Abduqayum Yo‘ldosh. “Meni sindirishdi…” (hikoya)

E, bu dunyoda yaxshi odamlar ham ko‘p ekan!
Zoyir buni boshiga xo‘b g‘alati savdolar tushgandan so‘ng bildi!
Zoyir o‘zi azaldan shunaqa edi: erkak kishi ko‘chada ko‘kragini kerib yurishi kerak deb hisoblardi. O‘ziyam shunga munosib bo‘lishga intilardi.
Zoyirning yana bir aqidasi bor edi: erkak kishi  birovga o‘zini xafa qildirib qo‘ymasligi lozim. Aks holda o‘zingga nisbatan o‘zingning hurmatingni yo‘qotib qo‘yishing mumkin. O‘zingni hurmat qilmay qo‘ydingmi, tamom, boshqalarni ham hurmat qilmay qo‘yasan, o‘z navbatida ular ham seni bir tiyinga olmaydigan bo‘lishadi.
Xuddi mana shu hayotiy printsiplari boismi, Zoyir bir yerda uzoq ishlolmasdi. Bo‘lmasa oliy ma’lumotli injener-mexanik degan nomi bor.
Ayniqsa so‘nggi ish joyi…
Achinadi-da odam.
Kattagina xo‘jalikka endi bosh injener bo‘lib tayinlangandi. Bor-yo‘g‘i bir hafta ishladi-ya, bir haftagina! Hatto balansda mavjud texnikalarni tuzuk-quruq qabul qilib olishgayam ulgurmagandi.
Hammasiga xo‘jalik rahbarining og‘zi shalaqligi sabab bo‘ldi.
Bir umr amal katta-kichik amal kursilarida o‘tirib kelgan, surila-surila oxir erishgani shu xo‘jalikka rahbarlik bo‘lgan Ergash aka tong saharda to‘ntarilgan qozonday qornini silagancha idorada yoki dalada oppoq “Neksiya”sida paydo bo‘lib qolardi-da, uyqudan chap yoni bilan turgan odamday duch kelgan xodimni boplab xumordan chiqib so‘kib olgach, go‘yo katta ishni uddalagan odamday qoniqish ila uyiga qaytar va yana uyqusini kelgan joyidan davom ettirarkan. Bundan yaxshi xabardor odamlar tong sahardan idoraga kelib olarkanlar yo bo‘lmasa dalani aylanib yurarkanlar. “Xo‘jayin” bir kelib ketganidan keyin esa yengil nafas olgan xodimlar ham uy-uylariga tarqalib ketisharkanlar. Mabodo xo‘jayinning g‘azabiga duch kelib qolishsa, xuddi aybdor odamday bosh egib turaverish ma’qul ekan. Aks holda… Ishqilib, Ergash aka o‘ziga gap qaytargan yoki tik gapirgan odamni yoqtirmas ekan, keyinchalik ham shu odamni  to tavbasiga tayantirmaguncha o‘ziyam tinchimas, boshqalarniyam tinchitmas ekan…
Zoyir bunday gaplarni orqavoratdan eshitgan, ammo unchalik e’tibor berib o‘tirmagan edi. Bekor qilgan ekan…
O‘sha kuni Ergash aka “Neksiya”sidan harsillab-pishillab tushib kelayotgan ekan. Nima ish bilandir idoraga kelgan Zoyir avval panaroqqa o‘tmoqchi bo‘ldi, so‘ng o‘zining bu o‘yi o‘ziga nash’a qilib, “Nimasidan cho‘chiyman?” deganday shaxd bilan ildam borib rahbariga salom berdi.
Alik olish nimaligini bilmaydigan Ergash aka o‘siq qoshlarini chimirgancha bir zum yangi bosh injenerga chaqchayib qarab turdi. So‘ng:
— Sen bola bu yerda nima qilib yuribsan? — dedi.
“Bola”, aslida esa yigirma to‘qqizga kirgan, ikki farzandning otasi bo‘lgan Zoyir noiloj hisobot bergan bo‘ldi:
— Bir-ikkita hujjatlar kerak bo‘lib qolgandi. Balansni solishtirib ko‘rmoqchi…
Nordon narsa yeganday birdan afti burishib ketgan Ergash aka to‘satdan bosh injenerining gapini bo‘lib, o‘shqira ketdi:
— Kontorga qarab tilingni osiltirib yo‘rg‘alayvergandan ko‘ra orqangni bir yerga bosib ishlab o‘tirsang o‘lasanmi?
Zoyir avvallari bir-ikki kishidan rahbarining og‘zi shalaqligi borasida eshitgandi. Ammo bu qadar bezbetlik…
Zoyirning esankirab qolganini ko‘rgan, buni qo‘rqdiga yo‘ygan Ergash aka battar avj qildi:
— Sening bir ishonganing hokim bovang bo‘lsa, mening ishonganlarim undanam katta odamlar! G‘ashimga tegaversang, bir chertaman, chiqqan joyingga qaytib borib tushasan!..
Ayniqsa so‘nggi jumla Zoyirga og‘ir botdi.
To‘g‘ri, uni bosh injenerlikka xokimiyat tavsiya etgan. Ammo bu jinoyat emas-ku. Qolaversa, avval uning “delo”sini yaxshilib o‘rganib chiqishgan.
Balki bu haqoratlarga chidasa ham bo‘lardi. Biroq “chiqqan joyiga qaytib borib tushishi” xususidagi do‘q Zoyirning hamiyatiga tegdi. Onasi o‘lib ketganiga bir yildan oshdi. Marhumaning arvohini chirqillatishdan ne naf bor?..
Buning ustiga allaqachon idora binosi derazalaridan boshlarini chiqarib, bularni qiziqish bilan kuzatib turgan bir-ikkita rahbarchalar oldida…
— Sal og‘zingizga qarab gapiring, rais bova, — dedi Zoyir iloji boricha xotirjam gapirishga urinib. Vaholanki, uning yuragi gursillab urib, g‘azabdan oyoqlari dir-dir titray boshlagan edi.
Katta ishni amalga oshirib qo‘ygan odamday mamnunlik ila ortiga o‘girilib, mashinasiga qaytib chiqmoqchi bo‘layotgan Ergash aka turgan joyida dong qotib qoldi. Illo, shu xo‘jalikka rahbar bo‘lib kelganidan buyon birovdan bir og‘iz e’tiroz eshitib ulgurmagan edi.
— Nima? — deb yubordi ko‘zlari battar chaqchayib ketgan Ergash aka. — Tiling chiqib qoliptimi sen bolaning?
— Soqov emasdim, — sal zarda bilan gapirdi Zoyir.
Ergash akaning o‘zi endi bir muddat unga garangsib qarab turdi, so‘ng og‘zidan ko‘pik sachrab baqirishga o‘tdi:  
— Tur, yo‘qol, qaytib bu yerda qorangni ko‘rsatma! Qishloqdanam ko‘chirib yubormasam, yurgan ekanman men ham!
Endi Zoyirniki ham tutdi.
— Ergash aka, osmon qo‘lingizda bo‘lsa tashlab yuboring! — dedi jahl bilan. — Olsangiz ishingizni olasiz-da, shunga shuncha vahimami?!.
— Olaman! — jon-jahdi bilan qichqirdi rais. — Hammasini olaman!
— Menga desa ishingizni pishirib yemaysizmi!
Zoyir shu so‘zlarni aytdi va jahl bilan burilib, keta boshladi.
G‘azab zo‘ridan tiliga gap kelmay qolgan, yuzi qisqichbaqaniki kabi qip-qizarib ketgan Ergash aka bir-ikki urinib ham jo‘yali so‘kish topolmay qolgach, oxiri qo‘lini musht qilib tuggancha bosh injener ortidan bo‘kirdi:
— Hali o‘zing to‘rt oyoqlab emaklab kelarsan oldimga!.. Ana o‘shanda… Shunday qildirmasam, otimni boshqa qo‘yaman! Ana o‘shanda ko‘rasan mening kimligimni!..
— Ko‘rsak ko‘raveramiz-da, — jahl bilan javob qaytardi idoradan ancha uzoqlashib ulgurgan Zoyir.
Ha, o‘shanda Zoyir bu gapni nafrat aralash g‘azab bilan aytdi. Ammo oradan ma’lum fursat o‘tgach, rais pishak do‘qi qilmaganligini, chindan ham uning qo‘lidan ko‘p ishlar kelishini angladi.

