Abduqayum Yo‘ldosh. Qotil (hikoya)

I

– …Bu bir paytlar hashar yo‘li bilan qurilgan yozgi klub edi: odamlar oqib keladigan hind kinolari qo‘yilardi (“Ayyorlikka qarshi makkorlik”mi, “Makkorlikka qarshi ayyorlik”mi degan kinodagi yarim-yalang‘och hind go‘zallarining jununvash raqslarini jon-jahonini unutgan ko‘yi, og‘zi ochilib tomosha qilayotgan Bektemir tog‘am nogoh alam bilan do‘ppisini tizzasiga urgancha “Eh! Mana hayot!..” deya hayqirib yuborgan joy bu). So‘ng bunaqa tomoshalar urfdan chiqib, ovul ahli uy-uyida shig‘illatib video ko‘rishga o‘tgach, bino huvillab qoldi. Shu mahallari qo‘lida pul o‘ynayotgan tadbirkorlardan biri o‘zicha qaydadir “kim oshdi” savdosi uyushtiribdi-yu, klubni kepak bahosiga sotib olib qo‘­­yibdi.
Kutilmaganda qishloq zaminini titratib, “qulub” tomon shiddat bilan kelayotgan bahaybat buldozer, ikkita yuk mashinasi va o‘ntacha mardikorni ko‘rganlaridan keyingina bu ishbilarmon bandaning asl maqsadi binoni buzib, undan chiqqan materiallarni sotish ekanidan xabar topgan ovul ulug‘lari to‘polon ko‘tarib yuborishdi: oppoq soqollari ko‘ksiga tushgan keksalarning qanchasi yo‘lga chiqib o‘tirib olgan, yana qanchasi hokimiyat tomon yo‘rtgan…
Ishqilib, hammasi yaxshilik bilan tugadi hisob: oshig‘ich tarzdagi tekshirish chog‘i auktsion noqonuniy o‘tkazilganligi aniqlandi-yu, oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi; ustiga-ustak, amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra sotib olingan ob’ektdan kamida besh yil mobaynida yuritib kelgan faoliyatiga mos ravishda foydalanish ham majburiy ekan… Ammo chollar qattiq norozi bo‘lishgan ekanmi, natijani kutishdan charchab, kabinasida uxlab qolgan buldozer haydovchisi uyg‘onganida mutlaqo tuyqusdan chap tomonga tortilib qolgan jag‘ini to‘g‘rilay olmadi – og‘zi qiyshiq bo‘lib qolaverdi…
Shundan keyin ancha mahalgacha klubni xususiylashtirib oladigan mard topilmadi…
Vaqt o‘taverdi, ko‘p narsalar yoddan chiqdi va aloha yana qishloq markazidagi bino atrofida o‘ralashib yuradiganlar paydo bo‘lib qolishdi. Shundaylardan bittasi tumanga yugurdi, viloyatga yugurdi, axiyri nurab borayotgan klubni amallab o‘ziniki qilib oldi-yu, u yoq-bu yog‘ini tuzatgan bo‘ldi-da, uning o‘rnida rosmana choyxona ochdi.
Ovul aholisi soni o‘n mingdan oshardi. Buning ustiga, elchilik, kunda-kunora qishloqqa kamida besh-o‘n qo‘noq keladi; tug‘ilgan kunlaru muchal to‘ylarini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Shungami, dastlabki kunlardan choyxona manqallaridan ko‘tarilgan quyuq tutun, archa cho‘g‘iga pishirilgan tandir kabob isi ancha-muncha kishini o‘ziga bandi etdi-qo‘ydi…
Ammo kattakon ovulda bir-biriga uzoqroq bo‘lsa ham qarindoshligi yo‘q ikkita odamni topib bo‘larmidi! So‘rida gerdayib o‘tirgan falonchini ko‘rgan pistonchi quyuq salom berib kirib kelaveradi, uchinchi hamqishloq ularni bosib o‘tib ketishga iymanadi: noiloj davraga kelib qo‘shiladi… Piyolalardagi “tentak suv” no‘sh etila borgan sayin esa saxiyligu mehribonchilikning, namoyishkorona oqibatning hech adog‘i ko‘rinmay qoladi… Inchunun, tez orada choyxonachining ikkita yog‘ bosgan “qarz daftari” aji-buji yozuvlarga to‘ldi, xolos; xarajatga yarasha tushumdan hech darak bo‘lavermadi. Sho‘rlik choyxonachining jon achchig‘ida “Nasiyaga berilmaydi!” deb nola qilishlari, hatto daraxt­­ga “Otvechayu”ga xizmat qilinmaydi!” deb yozib qo‘yishlari allaqachon so‘rilarni bo‘lishib olib, o‘zlariniki qilib olgan kunda-shunda ulfatlarga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmasdi: “Opkelaver, palonchining jiyani!.. Bo‘ling endi, bo‘la!.. Obbo, o‘lar joydamisan buncha? To‘layman dedim-ku!.. Nima, yeb ketarmidim… Men senga begonamanmi?.. Otvechayu, akka!.. Temir daftaringga yozib qo‘yaver dedim-ku, bo‘ldi-da endi! Nima, shungayam qon chiqarish shartmi endi, a?..” Bularam kamday, hali SESdan kelishadi haqiqiy “temir daftar”ni qo‘ltiqqa qisishib, hali “pojarniy”dan, hali soliqdan, hali tokdan…
Oxir-oqibat, kutilganiday, choyxonachi sindi. O‘ziyam o‘nglanmaydigan bo‘lib sindi-yov. To‘g‘ri, bechoraning kuchi bechoraga yetibdi, deganlariday, kasodga uchrashi oldidan choyxonachi pensiyaga chiqqanini jo‘ralariga “yuvib” berayotgan Bektemir tog‘amni – nasiyaga, albatta, hisob-kitob keyin, pensiya olinganida bo‘ladi – gap bilan chaqib-chaqib oldi: “Erkakmisiz, aka!.. Mana, o‘zingiz qarang daftarga, shu bilan uchinchi marta qarzga o‘tiribsiz! Insof ham kerak-da odamga!..” Bu dashnom nafsoniyatiga tekkan sobiq suvchi shartta o‘rnidan turadi va shosha-pisha pichoqlarni dasturxon ostiga yashirayotgan jo‘ralarining “hay-hay”lashlariga ham qaramasdan uyiga zipillab borib, so‘qimga boqilayotgan uch yasharlik buqasini yetaklab keladi-da, ipini choyxonachiga tutadi: “Ma, ol, sen to‘y!” Choyxonachi nima qilardi, oladi-da: ungani hisob.
Shunday qilib, faoliyatini kattagina qarz bilan yakunlagan choyxonachi “Endi o‘zimning ovulimda bir xasni u yoqdan bu yoqqa olib qo‘ymayman!” deb qasam ichadi va nimanidir isbotlashga qattiq jahd qilgan ekanmi, bor-yo‘g‘ini sotib bo‘lsa ham, qo‘shni tuman markazida choyxona ochadi-da, qisqa muddat ichida tuzukkina foyda ham ko‘ra boshlaydi. Aytishlaricha, ona qishlog‘idan borgan biror kishini ko‘rsa bas, choyxonachi shartta g‘oyib bo‘lib qolarkan, uning bezbet xodimlari esa nasiya-pasiyani tan olishmas, ko‘zlarini lo‘q qilganlaricha “Oldindan to‘lang” deb turaverisharkan…
Ha, mayli, bu gaplar o‘z yo‘liga.
Shundan keyin choyxona uch-to‘rt marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi, ammo ish gurillab ketmadi. Axiyri binoning yarmini shu ovuldan chiqqan tadbirkor ayol sotib olib, tikuvchilik tsexi tashkil etdi. Ayol balo ekan, “Seximda xotin-qizlar ishlaydi, ularga begona odamlarning baqrayib qarab o‘tirishi to‘g‘ri kelmaydi”, degan bahona bilan o‘ziga tegishli qismni baland devor bilan to‘sib oldi. Natijada choyxonaning bu qismi g‘aribgina, shumshaygan joyga aylandi-qoldi. Rangi o‘chgan, qiyshaygan-singan so‘rilarda endi ovulning bekorchixo‘jalari ora-sira “xalfana” osh qilib o‘tirishar, boshqa paytlari esa uzzukun shoshqol surib, qarta o‘ynashar, “Biror qo‘noq kelib qolmasmikan” degan ilinj bilan sarg‘ayib yo‘l qarashardi.

