Abdulla Avloniy. Turkiy Guliston yoxud axloq

Men bu asari nochizonimni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida ta’lim bermak ila barobar ulug‘ adabiyot muhiblari, axloq havaskorlarining anzori oliylarina taqdim qildim.

Har kun o‘luram shomg‘acha men g‘amga giriftor,
Har shab yonaram otasha parvona kabi zor.
Hech kimsa emas bu meni ahvolima voqif,
Men xastayamu millatim o‘lmish nega bemor.

Noshiri va shoiri Abdulla Avloniy

2-tab’i, sana 1336 h./1917 m. Toshkent,
Tip. Lit. «Par. Sots. revolyuts» 1917 g.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

AXLOQ

Insonlarni yaxshilikg‘a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur. Axloq ilmini o‘qub, bilub amal qilgan kishilar o‘zining kim ekanin, janobi Haq na uchun xalq qilganin, yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganin bilur. Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg‘a sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Mezon tarozusiga qo‘yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og‘irroqi yo‘qdur. Mo‘min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro‘za tutub ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar», – demishlar.

So‘ylasang so‘yla yaxshi so‘zlardan,
Yo‘qsa jim turmoqing erur yaxshi.
O‘ylasang yaxshi fikrlar o‘yla,
Yo‘qsa gung bo‘lmoqing erur yaxshi.
Ishlasang ishla yaxshi ishlarni,
Yo‘qsa bekorlig‘ing erur yaxshi.

XULQ

Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladur.

Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko‘zga ko‘rinib turadur. Ammo nafsning surati ko‘zga ko‘rinmaydurgan, aql ila o‘lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, «Allohu akbar» bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turub yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz:

«Bir tog‘ning o‘rnidan ko‘chib ketganini eshitsangiz, ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo‘ldi deb eshitsangiz ishonmangiz», – demishlar.

Xulqi yomon yuz, ko‘zlidin na sud
Yuz, ko‘zli xulqni qilmas kashud.
Xulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur qistasang.
Xulqi yomoning keturar ko‘p zarar,
Xulqing o‘zi boshingga kaltak urar.
Xulqi fano bo‘lsa degil alhazar,
Xor-u zalillikda qolur darbadar.

YaXShI XULQ, YoMON XULQ

Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo‘lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg‘a tavsif bo‘lub, «yaxshi xulq» agar tarbiyatsiz o‘sub, yomon ishlaydurgan bo‘lub ketsa, yomonliqg‘a tavsif bo‘lub «yomon xulq» deb atalur.

Janobi Haq insonlarning asl xilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgan qilub yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmak tarbiya ila bo‘ladur. «Qush uyasinda ko‘rganin qiladur». Inson javhari qobildur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanub, go‘zal xulqlarga odatlanub katta bo‘lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo‘lub chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub o‘ssa, Allohdan qo‘rqmaydurgan, shariatga amal qilmaydurgan, nasihatni qulog‘iga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoyi olam bo‘lub qolur.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Imoni komil bo‘lgan kishilar yaxshi xulqli bo‘lurlar, sizning eng yaxshilaringiz xotunlariga yaxshilik qilganlaringizdur», — demishlar.

Xudoning rahmat-u fayzi hama insonga yaksardur,
Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.
Tug‘ub tashlov-la bo‘lmas bola, bo‘lg‘ay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa, bo‘lur ul rahnamo sizga.
Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo‘lur olim,
Buzulsa xulqi, Luqmon o‘g‘li bo‘lsa, bo‘lg‘usi zolim.
Yomonlarga qo‘shuldi Nuhning o‘g‘li, o‘ldi beimon,
Yurudi Kahf iti xublar-la bo‘ldi oti inson.

TARBIYa

Tarbiya – «Pedagogiya», ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur.

Ilmi axloqning asosi tarbiya o‘ldug‘indan shul xususda bir oz so‘z so‘ylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o‘rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o‘sdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berub, katta qilmog‘i lozimdur. Zeroki, «Hassinu axloqiko‘m» amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakg‘a amr o‘linganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo‘lishining asosiy panjasi tarbiyadur.

Axloqimizning binosining go‘zal va chiroyli bo‘lishiga tarbiyaning zo‘r ta’siri bordur, ba’zilar «tarbiyaning axloqqa ta’siri yo‘q, insonlar asl yaratilishida qanday bo‘lsalar, shunday o‘sarlar, tabiat o‘zgarmas», – demishlar.

Yomon xo‘ tuzalmaydi darmon ila,
Ipak o‘lmas ip, rangi alvon ila.
Boqing, bir daraxt mevasidur yomon,
Bo‘lur yaxshi payvand, parvo bilan.
Bilur har kishi aslini rangidan,
Va yokim ulangandagi zangidan».

Lekin bu so‘z to‘g‘ri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, ta’siri bo‘ladur. Oramizda masal borki, «sut ila kirgan, jon ila chiqar», mana bu so‘z to‘g‘ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Beshikdan to mozorga borguncha ilm o‘rgan», – demishlar. Bu hadisi sharifning ma’nosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: – «Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘lidur», – demish. Shariati islomiyada o‘z bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayn, o‘z millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Payg‘ambarimiz: «Bolalaringizni yetti yoshida namozga o‘rgatingiz. Agar o‘n yoshida o‘qimasa uringiz», – demishlar.

Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,
Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.
Tarbiyat hamroh etadur hur ila ruzvonlara,
Gar desam bo‘lmas xato jannat makoni tarbiyat.
Ey, Otalar! Jonlaringizdan suchuk farzandingiz,
G‘ayrat aylang o‘tmasun vaqt-zamoni tarbiyat.
Moyai zilli xumodur tarbiyatning soyasi,
Bizda anqo tuxmidek yo‘q oshyoni tarbiyat.

TARBIYaNING ZAMONI

Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so‘zni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur.

Xayr, bo‘lmasa muallimchi desak, «Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o‘qumagan, «usuli ta’lim» ko‘rmagan muallimlarni aytursizmi? Avval o‘zlari dorilmuallimin»larda o‘qimaklari, so‘ngra dars bermaklari lozimdur», – der. Mana bu so‘z insonni hayrat daryosiga g‘arq qilur.

Mudarrislarga na dersiz desak, qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o‘z vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o‘qutmaklari lozimdur», – der. Mana bu so‘z har kimni «Alisloh» demakga majbur qilur. Bo‘lmasa hukumat-chi? desak, «xayr , hukumat hammaning otasidur. O‘z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim, shuning uchun bizning Rusiya hukumati o‘gay bo‘lsak ham, har yerda bizlar uchun ham maktablar ochub, bolalarimizni tekin o‘qitur. Lekin o‘zimiz ish bilmagan, yalqov, uyda onamiz tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko‘rmaganimizdan, hukumat maktablaridan ham o‘z hissalarimizni ololmaymiz», – der. Mana bu so‘z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanin bilmaganlig‘imizni bildirur.

Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi axloqindadur», – demishlar.

Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo‘lur tarbiyat birla yo‘lga solib.
Onasin olib asrag‘on birla rom,
Qilmas kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug‘ bo‘lsa lozim kelur g‘am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To‘g‘unchi egur kuydirib kavdani.

BADAN TARBIYaSI

Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘qutmoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur. Sog‘ badanga ega bo‘lmagan insonlar amallarinda, ishlarinda, ibodatlarinda kamchilik qilurlar. Maishatimizni rohatda bo‘lmog‘i jasadimizning sog‘lom bo‘lmog‘iga bog‘lidur. Biz sihatimizni saqlamak ila amr o‘linganmiz, shuning uchun vujudimizi hifzi-sihatga zid bo‘lgan yomon odatlar ila churitmakdan saqlanmakligimiz lozimdur. Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila terisi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini qo‘yib astarini yuvub ovora bo‘lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog‘lom bir vujud kerakdur. Shuning uchun ota-onalar bolalari kasal bo‘lgan zamon beparvolik qilmay, tezlik ila tabib yoki do‘xturga boqizmak kerak.

Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki xildur: biri badan ilmi, ikkinchi din ilmi», – demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikga ters bo‘lgan narsalardan saqlanmak ila bo‘ladur.

Ichkulik, ko‘knor, nasha, afyun, taryok, chilim, nos, popirus kabi badanning salomatlikig‘a zararli, og‘ulik, ba’zisi harom, ba’zisi makruh, ba’zisi isrof bo‘lgan narsalardan qochmak, saqlanmak shariat, aql, hikmat yuzasidan lozimdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Har narsa ko‘p ichganda mast qiladurgan bo‘lsa, man sizni aning ozginasidan ham nahy qilaman», – demishlar.

Salomatlikni saqlov lozim ishdur.
Gunahdin saqla jisming yoz-u qishdur.
Kasal bo‘lsang, bo‘lur dunyo qorong‘u,
Maishat talx o‘lub hasrat chekishdur.
Harom-u shubhadan pok et o‘zingni,
Bu dunyo aysh-u ishratdan kechishdur.
Hama ishratchi hijronlikda ketdi,
Bu olamda bir ish ishlab ketishdur.
Turkiy guliston yoxud axloq kitobi

FIKR TARBIYaSI

Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko‘p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g‘ayratli bo‘lishiga sabab bo‘ladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga so‘ng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bog‘lidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo‘lsa ham, ikkisi bir-biridan oyilmaydurgan, birining vujudi birig boylangan jon ila tan kabidur.

Masalan: joy solinmagan yaxshi bir uyning ichida o‘tirmak mumkin o‘lmadig‘i kabi, ichiga har xil yangi ashyolar to‘ldurub ziynatlangan eski imorat ham o‘lturushga yaramaydur. Basharti o‘ltursa, insonlar: «Eski uyga yangi zoldivor», «kir ko‘ylakka jun jiyak», «mis qozonga loy tuvoq» deb hajv, kulgi qilurlar.

Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,
Xanjar, olmosdan bo‘lur o‘tkur.
Fikrning oyinasi olursa zang,
Ruhi ravshan zamir o‘lur benur.

