MUQADDIMA
Tarix ta’rifi
Tarix millatlarning o‘tmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini o‘rgatuvchi fandir.
Tarix taqsimi
Tarix ikki qismdan iborat: umumiy tarix va xususiy tarix. Barcha millat va jamiyatlarning axvolini bayon qiladshan soha umumiy tarix, deb ataladi. Xususiy tarix birgina millat va birgina jamiyatning tarixini yoritadi. Islom tarixi ham xususiy tarix jumlasiga kiradi; binobarin, Islom tarixi Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.)ning dunyoga kelishlaridan va Islom dinining dunyoga tarqalishidan bahs qilib, Islom olamining taraqqiyotini tushuntirib beradi. Islom tarixini bilish barcha musulmonlar uchun farzdir.
Birinchi qism
SAODAT DAVRI
Rum va Eronning Islomdan avvalgi ahvoli
Isoviy (xristian) dini tarixining besh yuzinchi yillari dunyoda ikki ulug‘ davlat mavjud bo‘lib, bularning birini Rum va ikkinchisini Eron, der edilar. Bu ikki davlat podshohlaridan biri doimo ikkinchisining ustiga lashkar tortib, o‘rtada uzoq davom etgan janglar bo‘lar edi. Natijada ikki tomon ham holdan toyar, ikkovi ikki tomonga chekingan holda yana lashkar to‘plar, xalqning hisobiga pul to‘plab, yana yangitdan jangga hozirlik ko‘rar edilar. Jabr-zulm ostida qolgan bu mamlakatlarning xalqlari bot-bot isyon ko‘tarar, turli diniy ixtiloflar bahonasida podshohlarini ag‘darib tashlash qasdida bo‘lar, xullas, fisq-fujur, axloqsizlik, zo‘ravonlik va bosqinlar bu yurtlarda keng tarqalgan edi. Natija o‘laroq, bu yurtlar kundan kunga xarob ahvolga kelib, xalqning soni kamayib borardi.
Arab yarim oroli va u yerdagi xalqning ahvoli
Bu ikki mamlakatning janub tarafida boshqa bir qit’a bor edi; uni Arab yarim oroli (Jaziratul-arab), deb ataganlar. Bu yerning xalqi asosan arablardan tashkil topgan. Arab yarim oroli Rum va Eron yurtlari kabi obod emas, balki ko‘p yerlari qumlikdan iborat bo‘lib, ba’zi qit’alardagina obod manzillar mavjud edi. Bu qit’alardan eng mashhuri va muboragi Hijozdir, chunki bu qit’ada Makka bilan Madina joylashgan. Xaritaga qarasangiz ko‘rasizki, Hijoz qit’asining bir tarafi Qizil dengiz va boshqa bir tarafi cho‘ldir. Bu joylarni Rum va Eron davlatlari egallay olmaganlar. Bu yerda yashovchi xalqlar Rum va Eron kabi o‘z hukumatlariga ega bo‘lmay, qabila-qabila, ya’ni to‘p-to‘p bo‘lib yashaganlar. Har bir qabilaning o‘z sardori bo‘lgan.
Barcha arablar johil va badaviy (sahroyi) bo‘lganlar. Cho‘ponlik va qaroqchilik bilan kun ko‘rganlar. Biron yil bo‘lmaganki, bir qabila ikkinchisiga hujum qilmagan, o‘rtada qon to‘kilmagan bo‘lsin. Barcha qabilalarning diii butarastlik edi. Makka shahridagi Ka’ba xonasida 360 but (sanam) o‘rnatilgan bo‘lib, har bir qabila o‘ziga tegishli butga sig‘inar edi. Qimorbozlik va sharobxo‘rlik ularning ko‘ngil ochar ishlari bo‘lgan. Agar ularniig xotinlari qiz tug‘sa, or qilib, begunoh go‘daklarii tiriklayin yerga ko‘mar edilar. Xullas, na faqat Rum va Eron yoki Arab yarim orolidagi qabilalar, balki butun olam davlatlari xarob ahvolga kelgan edi. Buyuk Hazrati Parvardigor bu dunyoning xarobaliklarini xohlamas edi, shuning uchun bot-bot payg‘ambarlar tayin qilib, ular orqali pand-nasihatlar qilardi. Alloh taolo juda ko‘p payg‘ambarlar yuborgandan so‘ng, endi haqdin bilan oxirgi payg‘ambarni yuborishga qaror qildi, ammo oxir zamon payg‘ambarini Rum va Eron kabi buyuk davlatlardan tanlamadi, chunki bu davlatlardagi odamlar ko‘p beaxloq, beandisha va beg‘ayrat bo‘lib ketgan edilar. Ammo Arab yarim orolidagi Hijoz arablari Rum va Eron podshohlariga hech vaqt tobe’ bo‘lmagan va u mamlakatlarning xalqlari bilan bordi-keldi qilmagan edilar; harholda axloqda ulardan mumtozroq edilar. Ularning xislatlaridan ba’zilari shuki, ular musofirparvar, rostso‘z, g‘ayratli, so‘zamol va shoirlik iqtidoriga ega edilar. Binobarin, Xudoyi taolo u buyuk Payg‘ambarni arab qavmidan tayin qildiki, ul janob bizning Payg‘ambarimiz Muhammad ’alayhissalom bo‘ldilar.
