Abdulla Qahhor. Yangi yer (Shohi so‘zana) (komediya)

YaNGI YeR

(ShOHI SO‘ZANA)

Komediya

4 parda, epilogi bilan

QATNAShUVChILAR:

D ye h q o n b o y — komsomol, frontovik.
X o l n i s o — uning onasi.
O m o n — Dehqonboyning ukasi.
H a f i z a — komsomol, Dehqonboyning qaylig‘i.
H a m r o b u v i — Hafizaning onasi.
M a v l o n — Hamrobuvining ukasi, brigadir.
R a h i m j o n — kolxoz raisi.
O d i l o v — kolxoz partiya tashkilotining sekretari
Q o‘ z i ye v — komsomol, frontovik.
S a l t a n a t — kolxoz pravleniyesining sekretari.
E r m a t — samovarchi.

BIRINChI PARDA

Pastakkina devor sahnani ikkiga bo‘lgan. Bir tomonda X o l n i s oning, ikkinchi tomonda H a m r o b u v ining hovlisi. O‘rtada eshikcha. H a f i z a o‘z uyi derazasi oldida xat yozib o‘tiribdi.

T o v u sh (ko‘chadan). Hafiza! Dehqonboy! Majlisga.

Uydan H a f i z a yugurib chiqadi.

H a f i z a (devor osha ko‘chaga tomon). Hali erta-ku!.. Hozir boramiz!..

Xolnisoning uyidan O m o n chiqadi.

O m o n. Hafizaxon opa, akam soqol olayotibdilar. Agar bemalol bo‘lsa, birpas kutar emishsiz… Ertalab soqol olgan edilar, hali o‘sgani yo‘g‘-u, yana qirtishlab yotibdilar. Nega bunaqa qiladilar-a, Hafizaxon opa?

H a f i z a. Soqoling chiqqanda bilasan, hali go‘daksan.

O m o n. Men-a? Men go‘dakmi? Go‘dak bo‘lsam nega komsomolga oldilaring? Sizni qarangu! (Kerilib.) Komsomol majlisiga ketayotibman.

H a f i z a. Omonxon! Hali majlisga bir soat bor-ku!

O m o n (nasihatomuz). Komsomol majlisiga kechikmayin degan odam oldin boradi. (Velosipedini yetaklab chiqib ketadi.)

Dehqonboy soqol olganidan keyin yuvingani chiqadi.

H a f i z a. Dehqonboy aka! (Qo‘lidagi qog‘ozini ko‘rsatib.) Mana, mana shundoq boshladim: «Biz komsomollarning Mirzacho‘lga yurishi to‘g‘risida komsomol s’ezdining chaqirig‘ini ma’qullab…» Mana, o‘qing!

D ye h q o n b o y (xatga ko‘z yugurtirib). Juda yaxshi. Bilasizmi, Hafizaxon, Mavlon akaga havasim keladn. Xo‘b tog‘angiz bor-da! Ajoyib paxtakor! Jiyani o‘zidan ham yaxshi!

H a f i z a. Jiyani tog‘asiga yetguncha hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Qishlog‘imizdan birinchi bo‘lib Mirzacho‘lga ketgan kishi!..

D ye h q o n b o y. Yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsa ham yuragida o‘ti bor. Yoshlarga ibrat bo‘ldi. Mana endi biz ham tog‘angizdan ibrat olib Mirzacho‘lga boramiz…

H a f i z a. Sekin… Majlis o‘tguncha ayam bilmasinlar.

D ye h q o n b o y. Nima, Mirzacho‘lga borishingizga qarshi bo‘larmikinlar? Borsangiz tog‘angizning oldiga borasiz-da. Lekin hali men ham ayamga aytganimcha yo‘q.

H a m r o b u v i ayvonga chiqadi,

H a f i z a. Xolniso xolamni-ku yo‘lga solish jo‘n, lekin mening ayam… dod solib majlisga borishdan ham toymaydilar.

