Goho yer mehrini o‘ylarkan,
Esga tushar dorning siyog‘i;
Ajab hikmat: odam o‘larkan
Uzilganda… yerdan oyog‘i.
Abdulla Oripov
To‘qqizinchi sinf a’lochilaridan, temir-tersakni hammadan ko‘p yig‘ib, oti radiodan aytilgan va maktab ma’muriyatidan rahmatlar eshitgan Zuhraxon degan qiz yo‘qolib qoldi.
O‘sha kasofat shanba kuni maktabdan qaytishda Zuhra kitob-daftarlarini opasi Fotimaga berib, lola tergani qirga chiqqan ekan, qaytib kelmabdi. Uning ota-onasi avvaliga qarg‘ab, keyin yig‘lab butun lolazorni, butun qishloqni taka-taka qildi. Maktab ma’muriyati bulardan ham ko‘proq jon kuydirdi — jamoa ijroqo‘miga aytib butun qishloqni oyoqqa turg‘izdi, tumanga ma’lum qildi, chunki sinfda a’lochi qiz to‘rtta bo‘lsa —Zuhra uning yigirma besh protsentini tashkil qilar edi.
Chol-kampir boshqa xunuk xayollarga bormaslik uchun bir-birini ovutdi: Zuhra qoqvosh, ta’bi nozik, dimog‘dor qiz bo‘lib, maktabdoshlariga qo‘shilmas edi, shahardan lola tergani chiqqan qizlardan birontasi ta’biga yoqib, o‘sha bilan o‘ynab ketgan bo‘lsa ajab emas. (“Biron yigit bilan qochib ketmadimikan”, degani til bormas edi.) Ko‘ngliga yo‘l berish mumkin bo‘lgan va birdan-bir xayriyatli gumon shu bo‘lib qoldi. Haqiqatan, shanba va yakshanba kunlari shaharlik yoshlar bitta danak topsa shu lolazorga kelib chaqib yer edi. Bularning ichida chiroyligi bor, sho‘xi bor, boyvachcha tabiati bor, bevoshi bor… Buning ustiga Zuhra nihoyatda ko‘zga yaqin, bir qaragan kishi, ko‘zi xira tortib, yana qaragisi kelar, xususan, xonatlas ko‘ylak kiyib sochini “laylak uya” qilganida maqtoviga “chiroyli” degan so‘z goh kamlik, goh eskilik qilib qolar edi.
Zuhra o‘ziga munosib, ya’ni yaxshi o‘qiydigan suxsurdakkina biron yigit bilan ketgan, degan umidda chol bilan kampir bir oz taskin topgan bo‘ldiyu, lekin Fotima baloga qoldi: “Zuhra lola tergani boraman, desa, bitta o‘zini yuboraverdingmi? Birga borsang oyog‘ingga kuydirgi chiqarmidi, muncha noshud-notavon, muncha ham anqov-lakalov bo‘lmasang!..”
Kampir bunaqa gaplarni alam ustidagina emas, umuman, kuyib aytar, chunki sho‘x va shaddod Zuhraga qaraganda Fotima bo‘shtobroq, sho‘xlik husnning pardozi bo‘lsa kerak, ikkovi bir olmaning ikki pallasi bo‘lsa ham, Zuhraning oldida uning istarasi so‘nikroq ko‘rinar edi.
Oradan o‘n kun o‘tgach, Fotima maktabdan yig‘lab keldi: Zuhra tufayli sinfda davomat ancha pasaygani uchun uni sinf daftaridan o‘chirmoqchi bo‘lishibdi. Bu gap chol-kampir uchun Zuhraning o‘limi xabari bilan barobar bo‘ldi. Fotima yana zixnovga qoldi:
— Sen palpis-pandavaqi bo‘lmasang, boshimizga shunday kunlar tushmas edi! Zuhra sendan kichik, lolazorga boraman deganida yo‘lini to‘ssang, unamasa, sochidan sudrab olib kelsang bo‘lmasmidi! Ahvoling shu bo‘lsa holingga voy, er olmaydi, boshimga yostiq o‘lasan!..
