Abdurauf Fitrat. Hind sayyohining qissasi

MUQADDIMA

Abdurauf Fitrat. Istanbul, 1908

Bundan ancha vaqt oldin buxorolik bir kishi bilan uchrashib qolib, bu shaharning qanaqaligini so‘ragan edim, u shunchalik maqtov so‘zlarini aytdiki, o‘sha paytdan boshlab bu shaharni ziyorat qilishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.
Bu yil nihoyat niyatimga yetdim. Buxoro safariga otlandim. Shaharga kirgunga qadar butun yo‘l davomida hikoya qilishga arzigulik voqeaning guvohi bo‘lmadim. Necha oy davomida Buxoro shahri va buxoroliklarning ahvolini o‘rgandim va ularning qariyb barcha ishlaridan xabardor bo‘ldim.
Juda katta taassuf bilan aytish mumkinki, buxoroliklar faqatgina islomning umumiy yemirilishiga «hissa» qo‘shmagan, balki islom olamining ayrim qavm-qabilalarini ham g‘aflat olamiga tortgan ekanlar.
Sayohatimiz tafsilotini bayon qilishdan oldin Buxoro va buxoroliklar haqida o‘zimda paydo bo‘lgan qisqagina fikrimni bildirib, hurmatli o‘quvchilarni muxtasar bo‘lsa-da, ularning ahvolidan xabardor etishni zarur deb bilaman. Buxoro aholisining jami uch toifadir: ulamo, umaro va fuqaro…

ULAMO

Ma’lumki, Buxoro qadimdan o‘ta dono va zukko fuzalo ahlini tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Har kuni bir Abu Ali, Forobiy va boshqalarni jahonga hadya etib, shu tariqa o‘zining sharafli dovrug‘ini dunyo xalqlarining quloqlariga zirak etib taqqan. Ammo, mana ikki yuz yildirki, o‘zining ilmiy qiymatini yo‘qotdi. Mirzojon Sheroziyning kirib kelishi bilan, Buxoro ulamolari lafz-so‘zlar ma’nisini tadqiq etishdek foydasiz ishga berilib, adashdilar. Turkistonliklarning ko‘pchiligi bu yerda tahsil ko‘rganligi tufayli, buxoroliklarga ergashib jaholat va g‘aflat botqog‘iga botdilar. Oqibatda madaniyat osmonining porloq yulduzi, insoniyat kitobining nurli sahifasi bo‘lgan Turkistonni do‘stu dushman oldida uyatlik bir holga yetkazdilar, halokatga mubtalo etdilar.
Buxoro ruhoniylarining eng mo‘tabar maqomiga ega bo‘lgan bir jamoa kishilar bugungi haqiqiy ilmdan mutlaqo xabarsizdirlar. Yigirma yil tahsil olib, yana yigirma yil dars berib, undan keyin muftiylik mansabiga erishib, yana arab kitoblarini o‘qishda qiynaladilar, o‘zlarining fors tilidagi fiqh kitoblarini afzal bilib, oyatlarni qanday istasalar shunday sharhlaydilar, hadis to‘qib chiqaradilar. Masalan, kezi kelganda shuni ham ta’kidlaymizki, o‘zlari cheksiz zulm va gunohlarni sodir etadilar, biroq bilmagandek o‘tiradilar, bechora avom xalqni ozgina gunoh uchun «kofir» deb ayblab, tepkilaydilar.

UMARO

Bu dahshat to‘la to‘dalar ongsizlik tufayli bo‘lsa-da, baxtga erishgan to‘dalar yordamida bir-birlarini quvib, hukmronlik otiga minib, bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafqatsizlarcha poymol etadilar. Bu «iqtidorli» (!) hokimlarning to‘dasi hech vaqt hech kimning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lmagan ikki toifadan tuzilgan. Birinchisi johil hokimzodalarki, otalarining hukmronlik davrida fisq-fujur va bema’nilik bilan maishatga berilib, barcha insoniy fazilatlardan, hatto savoddan ham bebahra qolganlar. Boshqa toifa — attor va baqqollar bo‘lib, har ikkala dunyoning saodatidan imkoni boricha bahramandlikni istaydilar va ilmu fazl tahsilini insoniy fazilatlardan deb biladilarki, hammalari birlashib, turli yo‘llar bilan hokimliklikning oliy martabasiga yetganlar.