* * *

Shu bilan Zoyir qaytib ishga bormadi. G‘irt bekorchi bo‘lib qolmaslik uchun esa dalasi xo‘jalikning eng oxirida joylashgan Abduolim fermerga traktorchi bo‘lib ishga kirib oldi.
Oradan uch haftalar chamasi vaqt o‘tgandan so‘ng Zoyirning uyiga qo‘shni mahallada turuvchi Ibroyim kirib keldi.
Garchand ikkalovi tengdosh bo‘lishsa-da, dum-dumaloq bo‘lib semirib ketganidanmi yoki tepa sochi to‘kilgani uchunmi yoshi kattaroq ko‘rinadigan Ibroyim tuman markazidagi kollejni bitirganligi haqidagi diplomi bilan bosh injener bo‘libdi.
Zoyir Ibroyimni astoydil tabrikladi.
Shundan keyin yangi bosh injener chakkasini qashlagancha muddaoga o‘tdi:
— Anavi… priyom-peredacha oxirigacha bormagan ekan, aka. Bir-ikkita qog‘ozlarga qo‘l qo‘yib bersangiz. Hammasini ipidan ignasiga qadar to‘g‘rilab yozib keldim. Hatto boltlarniyam erinmasdan bittalab sanadim. Raisning o‘ziyam borib tekshirib ko‘rdi.
Ibroyim qalin papkasidan bir dasta qog‘oz chiqarib uzatdi.
Raisning tanish imzosini ko‘rib, burni jiyirilgan Zoyir:
— Hammasi joyidami? — deb so‘radi bir og‘iz.
— Albatta-da, — qo‘llarini keng yozdi Ibroyim. — Kelib-kelib raisday kattakonimiz bilan tengma-teng olishgan sizday akaxonimni aldaymanmi?
Maqtov kimga yoqmaydi deysiz. Keyingi kunlar ichida xufton bo‘lib yurgan diliga ozgina nur ingan Zoyir beixtiyor iljayib qo‘yarkan: “Odamlar… hammasini biladi… Yaxshiyam o‘shanda raisga egilib-bukilib, xushomad qilishga o‘tmaganim…” deb qo‘ydi o‘zicha.  
Zoyirning jim qolganini ko‘rgan Ibroyim buni o‘zicha tushundi va chuqur nafas olgach, ko‘zlarini katta-katta ochgan ko‘yi ishonch va qat’iyat ila xitob qildi:
— Agar aldasam erkak emasman!..
Bu hayajonli qasamni eshitgan Zoyir noqulay ahvolda qoldi. O‘zini vijdonli bir odamni qasam ichishga majbur etayotgan nokasday his qildi.
— Mayli, mayli, — dedi u shosha-pisha. — Ishonaman, ishonaman…
Zoyir xuddi shunday shoshqinlik bilan bir dasta dalolatnomalaru bayonnomalardagi o‘zining familiyasi yozilgan joylarga imzo chekib chiqdi.
— Rahmat, — qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi Ibroyim. — Bu yaxshiligingizni unutmayman.
— Sizga ishonmasam, kimga ishonaman, — dedi Zoyir.
— Bundan keyin ham bemalol ishonavering, — nim egildi Ibroyim. — Biz sizga zarracha bo‘lsin gap tegadigan ish qilmaymiz. Xurmatingiz bor, aka, hurmatingiz. Axir siz kimsan Zoyir akasiz!
Og‘zining tanobi qochib borayotganini sezgan Zoyir bir amallab lanj-lunjini yig‘ishtirib oldi va:
— Ishingizga omad, — dedi samimiy ohangda. — Ammo o‘zingizni raisga haqorat qildirib qo‘ymang. Bo‘sh kelsangiz, boshingizga chiqib oladi u.
— Albatta, — dedi kamoli ehtirom bilan Ibroyim. — Bu sohada o‘zingiz bizga ibrat bo‘ldingiz. Haqiqiy erkakning qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydingiz. Endi bo‘sh kelmaymiz, aka.
— Shunday bo‘lsin, — mamnun jilmaydi Zoyir.
Ibroyim yana bir bor minnatdorchilik bildirgach, quyuq xayrlashgancha deyarli orti bilan tisarilib chiqib ketdi hovlidan.
Yangi bosh injenerning ushbu mulozamati unchalik ko‘ngliga o‘tirishmagan bo‘lsa-da (xuddi xushomad qilayotganga o‘xshab ketdi), Zoyir baribir o‘zidan rizolik tuygan ko‘yi xonasiga kirib ketarkan:
— Ibroyimga o‘xshagan yaxshi odamlar ko‘paygani yaxshi-da, — deb qo‘ydi.
Biroq tez orada sodir bo‘lgan voqealar Zoyirning vaqtidan burun bunday xulosaga kelib qattiq yanglishganini ko‘rsatdi.    