Fotima bunaqa ta’na-dashnomlarni ko‘p eshitdi, nihoyat, jon-jonidan o‘tib ketdiyu, yig‘lab dedi:
— Ayajon, hamma aybni menga to‘nkayvermang, axir Zuhraga mening so‘zim emas, o‘zingizning so‘zingiz ham o‘tmas edi-ku! Hu ana unda, ozib-yozib bir ish buyurib, “Qizim, to‘rttagina piyoz archib ber” deganingizda teskari qarab, “Men senga malay emasman” degani esingizdan chiqdimi! Shunda ham indamadingiz. Men esimni taniganimdan beri sizga qarashaman, ro‘zg‘or ishini butkul qo‘limga olsamu sizni yetti qavat ko‘rpachaga o‘tqazib qo‘ysam deyman! Nahot, ota-onaning izzatini, xizmatini qilgan kishi malay bo‘lsa! Hamma ayb o‘zingizda, yaxshi o‘qisin, deb Zuhrani juda erkalatib yuborgan edingiz! Qizimning qo‘li qavaradi, deb o‘smasini ham o‘zingiz siqib berar edingiz!
Kampir Fotimaning so‘zlariga qarshi lom-mim deyolmay qoldi: haqiqatan, o‘zi vaqtida o‘qiyolmay qolib, hayotida nima kamlik, qanday qiyinchilik tortgan bo‘lsa hammasini ilmsizlikdan ko‘rgan, zehni o‘tkir Zuhraning ilmga tezroq to‘lishini ko‘zlab, uning maktabdagi kilday yutug‘i oldida uydagi filday gunohini payqamagan edi. Shundan keyin Fotima zixnovdan qutuldi, lekin kampirning g‘amiga g‘am qo‘shildi, Zuhradan xat kelguncha yaqin bir oy bo‘yi o‘zini o‘zi yeb, mushtdakkina bo‘lib qoldi.
Zuhra bosh-keti yo‘q to‘mtoq xatida shundoq debdi:
“Turmush o‘rtog‘im bilan ko‘nglimizning amrini bajarib, baxtiyor oilalar safidan mustahkam o‘rin egalladik va baxtli turmush quchog‘ida oqib, kelajakning nurli cho‘qqilari tomon bormoqdamiz. Sizlar feodalizmning uqubatli quchog‘ida yashagansizlar, yuksak ideallarga asoslangan muhabbat nima ekanini bilmaysizlar, shuning uchun mendan xafa bo‘lmanglar, xursand bo‘ladigan kunlaring yaqinlashib kelmoqda “.
Fotima xatning boshiga “aziz dadajonim, mehribon onajonim”, oxiriga – “sizlarga sihat-salomatlik tilayman” degan so‘zlarni qo‘shib o‘qidi. Xatda na adres bor, na imzo, konvertga shahar o‘n birinchi aloqa bo‘limining muhri bosilgan edi.
Xatning “baxtli turmush, nurli cho‘qqi” degan joylari kampirga tasalli berdi. Lekin chol xatni Fotimaning qo‘lidan yulqib oldi, qo‘yniga tiqdiyu to‘nini yelkasiga tashlab shaharga jo‘nadi va shu ketganicha bir hafta deganda keldi: Zuhrani qidirib o‘n birinchi aloqa bo‘limiga qarashli hamma xonadonga bir-bir bosh tiqibdi: maktab, idora, korxonalardan so‘roqlabdi: nihoyat, shahar militsiya boshqarmasiga uchrabdi. Militsiya to‘rt kundan keyin: «Shaharga bunaqa ayol yozilgan emas», deb javob beribdi.
Kuzga yaqin tumanda katta majlis bo‘lgani, majlisda Zuhra va uning maktabi og‘izga tushgani, xunuk-xunuk gaplar aytilgani to‘g‘risida mish-mish tarqaldi. Bu mish-mishlar ramaqdajon bo‘lib yurgan kampirni yiqitdi. Kampir uzoq yotib qoldi.
Qish o‘tdi. Bahor keldi. Zuhraning na tirigidan darak bor edi, na o‘ligidan. Chol ba’zan, juda kuyib ketgan vaqtlarida boshiga mushtlab: “Juvonmargga aza och, aza ocha qol”, deb yig‘lardi.
Fotima maktabni bitirdi. Uning niyati yana o‘qish edi, biroq chol-kampir: “O‘qish shu bo‘lsa – bas, maktablarga o‘t tushsin”, deb turib oldi. Bundan tashqari, Zuhra bunaqa bo‘lganini, onasi ne ahvolda yotganini ko‘rib Fotima bu niyatidan qaytdi, ish so‘rab raisning oldiga bordi. Rais Fotima haqida onasining «noshud-notavon» qabilidagi so‘zlarini eshitgan ekan, uning aftiga ham qaramasdan, ferma mudiri ixtiyoriga yubordi va ketidan mudirga telefon qilib: “Ish-pish topib ber”, dedi.
