Habib odatiga ko‘ra erta turdi. Derazaning tabaqalarini ochganda palataga gupillab qor hidi urildi. Qor yog‘yapti! – Birinchi qor! Oppoq…
U har kuni tongda yuguradi. Chiniqish kerak.
Habib sport kiyimini kiyib, tashqariga otildi. Hovliga chiqaverishda mudrab o‘tirgan qorovul chol unga hayron bo‘lib tikildi:
– O‘g‘lim, bugun qor yog‘yapti-ku.
– Ota, bir aylanib kelmasam ko‘nglim tinchimaydi.
Qorovul chol o‘zi shunaqa. Habib har safar ertalab chiqayotganda bir bahonani aytib turadi. Bir «sovuq» desa, ikkinchi gal «yomg‘ir yog‘yapti», deydi. Habib har safar shu taxlit javob qaytarib, o‘tib ketaveradi. Chol unga qarab qolaveradi: «G‘alati yigit!»
Habib yugurishi kerak. Sog‘ligiga foydali. Ammo qor ko‘p yog‘ipti. Sovqotib qolmasmikan? Hechqisi yo‘q, bir aylansa, qiziydi.
Qor yog‘ardi. Birinchi qor!
Habib sekingina yugurib ketdi. Qor mayin-mayin. Sement yo‘lka bo‘ylab emas, xuddi momiq ko‘rpa bo‘ylab yugurayotganday. Qor betlariga, sochlariga uriladi. Muloyim-muloyim, go‘yo suygan qizi erkalayotganday. Habibning zavqi keldi. Qo‘llarini yozib, osmonga qaradi. Og‘zini kappa-kappa ochib, qor donachalarini yuta boshladi. Badanida rohatli junjikish sezdi-da, yana yugurib ketdi. Qanday yaxshi! Birinchi qor bo‘ylab hali hech kim yurmapti. U ortiga qaradi: qorda faqat uning izlari yaxlit-yaxlit bo‘lib qolgan.
Gulsara nima qilayotgan ekan? O‘rnidan turdimikan? Birinchi qorni ko‘rdimikan?
…O‘shanda ham qor yoqqandi. Studentchilik. Yigitlik qoni ko‘pirgan payt. Habib bir to‘da o‘rtoqlari bilan ko‘chada dilozorlik qilib, to‘g‘ri kelgan qizga qor otib, iloji bo‘lsa, to‘xtatib, yuziga ishqayotgandilar. Habib otgan qor nogoh yo‘lka chetida borayotgan qizning yelkasiga tegdi. Qiz to‘xtab, qorni qoqdi, o‘girilib, o‘ziga ishshayib turgan allaqanday yigitni ko‘rdi-da, hech narsa bo‘lmaganday, yo‘lida davom etdi. Bu Habibga ta’sir qildi. Qorni dumaloqlagancha yugurib, qizga yetdi. Yelkasidan tutib, yuziga ishqaladi. Voajab! Qiz na qarshilik ko‘rsatdi, na himoyalanib egildi. Yuzidagi qorni osoyyishta artib, Habibga bamaylixotir qarab turardi. Bu ko‘zlar: «Bo‘ldimi, yo yana boshqa hunarlaring ham bormi?», deb so‘rardi.
Qarshilik ko‘rsatsa bo‘lmasmidi? Dod-voy qilib qochsa bo‘lmasmidi? Bu qanday bedodlik? Yigit va qiz. – Habib va Gulsara! Bir-biriga tikili-ib turishardi. Habib qizning chinqirishini, xursand bo‘lib o‘zini himoya qilishini, hech bo‘lmaganda ikkita nordon gap aytishini kutgandi. Agar shunday qilsa, yerdan yana qor olib, o‘xshatib, yuziga ishqamoqchi edi. Buning gashti boshqacha-da. Ko‘chada ketayotgan qizlarning ko‘pchiligi shunaqa qilishadi. Chinqirishadi. Uzoqroqqa borgandan keyin xursand bo‘lib, musht o‘qtalishadi. Ammo bu qiz…
Qizning yuziga yana qor chaplash uchun ko‘tarilgan qo‘l asta-sekin yoniga osildi. Mushti yozilib, kaftidagi qor yerga tushdi. Lol bo‘lib, qizning ko‘zlariga tikildi. Hayhot! Bu ko‘zlarda nima bor? Yigitning yuragiga bir nima qattiq urilganday, vujudi qizib ketdi. Qo‘llari qaltiray boshladi. Nimalardir demoqchi edi, ovozi chiqmadi. Tomoqlarigacha qaltirardi. Iljaymoqchi bo‘ldi, ammo uddalay olmadi. Yuzi xuddi yig‘lamoqchi bo‘layotgan kishi holatini aks ettirdi. Qiz esa hamon osoyishta tikilardi. Yigit ko‘zlarini olib qochdi. Iy-e! Habib bunchalar bo‘shang emasdi-ku. Unga nima bo‘ldi?