Bu «azizlar» maktab ko‘rmaganlar, hukmronlik qonunlarini eshitmaganlar, ma’muriy idoraning odob va qoidalarini bilmaydilar. Millat qanday yuksaladi, mamlakat qaysi yo‘l bilan boyiydi, davlatning xazinasi qanday to‘ladi kabi masalalar xayollariga ham kelmaydi. «Ma’lum bir mansabdor hokimning xalq oldidagi vazifasi nimadan iborat, xalqning hokimga nisbatan huquqining darajasi qanchalik» kabi fikrlarni hech qachon eshitmaganlar. Biroq, biron-bir viloyatning hokimligiga tayinlanishsa, o‘sha yer huqumatini do‘zax olovining baroti yoki bosqinchilik manbai deb biladilar. Natijada ular o‘zlariga qarashli barcha kishilari va do‘stlari bilan balo lashkari misoli u yerga qo‘nib, badbaxt aholidan nafslari istaguncha mol-hol oladilar va podshohning xazinasi…ga ham insoflari yetguncha topshiradilar. Hech kim ulardan bu daryosimon g‘oratgarchilik va tomchisimon topshirish sababini surishtirmaydi.

FUQARO

Bu bechoralarda ayb yo‘q, ular har tomonlama qobiliyatlidirlar. Shunchalikki, buni o‘zlari «bilmaydilar». Endi ularning ahvolini asarning asl mohiyatiga havola etib, hikoyatimizni boshlashni ma’qul bildik.

HIKOYaT

Kogonda vagondan tushgach, yuklarimni bir foytunga ortib, shaharga yo‘l oldim. Yo‘lda bojxona tekshiruvidan o‘tib, shahar darvozasiga yetib keldik. Arava to‘xtadi.
— Nima gap? — dedim.
Bir kishi javob berdi:—Quyosh botganidan keyin to‘rt soat vaqt o‘tibdi. Shuning uchun shahar darvozasini berkitganlar.
Aravadan tushdim. Kishilar bir odamning atrofiga to‘planib, unga yolborar edilar. U odam qo‘pollik bilan bir narsalar deb do‘ng‘illardi. Shu payt «yo‘l bering» degan ovoz eshitildi. Mirshabning kishilari odamlarni haydab chetga surishdi. Darvozani ochdilar. O‘z ko‘zim bila ko‘rdim: ikki-uch aravadagi armanilar ichkariga kirib ketishdi. Darvozabondan so‘radim:
— Birodar, armanilarga-ku ruxsat berding, biz musulmonlarga nega qarshilik qilyapsan?
Darvozabon javob bermasdan boshqa tomonga qarab ketdi. Shu payt yana «yo‘l beringlar» degan tovush eshitildi. Odamlarni orqaga surib, darvozani ochdilar. Endi bir necha arava to‘la yahudiylar shaharga kirdilar. Bundan juda iztirobga tushib, baland ovozda: «Yo rabbiy, Muhammad ummatlarining gunohi nima?» deb qichqirdim. Chehrasi yoqimli, qiyofasidan nur yog‘ilib turgan yigit orqamdan kelib: «Jaholat!» dedi.
Shu payt yana shahar darvozasini ochdilar. Boyagi armanilardan biri ichkaridan chiqib, baland ovozda kimnidir chaqirdi. Shunda bir it yugurib kelib egasining etagini iskalab, g‘ingshiy boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, u shu armanining iti bo‘lib, shahardan tashqarida qolgan ekan. Itning egasi yarim yo‘ldan uni olib ketish uchun qaytibdi. It ham ichkariga kirgach, shahar eshigini yana bekitishdi. Endi bu yerda turishga toqatim qolmadi. Bir choyxonaga kirib, huzur qilib tonggacha uxladim.
Ertalab turganimda atrofimda juda ko‘p odamlar ham uxlab yotar edilar. Demak, kecha hech kimni shahar ichkarisiga kiritishmabdi. Obdastani olib, tahorat qildim. Bomdodni o‘qib bo‘lganimdan keyin yuklarimni bir aravaga ortib, aravakashdan iltimos qildim.
— Bu shaharga birinchi bor kelishim, past-balandini bilmayman, meni biron saroyga olib borib qo‘ysangiz — deb iltimos qildim aravakashdan.