AXLOQ TARBIYaSI

Axloq tarbiyasi: insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja berguvchi axloq tarbiyasidur. Biz avvalgi darsda tarbiya ila dars orasida farq bor, deduk, chunki dars oluvchi-biluvchi, tarbiya oluvchi-amal qiluvchi demakdur. Shuning uchun tarbiya qiluvchi muallimlarning o‘zlari ilmlariga omil bo‘lub shogirdlarga ham bergan darslarini amal ila chaqushturub o‘rgatmaklari lozimdur. Bu ravishi ta’lim ila berilgan dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir qilub, mulloyi boamal bo‘lurlar.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Eng yomon kishilar ilmiga amal qilmaydurgan kishilar», – demishlar. Agar tarbiya qiluvchi muallim o‘zi olim bo‘lub amalsiz bo‘lsa, buning ham shogirdlarning axloqiga zo‘r ta’siri bo‘ladur. «Domlaning o‘zi falon joyda falon ishni qildi. Ammo bizlarga qilmanglar, haromdur, deb va’z etadur», deb fikr va xayollariga bo‘yla shak va shubha tushub qoladur.

BAYT
Minbar uzra jilva aylab va’z etarlar qilma deb,
O‘zlarin xilvatda ko‘rsang oni qilmoqda emish.
Ichma suv derlar biza oltun-kumush asbobda,
Bilsamiz maqsudlari qo‘ltuqg‘a urmoqda emish.

YaXShI XULQLAR

Yaxshi xulq: bir qismi o‘z nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli bo‘lgan yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, g‘ayrat, riyozat, qanoat,shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor,xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va afvdur. Mana bu yozdig‘imiz yaxshi xulqlar aql va shar’i sharifga muvofiq. Alloh taolo ham bandalar qoshida maqbul va mu’tabardur. Emdi bu yaxshi xulqlarni qo‘lga olmak uchun ota-ona, muallim ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasihatlarini jon qulog‘i birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat bo‘lmak, axloqi buzuq yomon kishilardan qochmak lozimdur. Bizim shariati islomiyada «axloqi hasana» – yaxshi xulqlar ila xulqlanmak, har narsaga ibrat ko‘z ila boqub, xulqini tuzatmak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam: «Islomiyatda buzuqlik yo‘qdur, buzuqlikni ustiga oluv ham yo‘qdur. Islomiyatda eng mu’tabar kishilar yaxshi xulq egalaridur», – demishlar.

BAYT
Yaxshi birla yursa, har kim maqsudi hosil bo‘lur,
Yursa nodonlar ila, bir kun borib qotil bo‘lur.
Kattalar qilgan nasihatni kichiklar olmasa,
Oqibat xulqi buzuq bir beadab johil bo‘lur.

FATONAT

Fatonat aql egasi bo‘luv demakdir. Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. Inson aqli ila din va e’tiqodini mahkam qilur, shariat hukmlariga bo‘yunsunar. Aqlsiz jinni kishilar bularga bo‘yun qo‘ymas, shariatdan tashqari ishlarni ham qilur. Janobi Haq insonni hayvonlardan so‘z va aql ila ayirmishdur. Hayvonlar o‘zlariga bo‘laklar tarafidan keladurgan zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson janobi Haq tarafidan berilmish aql va idroki soyasida o‘ziga keladurgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, bo‘ynidan boylab, iplarining uchini qo‘llariga bergan insonlarning aqlidur.

Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari najotidur. Ilm o‘rganmak, olim bo‘lmak uchun maktabga kirmak, muallimdan ta’lim olmak lozim. Aqlsiz kishilar na maktabga kirar va na muallimni bilar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey insonlar! Aqlingizga tavoze’ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz», – demishlar. Hukamolardan biri: «Agar aqlingni qo‘li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo‘llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko‘p bo‘lsa, bahosi arzon bo‘lur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko‘paysa, shuncha qimmatbaho bo‘lur», – demish.

Aqldek zebo sifatni ko‘rdi Haq, insonga eb,
Oqil insonlar bilan berdi jahon-olamga zeb.
Aql nuri birla to‘ldi dunyoga ilm-u hunar,
Aqlsiz inson qachon bilg‘usidur naf’-u zarar?
Aqlsizlar bilmagaylar din nadur, dunyo nadur?
Bo‘lmasa aqli bilurmi farz ila sunnat nadur?

DIYoNAT

Diyonat alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas e’tiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa yo‘qdur Din va e’tiqodi salomat bo‘lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na o‘ziga va na boshqa kishilarga, va na millatga tariqcha foyda yo‘qdur. Din janobi Haq tarafidan bandalari uchun qurilmish to‘g‘ri yo‘ldurki, banda dunyo va oxiratda bu yo‘l ila sohili salomatga chiqar. Din ulamolari diniy kitoblarda Alloh taologa ibodat qilishning yo‘l va qoidalarini bayon qilmishlar. Ibodat ikki turli bo‘ladur: Biri tan ibodati, ikkinchisi ruh ibodati. Tan ibodati tahorat, namoz, ro‘za, zakot, haj kabi amallardurki, bularning har birini o‘z vaqtida shariatga muvofiq ravishda minnat qilmasdan, riyo qilmasdan dilni poklab, niyatni xolis qilub, shavq va zavq ila ado qilmoq lozimdur. Ruh ibodati qalb ila ado qilinadurgan ibodatdurki, e’tiqodni mahkam, dilni pok qilub, Qur’on, Hadis, fiqh kabi diniy kitoblar oqilganda jon qulog‘i ila tinglab asarlanmakdur. B
ir kishi tan ibodatini qilub, ruh ibodatini qilmasa, yo ruh ibodatini qilib, tan ibodatini qilmasa o‘z vazifasini ado qilmagan bo‘ladur. Aql din ila, din amal ila, amal taqvo ila kamol topar. Din insonlarning dilidan saxovat, marhamat, shafqat, ulfat, muruvvat eshiklarini ochub, saodat va salomat bo‘stoniga olib borur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Allohni ko‘z oldingda ko‘rub turgandek ibodat qil, zeroki, san oni ko‘rmasang ham, albatta, Ul sani ko‘radur, nafsingni o‘lgan hisob et», – demishlar.

