Kamol akaga
“…Elning qanday yashayotganini bilmoqchi bo‘lsang, avvalo, uning bozorlariga qara”, deydi donishmand xalqimiz. Darhaqiqat, bugun viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlarida sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni, peshtaxtalardagi to‘kin-sochinlikni ko‘rib, diling ravshan tortadi…”
Davronning dili ravshan tortmadi, bil’aks, peshonasi tirishgancha matndagi “faoliyat ko‘rsatayotgan” so‘zlari tagiga qalin chiziq chizdi, qog‘oz chetiga so‘roq belgisi qo‘ydi. Qandaydir qovushmaganroq, gazetiyroq so‘z birikmasimi-ey. O‘zgartirish kerak. Nahotki bozor “faoliyat ko‘rsatsa?”
Keyingi jumlani o‘qib Davronning dili battar xufton bo‘ldi. Nima emish, viloyatimizda “11 nafar bozorlar” yana “faoliyat ko‘rsatayotgan”mish… O‘zi o‘n bittaligi aniq bo‘lsa, “nafar”igayu ko‘plik qo‘shimchasiga balo bormi? “Faoliyat”ingga o‘t tushgur muxbir bisotidagi to‘rtta so‘zni aylantiraverarkan-da…
So‘nggi jumla tanish tuyuldi, muallifini ham eslaganday bo‘ldi, biroq o‘zini chalg‘itish uchun “Buyuklar bir xil fikrlaydi”, deb ming‘irlab qo‘ydi-da, papkani shartta yopdi: avval tasvirga olib kelsin, tahrir keyin.
O‘zi uch-to‘rtta fotosuratni birin-ketin ekranga chiqarib, shu sabil qolgur matnni diktorga o‘qitvorsayam bo‘lardi. Ammo Davron ishiga ijodiyroq yondashdi: hech bo‘lmasa “peshtaxtalardagi to‘kin-sochinlik” tomoshabinni o‘ziga jalb etar. Ustiga-ustak, ko‘rsatuvni bu ahvolda, quruqqina o‘tkazvorsa, dushanba kungi “pyatiminutka”da Obidalining chakagi ochilishi aniq: o‘ziyam “O‘tgan haftada hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar va xalqaro hayotning muhim masalalari”ga bag‘ishlangan uch soatlik yig‘ilishining kamida so‘nggi ellik-oltmish daqiqasini – ismini aytmasdan turib, albatta – Davronni do‘pposlash bilan o‘tkazadi; “erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, afsuski, ayrim o‘z ishiga mas’uliyatsiz, dangasa, loqayd rejissyorlarimiz tomoshabinni bizning kanalimizga jalb etishga emas, aksincha, undan bezdirishga xizmat qilmoqda. Buni o‘tgan hafta efirga uzatilgan ba’zi bir ko‘rsatuvlar shundoqqina ko‘rsatib turibdi… Axir, qaranglar, Yaqin Sharqda nimalar bo‘lyapti! Arab mamlakatlarida nimalar bo‘lyapti? Bizda esa, Xudoga ming qatla shukr, tinchlik-ku…” Hoy banda, xalqaro vaziyatni qo‘yib turaylik, o‘zimizning kanalda qaysi ko‘rsatuv nimani ko‘rsatib turibdi ekan, deb so‘raydigan mard yo‘q; vaholanki, vaziyat ajabtovur: hamma bu tagdor sha’malar qaysi ko‘rsatuv va kimning sha’niga yog‘dirilayotganini yaxshi bilib turadi… Keyingi paytlari bir-ikki yuqoriroq idoralarda jiddiy tanqid eshitib, soyasidan ham cho‘chib qolgan, yumshoq kursisining omonatligi xususidagi mish-mishlardan battar vahimaga tushgan bu amal gadosi nechukdir o‘zining tagini zimdan kavlayotganlar boshida aynan mana shu Davron turibdi deb ishonadi, shu xavotiri bois yanada ehtiyotkorlik qiladi, “guruh boshi”ni tanqid qila-qila ishdan bezdirib, “o‘z ixtiyorimga ko‘ra…” degan arizasini olishni chandon orzu qiladi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri dumini tugib yuborishga esa yana qo‘rqadi: kim biladi, necha yillardan buyon sabr bilan bir joyda ishlab kelayotgan bu dog‘uli, qo‘rs rejissyor ortida kimlar turibdi, balki ular atay rahbarning xato qilishini kutishayotgandir, keyin “Ha, mana, oxiri qo‘lga tushding-ku. Eng tajribali rejissyorni statyasiz ishdan bo‘shatding-a!” deb sudma-sud surgashar…
Bunaqa yuraksiqar yig‘ilish payti kimga qiyin, Davronga qiyin: e’tiroz bildirayin desa, ismi yoinki ko‘rsatuv nomi aniq aytilmadi, inchunun, Obidalining bir-ikki haybarakallachisi “Gap egasini topibdi-da”, deya piching qilishlari aniq; “betimning qalini – jonimning huzuri” deb jim o‘tiraverayin desa, besh-oltita hamkasbining “biz hammasini tushundik” deganday yer ostidan bir-birlariga ma’nodor qarab, “ihm-m”lab qo‘yishlari, jonini bo‘g‘ziga keltiradi…
Xullas, shunaqangi mayda-chuyda gaplarda-ey…
Avji yoz. Odamni lohas qiladigan issiq.
Amortizator degan matohi yo‘q aravaday har chuqurga tushganda sakrab-g‘irchillab ketayotgan “Damas”da televideniyega eng yaqin joylashgan bozorga kelishdi.
Davron operatorga ishora qildi:
– Muzap, ko‘rsat hunaringni.
– Menga vazifa aniq qo‘yilmadi, – to‘ng‘illadi Muzaffar. So‘ng, Davronning ensasi qotganini ko‘rgach, izoh berdi: – Salbiy plandami, ijobiy?
Davron esladi: yaqin kelajakda bozori rosa chaqqon bo‘lib ketib, ne-ne filmlarni sahnalashtirishini bashorat qilib yuradigan bu operator, deylik, “salbiy planda” deb ko‘rsatma berilsa, yondan, tepadan, pastdan kamerasini yaqinlashtirib-uzoqlashtirib, yoritgich chiroqlarini faqat o‘zi biladigan tarzda joylashtirib suratga olar, natijada, deylik, eng hurliqo qiz ham ekranda olabo‘ji bo‘lib ko‘rinar va aksincha, “ijobiy plan”ga o‘tganida, lofi bilan aytadigan bo‘lsak, kampirni suluv qizga aylantirib yuborardi.
Davron hafsalasiz qo‘l siltadi:
– Ijobiy. Umumiy plan ko‘proq bo‘lsin.
– Yarim soatda gatop bo‘ladi, aka.
Davron soya joy izlab atrofga alangladi. Darvoza yoniga qadar sotuvchilar egallab olishgan. Kun tig‘ida, mahsulotini shundoq yerga qo‘ygan, o‘tgan-ketgan xaridorlarni baqirib-chaqirib o‘zlariga chorlayotgan xotin-xalajga qararkan, Davron beixtiyor miyig‘ida iljayib qo‘ydi: mana taraqqiyot deganlari – bir emas, bir necha sotuvchi yonida elektron tarozi turardi… Ha, ana, bozorning usti yopilgan qismi ko‘lankali ko‘rindi. Ko‘rsatuv matnini xayolida pishitayotgan Davron shu tomonga yurdi.
Bozor… O‘zbek bozori… Doimiy g‘ala-g‘ovur, to‘lib-toshgan peshtaxtalar, mahsulotlarning o‘ziga xos qorishiq isi… Uzluksiz mulozamat: “Keling, aka, keling… tatib ko‘ring…” Savdosi pishgan ikkala tomonning favqulodda mamnunligi: sotuvchi qimmatroqqa sotganidan, xaridor arzonroqqa olganidan…
Tan olish kerak, muxbir qizcha bir baloni bilarkan: dimog‘iga “gup” etib urilgan ko‘katlar aralash rayhonning o‘tkir isi Davronning dilini ravshan torttirdi.
Beixtiyor og‘zining tanobi qochgan Davron chekkaroqqa o‘tdi.
– Amaki, zira olasizmi? Urgutniki…
Elkasiga xaltacha osib olgan yigitcha uning burni tagiga bir kaft zirani yaqinlashtirib turardi. Haqiqiy ziraning haqiqiy xushbo‘yi… Boshi aylanib ketgan Davron arang bosh chayqadi:
– Rahmat, uka.
