Abdulla Qahhor. Og‘riq tishlar (komediya)

OG‘RIQ TIShLAR

To‘rt pardali komediya

Epilogi bilan

QATNAShUVChILAR:

N a s i b a — o‘rta maktab o‘quvchisi.
R o h i la — o‘ning onasi.
M a r a s u l H u z u r j o n ov — Nasibaning eri, tish doktori.
F o t i m a — uning onasi.
Z u h r a — Fotimaning singlisi. Nasiba o‘qiydigan maktabning qorovuli.
P o‘ l a t j o n D o m l a — maktabning direktori.
N a z i r a }
V ye r a } Nasibaning dugonalari.
A h a d j o n Z a r g a r o v — rayijrokom raisining o‘rinbosari.
O q i l a — uning birinchi xotini.
X u m o r x o n — uning ikkinchi xotini.
R i z a m a t — Xumorxonning tog‘asi, rayijrokomning xo‘jalik mudiri.

Voqea bizning kunlarda bo‘lib o‘tadi.


BIRINChI PARDA

BIRINChI KO‘RINISh

Marasul Huzurjonovning o‘z hovlisidagi kabineti. Kabinetni ko‘cha tomonidagi derazadan ko‘ramiz. Derazaning ikki tomonida yozuvlar, «Tish doktori. Tish texnigi. Yo‘l muyulishidan». M a r a s u l, bekorchilikdan pashsha tutib o‘tiribdi. Z a r g a r o v kiradi.

Z a r g a r o v (soatiga qarab). Marasul, uka, Oqila kelmadi-ku? A, Oqiladan darak yo‘q-ku?
M a r a s u l. Oqilaxon opam… Avtobus soat uchda keladi. Lekin, ertalabki avtobusga chiqolmasam, tushgisiga chiqarman degan edi.

P a u z a

Z a r g a r o v. Hm… Qattiq xafa emasmi?
M a r a s u l. Ustiga xotin olasizu, xafa bo‘lmaydi-mi?
Zargarov. Yo‘q, avzoyidan janjal qiladigan emasmi demoqchiman?
M a r a s u l. Yo‘q… yig‘ladi!
Z a r g a r o v. Yig‘ladi. Xayriyat! Yig‘lagan bo‘lsa janjal qilmaydi… Kimni oldi, deb so‘ramadimi?
M a r a s u l. So‘radi. Xumorxon degan bir juvonni oldilar, dedim.
Z a r g a r o v. Tinch kelib ketadi degin? Shundoq bo‘lsa ham nasihat qilib, etini o‘ldirib, undan keyin meni chaqirgin. Men uyda bo‘laman. (Chiqmoqchi bo‘ladi).

Ichkari eshikdan F o t i m a kiradi.

F o t i m a. Hoy, onang aylansin. Marasul… (Zargarovni ko‘rib.) Assalomu alaykum… Marasul, ish buziladiganga o‘xshaydi-ku: ZAGSning qog‘ozi bo‘lmasa dom-la-imom nikoh o‘qimas emish.
Z a r g a r o v. Nikoh? Shu gapni mening oldimda gapirmasangiz nima qilar edi!
M a r a s u l (qabulxona eshigiga qarab-qarab onasiga). Sekinroq gapirsangiz-chi! (Zargarovga yolvorib.) Yana bitta akalik qiling, jon aka! Bir og‘iz aytib qo‘-ying!
Z a r g a r o v. Jinni bo‘ldingmi?.. Endi domla-imom-ga «niqoh o‘qi» deyishim qoldimi?!
M a r a s u l. Yo‘q, ZAGSga aytib qo‘ying deyman! Gapga tushunmaydigan bir odam o‘tiripti… hech ko‘nmaydi!
(Trubkaga.) Yigirma bir o‘n, ikki… ZAGSmi? Kim? Siz bilan rayon ijroiya komitetining rais o‘rinbosari o‘rtoq Zargarov gaplashmoqchilar! (Trubkani Zargarovga beradi.) ZAGS mudiri!
Z a r g a rov (trubkaga). Him… salom… Doktorning ishini to‘g‘rilab beringlar! Marasul Huzurjonovning ishini… Qiz yosh?!
F o t i m a. Yosh emas, yilma-yiliga o‘n sakkizga kirgan!
M a r a s u l. Yosh emas, o‘n sakkizda, men bilaman deng!
Z a r g a r o v. Yosh emas, o‘n sakkizda, men bilaman deng… yo‘q, men o‘zim bilaman! A? To‘qqizinchi sinfda o‘qisa o‘qiyveradi-da! Men to‘rtinchi sinfda o‘qiganimda yigirma yoshda edim! Menga qarang, javobgarlikdan qo‘rqmang. Har qancha javobgarlik bo‘lsa bizga ortavering… Ko‘taraverib yelkalarimiz qadoq bo‘lib ketgan!
M a r a s u l (uning yelkasini silaydi). Yashang!
Z a r g a r o v (trubkaga). Menga qarang, uka! Mening bu ishga tayin bo‘lganimga hali yil ham bo‘lgani yo‘q, gapimni qaytarib, bunaqa, obro‘yimni to‘kadigan bo‘lsangiz xafalashib qolamiz! A? Kuyov bilan kelin mening oldimda, hozir boradi. Registratsiya qiling, bo‘lak gap yo‘q! (Trubkani zarda bilan qo‘yadi.)
F o t i m a. Xudoyo umringizdan baraka toping! Katta bo‘lish xo‘p yaxshi-da! Kimga nima desa — naqd!
M a r a s u l. Boring, Nasibani maktabidan aytib keling, issig‘ida bora qolaylik!
F o t i m a. Hozir aytib kelaman.
Z a r g a r o v. Lekin men aralashganimni hech kimga og‘zingizdan chiqarmang!
F o t i m a. Xo‘p bo‘ladi. (Chiqadi.)

