Odiljon qiz uzatadigan bo‘ldi. Kuyov keng yelkali, qoraqosh yigit ekan. U kuyovni uyiga taklif qildi, tanishdi. Mehmonxonaning to‘riga chiroyli stol yasatilib, bo‘lajak qaynota va kuyov suhbat qurishdi.
Odiljon yigitning uyidagilari, institutda sirtdan o‘qishi, tuzukkina joyda ishlashidan xabar topdi. Og‘ir-vazmin, biroz tortinchoq yigit ekan. Qiziq, o‘yladi Odiljon, u meni “ada” dermikan? Keyin qizi bilan bo‘lajak kuyovini yonma-yon tasavvur qildi. Nigora nozikkina, qorachadan kelgan. Oqqush misol yengil yuradi. Sevimli qizi bungacha ne-ne yigitlarga yoqqan, lekin endi kimlarningdir ko‘zining oqu qorasini ham yoqtirmagan qizining to‘yi bo‘ladigan! O‘zi xohlagan, o‘zi sevgan, balki o‘z ko‘nglidagi barkamol yigitga turmushga chiqadigan bo‘ldi.
Er-xotin to‘y xarajatlarini chamalab, yengil tortishdi. Har qalay kuchlari yetarkan. Kimlarni aytishadi? Birma-bir ro‘yxat tuzishdi. Sinfdoshlari ham qolib ketmadi. Birinchi to‘yning zavqi boshqacha bo‘ladi. O‘n kun oldin to‘yga aytishni boshlashdi. Er yangi kostyum-shim, oq ko‘ylakda, xotin orzulab tiktirgan “pombarxt”, asl charm tuflida “Tiko”da yo‘lga chiqishdi.
Mashina yeldek uchib borarkan, Odiljon sinfdoshi o‘zini qanday kutib olishini o‘ylardi. Ancha yillar bo‘ldi ko‘rishmaganiga. Novcha, ozg‘in Sherzod o‘zgarganmikan?
Nihoyat, tepalikdagi bir qavat oppoq bino oldiga kelib to‘xtashdi. Bu allaqanday ilmiy-tekshirish institutining tajriba xo‘jaligi ekan. Rahimjon ichkariga kirib, uzun yo‘lak bo‘ylab yurib to‘ppa-to‘g‘ri qabulxona oldidan chiqdi. Eshikni ochib, ko‘zlari yashnab ketdi. Ichkari go‘yo gulxona, turfa rang o‘simliklar yashnab turardi. To‘g‘rida lablariga olcha rangini surgan, yasama kiprikli, zulflari o‘ziga yarashgan, yigirma besh-o‘ttiz yoshlardagi ayol choy ho‘plab o‘tirardi.
— Bormilar? — Odiljon “Sherzod” deyishga jazm qilolmadi. Otasining ismini esa bilmas, “vich, vich”lar go‘yo do‘stiga yarashmaganday edi.
— Sherzod Nabiyevich bandlar, — dedi kotiba uni o‘tirishga taklif etib. So‘ng yaltiroq piyolada choy quyib berdi. — Majlis o‘tkazyaptilar.
Yarim soatcha kutdi. Diqqati osha boshladi. Taklifnomani kotibaga tashlab ketaversammikan? Unda eslarmikan? Sal ginachiroq edi, keyin xafa bo‘lsa-chi? Kel, taklifnomani qoldiray, hali to‘yga aytadigan odamlar ko‘p deb jo‘navormoqchi edi, eshik ochilib xodimlar chiqib kelishdi. Odiljon yengil tortdi. Kiyimlariga qarab olib, ichkariga kirdi. Do‘sti biroz xayolchan, charchagan holda haliyam stoldan bosh ko‘tarmay o‘tirardi. Uni ko‘rib, qotib qoldi. So‘ng o‘rnidan ildam turib, og‘aynisi tomon talpindi:
— Do‘stim, Odiljon! Bormisan, omonmisan?! Qanday shamol uchirdi?
Hol-ahvol so‘rashishdi. Sinfdoshlar muallimlarni eslashdi. Bir paytlardagi qiliqlari, hazillari yodlariga tushib kulishdi, o‘tganlarni bir-birlaridan eshitib, ma’yus tortishdi. Odiljon do‘stiga:
— O‘zgaribsan, — dedi jilmayib, — qorin qo‘yibsan, salobatli bo‘lib qolibsan. Amal yoqibdi!
