“Keng eshituvchilar ommasiga mo‘ljallangan” notiqlardan biri ishdan qaytib kelganida xotini bo‘yniga osilib, ko‘ziga yosh oldi.
– Siz meni yaxshi ko‘rmaysiz… Turmushimizdan xursand emassiz… Shu soatgacha, shu minutgacha kutdim, bir og‘iz aytmadingizki, bir yostiqqa bosh qo‘yganimizga bir yil bo‘ldi…
Notiq haqiqatdan buni unutgan edi, lekin gap otdi:
– Ie, – dedi, – hali to‘yimizga bir yil bo‘ldimi! Bir yil? Shunday rohat turmushimizdan, shunday shirin umrimizdan darrov bir yili ketdimi! Oh, dod deyman…
Xotin iljayib, turli noz-ne’mat gullar bilan bezatilgan stolni ko‘rsatdi. Er-xotin o‘tirishdi. Xotin ryumkalarga vino quyib:
– Qani, – dedi, – bir nima demaysizmi?
– Bir nima deyaymi?
– Voy, hali indamasdan ichmoqchmisiz?
Notiq ryumkani olib o‘rnidan turdi. Qoshlari chimirildi, rangi bir oz o‘zgardi, avval ryumkaga, keyin uyining burchagiga qarab so‘z boshladi:
– O‘rtoq rafiqam! Ijozat berasiz, xushchaqchaq hayotimizni sharaf bilan davom ettirib, oilaviy burchimizni namunalik bajarib kelayotganimizga bit yil to‘lgan kunda sizni bevosita tabrik qilishga!
Xotin bu muqaddimani hazil gumon qilganligi uchun qiyqirib chapak chaldi. Notiq yana ham jiddiyroq qiyofada davom etdi:
– Bundan 365 kun muqaddam siz bilan biz o‘z hayotimizda qat’iy burilish yasab, zo‘r sinovlar sharoitiga bevosita qadam qo‘ydik. Ilgarigi vaqtda faqat erkak, endilikda esa ham erkak, ham xotin boshchilik qiladigan oila masalasi o‘zingizga ma’lum bo‘lganligi uchun bunga keng ravishda to‘xtab o‘tirishni lozim ko‘rmayman.
Notiq oila to‘g‘risida o‘z fikrini bayon qilganidan so‘ng “Xotin va sotsializm” degan kitobning bir yeridan uch, yana bir yeridan ikki, yana bir yeridan bir yarim sahifa o‘qib berdi. Xotin bu orada ikki marta og‘zini ochmasdan esnadi, qo‘lidagi ryumkani stolga qo‘ydi. Notiq davom etdi:
– Siz bilan biz bir yillik oilaviy faoliyatimiz natijasida qanday yutuqlarga erishdik? Avvalo shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, biz u yoki bu masalada yuz beradigan prinsipial kelishmovchiliklarni chetdan kuch jalb qilmasdan o‘z kuchimiz bilan, o‘zaro muhokama qilish yo‘li bilan bevosita bartaraf qiladigan bo‘lib qoldik. Ikkinchidan, o‘rtoq rafiqam, oilamizni tashkiliy xo‘jalik jihatidan misli ko‘rilmagan darajada mustahkamladik. Men bu bobda faktlarga murojaat qilib o‘tirmayman, chunki ordenli onangiz o‘zlarining har bir tarixiy kelishlarida bu narsani ayrim ravishda qayd qildilar. Notiq suv bo‘lmaganligi uchun vinodan ho‘plab davom ettirdi:
– Xo‘sh, bu yutuqlarimiz kamchiliklarimizni qoplab, bizni xotirjamlikka solishi mumkinmi? Agar biz kamchiliklarimizdan bevosita ko‘z yumib, yashasinchilik kayfiyatlariga berilib ketadigan bo‘lsak, xato qilgan bo‘lamiz. Bizda kamchiliklar bormi?
Bor, oz emas! Masalan iyul oyining birinchi yarmida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda yo‘l qo‘ygan jiddiy nuqsonlarimizni olaylik. Bu masalada ikkovimizning ham jinoyatkorona sovuq qarashimiz orqasida qator chirishlar, buzilishlar, ko‘karishlar yuz berdimi? Fakt! Buni nimna bilan oqlash mumkin? Hech narsa bilan!
Notiq qizishib ketdi.
– Ikkinchi masala, ya’ni ichki imkoniyatlardan foydalanish masalasini olaylik. O‘zingizga ma’lum, bizda yuqori sifatli mis choynak bor. Shu choynakning qopqog‘i bugungi kunda yo‘q. Bu haqda biz bir-birimizga signal berdikmi? Yo‘q! Agar biz o‘zi bo‘larchilikka uzil-kesil barham berib qopqoq masalasini kun tartibiga ko‘ndalang qo‘ysak, agar biz shu choynakni o‘z vaqtida tegishli qopqoq bilan bevosita ta’min qilsak, samovarimiz safdan chiqqan kunlarda hal qiluvchi rol o‘ynar edi. Afsuski, biz bu masalaga murosasozlik ko‘zi bilan qaradik. Bugungi kunda choynagimiz qopqoqqa ega emas, mutlaqo ega emas.
Xotin sekin uh tortdi. Notiq buni payqab “to‘satdan qattiqroq tanqid qildim, shekilli” degan andishaga borib, so‘zini yo‘qotib qo‘ydi, shuning uchun so‘zining oxirini yumshatishga kirishdi:
– Lekin bu kamchiliklarga qaramay, turmushimizni a’lo darajada olib borayotganligimizga hech qanday shak-shubha bo‘lishi mumkin emas deb hisoblash mumkin. Shu bilan qisqacha so‘zimni tamom qilib, oilamiz bundan keyin ham sharaflar bilan qoplanajagiga to‘la ishonch bildirishga ijozat bering! Bu ryumkani mana shuning uchun ko‘tarishdan burun o‘z muhabbatimni yana bir marta amaliy suratda izhor qilgani ruxsat berishingizni talab qilaman.
Xotin uning harakatidan “o‘pich ber” degan ma’noni angladi-da:
– O‘pichmi? Hech bo‘lmasa shuni to‘g‘ri ayta qolsangiz nima bo‘lar ekan! – dedi.
– Qanday, – dedi notiq hayron bo‘lib, – bitta o‘pichni deb nutqimni buzaymi?
Notiq o‘tirdi. U o‘tirganida yana asliga qaytdi. Xotin uning har bir so‘zidan zavqlanar, kular edi.