* * *

Oradan olti oyga yaqin vaqt o‘tdi.
Qishloq anchagina katta bo‘lgani bilan, nimagadir yomon xabar juda tez tarqaladi.
Avval “Prokuraturadan kelib, xo‘jalik texnikasini tekshirishayotganmish”, degan mish-mish tarqaldi. So‘ng bunga “Texnika rosa talon-taroj qilingan, arzimagan pulga sotib yuborilgan ekan”, degan gap-so‘zlar qo‘shildi.
Zoyir bu gaplarga parvo ham qilmay yuraverdi. Zero, u boshqarayotgan traktorni Abduolim fermer bundan ikki-uch yil burun xususiylashtirib olgan, hamma hujjatlari joyida edi.
Shunday kunlarning birida…
Kechga yaqin edi.
Quvgina Abduolim traktorchisiga miyig‘ida iljayib qarab turdi-turdi-da, so‘ng gapning dangaliga ko‘chdi:
— Nega buytib jimgina yuribsiz desam, vaqtida qilar ishni qilib, iz qoldirmasdangina jo‘nab qolaman degan ekansiz-da?
Zoyir fermerga ajablanib tikilib qoldi, so‘ng ochig‘iga ko‘chdi:
— Tushunmadim, uka.
Fermer yoyilib iljaydi.
— Hamma yoqda duv-duv gap: “Zoyir aka bir hafta bosh injener bo‘lib ishlab, xo‘jalik balansidagi traktor bilan mashinalarning yarmini sotib yuboribdi. Agar yana bir hafta ishlaganida hech narsa qoldirmas ekan-da”, degan.
— Yo‘g‘-e! — deb yubordi Zoyir beixtiyor.
— Bu hali hammasi emas. Rais bilan oralaringizdan ola mushuk ham asli o‘sha sotilgan texnikaning pulini talashib qolish orqasidan ham o‘tgan emish… Ergash aka endi, do‘ppi tor kelganda “Texnikaga men modiy javobgar bo‘lmaganman, bosh injener bo‘lgan”, deb turib olgan emish…
Traktorchisining angrayib qolganini ko‘rgan fermer kulimsirashdan to‘xtadi va jiddiy ohangda gapini yakunladi:
— Prokuratura bilan hazillashmang, aka. Pulini undirib olgani mayli, qamatib yuborsa yuzingiz bir umr shuvit bo‘lib o‘tasiz. Pul ketsa ketsin, aka, bu ishni darrov bosti-bosti qilib yuboring.
Zoyir yana tushunmadi:
— Qanaqa ishni?
Abduolim fermer afsus bilan bosh chayqadi:
— Meni ahmoq qilishingiz mumkin, lekin prokurorni bunday qilolmaysiz. Yaxshilab bir do‘qlasa, ichingiz o‘tib ketadi. Ana o‘shandan keyin burningizdan ip o‘tkazib olib, har maqomga soladi…
Fermer ketdi.
Hayron bo‘lib qolgan Zoyirning ko‘ngliga xavotirning qora buluti bostirib kela boshladi.  
U shosha-pisha qo‘lini moy lattaga artdi va traktori rulini to‘g‘ri qishloq tomon burarkan:
— Bir kami shu edi… — deya to‘ng‘illab qo‘ydi.
Yo‘q, hali bu gap-so‘zlarning barisi yolg‘on chiqishiga ishonch aralash umid bor edi. To‘g‘ri, Abduolim fermer jiddiy yigit, buning ustiga akasi tengi odam bilan hazillashib o‘tirmaydi. Ammo… ammo uni ham chalg‘itgan bo‘lishlari mumkin-ku…  

