Abulqosim Mamarasulov. Farishta (hikoya)

Alibek Samarqanddan o‘qishdan yiqilib qaytdi. To‘g‘risini aytganda, yiqilmadi. Yon-veriga qarasa, ishongan tanishi yo‘q. Kallasi aynib, hujjatini SamGASI ga topshiripti. Buni qarang-a! Matematikaning “m” harfini ham bilmaydi-yu, tag‘in… Yana, Samarqandda yurgandan keyin biri u deb, ikkinchisi bu deb, oyog‘ingdan oladiganlar chiqar ekan… Bor-e, dediyu, hujjatlarini qaytib olib, Barlosga ravona bo‘ldi.
Sovxozda uzum terish boshlanayotgandi.Brigadir Nurali aka o‘ziga hisobchi topolmay turgan ekan. Alibekning ko‘chada salanglab yurganini ko‘rib, taklif qildi. To‘rtinchi sinf matematikasini tushunsang, qo‘shish-ayirish, bo‘lish-ko‘paytirishni bilsang bo‘ldi, eplaysan, dedi. Alibek jon-jon deb rozi bo‘ldi. Baxt kulib boqqanini ko‘r. Hisobchi bo‘lish yomon emas. Bir mavsumda qanchadan-qancha pul ishlab olish mumkin. Bo‘ldi endi, Nurali aka bilan kelishib, o‘zigayam, otasigayam (omborda mudir), onasigayam (uy bekasi), akasigayam (student), opasigayam (ikki yil burun tog‘ tarafga erga tegib ketgan, hozir chaqalog‘ini boqyapti), singlisiyu (besh yoshli), ukasigayam (beshikda) ish haqi yozaveradi. Ana pul, mana pul. Qolgan uka-singillar o‘zlari ishlashadi. Ularga ham yordam qilib turish mumkin. Bu yog‘i zo‘r bo‘ladi. Pulga botadi. Bundan tashqari yaqinda Pedtexnikumning studentlari yordamga kelishadi. Bu degani – kayfu-safo degani. Maishat… To‘qson foizi qizlar. Bittasini ilintirib olsa, har kuni uchrashuvlar, o‘pishishlar, tizzaga bosh qo‘yib yotishlar… mazza!… (Ko‘ngil qursin, nimayam deysiz!). O‘tgan yili qishloqning yoshi katta bolalari yayrab qolishgandi. Uni esa, qizlar maktab o‘quvchisi deb nazariga ilishmagandi. Alibekka roza alam qilgandi. O‘zingdan ikki-uch yosh katta bolalar studentkalar bilan qanday uchrashuv tashkil qilganlarini, xilvatgohlarda… Eh-he, u yog‘ini eshitaversang, chiday olmay qolasan. Gap shu yerga yetganda Alibek o‘zini tutolmay, butun vujudi ko‘z bo‘lib, hamsuhbatiga tikilar, og‘zining tanobi qochayotganini sezar, lekin… – Oldin tansa tushisharkan, o‘sha yerdan bitta-bitta yetaklab ketaverisharkan (yolg‘on bo‘lsa xudoning o‘zi kechirsin!) Bu yil Alibek ham xuddi shunday qiladi. O‘tgan yili kichkina edi. Maktab o‘quvchisi edi. Endi… bo‘yi o‘sgan, kerak bo‘lsa, Samarqandini ham ko‘rib keldi. Ha, Alibek hazilakam odam emas. Ko‘p narsani o‘rgandi, ko‘zi pishdi. Umuman, o‘sha qizlar qo‘lida bo‘ladi (axir hisobchi-ku!) Lyuboyiga: senga ko‘proq yozaman desa, bo‘ldi, o‘zi yugurib oldiga keladi. Alibek studentkalarni qanday o‘ziga qaratishni yaxshi biladi. Ular kunlik normani bajarishi kerak, bu esa oson emas.
Xullas…
Alibek ish boshlash uchun uzumzorga borsa, sinfdoshi Zulfiya savat ko‘tarib, uzum terib yuripti.
– Iye, Alibek, senam qaytib keldingmi? – deb so‘radi u, muloyim ko‘zlarini tikib, iljayarkan. – O‘qishga o‘tolmadingmi?
– Shunaqa bo‘lib qoldi. To‘g‘risini aytsam, o‘qishga o‘tish qiyin bo‘lib ketipti. Avvalambor tanish kerak, so‘ng unga beradigan pul kerak. Ikkoviyam bo‘lmasa, o‘qishdan umidingni uzaver. Shuni bildimu, imtihonga yetmasdan qaytib kelaverdim. O‘zing nima qilib yuripsan?