Hazrati Rasuli akram alayhissalomning dunyoga kelishlari
Yuqorida aytdikkim. arablar qabila-qabila bo‘lib yashaganlar. Hijoz arablari ham shu kabi bir necha qabiladan tarkib bo‘lgan. Ularning ichida eng ulug‘ va e’tiborlisi Quraysh qabilasidirki, zero Ka’baga xizmat qilish ularning qo‘lida edi. Quraysh qabilasining bir sardori bo‘lib, uni Abdul-Mutallib, deb atashgan, uning Abdulloh ismli o‘g‘li bo‘lib, Abdul-Mutallib bu o‘g‘lini boshqalaridan ko‘proq yaxshi ko‘rardilar. Omina ismli arab qizini nikohlab berdilar. Oradan yetti oy o‘tgach, Abdulloh savdogarlik vajhidan Madinaga borib, u yerda vafot etadilar. Yana ikki oydan so‘ng, isoviy sananing 570 yili, Rab’ul-avval oyining 12-sida, dushanba kuni Allohning rahmati bilan bizning payg‘ambarimiz Muhammad ’alayhissalom binni Abdulloh Makka shahrida Ominadan dunyoga keldilar.
Hazrati Payg‘ambarning tarbiyalari
Demak, yuqorida aytganimizdek, Payg‘ambarimiz dunyoga yetim keldilar, otalari olamdan o‘tgan edilar. Bobolari Abdul-Mutallib ul hazratning tarbiyalarini o‘z zimmalariga oldilar. Makka xalqining bir yaxshi odati bor edikim, yangi tug‘ilgan go‘daklarni sahroyi enagalarga berib, shahar tashqarisiga chiqarib yuborar edilar. Abdul-Mutallib ham ul hazratni Halima ismli doyaga berib, shahardan tashqariga chiqarib yubordilar. Halima bir yil ul hazratni tarbiya qildi, so‘ngra qaytarib topshirdi.
Hazrat olti yoshga to‘lganlarida onalari vafot qildilar, sakkiz yoshda ekanliklarida bobolari ham vafot etdilar. Amakilari Abu Tolib ul hazratni o‘z tarbiyalariga oldilar. O‘n uch yoshga to‘lganlarida Abu Tolib bilan Shom shahri tomon yo‘lga otlandilar. Yo‘lning yarmida Buhayro ismli bir nasroniy rohib ul hazratni ko‘rib, u kishining ba’zi alomatlaridan Payg‘ambari oxir zamon ekanlarin payqadi va Abu Tolibga: “Bu yigitni Shomda yahudiylar tanib qolib, zarar yetkazinglari mumkin”, dedi. Abu Tolib Buhayroning so‘ziga kirib, Makkaga qaytib ketdilar.
Payg‘ambarning uylanishlari
Hazratning axloq va odoblari bisyor maqbul va komil bo‘lgan; hech vaqt yolg‘on gapirmaganlar, hech kimga xiyonat qilmaganlar, noinsoflik, muruvvatsizlik va behayolikdan yiroq edilar. Binobarin, hazratning e’tiborlari ortib, kundan kunga ziyoda bo‘lgan. Makka xalqi ul zotni Muhammad Amin, deb atadi. Hazrat yigirma to‘rt yoshga to‘lganlarida makkalik Xadicha ismli moldor ayol u kishiga molini berib, Shomga yubordilar. Bu daf’a ham yo‘lning yarmida Nasturo ismli bir nasroniy rohibi u kishini ko‘rib, Shom safarini man’ qildi. Shul sababli mollarini o‘sha yerda katta foyda evaziga sotdilar va qaytib ketdilar. Xadicha ul hazratdan juda mamnun bo‘ldilar. Yigirma besh yoshda ekanliklarida Xadichani o‘z nikohlariga oldilar.
