Samarqand shahridan yo‘lga chiqqan “Afrosiyob” poyezdi lochinday uchib, Toshkent temiryo‘l bekatiga kirib kelgan payt edi. Poyezddan tushayotgan mahalimizda qo‘l telefonim jiringlab qoldi. Telefon qilayotgan yigit “O‘zbekiston” radiokanalida ishlaydigan shoir Berdi Rahmat ekan.
– Aka, Barot Boyqobilov haqida bir eshittirish qilayotuvdim.
Siz rahmatlik Barot akani yaxshi bilardingiz, shundaymi?
Savol bag‘oyat oddiy esa-da, bir zum hayron bo‘lib, olag‘ovur perronda turib qoldim. “Yo, tavba! – deyman ichimda. – Bu bir tasodifmi yoki tabiatning sirli qonuni? Buni qarang, axir, boyagina biz xuddi shu odam – Barot Boyqobilovni xotirlab, qancha-qancha voqealarni eslashmovdikmi?”
Poyezddan tushib, taksilar tizilib turgan manzil tomon borarkanman, Barot Boyqobilovning zuvalasi bovliqday eshilgan Kenagas qishlog‘i bo‘sag‘asidagi “Bog‘i Xamsa”, bog‘ning tog‘ betida tuproqlari cho‘kib, atrofini endi-endi maysalar qoplayotgan qabr “lop” etib ko‘z oldimga kelganday bo‘ldi. Ana, uch og‘ayni – shoir va adib Muso Abdurazzoq, urgutlik ma’orifchi o‘rtog‘im Quddus Asqar va kamina – uchovimiz, mitti ko‘katlar orasida do‘ppayib turgan mozor oldida cho‘kkalab turibmiz. Quddus “Qur’on” tilovat qilyapti. Tevarak-atrofda yugurib yurgan bezovta shamol bir zayldagi hazin tovushni bog‘ oralatib, qirlar sari olib ketyapti. Qarshimizdagi qora-qo‘ng‘ir do‘ngsak ostida shoir yotibdi. Bir o‘zi. Yolg‘iz. Mangu uyquda.
– Akaning qabri nega qabristondamas? – deb so‘radi tilovat tugaganidan keyin Muso Abdurazzoq. – Qishloqning mozori bordir?
– Bu – Barot akaning vasiyati, – izoh berdi Quddus. – O‘limidan bir yarim oycha avval u kishi qishloqqa kelgan ekan. Rahmatli hokimimiz Xolmuhammad Jumayevich ikkovimizni chaqirtiribdi. Men u vaqtda rayono mudiriman. Xolmuhammad Jumayevich jurnalistdan chiqqan hokim emasmi, Barot akani yomonam yaxshi ko‘rardi. Bilsangiz kerak, Xolmuhammad Nur – shunday taxallusi bor edi – ko‘p yillar Jizzax va Samarqand viloyat gazetalarida ishlagan. O‘zimizning “Zarafshon”ga Bosh muharrir bo‘lgan. Kitoblari chiqqan. Shuytib, gashtipeshin, ikkovimiz “Bog‘i Xamsa”ga keldik. Bu bog‘ Barot akaning tashabbusi va viloyatimizning o‘sha paytdagi hokimining sa’yu harakatlari bilan barpo bo‘lgan. Anavi bino, – deb bog‘ning bir chetidagi ikki qavatli zamonaviy usulda qurilgan imoratga ishora qildi Quddus. – “Ma’rifat uyi”. Barot Boyqobilovning umri davomida yaratgan nazmiy, nasriy, ilmiy asarlari, shoirga dastxat bilan tuhfa etilgan kitoblar shu yerga qo‘yilgan. Kelsak, Barot aka bog‘ hovlida yolg‘izgina bir o‘zi, rangi o‘chinqiragan stulda oyoqlarini chalkashtirib, o‘yga cho‘mib o‘tirgan ekan.
Salom-aliklar qandaydir vazmin, yo‘q, undaymas, ochig‘i odamni dilgir qiladigan, hushyor torttiradigan bir alpozda bo‘ldi. Barot akani salomlashish paytida quchoqlashib, o‘pishib, yalab-yulqashish odati yo‘qligini yaxshi bilardik. Qo‘l uzatib, gapni kalta qilardi doimo. Bu safar esa… Hokimimizning qo‘lini qo‘lidan qo‘ymay ushlab turdi-turdi-da:
– Men yaqinda o‘laman, – dedi to‘satdan tomdan tarasha tushganday sovuqqina qilib. Ikkovimiz baravariga u kishiga qaradik. Nihoyatda xotirjam edi u kishi. O‘z o‘limi haqida bunday bemalol va bamaylixotir gapirgan odamni umrimda birinchi ko‘rishim. Etim vijillab ketdi. Xolmuhammad Jumayevichning rangi oqarib ketgandi.
Barot aka yana bir muddat hokimimizning qo‘lini ushlab turgandan so‘ng, sekingina tirsagidan tutib, bog‘ning tog‘ tarafidagi pastqamlikka qarab yura boshladi. Gapirmadi. Eski molhovuz o‘rnidekkina chuqurlik marzasiga yetib, to‘xtadi. Bolaligida shu hovuzga bir narsasini tushirib yuborgan-u, hozir o‘shani izlayotganday diqqat bilan chuqurga tikilib qoldi.
– Sizlarga bitta vasiyatim bor, – dedi yana bir past shu tarzda turganimizdan keyin siniq tovushda. – Ikkovingizga ishonaman. O‘lganimdan keyin meni mana shu yerga qo‘yasizlar.
– Unday demang, ustoz, hali ko‘p yashaysiz, – dedi sovuq “vasiyat”dan haliyam o‘ziga kelolmayotgan hokimimiz.
Barot aka, Xolmuhammad Jumayevichning gaplariga e’tibor bermadi:
– Ta’ziya bilan bog‘liq irim-sirimlargayam ikkoving bosh bo‘ling. Sizlarga ishonsam, bemalol oyoq uzatib ketaversam bo‘ladimi?
Xolmuhammad Jumayevich menga, men u kishiga qarab duduqlanib turibmiz desangiz, qanday ko‘ngil ovlashni, nima deyishni bilmaymiz.