– Ishlayapman. Qurbonoy bilan birga
Ikkita savatni uzumga to‘ldirib, qator orasidan Qurbonoy ham chiqib kelib qoldi. Alibek unga ham qaytish sabablarini tushuntirdi.
Zulfiya juda zo‘r qiz bo‘lib ketipti-da!
Yo avvaldan shunaqamidi?
Atirgulday ochilganini qarang! Biram mayin boqadiyey odamga. Erib ketging keladi-ya!
Qo‘limga ushlab hidlasam deysan! Maktabda o‘qib yurgan paytlari payqamagan ekan. Ayniqsa qaddi-qomati! Ajoyib! Zo‘r!! Qarashlari go‘yo yuragingga igna sanchayotganday bo‘laveradi. Shunaqa ignaning yana sanchilaverishini istaysan, huzur qilasan. – Alibek o‘z o‘ylaridan xursand bo‘lib ishshaydi.
– Nimaga kulasan? – Zulfiyaning o‘zi muloyim kulimsirab turardi.
– Maktabda o‘qib yurgan paytlarimiz esimga tushib ketdi, – dedi Alibek, hamon ko‘zlarini qizdan uzmay. – O‘shanda kichkina eding.
– Nima, endi katta bo‘lib qolipmanmi?
– Ha, juda chiroyli bo‘lib ketipsan!
– Rostdanmi?.. Sen esa,.. Samarqandga borib aynib kepsan! – Zulfiya gapini hazilga burmoqchi bo‘ldiyu, qattiq hayajonlanayotganini yashirolmadi. Betlari duv qizarib, – seni qarayu, – degancha savatlardagi uzumlarni yashiklarga to‘kib, Qurbonoyning orqasidan qator oralig‘iga yugurib ketdi.
Qizning ustida bor-yo‘g‘i qishloqcha keng tikilgan qizil gulli ko‘ylak bo‘lib, o‘ziga juda yarashgan, bo‘y-bastini ko‘z-ko‘z qilib turardi. Uzun qilib tashlab qo‘yilgan ikki o‘rim sochi to‘lg‘anib, kishi zavqini oshirardi. Alibek ishshayganda uni orqasidan kuzatib qoldi. Vujudiga lazzatli titroq kirganini angladi. O‘ylab turgan gapi qanday og‘zidan chiqib ketganiga o‘zi hayron: “juda chiroyli bo‘lib ketibsan!” O‘z dadilligidan g‘ururlanib qo‘ydi: “Bekorga Samarqandga borib keldimmi? Qancha hayotiy tajribalarim oshdi. Zo‘r! Judayam zo‘r! Zulfiyasi qurmag‘ur-ey! Juda chiroyli bo‘lib ketibdi-ya!” Alibek bir daqiqa o‘z og‘ushida tasavvur qilib ko‘rdiyu, yuragi o‘ynoqlab ketdi. Kun bo‘yi uni o‘yladi. Har safar uning savat to‘ldirib chiqishini kutadi. Zulfiya endi faqat Qurbonoy bilan birga chiqadigan bo‘ldi. Dugonasiga uning gapini aytgan bo‘lsa kerak, ikkovi ham unga kulib qarashadi. Ayniqsa, Zulfiyaning tabassumi – muloyim, mayin, rohatbaxsh, mazza qilasan odam…
Bir vaqt qizlar chinqirishib, qator oralig‘idan yugurib chiqishdi. Shu atrofda o‘ralashib yurgan Alibek “nima gap?” deb yetib bordi. Qo‘rqqanlari endi o‘zlariga nash’a qilayotgan qizlar qotib-qotib kulishardi. Tokning orasidagi katta novdaga arilar uya qo‘ygan ekan. Uzum terayotganda novdani silkitib yuborishgan shekilli, bezovta bo‘lgan arilar ikkoviniyam shiriqtirib quvipti.
– Ishqilib chaqmadimi? – Alibek homiy sifatida so‘rarkan, Zulfiyaning qo‘llarini, yuzini ushlab ko‘ra boshladi. Ayni paytda yuragi chidab bo‘lmas darajada g‘apriqib borayotganini sezdi. Sal bo‘lmasa, quchoqlab olay derdi. Hamon kulayotgan Zulfiya yigitning hayajonli qaltiroq barmoqlarini his etib, birdan o‘ziga keldi, ammo go‘yo hech narsani sezmaganday, yana kulaverdi va shu yo‘sin sezdirmay o‘zini olib qochdi.