Moli yoqqanini sezgan yigitcha tirg‘alishini qo‘ymadi:
– Sizga arzon qilib beraman, amaki.
Davron bosh chayqadi:
– Hali ishga borishim kerak. – So‘ng, yigitchaning ajablanib qarab qolganini ko‘rib, tushuntirishga urindi: – Buningdan ozgina oborsam, isi butun studiyani tutib ketadi-ku.
Chaqqon yigitcha farosatligina ham ekan, darhol xaltasidan jimitday salafan xaltacha chiqardi:
– Buning yo‘li bor. Mana bunga solamiz, isi o‘zida turadi. Kechqurun uyga borganda ochasiz…
Davron buni o‘zicha tasavvur qildi: oshxonaga kiradi, salafan xaltachani ochadi va… zora… Zora ayoli tabassum qilsa… Dunyoda eng baxtsiz ota-ona – farzandni tuproqqa topshirgan ota-ona ekan. Axir… bir yarim yilcha bo‘lib qoldi, o‘sha fojiada o‘zini aybdor sanab, “Maktabiga o‘zim borib olib kelsam netardi-i…” degan iztirobli, og‘uli armon iskanjasida ich-etini yeyaverganidan ozib-to‘zib ketgan xotini Davron qaylargadir yashirib tashlagan suratlarni baribir topib oladi, ularni bag‘riga bosgancha xonadan xonaga sharpaday sassiz o‘tib yuraveradi, yuraveradi. Bir yarim yil bo‘lib qoldi, muzday uyda qabriston sukunati hukmron… Zora…
Xaridorda moyillik uyg‘onganini anglagan yigitcha ovozini pasaytirdi:
– Boshqalarga uchdan berayotgandim, mayli, sizga ikkiga roziman, amaki…
– Qo‘ymading-qo‘ymading-da.
“Amaki” cho‘ntagiga qo‘l soldi.
Davronning aniq esida: pulni berdi, salafan xaltachaga tugilgan zirani shimi cho‘ntagiga soldi, hatto shoshib burilib ketayotgan yigitchaning “Omon bo‘ling, amaki” deganini ham eshitganday bo‘ldi va… xuddi shu soniyada qulog‘i tagida:
– Bu sizga tegishlimi? – degan savol jarangladi.
Gap ohangi… U hammasini fosh etib qo‘yadi… Savol ohangida ham ijirg‘anish aralash po‘pisa va hattoki andakkina… mensimaslik borday edi. Davron yoniga qaradi. Kamerasini yelkasiga qo‘yib olgan Muzaffar baquvvat, kalta sochli, mushakdor ikki yigit o‘rtasida bo‘rilar qo‘liga tushgan quyonday shalvirabgina turardi. Qizig‘i, kun issiqligiga qaramasdan bir xilda qora futbolka kiyib olgan yigitlarning basharalari ham ikki tomchi suvday bir xil edi: aftidan, Hasan-Husan bo‘lishsa kerak.
– Ya’ni? – savolga savol bilan javob qaytardi bunaqangi muomaladan birdan kayfiyati tushgan Davron.
Hasanimi-Husanimi barmog‘ini operatorning burni tagiga olib borib, savolini takrorladi:
– Bu kishi sizga tegishlimi, deyapman?
Azaldan jahli tez, sirkasi suv ko‘tarmaydigan Davron bir amallab o‘zini bosdi, odatiga ko‘ra vaziyatni yumshatish uchun hazil qilishga urindi:
– Bu kishi menga tegishli emas… Agar menga tegishli bo‘lganida edi, kamerasini olib qolib, o‘zini ko‘tarasiga sotib yuborardim-qo‘yardim. Shundayam agar buni oladigan mard topilganida.
Yigitlar bir-biriga qarashdi: aftidan, gap mazmunini anglashmadi.
Muzaffar yordamga keldi:
– Davron aka. Bular s’yomkaga ruxsatlaring bormi, deb so‘rashyapti?
– Ruxsat? Bor! – Davron cho‘ntagidan xizmat guvohnomasini olib ko‘rsatdi. – Bo‘ldimi?
Hasanimi-Husanimi guvohnomani qo‘liga oldi, Davronning asabini battar o‘ynagan ko‘yi bir undagi suratga, bir rejissyorga qaradi, qaraganda ham shubhalanib, ishonqiramay qaradi, keyin, biroz o‘ylanib turgach, mutlaqo kutilmagan savolni berdi:
– Bu yerda bozorda s’yomka qilish mumkin, deb yozilmagan-ku?
Davron kulishini ham, yig‘lashini ham bilmay qoldi. Keyin, tishini tishiga bosgan ko‘yi, tushuntirdi:
– Men viloyat televideniyesining rejissyori bo‘laman. Televideniye! Bu yigit esa operatorim. Biz istagan paytimiz, istagan joyda, nimani xohlasak o‘shani suratga olishga haqlimiz. Endi hammasi tushunarlimi?
Davron o‘zicha “ikki karra ikki to‘rt” bo‘lishini isbotlab qo‘yganday, guvohnomasiga qo‘l cho‘zdi. Ammo o‘ylayverganidan peshonasi terlab ketgan yigit boshqacha fikrda ekan shekilli, guvohnomani qaytarib bermasdan:
– Xo‘jayinga uchrashinglar bo‘lmasa, – dedi.
Kim biladi, “televideniye” so‘zi ta’sir qildimi, yigit bu gal sal shashtidan tushib gapirdi.
Davron piching qildi:
– Xo‘jayinsiz ish bitmaydimi?
Yigit bosh chayqadi:
– Bitmaydi. Tartib shunaqa.
Ko‘krak cho‘ntagidan ruchka bilan yondaftarchasini chiqarayotgan Davron navbatdagi zarbani berdi:
– Biz-ku, o‘zimizni tanishtirdik. A, sizlar kimsizlar? Endi marhamat qilib sizlar o‘zlaringizni tanishtirsangizlar. – Gapning davomi pishak do‘qiga o‘tib ketdi: – Bizda ham tartib shunaqa. Kim ishimizga xalaqit bersa, bu haqda o‘z xo‘jayinimizga yozma hisobot berishimiz kerak. U kishi esa o‘z navbatida yuqoriga… Adashmasam, sizning ismingiz Husanjon edi, a? Familiyangiz nimaydi?
Hasanmi-Husanmi sal sergak tortdi, Davronga battar shubhalanib tikildi:
– Otimni… otimni qayerdan bilasiz?
Bu qadar go‘llikdan ta’bi tirriq bo‘lsa-da, Davron iloji boricha ma’nodor ohangda javob qaytarishga urindi, hatto molini arzonga berayotgan zira sotuvchisi kabi ovozini pasaytirdi:
– Bizga hammasi ma’lum, jigitlar…
“Jigitlar” yana bir-birlariga qarab qo‘yishdi.
– Ketdik, – dedi ulardan biri va yo‘l boshladi.
Ikkinchisi orqaga o‘tib oldi: vajohatidan jinoyatchilarning qochib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigandek…
Vaziyat g‘alati edi. Davron bilan operator shu alfozda butun bozorni kesib o‘tishdi va eshigi tepasiga “Ma’muriyat” deb yozilgan bir qavatli binoga kirishdi.
Bozorqo‘m deganlari oromkursisida o‘tiraverganidan bo‘yi pasayib, qorni qappayib qolgan bitko‘z, tepakal kishi ekan. Ammo qarashim juda o‘tkir deb ishonsa kerak yoki birov uni shunga ishontirgan, ishqilib, xuddi “Ichingda nima borligini bilaman” yoinki “…bilib olaman” deganday qattiq tikilib turaverarkan. Buni Davron salom-alikdan keyinoq his qildi.
– Xizmat?
Davron o‘zini tanishtirib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatdi. Kiprik qoqmay tikilib turgan bozorqo‘m savolini sal kengaytirib takrorladi:
– Bizdan nima xizmat?
Davron izoh berdi:
– Hech qanaqa xizmat yo‘q. Shu, bozorlar haqida ko‘rsatuv tayorlayotgandik. Shunga…
– Bizning bozor haqidami?
“G‘alcha!” degan fikr Davronning miyasiga chaqmoqday urildi. Axir o‘z og‘zi bilan “bozorlar” deb turibdi-ku.