– Tag‘in bir gap, – dedi Barot aka undanam bamaylixotirroq. – Qishloqdagi ba’zi qariyalarimiz: “Qabristonimiz bor, bir qishloqqa ikkita mozorning keragi yo‘q”, deyishlari mumkin. Men, mana shu yerda – “Bog‘i Xamsa”da yotsam, deyman. Qarshilik qilganlarni o‘zingiz ko‘ndirasiz, xo‘pmi, Xolmuhammadjon?
Tosh haykal bo‘lib qotgan Xolmuhammad Jumayevich “xo‘p”, deyishniyam, “yo‘q”, deyishniyam bilmasdi.
– Kecha keluvdim. Kun bo‘yi piyoda yurib, sekin qishloqni aylanib chiqdim, – dedi xayrlashayotganimizda Barot aka. – Juda o‘zgarib ketibdi. Ko‘chalar boshqacha, odamlar boshqa, yashash boshqacha. Avvalroq kelib, to‘rt-besh yil shu yerda tursam bo‘larkan, deb armon qildim. Bolaligimiz o‘tgan dashtlar, “eshak mindi” o‘ynagan qirlar, bahorda echki-uloq tugul, eshak-otlarniyam chirpirak qilib oqizib ketadigan Sag‘anoq bo‘ylari… Eh-he, hammayoq armon. Umr – oqar daryo, deganlari shu ekan…
Izimizga qaytayotganimizda hokim bovomiz boshini sarak-sarak qilib:
– Ustozga bir gap bo‘lgan… – dedi ezilib. – Ilgari munday emasidi. Aytganday, eshonim, ustozning hozir aytgan gaplarini bironta odamga aytib-netib yurmang tag‘in, turli mish-mishlar bilan odamlarga har xil yorliqlar osishni yaxshi ko‘radiganlar ko‘p, mayda-chuyda gaplarni bolalatib yuborishadi.
Attang, o‘shanda Barot aka rost gapirganini bilmay, turli xayol-gumonlarga borib ko‘p xato qilgan ekanmiz. Xudoyimning qudratini ko‘ringki, oradan bir oy ham o‘tmay Toshkentdan: “Barot Boyqobilov olamdan o‘tdi. Tobuti Urgutga ketyapti”, degan xabar keldi. Shoirimizni o‘zi tayinlaganday qilib, o‘zi belgilab bergan joyga qo‘ydik. Barot aka yarim avliyo ekanmi, deyman, aytganlarining barisi rost chiqdi. Qariyalarning ayrimlari emas, juda ko‘pi, xuddi marhum taxmin qilganiday: “Bitta qishloqqa ikkita qabristonning nima keragi bor! O‘zimizni mozorga qo‘yaveramiz”, deb turib olishdi. “Tirigida qishloqqa aralashmovdi. Endiyam qo‘shilgisi kelmayaptimi?”, degan e’tirozlar ham ko‘p bo‘ldi.
– Yo‘g‘-e? – dedi bu gaplardan hayron bo‘lgan Muso Abdurazzoq. – Bundan chiqdi, Barot aka ajali yaqinlashganini oldindan sezgan ekan-da, a? Qabr o‘rnigacha o‘zi ko‘rsatib, belgilab berdimi, a?… Odamzot deganlari haqiqatan ham tubsiz xilqat, turgan bitgani sir. – Muso aka bir nafas xayolga cho‘mib qoldi. Va nogahon muhim bir nima esiga tushib qolganday: – Barot aka qishloqqa kam aralasharmidi? – deb so‘radi.
– Bilasiz-ku, Barot aka ishli odam edi. Toshkentda yashardi, – o‘zicha izoh bergan bo‘ldi Quddus. – Toshkent deganing, Samarqand yo Urgut emaski, “ha”, deganda, “ma”, deb chopqillab kelaversang. Undan keyin, “yurtdosh”, “hamqishloq” deganda, ko‘pchiligimizning xayolimizga to‘yu ma’rakalarda qamishdan bel bog‘lab xizmat qiladigan, bordi-keldini joy-joyiga qo‘yadigan, boshiga biror tashvish tushganda yonma-yon yelib-yuguradigan odamlar keladi. Shunday insonlarni maqtaymiz, alqaymiz, olqishlaymiz. Bu rost. Lekin, mening nazarimda, hamqishloqlik tuyg‘usi Barot akaning ichida edi, yuragining to‘rida edi. Kindik qoni tomgan tuproqqa, hamyurt-hamqishloqlarga muhabbat, ona qishlog‘i Kenagasga bo‘lgan mehr ham qon-qoniga singgan, yuragi chashmalaru chinorlar maskani bo‘lmish yurtimiz Urgut bilan chirmoviqday chirmashib ketgan edi.
To‘lqinga to‘sh ursam soyingizda men,
Jismimda bor dardim tutday to‘kilar.
Sog‘inchdan bosh qo‘ysam poyingizga men,
Ko‘zdan yosh tirqirab, yurak so‘kilar,
Men sizni sevaman, sevilgim kelar,
O, Urgut tog‘lari!
Shohona tog‘lar!
Bir insonning yuragida yurtiga, xalqiga muhabbati bo‘lsa, shuncha bo‘ladi-da, to‘g‘rimi?
– Rost. Bizaram Boyovutdagi ko‘p tadbirlarga qatnasholmaymiz.
– Gap tutun chiqqan har uyga shipillab kelib-ketishda emas. Yurakda. Mehr yurakda bo‘lsin. Barot aka sirtdan qaragan kishiga o‘zidan bo‘lakni o‘ylamaydigan mag‘rur va kibor odamga o‘xshab ko‘ringani bilan yuragida odamlarga, do‘stu birodarlarga beadoq mehr jo‘sh urib turgan qaynoq qalb egasi edi. U kishi menimcha, hech qachon, hech kimga beparvo yoki loqayd bo‘lgan emas, aksincha, yuragining tub-tubidagi mehr shu qadar ko‘p bo‘lganki, undagi cheksiz nazokatdan hayratlanish mumkin, xolos.
