Abdulla Qahhor. Kartina (hikoya)

Qiyom paytida «Paxtakor» kolxozining pravleniyesi oldiga qo‘ng‘iznusxa bir avtomobil kelib to‘xtadi. Bu avtomobil rayondan, shahardan tez-tez kelib turadigan avtomobillarga sira o‘xshamagani uchun oqsoq qorovul undan ko‘zini olmay, qo‘ltiqtayog‘ini to‘qillatganicha zinadan tushdiyu, unga yaqin borishini ham, bormasligini ham bilmay anhor ko‘prigidan berida to‘xtab qoldi. Avtomobilning ketidan ergashgan chang uning ustidan, yon-veridan yelib-buralib o‘tib bosilgach, eshik ochilib undan ikki kishi tushdi: biri — novcha, ozg‘in, katak ko‘ylak va pochasi bo‘g‘ma jigar rang shim kiygan o‘rta yoshlardagi bir kishi; ikkinchisi — qora sochi quloq va bo‘yinlarini bosib ketgan, jujuncha kitel va amirkon tufli kiygan pakana bir yigit edi. Yigit ko‘prikka tomon bir-ikki qadam bosdiyu, barmog‘i bilan imlab, qorovulni chaqirdi.
— Mumkinmi?.. Rais qayerda?
— Salom, kelsinlar… Majid akam daladalar.
Yigit, gap so‘rashdan oldin salom bermaganidan xijolat tortdi shekilli, o‘ng‘aysizlanib, qansharini qashladi.
— Partiya tashkilotchisi qayerda?
— O‘rtoq Hatamovami? U kishi ham dalada.
— Telefon yo‘qmi?
— Yo‘q hisobi, yaxshi yurmaydi… Qani, bu yoqqa… Kim kerak bo‘lsa, hozir xabar qilamiz. Paxtachilik institutdanmisizlar?
— Yo‘q.
Mehmonlar ko‘prikdan o‘tishdi, lekin qorovulning qistashiga qaramay, ichkariga kirishmadi. Qorovul ko‘chaning u yuziga o‘tib qayergadir kirib chiqdi, kimnidir chaqirdi, kim bilandir gaplashdi. U qaytib kelganda novcha kishi imoratga uzoqdan ko‘zini goh qisib, goh katta ochib qarar: pakana yigit uning kolonna va devorlariga chertib, deraza va eshiklarining bo‘yog‘ini tirnab hidlab ko‘rar; ikkovi bir-biriga qarab dam-badam «Tipik, tipik!» deb qo‘yar edi.
— Bu imorat qachon solingan? – dedi pakana yigit.
— Urush boshlangan yili poydevor qo‘ygan edik, urush davrida bitirishibdi.
— Siz yo‘qmidingiz? Urushdamidingiz? Oyoqni qayerga qo‘yib keldingiz?
— Oyoqni Qrimga qo‘yib keldik.
Xayal o‘tmay partiya tashkilotchisi Hatamova keldi. U, o‘zi yosh bo‘lsa ham, sochiga oq oralagan, oddiy kolxozchi xotinlardan edi; mehmonlarni xotinlarga xos mulozamat va shirin so‘zlik bilan kabinetiga taklif qildi. Mehmonlarni u ham paxtachilik institutidan deb o‘ylagan edi, biroq novcha kishining pochasi bo‘g‘ma shimini ko‘rib ikkilandi shekilli, nima deyishini bilmay qoldi.
Mehmonlar bir-birini tanishtirdi.
— Yosh shoirlarimizdan Quvvatbek, — dedi novcha kishi.
— Yosh rejissyorlarimizdan G‘aniyev, — dedi pakana yigit.
Hatamova mamnuniyatdan qizarib, ta’zim qildi.
— Qadamlaringizga hasanot! Shoirlarimiz, san’atchilarimiz mana shundoq yo‘qlab kelishsa, qandoqyaxshi! Kitobga, san’atga kolxozchilarimizning havasi zo‘r. O‘zimizdan chiqqan shoirlar ham bor. Milliy muzika to‘garagimiz yana ishga tushdi. Urush davrida yotib qolgan edi. Lekin hammasi ham hali usta ko‘rmagan shogird. Ikkita shoirimiz bor, lekin rayon gazetasi ikkovini ham tan olmaydi: she’r yuborishsa, nuqul «xabar yozing» deb javob keladi. Yanagi yilga kichikroq bo‘lsa ham sahna qurish niyatimiz bor. Klubimiz torlik qiladi… Zab kelibsizlar-da! Rahmat!