BAYT
Pok qilgil diningni, imoningni,
Qul huvar-rahmon omanno bih.
Diningni yoqmasun havas zinhor,
Va qino rabbano azoban-nor.

ISLOMIYaT

Islomiyat butun insoniyatdur. Insoniyat esa yaxshi xulqdan iboratdur . Islomiyatni rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimizning yolg‘uz o‘zlari butun dunyo yuziga yaxshi xulqlari soyasida tarqatdilar. Sahobalar ham Payg‘ambarimizning orqalaridan ergashub, mahkam e’tiqodlari, yaxshi axloqlari, pok qalblari, o‘tkir shijoatlari ila yer yuzuni titratdilar. Kundan kun islomiyatning shavkat va quvvati ortdi. Olamga madaniyat, ma’rifat, musovot, adolat urug‘lari Arabiston yarim orolidan yoyildi. Buning sababi sahobalardagi metin e’tiqod, buzulmas ittifoq, sof qalb, yaxshi amal, xolis niyat, tuganmas g‘ayrat, go‘zal axloq edi. Har narsaning ofati o‘ldig‘i kabi zamonlarning o‘tuvi ila islomiyatning ittifoqina ko‘z tegdi. Musulmonlar orasiga tafriqa tushdi. Hikmat egalari, funun sohiblari islomiyatdan quvlandi. Ilm-u hikmat xazinalari qulflandi. Jaholat, adovat hukm surdi-da, bo‘yla o‘ldi:

Afsus ekinzorni selob olibdur,
Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.

Musulmonlarning diliga ittifoq o‘rniga nifoq, adolat o‘rniga zulm, muhabbat o‘rniga adovat, g‘ayrat o‘rniga atolat, muruvvat o‘rniga g‘azab, saxovat orniga buxl, tavozu’ o‘rniga kibr, sadoqat o‘rniga iftiro, shafqat o‘rniga hasad, hilm o‘rniga hamoqat, hurmat o‘rniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr o‘rniga g‘urur, iqtisod o‘rniga isrof, afv o‘rniga dahshat, sa’y o‘rniga safohat, g‘ayrat o‘rniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. G‘arib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qarg‘alar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar o‘turdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin ko‘zdin nihon o‘ldi.

Etsa navbat o‘lturar boyqush
Sulaymon tomiga,
O‘rmaguchlar in qo‘yar
Afrosiyob ayvoniga.

NAZOFAT

Nazofat deb a’zolarimizni, kiyimlarimizni, asboblarimizni pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va o‘tkur qilur. Xalq orasida e’tibor va shuhratga sabab bo‘lur. Poklik ila har xil kasallardan qutulub,

jonimizning qadrini bilgan bo‘lurmiz. Pok bo‘lmak salomatimiz, saodatimiz uchun eng kerakli narsadur. Pok bo‘lmagan kishi Alloh ham xalq qoshida sevimsizdur. Yirtiq, eski kiyimlar kiymak ayb emas, yangi kiyimlarni kir qilub, yog‘ini chiqarub yurmak zo‘r ayb va gunohdur. Chunki bu ish shariatga ters, tarbiyati badanga zid, ajnabiylar ko‘ziga islomiyatni chirkin qilib ko‘rsatmoq bo‘ladur, ham bir yilga yetadurgan kiyimlar olti oyga yetmay, qirqilub tamom bo‘ladur. Bu isrof, mol qadrini bilmaslikdur. Ifloslik balosidan poklik davosi ila qutulmoq kerak. Baliqning hayoti suv ila o‘ldig‘i kabi, insonning salomatligi havo iladur. Agar tan pok bo‘lub yuvilib turmasa, quloq kir bo‘lsa, eshitmagani kabi badan ham o‘ziga kerak bo‘lgan havoni ichiga ololmas, ichidagi rutubat ham kirdan o‘tub chiqub ketolmas, chunki badan elak kabi ko‘zlikdur. Agar ko‘zi kir olsa, un turub suv ham o‘tmas, shuning uchun tamiz bo‘lmagan kishilar qo‘rqinch kasallarga tezgina giriftor bo‘lurlar. Shodliqlari g‘amda, oltundan qadrli umrlari kas
alxonalarda o‘tar. Mana shularni rioya qilub, shariatimiz bizga poklikni farz qilmishdur. Poklik musulmonlig‘ning ildizidur. Shuning uchun tani, kiyimi, joynomozi pok bo‘lmagan kishining ibodati ham durust bo‘lmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Islom dini pok dindur. Bas, pok bo‘lingiz, pok bo‘lmagan kishi jannatka kirmas», – demishlar.

