Asrorqul u yoqda-yu, bu yerda uydagilarining bo‘lari bo‘ldi. Bolalar nomus qilganlaridan yetti mahalla naridagi maktabga qatnay boshlashdi. Munisa mahalla-ko‘yga aralashmay qo‘ydi. Shu oila qiynalib qoldi, moddiy yordam beraylik, deb mahalla oqsoqoli uch-to‘rt marta odam yubordi, lekin Munisa biron marta idoraga bormadi, ariza yozib ham bermadi, buning o‘rniga uch joyda farrosh bo‘lib ishladi…
Asrorqul besh yilni uch yilda tugatib keldi. Yaxshi ishlagani evaziga.
Mahallada gap yotarmidi: uyiga atay tun qorong‘usida kirib kelgan bo‘lsa-da, tongga boriboq o‘g‘riligi uchun qamalgan Asrorqulning qaytganidan deyarli hamma xabar topib ulgurdi.
…Choshgoh mahal Asrorqul oshxonaga o‘tdi, dasturxondagi quruq non-choy, shakardan ozgina totingan bo‘ldi. Ikkinchi ishidan qaytgan Munisa hovli chetiga supurgi bilan paqirini qo‘ygach, belini ushlab turib qolganini ko‘rgan Asrorqul shoshib uning yoniga chiqdi.
– Yaxshi keldingmi, ayasi. Charchamadingmi?
Munisa o‘zini majburlab jilmaydi:
– Charchash qayoqda… Aytganday, dadasi, ertalab Nazira opani ko‘rib qolgandim. “Elga osh bermaysizlarmi?” deb qoldi. Nima, shunaqa udum bormi?
– Qaysi Nazira opa? – Asrorqul qarshi tarafdagi hovliga ishora qildi: – Qo‘shnimizmi?
– Ha. O‘zi… siz ketgandan beri har ko‘rganida “Uyingni bizga sot” deb boshimni qotirgani kamday…
– Munis, men kurortdan qaytganim yo‘q. Bunaqa udumni ham eshitmaganman. Men elga osh berishni emas, sizlarning ortiqcha qiynalmasliklaringiz uchun nima qilishni o‘ylayapman.
– Eson-omon keldingiz, shuning o‘zi biz uchun… – ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan juvonning tovushi titrab ketdi.
Asrorqul o‘tgan uch yil ichida birdan qarimsiq bo‘lib, cho‘kib qolgan xotinining yelkasidan quchdi, g‘adir-budir bo‘lib ketgan kaftlarini siladi:
– Men… u yoqdan boshqacha odam bo‘lib qaytdim… Sen bor, bolalarim bor… Qadrlaringga yetadigan bo‘lib qaytdim… Endi hammasi boshqacha bo‘ladi, Munis. Mana ko‘rasan. O‘ylab qo‘ygan rejalarim bor.
Shu so‘zlarni aytgach, Asrorqul nimagadir ahd qilganday shahd bilan darvoza tomon yurdi. Munisa hayron bo‘lib so‘radi:
– Yo‘l bo‘lsin, dadasi?
– Bozorga borib, tez qaytaman. Mana ko‘rasan, yangicha hayotimizni xursandchilikdan boshlaymiz.
Xotini hali biron nima so‘rab ulgurmasidan Asrorqul ko‘chaga chiqdi va atrofga alangladi.
Ana, yon qo‘shnisi Fayzulla domla oppoq “Neksiya”sida darvozasi tagiga keldi, mashinadan tushdi va o‘ziga salom berish uchun qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turgan Asrorqulni ko‘rmaganday bo‘lib ichkariga kirdi-ketdi.
Izza bo‘lgan Asrorqul og‘ir nafas oldi.
* * *
Oradan bir osh pishgulik fursat o‘tdi.
O‘z-o‘zidan miyig‘ida iljayib qo‘yayotgan, ikkita katta-katta sumka ko‘targan Asrorqul ko‘cha boshida paydo bo‘ldi.