– Qayerda u ? Menga ko‘rsatinglar-chi! – Alibekning mardligi tutdi.
Tokzordagi ari inlarini quritishni u o‘tgan yiliyoq o‘rganib olgan. Agar uya qo‘lga sig‘adigan bo‘lsa, shartta in-pini bilan sug‘urib olib majaqlab tashlash kerak.Ari kaftni chaqolmaydi. Chaqqanda ham ta’sir qilmaydi. Agar qo‘rqsa, qo‘lga qo‘lqop kiyib olsa o‘am bo‘ladi. Undan ham osoni, barglarni tutib turib, inni birdan qisimlash…
Alibek o‘ylaganiday qilib, arilarni kaftlari bilan siqimlab oldi-da, rosa ezg‘iladi. Qizlar g‘ayrat bilan qarab turishardi. Alibek hammasini ezg‘ilab bo‘lib, go‘yo bunaqa ishlar har kungi odatiday, qo‘lidagilarni bamaylixotir yerga tashladi. Shu payt majaqlangan in ichidan bir ari o‘rmalab chiqib, vizz etib yetgancha Alibekning betidan chaqdi. U og‘riqning zo‘ridan “shapp” betini changalladi. Zulfiya: “nima bo‘ldi?” degancha atrofida girdikapalak bo‘lib qoldi. Inda omon qolganlari yana bor ekan, o‘rmalab chiqishayotgandi, Qurbonoy shoshib tepkilab o‘ldiraverdi. Bari bir ikki-uchtasi qochib chiqib, Alibekning atrofida ancha vaqt vizillashib yurishdi. Alibek eng asosiysi – majaqlangan inni yerga tashlagandan keyin darhol tepkilash kerakligini esdan chiqargan ekan.
Zulfiya ko‘zini ushlab o‘tirgan Alibekning yelkasiga chap qo‘lini qo‘ydi, o‘ng qo‘li bilan boshidagi durrani yechib olib, bir uchini tupukladi-da, ari chaqqan joyga bosdi. Shu usuldagi davolashni uch-to‘rt marta takrorlagandan keyin durrani Alibekning o‘ziga berib, o‘rnidan turdi. Alibek avval og‘riqning zo‘ri bilan hech narsaga e’tibor bermagandi. Og‘riq kamayganday bo‘lgandan so‘ng hozirgina Zulfiyaning momiq ko‘kraklari elas-elas yelkasiga tegib ketanini o‘ylab, yuziga baxtiyorlik yoyildi.
– Qalay, endi og‘rimayaptimi? – so‘radi qiz. Biror narsani sezganmi, ko‘zlari baxtiyorona suzilar, betlari qizarib ketgandi.
– Hechqisi yo‘q, – deya Alibek o‘rnidan turdi. Durrani berayotib, Zulfiyaning qo‘lini bir necha soniya tutib turdi. Vujudiga harorat yugurdi.
Qani endi,.. qani endi,… yana ari chaqsayu…Bu qo‘llarni uzoq ushlab turish uchun sakson sakkiz marta arilarga talanishga rozi. Zulfiya qo‘lini olmay, sho‘xlik bilan o‘ziga tikilib turaverdi o‘sha payt. Alibek chidamadi, bu qo‘llarni qo‘yib yubordi. Qizning nigohlariga dosh berolmay (sadqai yigit ket!) , ko‘zlarini olib qochdi. Yana titray boshladi. Nihoyat qiz bo‘shagan qo‘lini yig‘ishtirib, uzum terishni davom ettirishga tushdi. Qurbonoyga nimadir degandi, ikkovi yalt etib Alibekka qarashdiyu, piqillab kulib yuborishdi. Alibek xilma-xil o‘ylarga botib, uzumzorlar oralig‘idagi yo‘l bilan karta orasidagi yo‘lakka jo‘nadi. Yengilgina bo‘lib qolgandi. Xuddi birov “puff” desa uchib ketadiganday.
“Qiz emas bu, farishta! Farishta!!” – Alibek o‘z kashfiyotidan xursand bo‘lib ketdi. Uni xayol olib qochdi.