— Juda yaxshi,— dedi-da, yo‘lga tushdi. Bozorning o‘rtasida aravamiz to‘xtab qoldi. Men manzilga yetib keldik, deb o‘ylabman. Yuklarimni olib tushmoqchi edim, u. — Hali kelganimizcha yo‘q,— dedi.
— Bo‘lmasa nega to‘xtab turibmiz?—dedim.
— Ro‘paramizdan ham arava kelyapti,— dedi aravakash. Foytundan tushdik. Ikki-uchta arava va foytun biz bilan yuzma-yuz bo‘lib to‘xtab qoldi. Yo‘l tor, o‘tish juda mushkul edi.
— Nima qilamiz?
— Bir tomonning aravalari yo‘lning picha kengroq joyigacha tisarilib borishlari kerak.
Men: Keng yo‘l qaysi tomonda?
Aravakash: Har ikkala tomonda ham bor.
Men: Biz bilan yuzma-yuz bo‘lganlar nega orqaga yurmaydilar?
Aravakash: Or qiladilar.
Men: Bo‘lmasa sizlar orqaga yuringiz.
Aravakash: Nima, bizda oriyat yo‘qmi?
Men: Sizlarda ham, ularda ham oriyat bor. Lekin, biz nima qilaylik?
Aravakash: Bir oz o‘tirib turing.
Bu payt g‘ala-g‘ovur boshlanib ketdi… Aravakashni shu yerda qoldirib oldinroqqa yurdim… Hayal o‘tmay «ushla», «qo‘yma», «ushladingmi?», «ur!» kabi tovushlar hamma yoqni bosib ketdi. Tomoshabinlar janjalkashlarni bo‘sh kelmaslikka undab baqirar edilar. Yonimda turgan bir kishidan so‘radim:
— Birodar, hokimning odamlari yo‘qmikin, bularni ajratsa? U kishi mening savolimdan ajablandi:
— Hokim odamlarining bular bilan nima ishi bor?
«Hokim odamlariki bunga aralashmas ekan, o‘zimni ehtiyot qilay», deb, mingan aravamga borib o‘tirishni niyat qilib orqaga qaytmoqchi bo‘ldim, biroq betartib tomoshabinlar yo‘lni to‘sib qo‘yishgan edi. Juda ko‘p mashaqqatlar bilan bir do‘konning suffasigacha yetib oldim-da, janjalning tugashini kuta boshladim. Nihoyat, odamlar o‘rtaga kirib «pahlavon»larni ajratdilar. Yengilgan tomon aravalarini orqaga haydab, bir chorrahada to‘xtadilar. Biz boshqa yo‘ldan o‘tib ketdik.
Arava bir saroy oldida to‘xtadi. Saroybonlar yuklarimni tushirib, meni tor va qorong‘i hujraga boshlab kirishdi. Narsalarimni hujrada qoldirib, tashqarini tomosha qilgani chiqdim. Bu shaharda hech kimni tanimasligim tufayli juda zerikardim. Ikki-uch kundan keyin, yolg‘izlikdan yuragim tars yorilar darajaga yetgach, saroybonni chaqirib:
— Menga biron xushmanzara joyni aytsangiz, borib bir oz vaqtimni xush qilsam,— dedim.
U:
— Havzi Devonbegi atrofini borib tomosha qiling,— deb javob qilib, yo‘lni ham ko‘rsatib berdi. Borib ko‘rdim: odamlar atrofida sartaroshlik do‘konlari, samovorxonalar bo‘y cho‘zgan katta hovuz chetidagi yirtiq gilamlar ustida o‘tirib choy ichar edilar. Hovuzning qibla tomonida keng va baland maydon, maydonda esa katta masjid qurilgan bo‘lib, Buxoroning ko‘pchilik aholisi namozlarini shu masjidda o‘qir ekanlar. Ana shu namozxonlarning barchasi shu hovuzda tahorat qilarkanlar. Hovuz atrofidagi supalardan birida bir oz vaqt o‘tirdim. Buxoro mullalaridan ikkitasi kelib yonimga cho‘kdi. Tashqi qiyofamdan begonaligimni bilib, tez-tez razm solar edilar. Yakkalik jonimga tekkani uchun o‘zimcha «bular bilan bir oz suhbatlashsam-chi», deb o‘yladim-da, yaqinroq borib salomlashdim. Alik olib, bir piyola choy uzatishdi, so‘ng:
— Qayerliksiz?—deb so‘radilar.
— Hindustondan,— dedim men.