Rejissyor o‘zini majburlab kulimsiradi:
– Yo‘g‘-e, aka. Bu umuman bozorlarimiz haqida. Ulardagi to‘kinlik-sochinlik, deganday. Ma’murchilik…
Yo‘q, hamon o‘shshayib, kiprik qoqmay turishiga qaraganda bu “g‘alcha” yo o‘zbekchani tushunmaydi, yo eshitgan gapining mazmunini anglab ololmaydi… Yigirma yillik jurnalistga hattoki o‘zini tanitishni ravo ko‘rmagan mana shunday dovdir qarshisida hisobot berayotgani uchun Davron o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketdi. Shu bois gapini keskinroq ohangda tugatdi:
– Qisqasi, ishdamiz-da, aka. Davlat ishida.
– Shunaqa… shunaqa dardlaring bor ekan, bir og‘iz ruxsat so‘rasalaring nima qilardi?
Bozorqo‘m o‘pkalayaptimi yo do‘q uryaptimi – tushunib bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, Davron har ehtimolga qarshi past tushdi:
– Uzr, xato bizdan o‘tipti. Keyingi safar albatta ruxsat so‘raymiz.
– Yuristdan so‘radim, men ruxsat berishim uchun rasmiy blankalaringda rasmiy xat olib kelishlaring kerak ekan.
Davronning bir tili qichidi, bir tili qichidi: “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida” va hattoki “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunlardan o‘zi biladigan bandlarni qalashtirib keltirib tashlab, suhbatdoshini mot qilmoqchi bo‘ldi, ammo bozorqo‘mning bo‘zrayib o‘tirishidanoq bunday so‘zamollikning befoydaligini sezdiyu, tishini tishiga bosdi:
– Albatta. Rasmiy blankada, rahbarimizning imzosi va yumaloq muhri bilan.
Shu bilan gap-so‘z tugaganday, bozorqo‘mning ismi sharifi maxfiy qolgan uchrashuv yakunlanganday tuyuldi. Rejissyor xayr-xo‘sh uchun og‘iz juftlagan mahal eshik ochilganini sezib, beixtiyor ortiga o‘girildi.
Ostonada oppoq kalta sochiga mutanosib tarzda oppoq ko‘ylagu oppoq shim kiygan, hatto oppoq qayish taqqan, biroq bu oqliklar uning qoramtir yuzini battar qoraroq qilib ko‘rsatayotgan oltmish yoshlardagi lo‘mbillagan bir kishi oppoq tishlarini namoyish etayotganday iljaygancha quchoq ochib turardi:
– Assalomu alaykum, salom-assalom, Davronjon akajon!
Davron yoshi o‘zidan anchagina katta ekanligi shundoq ko‘rinib turgan “ukajon”ini tanimadi, buning ustiga qiyofalar borasida o‘zining xotirasi sustroq ekanini tan oladi: bir ko‘rgan odamining yuzini aniq eslab qololmaydi, shu bois, har ehtimolga qarshi o‘rnidan turdi, osmondan tushganday paydo bo‘lib qolgan bu odamga noqulay bo‘lmaslik uchun quchog‘ini ochdi.
Darhaqiqat, “ukajon” yaqin tanish-bilishlardan shekilli, astoydil achomlashib ko‘rishdi, Davronning belini qattiq siqib ham qo‘ydi.
– Uchrashadigan kunimiz ham bor ekan-ku, akajon! Faqat ko‘rsatuvlaringizni tomosha qilamiz, oxirida familiyangizni o‘qiymiz. To‘y-ma’rakalarda uzoqdan ko‘rib qolardim-u, “Shu odam bilan bir gurunglashsam”, deb yurardim, qarang, bugun uydan Xudo deb chiqqan ekanman…
Maqtov… kimga yoqmaydi. Ayniqsa o‘zingga xalq dushmaniga qaraganday o‘qrayib qarab turgan bozorqo‘mning yonida bunday gaplarni eshitish… Davronning ham yetmish ikki tomiri bo‘shashganday bo‘ldi, lab-lunjini yig‘ishtirib olishga uringancha:
– Ha, endi… – deya oldi.
Hamon kutilmagan bu uchrashuv hayajonidan ko‘zlari chaqnab turgan oq libos muxlis hammasini tushunganday rejissyorning yelkasiga qoqib qo‘ydi:
– Kamtarsiz-da, akajon, kamtarsiz. Qani, o‘tiraylik.
O‘tirdilar. Yangi mehmon uzundan-uzoq duo qildi, so‘ng hol-ahvol so‘rashishga o‘tildi.
– …To‘g‘risi, Davronjon akajon, sizni ko‘rib boshim osmonga yetdi. Tuya so‘yib chaqirsak ham kelishga fursati yo‘q odam, o‘z oyog‘i bilan kelib o‘tirsa-ya. Xo‘sh, bizdan nima xizmat, akajon?
Tuya so‘yib chaqirishsa ham kelolmaydigan odam vaziyatni tushunolmay, biroz garang bo‘ldi: bu oq libosli odamning bozorga biron aloqasi bormikan? Umuman, bu yerda o‘zini tanishtirmaslik urf shekilli. Shungami, rejissyor mujmalroq javob qaytardi:
– Shu… xizmatchilik. – So‘ng har ehtimolga qarshi qo‘shib qo‘ydi: – O‘zingiz tushunasiz-ku.
Oq libosli odam televideniyening butun sir-asrorini biladigan mardumday ishonch bilan bosh irg‘adi:
– Tushunamiz, albatta tushunamiz!
Xonaga sukunat cho‘kdi. Ikki birday odam o‘ziga “Maqsadga o‘taver” deganday sinchkov qarab turganini ko‘rgan Davron o‘ng‘aysiz ahvolda qoldi: baayni, nimanidir biladi-yu, shuni yashirayotganday.
Axiyri bozorqo‘m po‘ng‘illadi:
– Bu kishi bizning yurist.
– Rahbarovman, – darhol o‘zini tanishtirdi huquqshunos. So‘ng rejissyorga sinovchan tikilib, takrorladi: – Rahbarov.
– Yaxshi, – dedi Davron. So‘ng, har ehtimolga qarshi, odob yuzasidan qo‘shib qo‘ydi: – Eshitgandayman.
Mamnunlikdan huquqshunosning yuzi yorishib ketganday bo‘ldi.
– Eshitgansiz, akajon, eshitgansiz. Albatta eshitgansiz. Hoziram menga qiziqib qarab turganingizdan buni bilyapman. – Rahbarov g‘urur ila ko‘kragini kerdi: – Adashmadingiz, men o‘sha sudyaman.
Davron harchand urinib ko‘rdi, biroq “o‘sha sudya”ni eslolmadi. Kim biladi, balki biron mafiya-pafiyani sud qilib tilga tushgandir-u, jurnalistlar televideniyeda ko‘kka ko‘tarib maqtashgandir, ishi bilan band Davron esa bunday olamshumul voqeadan bexabar qolgandir.
Rejissyorning peshonasi tirishayotganini ko‘rgan bozorqo‘m ko‘makka keldi, ammo odatiga ko‘ra yalang‘och bepisandlik bilan g‘udranib qo‘ydi:
– Qoziligida bir qop bug‘doyga o‘n ikki yil bergan bu…
– Hecham bir qop emas-da, hecham bir qop emas-da! – qizg‘in e’tiroz bildirdi Rahbarov.
Bozorqo‘m saxovat ko‘rsatdi:
– Ha, ana, ikki qop.
Biroq bu miqdor ham Rahbarovni qanoatlantirmadi:
– Hecham ikki qop emas-da. O‘ta katta miqdorda edi.
Bozorqo‘m endi huqushunosini mayna qilishga o‘tdi:
– Ol-a…
Tayyor turgan ekanmi, cho‘ntagidan qog‘oz-ruchka olgan Rahbarov butun e’tiborini gap nima haqida ketayoganini tushunmasdan, garangsib turgan rejissyorga qaratdi:
– Davronjon akajon! Sizga hozir hammasini tushuntirib beraman. Boshidan boshlayman. “Ziynat” jamoa xo‘jaligida istiqomat qiladigan, vaqtincha ishsiz fuqaro Mahmadaliyev iyul oyi tunlaridan birida xo‘jalik hududida joylashgan elevatorga, ya’ni g‘alla omboriga don olib ketayotgan, e’tibor bering, yurib ketayotgan traktorning tirkama vositasi, ya’ni telejkasiga g‘araz maqsadda, qasddan, oldindan belgilangan bosqinchilik rejasi asosida chiqib olib, qo‘ynidagi qopni g‘allaga to‘ldirib, pastga tashlagan mahal hushyor militsiya xodimlari tomonidan daliliy ashyo bilan qo‘lga olinadi. Kamina raislik qilgan sud jarayonida ayblanuvchi mahallasidan ijobiy tavsifnoma keltirdi, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatishga urindi. Nima emish, bola-chaqasi och qolganligi uchun shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgan emish, o‘g‘irlikka birinchi marta chiqqan emish, bor-yo‘g‘i bir qop bug‘doy olmoqchi bo‘lgan emish… Xullas, shunaqa gaplar-da. Shartta o‘rnimda turdim-u, “Bunaqa cho‘pchaklaringni enangga ayt, Mahmadaliyev! Sen davlat mulkini katta miqdorda o‘g‘irlagan ashaddiy retsidivistsan!” dedim. Advokati e’tiroz bildirmoqchiydi, to‘rt soniyada gapimni isbotlab tashladim… Mana bunday. Qarang, bir qop bug‘doy yetmish kilo keladi.