Ko‘kragiga juda ko‘p znachok taqqan R i z a m a t kiradi.

Z a r g a r o v. Ha, Rizamat! Tish og‘rib qoldimi? Bunaqa araq ichishga tish emas, otning taqasi ham chidamaydi.
R i z a m a t. Araq ichmay qo‘yganman, xo‘jayin!
Z a r g a r o v. Shunaqami… (Ko‘kragini ko‘rsatib.) Uho‘, taqmaganing choynakning qopqog‘i qolipti xolos-a! (Chiqadi.)
R i z a m a t. Menga qara, uka, Rizqixo‘ja ikkoving shu qiliqlaringni menga qilmasalaring nima bo‘lar edi?!
M a r a s u l. Nima qilibmiz?
R i z a m a t. Boshida pisanda qilmovdimmi!… Og‘zingga siqqanini ol, lekin tilla tish deb zanglagan taqa qo‘yma demovdimmi! …
M a r a s u l. Yo‘g‘e! Sizga shunaqa qilamizmi?- O‘tiring-chi…
R i z a m a t (kresloga o‘tiradi). Kechadan beri o‘xchiy berib o‘lib bo‘ldim-ku.
M a r a s u l. Og‘zingizni oching! Uf, bay-bay, ichingiz-da it o‘lganmi!.. (Birdan). E-e-e!.. Attang! Tish qo‘ygan-dan keyin uch kun araq ichmay turing deyish mutlaqo esimdan chiqipti-ya! Qani (tishini ko‘rib). Ha, mana tamom… miokardiodistrafiya!
R i z a m a t (cho‘chib). A?
M a r a s u l. Miokardiodistrafiya!
R i z a m a t. Obbo, xudo urdi, endi nima qilaman! Nega aytmading, aytsang tishimga saqich yopishtirib ichar edim-ku…
M a r a s u l. Mutlaqo esimdan chiqipti! Mayli, ziyoni yo‘q, to‘g‘rilaymiz… Siz hozir Rizqixo‘janing‘ oldiga boring, men telefon qilaman, chorasini ko‘radi. Yo‘lda ichib-netib yurmang tag‘in.
R i z a m a t. Yo‘q-yo‘q, xudo xohlasa yetib borarman. (Chiqadi.)
M a r a s u l (trubkaga.) O‘n bir, o‘n sakkiz… Rizqi! Rizamat akaga nuqul o‘zidan qo‘yibsan-ku! Borib-borib o‘rtoq Zargarovning qaynag‘asiga shunaqa qilasanmi! Qo‘ysang-chi, og‘zi ko‘karib yotibdi! Endi bir-birimizni aldashimiz qoldimi! Hozir boradi, to‘g‘rilagin! Araqdan miokardiodistrafiya bo‘lipti dedim, sen ham shunaqa degin. (Turbkani qo‘yadi.)