II

Rosti, qishloqqa kelgan kezlarim choyxonani chetlab o‘tishga urinaman. Ayniqsa, ikki marta o‘sha bekorchilarning qo‘liga tushganimdan keyin yanada ehtiyotkor bo‘lib qoldim, ovulga qorong‘ilik tushganda yo tong saharda kirib kelishni odat qildim.
Biroq bu safar shu odatimga rioya qilolmadim…
Qishloqqa ko‘kda saraton quyoshi qaynayotgan tol tush mahali keldim. Borliq qizdirilgan tandirday yonayotgan bunaqa paytlari odam-ku odam, hatto qush-darrandalar, jonivorlar ham bir parcha ko‘lanka izlab qoladi, o‘zini lohas sezib, chalajon ahvolda kech tushishini, olovli shar ufqqa yonboshlab, shabada esa boshlashini kutadi…
Shu ishonch bilan katta yo‘ldan qayrilib, choyxona yonidan o‘tayotgan chog‘im allaqachon “tayyor” bo‘lib ulgurgan bir emas, ikki kishi yo‘lga gandiraklab chiqqanini ko‘rdim-u, beixtiyor tormozni bosdim. Bu nima degan gap, axir… Butun vujudim misday qizigan, ter sharros oqardi, ko‘ylagim badanimga chippa yopishib qolgan, ko‘zlarim achishadi. Shu ahvolda pastga tushdim. O‘sha, meni ikki marta aynan shu yerda qo‘lga tushirib, rosa xijolatga qo‘ygan tanish chehralar…
Quchoqlashib ko‘rishdik, go‘yoki bir-birlarimizni sog‘inib qolganmiz…
Ulfatlar meni ichkariga sudrashdi. Kirmayam ko‘r-chi, qirq yil “Bizni mensimadi!” deb sasib yurishar..
So‘rida Bektemir tog‘am iljayibgina o‘tirgan ekan.
Duodan so‘ng hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldik. E’tibor berdim, davrada o‘tirganlardan biri sitilibgina chiqib ketdi. Ko‘nglim g‘ash bo‘ldi, ammo buni sezdirmaslikka uringancha, “oling-oling”lardan so‘ng dasturxondagi qotib qolgan nondan bir tishlam og‘zimga soldim.
Men shoshilardim.
Illo, hammasi yana o‘tgan gallardagi stsenariy asosida ketmoqda edi. Ya’ni, hozir bir piyoladan choy, keyin… bir piyoladan may, so‘ng, tabiiyki, meni bunday kutib olganlaridan boshim osmonga yetgan ko‘yi “Kechqurun uyga o‘tinglar, bir bafurja gurunglashamiz”, de­­yishim kerak; tabiiyki, ular buni chin dildan aytilayotgan iltimos sifatida qabul qilishadi va zimmalaridagi majburiyatlarini halol ado etgan ko‘yi kech tushar-tushmas uyimizga uzun-qisqa bo‘lib kirib borishadi…
Men shoshilardim… Ammo ulgurmadim. Boyagi chaqqon ulfat do‘kondan – o‘z-o‘zidan ayon: “Toshkentdan kelayotgan mehmon sharafiga” nasiyaga olingan, axir, mehmon otangdan ulug‘ emasmi, bitta sassiq aroq nima bo‘libdi! – anavi bo‘yning uzilgur “bo‘yni uzun” bilan gazakka bir bo‘lak yog‘li kolbasa olib keldi.
“Ruldaman… Akamning yoniga borayapman, hidi chiqib tursa bo‘lmaydi… O‘zi, ichmayman…” qabiladiga bahona-sabablarim saraton otashida qolgan muzday izsiz eridi-ketdi: bu ovuldoshlarim uchun piyolani cho‘qishtirmaslik, ichmaslikdan ortiqroq haqoratning o‘zi yo‘q edi: “Biz seni odam deb kutib olsak… boshimizga ko‘tarsak… sen bo‘lsang… Biz o‘qimaganmiz-da, a? Mensimaysan-da, a?.. Senga el, qarindosh-urug‘ kerakmi, o‘zi… Ey, bilib qo‘y, biz uchun sening shahardagi obro‘-amaling bir tiyin, bizga sening oqibating kerak!.. Kerak bo‘lsa… kerak bo‘lsa…” va hokazo va hokazo.
Qizg‘in qadah so‘zidan so‘ng noiloj aroqdan bir ho‘pladim. U qaynab yotardi hisob… “Bu sake bo‘libdi”, deb qo‘ydi ulfatlardan biri mamnun tarzda mo‘ylovini silarkan. Qarasam, men mutlaqo kutmaganda, hamon iljayibgina o‘tirgan tog‘am ham piyolani “oq” qilib qaytardi…
Yana bir bor uzr so‘ragach, bo‘ynimdagi qarzimni aytdim: hammani mehmondorchilikka chaqirdim. Ular guvillashib rozi bo‘lishdi.
Meni kuzatib chiqqan, taqir boshi terdan yaltirayotgan Bektemir tog‘am issiqdan harsillab-pishillagancha kelasi yili kenjatoyi kollejni bitirishini, o‘shani o‘qishga joylash kerakligini aytdi. Gapni qisqa qilish uchun ko‘maklashishga va’da berdim. Shu bilan qadrdon tog‘a-jiyanlarday quchoqlashib, kechqurun ko‘rishishga va’dalashgan ko‘yi xayrlashdik.
Uyga shoshdim…
Vaziyatni tushuntirgandim, o‘zi bir muddat o‘ylanib qolgan akam: “Bo‘pti, sen o‘ylanma, mehmonxonaga o‘n besh-yigirma kishiga joy qilib qo‘yamiz, quyuq-suyug‘am joyida bo‘ladi”, dedi va… ko‘zimni shamg‘alat qilgan ko‘yi bozorga jo‘nadi.
Hammamiz ham xom sut emgan bandamiz, shu kuni akamni ortiqcha tashvishga qo‘yganimdan xijolat chekib, orqavoratdan sur qo‘noqlarning go‘riga ortiqcharoq g‘isht qalab yuborgan ekanmanmi, ishqilib, kechqurungi mehmondorchilik bo‘lmadi, bezatilgan dasturxonimiz shunday qolib ketdi: choyxonadan gandiraklayotganini bildirmaslikka uringancha chiqib kelgan Bektemir tog‘am uyiga kelib, kechga qadar birpas mizg‘ib olish uchun cho‘zilgan; darhaqiqat, uxlab qolgan-u, ammo qayta uyg‘onmagan…