Bozorqo‘m piching qildi:
– Nima, u qopni shoshmasdan to‘ldirib, erinmasdan og‘zini boylab, keyin tashlabdimi? Solsa o‘n kilo solgandiru pastga otgan…
– Yo‘q, yo‘q, – ayyorona bosh chayqadi sobiq qozi. – Siz amaliyotni gapirayapsiz. Nazariyaga ko‘ra esa bir qopga shuncha bug‘doy ketadi. Xo‘sh, ayblanuvchi har kuni bir qopdan g‘alla o‘g‘irlagan deb hisoblaymiz-da, yetmishni uch yuz oltmish beshga ko‘paytiramiz. Demak, bir yilda u kamida yigirma besh ming besh yuz ellik kilo bug‘doyni o‘g‘irlab, o‘z shaxsiy ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yuborgan bo‘lib chiqadi.
Bozorqo‘m pixillab kuldi:
– G‘alla bir yarim oy, nari borsa ikki oy tashiladi.
– Siz amaliyotni gapiryapsiz-da, akaginam, – qizg‘in e’tiroz bildirdi o‘z-o‘zidan zavqlanib ketayotgan Rahbarov. – Men esa masalaning nazariy jihatlariga ko‘proq e’tibor qarataman… Demak, ayblanuvchi bir yilda yigirma besh tonnadan ko‘proq g‘allani gum qilgan bo‘lib chiqyaptimi? Endi bu miqdorni beshga ko‘paytiramiz.
Ma’ruzadagi chuqur mantiqni ilg‘ab olishga harakat qilayotgan rejissyor hayron bo‘ldi, beixtiyor:
– Nega? – deb yubordi.
Sobiq qozi bajonidil huquqiy tushuncha berdi:
– Chunki xo‘jalik hududidagi elevator besh yildan beri ishlab kelayotgandi-da.
Rejissyor nimanidir tushunganday bo‘ldi:
– Demak fuqaro…
Uning chaynalib qolganini ko‘rgan Rahbarov ko‘makka keldi:
– Fuqaro Mahmadaliyev.
– …o‘sha odam… elevator ochilganidan beri har kuni o‘g‘irlikka borgan bo‘lib chiqadimi?
– Ha, har kuni, biror kun kanda qilmasdan! Aytdim-ku, men masalaga nazariy jihatdan qarayman. Xullas, mening hisoblarimga ko‘ra besh yil ichida u jami bir yuz yigirma yetti ming yetti yuz ellik ming kilo bug‘doy o‘g‘irlagan bo‘lib chiqdi. Bunga, tabiiyki, aniqlik uchun yana yetmish kilo qo‘shdim.
– Unisi nega? – ajablanib so‘radi Davron.
– Qanaqasiga nega? – rejissyordan battar hayron qoldi Rahbarov. – Axir biz qamrab olgan besh yilning ichida bittasi kabisa yili-ku. Ya’ni 29 fevral, yil uch yuz oltmish besh emas, uch yuz oltmish olti kun.
– Ha…
– Shunaqa. Ishqilib, jami o‘g‘irlik bir yuz yigirma yetti tonnayu sakkiz yuz yigirma kilo chiqdi. Raqam aniq esimda. Bu nima degani? Bu ikki yirik fermer xo‘jaligining yillik hosili, baland xirmoni. O‘zingiz ayting, bu katta miqdordagi o‘g‘irlik emasmi? Davlat mulkini, xalq mulkini talon-taroj qilish emasmi? Axir shunday ko‘rinib turibdi-ku… Bu hali faqat bitta ayblanuvchining jinoyati. Men uning kamida yana ikkita sherigi bo‘lgan deb ishonaman. Bular jinoiy guruh bo‘lib, oldindan til biriktirib qilishgan bu ishlarni. Haliyam maydalashib o‘tirmadim, tergovda shaxsi aniqlanmagan sheriklaringni ayt, deb ayblanuvchini qisti-bastiga olmadim, ishni qayta tergovga yubormadim, yetkazilgan zararni uchga ko‘paytirmadim. Vaholanki, sheriging uchta emas, kamida beshta bo‘lgan deb turib olishim ham mumkin edi-ku. Beshta-ya! Hayron qolishingiz mumkin, lekin qora kursida o‘tirgan bandaga rahm qildim… O‘shanda bularning hammasini hisoblab ko‘rsatgandim, ayblanuvchining ko‘zi peshonasiga chiqib ketib, gapirolmayam qoldi. Advokati undan battar… Xullasi kalom, Davronjon akajon, – sobiq qozi kaftlarini bir-biriga qarsillatib urdi, – men o‘g‘irlikning o‘ta katta miqdorda ekanligini hisobga olgan holda aybdorga o‘n ikki yil berdim, bir yuz yigirma yetti tonnayu sakkiz yuz yigirma kilo oliy nav bug‘doyning haqini davlat g‘aznasiga to‘lash sharti bilan, albatta. Buni eshitib atigi uch yil so‘rab turgan prokuroram tildan qoldi deng… Xullas, eng asosiysi, Davronjon akajon, hisob-kitoblarim to‘g‘ri ekanki, prokuror protest keltirmadi, jinoyatchining o‘zi apellyatsiyaga ariza bermadi. Eshitishimcha, mahbusimiz o‘sha yoqlarda kasalga chalinib, olti oy ichida o‘lib ketibdi. O‘zi suddayam rangi sarg‘ayib o‘tirgandi. Uch-to‘rt yil chidab turganida amnistiyaga ilinib qolarmidi… Mayli, bu mening ishim emas. Men o‘z vazifamni bajardim. Lekin, shundan keyin deng, akajon, bir-ikki hamkasblarim menga ola qaraydigan bo‘lib qolishdi. Bilasiz-ku, bizning sohada kim ko‘p – muvaffaqiyatingni ko‘rolmaydiganlar ko‘p. Shunaqalar u qilishdi, bu qilishdi, oxiri yoshim yetganligini ro‘kach qilib, meni pensiyaga chiqishga majbur etishdi. Bo‘lmasa yana ancha yillar xalqqa xizmat qilishga qurbim yetardi… Haliyam, shukrki, bilimi, tajribasi bor odam ko‘chada qolmas ekan, mana, necha yilki, – qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan sobiq qozi qisiq ko‘zlari battar qisilgancha, birov arpasini xom o‘rganday o‘shshayib o‘tirgan bozorqo‘mga ehtirom ila nim egildi, – akamizning sharofati bilan bozorchada oddiygina huquqshunos sifatida rizqimizni terib yeb yuribmiz. Ming qatla shukr. Shunday buyuk qalbli insonlarning boriga shukr.
“Buyuk qalbli inson”ning bir tuki ham qilt etmaganiga, hatto yo‘liga maqtovni rad etib qo‘ymaganiga qaraganda, bunday xushomadlarni ko‘p eshitgan, eshitaverib, eti ham o‘lib bo‘lgan.
– O‘shandan keyin, – deya gapida davom etdi Rahbarov, – o‘shandan keyin, xafa bo‘lmang-u, Davronjon akajon, sizga o‘xshagan ziyolilardan ancha-munchasi xuddi men yeb, ular quruq qolganday menga olayib qaraydigan bo‘lishdi. Vaholanki, aslini olganda men o‘sha hukm bilan jamiyatga, davlatga juda katta foyda keltirdim, Davronjon akajon, juda katta foyda! Hatto buning uchun menga orden berishsayam arzirdi!
Halidan buyon bir qop g‘alla uchun shuncha yilga qamalib ketgan sho‘rlikni o‘ylab, ichida sobiq qozini yomon ko‘rib o‘tirgan Davron beixtiyor:
– Yo‘g‘-e, – deb yubordi.
