Deraza tagidagi karavot ojizgina g‘irchilladi. Poygakda kartoshka archayotgan Oynisa xola ishini qo‘yib, tizzalariga tayanganicha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Yana og‘riq turdimi? – U ko‘rpa ustidan erining oyoqlarini uqalay boshladi.
Komil ota kosasiga cho‘kkan ko‘zlarini yumdi. G‘ijimlangan qog‘ozdek za’faron yuzi birdam harakatsiz qoldi. Ko‘pdan beri usta ko‘rmagan kaltagina oq soqoli cho‘qqayib turar, terisi suyagiga yopishib, tirnog‘i sarg‘ayib ketgan barmoqlari ko‘rpani madorsiz changallagan, ayolining uqalashidan tanasi ohista tebranib, davri o‘tgan ko‘hna sim karavot ayanchli g‘irchillardi.
Bemor ko‘zlarini ochdi – yuzidagi behisob burishiqlarga jon kirdi. Kampiriga «bo‘ldi yetar» degandek imo qildi. «O‘zingga shukr!» dedi nimjon ovozda, so‘ng derazadan hovliga termildi.
Kech kuz. Derazadan yigirma odimlar naridagi pastgina oshxona orqasida qulochga sig‘mas qari o‘rik daraxti ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Uning tarvaqaylagan shoxlari, oftobda jilvalanayotgan sariq-qizg‘ish yaproqlari, Komil ota ko‘rishi nasib etgan bir bo‘lak osmonni egallab yotar, ojizgina shabadada ham shatir-shutur barg to‘kib, hovli sahni, chap burchakdagi bostirma va oshxona tomiga xazon ko‘rpa to‘shar edi.
Komil ota oshxona tomiga to‘sh berib deraza tomon intilgan o‘rikning bilakdek butog‘iga tikilib yotardi. Ana, undagi so‘nggi yaproq ham shamol bilan olisha-olisha holdan toydi, havoda bir-ikki doira yasagach, oynaga ojizgina kelib urildi-da, ko‘zdan yo‘qoldi. Yaproq go‘yo uning huzuriga talpingandek tuyuldi-yu, vujudini o‘rtab yotgan sog‘inch dardi qo‘zg‘alib, qalbida hazin bir entikish paydo qildi. U karavotni g‘irchillatmaslikka tirishib, tirsaklariga tayangan holda arang boshini ko‘tardi.
Tomirlari yaqqol bo‘rtib turgan oltinrang o‘rik yaprog‘i unga juda yaqin yerda – deraza raxida arang ilinib turardi. U bargni tuzuk ko‘ra olmadi, qo‘llari, bo‘yni, yotaverganidan taxtadek qotgan yelkalari toldi, asta boshini yostiqqa qo‘ydi.
O‘rik ham qaribdi! Durkun, serhosil, sernam shoxlaridan, baquvvat tanasidan suv qochibdi. Uning esa ahvoli bu, xuddi o‘zi singari paymonasi to‘lib qolgan daraxtga mo‘ltirab unsiz hasratlashib yotgani-yotgan…
Tog‘oracha ko‘targan Oynisa xola oshxonaga o‘tdi. Komil otaning yuragi battar ezildi. Munkillab qolibdi! Axir, yetti yildan beri oyoqlari kesakday jonsiz bo‘lgan kasalni oq yuvib, oq tarashning o‘zi bo‘ladimi? Qiynalib ketdi sho‘rlik! U esa na o‘lib bularga orom beradi, na tuzalib!