Lekin, odamzotning tabiati shunaqami, bilmadim, hamisha yonimizdagi odamlarni tirigida qadrlashni eplolmaymiz, qadrlash nari tursin – tushunmaymiz, tushunishni istamaymiz, alal-oqibat, yomon ko‘ramiz, malomat toshlarini otamiz. Shakarguftorlik qog‘oziga o‘ralgan yolg‘on mehribonliklar oldida esa eshilib ketamiz, ko‘klarga ko‘tarib maqtaymiz undaylarni, yonida yurgimiz, ko‘nglini ovlagimiz, totli so‘zlari, yoqimtoy maqtovlarini yanayam mo‘lroq eshitgimiz kelaveradi – to‘ymaymiz yolg‘onlarga, yolg‘on maqtovlarga. To‘g‘ri, halol odamlardan esa… Ey-y! – deb qo‘l siltadi Quddus. – Biri kam dunyo degani shu-da… Xullas, Barot akani kimlardir to‘g‘ri tushunmagan bo‘lishi mumkin. Agar hokimimiz Xolmuhammad Jumayevich mahkam turmaganda, shoirning vasiyati ham bajarilmay qolishi aniq edi. Xolmuhammad Jumayevich, iloho joylari jannatdan bo‘lsin, Barot Boyqobilov aytgan vasiyatlarni to‘la-to‘kis ado etdi. Bajardi-yu, ertasi kuni… o‘ziyam ustozining orqasidan ketdi… Shoir yerga qo‘yilgan tunda gazdan zaharlanib, ellik olti yoshida bu dunyoni tark etdi. Urgut ikki kunda ikki ulug‘idan ayrilib qoldi… – tomog‘iga bir nima qadalgandek Quddusning ovozi bo‘g‘ilib, ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi.
– Qabr uchun bahavo joy tanlagan ekan, – dedi anchadan keyin Muso Abdurazzoq. – Qarang, bu yerdan hammayoq kaftdagiday ko‘rinib turibdi.
Uchovimiz bir muddat Urgut tog‘larining shakar sepilganday oqsochli qoyalari, qoyalar orasiga ilonday buralib-o‘ralib kirib ketgan so‘qmoqlar, tog‘ yoqalab marjonday tizilgan Shirvoq ota, Zinak, Mingbuloq, Qoratepa, Omonqo‘ton qishloqlariga jimgina tikilib qoldik.
– Rahmatli Barot aka Navoiy bobomga qarab yotayin, deb shu manzilni ixtiyor etgan bo‘lsa kerak, – dedi Quddus chap tomonda tasmaday tovlanib turgan “Toshkent – Termiz” shohko‘chasi yoqasidagi baland toshtepa ustida turgan Alisher Navoiy hazratlarining haykali tomonga ishora qilib. – Biz – nodonlar, o‘sha mahalda shoirimizning shu oddiy istagini tushunib yetmabmiz.
– O‘ziga xos shoir edi Barot Boyqobilov. Ayniqsa, sonetlari…
Odatda, shoir qavmi, majlisu mashvaratlarda gumburlatib nutqlar irod qilish, qarsillatib she’rlar o‘qish, teleekranlarda qayta-qayta ko‘rinishlar berib turish kabi xislatlarga o‘chroq bo‘ladi. Hozir eslab ko‘rsam, Barot akani biron adabiy uchrashuvda ayqirib-hayqirib she’r o‘qigani, nutq so‘zlagani yoki televizorda o‘zini ko‘z-ko‘z qilib o‘tirganini ko‘rmagan ekanman. Bunaqa masalalarga evatayi yo‘q edi uning. Xizmat safarlaridan boshqa paytlarda xuddi tramvay kabi ertalab bitta yo‘ldan ishga borib, kechqurun o‘sha yo‘ldan to‘g‘ri uyiga qaytishini esa ko‘p kuzatganman. O‘xshatish qo‘polroq tuyulsa-da, Barot akaning har kungi “marshruti” aynan tramvayning temir izlari singari mustahkam va bir xil edi. Men tanigan, bilgan kundan to umrining oxirigacha ana shu “marshrut”ni buzmay yashadi. Barot aka to‘yu ma’rakalarda ham yakkam-dukkam ko‘rinardi. Gap-gashtak degan gurunglardan olis edi, vaqtning har daqiqasini o‘ta qat’iy reja va o‘lchov asosida zargarona hisob-kitob bilan sarflardi. Endi bilsam, ish va yozishdan boshqasi haqida o‘ylashga vaqt qoldirmaydigan, butun vujudi bilan temir intizomli odam bo‘lgan ekan u inson.
Xotiralar ichiga kirib boryapmanu yuragimda tushunuksiz tuyg‘ular jimillab ketyapti: hovriqibmi, she’r aytgisi kelibmi…
– Shoshmanglar, – deb yubordim mavridi bor-yo‘qligini o‘ylab o‘tirgim kelmay. – Shu yerda Barot akadan to‘rt qator o‘qishimiz kerak. U kishi hozir bizdan shuni kutib turibdi.
– Oh! – dedi Muso Abdurazzoq. – Ayni vaqti. O‘qing, aka.
Quyoshga o‘xshaydi muhabbat,
Muhabbat quyoshday qarimas.
Quyosh-la kulganday tabiat,
Yurakdan muhabbat arimas.
Muhabbat o‘xshaydi quyoshga,
Quyosh-ku yasholmas osmonsiz.
Demakkim kirsa ham shu yoshga
Muhabbat yasholmas insonsiz.
Men she’rni tugatar-tugatmas Quddus ilib ketdi:
Soy bo‘yida ikki arg‘uvon,
Novdalari ketgan tutashib.
Go‘yo ishqin etib armug‘on
Ikki oshiq turar o‘pishib.
– Bu she’rni studentlikda qizlarga aytib, achko olardik, – iljayib davom etdi Quddus. – “Muhabbat xiyoboni” degan kitobidagi she’rlarning ko‘pi hoziram esimda turibdi.
– Barot akani yaxshi ko‘rarkansiz, – deb Quddusga havasli nazar soldi Muso Abdurazzoq. – Men o‘zimni u odam bilan yaqin edik, ustoz-shogird edik, deyolmayman. Ammo, Barot aka haqiqatan ham mehnatkash edi. U kishini hayotning rohat-farog‘atlardan voz kechib, o‘zini adabiyotga baxshida qilishga kuch topgan zahmatkash ijodkor edi, deyish mumkin. Adashmasam, ellikdan ortiq kitobi bor, eng mayda janr farddan tortib besh she’riy romandan iborat “Xamsa” yaratish darajasigacha yetdi.