– Ha-da! – hovliqdi sobiq qozi. – Atay tekshirib ko‘rdim, mening hukmimdan keyingi besh yil ichida nainki “Ziynat” jamoa xo‘jaligidan, balki yon-atrofdagi xo‘jaliklardan ham biron fuqaro, e’tibor bering, biron fuqaro don o‘g‘irlashga bormagan! Bor-ma-gan! Xo‘sh, nima uchun?
– Qo‘rqishgandir-da, – taxmin qildi rejissyor.
– Bu ikkinchi sabab. Birinchi sabab xo‘jaliklar ahli har qanday jinoyat uchun jazoning muqarrarligini, jinoyatning katta-kichigi bo‘lmasligini tushunib yetganida. Ongli ravishda tushunib yetganida!
– Ko‘z oldilarida jonli misol turganidan keyin, albatta tushunib yetishadi-da…
Rahbarov battar jo‘shdi:
– Piching qilmang, Davronjon akajon, piching qilmang! Undan ko‘ra ochiq tan oling: men g‘alaba qildim! Men, yakka o‘zim, bitta hukm bilan katta hududdagi o‘g‘irlikni tag-tugi bilan, ildizi bilan yo‘q qildim. Men shunga erishdim! To‘g‘ri, qattiqqo‘llik qildim, ammo bundan boshqa ilojim yo‘q edi, yarani ham kesib davolaydilar, akajon, ko‘zyoshi to‘kib emas. Men ham sizlar singari o‘sha bandaga achinsam, qo‘shilishib ho‘ngrab o‘tirsam, sud zalidan ozod qilib yuborsam bo‘lardi. Ammo men bunday qilmadim, chunki bu bilan o‘sha yaraning gazak olishiga sababchi bo‘lardim, ma’lum ma’noda bo‘lg‘usi o‘g‘rilarning sherigiga aylanardim! Men, qaytarib aytaman, yakka o‘zim, ko‘ksimni qalqon qilib jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashdek burchimga sodiq qoldim!
Davronning tili qichidi:
– Nimaning evaziga?
Sobiq qozining ko‘zlari chaqnab ketdi.
– Ha, yashang, mana endi dilingizdagi tilingizga chiqdi! To‘g‘ri, qurbonlik keltirildi, lekin bu o‘nlab, yuzlab, balki minglab qurbonlarning oldini oldi. Aslida shunday-ku, Davronjon akajon, mard bo‘lib tan oling-da! Sizlar bo‘lsa – ko‘r hassaga yopishganday – meni yomonotliq qilish uchun faqat ikkinchi sababga yopishib olgansizlar. To‘g‘ri, odamlar cho‘chib qolishdi. Lekin busiz ham mumkin emas-da. – Rahbarov stolni qarsillatib urdi: – Jamiyatda shunday tushunchalar borki, ular fuqaro miyasiga faqat qo‘rquv orqali, majburlab kiritiladi, boshqa yo‘l yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas! Qo‘rqmagan odam – xavfli odam. Qo‘rqqan odam – qonunga itoat qiladigan odam. Mana asl haqiqat!.. Bunga e’tiroz bildirib ko‘ring-chi…
Rejissyor qarshisida o‘zining mutlaqo haqligiga yuz foiz ishonib turgan Rahbarovga e’tiroz bildirish foydasiz ekanligini anglab, ming‘irlab qo‘ya qoldi:
– Bu masalada har kimning o‘z haqiqati bor…
Sobiq qozi qizg‘in e’tiroz bildirdi:
– Aslo bunday emas! Haqiqat bitta va u men tomonda!
Shundan keyin yana nima deyish mumkin. Davron ham tilini tishladi.
Xonaga yana sukunat cho‘kdi. Yana ikki juft ko‘z o‘ziga baqrayib tikilib turganini ko‘rgan Davron bu o‘xshovsiz tomoshaga barham berishga qaror qilib, o‘rnidan qo‘zg‘alib qo‘ydi:
– Rahmat, akalar. Endi ruxsatlaringiz bilan biz tursak.
Rejissyorning nazarida rahbar bilan huquqshunos ko‘z urishtirib olishganday bo‘ldi, ammo qo‘llarini keng yoygancha o‘rnidan turgan Rahbarovning gap ohangi samimiy edi:
– Davronjon akajon! Bu nima deganingiz? Bir bahonai sabab kep qopsiz-u, hali ikki og‘iz chaqchaqlashib ulgurmasimizdan ketamanga tushasizmi? Aslo va aslo! O‘zbekchiligimiz qayda qoldi? Bir piyolagina choyimizni ichmasingizdan burun sizga javob yo‘q, akajon! Aytib qo‘yay, shunday ketib qoladigan bo‘lsangiz, biz o‘zimizni kechirmaymiz!
Davron chin dildan qarorini asoslashga urindi:
– Rahmat. Lekin ish… Hali montaj bor, diktor matnini o‘qitish…
– E, – beparvo qo‘l siltadi sobiq qozi, – ish qochib ketarmidi? Kerak bo‘lsa Obidali akamning o‘zlarini shu yerga chaqiramiz, bo‘ladimi? Bir og‘iz taklif qilsak bas, yetib keladilar.
Rahbarining ismini eshitgan Davron seskanib ketdi. Qachondan beri Obidali bu huquqshunosning “akasi”ga aylanib qoldi? Xotirjam tilga olishiga qaraganda bir balosi borga o‘xshaydi… Demak, ertaroq ketish kerak. Agar bu bachchag‘arning aytgani chin bo‘lib, Obidali kirib kelsami, tamom, ana keyin ko‘ring tomoshani: ish paytida ko‘rsatuv qahramonlari bilan choylashib o‘tirgan Davronning sho‘riga sho‘rva to‘kilishi aniq.
Rejissyorning bezovtalanib qolganini o‘zicha tushundimi, Rahbarov keyingi savolini sal gumonsiragan ohangda berdi:
– O‘zi bu yerga kelishingizdan Obidali akamlarning xabarlari bormidi?
Davron aniq javobdan o‘zini olib qochdi:
– Umuman olganda, u kishi bizga umumiy rahbarlik qiladilar… Shu ma’noda har bir ijodiy xodim s’yomkaga borish uchun u kishidan ruxsat olishi shart emas…
– Shart emas bo‘lsa shart emas-da, akajon! – ko‘tarinki kayfiyatda yana kaftlarini bir-biriga urdi sobiq qozi. – Keling endi, qirq yilda bir eshak o‘yin, deydilar-ku, bizam bir yayrab o‘tiraylik…
Eshik ochilib, Hasan-Husanlar yegulik-ichimliklar, gazaklar to‘la ikki patnis ko‘tarib kirishgandi, xonani ishtaha qo‘zg‘ar kabob isi tutdi. Egizaklar patnislarni stolga qo‘yayotgan mahal shishalar shiqirlab ketdi. Terlabgina turgan xorij aroqlarini ko‘rgan Davronning peshonasiga sovuq ter toshdi.
– Men rostdanam ketmasam bo‘lmaydi, aka, – deya o‘rnidan turish asnosida endi u bozorqo‘mga murojaat qildi.
Javobni esa yana Rahbarovdan eshitdi:
– Vaqti soati yetib, hammamizam ketamiz, shuning uchun shoshilishning hojati yo‘q, akajon. Vah-hah-ha!
Sobiq qozi o‘zi gapirib o‘zi kuldi, bozorqo‘m hatto tishining oqini ham ko‘rsatib qo‘ymadi. Birdan jiddiy tortgan sobiq qozi rejissyorni avray boshladi:
– Yigitlaringiz qo‘shni xonada. Keling, hech bo‘lmasa o‘shalarning bir piyola choyni halollab ichishiga, aniqrog‘i zakaz somsa yeb olishiga xalaqit bermaylik, akajon. Undan keyin, qaysi o‘zbekning uyiga kelgan qo‘noq hech bo‘lmasa bir burda non yemasdan ketadi, a? Gde musulmonchilik?
Davron noiloj joyiga qaytib o‘tirdi. Shuni kutib turganday bozorqo‘m o‘rnidan turdi:
– Qo‘l yuvib kelay…
– Bemalol, – deya rahbariga izn berdi huquqshunos. – Biz bu yerda akamiz bilan boshlab turamiz. Siz keyin yetib olasiz.
