz yo‘q hozir. Savdosi pishsa, bas, keyin yig‘inamiz. Endi,.. hozircha, ming so‘mmi, bir yarim mingmi, berib qo‘yaylik. – Sa’dulla aka qo‘yniga qo‘l tiqdi.
– Qo‘ying, aka, qo‘ying, pulingizni chiqarmang.
– Hay, bo‘lmasa, sakkiz mingga rozimisiz? Shunga baraka qilaylik, qo‘lingizni bering, uka!
– Ie! Qo‘ysangizchi, nima, baraka olib, bizni qasamga tayamoqchimisiz?
– Mayli, – dedi Sa’dulla aka qo‘ynidan qo‘lini olib, – shartlaringizga rozimiz. Faqat shu hovlini sizlarga beramiz, deb bizni ishontiring.
Vohid onasiga qaradi.
– Dugona, o‘g‘lingizga aytsangizchi. Bir nima deng axir! – deya Banot tilga kirdi. – Bizlar ham bir orzumanda odam. Shu hovlida bola-chaqamiz yashasin, baraka topsin, deb yaxshi niyatda kelganmiz. Boshqalar beradigan pulni biz ham beramiz, ko‘proq ham beramiz. To‘qqizga ko‘nasizlarmi?
– Ona, bu uyda kim tursa ham bizga bari bir emasmi? – dedi Vohid. – Bu kishilar shunday yaxshi niyat qilib… Lekin aytib qo‘yay, to ko‘chib ketgunimizcha indamay turasizlar. Gap pulda emas-u… Umuman, shu uyni olayotganlaringizni hech kim bilmagani ma’qul. To‘g‘risini aytsam, qo‘ni-qo‘shnilardan bitta-yarimta gap qochyapti. Boya Usmon aka chiqib… Hay, mayli, shu gapda… akangiz bilan oralaringizda qandaydir gap o‘tgan ekan-ku!..
Eru-xotin yerga qarab qolishdi. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi.
– Nima ham derdik, el ichida bir marta yomonotliq bo‘lganmiz, – dedi Banot jimlikni buzib, – mayli, siz aytgancha bo‘la qolsin…
Ular ketayotib, ko‘chada Usmonga ro‘para kelishdi.
– Hal bo‘ldimi? – talmovsirab so‘radi Usmon.
– Yo‘q, kelisholmadik, – dedi Sa’dulla aka.
– Bari bir shu uyni olamiz! – dedi Banot, unga sinovchan tikilib.
Usmonnning yuzi beo‘xshov qiyshayib ketdi, mo‘ylovi asabiy qimirladi, bejo ko‘zlarini olib qochdi.
– Qancha deydi?
– O‘n ming!
– O‘n ming?! Shu guvalagami? Yaxshisi sizlar Tovboy akaning uyini olingizlar. Shipirlangan, poydevoriyam zo‘r.
Tovboy akaning uyi ham Rahima xolaning ikkinchi hovlisiga o‘xshab, la’nat tamg‘asi bosilgan, ikki oila yolchimagan, shuning uchun endi arzon bo‘lsa-da, biron kishi olishga jur’at etmayotgan hovli edi.
– Bizga shu uy yoqadi, – dedi Banot, Usmonga tik boqib. – Yuz ming bo‘lsayam shu hovlini olamiz. Ko‘nglingiz qanday?
Ular yo‘lda davom etishdi.
