Abdulla Qahhor. Jonfig‘on (hikoya)

Jonfig‘onni tanisangiz kerak – o‘sha, o‘tgan yil bahorda mast bo‘lib, ko‘chadan o‘tgan odamga “hozir aytasan: boshimni qaysi devorga urib yoray”, deb yopishgan, keyin soqoliga o‘zi o‘t qo‘yib, gugurt chiqarganni so‘kkan kishi.
Kecha shuning uyidan xotin kishining achchiq-achchiq yig‘lagan tovushi eshitiddi. Jonfig‘on bu yaqin yillarda xotinini urgan emas, hatto bir kuni samovarda o‘zi: “Xotin kishini nomard uradi, qo‘ling qichisa, o‘zingga o‘xshagan qo‘li qichiganni topib mushtlash, men seni mard bilay”, degan edi.
— Nima bo‘ldi?
— Uch-to‘rt kishi bo‘lib asta kirsak, hovlining o‘rtasida katta gulxan, xotini Malohatxon uning atrofida dodlab yuribdi. To‘xtatdik.
— Nima gap?
— Sho‘rginam qursin… ko‘rmaysizlarmi… Besh-olti yildan beri bitta paypoq olib bergani yo‘q-ku, ishlab-ishlab topgan pulimga qilgan hamma kiyimlarimga kerosin sepib o‘t qo‘ydi… Shu ustimdagi ish kiyimim bilan qoldim…
Jonfig‘on derazadan boshini chiqarib baqirdi:
— Gapir, ha, gapir!.. Sening gaping gapu bizniki gap emasmi!..
Jonfig‘on katta bir haqiqatni ochishga shoshilganday, uydan yugurib chiqdi, bizga zo‘r haqsizlikdan shikoyat qilayotgan qiyofada turib, allaqayerda o‘tgan bir avliyoning o‘z o‘gliga “xotinlar bevafo” deb qilgan nasihati, jinoyat qonunlari majmuasining allanechanchi moddasi to‘g‘risida gapirdi va bexosdan yig‘lab yubordi. Keyin bilsak, kecha er-xotin urishgan, xotin: “Qo‘y endi, men sen bilan umr qilmayman, ertaga xatimizni olamiz”, degan ekan.
Urish, qo‘ydi-chiqtsi ham har xil bo‘ladi. Ba’zi urishlar shunday arzimagan narsadan chiqadiki, orada qancha sovuq gaplar o‘tib “hordiq chiqqandan keyin” urish nimadan chiqqanini na er eslay oladi, na xotin. Bularning ham janjali shu xilda bo‘lsa yarashtiraylik, ikkovi ZAGSning o‘sha “O‘lim va taloq” bo‘lmasiga qadam bosmasin deb, gap so‘radik. Er-xotin ayta bersa, bu janjalning tarixi biron yozuvchining qo‘liga tushsa kattakon bir kitob bo‘ladigan.
Jonfig‘on bundan besh-olti yil burun qaysi bir idoraning izvoshini minar ekan, kirakashlik qilib qo‘lga tushib ishdan haydashibdi; keyin sabzavot do‘koniga mudir bo‘lgan ekan, “juda arzon mollar, bularning ustiga so‘m qo‘yib bo‘lmasa, tiyin qo‘yish bilan qachon boy bo‘ladi kishi” deb o‘zi tashlab ketibdi; tanish-bilishlari zavodga ishga joylab qo‘ygan ekan, “oyligidan bo‘lak daromadi yo‘q” deb bormay qo‘yibdi, shundan keyin qilmagan ishi qolmabdi desa bo‘ladi: gulfurushlik deysizmi, tomshuvoq deysizmi, qassobchilik deysizmi… bir-ikki hafta bozorda qovun tilib ham sotibdi.