Darvozasi yonida, “Neksiya”si kapotiga suyanib, qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirgancha g‘o‘dayib turgan Fayzulla uni ko‘rdi-yu, birdan quturib ketdi:
– O‘ldiraman!
Fayzulla mashinasi o‘rindig‘i yonidan beysbolchilarnikiga o‘xshash tayoqni olgancha Asrorqul tomon chopdi. Shu yoqqa qarab uchib kelayotgan qo‘shnisining ko‘rinishidan ajablangan Asrorqul har ehtimolga qarshi salom berib qo‘ymoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, ammo ulgurolmadi. Ko‘zi qonga to‘lgan Fayzulla tayoqni hamsoyasining boshiga tushirdi. Bunaqa zarbani kutmagan Asrorqul qalqib-gandiraklab ketdi, ikkala qo‘lidagi sumkalar ichidagi yeguliklar, meva-chevalar, sovg‘a-salomlar har tomonga sochildi. Asrorqulning kalta sochlari orasidan qon sizib chiqdi.
– Iflos! Yalangoyoq!..
Fayzulla cho‘k tushib qolgan Asrorqulni uraverdi, uraverdi.
Shovqinni eshitganmi, Asrorqulning uyi darvozasidan shoshib chiqqan Munisa kaltaklanayotgan erini ko‘rdi. Dahshatga tushgan juvon chinqirib yubordi:
– Dadasi!!!
Qonga, chang-tuproqqa belangan Asrorqul yer bilan bitta bo‘lib yotardi. Munisa o‘kirib yig‘lagancha uchib kelib o‘zini erining ustiga tashladi. Qo‘ni-qo‘shnilardan ayrimlari uylaridan chiqib kela boshlashdi.
– Dadasi! Dadajonisi!..
Xirillab qolgan Fayzulla baqirardi:
– O‘g‘ri eding, o‘g‘ri bo‘lib qolibsan, Asrorqul!
Asrorqul qaddini tiklashga urindi, singan tishini tuflab tashlab, arang gapirdi:
– Qanday? Nima haqqingiz bor?..
Uning ko‘krak cho‘ntagidan salafan xaltachaga solingan tilla sirg‘a tushdi. Fayzulla sirg‘ani oldi, narxini ko‘rdi, qo‘ni-qo‘shnilarga ko‘rsatdi:
– Yangi. Mening pulimga kelgan bu!
Munisa ezilib yig‘lardi:
– Dadasi… dadajonisi… Nima qilib qo‘ydingiz…
– Men o‘g‘ri emasman… o‘g‘ri emasman… – xotiniga qarab yolvorib-entikib shivirladi Asrorqul.
Fayzulla Asrorqulning boshqa cho‘ntaklarini tintib-ag‘darib chiqdi:
– Qani? Qolgani qani?
Ammo bir-ikkita mayda pulni aytmaganda, barcha cho‘ntaklar bo‘sh edi.
Qo‘shnilar afsuslanib bosh chayqashdi:
– Odam bo‘lmapti bu… O‘rgangan ko‘ngil… Bunaqalarga uydan qamoq yaxshi-da… Egri tayoq baribir egriligicha qolarkan…
Asrorqulga tikilgancha o‘ylanib qolgan Erkin ota so‘radi:
– Ishqilib, adashmayapsanmi, domla?
Fayzulla nafrat bilan labini jiyirdi:
– O‘zingiz o‘ylang, kecha uch yillik qamoqdan kelgan banda bugun bozor-o‘char qilishga jo‘nab qolishi mumkinmi?
– Bu topishmoqmi?
– Yo‘q, voqelik. Shafqatsiz va razil voqelik.
Darvoqe, yarim yilcha kollejda dars bergan, so‘ng bozorga chiqib ketgan bo‘lsa-da, “domla” laqabini orttirishga ulgurgan Fayzulla tilini burab, ohanjama bilan gapirishni o‘xshatardi.
– Tushuntiribroq gapirsang bo‘lardi, Fayzulla.