Suv quygandek jimjit hovliga o‘ng tarafdagi uydan bir-birlarini quvlashganicha nabiralari Botir, Hasan va Husanlar chopib chiqishdi. Uning g‘amgin ajinlari harakatga keldi – yuzi yorishdi. Yerga ursa osmonga sapchiydigan nabiralari bir-birini turtkilay-turtkilay ko‘cha eshigi tomonga o‘tib ketishdi. O‘n ikki yoshlardagi to‘ng‘ich nabirasi Botir esa bostirmadan ketmon ko‘tarib chiqdi-da, uy yonidagi torgina yo‘lakdan tomorqaga yurdi. Bu nabirasi o‘ziga tortdi, darsdan bo‘shadi deguncha tomorqada kuymalangani-kuymalangan. Otasi Anvar – davlatning ishidan ortmaydi… Tomorqaga shu yili Botirning o‘zi ilk bor pamildori va bodring ekdi. Dastavval qizargan olmadek pamildori, bashmaldoqdek bodringni quvonib olib kelganida, u nabirasini uzoq duo qilgan edi. Bog‘, tomorqa ishlariga Xudoga shukr havasi baland, ko‘zi pishib, uquvi ham kelib qoldi. «Do‘da, endi nima qilish kerak, qachon chopiladi, suv quyaymi? Xomtok qilishni o‘rgatib turing, o‘zim kesaman! Gilosning mevasi olchadek bo‘lib qolibdi, endi nima qilamiz?..» Botir tushmagurning savollari tugamaydi…
U oyoqlaridagi og‘riqni unutish ilinjida tashqariga ko‘z tikdi. Shamol kuchayib, o‘rik barglarini yana ham uzoqlarga olib ketmoqda. Bu daraxt unga yoshligini eslatar, xotiralarga chulg‘anib, ertayu-kech unga termilib yotar, qolaversa, bu – ilk bora hovliga qadagan nihol edi. O‘shanda o‘rtadagi oshxona, bostirmalar yo‘q, hovli, bog‘, barchasi yaxlit edi. Yillar o‘tib aka-uka uyli-joyli bo‘lishdi, ota-onasi qazo qilgach, ovsinlar orasidagi gap-so‘zlardan qochib, hovli o‘rtasidan devor tortildi. Avji hosilga kirgan oq qantak o‘rik ukasining hovlisida qoldi. Turobning xotini ustomon edi. Mevasini hech kimga yedirmay bozorga olib tushardi. Eh-hey, necha yil o‘rik, turshak sotdi, puliga olgan narsalarini Oynisaga ko‘z-ko‘z qilib, ba’zida oralariga sovuqchilik ham soldi. Lekin u bularga parvo qilmas, hamon o‘rikni o‘zi parvarishlar, butar, shirasiga erinmay dori separdi. Faqat… faqat, tobora kuch-quvvatdan qolib, qarib borayotgan «do‘stiga» achinar edi, xolos!
Shu keyingi kunlarda Komil ota o‘zini bu daraxtga juda o‘xshab ketishini anglay boshladi. U ham hech yerga siljiy olmaydi, bamisoli karavotga ekilgan. U ham gullamaydi, meva tugmaydi, uydagilariga bir dunyo tashvish bo‘lib yotgani-yotgan…
Uyga Oynisa xola kirdi.
– Sovuq shamol turdi, – dedi u, – ustingizga chopon tashlaymi?
– Hojati yo‘q, – Komil ota taxmonga qaradi, – iloji bo‘lsa…
Oynisa xola erining yelkasidan ko‘tarib, boshiga yana ikkita yostiq qo‘ydi. Endi unga deraza raxi yaqqol ko‘rinar, ammo boyagi sariq yaproq yo‘q, zo‘raygan shamol hovli yuzidagi barglarni bostirma burchagiga to‘plardi.
U darchadan kirgan muzdek, beg‘ubor kuz havosidan bahra olar ekan, birdan sergaklandi, siyrak, lekin o‘siq qoshlari chimirildi, boshini xiyol ko‘tarib tashqariga quloq tutdi. Qayerdandir «shig‘-shig‘» etib arra tovushi eshitilar edi. U bezovtalanib kampiriga qaradi, xonaga hovliqib nabirasi kirdi.
– Do‘da, do‘da, amakimlar o‘rikni kesishyapti!
Komil ota dahshat ichida «yalt» etib o‘rikka qaradi, turmoqchi bo‘lib nogohon bir talpindi-yu, bemajol yana yostiqqa quladi. Azobdanmi, qahrdanmi bo‘g‘izidan g‘ayritabiiy bir g‘uldirash otilib chiqdi.
– Do‘da, ayting, kesishmasin! – Botir uning qaltirayotgan tayoqdek qo‘liga yopishdi. Oynisa xola nabirasini tashqariga boshladi.
– Qani, yur-chi, yana nima g‘alvani boshladi ekan?
Birozdan so‘ng to‘nining barini belbog‘iga qistirgan ukasi Turob deraza qarshisiga keldi.
– O‘tin kerakmidi yoki o‘rniga imorat solmoqchimisan? – jahldan qaltiradi Komil ota.
– Voy aka-ey, – kuldi g‘o‘labir gavdali ukasi uning g‘azabini bosish payida, – daraxtga tekkan odamni jiningiz yoqtirmaydi-da! Siz kasal bo‘lgandan beri qaraydigan kishi yo‘q, shira tushaverib hammayoqni rasvo qilib yotibdi. Bugun lop etib arzon-garovga sarjinchilar oyog‘imni ostidan chiqib qolsa bo‘ladimi?.. Qay tarafga ag‘darsak yengilroq, beziyonroq bo‘lar ekan deb, sizdan so‘ragani…
Ko‘rpa ayovsiz g‘ijimlandi – qiltiriq, nimjon barmoqlar mushtga aylandi.