… Ikkovlon qo‘lni qo‘lga berib, bir-biriga iljaygancha ketishyapti. Birdan Alibekning ko‘zlariga nimadir kirib ketadi. Farishta darrov boshidagi ro‘molni yechib oladi-da, uning ko‘zlariga bosadi. Yigit bu nozik qo‘llar ustiga o‘z qo‘lini qo‘yadi. Qo‘llar qo‘llarga, ko‘zlar ko‘zlarga tutashadi. Ulardan chaksiz mehr, mayinlik, muloyimlik, sadoqat ufuradi. Alibek asta uning qo‘llarini silay boshladi. Nozik qo‘llar uning bo‘yniga chirmashadi. Farishta uning ko‘zlariga yana bir necha daqiqa tikilib turadi-da, boshini sekin Alibekning ko‘ksiga qo‘yadi. Alibek endi Zulfiyaning sochlarini silaydi. Undagi xushbuy hidni to‘yib-to‘yib hidlaydi. Yana to‘lib-toshib murojaat qiladi:
– Zulfiya!
– Ha! – U boshini ko‘tarmay, hayajonli ovozda javob beradi.
– Men seni endi Zulfiya demayman.
– Iye, nega?
– Men senga yangi, ajoyib ism topdim.
– Aytchi?
– Farishta!
– … – Zulfiya qiqirlab kuladi. – Endi meni doim shunaqa qilib chaqirasanmi?
– Ha! Yana bir narsa desam xafa bo‘lmaysanmi?
– Qani, eshitaylik-chi!
– Seni sevib qoldim.
Alibek farishtani asta quchoqladi. Sochlarini mehr bilan siladi. – U sevgi izhor qilgandi. Shu vaqtgacha izhori dil qanaqa bo‘lar ekan, deb orzu qilib, kitoblarda o‘qib, kinolarda ko‘rib yurardi. Hozir o‘zi shunaqa voqeaning ishtirokchisi bo‘lib turipti. Zulfiya kulib yuboradi.
– Nimaga kulyapsan?
– Gaplaring qiziq. .
– Nimasi qiziq?
– Yigitlar qizlarga qanday sevgi izhor qilisharkan, deb o‘ylardim, endi…
– …endi o‘zingga sevgi izhor qilishyapti.
– Menga qara, – Zulfiya boshini ko‘tardi. – Qanaqa qilib sevasan?
– Bilasanmi?.. – Alibek chaynaldi, – bilasanmi, sevish… “shunaqaki, hozir men seni juda yaxshi ko‘rib qolganimni, sensiz yashay olmasligimni sezyapman”, demoqchi bo‘ladi, biroq ko‘proq xayolga berilib ketganidan traktor haydaganda hosil bo‘lgan katta kesakka qoqilib yiqildiyu, o‘ziga keldi.
– Iye, Alibek, shu yerdamisan. Men seni qachonlardan beri izlayapman.
Alibek qarasa, qoshida brigadir – Nurali aka turipti. Jinoyat ustida qo‘lga tushganday , lol bo‘lib qoldi. Shalviragancha brigadirga ergashdi. Qatordan karta oralig‘iga chiqayotganda qayrilib qarab, baland tokning panasidan o‘ziga mehr bilan tikilib turgan Zulfiyaning nigohini ilg‘adi.
“Ajoyib! Zo‘r!” – necha martalab takrorlan fikrlarini yana takrorladi, mastday gandiraklab borarkan. Aslida ham mast, xayoli joyida emasdi uning. – “Farishta! Mening farishtam!” – Alibek tamshanib qo‘ydi.
Endi avvalgi betututuq o‘ylari qolib, Alibek butunlay boshqa odamga aylanib ulgurgandi. Karta oralig‘ining qayerida bo‘lmasin, Zulfiyaning savat to‘la uzum ko‘tarib chiqishini poylaydi. U ham tez-tez chiqar, so‘ng qaytib ketishga shoshilmas, yashikni bemalol olib, bilmagan kishidek, atrofdan nigohi bilan Alibekni izlar, nigohlar to‘qnashsa, bir-biriga otashli,cheksiz, chegarasiz, baxtga to‘liq tabassum hadya qilardiyu, savatlarini bilaklariga ilgancha, uzumzor orasiga chopqillab kirib ketardi.
O‘sha kuni Alibekning hech bir oila a’zosiga ish kuni yozilmadi. Zulfiyaning tergani tabelga ikki baravar oshib, besh kun yakuniga ko‘ra “sotsialistik musobaqa g‘olibi” ga aylandi. Student qizlar ham yordamga kelishdi, lekin Alibek hozircha ularning yoniga borgani yo‘q. Umuman, borish xayoliga kelmay qolgan. Istamaydi…Vassalom!