Hosilot, undan keyin rais keldi. Bir necha kishi eshikdan boshini tiqib qaradi. Yo‘lakda kimdir «Akademiyadan», dedi.
— Bizning bu yerga kelishimizdan maqsadimiz, — dedi rejissyor bir lahza jimlikdan keyin, — biz o‘z oldimizga juda muhim bir vazifa qo‘yganmiz. Bu vazifani bajarishda sizlarning yordamlaringizga muhtojmiz. Avvalo shuni aytish kerakki,«Paxtakor» kolxozi rayonda har jihatdan tipik kolxoz. Biz mana shu kolxoz hayotidan nafis film, ya’ni kartina yaratmoqchimiz.
Rais o‘tirgan yerida qomatini ko‘tardi, uzun mo‘ylovini burab, iljaydi.
— Kolxozimiz kartinaga arziydigan bo‘lsa xursandmiz…
— Biz hozir sizlarning vaqtlaringizni olmaymiz, — dedi shoir. — Sizlar bilan gaplashadigan gapimizni kechqurunga qo‘yamiz. Kechgacha biz kolxozning u yoq-bu yog‘ini ko‘rib, tanishib chiqishimiz kerak. Bizga hozir bitta yetakchi bersalaring, bas.
Etakchilikka boyagi oqsoq qorovul muvofiq ko‘rildi.
Pravleniyedan chiqishdi. Qorovul mehmonlarni pravleniyening kun yurish tomonidagi ko‘chaga boshladi. Bu ko‘chada qulagan va qulay deb turgan devorlar, past-baland va qiyshiq uylar orasida reja bilan solingan chiroyli oq imoratlar uchrar edi.
— Yangi qishloq endi ko‘karib kelayotgan edi, — dedi qorovul mehmonlarni oldiga o‘tkazib, — urush chatoq qildi. Urush bo‘lmaganda, mana bu qaldirg‘ochning uyasiga o‘xshagan
uylardan, mana bu bo‘yinchaga o‘xshagan eshiklardan nom-nishon qolmas edi. Kartinaning biron joyiga shuni ham qistirib o‘tinglar.
Ko‘pdan beri shikast-rexti tuzatilmagan maktab binosining oldidagi bog‘chani kesib o‘tib, tosh yo‘lga chiqishdi. Yo‘lning ikki tomonidagi qator teraklar orasidan unda-bunda taxlanib yotgan yog‘och, xom va pishiq g‘isht, bo‘yra va boshqa binokorlik materiallari ko‘rinar, bularning orasida odamlar ivirsib yurar, allaqayerda arra tovushi eshitilar edi.
— Binokorlik brigadamiz, — dedi qorovul, so‘ngra mehmonlarni yo‘lning oxiridagi yashil darvozaga boshlab kirdi, — bu kolxozning bog‘i.
Darvozaning ro‘parasidagi xiyobonning u boshi ko‘rinmas edi. Yonbosh xiyobonlarning biridan oqxalat kiygan nozikkina, ikki beti qip-qizil bir juvon chiqib qoldi. Qorovul uni mehmonlarga tanishtirdi. Juvon bolalar bog‘chasining murabbiyasi ekan.
— Bog‘changizni ko‘rsak mumkinmi? — dedi shoir shoshib.
Xuddi shu savolni, xuddi shunday shoshib, rejissyor ham berdi.
Juvon boshini bir tomonga kiyshaytirib jilmaydi; qop-qora va ingichka qoshlari bilinar-bilinmas chimirildi-da, erkalab-o‘pkalab turgan labi qimirlab, mayin tovush eshitildi:
— Kechirasizlar, bolalar hozir uyquda, u tomonga hech kimni o‘tkazishmaydi… — dedi.
Yo‘lda davom etishdi. Rejissyor, negadir, jadallaganicha ilgarilab ketdi. Shoir qoqinib yiqilayozdi va qoqinganiga sabab es-hushi bog‘chada ekanini ko‘rsatish uchun engashib qayta-qayta o‘sha tomonga qaradi. Xiyobonning u boshida naqshdor havo rang baland ayvonning bir chekkasi ko‘rinib turar edi.
— G‘aniyev, — dedi shoir, — bog‘chani ko‘ring! Bizning bolaligimiz ota-onamizga xo‘p ham arzon tushgan-da!
Rejissyor javob bermadi.
