SO‘NGGI NUSXALAR
(TOBUTDAN TOVUSh)
Uch parda, yetti ko‘rinishli komediya
QATNAShUVChILAR
Suxsurov Nusrat — poraxo‘r.
Netayxon — Suxsurovning xotini.
Obidjon — Netayxonning o‘gay ukasi.
Qori — qo‘shni, machit imomi.
Yusuf — Suxsurov boshliq muassasa xodimi.
Hojar — Suxsurovlarning asrandi qizi.
Shobarot — qamalgan kishining ukasi.
Navro‘zov — militsiya kapitani.
Chol.
Birinchi guvoh.
Ikkinchi guvoh.
Militsionerlar.
Voqea bizning kunlarda bo‘lib o‘tadi.
BIRINChI PARDA
BIRINChI KO‘RINISh
Machitga devor qo‘shni Nusrat Suxsurovning hashamatli hovlisida mehmonxona. Uning bir eshigi hovliga, ikkinchisi ko‘cha eshigiga tomon ochiladi. Burchakda kattakon qora pechka. Pechka mehmonxonadan yoqiladi. Divan. Qoziqda salla bilan to‘n. Bu yerda tuni bo‘yi ichkilik bo‘lgan. Xontaxtada konyakdan bo‘shagan shishalar, keragidan ko‘proq ryumka, qolgan-qutgan ovqat. Hamma uchib yotibdi: Nusrat Suxsurov divanga intilganu yetolmagan; Yusuf Suxsurovning bir oyog‘ini quchoqlaganicha qolgan; fartuk tutib olgan Qori sichqon poylagan mushukday jag‘ini xontaxtaga qo‘yganicha pishillab yotibdi. Suxsurov baland, Yusuf undan pastroq xurrak tortmoqda. Xo‘roz qichqiradi. Ichkaridan sochlari to‘zigan, yelkasiga naridan-beri bir nima tashlab olgan Netayxon ich ko‘ylakda kiradi, hammaga, ayniqsa Suxsurovga diqqat bilan razm soladi; hamma qattiq uyquda ekaniga ishonganidan keyin kelib Qorini turtadi.