– Bu yerda tushuntiradigan narsaning o‘zi yo‘q, otaxon. – Sirg‘ani cho‘ntagiga solib qo‘yayotgan Fayzulla Asrorqulga ishora qildi: – O‘g‘ri yana o‘z ishini qildi. Men yana bir marta inson zotiga nisbatan bo‘lgan ishonchimning qurboniga aylandim. Ishdan qaytganimda u eshigining oldida menga ko‘zini lo‘q qilib qarab turgandi. Ko‘nglimga hech narsa kelmay, uyga kirib ketaveribman deng. Qaytib chiqsam Asrorqulam yo‘q, bardachogimdagi pul ham. Men laqma o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-u buni, yana e’tibor bermapman. Kallam qursin-a, kallam!
– Mashinangni qulflamaganmiding?
– Otaxon, odamni xafa qilyapsiz. Ayrimlardan farqli ravishda, men mahallamda hech qachon mashinamni qulflamayman. Men odamlarga ishonaman.
– Balki boshqa birov olgandir, – ikkilanibroq mulohaza yuritdi Erkin ota.
– Kelindan Asrorqulni so‘radim. “Bozorga ketdilar”, deb turibdi bez bo‘lib. Balki er-xotin sheriklikda…
Erkin otaning jon-poni chiqib ketdi:
– Fayzulla! Kelinni tinch qo‘y! Asrorqulning ayoli ko‘chada bir so‘m ko‘rib qolsa olmaydiganlardan.
Bunga javoban Fayzulla pishqirdi:
– Balki bir so‘mni olmas, lekin millionni oladi. Oladi!
Mana shu g‘ala-g‘ovurda ko‘pchilik uy yoniga kelib to‘xtagan taksi mashinasiga ahamiyat bermadi. Undan to‘lib-toshib tushgan Fayzullaning rafiqasi Nazira odamlarga ajablanib qaradi, so‘ng eriga o‘girildi:
– Dadasi, tinchlikmi?
Fayzulla Asrorqulga ishora qildi:
– Manavi ablah mashinamdan borimni shilib ketib, bozorda yallo qilib kelibdi…
Nazira kalovlanib bir eriga, bir Asrorqulga qaragach:
– Shunaqami… – deb qo‘ydi, keyin Fayzullaga qo‘lidagi sumkalarni tutdi: – Bularni opkirib bering… mazam bo‘lmayapti…
Fayzulla indamay xotinining sumkalarini hovliga olib kirdi, uning ortidan qadam qo‘ygan Nazira eshikni zichlab yopdi va vahima ichida pichirladi:
– Voy, dadasi, mashinadagi pulni men opketgandim-ku!
Buni eshitib, Fayzullaning rangi bo‘zardi:
– Nima?!
– Kecha aytuvdim-ku bozor-o‘char qilaman deb… Yetti yuz mingmidi? Hammasini ishlatib kelyapman…
Fayzulla lol bo‘lib qoldi, so‘ng bir muddat peshonasini ezg‘ilab turgach, negadir shivirlashga o‘tdi:
– Bo‘pti, damingni chiqarma… Bu yog‘ini o‘zim hal qilaman!
– Xo‘p, dadasi, xo‘p.
Fayzulla qaytib ko‘chaga chiqdi, cho‘ntagidan sirg‘ani olib Asrorqulga tutdi:
– Ma, ol. Mayli, necha yillik qo‘shnichiligimiz hurmati, melisaga topshirmayman. Lekin bilib qo‘y, agar bu yo‘ldan qaytmasang, bugun bo‘lmasa ertaga biribir qo‘lga tushasan. Hammayam senga Fayzulla emas!
Qo‘shnilarning hayratli shivir-shivirlari eshitildi:
– Qoyil!.. Haqiqiy erkak shunaqa bo‘ladi!.. Besh ketdim!..
Erkin ota ham yengil nafas oldi:
– Bor ekansan-ku, domla.
– Lekin, uka, – gapida davom etdi Fayzulla, – kichkinagina shartim bor.