Vohidning gapida jon bor shekilli. Usmon… Qayoqdan eshitdi ekan bular? Banot uy olamiz, deb birovga churq etgani yo‘q. Erining-ku, og‘zi mahkam. Shaytonning ishimi bu? – butun Barlosda shu gap. Ishqilib, bir yomonotliqqa chiqma. El og‘ziga noming tushmasin ekan. Asli Banotda nima ayb? Rost, akasi uning dastidan qamaldi. Lekin… aslida-ku, Banot qamatmoqchi emasdi. Shunday bo‘lib chiqishini tush ko‘riptimi? Militsionerlar bir tonnacha arpa topishdi, keyin boshqa ayblari ham ochilib…
Akasi dala brigadir edi. Sovxozning necha ming gektarlik lalmi yeridan o‘rilgan bug‘doy, arpa, somon uning qo‘lidan o‘tardi. To‘yga tayyorgarlik ko‘rib, kimlardan maslahat so‘ramadi, lekin: mana shu singlimdir-ov, shunda ham ko‘ngil bordir-ov, deb ko‘r bo‘lsa-da, Banotni yo‘qlamadi. Shunaqa ish qilyapmiz, singil, nima deysan, demadi. Albatta, Banot tog‘ni ag‘darib kelolmasdiyu, har qalay, ko‘ngil-da. Nuqul yetti yot begonalar, mashina minganlarni chaqirdi. Munda-ay, uzoqroqda tursa ham boshqa gap edi. Ko‘z ko‘rmaydi, quloq eshitmaydi, xotirjam yurasan. Axir yonma-yon yashab… Banot istasa-istamasa, akasinikiga kim kiryapti, kim chiqyapti, ko‘rib-bilib turadi. Bu ham kamdek, bittasiga: singlimning ham, kuyovimning ham tayini yo‘q, bir dasturxon atrofida o‘tirging kelmaydi ularminan, depti. Ana shu gap baridan oshib tushdi. Hatto to‘y kuniyam bir og‘iz yo‘qlatmadi. Faqat to‘yxabarchi el qatori, «falonchinikiga to‘yga», deb o‘tib ketdi. O‘g‘li, botinkam yirtiq, to‘yga qanday boraman, deb xarxasha qildi. Eri boyaqish, dili og‘ridimi, mung‘ayib uyga kirib ketdi. Nog‘oraning taka-tumi… Sozanda nog‘orani emas, uning miyasini chalayotganday… Banot dunyoga kelgandan beri bunchalik xo‘rlik ko‘rmagan edi. Sharttta to‘yxonaga kirib bordi-da, akasining yengidan tortdi.
– Nima kerak senga? – dedi akasi ensasi qotib, so‘ng qo‘lini jerkib tortib oldiyu
Banot ko‘r yonib, lovullab ketdi. Akam, hech bo‘lmasa, ko‘ngil uchun, «qayoqda yuribsan, bu yoqqa o‘t», deydi deb umid qilgan edi. Yo‘q, unday bo‘lmadi.
– To‘yingizni buzaman! – dedi Banot, butun qahrini yagona sog‘ ko‘ziga jamlab.
– Bor, bor, ko‘p shaqillaman! Ishqilib, bir yomonlik qilmasalaring turolmaysanlarmi?
– Turolmayman! Yomonlik qilaman! – dedi Banot depsinib. – Bizlar ham odam edik, singlingizman! Birovlarga o‘xshab harom-harishdan…
– Ho‘y, menga qara, nima demoqchisan o‘zi? Yigirma yildan beri holi-jonimga qo‘ymaysan! Singlim bo‘lganingdan or qilaman. Endi bir kaming to‘y buzish qoluvdi. Bor, bilgan p…ni ye!
– Bunisi mening ishim! – dedi Banot.
Keyin… O‘zi shunaqa: Banot achchig‘i chiqsa, hech balodan qaytmaydi. Jahl ustida ko‘p ishlarni qilib yuboradi. Buning oqibatini, achchig‘i tarqasa pushaymon yeyishini sezib tursa-da, bari bir, qiladi. Bir tomondan odamlar ham… dindan chiqarib yuboradigan muomala qiladi-da. «Hap, senimi?!», deydigan darajaga olib boradi. Mana, Usmon ham qo‘li egri, tag‘in… Banot ham boshqalarday hech narsani ko‘rmaganday tinch yashashga ko‘p urindi, bo‘lmadi…
3
Eru-xotin uyda o‘tirib, endi nima qilamiz, shuncha pulni qayoqdan topamiz, deb xomcho‘t qilib o‘tirishganda o‘g‘illari hiqillab kelib qoldi. Nima emish, Mamat qorovul qo‘ylarni haydab ketgan emish.
– He-e, odam bo‘lmay ket-e! – Banotning achchig‘i chiqdi. – Nega haydab ketadi? Onasining mahriga tushgan ekanmi? Haydab ketsa, indamay qarab turaverdingmi, eshshak! Ho‘, og‘zingdan qoning kelgur! O‘chinr ovozingni!
Bola yig‘idan taqqa to‘xtadi. Burnini tortib, ko‘zlarini ishqaladi.
– Qayerda boqayotgan eding? Yo bedapoyaga tushdimi? To‘g‘risini ayt, aldama!
Bola indamadi.
– Gapirsang-chi, yer yutkur! Tiling uzilib tushib qolmagandir?! Bedapoyaga tushganmidi?