Fotima fermada “ish-pish” qilib yurgan edi, bir kuni gapdan gap chiqdiyu, Fotima sigir degan jonivorning befarosatligidan nolib: “Men rais bo‘lsam, sigir boqib o‘tirmas edim, olimlar bilan birgalashib, yem-xashakning o‘zidan sut oladigan mashina chiqarar edim”, dedi. Sog‘uvchilar xo‘p kulishdi. Bu gap raisning ham qulog‘iga yetgan ekan, fermaga kelganida Fotimaning yelkasiga qoqib: “Durust, durust, kallada xom xayol bo‘lsa ham bo‘lgani, kalla bo‘sh turmagani yaxshi”, dedi va oradan ko‘p o‘tmay uni sog‘uvchilikka o‘tkazdi. Bu kunlarda ferma sigirlarni mashinada sog‘ishga o‘tgan bo‘lib, sigirlar hali o‘rganmagan, ko‘pi mashinaning ichagini ko‘rsa yuragi yorilib boshini sarak-sarak qilar, pishqirar, sog‘uvchini suzish payida bo‘lar edi. Fotima pastdan yuqori bo‘lganiga suyunib, mashinaga qiziqib, bu ishga shavq bilan kirishib ketdi.
Kampir o‘sha yotganicha qovun pishigada bir oz o‘ng‘arilib o‘rnidan turdi, lekin ko‘p o‘tmay yana yotib qoldi, shu yotganicha bo‘lak turmadi — vafot qildi. Zuhra azaning to‘qqizinchi kuni kirib keldi. Chol uni ko‘rib qarg‘ashga og‘iz ochdiyu, lekin qarg‘ayolmadi, “Bo‘yning uzilmasin, bolam” deb ho‘ngrab yubordi. Zuhra kattakon qizil ro‘mol o‘rab olgan, katak ro‘molchasini lunjiga bosib soldatchasiga g‘oz turar, aftidan, onasining xotirasini o‘zicha hurmatlar edi. Uning kelganini eshitib qo‘ni-qo‘shni ko‘ngil so‘ragani chiqishdi. Zuhra xotinlarga orqasini o‘girib turaverdi. Fotima, bechoraning yuzi shuvut, deb o‘yladi-da, uni sekin turtib:
— Bunaqa vaqtda hech kim o‘tgan gapni eslamaydi. Uyalma, bularga bir nima degin…— dedi.
Zuhra yuzi shuvut emas, xotinlarning ko‘ngil so‘rashini ham, bunga javoban “ko‘nglimni ko‘targanlaring uchun rahmat” degan ma’nodagi gapni ham eskilik deb bilgani uchun shunaqa qilib turgan ekan, Fotimaga yalt etib qaradi:
— Nimadan uyalaman, erkin muhabbat masalasini Navoiy, Tolstoylar ko‘targan! – dediyu, burilib uyga kirib ketdi. Fotima odamlardan hijolat bo‘lib, uni kasalga chiqardi.
Fotima odamlarni kutdi, kuzatdi, ayvonda allamahalgacha otasi bilan gaplashib o‘tirdi, keyin unga joy solib berdi-da, yotgani uyga kirdi. Zuhra hanuz uxlamagan ekan, yig‘layverib shishib ketibdi. Buni ko‘rib Fotimaning gina-kudurati yozildi, uning qilmishi, yozgan to‘mtoq xati, boyagi gapi xususida ko‘ngliga tugib qo‘ygan o‘pka-ta’na so‘zlarini aytmadi, aksincha, uni yupatdi, turmushini so‘radi. Zuhra bundan o‘n bir oy muqaddam qornida besh oylik bolasi bilan eridan chiqqan ekan.