– Xo‘p, – deya to‘ng‘illab qo‘ydi kabinetdan chiqayotgan mahal bozorqo‘m.
Shunda Davron ko‘rdi: chindanam rahbar kaltabaqay edi, ko‘pchib turgan qorni uni battar pastak ko‘rsatardi, baayni poldan o‘sib chiqqan mavjudot…
Rahbarov shoshib choy qaytardi, non ushatdi, bir piyola choy uzatdi, tinmay “oling-oling”lab manzirat qilish asnosida shishalardan biriga qo‘l cho‘zgandi, Davron uni to‘xtatdi.
– Ishdaman, aka.
Bu zalvorli dastak sobiq qozini ajablantirdi:
– Nima qipti? Bizam davlat ishida ishlaganmiz, lekin bu zormandani hech xafa qildirib qo‘ymasdik.
– Endi bizda talab boshqacharoq…
Huquqshunos yana beparvo qo‘l siltadi:
– Talabni kim qo‘yadi? Obidali akammi? Yo, bir og‘iz aytib qo‘yaymi?
– Shart emas! – jon holatda e’tiroz bildirdi Rahbarovning oq qayishiga osilgan telefon g‘ilofiga qo‘l cho‘zayotganini ko‘rgan Davron.
– Zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q, ukajon. Unda, mana, kabobga qarang. Ruxsatingiz bilan, Davronjon akajon, – huquqshunos shishaga ishora qildi, – o‘zimga ozgina, a, yigirma gramm…
– E, siz bemalol, aka, menga qaramang.
– Rahmat-e. Siz borsiz – biz bormiz-da…
Sobiq qozi negadir ikkita qadahga to‘ldirib aroq quydi va birin-ketin ikkalasini ham “oq” qilib ichgach, ko‘zlari yoshlangancha “oh-oh”lab gazakka yopishdi va nogoh, chapillatib sabzi chaynashdan to‘xtadi-da, rejissyorga bir qultum ham ichmagan odamday o‘ta jiddiy, hattoki sinovchan tikildi:
– Davronjon akajon, biz kap-katta odamlarmiz, “sichqon-mushuk” o‘yini bizga to‘g‘ri kelmaydi. Keling, erkakcha gaplashib olamiz. Va’da beraman, gap shu yerda qoladi, ko‘chaga chiqmaydi.
Davron endi qo‘liga olgan sixni likopchaga qaytarib qo‘yib, huquqshunosga ajablanib qaradi:
– Tushunmadim.
– Kabinetda kamera yo‘q, tekshirib ko‘rishingiz mumkin, – atrofga alangladi Rahbarov. – Yo‘q. Ovozingizni yozib ham olmayapman. Ishonmasangiz, telefonimni o‘zingizga berib qo‘yaman. Bularni aytayotganimning sababi, bizga to‘la ishonsangiz bo‘ladi. Biz o‘z gapiga javob beradigan odamlarmiz. Sizdan bittagina o‘tinchimiz: haqiqatni ayting.
Davronning nazarida sobiq qozi qandaydir o‘yin o‘ynayotganday edi, hozir imo-ishoralarga to‘la, sirli gaplarini tugatadi-da, “Aha, bopladimmi!” deya “vah-hah-ha”lab kulib yuboradi. Rejissyor o‘zini bu masxarabozlikka qo‘shilganday tutdi:
– Ya’ni, aka?
Rahbarov ovozini pasaytirdi:
– Ya’ni bizga o‘sha odamning otini aytsangiz yetarli.
– Qaysi odamning?
– Buyurtmachining.
– Qaysi buyurtmachining?
Mehmon o‘zini mayna qilayotganidan ozor chekkan mezbonday, huquqshunosning yuzi qayg‘uli tus oldi:
– Davronjon akajon, o‘zingizdan katta odamni ahmoq qilish yaxshi emas.
– Lekin men rostdanam kimni aytayotganingizni bilmayapman, aka? Qanaqa buyurtmachi? U nimani menga buyurtma qilgan? Bunday tushuntirib gapiring-da, Rahbarov aka.
Huquqshunos iljaydi:
– Men o‘ylagandan ko‘ra ancha ayyor ekansiz… Ha, mayli, ochiq savdoga o‘tamiz. U qancha bermoqchi? Biz ikki barobar to‘laymiz.
Rejissyor o‘zi hazil-huzil deb o‘ylagan narsa jiddiylashib borayotganligini taxmin qilib, hushyor tortdi:
– Rostini aytsam, aka, nima deyayotganingizni umuman anglamadim. Lekin baribir yaxshi o‘tirdik. Endi tursam. Mehmondorchilik uchun rahmat.
Rahbarov mehmonga sinchkov tikildi:
– Demak, aytmaysiz?
G‘azabdan Davronning “dod” deb yuborishiga bir bahya qoldi:
– Nimani aytishim kerak edi?
Mezbon “o‘yin”ni boshidan boshladi:
– Buyurtmachini.
Kalta-kalta nafas ola boshlagan, bo‘yin tomiri o‘qlog‘day bo‘rtib chiqqan Davron bir amallab o‘zini bosdi, so‘ng, iloji boricha xotirjamlik bilan gapirishga urindi:
– Endi… endi ketsam degandim.
Huquqshunos eshik tomonga qaradi, xuddi shuni kutib turganday, eshik sassiz ochildi va xonaga semiz g‘ozga o‘xshab lapanglab kirib kelgan bozorqo‘m qo‘lidagi jajji telefon apparatini rejissyorga tutdi:
– So‘rashyapti.
Bir paytlar “uning magnit to‘lqinlari kasalliklar manbai… miya funktsiyalarini ishdan chiqaradi” deb o‘qigani uchunmi, o‘zi sira qo‘l telefoni olib yurmaydigan, uydayam undan foydalanmaydigan Davron hayron bo‘lib apparatni qo‘liga oldi, qulog‘iga yaqinlashtirdi:
– Eshitaman.
U tarafdan… Obidalining darg‘azab ovozi eshitildi:
– Davron?!
– Ha, men… – deya oldi negadir yuragi uvishib ketgan rejissyor.
– Pishirib qo‘yibdimi sizga u yerda? Nega o‘zboshimchalik qilib, har joyga burningizni suqaverasiz, a? Yo nima, meni ko‘mib kelganmisiz?
– Yo‘g‘-e…
– Bo‘lmasa bir og‘iz ruxsat so‘rasangiz, nima, o‘lib qolasizmi? Menam bu yerda pashsha qo‘rib o‘tirmagandirman, qayerga borish, qayerga bormaslik kerakligini bilsam kerak…
– Obidali aka, – tushuntirishga urindi Davron, – men shunchaki bozorni s’yomka qildirib ketmoqchiydim, xolos.
– Nega?
– Ko‘rsatuvga-da. Matn o‘qilayotganida…
Obidali jahl bilan uning gapini bo‘ldi:
– Boshqa bozor qurib qolganmidi senlarga? Taglaringga mashina berib qo‘ygan bo‘lsam…
Bozorqo‘mning Obidaliga yaqinligini taxmin qilgan Davron hammasini boshidan tushuntirmoqchi bo‘ldi, ya’niki bu bozor studiyaga eng yaqin bo‘lganligi uchun tanlandi, ijodiy guruhda ham, shaxsan o‘zida ham boshqa maqsad yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Ammo ulgurolmadi.
– Endi o‘zingiz pishirgan oshni o‘zingiz iching! – bo‘kirdi Obidali. – Uzr so‘rang, diskni bering, eng muhimi, hech kimni xafa qilmasdan, ishxonamizning obro‘sini tushirmasdan chiqib keting. Keyin oldimga kelib, tushuntirish xati yozib berasiz: kim sizni u yoqqa yubordi va nima maqsadda? Urib berishingiz uchun qancha va’da qilishdi?.. Tamom!
Obidali go‘shakni “taq” etkazib qo‘ydi hamki, Davron garangsigan ahvolda telefonni qulog‘iga tutib turaverdi. Illo u bir narsani sira anglab yetmayotgandi: kimdan uzr so‘rashi kerak, qaysi gunohi uchun? U o‘zi nima noto‘g‘ri ish qildi? Aybi ko‘rsatuv chiroyli chiqsin deya kuyib-pishib ishlayotganimi. Yo‘qsa zarilmidi unga shu yoshida issiqda terga ko‘milib lo‘killab yurish…
Bozorqo‘m anchayin takallufsizlik bilan telefon apparatini Davronning qo‘lidan oldi va indamasdan chiqib ketdi. Dardi dunyosi qorong‘i rejissyor noma’lum nuqtaga tikilib qolaverdi.