Bola yo‘q, degan ma’noda bosh chayqadiyu, yana ho‘ngrab yubordi. Banot bir nimani anglaganday, bechoravash, o‘ylanib qoldi. Mamat ikki yildan beri bedazorga qorovul. Biron marta san-manga borganlari yo‘q. Shunday odam bilan hamsoya bo‘larkanmiz, deb Banot xursand bo‘lgandi. Endi…
Mol achchig‘i – jon achchig‘i. Banot erini qiyin-qistovga olib, Mamatning oldiga jo‘natdi. Jo‘natdiyu, keyin pushaymon qildi. O‘zi borishi kerak edi. Mamat bilan yaxshilab gaplashib qo‘yardi. Nega bunday qiladi, a? Banot o‘zini qo‘yarga joy topolmay, hovliga chiqdi, yana uyga kirdi. O‘g‘lidan: «bedapoyaga tushganmidi, yo‘qmi?», deya qayta-qayta so‘radi. Javobini eshitishga sabri yetmay, shoshilib, ko‘chaga chiqdi, yana…
Nihoyat eri shalpayib qaytib keldi.
– Qo‘ylar qani?! Davlatga topshirib yuboriptimi? – so‘radi Banot o‘dag‘aylab. O‘zi, bu lapashang erining qo‘lidan bir ish kelmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun yuborganidan pushaymon yedi.
– Qo‘ylaring yuz so‘mlik bedani yeb qo‘ydi. Yo jarima to‘laysan, yo qo‘ylaringni davlatga topshirib yuboraman, dedi.
– Yuz so‘-o‘m! O‘nta qo‘y yuz so‘mlik beda yeptimi? Yuz so‘mga beda olsam, uch oy qish yediraman-ku!
– Akt ham tuzipti, menga qo‘l qo‘ying, dedi, qo‘ymadim…
«Akt»ni eshitib, Banotning dami ichiga tushdi. So‘ng yana achchig‘i chiqdi. Mamat hali Banotning nog‘orasiga o‘ynamapti. Hozir rayonga borib, bitta militsionerni boshlab keladi-da, hu, yakkatutning tagida poylab turishadi. O‘zi, o‘z oyog‘i bilan… Banot ro‘molini boshiga tashlab, rayonga ketdim, deb ko‘chaga otlangandi, eri to‘xtatdi:
– Shoshmasang-chi, pishirib qo‘yiptimi u yoqda? Mamat shtarapni bir soatda opkelsangiz opkeldingiz, bo‘lmasa, qo‘ylardan umidingizni uzing, shtrap o‘rniga topshirib yuboraman, dedi.
– Men ham Mamatni davlatga topshiraman. Bi-ir o‘tirib chiqsin, esi joyiga tushadi. Samadboyga qo‘shilib kesilayotgan edi, aslida bekor gunohidan o‘tgan ekan-da. Hu, uyginang kuygur!
– O‘-o‘v, gapga tushunmagan, qo‘ylaring davlat hisobiga o‘tib ketadi, deyapman. Keyin Rahima xolaning hovlisidan ham ayrilib qolasan. Sen bo‘lsa… Yaxshimi, yomonmi, ertaga Mamatga hamsoya bo‘lsak… Uniyam bola-chaqasi bor. Ko‘z ko‘zga tushadi. Hadeb rayonga boraman, deysan. Sen kallani ishlat. Mamatga bas kelolmaysan: qo‘lida qog‘ozi bor. Brigadir, yana bitta ishchi, uch kishi qo‘l qo‘ygan. «Men davlatning odamiman, davlatning bedasini qo‘riqlayapman», dedi Mamat. Har yerda uning gapi o‘tadi.
Banot ikkilanib turib qoldi. So‘ng:
– Bedapoyaga tushgani rostmi o‘zi? – deya o‘smoqchiladi.
– Muni borib Mamatdan so‘ra. Uchta odam bekorga buytmayotgandir axir!
– Hu qirilib ketgur! – Banot g‘azabini bir chekkada mung‘ayib o‘tirgan o‘g‘liga sochdi. – Mamat qo‘ylarning o‘rniga seni qo‘raga qamamaydimi, seni davlatga topshirib yubormaydimi? Yuz so‘m tugul, birov bir so‘mga olmaydi seni! Qirg‘ining kelsin! Qirg‘inlaring kelsin-a!
Bola yig‘ladi. Sa’dulla aka o‘rtaga tushdi:
– Qo‘-o‘y, bo‘lari bo‘ldi! Endi bu yog‘ini o‘ylaylik. Xo‘-o‘sh, nima qilamiz?