Yigitdan sado chiqmagandan keyin qiz asta yonidan o‘tib, yo‘lida davom etdi. Habib ortidan qarab qoldi. U hozir biron bir jo‘yali tadbir o‘ylab topishga noqodir edi…
Habib kasalxona atrofini bir marta aylanib chiqdi. Odati bo‘yicha yana ikki marta aylanishi kerak. Sochlari oppoq bo‘lib qolibdi.
… O‘shanda Habib birdan sustlashib, o‘ychan keta boshladi. Yugurib yurgan do‘stlaridan biri unga qor otdi. Qor qulog‘ining tagiga tegib, badanini achishtirdi, ammo Habib qorni hech qanday his-hayajonsiz qoqib tashladi. Nazarida, yuragi birdan bo‘shab qolganday. Ilgari ham shunday, yuo‘sh bo‘lganu, buni o‘zi payqamaganday. Bo‘sh joyni to‘ldirish juda zarur edi, shekilli.
G‘ayritabiiy qiz! Ko‘zlari sokin qiz! Yurishlari bamaylixotir qiz! Kim ekan u? Yana uchratarmikan? Yo‘q. Uchratmadi. Tasodif bilan bir duch keldiyu, Habibning oromi buzildi. Unga nimadir yetishmaydi.
Oradan bir yil o‘tdi. Nimagadir Habib nuqul o‘sha voqeani, o‘sha qizni qayta-qayta eslayverdi.
Yoppasiga rentgen ko‘rigidan o‘tishayotganda Habibning o‘pkasida dog‘ borligi aniqlandi. Ana xolos! Soppa-sog‘ odamga beting-ko‘zing demay, «o‘pka kasalsan», desa alam qilarkan. Habibning hech yeri og‘rimasdi axir! Bari bir vrachlar qo‘yishmadi: kasallik endi boshlanayotgan emish. Oldi olinsa yaxshi bo‘larmish. Kasalxonaga tushgandan so‘ng ikkinchi kuni unga dori yozishdi. Ruhsiz bir holatda kechki ovqat oldidan dori olish uchun hamshiraning xonasiga kirdi. O‘z xayollari bilan bo‘lib, uzatilgan dorini olgancha, iziga burilgandi…
– Shu yerda iching!
Habib hamshiraning ovozini eshitdi-da, boshini ko‘tardi. Ko‘tardiyu, vujudiga nimadir yugurib, qizib ketdi. Qo‘llari bemajol ikki yoniga osildi. Mushti yozilib, kaftidagi dorilar polga tushdi. Hamshira unga sinovchan tikilib turardi. Yigit va qiz! – Habib va Gulsara! O‘sha! Yuziga qor ishqalagan qiz! Hamshira ekan-a! Qanday yaxshi! – Habib titrardi. Butun borlig‘i titrardi.
– Sizga nima bo‘ldi? – yeb so‘radi qiz. U hayron.
Yigit o‘ziga kelib, egilgancha, dorilarni tera boshladi.
– Tashlang endi. – Qizning mehribon va daldali ovozi eshitildi. – Boshqasini beraman.
Habib qaddini rostladi. Hamshira unga yangi dori tutdi. Olayotib, kafti kaftiga tegib ketdi. Birdan… birdan Habibning yuragidagi bo‘sh joy to‘lganday bo‘ldi. Hayajoni kuchaydi. Ammo qiz beparvo. Bir-ikki marta ajablanib qarab qo‘yganday bo‘ldi: «G‘alati yigitga o‘xshaydi. Buncha qizarib-bo‘zarmasa…»
Habib hayron. Qiz uni tanimadi. E’tibor bermadi. Ismi Gulsara ekan. Barlos qishlog‘ida yasharkan. Kechki navbatchilikka har uch kunda bir kelarkan.