– Uni sarjinchilaringizdan so‘rang, inim… Men… Daraxt qulatmaganman… – Komil ota undan yuzini o‘girdi.
– Bilaman, siz o‘tqazgansiz, ko‘p mehnatingiz singgan… Qarib-churidi, mevasining tayini yo‘q…
Komil ota miq etmay yotaverdi. Turob qo‘l siltab chiqib ketdi.
Uning ko‘ksidagi ko‘rpa betartib to‘lqinlanar, qonsiz, burishiq yuzi kishida vahima uyg‘otardi. Nihoyat o‘zini picha bosib oldi-da, yurak yutib asta hovliga ko‘z tashladi. Nohaq qatlga mahkum etilgan do‘stiga qaragandek o‘rikka mo‘ltirar ekan: osmon, daraxt, uy, deraza jivirladi va bir-biriga chaplashib xira tortdi. Qovjiragan lablari unsiz qimirlay boshladi…
Barzangi yigit bir o‘ram arqonni yelkasiga ilib, daraxtga chirmashdi. Komil ota shu topda uni yiqilib tushishini juda-juda istar edi, lekin u yiqilmadi, daraxtning ayri shoxiga arqonni mahkam bog‘ladi-da bir uchini yerga tashlab, o‘zi qaytib tushdi.
Shahdam-shahdam tortilayotgan arra tovushi borgan sari kuchliroq eshitilar, o‘rik tanasini emas, uning oyoqlarini, oyoqlariga qo‘shib bag‘rini ham shavqatsizlarcha tilib borayotgandek tuyular, tobora o‘zini yomon his qilar edi.
Arra tovushi o‘chdi, halqob arqon taranglashdi. Endi daraxt tanasiga ketma-ket sanchilayotgan boltaning shiddatli ovozi darchadan o‘qdek otilib kira boshladi. O‘tkir bolta o‘rik tanasiga har gal zarb ila qadalganda uning shoxlari dir-dir titrab, quyosh nurida ko‘zni qamashtirayotgan sariq, pushti, qizil yaproqlar hurkib uchgan qushlar singari duv-duv to‘kilar, va najot istagandek uning derazasi tomon intilishar edi. «Nari qoch! Chetga o‘t!» degan shovqinlar kuchayib, daraxt bo‘yniga solingan sirtmoq tortildi, u ohista og‘a boshladi…
Komil ota ko‘zini yumdi. «Bir-ikki tortdik! Ha, bir-ikki tortdik!» Daraxt g‘iychillab – ingradi, qarsillab – dod soldi, gursillab quladi-yu, yerni, derazani titratib, karavotni alamdan chayqatib yubordi. Barglarning shovullashi, shox-shabbaning sinishidan hosil bo‘lgan faryod odamlarning quvnoq qichqiriqlarini bosib, darchaga bosh urdi.
U ko‘zini ochganda, bir dasta guldek daraxt o‘rnida quyuq chang buluti suzib yurar edi… Uning qayg‘u-kulfat qoplagan dardchil, qonsiz yuzi yanada so‘lg‘inlashdi, tanasi bo‘shashib, yorug‘ olamda boshqa ilinji qolmagandek, ko‘zlarini bemajol yumdi… Qovoqlari qo‘rg‘oshindek og‘ir, ochishga madori yetmas edi. Ochib nima ham qiladi? Endi suhbatdoshi, hamdardi – o‘rik daraxti yo‘q, u notovonga shuni ham ko‘p ko‘rishdi!
U ilma-teshikdan ilondek o‘rmalab kirayotgan arraning beshavqat tovushidan yashirinishga joy topolmay uzoq to‘lg‘anib yotdi. Xonaga Botir kirganini, buvisi bilan pichirlashib gaplashganini sezdi. Darvoqe, kech bo‘lganga o‘xshaydi, ana, kelinining ovozi eshitildi:
– Oyi, o‘rikni nega kesishdi?!
Uning ko‘zlari yarq etib ochilib ketdi. Qosh qorayib qolgan, oshxona tomidagi barglarni nazarga olmaganda o‘rikdan nom-nishon yo‘q edi. Endi uning ko‘zlari nimaga boqib turib nurlanadi? Nahotki, qorachig‘ida shu is bosgan to‘sinlarning aksi qolsa?..