Xalqi olam sevgusidur tozalik, pokni,
Poklik ortturgusidur fahm ila idrokni.
Har kishini ko‘ksida poklik nishoni bo‘lmasa,
Tozalik maydonidan quvg‘aylar ul bebokni.

SA’Y VA G‘AYRAT

Sa’y va g‘ayrat deb ustiga yuklangan ibodat va xizmatlarni harakat birla ado qilmakni aytilur. Shariat ham aql yuzasidan yalqovlik qilub, ishsiz, bekor yurmak durust emasdur. Zeroki, Qur ’oni karim bizlarni sa’y qilmoqg‘a amr etmishdur. Dangasalik har vaqt insonni xor, tama balosiga giriftor qilur. Bir ishga mashg‘ul bo‘lgan kishilar vaqtning o‘tganini bilmas, yalqov kishilar uchun bir soat o‘tkarmak qiyomatdan qiyindur. G‘ayrat vujudimizga quvvati mas’ud va baxtiyor bo‘lishimizga sababdur. Shuning uchun har birimiz sa’y qilub, o‘z kuchimiz ila maishatimizga kerak bo‘lgan narsalarni topub, boshqalarga muhtoj bo‘lmay rohat-rohat yashamoq lozimdur. Sihatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, qanoatimiz, sabrimiz, fazilatimiz, alhosil, butun hayotimiz harakatimizga bog‘lidur. Harakatlik kishilar tezgina maqsudlariga yeturlar. Yalqov kishilar har narsadan mahrum, doim boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘lub xorlikda qolurlar.

Kishi yosh vaqtida ilm va ma’rifat, hunar va san’atga bo‘yin qo‘ymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi bo‘lub qolur. Shariatga ters, qonunga zid bo‘lmagan xizmatlarni qilmak ayb emasdur. Agar bunga ham bo‘yin qo‘ymay bu ko‘mirchilik, bu temirchilik menga munosib ish emas deb, dangasalik qilub, ishsiz yursa, zo‘r ayb, g‘ayratsizlikdur. «Gayratlikdan imon qutilmas» degan masal bor. Bunga qaraganda dunyo va oxiratimiz uchun g‘ayratni qo‘ldan bermaslik lozimdur. G‘ayrat imona, salobati vijdona dalolat etar. Hazrati Umar eshik oldida bekor o‘tirgan bir kishini ko‘rub: «G‘ayratsiz kishilardan Xudo bezor, islomiyat g‘ayrat ila rivoj topdi, sandek yalqov kishilardan islomiyat hazar qilur», – demishlar.

Haq buyurdi: «Laysa lilinsoni illo mo sa’y»,
G‘ayrat ila o‘tdi olamdan Muhammad Mustafo.
Biz-da ummatmiz, qilayluk sa’y ila xayr-u saxo,
Qilsalar shoyad shafoat sohibi ro‘zi jazo.

RIYoZAT

Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solub, egri yo‘ldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil bo‘lur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va mo‘tabardur. Yalqovlik, ko‘p uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor o‘tkarmak, aysh-u ishrat qilmak, ko‘p oshamak, foydasiz so‘zlar so‘zlamak, samovarlarda, ko‘chalarda aziz umrni bo‘sh otkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning g‘azabidur. Allohning buyrug‘i, Rasulullohning sunnatlari, shariat qil degan ishlarni birin-ketin o‘z vaqtida qilmak ibodat ham riyozatdur.

Riyozatni rioya qilgan kishilar hech vaqt shariat yo‘lidan ayrilmas, Alloh buyrug‘idan chetga chiqmas va bu yo‘l ila oxirat azobidan qutulur, rohat va rahmat saroyiga kirar, riyozatni rioya qilmagan kishilar Alloh taoloning rizosini topolmas, xor-zor bo‘lub, oxiratda alamlik azobga giriftor bo‘lur.

Aflotun hakim: «Men riyozatdagi lazzatni hech narsada ko‘rmadim, zeroki, vujudimning salomati, ruhimning saodatini riyozatda topdim. Shuning uchun riyozat ayni saodatdur deyaram, chunki fikrning, tilning islohi badanning riyozatiga bog‘lidur», – demish.

Ibn Sino hakim: «Tan riyozatidan ko‘proq ruh riyozati lozimdur. Mard kishi o‘zini riyozat va adab ila ko‘rsatsun, inson ila hayvon orasidagi farq yolg‘uz maishatda emas, yaxshi axloq kasb qilmoqdadur», – demish.

Riyozat mevasidur misli bodom,
Yuzi qattig‘ ichidur ishta in’om.
Kishin maqsudina eltar riyozat,
Riyozatsiz ish o‘lg‘ay besaranjom.
Agar sabr-u riyozat cheksang, ey jon,
Pishub oldingg‘a tushgay mevayi xom.

ShIJOAT

Shijoat deb botir va yurakli bo‘lmakni aytilur. Shaji’ kishi hech narsadan qo‘rqmaydurgan botir va yurakli bo‘lur. Sa’y va g‘ayratning ziddi dangasa va yalqovlik o‘ldig‘i kabi shijoatning ziddi qo‘rqoqlikdur. Qo‘rqoq savdogar foyda qilmas. Qo‘rqoq kishi o‘zining soyasidan hurkar, hech bir ish qilishga yuragi bo‘lmas. Ko‘p kishilar vahima va qo‘rqoqlik orqasidan mollaridan, jonlaridan, vatanlaridan ayrilurlar. Shuning uchun har ishda shijoatni qo‘ldan bermaslik lozimdur. Shijoat insoniyatning sof oyinasi, iffat, g‘ayrat, istiqomat kabi yaxshi xulqlarning nuroniysidur. Shijoatning haqiqati qalbning matonatindan, ruhning salomatindan iboratdur. Hozirgi zamonda botirlik – boylikda, qaysi davlat va millatning davlati bolsa, shul ustun bo‘lmakdadur. Chunki hukumat uchun xalq, xalq uchun hunar, hunar uchun ilm, ilm uchun aqcha lozimdur.

Sarvatli millatlar milliyatlarini yo‘qotmas, rohat va saodatda yashar. Bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar va bu soyada bir-birlariga g‘alaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgar va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Yovro‘pa, Afriqo va Osiyoni o‘ziga asir va musaxxar qilmakdadur.

Bu zamonda fil ila jang aylamak erlik emas,
Er o‘shaldurkim tutar ilm-u hunarning yoqasin.
Beshlab, o‘nlab so‘m topishsa, ilm ila ag‘yorlar,
Biz bo‘lub hammol, oladurmiz tiyinlab choqasin.
Boshqalar san’at, tijorat-la taraqqiy aylasa,
Bizni el tortar ayog‘din o‘lgan otning toqasin.

QANOAT

Qanoat deb janobi Haq tarafidan ihson bo‘lgan ahvolga yetishdig‘imiz ne’mat va molga shukr, boshimizga kelgan faqr, musibat, falokatlarga chidab, sabr qilmoqni aytilur. Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning g‘inosidur.

Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega bo‘lgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar. Buning ila barobar qanoatsizlikdan paydo bo‘ladurgan hasad degan jonning eng zo‘r dushmanidan qutulurlar. Chin insonlar kishining molina, mulkina, saodatina, maishatina hasad qilmas, qanoatdan ayrilmas, umrini rohatda o‘tkarur. Inson har bir ishga kuchi yetguncha cholishmoq, janobi Haq taqdirdagi narsasidan nimani bersa, shunga qanoat qilmoq lozimdur.

Zeroki, inson o‘z maishatini, nomusini saqlamoq uchun fidoyi jon darajasiga borguncha sa’y qilmoqg‘a buyurilmishdur, lekin bu sa’yning mashruyi har bir ishda qanoatni qo‘ldan bermaslikdur. Olamda qanoat kabi dilni poklaydurgan narsa yo‘qdur. Janobi Haqning amriga itoat qanday saodat esa, taqdiriga qanoat ziyoda baxtiyorlikdur.

Hazrati Ali afandimiz: «Dunyoda sa’y-jadali ila maishat o‘tkargan qanoat egasi hech kimg‘a muhtoj bo‘lmagan zo‘r boylar kabi rohatda, saodatda yashar», – demishlar.

Aflotun hakim: «Insonning saodati qanoatini qo‘lda tutmakda, sarvat va maishat to‘g‘risida janobi Haqning taqdiriga rozi bo‘lmakdadur», – demishlar.

ILM

Ilm deb o‘qimak, yozmakni yaxshi bilmak, har bir kerakli narsalarni o‘rganmakni aytilur. Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakotimizni oyina kabi ko‘rsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o‘tkur qilur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurub berur, to‘g‘ri yo‘lga rahnamolik qilub, dunyo va oxiratda mas’ud bo‘lishimizga sabab bo‘lur. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur. Chunki ilmsiz kishilar ota-onasiga, qarindosh-urug‘iga, yor-do‘stiga, din va millatiga foyda yetkurmak bir tarafda tursun o‘z ustiga lozim bo‘lgan ibodat va toatni ham loyiqicha qila olmas. Ilmning foydasi u qadar ko‘pdurki, ta’rif qilg‘on birla ado qilmak mumkin emasdur. Bizlarni jaholat qorong‘ulig‘idan qutqarur, madaniyat, insoniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzug‘ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va adab sohibi qilur, Alloh taologa muhabbat va e’tiqodimizni ortdurur, janobi Haqning azamat va
qudratini bildirur. Alhosil, butun hayotimiz, salomatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, g‘ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilma bog‘lidur. Payg‘ambarimiz: «Ilmga amal qilguchilardan bo‘lingiz, naql va rivoyat qilguchilardan bo‘lmangiz», – demishlar.

Ilm bir daryo ichi to‘lmish dur-u gavhar bilon,
Qiymat-u qadrin qachon bilg‘ay oni johil yilon.

Olim kishilar har yerda aziz va hurmatlidur. Shariatimizda qaysi ilmga muhtoj bo‘lsang, shuni bilmak bizga farzdur.

Shuning uchun o‘qimak, bilmak zamonlarini qo‘ldan bermay, vujudimizning dushmani bo‘lgan jaholatdan qutulmakga jonimiz boricha sa’y qilmagimiz lozimdur.