Qayerdandir paydo bo‘lib qolgan mo‘ysafid bog‘bon mehmonlar bilan so‘rashib, ularni kattakon hovuz bo‘yidagi ba-land, o‘zining aytishicha, Moskvadagi Qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilonini ishlagan ustalardan biri solgan shiyponga olib chiqdi. Shiyponni haqiqatan juda didlik odam zo‘r havas bilan solganligi ko‘rinib turar edi. Uning atrofidagi gulzorda rang-barang kapalaklar, ninachilar qanot qoqar, asalarilar g‘o‘ng‘illar, allaqayerda g‘urrak g‘urillar edi. Chol shogirdi bo‘lmish yoshgina, ozg‘in, juda sertavoze yigitning qo‘liga qoshiqdon-savatni berib, meva-chevaga yubordi-da, o‘zi poygahga cho‘kka tushib, mehmonlar kimlar va nima uchun kelganliklari bilan ishi bo‘lmay, bog‘ning tarixi, bunda qandoq mevalar borligi, bularning ko‘chatlari qayerlardan keltirilganligi, bog‘ni qanday kolxozlarning raislari ko‘rganligiyu, nimalar deganligi to‘g‘risida so‘zlab ketdi. Oblastning har qayeridan keltirilgan turli-tuman ko‘chatlar ichida uning uchun eng mo‘tabari allaqayerdan samolyotda keltirilgan yigirma tup anor bo‘lib, uning o‘sha yer anori ekanligidan ko‘ra samolyotda keltirilganligini ko‘proq pisanda qilar edi.
— Raisimiz juda hafsalali yigit, — dedi chol meva to‘la savatni shogirdining qo‘lidan olayotib, — hamma ishga ham shundoq jon-dili bilan kirishadi. Mana, mana shu anjirning ko‘chatini Oqqo‘rg‘ondan oldirib keldi; avtomobil berdi, uch kun ovora bo‘lib, o‘zim olib keldim.
— Bog‘ kolxozga qancha daromad beradi? – dedi rejissyor hil-hil bo‘lib pishgan shaftolining po‘stini archayotib.
— O‘tgan yili bir yuz o‘n ikki ming daromad berdi. Gap daromadda emas, o‘g‘lim, har qancha daromad bo‘lsa paxta bera-di, o‘tgan yil paxtadan bir million uch yuz ming daromad oldik. Bog‘ yaxshi-da! Meva-cheva… kolxozning ko‘rki. Urush yillari askar bolalarni yo‘qlab turdik. Askarlardan, komandirlardan qancha xat keldi-yu! Hammasini rais temir sandiqqa solib qo‘ygan. Ko‘rsalaring bo‘ladi. Leningraddan mening nomimga ham bir xat keldi. Juda alomat. Sovg‘ani To‘paniso olib borgan edi, xatni shundan berib yuborishibdi. Aslida, Leningradga men boradigan edim. To‘paniso «men boraman» degandan keyin indamadim. Uning eri o‘sha tomonlarda shahid bo‘lgan edi. Bechora juda yaxshi xotin. Hozir partiya tashkilotchimiz… Bormaganim ko‘ngilga armon bo‘ldi. Borsam, jiyanimni ko‘rib qolarmidim.
— Jiyaningiz Leningraddami?
— Ha, o‘sha yerda edi, paroxodda xizmat qilar edi, shahid bo‘ldi.
— Jiyaningiz dengizchimidi?
— Ha, Moskvaga o‘qigani borgan edi, keyin Leningradga ketdim, deb xat qildi-yu, ikki yildan keyin kokilli shapka kiyib keldi. Qaytishida meni Moskvaga olib borgan edi.
— Moskvaga borganmisiz? — dedi shoir va shoshib yonidan qo‘yin daftari bilan qalam chiqardi. — Qani, bir boshdan aytib bering-chi.
— Mening Moskvaga borishim qiziq bo‘ldi. Ertalab borib tushdigu, kechqurun jiyanim poyezdga chiqarib qo‘ydi, nimaga desangiz, urush boshlanib qoldi. Urush bo‘lmaganda ko‘p joylarni ko‘rar edik. Qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasini tomosha qilar edim. Yana ko‘rgazma ochilar. Lekin endigi ko‘rgazmaga tomosha qilgani emas, hunarimni ko‘rsatgani boraman. G‘alati payvandlar qilganman.