Malohatxon, Jonfig‘on izvozchilikdan haydalgan yili, mahalladagi aktiv ayollarning himoyasi ostida, erining qarshiligiga qaramay, rayon Kengashiga uborshitsa bo‘lib kirgan ekan; o‘qibdi, hademay savodi chiqibdi, bir yil-bir yarim yildan keyin hatto majlislarda dokladchiga: “O‘rtoq, sizga savolim bor”, deydigan bo‘libdi. Rayon Kengashining shofyori Tishchenko degan ayol uning sog‘lomligiga, kuchiga, abjirligiga, ayniqsa, zehniga qoyil bo‘lib yurar ekan, bir kuni uyga chaqirib, “sen shofyor bo‘lgin, nima yordam kerak bo‘lsa beraman”, debdi. Malohat ham shunday bir narsani orzu qilib yurar ekan, darrov ko‘nibdi. Shundan keyin Tishchenko uni birmuncha vaqt shofyorlar kursiga tayyorlabdi, oqibat kirgizib ham qo‘yibdi.
Jonfig‘on avvallari uning niyatiga, o‘qishiga “notavon ko‘ngil… orzuga ayb yo‘q” degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy minib yuribdi! Jonfig‘on bunga ham ko‘nikibdi: “Ha endi, minsa minibdi-da, shu ham martabami, mashinani o‘zi o‘ylab chiqariptimi”, deb o‘ziga tasalli beribdi. Biroq Malohat ikki yilda uch marta mukofotlanibdi. Jonfig‘on mukofotni o‘z gazi bilan o‘lchagani uchun bunga ham uncha parvo qilmabdi: “Olgan mukofotiga ot bilan tuya berarmidi”, debdi. Jonfig‘on o‘tgan yil bahor kechalarining birida (o‘sha kuni ertasiga boshini yormoqchi bo‘lgan, soqoliga o‘t qo‘ygan) istirohat bog‘iga kirgan ekan, qarasa, shaharning manman degan staxanovchilari qatorida xotinining ham kaggakon portreti turibdi! Sevinch, qo‘rquv, baxillik — hammasi aralash-quralash bo‘lib, Jonfig‘onning boshi g‘ovlab ketibdi. U darrov uyiga kelib, har qalay, xotinini suyibdi, o‘pibdi, lekin suhbat janjal bilan tugabdi. Bu kungacha bo‘lib o‘tgan uchta yirik janjalning biri shu ekan.
— Shunda janjal nimadan chiqdi? — dedi sheriklarimizdan biri.
Jonfig‘on javob bermoqchi edi, Malohat gapini og‘zidan oldi.
— Tuppa-tuzuk o‘tirgan odam birdan aynib, endi undoq bo‘lasan, bundoq bo‘lasan, jazman chiqib qoladi deb, jahlimni chiqardilar. Xayolimda yo‘q gaplar…
— Xayolingda yo‘q-a, xayolingda yo‘q! – dedi Jonfig‘on kesatib.
— Ha, xayolimda bo‘lib nima qildim?
— Xayolingda bo‘lmasa nima uchun buqog‘ingni kestirding? Xo‘sh? Qani mana shu to‘rtta odamning oldida javob ber-chi?
Malohatning ko‘k piyoladan ko‘ra kichikroq buqog‘i bo‘lib, shuni o‘tgan yil kuzda kestirgan ekan. Ikkinchi yirik janjal shunda bo‘lib, yaqin bir haftaga cho‘zilibdi.
— Kestirsam yomon bo‘liptimi?— dedi Malohat.— Axir… xotiningizman…
— Nima, menga yoqish uchun kestiribsanmi? Hech-da! Menga buqog‘ing bilan ham yoqa berar eding. Boshqaga yoqaman deb kestirgansan!..
— Uyaling! Ilgarilar, buqog‘ing bor deb, ko‘z ochirgani qo‘ymas edingiz-ku! Necha marta yig‘latgansiz?