Vahiyning kelishi
Yuqorida biz hazratning odob-axloqlari haqida gapirib o‘ttan edik, hazratning yana bir xislatlari shundan iborat ediki, boshqa makkaliklar yoki umuman arablar singari butlarga sig‘inmas edilar, ularni bir tosh deb bilib, chandon e’tibor qilmas va hatto yomon ko‘rardilar.
Qirq yoshga yetganlarida Alloh tomonidan Jabroil orqali “Iqra, bismi rabbuka” oyati nozil bo‘ldi va so‘nggi uch yil ichida hech bir oyat kelmadi. So‘ng “Ya ayyuhal-muddassiru qum fa-anzir” oyati keldi va u hazratni payg‘ambarlikka amr qildi. Ul hazrat bu xabarni avval Xadichaga, so‘ng hazrati Abu Bakr va Aliga yetkazdilar; ularning hammalari musulmon bo‘lishdi. Hazrati Ali bu paytlarda go‘dak edilar. Aytadilarkim, eng avval musulmon bo‘lgan kimsalar — ayollardan Hazrati Xadicha, erkaklardan hazrati Abu Bakr, go‘daklardan hazrati Ali musulmonlikni qabul qilganlar. Bundan so‘ng hazrati Abu Bakrning dalolati bilan Makkaning bir necha ulug‘lari musulmon bo‘ldilar. Dastlab musulmonlarning soni yigirma kishidan iborat bo‘lgan. Hazrat bu yangi musulmonlar bilan pinhona ibodat qilardilar, suhbat ham pinhona edi. Ammo buyuk ishlarni doimo yashirib bo‘lmaydi, shuningdek, yangi din ham buyuk ish bo‘lib, uni yashirishning iloji bo‘lmadi; hazratning Payg‘ambarligi Makkaga ovoza bo‘ldi; hamma hayron, ba’zilari kelib hazratning o‘zlaridan so‘radilar va ul zoti sharif tavhid ilmini ularga tushuntirdilar. Payg‘ambar bilan kelib suhbatlashgan ba’zilarga yangi din ma’qul kelib, ular ham musulmon bo‘ldilar. Yangi din odamlarni pokizalikka, Xudodan qo‘rqishga, ezgu ishlarga da’vat qilar ekan, odamxo‘rlik va behuda ishlarni man’ qilar ekan. Arablar bu dinga rag‘bat ko‘rsatdilar. Lekin Makkaning ayrim ulug‘lari, masalan, Abu Jahl va Abu Sufyon: “Agar biz musulmon bo‘lsak, Muhammadga tobe bo‘lib qolib, ulug‘likni qo‘ldan berurmiz”, — deb musulmon bo‘lmadilar, ayni paytda musulmonlikni qabul qilgan kishilarga ham ko‘p azob berdilar. Hazrat kofirlarning bergan azoblaridan nolimadilar, doimo Xudo amrini bajo keltirib, ularni ham charchamay Islom diniga da’vat etdilar.
Hazrati Hamza va hazrati Umarning musulmon bo‘lishlari
Hazratning doimiy sabot va sa’y-harakatlari natijasida arablarning atoqli bahodirlari janobi Hamza va Umar musulmon bo‘ldilar, bundan musulmonlarning dillari quvvatlandi. Hazrati Umarning dalolati bilan Payg‘ambar ’alayhissalom o‘z yoronlari bilan Ka’ba masjidiga borib oshkora namoz o‘qidilar, odamlarni musulmonlikka da’vat qildilar, kishilar birma-bir, asta-sekin kelib musulmon bo‘ldilar.
Payg‘ambar yoronlarining Habashga ketishlari
Ul hazrat Payg‘ambarligining beshinchi yilida musulmonlar soni 300 ga yetdi. Musulmonlarning soni orta borishi bilan kofirlarning ham zulmi kuchayib ketdi. Shuning uchun hazrat kimning xohishi bo‘lsa, Habashistonga borishlari mumkinligini aytdilar. Payg‘ambarning oliy himmatlari bilan bir necha ashoblari Habashiston yurtiga ketdilar va u yerning podshohidan muruvvat ko‘rdilar. Islom dini kuch olgunga qadar ashoblar o‘sha yerda istiqomat qildilar, so‘ngra Hazratning xizmatlariga qaytib keldilar.