— Ota-onasi feodal, feodalizmning uyasi, meni cho‘ri, uy cho‘risi qilmoqchi bo‘lishdi! O‘zing bilasan, uy-ro‘zg‘or ishiga uquvim yo‘q, qozon-tovoqni jinimdan battar yomon ko‘raman. Shuning uchun ayam meni faqat o‘qitganlar, men ham yaxshi o‘qiganman. Yo‘q, bularga men oqsoch bo‘lishim kerak ekan! Xizmatchi olgani qo‘yishmadi, “Moskvich”imizni sottirib yuborishdi. Bundan tashqari: “Engsiz ko‘ylak kiyma! Birovning oldida kerishma! Qahvaxonaga buncha ko‘p borasizlar!..” Bezor bo‘ldim! Chiqdim ketdim!.. Lekin erim meni yaxshi ko‘rardi: qo‘lida ko‘tarib yurardi, ko‘chaga chiqsa, albatta bir nima olib kelardi… Bechora uch-to‘rt oy xo‘p qatnadi, yalindi. “O‘sha ota-onang bor ekan, uyingni yelkamning chuquri ko‘rsin”, dedim. Uch marta onasi, bir marta otasi keldi, ikkovini ham qabul qilmadim!
“Qabul qilmadim” degan gapni Fotima hazm qilolmadi, katta boshini kichik qilib kelgan va eshikdan qaytgan mo‘ysafidlarni ko‘z oldiga keltirib yig‘laguday bo‘ldi.
— Ering ota-onasidan kechsinmi?— dedi.
— Kechmasa ham… yoshlar yashashi kerak!
— Bularni to‘rqovoqqa solib shipga osib qo‘yish kerakmi? Shu talabni ering qo‘ysa, sen nima der eding?
Zuhra “bunaqa gaplarni sen tushunmaysan” degan ma’noda boshqa gapga o‘tdi:
— Maktabni durustroq bitirdingmi? Sening toleingga ayam bunaqa bo‘lib qoldilar… Yanagi yilga qaysi institutga kirasan?
Fotima hayron bo‘lib so‘radi:
— Dadamni yolg‘iz tashlab qayoqqa boraman?
— To‘g‘ri, lekin, dadam dunyodan o‘tib borayotipti, sen dunyoga endi qadam qo‘yayotibsan!
Fotima esnab:
— Ishga kirdim, fermada sigir sog‘ayotibman…— dedi.
Zuhra birdan boshini ko‘tardi.
— Nima? O‘n yil o‘qib sigir bilan tappidan boshqa narsaga aqling yetmadimi?
Zuhra arazlab orqasini o‘girdi, lekin Fotima bu ishga vaqtincha, noilojlikdan kirganini, o‘qish to‘g‘risidagi rejalarini aytar, deb xo‘p kutdi, biroq Fotima xayal o‘tmay mushukchaday mayin xurrak otdi.
Fotima tong yorishganda uyg‘ondi. Zuhra undan oldinroq turib, ketib qolibdi — kim biladi, ertalab yana odam yig‘iladi, dedimi, yo “erimdan chiqqanimni Fotima aytib qo‘yadi” degan o‘yda otasiga ro‘para bo‘lgani yuzi chidamadimi…
Zuhraning iziga tushib bo‘lmadi. Fotima uning erdan chiqqanini dadasiga aytmay qo‘ya qoldi, yarashib ketar, deb o‘yladi.
Oylar o‘tdi.
Bu orada Fotima ishga sho‘ng‘ib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, sigir degani yem-xashak, sutu tappidan, sog‘uvchilik ishi yelin tortishu sut chiqarishdangina iborat emas, sigir degan maxluq shuncha befarosatligi bilan sog‘uvchining mehrini, mehnatini, bilimini sezar, shunga qarab sut berar ekan. Fotima shuni bilganidan keyin ishda kun sayin ochila bordi, shundoq bo‘ldiki, rais hisobot-saylov majlisida “kesakdan o‘t chiqqani”ga xursandlik izhor qilib, bir qancha qiziq gaplar gapirganidan keyin uni ilg‘or sog‘uvchilar qatoriga qo‘shdi. Yaxshi sog‘uvchi bo‘lgani, rais qo‘shig‘iga qo‘shgani uchun Fotima kolxozda otning qashqasi bo‘lib qoldi. Faqat sho‘xlik—shaddodlik emas, shuhrat ham husnning pardozi ekan shekilli, Fotima birdan ochilib ketdi: ana qora yolqin tashlaguvchi ko‘zlaru, ana tutab turgan payvasta qoshlaru, yoshlarning ishtahasini ochadigan kuldirgichlaru… Zuhra xonadonga dog‘ solib ketganidan keyin ko‘p odam: “Endi Fotima qariqiz bo‘lib o‘tirib qoladi”, deb taxmin qilgan edi, yo‘q, jazman ustiga jazman chiqaverdi: raisning qaynisi, kolxozning montyori, buxgalterning o‘g‘li, ximizator, apteka mudiri… Fotima yaqinda o‘qishni bitirib, fermaga hayvonot doktori bo‘lib kelgan Samijon degan yigitga mayl berdi.