Jonfig‘on, nima deyipxini bilmay yerga qaradi va do‘ng‘illadi:
— Men yig‘latgan emasman… o‘zing yig‘lagansan…
Biz kulgidan o‘zimizni tiyolmadik, ammo baralla kulish to‘g‘ri kelmagani uchun birimiz mo‘ylovimizni silab, birimiz yo‘talib, deganday kulgimizni yashirdik. Jonfig‘on:
“Malohat endi meni tashlab ketadi” deb hadiksirab yursa, Malohat erining bu yurish-turishidan xijolat tortib yurar ekan. Shuning uchun Malohat ko‘zga ko‘ringan sayin erini el qatori ishlashga undar, yalinar, ba’zan qattiq gapirar, hatto yig‘lar ekan. Jonfig‘on oxiri insofga kelib, shu bu yil qishda non zavodiga ishga kiribdi, ammo bir oy ishlamasdan progulchi tarzida ishdan haydalibdi. Jonfig‘on buni, albatta, talay vaqtgacha xotinidan yashirib yuribdi; bu ma’-lum bo‘lib qolgandan keyin xotiniga necha-necha tavba-tazarrular qilib, endi biron joyga kirib ishlashga, astoydil ishlashga so‘z beribdi. Malohat ishonibdi va o‘zi ish topib, o‘tgan oyning o‘n birinchi chislosida joylab qo‘yibdi. O‘tgan kuni qarasa, mulla Jonfig‘on yana bekorlar! Malohat surishtirgani korxonaga boribdi; surishtirib qarasa, Jonfig‘on faqat o‘n yetti kun ishlabdi, xolos; byulleten olgani doktorning oldiga chilimning suvini ichib lohas bo‘lib kirgan ekan, doktor ichini chayqabdi va “ko‘r bo‘ldingmi, nega tamaki yeysan” debdi. Bu gap korxonaga ovoza bo‘lib, Jonfig‘onni o‘sha zamoniyoq ishdan haydashibdi. Mana, uchinchi yirik janjal mana shundan chiqibdi.
— Nega bundoq qilasiz, axir? — dedik. Jonfig‘on yer chizib o‘tirar ekan.
— Shayton…— dedi.
— Bekor aytibsiz! — dedi Malohat jahli chiqib,— chilimning suvini ichib doktorga kirishni shayton sizdan o‘rgangandir!..
Hammamiz jim qodtsik, Jonfig‘on birpasdan keyin bo-shini ko‘tarib:
— Bo‘ladigan gap shu,— dedi,— mening qo‘yadigan xotinim yo‘q. Agar zo‘rlik bilan xat topshirsang, tovonimga qolasan.
Mana shu yigitlar guvoh. Aytdim-qo‘ydim, ikki quloch arqon…
U, o‘pkasini tutolmay yig‘lab yubordi. U, yig‘lar ekan, yana xotiniga so‘z berdi. Malohat uni hech qachon bu ahvolda ko‘rmagan bo‘lsa kerak, yumshadi.
— Men sizga aytayin,— dedi,— pulingizning keragi yo‘q, ishlasangiz bo‘lgani! Men sizni hozir erim degani nomus qilaman!
Jonfig‘on qasamning har xilidan ichdi, keyin bizning kafil bo‘lishimizni so‘radi. Biz oxirgi sinoq bo‘lishi sharti bilan kafil bo‘ldik, ammo har qaysimizning dilimizda: “Bu xotindan uyalib qolmasmikanmiz”, degan bir andi-sha bor edi. Malohat ko‘ngandan keyin biz chiqib ketdik. Samovarda o‘tirgan edik, birpasdan keyin Jonfig‘on chiqdi va yonimnzga kelib:
— Shu gap gap bo‘ddimi, yo tag‘in jinniligi tutarmikin? — dedi.
Biz hali javob bermasdan Malohat eshikni ochib qaragan edi, Jonfig‘on yugurganicha bordi, ikkovi kirib ketdi.
Ertasiga eshitsak, Jonfig‘on yo‘qlab kelgan takasaltang og‘aynilarini uyiga kirgizmabdi.

1939