Ular yana o‘z suhbatlariga berilishdi. Meni eslaridan chiqarishdi chog‘i. Shunda ularning biridan so‘radim:
— Anchadan beri kuzatyapman: odamlar katta-katta meshlarni to‘latib hovuzdan suv olib ketadilar-da, bo‘shatib yana keladilar. Ajabo, buncha suvni qayoqqa olib boradilar?
Mullo: Xonadonlarga olib boradilar.
Men: Ne uchun?
Mullo: Ichish uchun.
Men: Sizlar ham shu hovuzdan suv ichasizlarmi?
Mulla bir oz achchiqlanib:— Bu suvga nima qilibdi?— dedi.
Men: Uning sog‘liq uchun katta ziyoni bor.
Mulla: Vajaalna minal ma’i kulli shay’in hay ,— suvning inson sog‘lig‘iga foydasi bor, nainki zarari bo‘lsa?
Men: Albatta suv inson uchun zararli emas, lekin bu hovuzning suvi hech ham suv emas, turgan bitgani kir va ifloslikdir.
Mulla: Nega hammasi kir ekan?
Men: Bir qarang, ko‘plab odamlar hovuzda tahorat qiladilar, og‘iz chayadilar, burunlarini yuvib tashlaydilar, loy oyoqlarini tozalaydilar. Agar bu sartaroshlik, somorxonalar , kalla va baliq pishiruvchilarning chiqindilarini ham hisoblasak, har kuni taxminan yarim man  kir bu hovuzga tashlanadi.
Mulla: Ushbu gaplardan maqsadingiz nima? Bu hovuzdan suv ichmanglar demoqchimisiz?
Men: Unday emas. Bu hovuzda tahorat qilmanglar, burunlaringni, oyoqlaringni yuvmanglar, axlat va chiqindilarni tashlamanglar demoqchiman, chunki bu suv ichish uchundir va u toza bo‘lishi kerak.
Shu vaqt azon aytildi. Manzilim tomon yurdim. Yo‘lda bir yosh yigit salom berdi. Darrov tanidim, bu o‘sha — shahar tashqarisida men uchratgan yigit edi. Alik oldim. Aytdi:
— Mulla bilan hovuz to‘g‘risidagi bahsingizdan mamnun bo‘ldim.
Aytdim:
— Tashakkur. Kamina bu mulkda musofirman, hech kimni tanimayman, agar malol kelmasa, gohida mening manzilimga ham tashrif buyursangiz.
Yigit:
— Taklifingizni mamnuniyat bilan qabul qilaman. Manzilingiz qayerda?
Men yashab turgan joyimni aytdim. Xayrlashib, ajraldik. Uyga kelgach, saroybondan «bu shaharning yana tomosha qiladigan joylari bormi?» deb so‘radim. Aytdi:
— Ertaga seshanba. Hazrat Bahovuddinning mozoriga boring.
Kechani hujraning bir burchagida o‘tkazdim. Ertalab tashqariga chiqay deb turganimda, eshik taqilladi.
— Marhamat, kiring,— dedim. Kechagi yigit bir sherigi bilan kelgan ekan.
— Sizni uyga olib ketmoqchiman,— dedi u.
— Banda bugun hazrat Bahovuddin mozorini ziyorat qilishni maqsad etgan edim. Agar birga borsangiz, mamnun bo‘lar edim.
Yigit: Albatta boraman. Ammo janoblari bundan keyin bu saroyda turmasliklari kerak. Uyimning to‘ri sizga muntazir. Yuklaringizni do‘stimga topshiring, biznikiga eltib qo‘yadi. Biz esa birgalikda ziyoratga boramiz.