Samijon ko‘p mulohazali yigit ekan, to‘y cholga ham tatisin, degan maqsadda Zuhrani xo‘p qidirdi, olti hafta qidirib, oxiri daragini topdi. Uning bir o‘rtog‘i Zuhrani shahar kutubxonasining zalida ko‘ribdi. Zuhra zalda o‘tirgan bo‘lsa, demak, kutubxonaga a’zo, a’zo bo‘lsa o‘sha yerda adresi bo‘lishi kerak.
Ikkovi shaharga borib, haqiqatan, kutubxonadan Zuhraning adresini topdi. Zuxra markaziy hammom qoshidagi sartaroshxonada kassir bo‘lib ishlar ekan. Samijon eshikda qolib, sartaroshxonaga Fotima kirdi va ko‘k yog‘och panjara ichida o‘tirgan Zuhrani ko‘rib yuragi shig‘ etib ketdi: ozib cho‘p bo‘lib ketibdi, bukchayibdi, shunday sochdan chilvirdakkina ikkita kokil qolibdi…
Zuhra Fotimaga ko‘zi tushib, xuddi yalang‘och o‘tirganida ustiga birov kirib qolganday shoshib, sariq ro‘molini yelka aralash boshiga tashladi, beixtiyor panjaradan chiqib keldi.
— Nega, nega kelding?.. Men bu yerda vaqtincha ishlab turibman…
— Yaxshimisan… Ering yaxshimi, — dedi Fotima “yarashdingmi” deyolmay.
— Ketib qolgan, allaqachonlar ketib qolgan. Leningradda, o‘qishda…
— Bolang katta bo‘lib qoldimi?..
— Venera bog‘chada, — dedi Zuhra va bundan ortiq gap so‘rashini istamadi shekilli, o‘zi savol berdi: — Erga tegayotgan emishsan deb eshitdim, kim o‘zi?
Fotima to‘y uning qishloqqa borishiga qarab qolganini aytishga shoshilib:
— O‘zimizning qishloqdan, fermada hayvonot doktori, – dedi.
Zuhra labini burdi.
— Sigir doktori degin! Tappi tappidan yiroq tushmas ekan-da!
Fotimaning dami ichiga tushib ketdi. Shu asnoda Samijon kirib keldi. Fotima ikkovini tanishtirishini ham bilmay qoldi, tanishtirmasligini ham, lekin uning Zuhraga tomon iljayib borayotganini ko‘rib “Samijon!” deyishga majbur bo‘ldi. Zuhra kuyov shu ekanini bilib, unga ko‘z qirini tashladi, hindchasiga kaftlarini juftlab ta’zim qilib qo‘ya qoldi. Samijon o‘sal bo‘lib to‘xtadi, so‘rashgani uzatmoqchi bo‘lgan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha orqaga tisarildi. Shu on bir mijoz kassaga pul to‘lagani keldi-da, Zuhra chopib borar ekan, Fotimaga qarab: “Bir aylanib kelinglar, keyin uyga boramiz”, dedi. Samijon ta’zim qilib chiqib ketdi. Fotima Samijonning oldida Zuhraning qilmishidan uyaldi, uni uzib-uzib olmoqchi bo‘lib panjaraning oldiga bordi, lekin uning mijoziga qilgan muomalasidan yuragi tor, jizzaki bo‘lib qolganini fahmlab, shashtidan qaytdi.
— Zuhra, jigarim,— dedi hazil yo‘sinida,— onang hindi emas edi-ku, kuyov bilan o‘zimizcha qo‘l berib so‘rashsang nima qilardi? “Bir aylanib kelinglar” deganing nimasi, uyingga olib boradigan bo‘lsang, adresingni ayt, kalitingni ber, biz borib turaylik!
Zuhra qip-qizarib ketdi, cho‘ntagidan kalit olib, ikki barmog‘i bilan Fotimaga uzatdi, adresini aytdi.
Fotima Zuhraning qilmishi haqida uzr so‘rab, Samijonga uning hali odam ko‘rmaganini, odob-axloq o‘rganmaganini, shu tufayli bo‘lsa kerak, uyi buzilganini aytib berdi.