– Gap akaning asarlari to‘g‘risida ekan men aytay, sizlar eshitinglar, – Quddus shunday deb Boyqobilovning kitoblarini sanay ketdi: – “Afrosiyob”, “Samar va Qand”, “Vatan tuprog‘i”, “Visol”, “Sonetlar”, “Seni izlayman”, “Zamon zayli”, “Muhabbat xiyoboni”, “Kim sokin yashaydi O‘zbekistonda”, “Sharq kamalagi”, “Visol va hijron”, “Meni kuting, yulduzlar”, “Tabarruk tuproq”, “Sen tug‘ilgan kun”, “Kun va tun”, “Shukuhli karvon”, “Notinch Xuroson”, “Sokin Xuroson”, “Qonli Xuroson”, “Navoiynoma”, “Hayrat ul-Ahror”, “O‘zbeknoma” – buncha kitobni she’rsuyarlar ixtiyoriga topshirish uchun eh-he, qancha mehnat, qancha zahmat chekish kerakdir.
Quddus jo‘ramning so‘zlari, Barot akaning: “Ijodkorda metin tartib bo‘lmog‘i shart”, – mazmunidagi gapini esimga tushirdi. – “Kunduzi ishxonangni, kechasi o‘z ishingni o‘yla, – derdi u kishi. – Men kun davomida idora yumushlari bilan mashg‘ul bo‘laman. Kechqurun – mutolaa qilaman, kitob o‘qiyman. Saharda turib yozaman. Ikki-uch varaqdan kam yozgan kunim – eng besamar kun hisoblanadi men uchun”.
Bu tartib. Ammo bunday tartib bilan bir kun, ikki kun, boringki, bir hafta ishlash mumkindir. Ammo, oylab, yillab… Qiyin. Juda qiyin. Ko‘p shoirlar: “bir necha oylab qo‘limga qalam ushlolmayman”, deb noliydilar. O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovday ulug‘ shoir ham qaysidir she’rida: “Olti oyki, she’r yozmayman, yuragim zada”, degan.
– Barot aka, yozuvchining vazifasi, umuman, ijodkorning yashashdan maqsadi, faqat yozishdan iborat deb, tushunganmikin, degan o‘y keladi xayolimga, – dedi Muso Abdurazzoq.
– Yo‘qsa, tirik inson uchun o‘yin-kulgi, gap-gashtak, deganlarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yish osonmi? Barot aka tinmay yozgan. Reja bilan, oldiga “plan” qo‘yib yozgan. “Plan” to‘lmagan kunni “eng besamar kun” deb hisoblagan.
– Ijodkorning adabiyotdagi o‘rni qancha ko‘p asar yozgani-yu, kitoblarining semiz-oriqligi bilan o‘lchanmasligi almisoqdan qolgan haqiqat.
Umuman, go‘zal poeziya olovli tuyg‘ulardan yaraladi. Serhosillik bo‘lsa turli-tuman munozaralarga mavzu bo‘ladi.
– Barot akaning asarlari ham ko‘p-ko‘p mulohazalarga sabab bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz.
– Adabiyotni sizlar aytayotgan murakkab tomonlariga uncha aqlim yetmaydi-yu, mening bilganim Barot aka nihoyatda to‘g‘ri so‘z odam edi. Bor gapni betingga aytardi-qo‘yardi, – deb Quddus shu yerda yana suhbatga qo‘shildi. – Betga aytganning zahri yo‘q, deymiz-u, lekin ko‘pchiligimizda shu xislat – betga aytish fazilati yetishmaydi. Chunki, haq so‘zli bo‘lish og‘ir masala. Betga aytish uchun eng avval o‘sha odamning o‘zi halol, o‘ziga ishongan bo‘lishi, hech kimdan tili qisiq joyi bo‘lmasligi kerak. So‘zlari “achchiq-to‘g‘ri”ligi uchun ham Barot aka ayrim yaqinlarini o‘zidan bezdirib qo‘ygan, ularga yoqmay qolgan bo‘lishi mumkin. E-e, uzoqqa borishning nima keragi bor, mana, Abdusaid, deb menga yuzlandi. – Qani, nimalar demagansiz Barot akani, a, ayting? – jim turganim uchun endi Muso akaga burildi. – Mana shu og‘ayningizning o‘ziyam ko‘p yillar Barot akadan ranjib, yomon ko‘rib yurgan. Sababi, Barot aka gapning po‘stkallasini aytgan unga. Yo gapim noto‘g‘rimi? – deb yana menga tikildi.
Quddus jo‘ramning bu savoli Barot aka bilan bo‘lgan birinchi uchrashuvni esimga tushirdi.
Bugungidek yodimda. 1972 yilning bahori edi.
Institutni bitirib, diplom qo‘lga tegadigan kunlar yaqinlashayotgan payt. Bilasiz, bunday damlarda ikki qator she’ri matbuotda chiqqan qalamkash borki, uncha-muncha shoirni – shoir, yozuvchini – yozuvchi, demaydi. Biz ham Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi kabi uch-to‘rtta shoiru, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev singari besh oltita yozuvchidan boshqasini mensimay, tutab yuribmiz. “Tan olinganlar” ro‘yxatida Barot Boyqobilov ham bor. Shoirning sonetlari ayniqsa mashhur. “Barot Boyqobilov – Petrarka, Dante, Shekspir, Mitsikevich, Pushkin kabi o‘zbek adabiyotini sonetlar bilan boyitayotgan shoir” deb, orqavorotdan maqtanib ham qo‘yamiz. Bitirish arafasida men “O‘qituvchi” nashriyotiga ishga taklif qilingan esam-da, orzuim, adabiy til bilan ifodalaganda, “ijod bilan shug‘ullanish” bo‘lgani tufayli, ko‘nglimdagilarni ancha-muncha sirdosh bo‘lib qolgan domlamiz, talay yosh qalamkashlarning mehribon ustozi rahmatli Pirmat Shermuhamedovga aytdim.
– “O‘qituvchi” nashriyoti juda ulug‘ dargoh. Bunday tashkilotda ishlashning o‘zi katta baxt, – dedi domlamiz. – Bu nashriyot, asosan, darsliklar chiqaradi. Ijodiy tashkilot masalasida, eng yaxshisi, siz Barot Boyqobilov bilan bir maslahatlashing. Barotjon hamyurtingiz, hozir dasti uzun, kattakon nashriyotning rahbarlaridan bittasi, albatta to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Men Barot Boyqobilovni o‘rta maktabning oltinchi-ettinchi sinfda o‘qib yurgan paytimdan buyon yaxshi tanisam-da, shu paytgacha ko‘rishib, gaplashgan emasdim. Demakki, u kishi ham meni tanimaydi.