— Juda yaxshi,— deb, yuklarimni haligi kishiga topshirdim va yangi do‘stim bilan tashqariga chiqib, aravaga o‘tirdik. Manzilga yetgach, bir oz yayov yurib, keng bir maydonga chiqdim. Keng sahnda yangi qurilgan bino bor ekan. Masjid maydonini bosib o‘tib, ziyoratgoh eshigidan kirdik. Ko‘rdik: keng joy, maqbara bo‘lib, odamlar uni bot-bot ziyorat etar, ta’zim qilar edilar. Men ham (tavof qilish uchun emas, balki tavof etuvchilarning holatini kuzatish uchun) ular davrasiga kirdim. Qabrning har joy-har joyiga ikki-uchta qo‘y shoxini qadaganlar, boshqa ikki-uch joyda esa ot dumining qillaridan yo‘g‘on, katta tug‘lar yasab, osib qo‘ygan edilar. Xo‘jalar qishloqlardan kelgan ziyoratchilarning yoqasidan ushlab, «piringning shoxini ziyorat qil» deya, o‘sha shoxlarni o‘ptirar va shu bahona ulardan pul undirar edilar. Bechora qishloqilar chin dildan bu shoxlarni o‘pib, ko‘zlariga surtar edilar. Shu paytda xo‘jalardan biri ot dumidan yasalgan tug‘ni olib, «ziyorat etgin» deb, yuzimga surtdi. G‘azabim jo‘shib ketganidan qulog‘ining tagiga bir musht tushirdim. Qabrning ziyoratidan qaytgan har bir kishi boshini mozorning bayrog‘i ko‘tarilgan cho‘pga qo‘yib, uni o‘pib, ko‘zlariga surtar va yig‘lagancha cho‘pdan boshini olmas, go‘yo ana shu quruq cho‘pga o‘zining parishon ro‘zg‘oridan shikoyat etib, necha yillardan beri to‘plangan hojatlarini chiqarayotganday edilar.
Tashqariga chiqdim. Do‘stimning istagi bilan choyxonaga kirib o‘tirdim. Do‘stimga go‘yo tanish bo‘lgan ikki-uch buxorolik kelib, bizning yonimizga o‘tirdilar. Birga choy ichdik. Ulardan biri menga qarab, dedi:
— Bu fayzli mozorni qanday qilib topdingiz?
Men:
— Naqshband hazratlarining maqbaralari juda fayzli va ehtiromga sazovor joy. Faqat uning ziyoratida juda katta xatolikni ko‘rdim.
U kishi:
— Nima xatolik?
Men: Ana shu qabr ustida ko‘tarilgan cho‘p nima?
U kishi: Mozorning a’lami — bayrog‘idir.
Men: Bahovuddinning o‘zidan qolganmi?
U kishi: Yo‘q… bu cho‘p avliyolar qabrining alomatidir. Ora-orada tozalab turishadi. Bahovuddinga hech qanday daxli yo‘q…
Men: Unday bo‘lsa nega odamlar bu cho‘pga tavba-tazarrular qiladilar?
U kishi: Sajda etmaydilar, balki boshlarini qo‘yib, hojatlarini bildiradilar.
Men: Shu ishning o‘zi sajda etish emasmi?
U kishi: Bu ish ham sajda etishdir, biroq ibodat etish sajdasi emas, ta’zim sajdasidir, buning zarari yo‘qdir.
Men: Nasroniylarni nega kofir deb ataysizlar?
U kishi: Ular butga sig‘inuvchilardirlar.
Men: Ular kitob ahlidirlar. Masih hazratlarining ummatidurlar, butga sig‘inuvchilardan emaslar.
U kishi: Ular butga o‘xshash bir narsaga sig‘inadilar.
Men: U nima?
U kishi cho‘ntagidan qalam chiqarib, bir qog‘ozga salib shaklini chizib, dedi:
— Mana budir.
Men: Bu nimaning surati ekanligini bilasizmi?
U kishi: Butning surati.
Men: Butun dunyoda hech bir ahmoq kishi topilmaydiki, bir ma’nisiz shaklga xudo deb sig‘insa. Nasroniylarki, bugun ularning ilmiy asarlari barcha joyda ma’lum va mashhurdir, bu shaklga hech vaqt xudoning nomini bermaslar. Siz but deb atagan bu surat dor shakli bo‘lib, nasroniylarning e’tiqodiga ko‘ra, Iso payg‘ambarning taniga tegib, tabarruk bo‘lgan. Shuning uchun nasroniylarning bir guruhi unga ta’zim yuzasidan sajda etadilar. Ularning sajdasi ham ta’zimdir, ibodat emas. Makka kofirlari ham musulmon bo‘lishdan oldin butga sig‘inar edilar, go‘yo o‘sha butlar qiyomat kuni ularni asrar ekan. Juda hayratlanarli joyi shundaki, sizlar boshqalarni butparastlik va salibga sig‘inish jihatidan kofir deb ataysiz, shu qatori o‘zingiz ham mozor cho‘plari va yalovlariga sajda qilib, hojatingiz ravo bo‘lishini Bahovuddindan tilaysiz va yana o‘zingizni musulmon deb aytasiz.