Zuhra parkdan nari to‘rt qavatli imoratning zinasi ostidagi uyda turar ekan. Fotima sirtqi eshikni ochib yo‘lakka kirdi, ikki tomonda ochiq turgan eshiklardan uy bilan oshxonaning ahvolini ko‘rib Samijondan nomuslarga o‘ldi.
— Voy, kim aytadi shu uyda xotin kishi, yoshgina juvon turadi deb!
Samijon uni xijolatdan chiqarishga shoshildi:
— Ziyoni yo‘q, ayni muddao! Zuhraxon yosh, yolgiz, oyog‘i toyilmadimikan deb qo‘rqqan edim, yo‘q, xayriyat… bu uyga erkak zoti emas, odam bolasi oyoq bosmaganga o‘xshaydi. Bechoraning dugonasi ham bo‘lmasa kerak.
Ikkovi uy bilan oshxonani yig‘ishtirdi, tozaladi.
Ishdan keyin Zuhra sariq qog‘oz xaltachada bir nima ko‘tarib keldi, oshxonaga kirib ketdiyu, ko‘p o‘tmay uyga tovoqda ovqat ko‘tarib kirdi. Ovqat aslida chuchvara bo‘lib, qaynatishda sovuq suvga solingan bo‘lsa kerak, xamiri bilan qiymasi qorishib yotar edi. Zuhra magazindan olingan tayyor chuchvarani qaynatishni ham bilmaganidan zarracha xijolat emas, aksincha, qozon-tovoqqa yo‘qligini shu bilan yana bir marta pisanda qilganidan mamnun ko‘rinar edi. Fotima tegishdi:
— Ilgari ayamga malay, qaynanangga cho‘ri bo‘lib qolishdan qo‘rqib, qozon-tovoqqa qo‘l urmasding, endi nimadan qo‘rqasan, hech bo‘lmasa o‘zing uchun o‘rgansang bo‘lmaydimi?
Zuhra kuldi.
— Shu bilganim o‘zimga yetadi, chuchvaradan maqsad, go‘sht bilan xamir yeyish bo‘lsa ikkovi ham turibdi, qo‘shib yeyaveraman!
— Axir bir kuni ering kelar, yarasharsizlar… Zuhra yarashishdan umidi bo‘lmasa kerak:
— Men ozodligimni hech qanaqa erga alishmayman! — dedi.
— Yolg‘izlikning o‘zi bir tutqunlik emasmi? — dedi Samijon kulib.
Zuhra eri to‘g‘risida qizishib gapira ketdi, bu gaplarning tagida faqat: “Mening qadrimga yetmadi, menday xotinning qadriga yetmadi” degan bir alam yotar edi. Bu alam, aftidan, uni kemirib, so‘rib, darmonini quritibdi va “dunyo shu o‘zi, hayotda hech kim o‘z qadrini topolmaydi”, degan ko‘yga solib qo‘yibdi. Endi ma’lum bo‘lishicha, Zuhraning uy tutishi, kiyim-boshi, o‘ziga qaramay qo‘yganligi shuning oqibati, hozirgi har bir gapi, harakati shuni ta’kidlar, hatto dasturxonni yig‘ishtirganida, bo‘sh tovoqni olib chiqib ketayotganidagi raftori, aft-angori, butun vujudi: “E, olam eli, mana, ko‘rdingizmi, men nechog‘liq xorlik, zorlik tortayotibman!” deb turganga o‘xshar edi.
Choy mahalida hech kimdan sado chiqmadi. Samijon gap ochishning mavridi keldi, degan ma’noda Fotima bilan ko‘z urishtirib olganidan keyin:
— Kuyov bilan bunaqa arazlashib qolgan bo‘lsalaring yakka o‘zingiz shahri azimda nima qilasiz, qishloqqa keta qolaylik, — dedi.
Zuhra anchadan keyin javob berdi:
— Shahardan qishloqqa… bir qadam orqaga qaytish bo‘lmasmikan?
Fotimaning achchig‘i keldi.
— Orqaga qaytish bo‘lsa nima, nurli cho‘qqidan tushib qolasanmi?
Zuhra bir vaqtlar ota-onasiga yozgan xatida: “Kelajakning nurli cho‘qqilari tomon bormoqdamiz”, degani esida bor ekan, rangi bo‘zarib ketdi.
— Ta’na qilma! — dedi labi pirpirab.— Men nurli cho‘qqiga yetolmagan bo‘lsam… sigir minib sen yetib borasan!..