“Yaxshi tanishim”ning yana bir sababi shuki, Barot akaning qishlog‘i – Kenagas bilan bizning qishloq orasi tomga chiqib hushtak chalsang eshitilgudek bir-biriga yaqin, qolaversa, shoir akamiz bilan maktabdosh hammiz. Maktabimiz kutubxonasida uning “Samarqand satrlari”, “Samarqand ushshog‘i” degan kitoblari bo‘lib, kitoblardagi she’rlarni yaxshi ko‘rardim. Ularni o‘qiganda qishlog‘imiz ko‘chalari yoqalab oqayotgan ariqlardagi suvning jildirashlari, hammayoqni oppoq changga ko‘mib dashtga o‘rlayotgan podadagi qo‘y-echkilarning ma’rashlari juda boshqacha – qandaydir sehrli eshitilganday bo‘laverardi. Ayniqsa, Urgut tog‘lari haqidagi she’rlari g‘alati tuyg‘ular qo‘zg‘ar edi bola shuurimda. “Karj-karj tog‘lar etagida bor xazinasin, Javohirday ko‘z-ko‘z etib yuksalar Urgut. Kumush sochli cho‘qqilarga qo‘yib siynasin, Cho‘ng bilakli pahlavonday ter to‘kar Urgut”, deb boshlanuvchi she’ridagi “karj-karj tog‘lar”, “kumush sochli cho‘qqilar” degan sifatlarni tasavvurimga sig‘dirolmay, tog‘larni “karj-karj”, cho‘qqilarni “oq soch” deyish mumkinmi, deb adabiyot muallimimizdan so‘raganlarim ham yodimda.
O, Urgut tog‘lari!
Shohona tog‘lar!
Sizga asir tushdim bolalik kezdan,
Shaydoyi ko‘nglimga jonona tog‘lar.
Yoshlik barvaqt meni ayirdi sizdan,
Qoshimda charx urgan parvona tog‘lar!
Bu tog‘lar, tog‘ etaklarida yastanib yotgan qir-adirlar, dala-dashtlardagi har bitta giyoh, har tup maysa haqida katta-katta dostonlar yozgim, ertaklar to‘qigim kelib ketardi mening ham. Barot Boyqobilov she’rlarining ta’siri edi bunday tuyg‘ularning hammasi.
Keyin-keyin uning: “Urgut chinoridan mening qalamim, Qalbimning sofligi – buloqlaridan. Odamlarin mehri – o‘tli kalomim, Qaddim rasoligi – alp tog‘laridan”; “Hamma uyda yonadi chiroq, Kulib boqar ming bir deraza. Chiroq o‘chgan bir uyda biroq, Parvonalar tutadi aza” degan misralarini odam yo‘q joylarda ayqirib-hayqirib aytib yurgich bo‘lganman.
Maktabimizning katta zalida “Bular – maktabimiz faxri” degan oynali taxta bo‘lib, unda turli vazifalarda ishlayotgan sobiq maktabdoshlarimiz – amaldorlar, olimlar, jurnalislar, shoirlar, bir so‘z bilan aytganda – “mashhur kishilar”ning surati osig‘liq turardi. Ostiga: “Shoir Barot Boyqobilov”, deb yozilgan suratni ilk marta ana shu taxtada ko‘rganman. Ko‘chalari chang-chung, uylarining tomida qizg‘aldoqlar ochilib turadigan qishloqdan ham shoir chiqishi mumkinligi hayajonlantirgan bo‘lsa kerak. Boyqobilov maktabni bitiribmi yoki sakkizinchi sinfni bitirganidan keyinmi, u yog‘ini aniq bilmayman, Samarqanddagi pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirgan. So‘ngra Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Undan keyin Toshkentga ketgan va katta-katta vazifalarda ishlagan. Bular, albatta, keyingi gaplar. Hozir esa yana Pirmat domlamiz maslahat bergan kunlarga qaytayin.
Shunday qilib, domlamizning maslahati bilan Barot Boyqobilov huzuriga – meni tanimaydigan odamning oldiga borsammi-bormasammi deya ikkilanib yurganimda, Barot akaning qishloqdoshi va qarindoshi bo‘lmish shoir Erkin Ne’matov bilan uchrashib qoldik. “Bormang! Befoyda, – dedi Erkin aka qat’iy. – Bekorga ko‘nglingiz xira bo‘lgani qoladi”. Do‘st-birodarlariga mehribon, kuydi-pishti, qo‘lidan keladigan yaxshilikni birovdan ayamaydigan Erkin akaning bu gaplari ikkilanishlarimni battar ko‘paytirdi. Lekin Pirmat domlamiz har ko‘rganda qistovga olaverdilar:
– Nega bormayapsiz? Barotjon yoshlarga mehribon. Boring. Albatta maslahat beradi.
Domlamizning gaplaridan ilhomlanib: “Borsak, boribmiz-da, oldiga solib haydamas. Bahonada tanishib olamiz” deb, oyog‘im tortmayroq yo‘lga tushdim. Katta akamning “Boyqobilov bilan bir klassda o‘qiganmiz”, degani qulog‘imda qolgan edi. Aytsam, esiga tushar. Esiga tushsa, yurtdoshlik tuyg‘ulari jo‘sh urib ketar, degan umid ham ko‘ngilda yo‘q emas. Lekin eshikdan kirgan zahoti juda katta xatoga yo‘l qo‘yganim yaqqol bilindi. Barot aka meni besh-begonadan besh battar sovuq qarshi oldi. Gaplarimni derazaga qarab o‘tirgan holda faromush eshitdi. Shunday bo‘lsa ham men: “nimalar bilan mashg‘ulligimga qiziqar, nimalar yozishimni so‘rar”, degan ilinjda edim.
– Demak, shaharda qolmoqchisiz. Shundaymi? – deb so‘radi go‘yo bir nimadan noroziday. Uning ovozi vazmin, bir tekisda silliq va andak tahdidli edi. Allaqanday sinovchan tajanglik ham bor edi qiyofasida. Barot aka savol berishga berdi-yu, ammo javob kutmay, gapni kalta qildi: – Maslahatim, uka, qishlog‘ingizga boring, kamida ikki yil yashang. Maktabda dars bering, dehqonchilik qiling, mol-holga qarang. Agar shundan keyin ham she’r yozgingiz kelaversa, qayting. Gaplashamiz. – Shuning bilan “gap tamom” deganday stolga “shap” etkizib bir urdiyu oldida ochiq turgan qog‘ozlar ustiga egildi.