– Manovi og‘zingdan qoning kelgur bersin yuz so‘mni! Mening ortiqcha pulim yo‘q. Bedapoyaga tushgani rostmi? O‘la, qirilib ketgur! – Banot yana o‘g‘liga yopishdi. – Bir tiyinlik nafi tegmaydi, yuz so‘mlab ziyon yetkazadi. Qo‘ylarni oralatib yuborgan bo‘lsang kerak. Mamat bekorga buytmaydi. Siz ham landavursiz! – Banot eriga o‘girildi. – Tushuntirmadingizmi? Bir marta kechir, demadingizmi? O‘zim borib gplashaman Mamat bilan! Shoshmay tursin! Aytganim – aytgan, deb o‘ylagan-da! Qo‘ylarni topshirib ko‘rsin. Bunda-ay, otining yuganiga tarmashmaysanmi? Aka, qo‘ying, bir marta kechiring, demaysanmi? He o‘l-a!!!
– Baqirib bo‘ldingmi? Pulni olib chiq.
– Qancha?
– Olib chiq, ozroq… Ishqilib, Mamat ko‘nadigan bo‘lsin. Bari bir yuz so‘m bermaymiz-ku.
Banot ichkariga kirib, sandiqni ochdi-da, sakson so‘m oldi. Shu zahoti o‘n so‘mni qaytarib joyiga qo‘ydi: «Mamat bu pulni yeganga p…mni yesin!» Yetmish so‘m! Banot yana o‘n so‘mni sandiqqa qaytardi: «Mamat shu yog‘ini yesayam og‘zi-burni to‘lib ketadi!» Qo‘lidagi oltmish so‘m ham ko‘p edi: «Bu pulni Mamat o‘lsayam davlatga topshirmaydi: «Haromxo‘r!» Bermayin desa, aktning kuchini yaxshi biladi. O‘shanda ko‘rgan: «Samadboy urganda eri bir kechayu-kunduz qon tupurib yotgan. Oxiri duxturxonaga olib borishdi. Samadboy uvali-juvali, bolalari chirqirab qolmasin, deb eri da’vosi yo‘qligini aytibdi. Lekin duxtur: «Kim u, sovet zamonida birovni uradigan zo‘ravon?», deb shartta akt yozib tashlaptiyu… Mamat ham o‘shanda oyog‘idan ilingan ediyu… Ho‘, qon qusgur!
Banot pulni ko‘kragiga bosib, eshikka yo‘naldi. Nazarida yana o‘n so‘m ortiqchaday: «Nima qipti? Ellik so‘m ham Mamatni teshib chiqadi? O‘lmaydi! Shuni ham tinch-omon bola-chaqasiga yedirib ko‘rsin-chi!» Banot yana o‘n so‘mni sandiqqa qaytardi.
4
– Siz ham bopladingiz, – dedi brigadir qotib-qotib kularkan. – Yuz so‘m-a! Balo ekansiz! Yana, direktorga o‘xshab, do‘q urganingiz ortiqcha! Sizni yuvosh odam deb yursam… e, yashang-e! Banot ko‘rning erini qo‘rqitdingiz-a.
– E, uka, kerak bo‘lsa, yuvoshning yo‘g‘oni chiqadi. Tomoshani endi ko‘rasiz. Hali zamon Banot ko‘r halpillab kelib qoladi.
– Kelsa, qochib ketmaysizmi?
– Yo‘q. Qochmayman. Bugun u bilan bi-ir-r tashlashayin.
– Banot ko‘r yuz so‘m beradi, deb o‘ylaysizmi?
– E, menga bir tiyiniyam kerak emas. Pulini boshimga uramanmi? Bugun uni maralniy ezishim kerak. Gap shunda.
– Qo‘lingizdan kelmaydi-yov.
– Bu nima? – Mamat «akt»ni pesh qildi. – Biz qorovulmiz, haqqimiz bor. Endi siz ham og‘zingizga talqon solmay, onda sonda gapni quvvatlab turing-da.
Banot o‘g‘li bilan erini yetaklab kelganda ular hamon chaylada maslahatlashib o‘tirishardi. Banot qo‘tonchadagi qo‘ylarni ko‘ribmi, yo boshqa maqsaddami, yuvoshgina bo‘lib, chaylaning chetiga cho‘kdi.
– Keling, – dedi Mamat pinak buzmay.