O q i l a kiradi.

E-e, keling, Oqilaxon opa… Qaysi avtobusda kelishingizni bilmaganim uchun kutib olgani chiqolmadim. Yaxshi keldingizmi?..
O q i l a. Shukur… Qanilar, xotin ustiga xotin olgan Ahadjon boy qanilar?
M a r a s u l. Hozir… (Trubkani oladi.) Yigirma besh, o‘n besh… Ahadjon aka, keldilar… Tezroq chiqing! (Trubkani qo‘yadi.) Oqilaxon opa, ishning foyda chiqa-digan tomonini ko‘zlayverganingiz ma’qul. Janjaldan hech kim baraka topgan emas. Indamay qo‘ya qoling.
O q i l a. Nega indamas ekanman! O‘n yetti yil xizmatini qilib pirovardida ko‘rganim shu bo‘ldimi? Mening yuzimni qilmasa uch bolasining yuzini qilsa bo‘lmasmidi?.. Bundan o‘n yetti yil burun bitta danak eksam hozir soyasida o‘tirib mevasini yer edim. (Yig‘laydi.)
M a r a s u l. Oqilaxon opa… Foyda chiqadigan tomonini ko‘zlayvering.

Z a r g a r o v kiradi. Oqila beixtiyor o‘rnidan turadi.

Z a r g a r o v. Ha, yaxshimisan… (Pauza.) Bolalar yaxshimi?
O q i l a (ko‘z yoshini artib). Yaxshi… Xayriyat, bola-lar esingizda bor ekan!
Z a r g a r o v. Ahmoq bo‘lma!.. O‘tir! Endi nima bo‘lib shundoq bo‘lganini aytib o‘tirishga fursatim yo‘q — idorada odamlar meni kutib o‘tiribdi. Bo‘lar ish bo‘ldi, bo‘yovi sindi. Ixtiyor o‘zingda, agar shu gapni ko‘chaga chiqaraman desang, mayli, chiqar, lekin o‘ylab ish qil! O‘zingga qiyin bo‘ladi: uchta bolang bor, qo‘lingda hunaring yo‘q… Yo‘-yo‘q,. ko‘chaga chiqarmayman, sabr qilaman desang…
M a r a s u l. Sabrning tubi oltin!
Z a r g a r o v. Balli! Ot aylanib qozig‘ini topadi!

Magazindan kelayotgan Xumorxon deraza oldiga yetganida qo‘lidagi o‘ramni tushirib yuboradi.

X u m o r x o n. Voy! Marasul aka!.. Qarashib yuborsangiz-chi!
M a r a s u l (Zargarovga). Xumorxon opam!..
Zargarov (darrov kresloga o‘tirib). Oh! Voh! Sug‘ur! Sug‘ursang-chi!
M a r a s u l (omburni chog‘lab). Hozir… Hozir…
X u m o r x o n. Voy, nima qildi?

O q i l a X u m o r x o n ga tikilganicha qoladi.

M a r a s u l (Xumorxonga). Dunyoda tish sug‘urtirishdan yomon azob yo‘q. Siz boravering, ko‘rmay qo‘ya qoling.
X u m o r x o n. Og‘ritmay oling! (Chiqadi.)

O q i l a uning ketidan qarab, asta o‘rnidan turadi.

Z a r g a r o v (cho‘ntagidan pul olib Oqilaga beradi). Ma, bolalarga biron narsa olib ber.
0 q i l a. O‘zingiz qachon borasiz? Bolalar dada deb jonimdan bezor qilishyapti! (Yig‘laydi.)
Z a r g a r o v. Shu hafta ichi boraman. Bolalarni o‘pib qo‘y! Bor!

O q i l a tovush chiqarmay yig‘laganicha chiqib ketadi.