Sovuq qish kunida hovuzga tushib ketganday afsus va alamdan qalt-qalt titrab yo‘lakka chiqdim. Erkin Ne’matovning maslahatiga quloq solmaganim uchun tepib-tepkilablar tashlagim keldi o‘zimni. Bor, deb tezlagan uchun ustozim Pirmat Shermuhamedov ham “quruq” qolmadi. “Kaltak ko‘tarib quvmasangiz, Toshkent sizga torlik qilib qoldimi? Bu odamning oldiga ikkinchi qadam bosmayman!”, degan xayollarga borganim hali-hali xotiramda.
Yana bir voqea ham esimda qolgan. Aniq bilaman, 1980 yilning qishi edi.
O‘g‘lim Oybek kap-katta yigitcha bo‘lib qolgan. Otam akamning o‘g‘liga qo‘shib, bizni o‘g‘ilchani ham “qo‘lini halollaydigan” bo‘ldilar. Bu paytda bolalar gazetida ishlardim va turli-tuman sabablarga ko‘ra, endi Barot Bayqobilov bilan tanishib, onda-sonda uchrashib ham turardik. Barot aka o‘ziga yaqinlashtirgisi kelmayotganini sezganim bois, tirg‘almasdim, uzoqroq yurish payida bo‘lardim. “Barot aka o‘zi bilan odamlar orasiga ko‘rinmas bahaybat devor qurib olgan. Teng-to‘shlari, kasbdoshlari ham o‘tolmaydi bu devordan. Haymiqibmi, begonasirabmi, ishqilib, ehtiyotkor turishadi oldida. U bilan bo‘ladigan oddiy suhbatlar ham rasmiy tus oladi”. Ko‘p kuzatuvlardan keyin ana shunday to‘xtamga kelib bo‘lgandim.
To‘y bahona uch-to‘rtta jo‘ralar va kasbdosh akalarni Urgutga taklif qildim.
– Barotjongayam ayting, eshitsa xafa bo‘ladi, – dedi qaynotamiz – shoir Shamsi Odil. Ular bir-birlari bilan ancha yaqin edilar. Benihoyat samimiy va beg‘ubor inson bo‘lgani tufayli qaynotamizning gapini qiyolmadim. Bir parcha qog‘ozdan iborat “Taklifnoma”ni ko‘tarib, Barot akaning Oloy bozori yaqinidagi “dom”iga bordim. To‘rtinchi qavatga ko‘tarildim. Qo‘ng‘iroqni bosdim. Barot akaning o‘zi chiqdi.
– Otangizning puli shunchalar oshib-toshib ketganmi? – dedi to‘yxabarga ko‘z qirini tashlab. – Unday bo‘lsa, borib ayting, sizga uy olib bersin. Ijarada, birovlarga sig‘indiday yurmaysiz. To‘y bilan odamlarni qoyil qiladigan zamonmi hozir!
Ichim ezilib ketdi bu muomaladan.
O‘rni kelgani uchun 1983 yilda sodir bo‘lgan yana bir voqeani ham aytishim kerak.
O‘sha yili bolalar gazetining mas’ul kotibligidan “Sharq yulduzi”ga – shu vazifaga o‘tdim. Jurnaldagi mazkur vazifa o‘sha zamonlardagi “sekapartiyaning nomenklaturasi”da turar ekan. Yangi idorada besh-o‘n kun ishlaganimdan keyin bosh muharririmiz Pirmat Shermuhamedov (ha, o‘sha, o‘zimizning domla) qo‘limga jurnalning yangi sonidan ikki nusxa tutqazib aytdiki, shuni Barot Boyqobilovga eltib bering. Shu bahonada minnatdorlik ham bildirib kelasiz.
Bu yoqqa o‘tishimda Barot akaning hissasi bor ekan-da, degan fikrda xursand bo‘ldim. Barot aka o‘sha paytdagi sekapartiyaning madaniyat bo‘limida sektor mudiri vazifasida bo‘lib, Yozuvchilar uyushmasi va uyushmaga aloqador tashkilotlarni “kureruvit” qilish ham u kishining zimmasida edi.
– Katta rahmat. Sizning qo‘llovingiz bilan bu yoqqa o‘tib… – deb boshlagan edim hamki, gapimni shartta kesib:
– Mening aloqam yo‘q. So‘rashganida: “Hali yosh, qiynaladi”, deganman. Nima qilsa, Pirmatning o‘zi qildi. Azimov (Sarvar Azimov) va To‘rayev (Madaniyat bo‘limi mudiri Aziz To‘rayev) bilan kelishib, o‘zi hal qildi, – dedi.
O‘shanda Barot akaning muomalasidan xafa bo‘ldim, yuragim og‘ridi. “Qarshilik qilibsan-qilibsan, endi, ko‘ngil uchun bo‘lsa hamki, bu yog‘iga ehtiyot bo‘l, yaxshi ishla, desang, asakang ketadimi?”, deyman ichimda.
Bu gaplardan Quddusning xabari bor edi. Mushtdaylikdan birga o‘sib, birga o‘ynab, birga katta bo‘lganimiz sababdan hayotimda sodir bo‘lgan voqealarning ko‘pini unga aytganman. Hozir u o‘sha voqealarga ishora qilayotgan edi.
– Nega xayol surib qoldingiz? – deb burovni mahkamroq tortdi Quddus. – Nechchi martalab ko‘nglingiz qolgan. To‘g‘rimi? To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, deganlariday, a?
– Bilasizlarmi, nima? – dedim fikrlarimni bir muncha jamlab bo‘lganimdan keyin. – Barot Boyqobilov soxtalik va soxtakorlardan, dumini qilpanglatib turadigan xushomadgo‘ylardan, shirin yolg‘onga mazaxo‘rak bo‘lib qolgan xushomadxo‘rlardan jirkangan, undaqalarni qayirib tashlagan. O‘zigayam, boshqalargayam talabchan, samimiy va behad toqatli bo‘lgan. Nimaga erishgan bo‘lsa – “qora mehnat” orqasidan erishgan, boshqalarniyam yengil va oson yo‘ldan borishini istamagan; qiynalsin, hayotni tushunsin, vaqtning qadriga yetsin, birovlarning yelkasini narvon qilib tomga chiqishga o‘rganmasin, degan. Bu haqiqatni keyin, oradan ko‘p yillar o‘tib ketganidan keyin angladim.