Chaylaga bir zum noqulay jimlik cho‘kdi.
– Hamsoya bo‘lish niyatimiz bor edi, – dedi nihoyat Sa’dulla aka, – sizni yaxshi odam, deb ko‘p eshitganmiz, o‘zimiz ham bilamiz. Ko‘z ko‘zga tushib turadiyuyuyu
– Ha-a… – dedi Mamat kinoyaomuz, davom etaveringchi, deganday.
– Endi-i, to‘g‘ri: bizning nomimiz yomonotliqqa chiqqan. Yaxshi bo‘lsak ham yomonmiz, yomon bo‘lsak ham yomonmiz. Bizdan o‘tgandir, o‘tmagandir, qo‘yimiz bedaga kirgandir, kirmagandir, mana, o‘g‘limiz biladi, siz bilasiz. Bir aybimizdan o‘ting…
Erining ezmalanishidan Banotning toqati toq bo‘ldi:
– Qo‘ylarni bering, – dedi u Mamatga o‘qrayib.
Bu gap Mamatning nafsoniyatiga tegdi. Bir narsa deb yuborishiga sal qoldiyu, shaytonga hay berib, o‘zini bosdi:
– Ana, turipti qo‘ylaringiz, olib ketavermaysizmi?
Kinoyaga kinoya bilan javob qaytarishga Banot ojiz edi. Ojizligini his etish undan-da yomon. Eng yomoni – Mamatning qo‘lida «akt» bor. Qolaversa, erta-indin… Shularga suyanarman, deb…
– Mar-ha-ma-at! – dedi Mamat, so‘zining har bir bo‘g‘iniga urg‘u berib va qo‘ynidan buklog‘liq qog‘oz chiqardi. – Mana, shu «akt»larga qo‘l qo‘ying-da, qo‘ylaringizni olib ketavering. Ikki soatdan beri ularni qo‘riqlab o‘tiraverish jonga tegdi.
– Qo‘ylar bedapoyaga kirmagan! – dedi Banot xezlanib.
– Kirmagan?! Ha-a, shundaymi? Yana nima demoqchisiz? Tag‘in qanaqa tuhmatingiz bor, qo‘shnijon!? Ayting! Armon bo‘lib qolmasin. Balki davlatning bedasi katta enangizdan qolgandir, sizga meros bo‘lib!? Qo‘lingizda qog‘ozingiz ham bordir, bu bedazorda Banotning qo‘ylari bemalol o‘tlab yuraverishi mumkin, degan. A?! Bedazor otamdan qolgan emas, indamay ketaversam. Davlatning mulki – bu! Mana bu «akt»ga , – Mamat qo‘lidagi qog‘ozni silkidi, – qo‘l qo‘ysangiz qo‘ydingiz, qo‘ymasangiz, bosh tortdi, deb yozib, o‘zingizni ham davlatga topshiraman, qo‘yingizni ham.
Er-xotin bosh egib qolishdi. Oraga yana noqulay jimlik cho‘kdi. Mamat brigadirga qaradi, brigadir ko‘zlarini olib qochdi. Mamat tomoq qirdi. Nihoyat brigadirdan sado chiqdi:
– Bedani yegani-ku, mayli-ya, – dedi u chaynalib, ammo lekin… shunday katta yo‘lning yoqasi, rahbarlar kelib qolsa… yaxshi emas. Bu kishigayam qiyin, bo‘ynida javobgarligi bor…
– Mana bundan bo‘lgan-da! – Banot turib-turib yana o‘g‘liga yopishdi. – Qo‘ylar bedaga kirmadi, deganding-ku, juvonmarg!
Bola hiqilladi.
Bir yuk Mamatning yelkasidan shunday bosdiki, yerga kirib ketayotganday bo‘ldi.
Banot o‘g‘lini shapatlay boshladi. Bola yig‘lagancha, chayladan qochib chiqdi.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, Mamatjon uka, – dedi Sa’dulla aka. – Hamma gapingiz to‘g‘ri. Men o‘zim yarimjon odamman, bilasiz. Yangangiz uy tashvishidan ortmaydi. Kattamiz texnikumni bitiryapti. Shu vaqtgacha zarari tegsa tegdiki, foydasi tegmadi. Kichkinalarining qilib o‘tirgan ishi – mana bu! O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Biz ham yaxshiligingizni unutmasmiz. Bir kun qaytararmiz. Siz aytgancha pul topolmadik. Tishimizning kavagida asragan qirq so‘m pensiya puli turgan ekan, yanagi oygacha qozon qaynatmasak qaynatmasmiz, bolalarning rizqidan qiyib, shuni olib keldik. Mana! Iltimos, shu «akt»ni yirtib tashlang. Ko‘p yaxshiliklaringizni ko‘rganmiz, yana bir ukalik qiling, Mamatvoy!