III

Tog‘amni ertasi kuni peshinda chiqaradigan bo‘lishdi.
Tong sahardan to‘n-do‘ppi kiyib, bel bog‘ladim, xesh-urug‘ hassakashlar qatorida “tog‘ajonim”lab ovoz chiqarib turdim.
Kim biladi, balki yaqini chin dunyoga ketgan odam sal alamzadaroq bo‘ladimi, ishqilib, safda turgan mahalimiz Bektemir tog‘amning yolg‘iz kuyovi, hammaga allaqanday sinchiklab-shubhalanib qaraydigan – ba’zan mana shu sinchkovligini oshkora namoyon etib lazzatlanadiganday tuyuladi u menga – harakatlari sustroq, tog‘am orqavoratdan “Kap-katta yo‘ldayam siypalanib yuradi” deb ta’riflaydigan, viloyat markazidagi qurilish tashkilotlaridan birida prorab bo‘lib ishlaydigan, burnining chap yarmida ortig‘i bor Ortig‘ali menga o‘qrayib bir tikildi, ikki tikildi, baayni qaynotasi ketib, men qolganimdan norozidek. Bunga e’tibor berib ham o‘tirganim yo‘q edi. Biroq chiday olmadi, shekilli, janozaga kelgan navbatdagi qarindosh bunaqa paytlari tilga olinadigan “Bandalik… O‘zi bergan o‘zi oladi…” qabilidagi yupatishlarni aytayotgan mahal yonimizda g‘o‘ddayib turgan kuyov to‘ppa-to‘sindan:
– E, otam baquvvat edi, hali ko‘p yashardi, asli u kishini mana shu kishilar o‘ldirdi-da, – deya menga ishora qilsa bo‘ladimi!
Qarindosh ikkalamiz dong qotib qoldik.
Shu payt bir guruh odamlar kelib qolishdi-yu, shu bilan bu gap yoddan chiqib ketganday bo‘ldi.
Har nechuk, kuyovning qaynotaga mehri bo‘lakcha bo‘lgan, shekilli, degan tusmollarga ham bordim. Bu g‘alatiroq tuyuldi o‘zimga. Illo, hayotlik chog‘larida tog‘am Ortig‘ali haqida anchayin ijirg‘anibroq, keskinroq ohangda “O‘ziyam sovuq, so‘ziyam sovuq, qilig‘iyam sovuq” deb gapirganini bir necha bor eshitgandim. Qarang, tog‘amning shaharda shunday mehribon kuyovi bor ekan-u…
O‘zbekning ma’rakasi o‘zingizga ma’lum… Tashvishlar bilan bo‘lib, Ortig‘alining dashnomi butkul yodimdan ko‘tarilib ketibdi.
Ammo kuyov qurg‘ur unutmagan ekan…
Tog‘amning “qirq”iga kelib, endi darvoza yoniga qo‘yilgan jo‘mrakda qo‘limni yuvayotgandim, orqamdan kimdir vishillab qoldi:
– Mana, qotilning o‘zi ham keldi.
O‘girildim. Uch qadamcha narida Ortig‘ali kuyov menga chaqchayib qarab turardi, yonida o‘zi tengi bir erkak, go‘yo bir tuki qilt etmasdan qanchalab odamlarni bo‘g‘izlab tashlagan ashaddiy jallodni ko‘rayotganday rangi quv o‘chgan holida menga baqrayib qolgan.
Bu endi haddan ortiq edi…
Ammo indamadim, ichkariga kirdim.
Mullaning qarshisidagi o‘rindiqda uch-to‘rt kishi qatoridan joy olib, marhum haqiga duoi fotiha qilayotgan mahalimiz bir narsani sezganday bo‘ldim: ancha-muncha kishi menga o‘qrayib-g‘ijinib tikilardi… Hattoki birdan o‘shshayib olgan mullaning o‘zi ham bir necha bor menga yer ostidan yomon qarab qo‘ydi…
Munosabat o‘zgargani ichkarida ham sezildi. Avvallari “poytaxtdan kelgan qo‘noq” sifatida majburlab-sudrab bo‘lsa ham to‘rga o‘tkazishardi, bu safar bir-ikki qisir “keling, keling”­dan boshqa gap eshitmadim, o‘rnim ham shundoqqina eshik yonida, poygakda bo‘ldi.
Aslida-ku, bunga e’tibor ham bermasligim lozim edi. Axir, avvallari to‘y-ma’rakalarga el qatori, oddiygina odam bo‘lib kelib-ketishni shunchalar istardim-ku. Endi bo‘lsa… Xom sut emgan bandamiz-da, hatto shunaqa mahallari ham izzat-nafsimizning quliga aylanamiz…
Uyga yolg‘iz o‘zim qaytdim…
Banogoh keyingi yillarda ovulda o‘tadigan har qanday ma’rakaga otamiz o‘rniga ota bo‘lib qolgan akam bilan birga borishimni eslab qoldim. Bugun esa nimagadir u kishi meni kutmay jo‘nab qolgandi.