Bu gap Samijonga ham tegib ketdi.
— Odam intiladigan cho‘qqi tog‘ cho‘qqisi singari bulutlar orasida emas, yerda bo‘ladi, — dedi Samijon.
Fotima uning javobiga qanoat qilmadi:
— Ayam mendan rozi bo‘lib ko‘z yumdilar, dadam ming marta rozilar; dugonalarim, qavm-qarindosh, butun kolxoz mendan rozi, mening uchun bundan balandroq cho‘qqi bormi! Sendan kim rozi? Hatto suyub olgan ering ham rozi bo‘lmabdi-ku! Sen qanaqa cho‘qqiga intilgan eding?
Zuhra pushti ro‘molchasini lunjiga bosganicha kursiga qapishib ketdi. Uning ahvolini ko‘rib Fotima shu gapni gapirganidan pushaymon bo‘ldi. Zuhraning ko‘zlari yumuq, qalin kipriklari orasidan yosh sizar edi. Zuhra turib-turib birdan Fotimaga o‘zini otdi, uni qattiq quchoqladi, ichidan xuruj qilib kelayotgan faryodni yutish uchun yuzini uning qorniga ishqab to‘lg‘andi, infadi, so‘ng o‘zini yerga otdiyu, boshini karavotning poyasiga bir necha marta urdi. Samijon uni ko‘tarib karavotga yotqizdi. Fotima nima qilishni bilmas, qo‘rqib nuqul: “Mengina o‘lay” der, uning boshini silar edi…
Bugun shanba kuni Zuhra qizini yaslidan olishi kerak ekan, vaqtida bormagani uchun qorong‘i tushganda murabbiyasi Venerani olib keldi. Zuhra bularning tovushini eshitib ko‘zini ochdi. Murabbiya Zuhraning kasalligini ko‘rib hol-ahvol so‘radi, keyin Venerani unga tomon yo‘lladi. Venera uning etagidan mahkam ushlab turaverdi. Fotima darrov sezdi: Zuhra yuragi torlik qilgan paytlarda qiz bechorani ko‘p urishib, ehtimol urib o‘zidan bezdirib qo‘yibdi. Buni Samijon ham payqadi. Haqiqatan, Fotima “kel” deb qo‘l cho‘zgan edi, qiz bir oz begonasirasa ham yugurib bordi va uning quchog‘iga o‘rnashib, onasiga xo‘mrayib qaradi.
Mehmonlar to‘rt kun turib qolishdi. Fotima Zuhra bilan, Samijon mehmonxonada yotib yurdi. Venerani yasliga eltishmadi, Samijon o‘ynatib, javratib yurdi.
Beshinchi kuni Zuhra butkul tuzalib, ishga chiqadigan bo‘lgandan keyin mehmonlar ketadigan bo‘lishdi. Zuhrani qishloqqa, hatto to‘yga taklif qilish ham noqulay bo‘lib qoldi. Bular uchun cholga: “Zuhra eson-omon yuribdi, qizi katta bo‘lib qolibdi”, degan xabarni eltish ham katta gap edi.
Zuhra bularni avtobus stantsiyasiga kuzatib chiqdi. Avtobus tayyor ekan. Fotima Venerani ko‘tarib olgan, avtobusga chiqqani uni Zuhraga uzatgan edi, Venera «dod» deb Fotimaga chirmashib oldi, unga ham ishonmay Samijonga intildi. Zuhra xijolat bo‘ldi. Shu choq avtobus yo‘lovchilarni qistab ustma-ust gudok berdi. Fotima yopilayotgan eshikdan avtobusga chiqib, bolani derazadan Zuhraga uzatmoqchi bo‘ldi. Venera yana chirillab, Fotimaning sochini changallab oldi. Avtobus ketidan tutun chiqarib yurib ketdi.
Samijon derazadan boshini chiqarib qichqirdi:
— Zuhraxon, o‘zingiz borib olib keling! Shu hafta ichi boring, kutamiz!
Zuhra ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib, qo‘lidagi katak ro‘molchasini siltadi: shunday yaxshi qizi borligini, uni ko‘p urishib o‘zidan bunchalik bezdirib qo‘yganini endi payqadi; bilagiga tashlab olgan jeletkasi oyog‘i ostiga tushganidan bexabar, avtobusning ketidan bir-ikki qadam bosdi…