Har doimgiday, g‘alabaning egasi ko‘p bo‘ldi.
Do‘stovullik Eshimqul kalning to‘ng‘ich o‘g‘li shaharda ka-atta amaldor bo‘lgani xushxabari qishloqqa yetib kelar-kelmas, Xoliqulning bolaligida tirishqoq bo‘lganini bilganlaru hov o‘sha zamonlar, ya’ni bolakay qishloq maktabida o‘qib yurgan chog‘laridayoq uni to‘g‘ri yo‘lga solgan, bugungi martabaga erishishiga hissa qo‘shgan, nainki kamtaringina hissa qo‘shgan, balki asosiy sababchi haybarakallachilar juda ko‘pligi ayon bo‘ldi-qoldi.
Ayniqsa, maktab direktori Azimboy jo‘shdi:
— Men bilardim! — dedi domla ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilgancha og‘zidan ko‘pik sachratib. — Men bilardim, kelajakda Xoliqul… Xoliboyning katta odam bo‘lib ketishini! Shuning uchun maktabda unga e’tibor berardim, alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatardim… Ha, men bilardim…
Davrada o‘tirgan Sodiq hisobchi eshimchaga qo‘shimcha bo‘ldi:
— Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum. Xoliqul… e, Xoliboy bizning qo‘shnimiz edi, ko‘zi chaqnab turardi, shunday ko‘z o‘ngimda katta bo‘ldi. Men o‘zim bolaligidan erinmay uning tarbiyasi bilan shug‘ullandim, odam bo‘l, dedim, o‘qi, dedim…
Xullas, Xoliqulni zarur kitoblar bilan ta’minlab turgan kutubxonachi ham qolmadi, uni shaharga olib borgan haydovchi ham qolmadi… va ayon bo‘ldiki, bugun ko‘ksiga urayotganlarning hammasi maktabda eski kiyimlarga o‘ranib yuradigan jimitdaygina Xoliqulda favqulodda iste’dod uchqunlarini vaqtida, ehtimolki, vaqtidan burun ilg‘ab olishgan va bu uchqunning alanga olishiga o‘z hissasini qo‘shishgan ekan.
Bunday tuyaga minib, uzoqni ko‘radigan oqillar safida maktabda o‘ttiz besh yil matematika fanidan dars berib, oxirgi ikki yilda ichkilikka ruju qo‘ygan, so‘ng vinoxo‘rlikni bir amallab tashlab, o‘tgan yili eson-omon nafaqaga chiqib olgan Mixliboy aka ham paydo bo‘ldi.
Dastlab, mujdani eshitgan mahal uyda, arzimagan bir qop bug‘doyni deya o‘zaro qirpichoq bo‘layotgan kap-katta, hattoki oilali, bola-chaqali farzandlari orasiga tushishga urinayotgan Mixliboy aka janjallashayotganlar e’tibori chalg‘iganidan mamnun holda, balki ularni yanada chalg‘itmoq qasdidami, atay beparvo ohangda gapirishga urindi. Zero, muallim ichkilikka berilib o‘tkazgan ikki yili davomida uyda obro‘-e’tiborini ancha yo‘qotib qo‘ygan va endi avvalgi mavqeiga erisholmay halak edi.
— Ha, Xoliqulmi? Uni o‘zim odam qilganman.
Bir-birlariga chaqchayib qarab turgan farzandlar nogoh o‘rtada mushtdaygina bo‘lib, aybdor odamday yelkalarini qisib olgancha bujmayib turgan padar tomon qarashdi.
Ota bundan mamnun bo‘ldi chog‘i, bepisandlikka zo‘r berdi:
— Yurardi burnini oqizib. Odam bo‘l, deb rosa qulog‘ini cho‘zganman. Necha marta darsdan chiqarib yuborganman. Ko‘zida yoshi, mo‘ltirab kelib turardi. Kechirim so‘rardi. Urishib-urishib, keyin darsga kiritardim. Institutga o‘zim tayyorlaganman. Kirgandan keyin kelib rahmat aytib ketgan. «Bir umr unutmayman», degan…
Mixliboy aka gapni opqochar, farzandlari o‘ziga qiziqib qaray boshlashganini sezgan sayin o‘zini tutolmay, to‘qimaga battar zo‘r berardi. Zero, asosiy gap to‘g‘ri edi, ya’ni haqiqatan ham Mixliboy aka ko‘p qatori Xoliqulni ham o‘qitgan. Buning uchun maosh olgan. Ehtimol, jahli chiqqan paytlari darsdan haydab solsa solgandir, buni aniq eslolmaydi. Faqat… yuragini jizillatib o‘tib ketgan xotira shu ediki, bir gal, dars tayyorlamay kelganda, o‘ninchi sinfda o‘qiyotgan, kap-katta yigitcha bo‘lib qolgan Xoliqulni:
— Sen odam bo‘lmaysan, bola! Otangga o‘xshab umring birovlarning qo‘yini boqib o‘tadi! — deb so‘kkandi.