M a r a s u l. Ahadjon aka, juda qaltis ish-da… bir chuvingiz chiqsa bormi — bu yog‘ingiz raykom, bu yog‘ingiz prokuror-a!
Z a r g a r ov. E, vahima qilaverma!
M a r a s u l. Odam qarigan sayin yoshini xohlar ekan-da!.. Xumorxonni olmasdan shunday o‘ynashib yuraversangiz bo‘lmasmidi?
Z a r g a r o v. O‘ynashib yurib shunaqa bo‘lib qoldi-da! Bir kuni «bo‘yimda bo‘lib qoldi» deb yig‘lab keldi. Yolg‘on ekan-ku, qo‘rqqanimdan, qorni ko‘zimga katta ko‘-rinibdi. Shu!.. «Tog‘am bilib qolsa meni so‘yadi, xotin ustiga bo‘lsa ham ol», deb turib oldi. Tog‘asi boyagi Rizamat, o‘shanda ham menda zavxoz edi, har kuni salomga kiradigan bo‘lib qoldi: har kirganda «so‘yib kelmadimikin» deb yuragim jig‘ etib ketadi, degin!.. Bundan tashqari, o‘ylab qarasam, bizday odamning bisotida bitta kulturniyroq xotin bo‘lsa ham ziyon qilmas ekan. O‘zing o‘ylab ko‘r: xotining bo‘lsa-yu, orada gaplashguday gap bo‘lmasa, biron joyga olib borolmasang, mehmon kelganda dasturxonda ortiqcha bo‘lib o‘tirsa!.. Qiyin-da! Bechora Oqila, o‘zi juda halol, mehnatkash, bolalarga juda mehribon, qisqasi bahosi yo‘q xotinu, orqada qolib ketdi!
M a r a s u l. Savodi bor shekilli?
Z a r g a r o v. Bor edi! Bir oz bor… juda yosh olgan edim-da, yettinchimi, sakkizinchimi sinfda o‘qir edi. Keyin o‘qiyolmadi: katta dargoh, bola-chaqa, qozon-tovoq… Qolib ketdi!.. Qo‘y bu gaplarni! Meni yana biron uch ming so‘m qarzdor qilib tur. Xumorxonni kurortga jo‘natmasam bo‘lmaydi. Oqilaning tapti bosilguncha ko‘zdan nariroq turgani ma’qul.

F o t i m a kiradi.

F o t i m a. Nasiba darsda ekan, aytdim, hozir dars tamom bo‘lishi bilan keladi.
M a r a s u l. Pulingiz bormi? Ahadjon akamga yana uch ming so‘m zarur bo‘lib qolibdi.
F o t i m a (shoshib). Pulim yo‘q.
M a r a s u l (qulog‘iga). Undoq demang, bering, kerakli odam.
F o t i m a. Hadeb olaveradimi?.. Koshki bersa!.. (Ichki belbog‘idan pul olib tez sanab beradi.) Ming! Ikki ming!.. Uch ming!

Qizlarning ashulasi, N a s i b a ning «Sizlar ketaveringlar, orqalaringdan yetib boraman!» degani eshitiladi. Hamma derazadan qaraydi.

N a s i b a (kiradi). Salom…
F ot i m a. Aylanay…
M a r a s u l. Ie, kiyinmasdan kelibsiz-ku!
F ot i m a. Voy, girgitton! Kiring! Kiring!
Z a r g a r o v (Nasibaga zehn solib). Him… (Marasulga.) Formada olib bora ko‘rma, formani ko‘rib ZAGS mudirining jini qo‘zg‘amasin tag‘in.
M a r a s u l. Yo‘-yo‘q! Xudo urdimi!
Z a r g a r o v. Bo‘yi juda past ekan-da!
F o t i m a. Tufli bor! Poshnasi bir qarichlik tuflimiz bor!
Z a r g a r o v. Xo‘p, boringlar, hashamini keyin qilasizlar. Xo‘p, men ketdim, odamlar kutib qoldi. (Chiqadi.)
F o t i m a. Qani, yuring, girgitton!

Ikkovi ichkariga kirib ketadi. Marasul ashula aytib asboblarini  yig‘ishtiradi va kiyinadi. Ichkaridan Fotima, boshqa ko‘ylak va baland poshna tufli kiygan N a s i b a zo‘rg‘a yurib chiqadi.

M a r a s u l. Qani, ketdik!
N a s i b a (Fotimaga). Tag‘in ZAGSga boramizmi?
F o t i m a. Bu safar beto‘xtov ZAGS qiladi, Ahadjon akangiz buyurdilar.
M a r a s u l. Endi portfelning keragi yo‘q. (Portfelni olib uloqtiradi.)
F o t i m a. Boringlar! Ilohi omin!.. Tezroq qaytinglar, oshning guruchini solmay turaman!

M a r a s u l bilan N a s i b a chiqadi. Fotima kresloga o‘tirib yuziga fotiha tortadi.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.