* * *

Hali aytib o‘tganimizday, qishloqda yomon gap tez tarqaladi.
Shom qorong‘usida uyiga hovliqib kirib kelgan erini xotin izillab yig‘lab kutib oldi. Go‘yo hozirning o‘zida kelib, Zoyirni qamoqqa olib ketishadigandek.
Buni ko‘rib Zoyir battar vahimaga tushdi.
Yaxshiyam kech tushgan, ko‘chada odam kam.
Zoyir shipillab Ibroyimnikiga yo‘l oldi.
Hovlisida allaqachon sut rang “Neksiya” paydo bo‘lgan Ibroyim chorpoyada maykachan holida yonboshlagancha choy ichib o‘tirgan ekan.
Bosh injener sobiq hamkasabasini xushlamaygina qarshi oldi, til uchida:
— Keling, o‘tiring, — deb qo‘ydi.
Ibroyimning birdan tashvishli qiyofaga kirganini ko‘rgan Zoyir otni qamchilamasa, undan biron gap ololmasliga ko‘zi yetgan ko‘yi, birdan asosiy maqsadga o‘ta qoldi:
— Qishloqda har xil gaplar yuribdi… Tinchlikmi?
— Ha, endi, Zoyir, bilasan-ku, har zamonda tekshir-tekshir bo‘lib turadi, — peshonasini tirishtirdi Ibroyim. — To proverkadan o‘tib olganingcha enamizni ko‘ramiz.
Zoyir qarshisida o‘zini tashvishmand qiyofada tutishga urinayotgan, ammo yalpayib yotishidan sira ham “enasini ko‘rayotganga” o‘xshamayotgan hamsuhbatining nima uchun birdan o‘zini “sen”lashga o‘tganiga, “aka” demayotganiga unchalik ajablanib ham o‘tirmadi. Zero, Ibroyimning sovuq qarashidanoq vaziyat bundan olti oy oldingi emasligi sezilib turardi.
Nimadir o‘zgargan edi.
— Ishqilib, tekshirish tinch o‘tayaptimi? —yaxshi gap eshitish ilinjida muloyimlik bilan so‘radi Zoyir.
Ibroyim battar peshonasini tirishtirdi:
— Qayoqda deysan. Mendan oldin ishlab ketgan…lar besh-oltita traktor, ikkita mashinani hujjatlarini to‘g‘rilamasdan sotib yuborgan ekan. Endi o‘shalarni topasan deb yoqamdan olishayapti… Moddiy javobgarlik zimmasida ekan…
Tovushi tobora pasayib borayotgan Ibroyim oxiri yerga qarab oldi.
Ichi muzlab ketgan Zoyir arang so‘ray oldi:
— Kim ekan u sizdan oldin ishlab ketganlar?
Mana shundagina Ibroyim bir nimaga jahd qilganday asta-sekin boshini ko‘tardi va Zoyirga iloji boricha qatiq tikilishga urindi-da:
— Bittasi… o‘zingiz, — dedi nimagadir yana “siz”lashga o‘tib.
Zoyir ilon chaqqanday joyidan sapchib turib ketdi.
— Hoy, jo‘ra, — dedi u asabiylashganidan yonoqlari pir-pir uchib, — og‘zingizga qarab gapiring. Men bor-yo‘g‘i bir hafta ishga qatnaganimni, keyin rais bilan kelishmasdan ketib qolganimni hech kim bilmasa ham siz yaxshi bilasiz-ku.
Ibroyim yana yerga qarab oldi-da, ming‘irladi:
— Men bir kichkina odamman… Mening hamma qog‘ozlarim to‘g‘ri… Noqonuniy xususiylashtirish, hujjatsiz sotib yuborishning bari siz ishlagan davrda bo‘lgan ekan. Hujjatlar shuni aytib turibdi…
— Qanaqa hujjatlar? — lol qotdi Zoyir.
— Hujjatlar-da… — aniq javobdan o‘zini olib qochdi Ibroyim. — Hammasi prokurorda.
Zoyirning miyasiga nimadir chaqmoq kabi kelib urilganday bo‘ldi. Hujjatlar… Demak… demak o‘shanda Ibroyim aldab, kerakli hujjatlarga imzo chekdirib olgan ekan-da… Ha, nima degan edi-ya… Zoyir birdan esladi: “Agar aldasam erkak emasman!” deb qasam ichgandi.
— Axir… — tomog‘iga mushtday bir nima kelib tiqilgan Zoyir “qult” etib yutinib oldi va o‘zining o‘ziga nafratini oshiradigan tarzda ayanchli ovozda, baayni yolvorayotganday ohangda gapirdi: — Axir qasam ichgandingiz… Hammasi joyida degandingiz… Hammasini o‘zim sanab chiqdim degandingiz… Sizga, qasamingizga ishongandim… Erkaksiz, axir…
— …
Ibroyim yerga qarab gum-gurs o‘tiraverdi.
Undan ortiq gap ololmasligini anglagan Zoyir indamay hovlidan chiqib ketdi.  