Bu yoqimsiz hodisa muallimning yodida qolgani sababi shunda ediki, o‘shanda, darhaqiqat, cho‘ponning o‘g‘li Xoliqul juda izza bo‘lgan va sinfdan yig‘lab chiqib ketgan edi.
Mixliboy aka o‘sha voqeaga sal boshqacha tus berishga urindi: «Shunday qattiq turmaganimda odam bo‘lishi qiyin edi, yurardi cho‘pon tayog‘ini yelkasiga solib… Demak, to‘g‘ri qilganman…»
Ana shu dalda ta’sirida bo‘lsa kerak, sobiq o‘qituvchi maqtanishni haddidan oshirib yubordi.
— Institutda o‘qib yurganidayam uch-to‘rt marta kelib rahmat aytib ketgan. Yangi ishga kirgan paytlaridayam bir-ikki marta ko‘rishib edik, keyin ishlarga chalg‘idimi yo vaqti kammi…
Hamqishlog‘i Xoliboyning katta odam bo‘lib ketgani xabarini olib kelgan Tirkash pochtachi ham muallimga hurmat bilan termulgancha:
— Ha, davlatning ishi, vaqti kam-da, bo‘lmasa-ku… — dedi.
Bu pishang o‘ziga juda yoqib ketgan Mixliboy aka sarg‘ayib ketgan ingichka mo‘ylovini silab, mamnun bo‘lib ishshaydi:
— Bo‘lmasa-ku…
Shu bilan bir qop bug‘doy janjali o‘z-o‘zidan barham topdi. Farzandlar shu-unday katta amalga o‘tirgan odamni o‘qitgan, xususan, uni odam qilgan o‘qituvchining oldida to‘rt pud g‘alla deya yoqa bo‘g‘ishishni o‘zlariga ep ko‘rishmadi shekilli…
Kutilmaganda oilada Mixliboy akaning obro‘yi ko‘tarilib ketdi. Farzandlari endi uning oldida ovoz ko‘tarib gapirmaydi. Ular orasidagi barcha nizolar pichirlab, shivirlab do‘q urishlaru bir-biriga musht do‘laytirishlar orqali hal etilardi.
Bundan keksa muallimning boshi osmonda edi. U og‘zining tanobi qochgancha qo‘lini orqasiga qilib hovlida u yoqdan-bu yoqqa gerdayib yurarkan, hatto yodida qolgan qo‘shiqlarni xirgoyi qilishdan o‘zini tiyib turolmasdi.
Shunday kunlarning birida padar yoniga to‘ng‘ich o‘g‘il Isroil yaqinlashdi.
— Ota, kecha televizorda Xoliboy akani ko‘rdik. Juda basavlat odam bo‘lib ketibdi, — deya boshladi gapini o‘g‘il.
— Ha, endi, o‘zi oldindan ham iligi to‘q edi-da, — dedi ota sir boy bermay.
Isroil ensasini qashladi.
— Bir maslahat bor edi, ota.
Mixliboy aka hushyor tortdi. Zero, pensiyaga chiqqach, farzandlar u bilan deyarli maslahatlashmay qo‘yishgandi.
— Xo‘sh? — deya o‘g‘liga savolomuz qaradi Mixliboy aka.
— Bir-ikki joyda sizning… Xoliboy aka bilan yaqin ekanligingizni aytuvdim… Hamma hayron qoldi. «Shunday tanishlaring bo‘lib, shuytib yuribsizlarmi?» deyishdi.
Mixliboy aka tushunmadi.
— Qanday yuribmiz ekan?
— Anavi… orqasida hech kimi yo‘q odamlarga o‘xshab-da… Xoliboy aka… kerak bo‘lsa bir og‘iz gapi… yoki bir telefoni bilan katta-katta ishlarni to‘g‘rilab yuborarkan. Shunga… iltimos qilsangiz… sizga yo‘q demaydi-ku… bunday bir so‘m oyligi yo‘q ishda ezilib yuravermay, bunday bir odamga o‘xshab ishlay… zapravkagami, soliqqami ishga kirsam devdim… Ismoil arendaga bir «Damas» gaplashib bersin deyapti…
Mixliboy akaning ichidan qirindi o‘tdi, ammo sir boy bergisi kelmadi.