Sobiq qozi ohista yo‘taldi. Ana shunda… ana shunda kuppa-kunduzi tuhmatga qolgan Davronning ichida bir g‘alayon uyg‘onib kela boshladi: bu nima degan gap axir, qachon, qay mahal birovning buyurtmasi bilan ko‘rsatuv tayyorlabdi; qachon, kimni “urib beribdi”; qachon, kimdan bu xizmati uchun haq, ya’ni pora olibdi?.. To‘g‘ri, televideniye katta dargoh, elchilik deganday, Davron shunaqangi uchar hamkasblari haqida bir-ikki eshitgani bor, ammo Xudo shohid, mana, necha yildan beri ishlab kelayapti, biron marta birovning qo‘liga qaramagan, birovdan bir so‘m olmagan. Tan oladi, suratga tushirishga chiqqan mahallari guruhi bilan bir piyola choy ichgan joylari bor, aks holda mezbonlar astoydil xafa bo‘lib qolishardi, ammo… ammo birovning nog‘orasiga o‘ynamagan, oilasiga harom pul yegizmagan… Yo rab, kammidi o‘zi avvalgi yilning fojiasi, endi boshiga bunday tuhmat toshlarini yog‘dirishdan murodlari ne bularning? Ustiga-ustak, ayblovning naqadar mantiqsizligi shundoqqina ko‘rinib turibdi-ku: bozorlar maqtalgan ko‘rsatuv uchun manzilsiz namoyish bo‘lsa…
Ko‘z oldi qorong‘ilashib ketayotgan Davronning yuragi hapriqib, ko‘ksiga sig‘may qolayotgandek edi. U og‘zini kappa-kappa ochib, og‘ir nafas olar, vujudidagi titroqni sira to‘xtatolmasdi.
Huqushunos hammasini tushunganday achinib bosh chayqab qo‘ydi va hali-hamon terlabgina turgan, suv tomchilari ko‘zyoshlari kabi oqayotgan shishaga ishora qildi.
– Qu… quying-e! – deb yubordi Davron.
Rahbarov odatiga ko‘ra ikkita qadahni to‘ldirib quydi va ularni rejissyorning oldiga surdi.
…Birinchi qadah tomoqdan boshlab ichaklarni lovullatib o‘tib ketgan bo‘lsa, ikkinchi qadah miyasidan to oyog‘ining uchiga qadar jimirlatib yubordi. Ta’miyam g‘alatiroq… Bir yarim yildan buyon ichmay yurgan Davron tili karaxtlashayotganini sezdi.
– Rahbarov aka… uzr… biz bilmasdan… egasi bor hududga kelib qolibmiz… Ayb bizdan o‘tdi. Diskni olib qolishlaring mumkin. Uzr… Endi bizga javob.
Rejissyorga masxaromuz qarab turgan huquqshunos so‘radi:
– Bo‘ldimi?
– Agar bu yetmasa, shaxsan bozorqo‘mingizdan ham uzr so‘rashim mumkin.
– Shart emas. Faqat eslatib qo‘ymoqchiydimki, xo‘jayin sizdan uzr emas, ism-familiya talab qilgandi.
Davron negadir bunaqa talab bo‘lganligini eslolmadi:
– Qanaqa ism? Qanaqa familiya?
Huqushunos so‘zlarni dona-dona qilib takrorladi:
– Buyurtmachining ism-familiyasi.
– E-ey, yana shu mag‘zava gapmi? – tutaqib ketdi Davron. – Bo‘ldi-da endi. Hammangiz tentak-pentak bo‘lmagansizlarmi mabodo?
Rahbarov iljaydi:
– Xuddi shu gapni o‘zingizga nisbatan ishlatib ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi, akajon. Chunki siz ishingiz, kelajagingiz, obro‘yingiz – hamma-hammasidan bir buyurtmachining uch-to‘rt tangasini avlo ko‘ryapsiz.
Davronning ko‘zlariga qon to‘ldi:
– O‘zimni o‘zim so‘yib tashlasam, gapim chinligiga ishonasizlarmi, a?
Huquqshunos pinak buzmadi:
– Xarakiri sizning aybdor ekanligingizni bilvosita isbotlaydi, xolos.
Shu so‘zlarni aytgach, Rahbarov yangi shishani ochdi, yana ikkita qadahga to‘ldirib quydi, bu safar birini o‘zi oldi, ikkinchisini mehmon tomon surdi.
– Qani, oldik, aka.
Davron bosh chayqadi:
– Menga yetadi. Hali ishga borishim, rahbarimga tushuntirish xati yozib berishim kerak.
– O‘zingiz bilasiz. Mayli, aka, ketishingiz oldidan oxirgi marta so‘rayman: kim u?
– Uf-f… – Rejissyor yaroq izlaganday atrofga alangladi. – O‘zimni o‘ldirishim aybdorligimni bilvosita isbotlasa, yaxshisi, sizni bo‘g‘izlab qo‘yib qo‘ya qolay.
Huquqshunos yana pinak buzmadi:
– Bu aybdorligingizni bevosita isbotlaydi.
Rejissyor uf tortdi:
– Unda o‘zim bilan birga bitta bomba olib kelsam yaxshi bo‘larkan. Bevosita, bilvosita deb o‘tirmasdan, bira to‘la…
Rahbarov bosh irg‘adi:
– Bu yaxshi fikr, ammo endi iloji yo‘q-da. Xullas, Davronjon akajon, hayotda shunaqangi g‘alati vaziyatlar bo‘ladiki, unda sizning aybdor yoki aybdor emasligingizning uch pullik ahamiyati qolmaydi: javob berishingiz shart! Boshqa yo‘l yo‘q!
Rejissyor huquqshunosga o‘qrayib qaradi:
– Meni qo‘rqitmoqchimisiz?
– Aslo va aslo, akajon! Men o‘zingiz tushib qolgan vaziyatni tushuntirishga urinyapman, xolos.
– Men hech qanaqangi vaziyatga tushib qolganim yo‘q, ishimni halol bajaryapman. O‘zlaringizning ayblaringiz bor bo‘lsa kerakki, hech gapdan hech gap yo‘q, eldan burun vahima ko‘tarib, oyoqlaringiz qaltirayapti.
– Ana endi tilingiz yechilyapti. To‘g‘ri, aybimiz bor, buni yashirmayman. Ammo yana bir narsani unutmang, qadrli Davronjon akajon, biz kunlik patta tushumining ellik fozini o‘zimizda qoldirayotgan bo‘lsak, o‘sha sizga buyurtma berganlar kamida sakson foizini olib qolishyapti. Bu bir. Ikkinchidan, o‘tgan yilgi yong‘in, do‘konlarning qayta sotilishiga kelsak…
– Bularning menga qizig‘i yo‘q!
– Shunaqami? Bo‘pti, bo‘lmasa asosiy gapga o‘tamiz. Ularning asl maqsadi bir amallab bizning xo‘jayinni ishdan bo‘shatib, bu bozorniyam egallab olish. Ana undan keyin ularning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladi, oqib kelib yotgan pulni o‘zlari bo‘lishib olaverishadi. Endi kimlarning nog‘orasiga o‘ynayotganingizni tushungandirsiz?
– E’tiboringiz uchun, Rahbarov aka, men o‘yinchi emasman, rejissyorman.
– Unda nega xodimlarimizga “Bizga hammasi ma’lum, yigitlar”, deb do‘q urdingiz. Narxingizni oshirmoqchi bo‘lgansiz, to‘g‘rimi? Shunday bo‘lgach, endi ochiq ayting-da bahoyingizni, nozga balo bormi?
G‘azabdan qaltirab ketgan Davron egizaklardan biriga shunday deganini eslaganday bo‘ldi, ammo…
– Axir… men… hazillashgandim, – deya oldi u nihoyat.
Huquqshunos afsuslanib bosh chayqadi.