IV

Hardamxayolroq tarzda o‘tirgan akam bilan suhbatimiz qovushmadi. Go‘yo u kishi mendan nimanidir so‘ramoqchi bo‘lardi-yu, ammo ikkilanardi.
Ortig‘ali sovuqning beo‘xshov qilig‘ini aytsammi-aytmasammi deb turgandim, xayriyat, akamning o‘zi yorilib qoldi:
– Sen anavi kelganingda… choyxonada… tog‘am bilan qo‘shilishib ichganmiding?
Gap qaysi kelganim haqida ketayotganini darrov tushundim, shuning uchun birga ichganimizni tan oldim, o‘zimning ho‘plab qo‘yganimniyu, Bektemir tog‘amning piyolani “oq” qilib tashlaganini ham esladim.
Akam so‘nggi umidi puchga chiqqan odamday birdan bo‘shashib qoldi, afsus bilan bosh chayqadi:
– E, attang…
– Nima gap o‘zi, aka? Ma’rakada Ortig‘ali bir sassiq gap qildi…
– Er-xotin bu gapni anchadan beri qishloqda yoyib yurishibdi.
Muzlab ketdim:
– Sayyora-ya? Uni nima jin urdi?
Akam ko‘zlarini olib qochdi:
– Har kimning otasi o‘ziga aziz…
– Judayam yaxshi. Lekin uning otasini men o‘ldirmadim-ku?
– Ortig‘ali oldimga keldi. “Ukangiz majburlab ichirmaganida otam hoziram tirik yurardi”, deb da’vo qildi.
– Da’vo?
– Yo‘q, ochiqdan-ochiq, sudga beraman, demadi, lekin, bilasan, u yozish-chizishni biladi, o‘qigan…
– Bu nima deganingiz? Axir, choyxonada bizdan tashqari yana oltita odam bor edi… Hammasi ko‘rib turgandi. Ana, so‘rasin. Xolmat akadan, Rabbim bo‘ladan…
– So‘rabdi. Bari birday “Biz ichkarida nomiga, mehmonning hurmatiga bir qultumdan olgandik, keyin tog‘a-jiyan o‘zlari ko‘chada qancha ichishgan – buni bilmaymiz, lekin Bektemir aka tashqaridan bo‘g‘riqib, qiynalib nafas olib qaytib keldi”, debdi…
– …
Miyamda sanchiq turdi. Nafas olish ham og‘ir edi…
Qishloqdan tong qorong‘isida, hech kimga ko‘rinmasdan jo‘nab ketdim. Xuddi o‘g‘riga yo bo‘ynida aybi bor odamga o‘xshab…