Chol o‘sha payvandlarini ko‘rsatgani va umuman, bog‘ni tomosha qildirgani mehmonlarni boshlab ketdi. Boqqa mana shu xilda mehmonlar kelganda chol ularga bog‘ning ta’rifini qilmasdan, uning hammayog‘ini ko‘rsatmasdan va bog‘ to‘g‘risida ularning fikr-mulohazalarini eshitmasdan qo‘ymas edi. Qorovul shuni yaxshi bilganligi uchun biron ikki soatdan keyin qaytib kelmoqchi bo‘lib, postiga ketdi. U ikki soatdan keyin qaytib kelganda chol mehmonlarga tutning tanasini parmalab o‘tkazilgan uzum novdasini ko‘rsatib izoh berar edi. Uning so‘ziga qaraganda, uzumning har boshi to‘rvadek va g‘ujumlari tutning donasidek zich bo‘lishi kerak edi. Qorovul yana bir aylanib kelganda mehmonlarni yetti yillik maktab o‘quvchilarining tajriba uchastkasida ko‘rdi. Chol kulib-kulib gap ma’qullar, shoir daftarchasini tizzasiga qo‘yib, tez-tez yozar edi.
— Mulla akalar, bu yerdan chiqib qayerga boramiz? – dedi qorovul.
Rejissyor kulib javob berdi:
— Darmonimiz yetsa, elektrostantsiyaga boramiz-da.
— Otam sizlarni charchatib qo‘ymadilarmi? Bu kishi shunaqa, qo‘llariga tushgan odam bog‘dan devorlarni ushlab chiqib ketmasa hisob emas… Elektrostantsiya yopiq-ku. Texnik stantsiyani qulflab hammomga ketibdi!
— Biz borguncha kelib qolar.
— Yo‘q, kelmaydi. Rostini aytsam, sizlar shu yerda bo‘lsalaring bugun chiroqsiz qolamiz. Stantsiya objuvozning o‘rniga solingan-da, juda kichkina, ko‘rimsiz. Shuning uchun texnik «buning nimasini kartinaga oladi, kartina masxarami, elektrostantsiya masxarami» deb stantsiyani qulflab ketib qoldi. Bugun kelmas emish. Bir hisobda ko‘rmaganlaring ham ma’qul. Kolxozimizning yangi besh yillik planida katta gidrostantsiya qurishni mo‘ljal qilganmiz. Ana unda tandirni ham elektrda qizitamiz. Kartinaga o‘shanda olinsa… Bu yerdan chi-qib fermaga bora qolaylik. Hafiza opam kartinabop to‘qqizta sigirni sog‘masdan sizlarga ko‘z tutib o‘tirgan emish.
Bog‘bon mehmonlarni kechki payt bo‘shatdi va o‘shanda ham «attang, fursatlaring bo‘lganda hameshabahorni ko‘rsatar edim» deb qoldi. U «hameshabahor» deb parnikni aytar edi.
Mehmonlar juda charchagan edi. Bu horg‘inlik bog‘dan chiqilgandan keyin ayniqsa bilindi, shuning uchun boshqa joylarni ko‘rishni bo‘lak mavrutga qoldirib, to‘g‘ri pravleniyega qarab ketishdi.
Ularni rais qarshi olib, pravleniyening orqasidagi mehmonxonaga boshladi. Stol turli noz-ne’matlar bilan bezatilgan, uning bir chetidagi kichkina sariq samovar ustida turgan qizil choynakning qopqog‘i shiriqlar edi.
— E, ovora bo‘lishning hojati yo‘q edi-ku, — dedi shoir xijolat bo‘lib.
— Ovoragarchiligi bormi!.. — dedi rais. — Qani, marhamat… Bog‘dan bo‘lak joyni ko‘rolmabsizlar-da.
— Albatta, yarim kunda hammayoqni ko‘rib bo‘lmaydi, — dedi shoir, — bog‘ning o‘zini ko‘rishga ham rosa bir kun kerak ekan. Ajoyib!
Mehmonlar kolxozning tarixi, xo‘jaligi, daromadi, dongdor kishilari, yangi besh yilliqda qiladigan asosiy ishlari to‘g‘risida savollar berib, raisdan batafsil javoblar olishdi. Qorong‘i tushgandan keyin, Hatamova, o‘rta yoshlardagi barvasta bir kishi va qop-qora bir qiz bilan kirib keldi.
— Tanishib qo‘yinglar, mehmonlar, — dedi Hatamova, — dongdor zveno boshlig‘i Qunduzxon Hayitova… Bu kishi brigadir Davron aka. Shartnoma yigirma ikkiga. Davron akam oltmish uchun kurashayotibdilar.