Sajda etish esa, uni ta’zim deb atasalar ham, ibodat deb atasalar ham — faqat Ollohgaginadir. Sizga islom tarixidan ozgina qissa etsam: Muhammad payg‘ambar hazratlari Makka kofirlarining muruvvatsizliklaridan xafa bo‘lib, o‘z yaqinlariga Habash tomon yo‘l olishlarini buyurdi. Sakson ikki erkak va yigirma bir ayol yo‘lga tushib, Habash shahriga yetdilar. Najoshiy (Habash podshosi) islom muhojirlarining tuprog‘iga kelganlaridan xabar topib, ularni o‘z huzuriga chaqirdi. Muhojirlar Najoshiy huzuriga kirdilar, biroq unga sajda etmadilar. Darbor ahli ularning bu harakatlaridan hayratda qolib, so‘rashdi:
— Biz, odatimiz bo‘yicha, podshohimizga ta’zim va sajda qilamiz. Sizlar nega unday qilmadingizlar?
Hazrat Alining birodari Ja’far ibn Abu Tolib ularning orasida edi, bunday javob berdi:
— Biz pok Ollohdan boshqa hech kimga sajda etmaymiz. Payg‘ambarimiz bizni kishilarga sajda etishdan man’ qilganlar va xudovanddan o‘zgaga sajda etmasligimizni amr etganlar.
Najoshiy Ja’farning bu javobidan xushvaqt bo‘lib, aytdi:
— Olloh haqqi aytamanki, mening uchun Ollohdan o‘zgaga ta’zim etmaydiganlar eng qadrli kishilardir.
U kishi: Siz hazrat Bahovuddin haqqiga odobsizlik qilyapsiz.
Men: Olloh asrasin, faqir hech vaqt avliyolarga nisbatan odobsizlik qilganim yo‘q, qilmasman ham. Hazrat Bahovuddin yomon odam edi demayman va odamlar uning ziyoratiga kelmasinlar deb ham aytmayman. Payg‘ambar hazratlari «qabristonni ziyorat etingiz, chunki bu sizlarga oxiratni eslatadi», deb uqtirganlar. Albatta, mozorlarni ziyorat etish, agar o‘liklar va qiyomatni eslash uchun bo‘lsa, yaxshi ishdir. Lekin, masala shundaki, bu ziyoratni butparastlik darajasiga yetkazish kerak emas. Insof qiling: hazrat mozorida namoz o‘qiysiz, bu mozor tug‘ining cho‘piga sajda etasiz, hojatlaringizni chiqarishni Bahovuddindan tilaysiz. Bugun Buxoroda hech kim yo‘qki, «yo Olloh» o‘rniga «yo Bahovuddin» demasa. Bularning hech biri shariatga mos emas. …Biz Bahovuddin hazratlarini yaxshi ko‘ramiz, ehtirom etamiz, ziyoratlariga kelamiz, lekin bu muhabbatimiz, ehtiromimiz, ziyoratimiz bizni shariat qonuniyatidan chiqarib, bahovuddinparastlikka olib kelishi mumkin emas.
Shu paytda biz o‘tirgan choyxona ro‘parasida, yo‘lning o‘rtasida bir kishi tushunarsiz sheva bilan, baland tovushda bayt o‘qib, barchaning diqqatini o‘ziga tortdi. Do‘stimdan so‘radim:
— Bu kim?
Do‘stim: Maddoh. Voiz ham deyishadi.
Men: Ha… Voizlar yaxshi kishilar, musulmonlarni haq yo‘lga da’vat etadilar. Ularning aytganlariga quloq solish kerak.
Do‘stim kulib, dedi:
— Agar shunday bo‘lsa, quloq soling!
Maddoh kishi kulgili so‘zlar bilan hikoyatini boshladi. Ammo qanaqa hikoyat deng?! O‘zining maymunsifat harakatlaridan ham ajibroqdir. Bu hikoyatni biron-bir kitobdan topib o‘qiyolmaysiz: puch, bema’ni, yolg‘on, kulgili. Masalan, bundoq aytar edi:
— Hazrat Ali bir na’ra tortishda o‘n olti farsah yerni larzaga keltirib, gumroh yuviqsizning belbog‘idan olib, osmonga qarab uloqtirgan edilar, xaloyiq ko‘z o‘ngidan butunlay yo‘qoldi. Bir soatdan keyin osmondan lapanglab tusha boshladi. Yana qo‘l uzatib, belbog‘idan olib, boshi uzra aylantirib yerga qarab urgan edilar, surma singari uqalanib ketdi.