V

Ovulimizda odatda keksayib vafot etganlarning yil marosimi besh yoki yetti oydan keyin o‘tkazilardi: axir, qarindosh-urug‘larning marhum hurmati uchun to‘xtatib turgan to‘y-po‘ylari bor.
Akam xabar qildi: Bektemir tog‘amning yili besh oydan keyingi birinchi payshanbaga belgilanibdi. “Kelmasang bo‘lmas”, dedi akam. “Albatta yetib boraman”, dedim men. Shu bilan gapimiz tugaganday edi. Biroq akam bir muddat ikkilanib, g‘udranib turgach, oxiri “Ertan-pertan bir kelib ket, maslahat bor”, deb qoldi.
“Yana nima bo‘ldi ekan?” degan o‘ydan yuragim po‘killagancha shanba oqshomi ovulga yetib keldim. Bir piyola choydan so‘ng akam meni molxonaning qorong‘i xonasiga boshlab kirib, yaxshi niyatda, o‘g‘lining sunnat to‘yiga boqayotgan kattakon ho‘kizga ishora qildi:
– Shuni… tog‘amnikiga oborib ber… Harna yordam-da… Yiliga kamida olti yuzta odam keladi… Buning go‘shti… yetadi… Yetmay qolsa, bironta uloq so‘yishar…
Albatta, qarindosh-urug‘larning og‘ir kunlarda bir-birini qo‘llashlari azaldan ma’lum. Biroq… to‘y-chi?
Akam meni gapirtirmadi:
– Bosh omon bo‘lsa, mol topiladi, uka… Harna, gap-so‘zning payi qirqilgani… Sen ketasan… Bu yerda biz qolamiz…
Men nodon shundagina akamning qay ahvolda yashayotganligini his etdim… Darhaqiqat, men ketaman, akam qoladi… To‘yga boradi, ma’rakaga boradi, kunda-kunora g‘addor Ortig‘alining chag‘ir ko‘zlariga duch keladi, xesh-urug‘larning pichingli, nafratli luqmalarini eshitadi; akamni turtkilashadi, gap bilan o‘yib olishadi, ayollar unga eshittirib qarg‘anishadi, bolalar so‘kinib, tosh otib qochishadi; gap-gashtaklarda, mehmondorchiliklarda imo-ishorali fisqu fasodlar qilishadi… O‘, ovuldoshlarim buni boplashadi!.. Yana… “Ortig‘ali biror joyga yozib yubormasmikan…” degan doimiy vahima… Axir, kuyov xat-savodli, Toshkentday joylarda o‘qib kelgan… O‘zi yozmagan taqdirda ham bir nimalik bo‘lib qolish ilinjida unga o‘rgatib turadiganlar qancha… Ana, Xolmat qorovul, pensiyaga chiqqanidan so‘ng qo‘shni tumanlik ikki bolali yesir xotinga uylangandi, bir-ikkita “zakunchi” ovuldoshlarining pishang berishi bilan xotinining oldingi erini qanaqadir “nafaqani necha yildan beri to‘lamay kelgan ekan” deb sudga berdi; xotinining uvvos solib yig‘lashlariga, nimalarnidir zo‘r berib tushuntirishlariga parvo qilmadi, “Hujjat yo‘q-ku”, deya bez bo‘lib turib oldi. Sobiq er sudlashib o‘tirishdan or qilganmi, ishqilib, tanishidan yigirmata qo‘chqor berib yuboribdi. Yo‘q, ortida turgan odamlardan yaxshigina maslahatlar olgan Xolmat ko‘nmadi, “Yana o‘nta bersin u nokas! Faqat qiltirig‘idan emas, semiz-semizidan bo‘lsin! Sag‘rini yaltirab tursin! O‘ttiz besh kilodan kam bo‘lsa, olmayman! O‘zim tarozida tortib ko‘raman!” deb turib oldi. Bu gal yuk mashinasida “nokas” sobiq erning o‘zi keldi va indamasdan o‘nta emas, yana yigirmata bo‘rdoqi qo‘chqor tashlab ketdi. Birdan qirq qo‘chqorli boyga aylanib, “Cho‘chqadan bir tuk-da”, degan g‘alati hikmatni tilidan qo‘ymay qolgan Xolmat o‘ziga ariza bitib bergan “yozg‘uvchi”larga kelishilganidek ungan o‘ljaning o‘n foizini emas, besh foizini bergani uchun ancha mahalgacha ular bilan qirpichoq bo‘lib yurgani hisobga olinmasa, ana, yashayapti gerdayib. Aytishlaricha, umrida eshakdan boshqa ko‘ligi bo‘lmagan sobiq qorovul endi oppoqqina “Neksiya”ni mo‘ljallab yurganmish…
Keyinroq eshitib qoldim, tuman markazida bir alkash ulfatlari bilan ichib-ichib, so‘ng ikkinchi qavat balkonidan engashib qayt qilayotgani mahal beton yo‘lakka boshi bilan yiqilib tushgan, “miyasining qatig‘i chiqib ketgan”, shu zahoti til tortmay o‘lgan. Ovulda kimdir hazillashmoqchi bo‘lganmi, adashganmi yo atay shunaqa yo‘l tutganmi, ishqilib, o‘sha davradagi ulfatlar orasida mening ham bo‘lganligimni aytgan… Odamlar… odamlar bunga chippa-chin ishonishgan… O‘sha kunlari yurgan yo‘lida ajal ekib yuradigan “kasofat” ukasi bois ne ahvolga tushgan ekan sho‘rlik akam… Akam shosha-pisha tuman markaziga borib, haqiqatni oydinlashtirib keladi, ammo allaqachon bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i ko‘chgandi, inchunun, haqiqatni eshitadigan quloqlarni topish mahol edi, ustiga-ustak, Ortig‘alining yaqin bir jo‘rasi mening shaharda – ol-a! – yashirin aroq ishlab chiqaradigan tsexim borligidan xabardor ekan! Umuman, men “o‘larday ichib olgan bo‘lsam ham” mashinani haydab ketaverarkanman, men yomonning kasri yaxshilarga urarkan. Ana yana bir isboti: aynan o‘shanda, ya’nikim Bektemir tog‘am bilan ko‘chada ichganimda ham men tullak o‘zim ishlab chiqargan soxta arog‘imdan olib kelgan ekanman, so‘ng iz qoldirmaslik uchun, shishani mashinamga yashirib qo‘ygan ekanman, buni ko‘rganlar bor ekan…
Men… esladim… O‘shanda, tog‘am bilan xayrlashganimdan so‘ng azbaroyi chanqab, tomog‘im qaqrab ketganidan mashinaga o‘tirganimda orqa o‘rindiqda yotgan baklashkadagi gazsiz suvdan ichgandim, keyin idishni joyiga otib yuborgandim…
Xullas, tong saharda ho‘kizni yetaklab Bektemir tog‘amning uyiga bordim. Nazarimda, hamma tushunmovchiliklar, dilxiraliklar shu bilan barham topadiganday edi (har qalay, yegan og‘iz… uyalar). Iloyo, kelgan balolarning barisi shu ko‘zlari mo‘ltirab turgan begunoh tilsiz jonivorga ursin…
Rost, akamga jonim achiydi: o‘zi jo‘jabirday jon. Ammo nima ham qilardim… Ovul o‘rtasidagi tepalikka chiqib olib, “Tog‘amning o‘limida mening aybim yo‘q, musulmonlar!” deb baqirolmayman, uyma-uy yurib, o‘zimning begunohligimni aytib chiqolmayman, illo, har ikkala holda ham bunaqangi qilig‘im menga nisbatan shubhani kuchaytiradi, xolos: “Bir balosi borki, g‘imirlab qopti…” yoinki “Aybi bo‘lmasa, shuytib qaltirab qolarmidi…” qabilidagi xulosalar urchib ketishi aniq…
Ovulda… hali qimirlamasidan burunoq yer tagidagi ilonni bilib oladiganlar bor ekan. Hamon yodimda: atrof endi sutday yorisha boshlagan mahal men ho‘kizni yetaklab Bektemir akaning uyi yoniga keldim va qo‘llarini chalishtirgancha darvozaga suyanib turgan Ortig‘alini ko‘rdim. To‘g‘rirog‘i, kuyovni ko‘rishdan oldin uning yalang oyog‘ida salanglab turgan qizil rang yirtiq rezina shippagiga ko‘zim tushdi…
Men to‘xtab, bosh ko‘tardim.
O‘, qarshimda alam va nafratdan battar qisilib ketgan, mazax va g‘oliblik sururidan chaqnayotgan ko‘zlarni, halitdan intiqom olish lazzatini tuygan holda pir-pir uchayotgan yupqa lablarni, g‘oliblik nashidasidan lovillayotgan yuzni ko‘rdim. Bu banda… Ortig‘ali… allaqachon o‘zi, ehtimolki, to‘qib chiqargan o‘trigiga, cho‘pchagiga mutaassiblarcha ishonib qolgan va endi dunyoning jami haqiqatlari Ko‘hiqof tog‘i misoli bosib kelgan taqdirda ham ularni tariqchalik inobatga olmaydigan johil kimsaga evrilgandi.
Ammo… chiqmagan jondan umid. Men qalt-qalt titragan ko‘yi indamasdan ho‘kizning ipini tutdim.
Lekin u… u… olmadi…