Asrorqul unga merovsirab qaradi.
Erkin ota bezovtalanib qoldi:
– Ishqilib, ulovidan tushovi qimmat emasmi, domla?
– Yemoqning qusmog‘i ham bor-da, ota… Xo‘p, eshit. Shartim shuki, bugunoq ko‘chib ketasan. Bizga butun mahallaning yuzini yerga qaratadigan tirraqi buzoq kerak emas. Uyingni begona qilmaymiz, o‘zim olaman, bozorga chiqib, ovorayi sarson bo‘lib yurmaysan. Shunda mashinamdan o‘g‘irlagan uch million so‘mimni senga uy uchun bergan bo‘laman. Qolganini savdolashamiz. Agar shartimga ko‘nmasang, milisaga yozib beraman, ana unda ham sharmandai sharmisor bo‘lasan, ham qolgan umring qamoqda chiriydi!
Asrorqul bu gaplarni eshitmaganday qon oqayotgan chakkasini ushlagan ko‘yi g‘alati xotirjamlik bilan o‘rnidan turdi. Qalt-qalt titrayotgan, yuzi qorayib ketgan Munisa unga ko‘maklashdi. Er-xotin bir-birlarini suyaganlaricha uylari tomon yurishdi.
– Sukut alomati – rizo! – tantanali ravishda e’lon qildi Fayzulla. – Aytdim-ku, o‘zimiz kelishib olamiz deb… Qo‘shnilar, sizlar guvohsizlar. Lafz halol! To‘g‘rimi?
– To‘ppa-to‘g‘ri!.. Yashavoring, ota o‘g‘il!.. – degan xitoblar eshitildi.
Faqat nimalarnidir o‘ylab qolgan Erkin ota jim edi.
Fayzulla mamnun iljaydi.
* * *
Bu orada er-xotin uyga kirishdi. Asrorqul so‘rigacha amallab yetib oldi-yu, odmi dasturxon yoniga to‘shalgan ko‘rpachaga o‘zini tashladi. Munisa suv olib kelishga chopdi.
Xotini yuz-qo‘lidagi qon dog‘larini yuvayotgan mahal Asrorqul qiynalib bo‘lsa ham gapirib qoldi:
– U yoqda… oylik berishardi. Ishbay. Men ikki smenalab ishladim. Yig‘ilib turgan ekan, qaytayotganimda berishdi. Shunga senga, bolalarga sovg‘a-salom olaman, bir xursand qilaman deb bozorga borgandim. Uch yillik orzuyim edi bu. Eson-omon qaytsam-da, bildirmasdan bola-chaqamga, xotinimga yaxshi-yaxshi narsalar olib kelsam derdim… Mana, sovg‘ayam o‘xshamadi.
Asrorqul cho‘ntagidan tilla sirg‘ani olib, xotiniga tutdi. Piqillab yig‘lab yuborgan Munisa sirg‘ani labiga bosdi:
– Bu… men uchun dunyodagi eng qimmatbaho, eng aziz sovg‘a, dadasi.
Asrorqul xo‘rsindi:
– Bolalarga atalgan sovg‘alarning… meva-chevalarning… ezilgani chatoq bo‘ldi-da.
– Narsalar bosh-ko‘zingizdan sadaqa, dadasi.
Ko‘zlari namlangan Asrorqul xotinining yelkasidan quchdi:
– Biz baxtli bo‘lamiz, jonim…
Darvoza qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Seskanib ketgan er-xotin bir-biriga qarashdi.
– O‘zim…
Tekis yo‘lda qoqilib-surinib ketayotgan mushtdekkina Munisa borib eshikni ochdi.
Ostonada Fayzulla o‘shshayib turardi:
– Chaqir eringni, uy masalasida keldim…
Munisa avval chinqirib, keyin ingrab yubordimi yo avval ingrab, keyin chinqirdimi – anglolmay qolgan Asrorqulning qo‘li o‘z-o‘zidan dasturxon chetidagi o‘tmas pichoqqa yugurdi…
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son