Sodda odamlar ushbu safsatalarni eshitar ekanlar, hazrat Alini o‘zlaricha tasavvur etib, g‘olibona tabassum bilan unga tahsin va ofarinlar izhor etar edilar!!! To‘satdan bu maddoh o‘z hikoyasini yarmida to‘xtatib, Eron torchilarining o‘yinchisi singari tipirchilab yotib-turib, turli harakatlarni qilishga kirishdi. Shunchalik o‘zini yerga urdi, yugurdi, chapak chaldi, na’ra tortdi, ko‘kraklariga mushti bilan urdi, sallalarini yerga otib yubordiki, aniq devona bo‘ldi deb o‘yladim. Do‘stim dedi:
— Pul istayapti.
Men: Hali hikoyati tugaganicha yo‘q-ku?
Do‘stim: To‘g‘ri, agar hikoyatini tugatib so‘rasa, hech kim bermaydi. Shuning uchun qissasini eng qiziq joyida to‘xtatib, pul so‘raydi.
Turib ketdim. Do‘stim ham menga ergashdi. Qolgan vaqtimizni atrofni tomosha qilish bilan o‘tkazdik. Kechasi xo‘jalardan birining uyida mehmon bo‘ldik. Ertalab vaqtli turib, shahar aylanishga chiqdim. O‘ng tomonda joylashgan choyxonalardan turli tovushlar qulog‘imga chalindi. Do‘stimdan so‘radim:
— Nima gap?
Do‘stim: Hofizlar g‘azal o‘qimoqdalar.
Men: Borib ko‘raylik.
Do‘stim: Ko‘rishga arzigulik emas.
«Nima bo‘lsa ham, ko‘rmasdan ketish yaxshi emas» dedim-da, o‘sha tomonga qarab yurdim. Ilojsiz qolgan do‘stim ham ortimdan ergashdi. Besh-olti qadam yurganimni bilaman, nimani ko‘rdim deng? Hayhot! Bu sharofatli jannatning yonida jahannam darvozalari ochilibdir. Bu muqaddas mozorning yonida Lut qavmining razolati paydo bo‘libdir! Odamlar choyxonalarning o‘rtasida besh kishilik-o‘n kishilik davra tuzib, davraning o‘rtasida bittadan yosh o‘g‘il bolani o‘tirg‘izishgan. U mas’umlik va uyatchanlik bilan ikki-uch yodlagan baytini aytib berar edi. Atrofdagilarning har biri, xuddi shaytondek, uning atrofini o‘rab olishgan, o‘zlarining shahvat to‘la nigohlarini bechoraga qadagan edilar!!! Ushbu vahimali va kufrli tomoshadan butun vujudimni titroq bosdi. Devonalarga xos bir harakat oyoq-qo‘limni egallab olgan edi. O‘z-o‘zimcha aytar edim: «Yo Muhammad! Agarchi qiyin bo‘lsa ham tikka turgin! Turgin! Ey madaniyat qoidalarining noshiri, ushbu vahshiylarning harakatiga bir nazar sol! Ey olamni xalq etganning musallah homiysi! Yoki bularni tarbiyalashning biron chorasini top yoki Lut qavmi singari yer tagidan bularga ham joy ko‘rsat! Bu uyatsiz va sharmandalarning iflos vujudi Qur’onning obro‘-e’tiboriga putur yetkazishiga yo‘l qo‘yma!»
Do‘stim qo‘limdan ushlab:
— Ketaylik,— dedi.
Taklifiga qo‘shilib, yo‘lga tushdim. Biz foytunga o‘tirib, do‘stimning uyiga keldik. Kecham juda notinch o‘tdi. Tongda do‘stim uyg‘otdi. Namoz o‘qib, taom tanovul qildik. Do‘stim so‘radi:
— Bugun qayoqqa borishni mo‘ljallamoqdasiz?
Men: Agar fursatingiz bo‘lsa, madrasalarni ziyorat etsak.