– Nega? – chinqirib yubordi yo‘lga chiqqanlaridan beri miq etmasdan, haydovchining gaplarini diqqat bilan eshitib kelayotgan hamroh.
Haydovchi og‘ir so‘lish oldi.
Gapini davom ettirganida uning ovozi titrardi.
– Bilmadim… Uning bir og‘iz “Otamni bir molga tengladingizmi?” degani esimda…
O‘sal bo‘lib ortimga qaytdim.
Buni eshitgan akam tipirchilab, vahimaga tushib qoldi va, nazarimda, birinchi marta menga shubhalanib qaradi. Yo‘q, ho‘kizni oborganimga emas, aybsizligimga ishonqiramay qaradi… Kim biladi, sho‘rlik sodda akamning ko‘ngil qa’riga ayni lahzalarda ne o‘y-gumonlar ilonlari sudralib kirgan ekan…
Rangi battar qorayib ketgan akam dilidagini tiliga ko‘chirmaslikni uddaladi va shosha-pisha uyga kirib, taxlangan ko‘rpalar orasidan besh-o‘n dasta pul olib chiqdi-da, aniq esimda, ularni qora salafan xaltachaga solib, qo‘limga tutqazdi:
– Buniyam qo‘shib ber… Arzimagan narsa, de… Gapir, jim turma… Yaxshi gapir… Kerak bo‘lsa, yalin… Qarindoshmiz de. Yaxshi kunlaringda xizmatingni qilay de… Olishga ko‘ndir… Shunda yaxshi bo‘ladi… Hammamizga… Bor… Tez bor…
Men miyasi olib tashlangan qo‘y kabi garangsib yana tog‘amning uyiga yo‘l oldim.
Baayni qaytib kelishimni bilganday, Ortig‘ali yerdan o‘sib chiqqan qoya misoli o‘sha joyida qaqqayib turgan ekan.
Pulga hattoki qayrilib qaramagan, ojizona ming‘irlashlarimni eshitib o‘tirmagan kuyov o‘zining mag‘rurligidan o‘zi tong qolgan ko‘yi titrab-qaltirab sado berdi:
– Men… men otamni sotmayman, aka!
Ha, u aynan “otam” dedi. Og‘zini to‘ldirib aytdi.
Qani edi, uning shu tilini uzib olsam, so‘ng orqasiga o‘xshatib bir tepsam…
Vaholanki, o‘zim shunga o‘xshash ahvolda uyga qaytmoqdaydim.
Hali aytdim, shekilli, odamlar hali ilon qimirlamasidan burun uning o‘ralib yotgan joyiniyu, nimani qo‘riqlab yotganidan to qachon qimirlab qo‘yishiga qadar aniq-tiniq bilib turishadi, deb. Mening misolimda ham shunday bo‘ldi.
Oradan bir osh pishgulik fursat yo o‘tdi, yo o‘tmadi, ishqilib, yarim ovul mening bitta oyog‘ida zo‘rg‘a turgan oriq-tiriq g‘unajin va bir yashik aroq bermaydigan darajada arzimagan aqcha bilan – “nosvoy puli-ya!” deyishardi bu gapni boshqalarga oshig‘ich tarzda yetkazayotganlar nafratlanib – kuyovni sotib olishga uringanimdanu, qaynotasiga bemisl sadoqatli kuyov meni oldiga solib haydaganidan voqif bo‘lib ulgurdi. Bunday harakatning talqini esa bitta bo‘ladi: “Aybdor!”… Va bunday hukmga qarshi kurashishning, uning dahshatli, aql bovar qilmas darajada ulkan qudratini, mahobatini asta-sekinlik bilan susaytirib borishning, yemirishning yo‘li ham yagona bo‘ladi: bet terisini iloji boricha qalin qilib olishu, hech narsa bo‘lmaganday el-yurtga aralashib yuraverish, gapirsalar, o‘zingni eshitmaganga olish, nuqisalar, o‘zingni sezmaganday tutish, qulog‘ing tagiga kelib baqirsalar, gap nima haqida ketayotganini tushunmayotganday o‘zing­­ni anqovlikka solish; eng muhimi, yakkamoxov bo‘lib qolmaslik, eldan ajralmaslik; qolganiga chidasa bo‘ladi. Ayniqsa, ovulda akang, ikki singling bola-chaqasi bilan yashab turganida o‘zgacharoq yo‘lni tanlash imkoniyatining o‘zi bo‘lmaydi, bo‘lishi ham mutlaqo mumkin emas…
Va men shunday yo‘l tutdim…

VI

Haydovchi hamrohiga qarab siniq jilmaydi.
– Oldinlari akam oyda bir-ikki marta qo‘ng‘iroq qilib turardi: “Uka, ertaga falonchining janozasi… Imkoning bo‘lsa kelib ket” yoki “Falon kuni piston qarindoshimizning to‘yi. Vaqting bo‘lsa bir ko‘rinib qo‘y”.
O‘sha voqeadan so‘ng esa… akamning iltimoslari… qat’iylashdi: “Kelmasang bo‘lmaydi-yov… Odamlar nima deb o‘ylaydi…”
Odamlarning nima deb o‘ylashi esa ayon edi: “Bir balosi borki, qochib yuribdi… Beti qora-da, beti qora…”
Aynan shunday emasligini isbotlash uchun ham ovulda tutun chiqsayam erinmasdan borib turdim… Choyxonani chetlab o‘tib, albatta… Umrimning yarmi yo‘lda o‘tayotganday edi, o‘ziyam…
Gap-so‘zlardan, o‘zimni soddalikka olib so‘rab-surishtirishlardan so‘ng bilib oldim: o‘sha kuni tog‘am ulfatlari bilan ertalabdan ikkita nahorgi oshga borgan, qo‘y go‘shtidan tayyorlangan, qaziyam qo‘shilgan oshdan yegan, choynakda olib kelingan aroqdan ichgan, choshgohga yaqin qo‘shni qishloqda armiyada birga xizmat qilgan tanishining yubileyigayam kirib chiqqan, ayonki, bu yerdayam “yuz-yuz” bo‘lgan, moyi chakillab tomib turgan tandir kabobdan bosib yeyilgan… Saraton otashida-ya!.. Qon bosimi bor odam-a!..
Endi, pensiyaga chiqqanidan ichishni butunlay tashlab yuborgan tog‘amning o‘sha kuni tuyqusdan nega yana aroq to‘la piyolaga qo‘l cho‘zgani sababiga kelsak, buni hech kim aniq bilmasdi; kimdir “O‘zi, kayfiyati yo‘qroq edi”, dedi; boshqasi “Uydagi g‘idi-bidilar joniga tekkan”, degan taxminini aytdi… Ajal-da, ajal… Biroq Ortig‘ali kuyovning bu boradagi qat’iy fikri allaqachon ovulga yoyilib, ko‘plar uchun shak-shubhasiz haqiqat sifatida jaranglayotgani ham bor gap edi: “Sho‘rlik “Oling!” deb turgan tus jiyanining qo‘lini qaytarolmagan-da… Mehmonni izzat qilgan-da, bechora… Bo‘lmasa-ku, shunday baquvvat odam, hali ancha yashardi-ya…”
To‘y-ma’rakalarga boshimni egib borib, shu holimda qaytardim. Ancha-muncha hamqishlog‘ing – e, xudo, ular orasida xotin-xalaj va… bolalar ham bor edi! – ortingdan o‘qrayib, hattoki nafrat bilan qarab turganini his etishdan ortiqroq azob bormi odam uchun… Bunaqa mahallari “dod” deb yuborishdan o‘zingni bazo‘r tiyasan, tishlaringni bir-biriga shu qadar mahkam bosasanki, “qirs” etib singanini qonga qo‘shib ichingga yutasan: tupursang, shuni ham gap qilib yuborishadi, axir…
Kelasi yili yoz bo‘yi behuda yo‘l qaraganim, bekorga Ortig‘alining og‘zini poylaganim qoldi: kuyov kollejni bitirgan qaynisini o‘qishga olib kelmadi. Hech bo‘lmasa, shu bolakayga imkonim darajasida ko‘maklashib, murosa-madora so‘qmog‘ini qisqartirmoqchiydim, shuyam bo‘lmadi…
Bir-bir yarim yil ichida qishloqning shu qadar ko‘p to‘y-ma’rakalari, turli katta-kichik tadbirlariga qatnashib, mashinamni ayamasdan shu qadar astoydil xizmat qildimki, endi keyingilarining birortasiga bormay qolishim g‘alatiroq tuyulishi turgan gap edi. Axir, kelgan qo‘noqlarni cho‘tga solishni xush ko‘radigan kimlarningdir “Xo‘sh, nega endi falonchi-pistonchinikiga yetib kelgan odam bizni mirlamadi? Bu yerda bir gap bor…” deb qolishlari aniq. Bunday araz odatda vaqtning omonat ko‘rpasi yopilgan eski gina-keklarni ocha boshlashga olib keladi. Bu esa menga kerak emasdi…