H a m r o b u v i. Qizim, nima deyapsan, mening to‘g‘rimda gapirayotibsanmi?

H a f i z a (shoshib qoladi, Dehqonboyga). Ana…

D ye h q o n b o y. Salom, Hamrobuvi xola, yaxshimisiz?

H a m r o b u v i. Shukur, bolam, yaxshilikka xo‘p yaxshiman-ku, bemavrid qariganimga xafa bo‘laman-da! Qariganingdan keyin mana bunaqa bo‘lar ekan, yoshlar bir chekkaga surib qo‘yishar ekan…

D ye h q o n b o y (xavotir olib). Nega?.. Nima bo‘ldi?

H a m r o b u v i. Mayli, nima ham deyman, indamayman.

H a f i z a (Dehqonboyga). Ayam eshitibdilar…

H a m r o b u v i. Qulog‘im og‘ir. Quloq o‘lgur og‘ir! Lekin har nechuk, kar emasman. Eshitaman, eshitganimda ham, nima der edim, indamayman. Majlis soat sakkizda bo‘lsa…

H a f i z a (Dehqonboyga). Aytmadimmi…

H a m r o b u v i. Majlisga yetib boraman degan kishi uydan ertaroq chiqqani yaxshi deyman, xolos.

D ye h q o n b o y (ko‘ngli joyiga tushib). To‘g‘ri, xola.

H a f i z a. Rost aytasiz, ayajon, tezroq boraylik bo‘lmasa.

D ye h q o n b o y. Xo‘p, biz ketdik, xola.

H a m r o b u v i. Shoshmagin, bolam, Dehqonboy, bir og‘iz gapimbor.

D ye h q o n b o y. Jonim bilan.

H a m r o b u v i. Hafiza hali yosh, zveno bo‘lsa ham, har qalay yosh. Siz aqllik, bu yerda ham, urushda ham o‘qigan yigitsiz. Shundoq bo‘lgandan keyin o‘zingiz ayting, to‘ysiz, nikohsiz ikkovlaring bir eshikdan chiqsalaring qandoq bo‘ladi? El-yurt nima deydi? Mayli, men nima ham deyman, indamayman…

D ye h q o n b o y. Ha… bundoq deng… Mayli, mayli, xolajon, men o‘zimizning zshikdan chiqa qolay.

H a f i z a. Xo‘p, xo‘p, ayajon.

H a f i z a bilan D ye h q o n b o y har qaysisi o‘z eshigidan chiqadi va ko‘chada ko‘rishadi.

D ye h q o n b o y. Salom, Hafizaxon! Yaxshimisiz?..

H a f i z a. O‘zlaridan so‘rasak… Ko‘rinmaysiz?..

Ikkovi kulib, qo‘ltiqlashib ketadi.

H a m r o b u v i. Umringdan baraka topgurlar, ko‘p qobil bolalar-da!

X o l n i s o o‘z ayvoniga chiqadi.

X o l n i s o. O‘rtoq, bolalar ketishdimi?

H a m r o b u v i. Ha, bir-biriga xo‘p munosib-da!.. Ikkovining ham umrini bersin!

X o l n i s o. Zap qizingiz bor-da! Onasining bolasi-da, onasining bolasi!.. Toleimdan o‘rgilay, peshonamga shunday kelin bitibdi!

H a m r o b u v i. Dehqonboy-chi? Dehqonboyday yigit yetti iqlimda topilarmikin? Qani endi har bandayi mo‘minga Dehqonboyday kuyovu sizday qaynana nasib qilsa!

X o l n i s o. Bu yoqqa chiqsangiz-chi, quda, birpas chaqchaqlashaylik.

H a m r o b u v i. Jonim bilan… Ko‘sagimni olib chiqa qolay bo‘lmasa. Qimirlagan qir oshar…

Kitobning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling