Endi yozmayman, ha, yoz-may-man!
Ko‘nglimda, bir hafta burun, nogoh quygan jaladay to‘satdan yozuvchi bo‘lish niyati tug‘ilgan edi. Yo, falak, dedim-da yozishga kirishdim. Adabiyotchilar tili bilan aytganda, “ijodimning gullagan pallasi” keldi, shekilli-da. Ha, o‘sha qiltiriq, shamol tursa uchirib yuboradigan, kaltakesak nusxa bo‘yinbog‘ taqqan, nasihat desa o‘zini tomdan tashlaydiganlarning kaminadan qayeri ziyod? Axir, o‘shalar ham bizga o‘xshab maktabga qatnagandir. Men-ku 7-sinfga arang yetdim. O‘zingizdan qolar gap yo‘q. Vaqt g‘animat. Necha yil o‘qisangiz ham baribir kallaga kirgani qoladi, to‘g‘rimi?
Yozuvchilikka, aniqrog‘i, muxbirlikka qiziqqanimning sababi bor. Qishlog‘imizda Shodi Qalam taxallusli bir bola bor. O‘ziyam tuman gazetasida u yozmagan odam qolmadi hisob. Maktabda tadbir o‘tkazilsa yoki birorta fermer rejasini bajarsa bormi, hamma yoqqa jar soladi. Qarabsizki, gazeta sahifasidagi gugurt qutisidek joyida xabari bosilib turibdi-da. Mahalladagi etikdo‘z, sartarosh qolmadi, hammasini yozdi. Ammo obro‘yi zo‘r ekan. Yurgan ekanmiz-da, biz ham umrimizni nosvoy otib o‘tkazib.
Bir kuni deng, oziq-ovqat do‘konida odam tirband. Ko‘zi piyoladek, xom semiz do‘konchi hech kimni pisand qilmaydi. To‘ygan mushukdek beparvo. Bir mahal u tok urgandek sapchib tushsa bo‘ladimi?! Ikki qo‘li ko‘ksida, gaplari biram muloyim, biram muloyim… Kulishni ham bilarkan… Tavozelarning boisini bilsam, Shodi Qalam ekan. U orqaroqda tirjayib turibdi. Ana obro‘-yu, mana obro‘!
Shu-shu mendagi muxbirlikka bo‘lgan qiziqish uchqunlari borgan sari alanga ola boshladi. Kechalari uyqum qochib ketadi. Ilhom keldimi, deb kutaman. Hech vaqo yo‘q. Go‘yo Shodi Qalam dunyodagi hamma narsani yozib tugatgandek…
Bir kuni… E, kallamga qoyilman. Eskilar zap aytishganda, ayb hammadan o‘tadi, deb. Ijod bobida, yo‘g‘-e, jamiyatimizga foydasi tegadigan, yaxshi insonlarni targ‘ib etishda Shodi Qalam ham ozgina anqovlik qilibdi. Ajoyib inson, huv ko‘cha muyulishidagi dang‘illama hovlida yashaydigan Qo‘rqmas Zavod qolib ketibdi. Mana, maqtashga arzigulik odam! Odamlar Qo‘rqmas amakini bejizga Qo‘rqmas Zavod deyishmaydi. Aytishlaricha, qo‘lidan har balo keladi. Ammo o‘zi hech balodan qo‘rqmas ekan. Boloxonali uyining yerto‘lasida qo‘lbola aroq zavodchasi ochgan. Yog‘-moy ishlab chiqaradigan uskunalari ham bor, toza, sifatli bo‘lmasa-da, arzongina. Shishalarga etiketkani xuddi korxonadan chiqqandek yopishtiradi. Ha, ishonavering. Ana shunaqa ustasi farang, tadbirkor akang qarag‘ay. Odamlarga ham qulay-da, oyoqlarining tagi qavarib do‘konlarga yugurishmaydi. Qo‘rqmas Zavodga o‘xshagan “tadbirkor”lar xaridorlar joniga oro kiradi. Endi ayting-chi, shunday kishini maqtamay bo‘ladimi? Yozish kerak. O‘ziyam juda gazetbop.
Chiroqni yoqdim-u yozishga kirishdim… Avval sarlavha topish kerak. “E, bilib o‘tirishibdimi” deya eski gazetalarni varaqlay boshladim. Ana, sarlavha ham topildi. Yozma harfda yozish kerakmi, bosma?! Uf! Boshim qotdi. Bu muxbirlikning ham turgan-bitgani mashaqqat ekan-ku! Nima bo‘lsa bo‘ldi, sarlavhani qo‘ydim: “Xalqqa xizmat – oliy himmat”.
Bu yozuvlar negadir ko‘nglimga o‘tirishmadi. Shartta o‘chirib, boshqa sarlavha topdim. Axir, katta-katta yozuvchilar ham o‘chirib-yozib, o‘chirib-yozib asar yaratar ekanlar-ku. Nihoyat, sarlavha ham topildi: “Tadbirkor”. Davom etdim: “Mahallamizda Qo‘rqmas Zavod degan tadbirkor yashaydi. U kishi juda tajribali. O‘z hisobidan uyida spirtli ichimliklar va yog‘-moy tayyorlaydigan uskunlar o‘rnatgan. Bundan tashqari, dori-darmon deysizmi… Xullas, ko‘p narsalarni topsa bo‘ladi. Qo‘rqmas Zavodning kelgusidagi rejalari yanada yuksak.
– Ishlarimni yuritishda chaqqongina jiyanim, katta ukamning kichik o‘g‘li Olg‘irjon yaqindan yordam berayapti…. – deydi Qo‘rqmas Zavod”.
Garchi o‘zi bilan suhbat qurmagan bo‘lsam-da, qotirib maqtadim. Qo‘rqmas amaki o‘qib qolsa rosa xursand bo‘ladi-da.
Maqola tayyor. Ostida chiroyli qilib ism-sharifimni bitdim. Anqaboy Semiz. Nima bo‘lsa ham gazetada ism-sharifim ko‘rinsa bo‘ldi.
Maqolani xaltjildga solib, mag‘rur yurib pochta qutisiga tashlab keldim. Vaqtim chog‘. Go‘yo hamma men haqimda hozirdanoq gapirayotgandek.
“Qachon maqola chiqarkan”, degan o‘ydan tinchim yo‘qoldi. Gazetaning yangi sonlarini titkilashni odat qildim. “Anqaboy Semiz” degan joyi bormikan, deya qidiraman. Yo‘q! O‘zi haqiqat qolmabdida, deb yursam, bir kuni uchastkavoy melisa yo‘qlab qoldi. Nima emish: “Jinoyatchi haqida o‘z vaqtida xabar berganingiz uchun rahmat! Tashakkur!”. Axir, nahotki bilishmasa jinoyatchi boshqa, tadbirkor boshqa. Yo men adashtirdimmi?!
Hozir qahramonim – Qo‘rqmas tadbirkor, o‘zimni Qo‘rqmas mahalladoshim ustidan sud ketyapti. Men esa, yozganlarimni isbotlashim kerak emish…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 30-son