Sherzod jiddiy tortdi:
— Bu amal emas. Vaqt o‘tayapti. Shunga. Ba’zan o‘ylab qolaman. Mana, qirqdan oshdik. Nima foydali ish qildik. Kimning ko‘nglini oldik? Axir, inson bir marta yashaydi. Faqat bir marta-ya! Ishda ba’zi paytlarda kimlarnidir xafa qilib qo‘ydimmi, deb ham o‘ylayman. Xizmatchilik, qattiqroq gap aytib yuborasan. Shunda o‘zim ham kechalari mijja qoqmay chiqaman. Avvalo, o‘zim qiynalaman.
Odiljon qarasa, do‘stining gaplari hozirgi majlis ta’siridan, tugashi qiyin, dardlashishga esa vaqti yo‘q. Pastda mashinada xotini diqqat bo‘lib o‘tirgandir…
— To‘yga aytgani keldim! — dedi u daf’atan. — Qiz uzatayapman.
Do‘stining ko‘zlari chaqnab ketdi:
— Sen-a! Kechagi bola-ya! Muborak bo‘lsin. Nima xizmat bor? Ayt, tortinma.
— O‘zing borsang, shu katta xizmat. Sinfdoshlar bir diydorlashamiz, suhbatni o‘sha yerda davom ettiramiz.
Sherzod battar yopishib oldi:
— Ayt xizmatni. Axir, yordamchi bo‘lsayam, bir xo‘jalik rahbariman.
— Hech narsa kerak emas dedim-ku, hammasi yetarli.
Sherzod qat’iy ohangda uqtirdi:
— Bo‘ldi! Sabzi, piyoz mendan. To‘yona! Qo‘rqma, xo‘jaligimizda yo‘q. Bozordan pulini to‘lab olib boraman.
Odiljon tezroq ketish uchun taklifnomani tutqazdi-da, o‘rnidan turdi.
Sherzod uni uzun yo‘lak adog‘igacha kuzatib qo‘yarkan:
— Tag‘in bozordan sabzi, piyoz sotib ola ko‘rmanglar-a, — deb tayinladi.
Mashinada qovoq uyib o‘tirgan xotini “namuncha!” deyishini avvaldan bilib, Odiljon mashinaga o‘tirar-o‘tirmas hammasini gapirib berdi.
— Mayli, — dedi xotini chehrasi yorishib. — Sabzi, piyoz tashvishidan qutulibmiz.
— Ha, — dedi Odiljon ham negadir ko‘ngli g‘ash. — O‘zimiz olamiz, desam, qo‘ymadi-da. Tag‘in bozordan olib borarmish.
Xotini suyungandek bo‘ldi.
— To‘yonadir-da. U ham to‘y qilsa, olib borarsiz biror narsa.
To‘y boshlanguncha ekan. Kunlar g‘ir etib o‘tib ketdi. Bugun sabzi to‘g‘rar. Odiljon ertalab uyidan chiqmasdan qo‘shnilar eshik taqillatib hovliga kirib kela boshlashdi. Mahalla omborxonasidan qozon-o‘choq, samovar keltirishdi, stol-stullar ham paydo bo‘di. Har holda, ertangi oshga hammasi taxt qilingani yaxshi-da. Bu ishlarga mahalla faoli, cho‘rtkesar, chapani Haydar mo‘ylov bosh-qosh edi. Odiljon aslida uni uncha xushlamas, ba’zan ko‘chaning narigi betida ko‘rsa, o‘zini chetga olib qochardi. Negaligini aslida o‘zi ham yaxshi bilmasdi. Balki savlati, ehtimol, to‘g‘ri so‘zligi uchundir. Ertalab oshga chiqmagani sabab tanbeh berib qolishidan hayiqar.
Aslida mahallada shunday odam bo‘lgani ma’qulligini u hozir yuragidan his etib turardi. Biriga u, biriga bu ishni buyurib, darrov hammani uyushtirdi-qo‘ydi. O‘zi esa qo‘lini sovuq suvga urmas, gohi-gohi cho‘ntagidan bejirim shisha idishcha olib, nos tashlar, atrofdagilarga gapini anglar-anglamas tushuntirardi. Ba’zan birdan tutoqib, kimnidir uquvsizligi uchun koyib berar, goho latifa aytib hammani kuldirardi.
Shu tariqa ishlar yurishib turganda Haydar mo‘ylov Odiljonni chaqirib qoldi. Tashvishlardan boshi qotib yurgan Odiljon Haydar mo‘ylov oldida darrov paydo bo‘ldi.
— Xo‘sh, ukaxon, — dedi u nosdan bir otim og‘ziga tashlab. — Endi sabzi, piyozni keltir-chi.
Odiljonning ichi uzilib ketdi. Sherzoddan hali darak yo‘q. Bozorga borishga vaqt qani! U indamay turaverdi.