* * *

Ko‘pdan ko‘p maslahat chiqadi.
Ertasi kuni uyqusiz o‘tgan oqshomdan so‘ng ishga bo‘ynini egib, jinoyatchi kabi muztar qiyofada borgan traktorchisiga achinib qarab qo‘ygan Abduolim fermer salom-alik,  hol-ahvol so‘rashishlardan keyin yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan bo‘ldi:
— Agar aybingiz bo‘lmasa, buytib boshdi egib yuravermasdan harakatni qilib qoling, aka.
Zoyir fermerga yalt etib qaradi:
— Nima qilay? Menda ayb nima qilsin.
Shundan keyin Zoyir fermerga bundan olti oy oldingi va kecha kechqurungi voqeani qisqagina aytib berdi.
Fermer ajablanib yelka qisdi:
— Bunday qarasam qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan odamga o‘xshaysiz… Boring, yara gazaklamasdan turib kerakli odamlarga uchrashing, tushuntiring, iltimos qiling, kerak bo‘lsa qo‘liga uch-to‘rt so‘m tutqazing. Ishqilib, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsin. Bo‘lmasa moshin-traktorlarni to‘latib olishi-ku, bir taraf, “Moddiy javobgar edi” deb bo‘yningizga to‘rt-besh yilni ilib yuborishdan ham toymaydi bular…
— Nima qil deysiz? — jon-jahdi bilan so‘radi Zoyir. — To‘g‘ri prokurorning oldiga borib, bor gapni aytib bersammikan? Uyam odam, tushunar. Yemagan somsaga pul to‘latishmoqchi, desam. Ergash akaning o‘ch olayotganini aytib bersam…
Fermer o‘ylanib qoldi, so‘ng bir narsa esiga tushganday yuzi yorishdi:
— Qishloqning boshida turadigan Asqar akani taniysizmi?
— Ha, qizil “Moskvich”i bor.
— Ha. O‘sha. O‘zining qayerda ishlashini aniq bilmayman, lekin bir-ikkita iltimos bilan borganlarga yordam berganini eshitganman. Asqar akaning tuqqan tog‘asi shu sistemada kattaroq odam shekilli… Ishqilib, organ odamlari bilan osh-qatiq bo‘lib yuradi deyishadi. Borib avval shu kishidan maslahat so‘rang-chi…
— Hozir… borayinmi? Ish…
— E, aka, hozir boring-da. Bu yoqda uyingiz kuyayin deb turibdi-yu… Ish qochib ketarmidi… Qolganini o‘zim qilib qo‘yaman.    
Zoyir oyog‘ini qo‘liga olgancha qishloqqa qarab chopdi.

* * *

Omadi kelganini qarang. Novcha, ozg‘in, orasta kiyingan, tilla gardishli ko‘zoynak taqib olgan Asqar  aka deganlari endi uyidan chiqib, katta ko‘chaga burilayotgan ekan.
Zoyir hovliqib uning yo‘liga chiqdi va qo‘lini ko‘tardi.
“Moskich ” to‘xtadi.
Zoyir shosha-pisha salom berdi.
Ahvolidan, o‘zini tutishidan nimadir sodir bo‘lganini tushungan Asqar aka Zoyirni chekkaroqqa, daraxt soyasiga olib o‘tdi-da:
— Endi gapiring, uka, — dedi ko‘zoynagi osha diqqat bilan tikilib.
Zoyir yana shosha-pisha, shu sababli sal chala-chulpa tarzda bor gapni aytib berdi.
— Yordam bering, Asqar aka, — dedi u nihoyat hansirab. — Quruq tuhmatga qolib ketayapman.
— O‘zi tekshiruvchilarga uchradingizmi? — darhol savol berdi Asqar aka.
— Hozir borsammi deb turgandim… Avval siz bilan uchrashib, maslahatlashiyin deb…
— Hm-m, — deya bir muddat noroziroq tarzda o‘ylanib qolgan Asqar aka soatiga qaradi. So‘ng bir nimaga ahd qilganday ishchan qiyofada dedi: — Unda bunday qilamiz. Baxtingiz bor ekan. Rayonga borayotgandim. Yo‘l-yo‘lakay prokuraturaga kirib, gap nimadaligini bilib chiqaman… Balki arzimagan ishdir. Bitta telefon bilan bitib ketar…  Yo‘q, yaxshisi birga boramiz… Pravangiz bor, a?
— Bor.
— Juda yaxshi. Unda hozir uyingizga kiramiz. Pravangizni ovoling. Birontasiga choy-poy ichirish kerak bo‘lsa, anavi zormandadan mening ham qo‘shilib ichishimga to‘g‘ri keladi. Busiz ish bitmaydi. Shunda mashinani o‘zingiz haydab qaytasiz. Keyin… — Asqar aka Zoyirning usti-boshiga sinovchan tikildi: — O‘zingiz ham sal tuzukroq kiyinib olsangiz. Bilib bo‘ladimi, biron nozikroq joyga borib qolamizmi? Sovg‘a-salom deganday…
— Tushundim, tushundim, — dedi jon holatda Zoyir.