AQSOMI ILM

Ilm diniy va fanniy qismlar ila ikkiga bo‘linur.

Diniy kishi bo‘lmak uchun ulumi diniya o‘qumak ila barobar hisob, handasa, tarix, hikmat, kimyo, tib, ziroat ilmlari kabi fanniy ilmlarni ham bilmak, chin olim bo‘lmak lozimdur . Chunki bu ilmlarning ikkisi ham dunyo va oxiratimiz, hayot va saodatimiz uchun eng kerakli narsalardur.

O‘tkan zamondagi islom ulamolari har bir ilmga tish-tirnoqlari ila yopishdilar1, o‘qidilar, o‘qitdilar, ulum va funun soyasida islomiyat taraqqiy qildi, madaniyat tarqatdi, kitobxonalar, qiroatxonalar, yetimxonalar, kambag‘alxonalar, kasalxonalar ochildi. Hozirgi musulmonlar taassub va jaholatlari ila maqtanulari kabi, avvalgi zamon musulmonlari ilm va ma’rifat, kitob va asarlari ila maqtanurlar edi. Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi yoshlarining ilm va ma’rifatiga, hunar va san’atiga bog‘lidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ilm o‘qimak har bir mo‘min er-u xotunga farzdur», – demishlar. Ajabo, Qur’onimiz, Payg‘ambarimiz o‘qingiz, deb amr qilg‘on holda, bizlar na uchun harakat qilmaymiz, qimirlamaymiz. Boshqa millatlarning o‘g‘ullari, qizlari

kecha demay, kunduz demay, yoz demay, qish demay ilm yo‘lida jonlarini fido qilub, quvushub, yugurushub, ko‘zlarimizni qamashdirub turgan bir zamonda bizlar hamon2 uyqudan, g‘aflatdan, jaholatdan boshimizni ko‘tarmaymiz, ibrat olmaymiz. Payg‘ambarimiz: «Olim bo‘l, ilm talab qiluvchi bo‘l, yoki ilmni eshituvchi bo‘l, hech bo‘lmasa shularga muhabbat qiluvchi bo‘l, beshinchisi bo‘lma, halok bo‘lursan», – demadilarmu?

Topar ilm ila odam og‘li kamol,
Eturmas kamola jamol ila mol.
Kerak o‘rtanur ilm uchun sham’dek,
Tanumoq Xudoni ilmsiz mahol.
Talabgor o‘lur ilma oqil kishi,
Sotar ilm bozori moli halol.
Talab aylamak farzdur bizga ilm,
Bu amr uzradur er-xotun, yosh, chol.

SABR

Sabr deb boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo‘lmakni aytilur. Har bir ishda sabr va sovuqqonlik ila harakat qilmak lozimdur. Chunki boshimizga keladurg‘on balo va qazo, zahmat va mashaqqatlarning barchasi janobi Haqning irodasi ila o‘ldig‘i uchun bularg‘a sabrsizlik qilgan kishilar ajr va savobdin quruq qolurlar. Sabr insonlar uchun buyuk bir fazilatdurki, janobi haq sobirlarni suyar. Qur’oni karim ichida ko‘p yerda sabrni, sobirlarni madh qilmishdur . Shariati islomiyada janobi Haq tarafidan kelgan balo va qazog‘a sabr qilmoq farzi ayndur.

Inson har bir ishni sabr va matonat ila yurutsa, maqsudiga tinch va rohatda borub yetar. Hamisha saodatda yashar.

Sekin borgan kishi maqsuda yetgay,
Shoshub besabrlar kaj yo‘lga ketgay.
Agar sabring bo‘lsa nafsingga yo‘ldosh.
Seni tavfiqi rabboniga eltgay.

Nafsini sabr ila rom qilgan kishi har ishda oshiqmay, ohista harakat qilur. Nafsini halokatdan, g‘ururdan saqlar. Sabr shunday bir kuchli narsadurki, shahvatni iffatga, g‘azabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozu’ga, yomonlikni yaxshilikg‘a aylandurmakg‘a quvvati yetar. Shul xususda so‘ylanmish bir hadisi sharifning ma’nosi «ilm imonli kishilarning muhibi, hilm homiysi, aql

dalili, yaxshi amal sarmoyasi, muloyimat volidi, afv axavoni, sabr hokimi vijdonidur», – deyilmish. Arablar: «Assabru miftohul-farah» – «sabr shodlig‘ning kalididur», – deyurlar.

Sabr ila har mushkul ish zoyil bo‘lur,
Sabr edan maqsudina noyil bo‘lur.
Har kishida bo‘lmasa sabri jamil,
Nafs ko‘yina yurub soyil bo‘lur.
Sabr qilsang, g‘o‘radan halvo bitar,
Sabrsizlar o‘z oyog‘idan yitar.

HILM

Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli, yumshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur.

Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur.

Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur.