– O‘shanda… o‘n yilcha bo‘lib qoldi-yov, a… shuning uchun institutdan ketgan ekansiz-da? – deb so‘rab qoldi hamroh.
Haydovchi bosh irg‘adi:
– Ketmasam ham bo‘lmasdi. Axir, ikki kemaning boshini ushlab bo‘lmasdi, bittasini tanlashim kerak edi…
Lekin, shukr, yomon bo‘lmadim. Bir sutka qorovullik qilib, ikki sutka dam oladigan bo‘ldim. Bekor kunlarim taksichilik qilaman, tuzukkina soqqa tushib turadi. Ishimning o‘zimga eng ma’qul tomoni – chaqirib qolishsa bas, istagan vaqtim biror qorovul bilan smenamni almashaman-da, qishloqqa ketvoraman. Axir, bunaqa ishni kunduzi chiroq yoqib ham topib bo‘lmaydi. To‘g‘rimi?
Hamroh nimagadir bu savolga javob qaytarmadi, buning o‘rniga yana so‘radi:
– Ishqilib, ovulingizda hammaning ko‘ng­lini ololdingizmi?
Shu savolni kutib turgan ekanmi, haydovchi yashnab ketdi:
– Hammaning! Hammaning! Mayli, maqtanish bo‘lmasin, deyarli hammaning!.. – so‘ng baribir chiday olmadi, shekilli, oshkora maqtandi: – O‘tgan yili to‘y qildim. Katta restoranda. Qishloqdan uch avtobus odam keldi! Uch avtobus-a! O‘ziyam, terimga sig‘may quvondim. Bir odamning obro‘yi bo‘lsa shuncha bo‘lar-da. To‘g‘rimi, jo‘ra?
– …
Yo‘ldan ko‘z uzmay ketayotgan haydovchi battar hovliqib, lab-lunjini yig‘ishtirolmay qoldi:
– Hozir bir gap aytaman, ishonmaysiz! Bilasizmi, to‘yimga kim keldi? Ortig‘ali! Ha, xuddi o‘zi!.. To‘g‘ri, o‘shshayib o‘tirdi, lekin baribir keldi-ku! Keldi-ku! Dasturxonimdan bir to‘g‘ram bo‘lsayam non yedi-ku. Tuzimdan totdi-ku! Ana oqibatning kuchi! Bo‘lmasa, ostonamga tupurib ketadigan odam… Shuyam keldi-ya!.. Eng asosiysi esa, men bir umr bo‘ynimda qolishi mumkin bo‘lgan, nafaqat o‘zimga, qishloqdagi yaqinlarimga, jigarlarimga zarar yetkazishi aniq bo‘lgan “qotil” tamg‘asidan qutulib qoldim… Endi hech kim menga, jigarlarimga barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatolmaydi!.. Hech kim!… Xech kim!.. Qoyilmisiz, jo‘ra?..
Ko‘zlari chaqnay boshlagan, o‘rindig‘ida sakrab-sakrab ketayotgan haydovchi har qancha shodlanmasin, hamroh nechukdir unga qoyil qolishga shoshilmasdi.
Bunga sayin haydovchining chakagi tinmasdi:
– Institutdan esa juda vaqtida ketgan ekanman, jo‘ra. Bo‘lmasa, haliyam yurardim…
Haydovchi jumlasini “sizga o‘xshab” deb tugatmadi, ammo ma’nodor ko‘z tashlab qo‘yishidan nima demoqchiligi shundoqqina ayon bo‘lib qoldi…
Buni tushungan hamroh kulimsirab qo‘ydi-da, yana so‘radi:
– Esingizdami, endi ish boshlaganimizda Aziz Nesinning bir hikoyasini o‘qigandik. Bir kishi “Agar pashshalar bo‘lmaganida edi, katta yozuvchi bo‘lib ketardim”, deb shikoyat qilarmidi-ey…
Haydovchi baralla kulib yubordi:
– Voy pismig‘-ey, haliyam esingizda ekan-da… Eh, u davrlar…
– Siz o‘shanda… boshqacha… jo‘shqin edingiz. “Qo‘ng‘izga arpa bahona ekan-da. Masalan, bizning ijod qilishimizga pashsha tugul, qonso‘rar chivinlaru so‘nalar, chayonlaru ilonlar, suvaraklaru kalamushlar, jazirama issig‘u qahraton sovuqlar xalaqit berolmaydi, chunki biz toblanganmiz”, degandingiz. Esingizdami?
Haydovchi bosh qashlab, bir muddat o‘ylanib qoldi:
– Shunaqa deganmidim? Aytsam aytgandirman. Endi, u paytlar ancha g‘o‘r bo‘lganmiz-da, hayot nimaligini bilmaganmiz…
Hamroh haydovchiga sinchkov tikildi:
– Gapingizning davomi ham bor edi.
Haydovchi birdan jiddiy tortdi:
– Esimda. “Bizni pashsha-chivinlar, chayon-­ilonlar, suvarak-kalamushlar, issiq-sovuqlar yengolmaydi, lekin ba’zi bir ko‘nikmaga aylangan odatlar yengib qo‘yishi mumkin”, degandim… E’tiboringiz uchun, bu sof nazariy mulohaza edi…
Mashina ichiga jimlik cho‘kdi.
Nihoyat haydovchi chidab turolmadi, portladi:
– To‘g‘ri-da, insonning yashashdan maqsadi birovlarning ko‘nglini ovlash, xursand etish emasmi? Hazrat Navoiyni eslang: “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay…” Men bundan orttirib nima deya olaman?
O‘pkasini to‘ldirib chuqur nafas olgan haydovchi gapida davom etdi:
– Cho‘ntagimda ro‘yxat bor… Shu oyda qishlog‘imning o‘zida borishim shart bo‘lgan to‘y-ma’rakalarni belgilab qo‘yganman. O‘n to‘qqizta. To‘qqiztasiga borib keldim, bo‘ynimdagi qarzimni ado etdim. Bularga har oyda rejadan tashqari besh-oltita tadbir albatta qo‘shiladi. Boya aytdim-ku, ularda ham bir ko‘rinib qo‘ymasam, noto‘g‘ri tushunishlari mumkin… Bularga xotin tomonning, bojalarning, quda-andalarning borishim majburiy bo‘lgan tadbirlarini qo‘shing. Oyiga bir marta yor-birodarlar bilan “gap” yeb turamiz. Sobiq sinfdosh­lar bilan ham bir oyda bir marta albatta uchrashamiz. Ular bilan osh yeb, so‘ng to‘y-ma’rakasiga bormasam, yana bo‘lmaydi, axir. Bu yoqda kursdoshlar, mahalladoshlar bilan osh… Oyda bir hamkasb qorovullar bilan choyxonaga chiqamiz… Orada taksichi hamkasblar ham chaqirib turishadi… Agarda siz bilan “Ilm qilaman! Dunyoni ostin-ustun qilib tashlayman” degan romantik xayollar og‘ushida institutda yetaklashib yurganimda edi, bularning barisiga qachon ulgurardim, a? Qachon?.. Axir, mehr ko‘zda, oqibat esa tez-tez ko‘rishib turishda, jo‘ra…