* * *

Xullas, Zoyir shosha-pisha uyiga kirib, ko‘chalik kiyimlarini kiydi va jami boyligi — yuz mingga yaqin pulni cho‘ntagiga solib oldi. Xotin buni ko‘rdi, ammo miq etmadi. Aftidan, u ham bu baloning tezroq daf bo‘lishini istardi.
Bir pasda tuman markaziga yetib kelishdi.
“Moskvich” tuman prokuraturasi joylashgan uch qavatli muhtasham bino oldiga kelib to‘xtadi.
Zoyir mashinada o‘tirib turadigan bo‘ldi.
Asqar aka qo‘riqchilikda turgan militsionerlar yonidan xuddi ishxonasiga kirayotganday gerdayib o‘tib ketdi.
Oradan yarim soatdan sal ko‘proq vaqt o‘tdi.
Zoyirning ichini it tatalay boshladi.
Nihoyat novcha Asqar akaning qorasi ko‘rindi. Quyosh tig‘ida ko‘zoynagining tilla gardishi yaltirab ketgan Asqar aka shoshilmay mashinasi tomon kelardi.
Asqar aka o‘z joyiga o‘tirgandan keyin nimagadir qovog‘ini soldi va  og‘ir uf tortdi.
Buni ko‘rib Zoyirning ichi muzlab ketdi.
— To‘rtta traktor, bitta “Zil”, bitta “KamAZ”… — sanay ketdi to‘satdan Asqar aka. — Buncha narsani hazm qilishning o‘zi bo‘lmaydi, hamqishloq. Tiqilib qolish mumkin. Rostdanam aralashmaganmisiz o‘zi?
— Aytdim-ku borini, — zorilladi Zoyir.
Asqar aka yana bir muddat qoshlarini uygancha o‘ylanib qoldi, so‘ng cho‘ntagidan mitti qo‘l telefonini chiqardi-da, raqam terarkan, xushlamaygina dedi:
— Ammo bir ablahda ekan delongiz… Tuyani yutsa dumini ko‘rsatmaydiganlar xilidan. Yana hech narsa olmaganday ko‘zingizga baqrayib tikilib turaveradi… Qani, bir gaplashib ko‘raylik-chi. Dami baland bo‘lsa, nima ham qilardik, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q deb qo‘yaqolamizda, a, hamqishloq?
Yuragi tobora po‘killab borayotgan Zoyir:
— Bir ilojini qiling, aka, — dedi Asqar akaga mo‘ltirab qarab. So‘ng qachondan beri tilining uchida turgan jumlani bazo‘r sitib chiqardi: — Xizmatingizni qilamiz…  
— Men hamqishloqlarimga xizmat aytmayman, — dedi Asqar aka allaqanday ulug‘vorlik ila. So‘ng birdan barmog‘ini labiga olib borib, “jim” ishorasini qildi-da, o‘shanday ulug‘vor ohangda telefonga gapira boshladi: — Assalomu alaykum. Rahimov kerak edilar… Sherzodjon… O‘zlarimi? Men Asqar akangizman… Ha, rahmat… O‘sha kuni tog‘amning uyida siz haqingizda ancha yaxshi gaplar bo‘ldi… Eshitib xursand bo‘ldim… Xizmat yo‘q, uka. Faqat bir yaqin kishimizning sizga ishi tushib turgan ekan. Shuni bir maslahatlashib ko‘raylik deb, a… Ha, “Guliston” xo‘jaligidan… E, qanaqangi talon-taroj? Akaxonimiz buzoqning haqi bor deb sigirning sutini ichmaydiganlardan… Qolaversa, tog‘am ham bir vaziyatni o‘rganib ko‘r-chi, deganday bo‘luvdilar… Ha, ha, sobiq glavniy injener. Zoyir Abdusalomov… Bizga ancha yaqin odam… Shuni bir gurunglashsak, a. Qayerda bo‘lardi, bir piyola choy ustida. Xoliroq joy bo‘lsa. Menga qarang, Sherzodjon, ish qochib ketmaydi. Borarsiz o‘sha boshqarmangizga. Avval bir ko‘rishaylik. Xo‘p,
ana, yarim soatga. “Visol” qalay? O‘tgan safar tabakasi sizga ma’qul bo‘luvdi shekilli, a? Xo‘p, yarim soatdan keyin… Xo‘p…
Shundan keyin Asqar aka qo‘l telefonining tugmachasini bosdi va Zoyir tomon o‘girildi:
— Bir amallab ko‘ndirdim. Boraylik, gaplashib ko‘raylik-chi.
— Rahmat-e, aka, — dedi hayajondan tovushi titrab ketgan Zoyir. — Bola-chaqangizning huzurini ko‘ring. Xizmatingizda bo‘laylik…
— Yana qaytarib aytaman, — iljaydi Asqar aka, — men hamqishloqlarimga xizmat aytmayman. Qo‘limdan kelsa beminnat yordamlashaman, qo‘limdan kelmasa ochig‘ini aytaman-qo‘yaman…
Ana shundan keyin ham dunyoda yaxshi odamlar yo‘q deb ko‘ring-chi!..