— Qanday bo‘larkan, o‘zi yaqinda ishga o‘tgan bo‘lsa…
O‘g‘il qo‘l siltadi:
— E, u kishiga nima, bir og‘iz gapi, bir telefoni… El qatori xizmatini qilamiz… faqat sal keyinroq… uch-to‘rt so‘m topgandan keyin…
Mixliboy aka o‘g‘illarining bunday mehribon bo‘lib qolganligining sababini ilg‘aganday bo‘ldi.
— Sal o‘ylab ko‘ray-chi, — dedi u kishi vaqtdan yutish uchun.
Ammo Isroil bo‘sh kelmadi:
— O‘ylab o‘tirasizmi, ota. O‘zingizning shogirdingiz bo‘lsa. O‘zi «Ustoz, bizga nima xizmat bor?» deb turgan bo‘lsa. Foydalanib qoling-da. Bizni o‘ylamasangiz, ana, nevaralaringizni o‘ylang…
Mixliboy aka shuncha o‘ylandi, ammo katta amaldor Xoliqulning «Ustoz, bizga nima xizmat bor?» deb turganini eslolmadi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zining obro‘sini o‘zi to‘kkisi kelmay:
— Bir o‘ylab ko‘ray emasa, — deb qutuldi.
Mixliboy aka yana bir haftacha farzandlar ardog‘ida bo‘ldi. Biroq bu mehribon zotlar safiga ba’zi qarindosh-urug‘laru tunish-bilishlarning ham qo‘shila borishi keksa o‘qituvchining ko‘nglini g‘ash qildi. Zero, og‘zi bo‘shroq Isroil ba’zi davralarda ichib olib:
— Bizdi paxan zo‘r. Xoliboy akaday odamdi odam qig‘an! Bir og‘iz gapi bilan lyuboy problemani hal qilib tashlaydi! — deb aljib yurganini orqavoratdan eshitgan edi.
Bir haftadan so‘ng o‘g‘illar g‘ingshiy boshlashdi:
— Shuncha qiyinmi endi… shunday borib… O‘zi «Bizga nima xizmat?» deb turgan bo‘lsa…
Norozilikning bu tarzda g‘o‘ng‘illab-to‘ng‘illab ifoda etilishiga yana o‘sha ne-ne umidlaru orzular bilan bu xonadonga tanda qo‘yib olgan tanish-bilishlaru xesh-urug‘larning asabiy tarzda pishqirishlari qo‘shilardi…
Oxiri chiday olmagan ota:
— Yo‘lga bir so‘mim bo‘lmasa, bitimni sotib boramanmi! — deb qutuldi.
Bu vaj asosli edi. Ammo Mixliboy aka ishonchli deb o‘ylagan zirhli qalqoni uch kunga zo‘rg‘a chidash berdi, xolos…
Endi barcha katta-kichik davralar to‘ri egasiga aylangan Eshimqul kal… e, Eshimqul aka kutilmaganda kelasi hafta amaldor o‘g‘li to‘ng‘ich qizini chiqarayotganini e’lon qilib qoldi. Shunga otasiga xizmatidagi xodimlarning bittasini yuboribdi, falon kuni qishloqdoshlarni yig‘ib kelaversin, to‘y restoranda bo‘ladi, debdi. Bu e’lon aytilgan zahoti negadir ko‘pchilik bir ovozdan to‘yning restoranda o‘tkazilishi naqadar ajoyib, zamon talabiga mos ekanligini aytishga shoshdi…
Xullas, shaharga, to‘yga boradiganlar ro‘yxati tuzila boshlandi. Bu mas’uliyatli ishga qishloq oqsoqollari bosh-qosh bo‘lishdi.
Nihoyat, ikkita «Damas»ga sig‘adigan o‘n ikki kishining ism-sharifi rasman tasdiqlandi.
Mixliboy aka «Ishqilib, meni yozishmasin-da», deb yuragini hovuchlab turgandi, aksiga olib, uni unutishmabdi.
Buni eshitgan to‘ng‘ich o‘g‘il otasining oldiga hovliqib kirib keldi:
— Endi bormasangiz bo‘lmaydi, ota. Xoliboy akayam xafa bo‘ladi, ustozim kelmabdi deb.
Darhaqiqat, borishdan o‘zga iloj qolmagandi.