Haq gapni aytgani uchun Barot akadan xafa bo‘lib yurganlarimga kelsak, ha, rost. Birinchi uchrashuvimizdagi gaplarni, “o‘ziga ishonchi bo‘lmasa, ijod qilaman deb, katta shaharda qiynalib yurmasin”, degan niyatda degan. Qolaversa, bizga o‘xshaganlardan hech qachon Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidovlar chiqmasligiga ko‘zi yetgan bo‘lishi ham mumkin. To‘y to‘g‘risidagi fikrlariyam to‘ppa-to‘g‘ri. O‘sha paytda otam to‘yga ketgan sarf-xarajatga uy olib berganida, ehtimol, necha yillar ijarama-ijara qiynalib yurmagan, bolalarimning uchalasi ham ijaralarda dunyoga kelmagan bo‘larmidi… Boshqa mavzularga o‘tib ketmasimizdan avval jurnal bilan bog‘liq masalaniyam izohlab keta qolay. Insof bilan aytadigan bo‘lsak, o‘sha paytda Barot akaning o‘rnida o‘tirgan odam sira ikkilanmasdan: “Zo‘rg‘a o‘tkazdik. Qarshiliklar ko‘p bo‘ldi. O‘zim turib berdim. Javobgarligi bo‘ynimda, dedim. Bu yog‘iga endi mahkam bo‘l. Yuzimni yerga qaratma” qabilidagi gaplar bilan tilyog‘lamalik qilgan bo‘lardi. Barot aka esa hech nimani o‘ylamay bo‘lgan voqeani aytgan. Axir, shuning o‘ziyam ibrat, mardlik emasmi? Nohaq ekanimga allaqachonlar amin bo‘lganman. Barot Boyqobilovni dilidagilarni oqizmay-tomizmay tiliga chiqaruvchi, haqgo‘y va botir odam bo‘lganiga imonim komil. To‘g‘ri, u kishi ba’zi so‘zlarni, masalan birinchi uchrashuvimizda menga aytgan gaplarini mayin, suhbatdoshini injitmaydigan, maslahat va yo‘l-yo‘riq tarzida ham aytishi mumkin edi. Lekin nima o‘zgarardi? Baribir mohiyat bir xil – bitta-ku!
Keyin-keyin Barot aka hamisha va’dasining ustidan chiqadigan, qo‘lidan kelmaydigan ishga hech qachon va’da bermaydigan, bir so‘zli odam ekaniga ham juda ko‘p marta guvoh bo‘ldim. Eh-he, bu olamda dunyoga kelganidan buyon bir kalima haq so‘zni aytishdan qo‘rqib, o‘zini topolmay, tushunolmay yashab yurgan ruhan mayib odamlar ozmi!
* * *
Uyga kelgach, ne pallagacha to‘lg‘onib yotdim. Uyqum o‘chib ketdi. Shoirning jonli, murakkab, maftunkor siymosi ko‘z oldimga kelaverdi. Birovlarning orqasidan gapirish, yomonlash, kulib-kalaka qilishni bilmagan bu odamning havasli va hayratli fazilatlari, mana endi o‘ylab ko‘rsam, juda ko‘p ekan. Barot Boyqobilov ko‘z yoshlarni ham, tashvishlarni ham mardligi va olijanobligi bilan pinhon tutgan inson bo‘lgan ekan…
Shoirning betakror xislatlarini eslagan sayin yuragim achishadi, dilgirligim oshadi. Aqlim bir narsani aytsa, yuragim boshqa narsaga undaydi. Inson zotining bir-biriga befarqligidan, hayotning berahmligidan tang bo‘laman, ezilaman. Biz gohida bilib-bilmay qanchadan qancha sof dillar samimiyatini poymol qilamiz. Insonlarning qadriga yetmaymiz, qadrlamaymiz va keyin afsuslanib yuramiz. Hozir men ham o‘z vaqtida uning qadriga yetmaganimni hayotimning ulkan yo‘qotishlaridan va eng katta xatolarimdan biri deb bilaman. Endi hech qachon Barot Boyqobilovni ko‘rmaymiz. Bundan bu yog‘iga bizning ko‘nglimizga tasalli beradigan hodisa u qoldirgan adabiy meros. Bu meros kattadir, kichikdir, salmoqlidir, go‘zaldir yoki munozaratalabdir – bir nima deyolmayman, maqsadim uni o‘lchab ko‘rish emas. Shoir ijodini tahlil qilish, baholash niyatim ham yo‘q. Qo‘limdan ham kelmaydi. Bunday vazifani bajarguvchi kishilar bor, mutaxassislar bor. Vaqti-soati bilan shunday ham bo‘lar. Shunday bo‘lgan taqdirda ham hech kim yo‘qdan bor qilolmaydi – suhbatdoshi, darddoshi shu – shoirdan qolgan meros bo‘ladi. Biz ham ana shu boylik bilan sirlashamiz, fikrlashamiz. Shoirning o‘zi esa bundan keyin tasavvurlarimizda yashaydi.
Kechasi, soat kimnechchilarda, tongga dovur uxlamay, tun bo‘yi she’rlar yozguvchi suyukli shoirimiz Azim Suyun telefon qilib qoldi. Azim akaning shunaqa odati bor: qoq yarim kechada uyg‘otib, radioni qo‘ying, “Bedor tunlar”ni eshiting, falonchining she’rlarini beryapti, deydi. Yoki, “Ey do‘st!”ning yangisini eshiting, deb she’r ayta boshlaydi. “Nega jim bo‘lib ketdingiz?” – deya tazyiq qildi Azim aka. – Sizda oqibat bormi o‘zi?” Akaning ovozi bo‘g‘iqroq eshitildi. Boshqa vaqtlari yarim oqshomda uyquning beliga tepishi uncha yoqmagan bo‘lsa ham hozir qo‘ng‘irog‘idan quvonib ketdim. Siqilib o‘tirganingda hamdardning o‘z oyog‘i bilan kirib kelishi yoqimli-da. Azim aka bilan ancha gaplashdik. Ungayam Barot aka to‘g‘risidagi bugungi voqealarni gapirib berdim. “Eslatmang, hozir dodlab yuboraman! – deya bo‘g‘ilib nido berdi Azim Suyun. – Barot aka meni ko‘chadan chaqirib olib, ijodimga “Oq yo‘l” tilagan. Men nima qildim. Bilib qo‘ying, bizlar – hammamiz, ikki dunyoda bir-birovimizni avaylashni bilmaydigan munofiq kimsalarmiz”.