* * *

“Visol” qahvaxonasi tuman markazidan xo‘jalik tomon chiqish yo‘lida ekan.
Shinamgina qahvaxonaning ichida alohida xonasi bor ekan. Bu yerga kelaverib o‘rganib qolgan shekilli, Asqar aka to‘g‘ri shu xonaga kirib bordi.
Ofitsiant stolni turli gazaklaru ichimliklar bilan bezab ulgurar-ulgurmas Sherzod degani ham kirib keldi. Bu xo‘ppa semiz, yurganda oyoqlari taravaqaylab, qorni esa suv to‘la meshday quldur-quldur ovoz chiqaradigan, ammo mitti ko‘zlari odamga teshib yuborguday sinchkovlik bilan qaraydigan qirq yoshlardagi odam ekan.
Ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashganlaridan keyin odatga ko‘ra avval uchrashganlari va tanishganlari uchun ichishdi.
Zoyir piyolaga lab tekizib qo‘ydi, xolos.
Zoyir bir narsaga tan berdi: bu baqaloqning ichi bamisoli quduq ekan, ichgan bilan to‘lmas ekan. Unga yetay deb Asqar akaning ham bo‘lari bo‘ldi.
Ishqilib, birinchi ovqat kelgunga qadar uchta shisha bo‘shadi.
To‘rtinchi shisha yarimlab qolgandan keyingina Asqar aka imo-ishorali gap qilib o‘tirmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadga ko‘cha qoldi:
— Sherzodjon, boya aytgan qarindoshimiz shu kishi bo‘ladi. Quruq tuhmatga qolib o‘tiribdi. O‘zingizni qora tortib kelaverdik. Bir yordam qilasiz endi…
To‘satdan mutlaqo ichmagan odamday hushyor tortib, yog‘li lablarini sochiqqa artgan Sherzod o‘ziga mo‘ltirab qarab turgan Zoyirga sinchkov nazar tashladi va birdan pixillab kulib yuborarkan:
— Bu akam chatoq, — dedi. — Vaqtida texnikani sotgan, pulini qurtdek  sanab olgan. Endi musichai beozor bo‘lib, oraga sizdek akaxonlarimizni qo‘yib… Yaxshi emas, yaxshi emas… Yeyishni bilgan odam berishni ham bilish kerak…
Rangi o‘chib ketgan Asqar aka Sherzodni siltab tashladi:
— Bu unaqa odam emas deb aytdim-ku. Yo mening gapim yetarli emasmi? Juda agar qurug‘iga ishlaging kelmayotgan bo‘lma, ma, ol, lekin qaytib bu odamga tuhmat qilma!
Shunday deya Asqar aka yon cho‘ntagidan ikkita yuz dollarlik chiqarni va Sherzodning oldiga tashladi.
Xijolat tortgan Zoyir o‘rnidan turib ketay dedi. Ammo Asqar aka uni qo‘l ishorasi bilan joyiga qaytarib o‘tqazib qo‘yarkan:
— Men ko‘chada topganimni ko‘chada sarflayman, — dedi. — Kecha bir ish qilgandim, shunga xizmat haqimni ertalab tashlab ketishuvdi. Men bu pulni baribir uyga olib bormasdim. Sizga mening yordamim bo‘lsin…
Entikib ketgan Zoyirning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. E, bu dunyoda yaxshi odamlar ham ko‘p ekan! Mana, shulardan bittasi,  ehtimolki eng yaxshisi Asqar aka qarshisida turibdi!..
Sherzod pulni oldi, yoruqqa solib ko‘rgach, cho‘ntagiga solib qo‘yarkan:
— Sizniki tabarruk, — deya yana pixillab kuldi. — Oz bo‘lsayam ko‘p o‘rnida ko‘ramiz-da.
— Yetadi, — to‘ng‘illadi Asqar aka jiddiy tarzda. — Ko‘pini puli borlardan olasan!
— Xo‘p, xo‘p, dedik-ku, — qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi Sherzod. — Endi shu haqda boshqa gaplashmay, ozroq aroq ichsam, ozroq ovqat yesam maylimi, ruxsat berasizmi?
— Ruxsat beraman, — iljaydi Asqar aka.
Sherzod bechora shu ruxsatni kutib turgan ekanmi, jon-jahdi bilan ichkilikka va taomlarga tashlandi. O‘ziyam bu borada Asqar akani changida qoldirib ketdi-yov…
Oradan yarim soatcha o‘tib, ikitadan qovurilgan jo‘ja yeyilganidan keyin (tomog‘idan ovqat o‘tmayotgan Zoyir mineral suv ichib o‘tirardi, xolos) Asqar aka shamollashga chiqib ketgan mahal xuddi boyagidek bir qultum ichmagan odamday birdan hushyor tortgan, faqat ko‘zlari qip-qizarib ketgan Sherzod egilib, Zoyirga shivirladi:
— Akangizning hurmati bor… Asli narxi ming edi… Mayli, sizga yana bir arzimagan xizmat aytaman. O‘shani bajarsangiz bo‘ldi…
— Jonim bilan, — dedi Zoyir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
Bazm yarim tungacha davom etdi.
Zoyir olib kelgan pul hisob-kitobga uchma-uch yetdi…