Isroil ko‘p narsani tushunadigan kishi sifatida otasiga aql o‘rgata boshladi:
— Amaldor odam to‘y qilmaydi, ota, to‘yona yig‘adi. Xoliboy akayam pishiqqinaga o‘xshaydi, tepaga ko‘tarilganida berganini qaytarib olmoqchiga o‘xshaydi. Sizam to‘yonani tuzukroq bering, qarindosh-urug‘larga aytdim, topganini yig‘ib berishadi. Iltimosni ana undan keyin ayting. «Bolalar xizmat qiladi yana», deb qo‘shib qo‘ying. Shunda shogirdingizning ham ko‘ngli xotirjam bo‘ladi, xizmatniyam og‘rinmasdan qiladi.
— To‘yona? — dedi ota savolomuz.
O‘g‘il ming qo‘yli boyday beparvo qo‘l siltadi.
— Bu tomonini o‘ylamang… Siz u tomonning g‘amini yeng…
Mixliboy muallimning «o‘zi odam qilgan» shogirdi, bugun kattakon amaldorga aylangan Xoliboynikiga to‘yga borayotganini eshitgan tanish-bilishlar, xesh-urug‘lar topganini olib kelaverishdi. Faqat… faqat ularning har birining «kichkinagina» iltimosi bo‘lardi: kimnidir ishga joylashtirish kerak, kimnidir ishdan olish kerak, kimga traktor, kimga yer, kimga tegirmon… Ayniqsa, ikkita besh yuz so‘mlik ko‘tarib kelgan yetmish yashar Olima momoning iltimosi qat’iy bo‘ldi:
— Xoliboyga ayt, mening ikkala nevaramni melisaga ishga joylab qo‘ysin! Unga nima, bir og‘iz gapi…
Iltimoslar shu qadar ko‘p ediki, oxiri Mixliboy aka ularni chalkashtirib yubora boshladi. Shunda oqil to‘ng‘ich o‘g‘ilning maslahati bilan alohida bir daftarcha tutildi va barcha buyurtmalar unga qayd etila bordi.
Mixliboy aka to‘yonaga atalgan pul yoki sovg‘a-salomni olar, iltimoschining talabini daftarchaga tirkar, ayni paytda yuragi duk-duk urgan holda boshini ko‘tarmasdan o‘tiraverar, nimagadir kelguvchilarning ko‘ziga tik qarashga cho‘chirdi.
Mixliboy aka yo‘l bo‘yi reja tuzib keldi.
Reja unchalik yomon emas edi. Tugunchadagi o‘ttiz ming so‘mcha pulni, ikkita choponni beradi-da, Xoliboyni chekkaroqqa chaqirib:
— Qani, bir gaplashib olaylik, uka, — deydi.
Tabiiyki, Xoliqul:
— Bizdan nima xizmat, ustoz? — deydi.
Shunda muallim o‘zining sobiq o‘quvchisiga o‘g‘lining iltimosini shipshitib qo‘yadiyu, qolgan iltimoslar ro‘yxatini beradi-da, shu bilan qutuladi-qo‘yadi. Ularni bajaradimi-bajarmaydimi — Xoliqulning ishi. Muallimning vazifasi — topshirish, xolos…
Butun kechasi yo‘l yurishdi. Shaharda to‘y nahorda bo‘larkan. Eshimqul kal qo‘lidan qo‘ymayotgan zarhal harfli taklifnomada ham «nahorgi oshga» deb yozilgan edi.
To‘ymisan to‘y ekan-da o‘ziyam! Bunaqangi mahobatni, bunaqangi to‘kin dasturxonni umrlarida ko‘rmagan vakillar hazilakamiga dovdirashmadi. Hatto Eshimqul kal ham qaltirab qoldi.
Restoran deganlari qishloqdagi maktabning stadioniga o‘xshagan katta joy ekan. Yana qanaqa joy deng. Shiftida allambalo katta, o‘ziyam kamida mingta chirog‘i bor qandil. Naqshinkor devorlar ko‘zni qamashtirguday yaltiraydi. Butun zalga, ha, butun zalga qip-qizil, cho‘g‘dek yonib turgan gilamlar to‘shalgan. Qishloqda bunday gilamni devorga ilib qo‘yishga ko‘zi qiymaydi odamning. Shu gilam ustidan oyoq kiyimini yechmay o‘taverish kerak ekan. Ana shunda kamida besh yuzta odamga mo‘ljallab tuzalgan ochildasturxonga duch kelasiz. E, nimalar yo‘q edi bu yerda! Olma-uzumdan tortib mayizgacha, shokoladu pechenedan tortib ta’mi o‘zimizning handalakni eslatadigan banan degan allambalo!