– Bunaqa masalalarda hazillashilmaydi, bunaqa masalalarda tagdor ishora qilinadi… Gapning bo‘lari, joningizga jabr qilmang, akajon. Baribir bir o‘zingiz qolasiz, orqangizda yashirinib turganlar tirqirab qochib qolishadi, hatto siz bilan tanishligini tan olmay turib olishadi. Yana bir gap. – Rahbarov bozorqo‘mning bo‘sh kursisiga ishora qildi: – Bunaqalar bir izlashga kirishmasin, kirishsa, topmay qo‘ymaydi. Chunki hayotning qonuni shunaqa o‘zi, akajon: izlagan – topadi-da; hatto u aslida yo‘q bo‘lgan taqdirdayam. To‘g‘risi, bizniki holva, bunaqalar maydalashib, uchga, beshga ko‘paytirib o‘tirishmaydi, birdan och biqiningizga g‘archillatib pichoq sanchib, kamiga burab-burab olishadi… Bunaqalardan qochib qutulib ham bo‘lmaydi, hatto viloyatdan ko‘chib ketsangiz ham topib olishadi. Haligi, aytishadi-ku, yerga kirsang qulog‘ingdan, osmonga uchsang oyog‘ingdan…
Davronning joni bo‘g‘ziga keldi:
– Bo‘ldida-ey, aka! Hadeb bir plastinkani aylantiraverasizmi? Gaplaringiz mana bu yerimga keldi… Bo‘pti, men ketdim. Omin…
– Mayli, qaroringiz shu bo‘lsa, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q. Faqat omin aytishga shoshmay turing. Xo‘jayinni chaqiray, sizga beso‘roq ruxsat bervorsam gap eshitib qolaman, axir.
– Unda chaqiring tez!
– Shest sekund, akajon!
Ajabki, huquqshunosning gap-so‘zida achinish ohangi sezilganday bo‘ldi, ammo asabiy Davron bunga e’tibor berib o‘tiradigan ahvolda emasdi.
Eshik sassiz ochilib, Hasan-Husan ko‘rindi. Ularning vajohat bilan kirib kelishlaridan nedir xatarni sezgan Davron uchib o‘rnidan turdi, biroq egizaklar osonlik bilan rejissyorni yiqitib, qo‘l-oyog‘ini nam arqonda bog‘lashdi, ortda paydo bo‘lgan Rahbarov to‘g‘ridan-to‘g‘ri shishadan uning og‘ziga aroq quya boshladi…
Voqealarning keyingi rivoji anchayin chalkash, ularning talqini ham shunga yarasha bir-biridan keskin farq qiladi. Bozor ma’muriyatida tuzilgan, ma’muriyat xodimlaridan tashqari bir necha xolis guvoh, ya’ni rastalarda savdo qiladigan sotuvchilar imzolagan bayonnomada qayd etilishicha, o‘zini viloyat televideniyesining rejissyori Davron Shamsiyevman deb tanishtirgan bu kimsa avvaliga xizmat guvohnomasini ham ko‘rsatmasdan “S’yomkam bor. Hammangni televizorga chiqarib, sharmanda qilaman, ishdan haydataman!” deb baqirib-chaqirgan, o‘zini tartibga chaqirgan xodimlarni uyat so‘zlar bilan so‘kkan, gap orasida “Bizga hammasi ma’lum! Yaxshilikcha ataganlaringni chiqaraveringlar”, deb tahdid qilgan, so‘ng, alohida kabinetda o‘ziga alohida dasturxon tuzashlarini buyurgan. Tabiiyki, doimo ommaviy axborot vositalariga, xususan, televideniga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan xodimlar bu talabni ortig‘i bilan ado etishgan. Rejissyor Davron Shamsiyev to‘kin dasturxon ustida tinmay aroq ichgan. Tergovchilarning baxtiga kabinetga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan ekan, afsuski, Shamsiyev to‘polon qilgan payti zarar yetganmi, yozuv uning huquqshunos Rahbarov qarshisida bir yo‘la ikki qadah aroqni ketma-ket bo‘shatayotgani tasviridan so‘ng o‘chib qolgan… Xullas, rejissyor bo‘kib qolganicha aroq simiradi, keyin “Hammangni qamatib yuboraman!” deb qo‘rqitadi, qamoqdan saqlab qolish uchun esa uch ming AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi. Ana shundan so‘nggina toqatlari toq bo‘lgan bechora xodimlar militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘lishgan. To militsiya xodimlari yetib kelgunga qadar esa xolislar ishtirokida bayonnoma tuziladi. Haddan ortiq ko‘p ichib yuborganidan bo‘lsa kerak, militsiya xodimlari yetib kelishidan ikki-uch daqiqa oldin Davron Shamsiyev og‘zidan bodi kirib-shodi chiqib so‘kinib turgan joyida hushidan ketib yiqiladi.
Biroq dastlabki surishtiruv-tekshiruv chog‘ida viloyat televideniyesining rejissyori Davron Shamsiyev jamoat joyida amalga oshirgan bezorilik aysbergning suvdan chiqib turgan yuza qismi ekanligi aniqlandi. Zero, xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazilganida g‘irt mast, oyog‘ida turolmaydigan Shamsiyev shimining chap cho‘ntagidan olti yuz AQSh dollari, o‘ng cho‘ntagidan esa salafan xaltachaga o‘ralgan kukun topildi. Ekspertiza tekshiruvi chog‘ida bu kukunning giyohvand moddasi ekanligi aniqlandi, salafan xaltachada hamda yuz AQSh dollari kupyurasida topilgan barmoq izlari ham aynan Shamsiyevga tegishli ekanligi o‘z isbotini topdi. Tibbiy tahlil esa viloyat televideniyesi rejissyori qoni tarkibida katta miqdorda alkogol bilan bir qatorda giyohvand modda unsurlari ham mavjudligini ko‘rsatdi.
Dastlabki surishtiruv-tergov jarayonida, xolislarning guvohliklari va bozor kuzatuv kamerasi yozuvlariga ko‘ra, gumondor Davron Shamsiyev bozor hududida o‘z sherigi, zira sotuvchisi niqobi ostida yurgan kurer bilan uchrashgani, salafan xaltachadagi giyohvand moddani undan olgani ham aniqlandi. Afsuski, dastlabki surishtiruv-tergov jarayonida zira sotuvchi shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.
Televideniyeda gap yotarmidi. Buyurtmachidan “falo-o-on” dollar – miqdorni eshitgan odamning labiga uchuq toshardi – olgan Davron aka poraning yarmini, hech bo‘lmasa yarmining yarmini, judayam bo‘lmasa yarmining yarmining yarmini bo‘lishmagani uchun jig‘ibiyron bo‘lib yurgan ijodiy guruh a’zolari rejissyorning go‘riga g‘isht qalashni boplashdi: “Ha, yurishi qandaydir g‘alati edi… ko‘zlari alang-jalang edi… bozorga juda shoshdi… xuddi birov bilan uchrashmoqchiday edi…” va hokazo. Alamzada operator Muzaffar esa rejissyor bozorda o‘zidan tezroq qutulishga uringaniga e’tibor qaratdi: to‘g‘ri-da, ortiqcha guvohning nima keragi bor?
Bo‘lib o‘tgan voqea qattiq ta’sir qilganmi, qon bosimi oshib, shifoxonaga tushib qolgan, u yerda bir necha marta oshqozonini yuvdirgan bozor huquqshunosi Rahbarov poraxo‘r, “shantajchi” rejissyorni bemisl nafrat bilan “Jamiyat ildiziga tushgan qurt” deb atagan va uni fosh etishda ham sobiq qozi, ham faol fuqaro sifatida har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Gumondor Davron Shamsiyev tergov izolyatorida hushiga kelganidan so‘ng o‘ziga qo‘yilgan ayblarning hammasini inkor etdi, lekin mavjud dalil-isbotlarni rad etadigan biron dalolat keltirolmadi. Aksincha, “uyushgan guruh… buyurtmachini aniqlashmoqchi bo‘lishdi… menga ichirishdi… kissamga solib qo‘yishgan…” kabi poyintar-soyintar so‘zlar, asossiz da’volar bilan tergovchining shubhasini battar oshirdi. Natijada tergovchi gumondorni tibbiy ekspertizaga yo‘lladi. Ekspertiza gumondorning ruhiy holati mo‘tadil emas, balki bunga bir yarim yil oldin oilasida ro‘y bergan fojia sababdir, degan xulosaga keldi. Gumondorning ishxonasidan ham “U keyingi paytlari, ayniqsa, bundan bir yarim yilcha burun o‘n bir yashar yolg‘iz qizini mashina bosib ketganidan so‘ng jizzaki, asabiy, sirkasi suv ko‘tarmaydigan janjalkash bo‘lib qolgandi” qabilidagi tavsifnoma olgan tergovchi hammasini tushunganday bo‘ldi va Davron Shamsiyevni majburiy davolashga yuborish haqida qaror qabul qildi. Avval davolanib kelaversin-chi, sud keyin…
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 6-son