Shu tobda Mamat qayoqdan ham Samadboyni, uning bola-chaqasini eslab qoldi. Diydasi qotdi.
– Nega «akt»ni yirtar ekanman?!
– Bir gapdan qoling endi, Mamatjon! Yirtib tashlang shuni, jon uka.
– Yirtib tashlasak, keyin sizning qirq so‘mingizni qayoqqa qo‘yamiz?
– Mayli, qayerga qo‘ysangiz qo‘yavering. Shu qirq so‘m sizniki.
– Siz meni kim deb o‘ylayapsiz? – Birdan Mamatning jini tutib qoldi. – Men pulingizga zor emasman. Xudoga shukr, oyoq-qo‘lim but. Siz… sizlarga qolsa, hamma – o‘g‘ri, muttaham! Bitta sizlar – to‘g‘ri! Sizlar – halol! Samadboy-ku, mayli, tug‘ishgan akasini qon qaqshatgan odam… – brigadirning turtkisi bois Mamat tilini tishladi.
Boshqa payt bo‘lganda er ham, xotin ham Mamatga nima deyishni yaxshi bilishardi. Og‘iz ochgani qo‘yishmay, yummalab tashlashardi. Lekin hozir… iloji boricha kamroq chiqimdor bo‘lish, Mamatning jig‘iga tegmay, qirq so‘m bilan masalani hal qilish… Mamat yuz so‘mning barini keltirasan, deya oyoq tiramayotganidan xursand bo‘lishsa, pulni olmayotganidan tashvishga tushib qolishgan edi.
– Endi, Mamatjon, qo‘ying shu gaplarni! Manavini oling-da, bizni…
– Ho‘-o‘y, nima deyapsiz o‘zi? Pora berganniyam qamaydi, olganniyam. Qonun bor-a, to‘g‘rimi, brigadir?
– Hm-m.
– Mana, brigadir guvoh, qo‘ylaringni ham, o‘zlaringni ham, aktni ham kerakli joyga topshiraman.
Mamat bunchalik deyishga bormas edi. Boshi qotib qoldi. «Akt»ni tuzishga tuzdiya, endi nima qiladi? Uni yirtib tashlasa, anavi pul… pora hisoblanadi, shekilliyu Brigadir esa miq etmaydi.
– Mayli, «akt»ni yirtmang, – dedi Sa’dulla aka bo‘shashib. – Faqat o‘sha, «yuz» degan joyini o‘zgartib, «qirq» qiling. Bizgayam rahmingiz kelsin. To‘g‘ri bo‘laman, deb to‘qmoq yeb yurgan odamlarmiz. Endi-i, davlatga o‘zingiz topshirib qo‘yarsiz. – Sa’dulla aka pulni ikki qo‘llab uzatdi. – Mana, yana o‘n so‘mim bor edi, uniyam qo‘shay. Ellik so‘m bo‘ldi. Oling endi shuni, Mamatvoy!
– Torting-e! – Mamat jon-poni chiqib tisarildi. Yuzi oqarib ketdi. – Bu nima qilganingiz? – dedi u lablari gezarib, – hozir…
– Jon, uka, xo‘p deya qoling! Yaxshi kunlaringizda qaytaraylik. Bolalaringizning huzurini ko‘ring. Jon, uka!.. – Sa’dulla aka ayanchli mo‘ltaygancha, tizzalab Mamat sari siljidi, uzatilgan qo‘llarida ellik so‘m pul. – Qo‘ying endi, nima o‘tsa bizdan o‘tdi, bir marta kechiring… – Ko‘zlarida yosh qalqidi, ovozi qaltirab ketdi.
Mamat tisarila-tisarila chayladan chiqdi. Chiqaturib:
– Brigadir biladi, brigadir, – deyishga zo‘rg‘a kuch topdi.
Brigadir yuzini o‘girgancha tutaqib o‘tirar, aftidan yaxshilik qiladiganga sira o‘xshamasdi. Ichida esa… Mamatni, unga qo‘shilib, noma’qulning nonini yegan… o‘zini bo‘ralatib so‘kardi…