Hamqishloqlari qatori tuguncha ko‘tarib olgan Mixliboy aka ham uyalib-qimtinib ko‘rsatilgan stolga o‘tirdi. To‘rda artistlar maqomni aytib yotishibdi. Mixliboy aka shuncha alangladi, ammo Xoliboyga ko‘zi tushmadi. Boya darvoza yonida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turganlar safida ko‘ringanday bo‘luvdi-ya. Vaqt esa o‘tib borardi. Buning ustiga darhol osh tortildi.
Mixliboy akaning tomog‘idan ovqat o‘tmadi. U oshdan keyin qaytib ketishlari ehtimoli borligidan xabardor edi. Mixliboy aka bir narsaga ishondi: u hech qachon sobiq o‘quvchisi yoniga borib, betakalluf ohangda «Gaplashib olaylik, uka», hatto «aka» ham deyolmaydi.
Mixliboy aka asta sirg‘alib davradan chiqdi va chiqish eshigi tomon yurdi. Shu zahoti xizmatdagi uch-to‘rtta sertakalluf yigit uning huzuriga otilib kelishdi:
— Xizmat, aka?
Muallim beixtiyor iljayib qo‘yarkan:
— Men hozir, — deb g‘o‘ldiradi.
Kapalaknusxa bo‘yinbog‘ taqqan yigitcha tavoze bilan o‘ng tomonga ishora qildi:
— Eshikdan chiqqaningizdan o‘ng tomondagisi erkaklarniki…
Mixliboy aka qizarib-bo‘zarib:
— Xo‘p, xo‘p, — degancha tashqariga oshiqdi.
Muallim endi ikki qadam yurganini biladi, kapalaknusxa bo‘yinbog‘ taqqan boshqa yigitcha qoshida paydo bo‘ldi va sal egilinqirab, deyarli shivirlab so‘radi:
— Agar ko‘nglingiz tusayotgan bo‘lsa, anavidan ham bor, aka. Xohlasangiz choynakda olib kelib beraman…
Buni eshitib battar dovdirab qolgan muallim bir amallab:
— Yo‘g‘-e, yo‘g‘-e, — degancha oldinga intildi.
Bu yigitlarning odobini qarang! Oddiy bir muallimga xuddi ministrga muomala qilganday munosabatda bo‘lishayapti-ya… Ha, shahar — shahar-da…
Muallim odam gavjum yo‘laklardan zipillab o‘tib, darvozaga yaqinlashgan mahal sekinladi. Ha, mana, ikki tarafda qator turib olgan yigirmatacha odam, bari birday qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘yganlaricha, kelayotganlarga:
— Xush ko‘rdik, akalar … Xush kelibsiz, akalar… Marhamat, akalar… — deb turishibdi.
Mixliboy aka Xoliqulni uzoqdan tanidi. Darhaqiqat, ancha to‘lishibdi, chakka sochlari sal oqaribdi. Chindan ham basavlat amaldorga aylanibdi. Kiygan kiyimiyam o‘ziga quyib qo‘yganday yarashgan. Tuflisi yaltirab turibdi.
Mixliboy aka Xoliqulga qarshi tarafda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turganlar safining chekkasidan joy oldi.
Muallim sobiq o‘quvchisini besh-o‘n daqiqa kuzatib turarkan, nogoh yuragi uvishib ketganini his qildi va beixtiyor o‘g‘lining so‘zlarini esladi: “Amaldor to‘y qilmaydi, to‘yona yig‘adi…”
Zero, Xoliqul to‘yona yig‘moqdaydi.
Faqat… qishloqdagi to‘yga o‘xshab daftar-qalam ushlagan to‘yona yig‘uvchi yo‘q edi. Kelguvchilarning aksariyati Xoliqul bilan quchoqlashib ko‘rishar, to‘y bilan qutlar va qo‘l berib ko‘rishgan kishi bo‘lib to‘y egasining kaftiga… bir narsa qistirib ketishardi.
Xoliqul buni juda oddiy tarzda, xuddi shunday bo‘lishi kerakdek xotirjamlik bilan qabul qilar, to‘yonalarni ham yengil harakat bilan kostyumi yoki shimining cho‘ntagiga solib qo‘yardi.