— Hoy, — dedi Haydar mo‘ylov, — namuncha angrayasan? Olib chiqsang-chi!
— Yo‘q, — Odiljonning oyoqlari quvvatsizlanib cho‘kkalab qoldi.
— Nima, hali yo‘qmi? — Haydar mo‘ylov birdan xo-xolab kulib yubordi. Hovlida yurgan erkaklar ular atrofiga to‘planishdi. Peshayvonda o‘tirgan ayollar ham nima gap ekan deb, ziyrak tortishdi. Odiljon bu noqulaylikdan sarosimalanib, ko‘cha tomon yurdi. Yo‘l-yo‘lakay xotiniga duch keldi.
— E, o‘sha og‘ayningizning va’dasi qursin! — dedi u lablarini burib, — sharmanda qildi-ku!
Odiljon boqqa o‘g‘irlikka kirib qo‘lga tushgan bolaning ahvolida edi.
— Nima qilay, axir, o‘zi qayta-qayta ishontirgan edi-ku.
Xotini battar ovozini balandlatdi:
— E, ishontirmay o‘lsin. O‘ylamaydimi, ertaga tumonat odamga osh berilsa. Siz ham shalpayib yuravermay, bozordan olib kelib qo‘ysangiz bo‘lardi-ku!
— O‘chir ovozingni! — baqirib yubordi Odiljon birdan.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tar-o‘tmas hovlidan Haydar mo‘ylovning gumbirlagan ovozi eshitildi.
— Qani, hoy odamlar! Ana, sabzi, piyozni olib kelishdi. Sal kechikishdi. Shunga ota go‘ri qozixonami? Hammanglar to‘g‘rashga o‘tiringlar.
O‘zi birinchi bo‘lib ko‘rpachaga o‘tirib, boshlab berdi. U ishga kirishdimi, tamom, boshqalar tik turib ko‘rsin-chi!
Ko‘pchilik baribir yaxshi-da. Ikki soat o‘tar-o‘tmas hamma ish saranjomlandi. Xizmat qilganlar chiroyli yasatilgan dasturxonga taklif etildi. Sho‘rva tortildi. Hech kim boyagi dilxiralikni eslamas, oshpaz sabzi, piyozning sifatini maqtardi. Shunda birdan Odiljonning xayolidan “Sherzodning o‘zi yo‘q, sabzi, piyozni kim keltirdiykan”, degan o‘y o‘tdi. O‘tirganlar orasidan sekin sirg‘alib chiqib, Haydar mo‘ylovga ro‘para keldi.
— Bu… — dedi chaynalib, — kim olib keldi?
Haydar mo‘ylov nos shishasini tizzasiga bir urib silkitdi-da, qiyiq ko‘zlarini qisib qaradi:
— E, o‘sha og‘ayningni! — dedi ko‘zlari chaqchayib. — Qiziq ekan-ku. Hammasini kelin aytdi. Xafa bo‘lishga arzimaydi. Bilasan, bo‘yradekkina tomorqam bor. Mushak sabzi sepgandim, rosa bo‘lib berdi. To‘rt qopini ertaga bozorga tayyorlab qo‘yganman. Bittasini olib chiqdim. Ozgina piyoz qo‘shdim. Mendan senga to‘yona, bolam!
Odiljon Haydar mo‘ylovni quchoqlab oldi, ko‘zlariga yosh quyilib keldi.
— Rahmat! — dedi mahalladoshini qo‘yib yubormay. — Ming rahmat. Sharmanda bo‘lishdan qutqardingiz.
— Jim, — dedi Haydar mo‘ylov barmog‘ini lablari ustiga qo‘yarkan. — Ovozingni chiqarma. Xafa bo‘laman.
U shunday deb kaftidagi nosni tilining tagiga tashladi-da, o‘tirganlarga:
— Qani, hoy qo‘shnilar, turdik endi, boshqa ishlarni qilaylik.
Odiljonning ko‘ngli g‘ashlandi: “Sherzodga nima bo‘ldi? Albatta, bir kun avval sabzi, piyozni to‘yona qilib boraman, degandi-ku. Birovga qolgan kun shunday bo‘ladimi? Unda Haydar mo‘ylov ham birov-ku. Qiziq, oldimizdan oqqan suvning qadriga qachon yetamiz”.
Birozdan keyin mehmonlarni kuzatayotgan xotinining sho‘x-shodon chehrasini ko‘rib, ko‘ngli yorishdi. Ko‘z oldida ohudek qizi bilan u tomon biroz egilib kelayotgan tik qomat, qoraqosh kuyovi gavdalandi. Charchoqlari tarqab, o‘zini qushdek yengil his etdi.