Suhbat yana davom etdi. Mehmonlar zveno boshlig‘i bilan brigadirga ham son-sanoqsiz savollar berishdi, berilgan javoblarni shoshilmay, batafsil yozib olishdi.
Nihoyat, rejissyor daftarchasini yopdi, peshonasini silab o‘ychan gap boshladi:
— Biz kolxoz to‘g‘risida asosiy ma’lumotlarni oldik, lekin bularning hammasini ko‘zimiz bilan ko‘rishimiz kerak, toki ilhomlanaylik. Ko‘rish yaxshi! Mana, bitta bog‘ni ko‘rishimizning o‘zi bizning «Paxtakor» to‘g‘risidagi tasavvurimizni bugkul o‘zgartirib yubordi. Endi gap bunday: kolxozni haqiqiy kolxoz qilishda mexanizatsiyaning roli o‘zlaringga ma’lum. Biz kartinamizning asosiy masalasi qilib mexanizatsiya masalasini olmoqchimiz. «Paxtakor» mexanizatsiya jihatidan ham tipik. Shundoq emasmi?
Bu gap yoqdi shekilli, rais iljaydi.
— Lekin, — dedi, — biz hali mexanizatsiyani to‘la amalga oshirdik, deyolmaymiz. Bu gapni shunda aytamiz, qachonki kolxoz bo‘yicha bir tsentner paxta hech bo‘lmasa uch-to‘rt mehnat kuniga tushsa. Mana bu yil Qunduzxon yetti mehnat kuniga tushirishni ko‘zlab turibdi.
— To‘g‘ri, — dedi rejissyor, — shundoq bo‘lishi kerak. Mexanizatsiya masalasini olganimizda, bizga nima kerak? Bizga voqea kerak. Voqea bo‘lishi uchun nima kerak? Qarama-qarshilik kerak. Mana, masala shunda, qarama-qarshilikda. Biz bilamizki, har bir yangilik qarshilikka uchraydi. Demak, mexanizatsiya ham qarshilikka uchrashi kerak. Bizga manna shuni aytib bersalaring kifoya. Mexanizatsiyaga qarshi chiqishlar bo‘lib turadimi, bo‘lsa qarshi chiqqan odamlarning dalil va isbotlari nimalardan iborat?
Hatamova labidagi tabassumni yashirish uchun tez-tez choy ho‘plar ekan:
— Qani, Davron aka, nima deysiz? — dedi.
Davron aka avval Hatamovaga, keyin raisga, so‘ngra rejissyorga qaradi-da, bo‘ynini qashlar ekan, iljayib:
— O‘ttizinchi yillarda qayoqda edingiz, mulla aka! – dedi.
Noqulay jimlik cho‘kdi.
— Bizning qishloqlarda hozir mexanizatsiyani qarshilikka uchraydigan, odamlar cho‘chiydigan yangilik deb bo‘larmikin? — dedi rais xiyol tabassum qilib. — Respublikamizda hozir ikki yuzdan ortiq MTS bor. Qani, sen nima deysan, Qunduzxon?
Qunduzxon, gapirgisi kelib turgan bo‘lsa ham, nimadandir istihola qilib turgan bo‘lsa kerak, darrov gap boshladi:
— Men dalamizga birinchi traktor chiqqan yili tug‘il-gan ekanman. Hali Davron akam o‘ttizinchi yillar dedilar. O‘sha yillari mexanizatsiyaga qarshi chiqqan odamlar bo‘lsa bo‘lgandir, nimaga desangiz, mexanizatsiyaning nimaligini bilishmagan. Lekin hozirgi vaqtda, mexanizatsiya kolxoz-ning joni ekanini har bir kolxozchi ko‘rib, bilib turganda mexanizatsiyaga qarshi odam bo‘lishi… bilmadim.
— Masalan, chollar bo‘lishi mumkin, — dedi shoir.
— Chollar? Men yerni qo‘sh ho‘kiz bilan haydab ko‘rgan emasman. Uning azobini bilmayman, chollar bilishadi. U vaqtlarda eng mo‘l hosil o‘n tsentner ekan, men buni eshitganman, lekin chollar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan. Kartinaga olinadigan bo‘lsa haqiqatni olish kerak.
Yana o‘ng‘aysiz jimlik cho‘kdi.