– Shu… shu bugungi hayotingiz o‘zingizga yoqadimi?
Haydovchi bu savolga yengidan olib yoqasiga yopishtirar darajada juda tez javob qaytardi:
– Ming qatla shukr… Qornim to‘q, ustim but, bola-chaqam, uyim, mashinam, obro‘-e’tiborim bor… Bir odamga bundan ortiq nima kerak yana?
Endi hamroh o‘ylanib qoldi…
Haydovchi o‘zini majburlab kulimsiradi:
– Jo‘ra, mashinaga chiqqaningizdan beri nuqul men gapiraman. Sizam yoriling-da bundoq. Nima ishlar qilyapsiz? Dabdurustdan meni yo‘qlab qopsiz, ovozingizni eshitib boshim osmonga yetdi. Nasib qilsa, endi tez-tez ko‘rishib turamiz, oshlarga birga boramiz. Buni qarang, xuddi buyurtma qilinganday, keyingi hafta kursdoshlarning gapi edi-ya… O‘ziyam, zo‘r choyxona-da, oshining guruchlari o‘rmalab ketadi. Hamma yoq salqin, tepadan suv chakillab tomib turadi. Ulfatlaram zo‘r, odamning joni…
Hamroh siniq kulimsirab, haydovchining gapini bo‘ldi:
– Jo‘ra. To‘rt yildan beri chet eldaydim. O‘tgan hafta keldim, o‘zi…
Haydovchi shosha-pisha hamrohning gapini bo‘ldi:
– Unda yanayam yaxshi. Rosa sog‘ingandirsiz o‘zimizning choyxona palovni.
Hamroh bosh chayqadi:
– Unchalikmas…
– “Grin-karta” yutib bordingizmi?
Hamroh bu gal sal shoshibroq bosh chayqadi:
– Yo‘q, ishladim.
– Restorandami?
– Universitetda.
Haydovchi sergak tortdi, hamrohga diqqat bilan qaradi, so‘ng qandaydir cho‘chib, arang so‘ray oldi:
– O‘sha… mavzumi?
– Ha, o‘sha, siz qo‘l siltab ketgan mavzu… Institutimiz jurnalining oxirgi sonini o‘qidingizmi?
– …
– Sizni izlab topganimning sababi, o‘zingiz bilgan professor Madel bilan birgalikda qilgan tadqiqotlarimiz xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni oldi. Anchagina pul berishdi. Mukofotning menga tegishli qismining yarmini sizga ajratdim. G‘oya muallifi sifatida bunga haqlisiz… – Hamroh orqa o‘rindiqqa tashlab qo‘ygan kichikroq diplomatga ishora qildi. – Bu sizga. Shu bilan… shu bilan oramiz ochiq…
– …
– Men shu yerda tushib qolaman.
Mashina ilmiy-tekshirish instituti binosi yonida to‘xtadi.
– Xayr, jo‘ra.
Haydovchi hamrohga merovsirab qaradi, bir nimani o‘ylagani holda boshqa narsani gapirdi:
– O‘tgan hafta kelgan bo‘lsang… qishlog‘ingga bordingmi… Kerak bo‘lsa o‘zim oborib kelardim…
Hamroh bir joyi og‘rib ketgandek, quyi labini mahkam tishladi. So‘ng o‘zini majburlab bo‘lsa-da kulimsiradi, ammo bu qandaydir achinish aralash siniq kulimsirash edi:
– Rahmat, borib keldim, jo‘ra. Bir oqshom ota-onamning yonida bo‘ldim. Yetadi… Professor izlanishni davom ettiramiz, bu Nobelga arziydigan kashfiyot, deyapti…
– …
– Ertaga uchib ketyapman. Omon bo‘l…
Hamroh mashinadan tushdi va ortiga bir bor o‘girilib ham qaramasdan, yengil qadamlar bilan institut eshigidan ichkariga kirib ketdi.
Haydovchi hech narsa ko‘rmayotgan ko‘zlarini uzoq vaqt shu eshikka tikib qoldi… Axiyri sal o‘ziga kelganday bo‘ldi, entikib, xo‘rsiniq aralash chuqur nafas oldi, mashinani orqaga qayirdi, nimadir yodiga tushganday shoshib cho‘ntagini kavladi, bir varaq qog‘ozga kompyuterda bitilgan chiroyli ro‘yxatni oldi. Darhaqiqat, o‘n to‘qqiz banddan iborat ro‘yxatning to‘qqiztasi qizil ruchkada o‘chirilgandi.
Haydovchi ro‘yxatni yana bir bor diqqat bilan qarab chiqdi, so‘ng gazni bosdi va mashinasini qishlog‘i tomon uchirib ketdi…

Namozshom palla, ovulga yaqinlashgan sayin haydovchi ko‘ksini alamli armonmi, iztirobli qo‘msashgami o‘xshash nedir og‘uli tuyg‘u kuydirib-yondirib o‘rtayotganini kuchliroq his qilaverdi… Bunga toqat qilish tobora mushkullashib borardi… Nihoyat banogoh ko‘zlaridan tirqirab yosh otilib ketgan haydovchi chidab tura olmadi: shaxd bilan mashinasi rulini keskin yonbosh­­ga burarkan, baayni yarador bo‘ri yoxud qonli jinoyatga qo‘l urib bo‘lgan, endi yurakni o‘rtab, hayotini ostin-ustun qilib yuborayotgan pushmonlik azobida qovrilayotgan qotil misoli uvillab yubordi…

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 7-son