Do‘stim taklifimni qabul etdi. Kiyinib tashqariga chiqdik. Katta madrasaga yetib, ichkariga kirdik. Bu madrasa juda oliy darajada edi. Do‘stimdan madrasa to‘g‘risida batafsil so‘zlab berishini so‘radim. Dedi:
— Buni Ko‘kaldosh madrasasi deydilar. Bir yuz qirq hujrasi bor. Darsxona, kutubxona, umumiy taomxonasi ham mavjud. Yillik vaqf pulining miqdori bir yuz ellik ming tanga bo‘lib, har yili ming tangasi kutubxonaga beriladi. Yigirma to‘rt ming tangani mudarrislar oladilar. Qolgan qismi esa imom, so‘fi, farrosh, meshkob, sartarosh va hujra egalari o‘rtasida taqsimlanadi.
Tashqariga chiqdik. Qarshimizda yana bir madrasa yuksalgan edi. Do‘stim aytdi:
— Buni esa Devonbegi madrasasi deb ataydilar. Yetmish bir hujrasi, Ko‘kaldosh madrasasi singari umumiy taomxonasi va darsxonalari bor. Yillik vaqfi bir yuz ellik ming tangani tashkil qiladi. Ushbu mablag‘dan yigirma to‘rt mingi mudarrislarga tegadi. Qolganini esa muazzin, farrosh, meshkob, sartaroshlar bo‘lib oladilar.
Do‘stimning ushbu so‘zlaridan juda quvonib:
— Alhamdulilloh. Buxoro bu jihatdan o‘zining sharafini to‘la himoya qilgan ekan,— dedim.
Do‘stim ta’sirlanib, go‘yo so‘zlarim jarohatini yangilagandek, g‘amgin nigohini menga qadadi-da;
— Oh… shunaqa!—dedi. Va juda katta mashaqqat bilan o‘zini bosdi. Men yana xursandchiligimni izhor etib, dedim:
— Haqiqatan ham shunday oliy madrasalar va katta miqdordagi vaqflarga ega bo‘lish har bir mulkning sharaf va saodatining belgisidir. Buxoroliklarning yuksak tolei va Buxoroga tahsil uchun keladigan talabalarning xushbaxtligidir.
Do‘stim bu so‘zlarimdan yana parishon ahvolga tushdi va bu holatini sezdirmaslik uchun qo‘limdan tutib, tushkun ohangda:
— Ketdik,—dedi.
Uch-to‘rt soat shahar bozorini tomosha qildik. Bu shaharning do‘konlari eski uslubda qurilgan. Ayrim rastalarda G‘arb uslubida qurilgan bir-ikki do‘kon ko‘zga tashlanadi. Buxoro aholisi juda katta davlat va boylik egasi bo‘lishi mumkin. Eronga nisbatan ma’nisiz takalluflar bu mulkda kamdir, illo besoqol bolalarga nisbatan ta’zim va ehtiromni bandalik darajasigacha yetkazadilar! Agar yo‘ldan biron besoqol bola o‘tadigan bo‘lsa, atrofini ta’zim ila bukilgan qomatlar o‘rab oladi va uni o‘z davralaridan hayosiz so‘zlaru oh-vohlar bilan kuzatadilar. Abu Ali va Forobiy farzandlari uchun naqadar pastkashlik bu!!! Do‘stim meni ushbu hayosizlik musobaqasi aro olib o‘tib, yana ikki-uch madrasani ziyorat etishimga yordam berdi.
Kun botarga yaqin uyga qaytdik, xufton namoziga qadar dam oldik. Mening ta’rifimni do‘stimdan eshitgan shekilli, bir mahal ikki kishi kirib kelishdi. Tanishganimizdan so‘ng bir oz suhbatlashdik. Do‘stimga aytdim:
— Sizning iltifotingizning barakoti tufayli, ayrim madrasalarni tomosha qildim. Juda mamnun bo‘ldim.
Do‘stim: Albatta, sizni mamnun etish mening burchimdir. Agar istasangiz, ertaga ham madrasalarni tomosha qilamiz.
Men: Salomat bo‘ling. Sizdan umidim ham shudir. Biroq, Buxoroning barcha madrasalarini ko‘rish shart emas. Ertaga boshqa joyga boramiz, ammo bu kecha Buxoro madrasalari haqida bir oz ma’lumot bersangiz, juda mamnun bo‘lar edim.
Do‘stim choy quyilgan piyolasini yerga qo‘yib, hikoyasini boshladi:
— Buxoroda ikki yuzga yaqin madrasa bo‘lib, ular uch toifaga bo‘linadi: oliy, o‘rta va ibtidoiy.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.