Habib endi har safar intizorlik bilan Gulsaraning navbatini kutadi. Qiz tanimagandan keyin u ham hech narsa deya olmadi. Aloqalari rasmiyligicha qolaverdi. Qachon u kelsa, Habib dori ichishga intiq. Bir necha daqiqa Gulsaraga tikilsa, kifoyaday tuyuladiyu, ammo dorini ichib chiqib, o‘zidan qoniqmay, yana Gulsarani ko‘rgisi kelaveradi. Qaytib kirishga istihola qiladi-da, koridorda devorga suyanib turaveradi. Turaveradi, turaveradi… To hamshira bir ko‘rinmaguncha hech yoqqa ketmaydi. Agar chiqsa, go‘yo o‘zini unga e’tibor bermayotganday ko‘rsatishga urinadiyu, bari bir…
Habib kasalxonani ikkinchi marta aylanib chiqdi. Harakati yengillashib, yanada tezroq yugurdi. Sochlari oppoq qor. Kim aytadi uni sil kasal deb? Sil kasal shunday yugura oladimi? Hali vrachlarga sog‘ligini isbotlaydi. Shoshmay turishsin. Habib endi ancha tez yugursa-da, hamon burnidan nafas olishga harakat qilardi. Oxirgi ikki yuz qadam qolganda og‘zini ochdi. Nafas olish juda osonlashib, og‘riyotganday bo‘layotgan oyoqlari yengil ko‘cha boshladi. Oxirgi yuz qadamni, xuddi ikkinchi nafas yo‘li ochilganday, juda tez yugurib o‘tdi.
Yugurishdan keyingi maxsus mashqlarni bajarib bo‘lganida Habibning yuzida ter tomchilari paydo bo‘lgandi. Yo‘lakda bir-ikkita odam boryapti. Telpak, palto kiyib olishgan. U esa sport pidjagini ham yechib tashladi. – Juda issiq! Badanini ushlab ko‘rdi – suv bo‘lib ketibdi. Yuziga, bo‘yniga, bilaklariga, ko‘kragiga qor ishqaladi. Qani endi, hozir Gulsara ham yoniga yugurib kelsayu, ikkovi qorbo‘ron o‘ynashsa. U qarshilik ko‘rsatsa. Kulsa. Qochsa. «Akajon, boshqa kerakmas, bo‘ldi, qo‘ying!», deb yalinsa. Mushtoq va mehribon ko‘zlarini tiksa. Habib ham qo‘lidagi qorni yerga tashlab, qizga tikilsa. Sinovchan ko‘zlariga to‘yib-to‘yib boqsa. Dori tutgan qo‘llarini uzoq-uzoq ushlasa. Uning harorati bunga o‘tsa. Buning harorati unga o‘tsa. Bab-barobar hayajondan qaltirashsa. Bab-barobar bir-biriga intilishsa… Faqat ikkovi bo‘lsa. Yigit va qiz! – Habib va Gulsara! Sevgiga tashna yuraklar! Ular visolni kutadilar! Shirin damlarni kutadilar! U damlar kelarmikan? ..
Gulsara kecha kechqurun navbatchilikka kelgan edi…
Habib o‘zini qorga tashladi. Keng peshanasini qorga bosib, bir dam o‘ylariga orom berdi va!.. Topdi! – Habib quvonib ketdi. – Birinchi qorni sovg‘a qiladi. Sevgilisiga! – Gulsaraga! O‘sha damlarni eslatadi…
Qo‘lida bir hovuch qor bilan hamshira xonasi yonida Habib paydo bo‘ldi. Yuzi hovriqqan, namlangan, sochidagi qorlar erib, yuziga sizyapti. Yuragi gursillab urayotgani ko‘p yugurganidan deyish mumkin. Aslida visol damlarini kutib, iztirobga tushayotganidan.
Ana! Eshik ortida u istagan qiz bor. – Gulsara! Men keldim!
Habib eshikni taqillatdi. Ichkaridan javob eshitildiyu, ostonada hamshira paydo bo‘ldi. – Gulsaraning dugonasi, ular birga navbatchilik qilishadi. Hamshira yigitning besaranjom harakatlaridan kulgisi qistab, bir yuziga, bir qo‘lidagi qorga tikildi.
– Iltimos, Gulsarani chaqirib yuboring.
– Gulsara ketgan.
– Kechqurun shu yerda edi-ku!
– Kechqurun shu yerda edi. Tong azonda ketdi, – dedi hamshira zarda qilib. – Yana savollar bormi?
Habib qo‘lidagi qorni ezg‘ilagancha, iziga qaytdi. Uzun koridor bo‘ylab, qordan sirqigan suv tomchilari yo‘l bo‘ylab borardi. Xuddi kimningdir alamli ko‘z yoshlaridek.
Gulsara uch keyingi navbatchiligiga kelmadi. Bir haftadan keyin ham, bir oydan keyin ham…
Gulsara qandaydir bir shofyor yigitga erga tegib ketgan emish…