* * *

Zoyir ertasi kuniyoq tanish-bilishlaridan qarz oldi, yetmaganiga bir qo‘yini sotdi, ishqilib ikki yuz dollarga yetadigan pulni kechga yachqin Asqar akaning uyiga olib borib berdi.
Ajab, avvaliga Asqar aka pulni olishdan qat’iyan bosh tortdi.
— Men hamqishloqlarimga xizmat aytmayman, — dedi  boshi tors yorilay deb turgani bois afti burishib ketayotgan Asqar aka.
— Ham salom berib, ham tovon to‘lab yurmang, Asqar aka, — dedi Zoyir mehr bilan. — Sizga juda katta rahmat…
Ertasi kuni esa oppoq “Neksiya”da kelgan bir oq ko‘ylakli, bo‘yinbog‘ taqqan yigit Sherzodning “arzimagan xizmati”ni aytib ketdi. Qo‘shni qishloqda yashaydigan Sherzodning akasi yaqinda bir yangigina “Zil”ni xususiylashtirib olgan ekan. O‘shaning mayda-chuyda ehtiyot qismlarini qo‘yib, yurgazib yuborish kerak ekan…
Zoyir halloslab qo‘shni qishloqqa yugurdi.
“Yangigina” mashina deganlarining ramasi bor edi, xolos…
Buni ko‘rib Zoyirning ko‘zi tinib ketdi. Sherzodning akasi qo‘lini beliga tirab turganini ko‘rgandan keyin esa bu odamdan hech qanday ko‘mak bo‘lmasligini ham angladi.
Ammo lafz halol. Zoyir uyidagi yagona sigirini bozorga olib chiqib sotdi, puliga ehtiyot qism sotib olish uchun uch marta bozorga chiqdi.
Ishqilib, sakkiz kun deganda mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi…
Bu xabarni shaxsan Sherzodning o‘ziga aytib qo‘yish, ham bir yo‘la ko‘ziga bir ko‘rinib qo‘yish maqsadida kech bo‘lsa ham Zoyir tuman markaziga yo‘l oldi.
“Damas” tuman markaziga kirib borayotgani mahal yo‘l chetidagi “Visol”qahvaxonasi yonida turgan qizil “Moskvich” Zoyirga tanish tuyuldi.
Zoyir xabarni Asqar akaga aytib qo‘ya qolay degan o‘yda “Damas”ni to‘xtatdi.
Zoyir avval kelib yurgan odamdek to‘g‘ri ichkariga xonaga kirib borayotgani bois birov uni to‘xtatib o‘tirmadi.
O‘sha xona.
Birdan bostirib kirish noqulayligi bois Zoyir qiya ochiq eshik olida bir zum turib qoldi.
Xuddi shu mahal ichkaridan aniq-tiniq yangrayotgan ovoz eshitildi.
Gapirayotgan Asqar aka edi. Ammo so‘zlar… So‘zlar juda-juda tanish edi.
—  Men ko‘chada topganimni ko‘chada sarflayman, — derdi Asqar aka. — Kecha bir ish qilgandim, shunga xizmat haqimni ertalab tashlab ketishuvdi. Men bu pulni baribir uyga olib bormasdim. Sizga mening yordamim bo‘lsin…
Bunga javoban Sherzodning pixillab kulgani eshitildi:
— Sizniki tabarruk. Oz bo‘lsayam ko‘p o‘rnida ko‘ramiz-da.
— Yetadi, — to‘ng‘illadi Asqar aka. — Ko‘pini puli borlardan olasan!
— Xo‘p, xo‘p, dedik-ku, — deganovozi keldi  Sherzodning. — Endi shu haqda boshqa gaplashmay, ozroq aroq ichsam, ozroq ovqat yesam maylimi, ruxsat berasizmi?
Ha, bularning bari juda-juda tanish edi. Go‘yo…
Go‘yo artistlar bir sahnani ikkinchi bor ijro etishayotganday…
Zoyir asta bohini ichkariga suqdi va yaqindagina o‘zi o‘tirgan joyda ko‘zlarida minnatdorlik yoshi bilan Asqar akaga termulib o‘tirgan ellik yoshlardagi bir dehqonni ko‘rdi…
Zoyir… indamay ortiga qaytdi.
Nahotki… Nahotki… Nahotki inson bolasi shunchalik makkorlikka, riyoga qodir bo‘lsa…    

* * *

Ertasi kuni Zoyirning nomiga prokuraturadan chaqiruv qog‘ozi keldi.
Zoyir xuddi shunday bo‘lishini bilgandek miq etmay qog‘ozni oldi, ko‘rsatilgan joyga imzo qo‘ydi.
Shundan keyin Zoyir chaqiruv qog‘ozini yaxshilab buklab cho‘ntagiga soldi va to‘g‘ri idoraga yo‘l oldi. Zoyirning yuzidanoq nimagadir qat’iy ahd qilgani sezilib turardi.
Idora yonidagi daraxtlar soyasida qorday oppoq “Neksiya”sini yuvayotgan Ibroyim sobiq hamkasabasining ko‘rinishidanoq hammasini tushundi shekilli, yugurib kelasola unga hovliqib gap uqtira boshladi:
— Vaqtida kelding… Ergash akam shu yerda… Seni faqat shu odam qutqarib qoladi!.. Darrov oldiga kir. Egil, yalin, yolvor, ishqilib joningni saqlab qol… Ozroq xushomad qilsang o‘lib qolmassan… Qolgani bir gap bo‘lar… Ergash aka yaxshi gapni yaxshi ko‘radi… Agar barisini bo‘yningga qo‘yishsa o‘zingni sotibam to‘lay olmaysan…
Zoyir miq etmasdan yo‘lida davom etardi.
Undan oldinga o‘tib olgan Ibroyim pildirab borasola avval qabulxona eshigini ochdi, keyin esa Ergash aka o‘tirgan kabinet eshigini.
Ibroyim jon-jahdi bilan nimalarnidir ishora qilardi.
Zoyir shu tomonga ko‘z qirini tashladi va Ibroyimning “Egil… egil…” deb ishora qilayotganini ko‘rdi.
Zoyir… avval sal egildi… so‘ng… jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini  chirt yumib olgan ko‘yi yanada ko‘proq egildi va ostona hatladi…

Shu oqshom Zoyir uyida xonasiga biqinib olib xotini, bolalarini qo‘rqitib rosa ichdi, mast bo‘lib olgach esa ko‘rinmas  kimlargadir rosa baqirdi. Derazaga yaqin kelgan xotin sho‘rlik erining alam bilan:
— Meni sindirishdi… Meni sindirishdi… — deyayotganini eshitganday bo‘ldi. — Meni xo‘rlashdi… haqorat qilishdi…
Nogahon birdan jimlik cho‘kdi. Yuragi uvishib ketgan xotin qulog‘ini deraza oynasiga bosdi.
Ichkaridan piq-piq yig‘i ovozi kelardi…
Erkak yig‘lamoqda edi, erkak…