Men – “munofiq kimsalar”ning bittasi, oxirgi marta Barot akani qayerda ko‘rganimni eslamoqchi bo‘ldim. Eslolmadim. Ammo, uyidan to hozirgi O‘zA qororgohi bo‘lmish o‘n olti qavatli binogacha bo‘lgan masofani har kuni yayov bosib o‘tadigan shoir qiyofasi xayolimda paydo bo‘ldi. Ana u – uyidan chiqib, Navoiy ko‘chasini kesib o‘tib, “Paxtakor” stadionini aylanib ketib boryapti. Anhor bo‘yiga chiqqandan keyin ko‘prikdan oshib, Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasi binolari oldi bilan “Toshkent” mehmonxonasiga yondosh osmono‘par katta binoga kirib ketmoqda.
Katta bino…
Ba’zilar: “Barot Boyqobilov umr bo‘yi katta binolarda, katta-katta lavozimlarda ishlagan, boyu badavlat bo‘lsa kerak”, deb o‘ylashlari mumkin. To‘g‘ri, Barot aka hamisha otda yurdi: “Turkiston” gazetasida, “XXI asr avlodi” nashriyotida, sobiq Sekapartiyada mas’ul vazifalarda xizmat qildi. 1991 yildan to umrining so‘nggi nafaslariga dovur “Muloqot” jurnalida Bosh muharrir vazifasini bajardi. Ammo boylik ham, kuch ham odamni ba’zida yakkalab qo‘yishi mumkinligini yaxshi bilgan shoir, faqat ijodgina insonni bu xatardan asrashi – kuchli qila olishiga ishondi. Shuning uchun ham beminnat qo‘li ta’ma qilishni bilmadi, bir to‘g‘ram nonni qalamdan kelgan halol daromad hisobidan topdi. Navoiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning ikkinchi qavatidagi davlat bergan uy bilan sho‘ro zamonidan qolgan eski aravadan boshqa hech nimasi yo‘q edi shoirning. Kitob savdosi bir qadar murakkablashgan yillarda Urgutga, o‘sha paytda tuman xalq maorifi bo‘limi mudiri bo‘lgan Quddus Asqarovga telefon qilib, yangi kitobini xalq ta’limi tizimlari orqali sotish uchun unga murojaat qilishga majbur bo‘lganidan ham boxabarman.
Tuyqus bir savol quloqlarim ostida jaranglab ketganday tuyuldi: “Barot aka nega odamlarga kam aralashardi?”. To‘g‘ri, yolg‘iz qolib xayol surish, tungi ko‘chalarga, tongda pastu baland tepaliklar osha tog‘larga tutashib ketgan dala-dashtlarga tikilib o‘yga tolish, soy bo‘yida bir o‘zing jimillab oqayotgan suvga qarab hayotingda sodir bo‘lgan turli-tuman voqealarni eslash, shirin orzularga berilish – bu boshqa gap. Bunday yolg‘izlik jamiki ijod ahlining doimiy hamrohi. Lekin, odamlar bilan birga yashab turib, ularga qo‘shilmaslikka intilishning alohida sabablari bo‘lishi kerak. Faqat ijod qilaman, she’r yozaman, deb odam, odamlardan olib qochmaydi o‘zini. Balki, do‘stman, deb yurganlari aldagan, safdoshlari firib bergan, birodarlari malomat qilgan yoki tuhmat toshlarini otgandir. Balki, ko‘rolmovchilik, hasad deyilmish balolarga duch kelgandir. Balki, amalidan foydalanib qolishga ishtiyoqmand ikki yuzlamachilardan ko‘ngli qolgandir. Shularni o‘ylab turib, yana bir narsani – Barot Boyqobilov degan insonni ich-ichimdan hurmat qilishimni, ayni chog‘da uning ko‘p fazilatlariga havasim borligini anglab qoldim.
Ezgin xotiralar girdobiga ko‘milib, qo‘limga shoirning 1973 yil nashr etilgan “Muhabbat xiyoboni” to‘plamini oldim. Kitob so‘z boshisida uning o‘z kitobxonlariga aytgan mana bu so‘zlarni o‘qidim:
“Muhtaram kitobxon!
Siz bilan uchrashish men uchun g‘oyat katta baxt. Shu baxt muyassar bo‘lsin deb, har gal she’rlarimni saralagan paytimda, eng avvalo sizni o‘ylayman, ko‘nglimdagi sevinchu dardimni siz bilan baham ko‘rishga oshiqaman”.
Ko‘zlarimni yumaman. Shoir shu so‘zlarni aytib, “sizni o‘ylayman, sizni o‘ylayman” deya she’rsuyar do‘stlariga navbatdagi kitobini taqdim etishga shaylanib turgandek tuyulib ketadi.
Ha, shoir xalqi shu – tirigidayam, bu dunyodan mangulikka ketganidan keyin ham odamlarni o‘ylaydi, odamlarga oshiqadi, quvonchu dardlarini odamlar bilan baham ko‘rgisi kelaveradi. Ammo biz, tiriklar-chi? Marhumlar ruhi oldidagi qarzimizni uzyapmizmi? Ularni eslab, qabrlarini ziyorat qilyapmizmi? Yoki bir-birimizga malomat toshlarini otish, bir-birimizning nomimizni qoralash, tuhmatlaru g‘iybatlar bo‘roniga o‘rab tashlash bilan o‘tkazyapmizmi bebaho va omonat kunlarimizni? O‘z birodarlarimizni el-yurt oldida yomonotliq qilishga qaratilgan “asar”lar qayoqdan paydo bo‘lyapti?
Shunday beadoq savollar girdobida uxlolmay, ertaga bo‘ladigan radiointervyuda Barot Boyqobilov haqida nimalarni gapirish kerakligini aniqlolmay, tongga qadar to‘lg‘anib yotdim.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 6-son.