Xadicha va Abu Tolibning vafotlari hamda munosabatlarning uzilishi
Kofirlarning izza va haqoratlari ko‘paygan sari musulmon diniga rag‘bat bildiruvchilarning soni ham kundan kunga ko‘paya bordi. Makka ulug‘laridan bo‘lgan kofirlar majlis o‘tkazib, Payg‘ambar va u kishining yoronlari bilan har qanday munosabatni uzishga qaror qildilar. Qaror natijasi o‘laroq ahdnoma yozdilar: bundan keyin hech kim musulmonlarga xotinlikka qiz bermaydi va ulardan xotin olmaydi, ular bilan salomlashmaydi, savdo-sotiq aloqalarini qilmaydi. Bu ahdnomaga imzo chekib, Ka’ba darvozasiga osib qo‘ydilar. Bu ahdnoma uch yil o‘z kuchida turdi. Ko‘pgina musulmonlar bu ahdnoma natijasidan ko‘p qiyinchilik ko‘rdilar, ammo musulmonchilikni qabul qiluvchi olamlar safi to‘xtamadi. Oqibatda ahdnomadan hech qanday naf bo‘lmay, kofirlarning o‘zlari bu ahdnomani yirtib tashladilar, ahli Islom undan xalos bo‘ldi.
Hazrat Payg‘ambarimizning vahiy ola boshlaganlarining o‘ninchi yilida hazrati Xadicha va amakilari Abu Tolib dunyodan o‘tdilar. Abu Tolibning o‘limidan keyin Makka kofirlari Payg‘ambarimiz va musulmonlarga zulmlarini haddan oshirib yubordilar. Ayni iaytda Rasuli akramning me’rojlari voqe’ bo‘lib, hazrat moddiy olamdan ma’naviy olamga safar qilib qaytdilar. Me’roj tunidan boshlab besh vaqt namoz farz bo‘ldi.
Makkadan Madinaga hijrat
Kofirlarning zulmi va zo‘ravonligi haddan oshib ketganligi sababli Rasuli akram ba’zan atrofdan kelgan musofirlarni Islom diniga da’vat qilish va o‘z tarafdorlarini yanada ko‘paytirish uchun shahar tashqarisiga chiqar edilar. Payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili bir kuni Madinadan kelgan bir necha odamni musulmonlikka da’vat qilmoq uchun shahar tashqarisiga chiqdilar. Madinaliklar Payg‘ambarimizga agar siz Madinaga kelsangiz biz o‘z mol va jonimizni siz uchun ko‘mak yo‘lida fido qilar edik, dedilar. Payg‘ambarimiz ularning bu qasamlariga ishonib, taklifni qabul qildilar. Bu uchrashuv Aqoba mavzeida sodir bo‘lgani uchun uni tarixchilar ” Aqoba ittifoqi”, deb ataganlar. Keyingi yilda Madinadan yana bir necha ulug‘lar kelib “Aqoba ittifoqi”ni yangilab ketdilar. Kofirlarning qulog‘iga bu itgifoq yetib borgach, musulmonlarga nisbatan o‘z zulmlarini yanada kuchaytirib yubordilar. Hazrat o‘z ashoblariga Madinaga hijrat qilishni buyurdilar va musulmonlar yakka-yakka va juft-juft bo‘lishib Makkadan hech kimga sezdirmay chiqib keta boshladilar. Kunlar o‘tgan sayin Makkada Hazratning o‘zlari Abu Bakr va Ali bilangina qoldilar. Kofirlar Payg‘ambarimizning yolg‘iz qolganliklarini bilgach, ul zotni tunda qatl qilmoqqa maslahat kildilar, ul Hazratga Alloh bu maslahatdan ogoh etdi va o‘rinlariga Alini yotqizib, Abu Bakr bilan birga o‘sha kuni Makkadan chiqib ketdilar. Kofirlar Payg‘ambarimizning ketib qolganliklarini bilib, izlashga tushdilar, ayniqsa, As-Saboh degan kofir ko‘p qidirdi, ammo izlarini ham topa olmadi. Ul Hazrat Abu Bakr bilan birga salomat holda Madinaga borib yetdilar. Ular kelgan kunni Madina ahli katta bayram qildi. Hazrat Ali ham oradan uch qun fursat o‘tgach, Madinaga kirib keldilar. Hijrati Payg‘ambarning o‘n to‘rtinchi yilida, isoviy 622-sanani musulmonlar o‘z tarix hisobining ibtidosi, deb bilurlar, ya’ni hijriy yil shu yildan boshlangan.