— Albatga, mehmonlar ham buni bilishadi, — dedi Hatamova, – lekin, o‘zlari aytganday, bir voqea kerak. Bular soxta bo‘lsa ham bir voqea yaratib shu bahona bilan kolxozni, mexanizatsiyaning kuchini ko‘rsatmoqchi bo‘lishadi-da. Shundoqmi?
— Ha, barakalla! — dedi rejissyor. — Gap mana shunda!
— To‘g‘ri, lekin kolxozda hech bo‘lmasa besh-o‘n kun tursalaring, kolxoz bilan durustroq tanishsalaring haqiqatga mos keladigan, juda qiziq kartinabop voqea o‘zi chiqib qoladi. Agar turamiz, o‘rganmiz, odamlar bilan yaxshiroq tanishamiz desalaring, marhamat! Nima dedingiz, rais?
— Mayli, bir oy turasizlarmi, ikki oy turasizlarmi, qancha tursalaring biz xizmatda.
— Hozir kelayotsam qorovul Safaralini so‘kayotibdi, — dedi Hatamova avval raisga, so‘ngra mehmonlarga qarab. — Safarali bizning tegirmonchimiz. Juda qiziq yigit. Shu kelib qorovuldan sizlarni so‘rabdi. Qorovul: «Nima qilasan?» desa, «Bizning tegirmon ham kartinaga tushib qolarmikin?» debdi. Shunga qorovul bo‘g‘ilayotibdi. «Hay, insofing bormi, odamlar elektrostanniyani ko‘rsatgani uyalib qochib ketdi-yu, sen tegirmoningni suqasan», deydi. Safarali ham bo‘sh kelmaydi: «Mening tegirmonim rayonda birinchi, sen tegirmonning fahmiga yetmaysan», deydi. Rost, tegirmonni juda boplagan. Bu yigit boshqa hech ishda o‘zini ko‘rsatolmagan edi, shu ishga qo‘ydik, bunda o‘zini ko‘rsatdi. Tegirmonchilik unga ota meros, ertayu kech tegirmon atrofida aylangani aylangan. Tegirmon buning qo‘liga o‘tgandan beri yaxshi daromad beradigan bo‘ldi. Men buni aytmoqchi emas edim, hali texnikning qochib ketganligini aytmoqchiman. Mening bilishimcha, o‘zi kichkinaku, lekin shu ham bir voqea. Durustroq o‘ylab ko‘rilsa, qiziq voqea! Bu stantsiyani solganimizga o‘n bir yil bo‘ldi. O‘sha vaqtda bu to‘g‘rida qancha shov-shuv bo‘lgan edi. Mana endi, ko‘rib turibsizlar, birovga ko‘rsatgani uyalishadi. Buni, albatta, misol uchun aytayotibman, kichkina voqea.
Rejissyor yana daftarini ochib bir nimalarni yozib qo‘ydi. Qunduzxon bir nima demoqchi bo‘lib ikki-uch og‘iz rostlaganidan keyin sekin:
— Mulla akalar, — dedi, — beadabchilik bo‘lsa ham mening bir taklifim bor edi: kolxozni ko‘rsatishga voqea kerak bo‘lsa, shu kelishlaring o‘zi bir voqea emasmi?
Hamma kulib yubordi. Qunduzxon, juda ham behuda gap aytdim shekilli deb, qip-qizarib ketdi va yuzini yashirdi.
— To‘g‘ri, singlim, juda to‘tri aytdingiz! — dedi shoir zavq qilib, — eng yaxshi, eng qiziq voqea mana shu kelishimizning o‘zi! Bir shoir bilan bir rejissyor kolxoz hayotidan kartina yaratmoqchi bo‘lishadi, kolxozga kelib bir yarim oymi, ikki oymi turishadi.
Rejissyor uning so‘zini bo‘ldi:
— Voqea izlashadi, topisholmaydi, keyin Qunduzxon voqea topib beradi. Haqiqatan, o‘rtoq shoir, juda qiziq kinokomediya qilish mumkin!
Yana kulgi ko‘tarildi.
Mehmonlar shunga qaror qilishdi.
Bo‘lajak kinokomediya haqidagi xushchaqchaq suhbat yarim kechagacha davom etdi.
Mehmonlar ketib, bir haftadan keyin qaytib kelishdi.
Uch oydan keyin kinokomediyaning s’yomkasi boshlandi:
«Paxtakor» kolxozining pravleniyesi oldiga qo‘ng‘iznusxa bir avtomobil kelib to‘xtaydi. Undan ikki kishi tushadi va hokazo…

1949