O‘g‘li ishdan qaytganda, kengayib ketgan qorong‘i osmondagi behisob yulduzlar ko‘zdagi yosh kabi miltillay boshlagan edi.
– Ada, amakimlar o‘rikni kesishdi! – dedi Botir yig‘lamsirab.
– Iya, rostmi?! Payqamabman-ku! – O‘g‘li sevinchini yashirmadi. Oynisa xola labini tishlab «gapirma» degandek boshini chayqadi, o‘g‘li yo tushunmadi, yo tushunsa ham parvo qilmadi. – Ja, zo‘r bo‘pti! Shuni bahridan o‘ting deb, men aytgandim-da!
Botir buvasiga qaradi, Komil ota yuzini teskari burdi… O‘g‘lining chiqib ketganiga ko‘p bo‘lgan, lekin ovozi hamon quloqlari ostida jaranglar edi. «Ja, zo‘r bo‘pti!.. Ja, zo‘r bo‘pti!…» Bir maromda takrorlanayotgan bu so‘zlar, baayni arraning o‘tkir tishlari misol qalbini chuqurroq o‘yib kirar edi.
Tun. Xona ichi tashqaridan qorong‘i, go‘yo zulmat qamalib qolgan-u, qutulish umidida har burchakka bosh urayotgandek tuyular, sukunatni Botirning bir tekis pishillashi, ahyon-ahyonda kampirining xo‘rsinishi buzardi. Yetti yillik azob bir bo‘ldi-yu, bu tun bir bo‘ldi! Kimlardir oyoqlarini o‘tindek arralab, boltada chopib qiymalab chiqdi. Aksiga tong ham azoblanib arang yorishdi. Tunda o‘chakishgan shamol tomdagi xazonlarni allaqayerga surib ketibdi. Sanoqli yaproqlargina oshxona tomidagi oqish shiferda sarg‘ayib ko‘rinar, yalang‘och, taqir osmonga nimadir yetishmas edi. Kun yorishib hovlining u yer-bu yerida yotgan shapaloqdek-shapaloqdek sarg‘ish bargalar ko‘rindi-yu uning kirtaygan ko‘zlari battar g‘amginlashdi. Hatto, mana shu, qo‘l-oyoqsiz baqaterak barglari ham shamol etagiga osilib istagan joyiga bora oladi, u bo‘lsa…
Oshxona yonboshidan mo‘ralab turgan jimjiloqdek butoq uning xayollarini to‘zitib yubordi. Bu nima? O‘rikning singan shox-shabbasimi yoki… U sinchiklab tikildi.
– Anavi, oshxona biqinidagi shoxmi yo?..
Oynisa xola derazaga qaradi.
– Sizni xabaringiz yo‘q, kecha Botir nok ko‘chati o‘tqazgandi, – dedi u. – Voy, esiz, sizga yaxshi ko‘rinmas ekan-ku! Keling, yostiq qo‘yay.
Botir hovliga tushib to‘g‘ri ko‘chat ro‘parasiga bordi. Shoxchalarini avaylab ushlab-ushlab ko‘rdi. So‘ng oshxona tepasidagi bo‘m-bo‘sh samoga bir zum angrayib turdi-da, yuz-qo‘l yuvish uchun hammom tomonga o‘tib ketdi.
«Nobobroq yerni tanlabdi-da, Botir tushmagur, – o‘yladi Komil ota murg‘ak niholga tikilib yotar ekan, – ko‘rinishi tuzuk, bitadigan ko‘chatga o‘xshaydi. Ikki-uch yilda siqilib qoladi, hali ham kengroq, oftobro‘ya joyga olish kerak!»
Uning keksa vujudini qaynoq va qadrdon bir narsa kuydira boshladi. Qudratli bu oqim ko‘rpa ustida behol cho‘zilgan nimjon qo‘llarining uchigacha iliqlik taratayotganini his etdi. Yaxdek qotgan karaxt oyoqlariga ham tanasida mavjlanyotgan bu issiq to‘lqinni yetib borishini jon-dilidan istar ekan, yuragining eng tubida nozik bir niholdek umidbaxsh orziqish uyg‘ondi…
– Bu ko‘chatni qayerga ekkan ma’qul?… – U derazadan ko‘rinib turgan hovli sahnining har bir qarichini asta ko‘zdan kechirar ekan, qo‘lida choynak ko‘targan Botir oshxonadan chiqib u tomonga kela boshladi. Xayriyatam nabirasi bor, qo‘ltig‘idan olib, qaddini ko‘tarishga yordam beradi!
Komil ota sabrsizlik bilan nabirasini kuta boshladi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 12-son