Mixliboy aka odamlar safi ortidan ilgari yurdi va ko‘zlarini katta-katta ochgan ko‘yi yana besh daqiqacha to‘y egasini diqqat bilan kuzatib turdi. Shu payt uning yonida turgan odam egilib, sherigiga shivirladi:
— Hammasi yuztalik. Hammasi to‘g‘ri… Qancha bo‘ldiykan?
Uning sherigi ham sal egilinqirab javob qaytardi:
— Olti mingga borib qoldi. Yana mingtalar kelar…
Mixliboy muallimning boshi aylanib ketdi.
Olti ming-a. Yana «ko‘k»idan…
U esa o‘ttiz ming so‘m, ikkita yupqa chopon berib, evaziga o‘ttizta iltimosni bajartirmoqchi…
Mixliboy muallim shu lahzadagina qattiq yanglishganini tushundi. Ammo ortga chekinishga ham yo‘l yo‘q edi. Mayli, shunday borsa-da: «Xoliboyjon, jon aka, yordam bering», deb aytsa-chi… Axir, bu yerda katta-kichik bir-birini «aka» deb chaqirarkan-ku.
Muallim cho‘ntagidagi pulni mahkam qismlagancha Xoliqul tomon yurmoqchi bo‘lgan chog‘ida to‘yonaga deb berilgan ikkita chopon stolda qolganini esladi. Nima qilsin? Obkelib, Xoliqulning ustiga yopsamikan? Shu bahonada uning e’tiborini o‘ziga qaratgan bo‘lardi. Ana o‘shanda, bir amallab iltimoslar ro‘yxati yozilgan qog‘ozni ham berib yuborgan bo‘lardi… Muallim ro‘yxatni bersa bas edi, yelkasidan tog‘ ag‘darilardi, iltimoschilarning oldida bemalol, sof vijdon bilan:
— Aytganlaringizni yetkazdim, — deya olardi.
Qolgani Xoliqulning o‘ziga havola.
Shu payt qaydadir bulbul sayraganday bo‘ldi va Xoliqul cho‘ntagidan jimitday telefon apparatini olib qulog‘iga tutdi-da:
— Eshimov eshitadi, — dedi.
U yoqdan nimadir deyishdi chog‘i, Xoliqul jiddiyat ila:
— Hozir yetib boraman, — dedi va yonida qo‘l qovushtirib turgan yigitga qarab bosh irg‘adi.
Yigit zipillab pastga tushib ketdi. Shuni kutib turganday darvoza yoniga qop-qora, uzun mashina kelib to‘xtadi. Xoliqul shu tomonga yura boshladi.
Mixliboy muallim hammasi tugayotganini his qildi. Xoliqul ketib bormoqdaydi. Qaytib keladimi, kelmaydimi — Xudo biladi. U yoqda esa muallimni farzandlari, yana kamida o‘ttizta iltimoschi sarg‘ayib kutib turishibdi. Go‘shtini xomtalash qiladi ular!
Muallim pastga otildi. Zinalardan chopib tusharkan, o‘z gavdasini o‘zi tutib turolmasdan shiddat bilan borib qora mashinaning orqa eshigiga urildi va jon achchig‘ida eshikni ochib, ichkariga kirib olmoqchi bo‘ldi. Muallimning rejasi bu safar ham o‘ta jo‘n edi: orqa o‘rindiqqa joylashib oladi-da, to ish joyiga yetib borgunga qadar Xoliqulga qishloq yangiliklarini gapirib ketadi, orada to‘yonani va iltimosnomani ham topshirishni uddalaydi.
Biroq nechukdir rangi quvday o‘chib ketgan boyagi yigit jon alpozda muallimni quchoqlab olgancha nariga surib ketdi. Shu payt Mixliboy muallim Xoliqulning:
— Kim ekan u? — deb so‘raganini eshitdi va bir amallab boshini shu tomonga burdi.
Xoliqul muallimga diqqat bilan tikildi.
— Bu menman, Xolijon… jon aka… — dedi Mixliboy aka yolvorib. — Seni o‘qitganman. Maktabda. Mixliboy muallimman.
Xoliqul nimanidir eslayotganday bir zum o‘ylanib qoldi. Keyin yonida qo‘l qovushtirib turgan yigitchaga o‘girildi:
— Domlaga bir lagan osh bering…
Shu so‘zlarni aytgach, Xoliqul horg‘in qiyofada boshqa bir yigit tavoze ila eshigini ochib turgan mashinaga o‘tirdi. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi…
Muallim shu kuni hamqishloqlari bilan ortga qaytmadi…