Nafsning rohati, qalbning matonati, fikrning salomati, vijdonning halovati halim tabiat bo‘lmoq ila hosil bo‘lur. Chunki halim kishilar har qancha quvvat va qudrat sohibi bo‘lsa ham, o‘zidan ojiz kishilarga shiddat ila muomala qilmas. Fikri salomat kishilarning qalbi halim, tab’i karim o‘lur. Zeroki, vujudimizdan paydo bo‘ladirgan af’ol va harakotimizning manbayi havas va orzudur. Bu havas va orzuga faqat hilm ila g‘olib kelurmiz va bu vasila ila to‘g‘ri yo‘lga kirub, yaxshi xulq sohibi, din va millat xodimlaridan bo‘lurmiz. Dunyoda chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak lozimdur.

Zotiga, hilmiyati mavsuf qilsa har kishi,
Ikki olamda bo‘lur rohat, halovatda ishi.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Alhilmu sayyidal axloq – Hilm xulqlarning sayyididur», – demishlar.

Suqrot hakim: «Shiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor», – demish.

Bu so‘zga qaraganda saxovatning ifroti isrof o‘ldig‘i kabi o‘rinsiz yerda hilm iste’mol qilmak insonning viqor va e’tiborini poymol qilur. Shuning uchun hilmiyat hududidan – chegarasidan chiqmay, g‘azab, hiddat kabi yerlarda hilm iste’mol qilub, nafsning haroratini past qilmolidur. Lekin tepsa tebranmaydurgan, turtsa ting etmaydigan bo‘lub, g‘ayrat, shijoat o‘rinlariga ham muloyimlik ishlatuv halimlik hududidan oshub, bo‘shlik, anqovlik dunyosiga chiqmakdur. Bunday halimlikdan qochmak, hazar qilmak kerak.

Halimlikni qilsang agar ixtiyor,
Bo‘lur xalqi olam sanga do‘st-u yor.
Bo‘lur mevalik shoxni boshi past,
Halim o‘lg‘usi oqili hushyor.

INTIZOM

Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o‘z vaqtida tartibi ila qilmakni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo‘lmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar. Janobi Haq yer-u osmonlarni, oy va yulduzlarni, inson va hayvonlarni, qurt va qushlarni shunday bir nizom ila tarbiyat berib yaratmishdurki, aql bilmakdan, qalam yozmakdan, til so‘zlamakdan ojizdur. Dunyoga kelgan payg‘ambarlarning har birlari din va shariatlarini tarbiyat va nizom ila yurutmishlar. Xususan, islom dini mukammal ravishda tartib va nizomni rioya qilmishdur. Va bu soyada ozgina zamonda islom urug‘lari butun dunyo yuziga yoyilmishdur. Islom davlatlarining barposi nizom va intizom ila o‘ldig‘i kadi barbod va inqirozi ham tartib va nizomsizlik ila bo‘lmishdur. «Xayr, o‘tkan ishga salovat». Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay tartibi ila yurutmakg‘a bog‘lidur. Shogirdlar maktab va madrasalardagi zamonga muvofiq ravishda qurilmish, nizom va tartiblarni rioya qilmaklari loz
imdur. Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom, o‘zlari parishon bo‘lurlar. Ammo ishlarini tartib uzra yurutgan kishilarning ishlari yerida, o‘zlari tinch va rohatda umr o‘tkarurlar. Hozirgi zamonda bizning Turkiston boylarining ishlari to‘xtab, sinuvlarining birinchi sababi ishlarini axloqsiz, bilimsiz, musrif, yalqov kishilarga topshiruvlari ila barobar o‘zlarining zamonga muvofiq tartib va nizomdan xabarsizliklarining yemushidur. Payg‘ambarimiz: «Kasblarning ortug‘roqi xiyonatsiz, yolg‘onsiz qilg‘on savdo va tijorat ila bandaning o‘z qo‘li birlan ishlagan ishidur», – demishlar.

Davlatni koni, manbayi tartib-intizom,
Sarvatni poydori erur iqtisodi tom.
Muhtojlig‘ yuzini ko‘rar deb gumon qilmang,
Tartibi birla yursa, kishining ishi mudom.

MIQYoSI NAFS

Miqyosi nafs deb qiladurgan amallarimizni, ishlarimizni shariat, insoniyat qonuniga muvofiq o‘lub, o‘lmaydig‘ini vijdonimiz ila o‘lchab ko‘rmakni aytilur. Nafs o‘lchovi haqiqiy bir o‘lchovdurki, insonning o‘z nafsiga loyiq ko‘rmagan muomalani boshqalar haqida ijro etmoqg‘a qo‘ymas, fikr egalari, insof sohiblari har vaqt nafs o‘lchovidan tashqari harakat qilmas.

Agarda bir sabab ila shariat hukmidan, insoniyat qonunidan chet ketsa, bu qabohatini nafs o‘lchovi ila bilub, ikkinchi martaba qilmasga qasd va niyat qilub, shariat nizomidan, insoniyat chizig‘idan chiqmaslikg‘a sa’y va g‘ayrat qilur.

Alhosil, nafs o‘lchovi ta’rifdan tashqari insonlar uchun eng foydali, har kimcha maqbul buyuk bir fazilatdur.

Buyuk Iskandar: «Dunyoda eng haqiqiy, to‘g‘ri o‘lchov nafs o‘lchovidurki, bu mezonda zarra nuqson yo‘qdur», – demish.

Ibn Sino hakim: «Insonning fazl-u kamolining o‘lchovi nafsning o‘lchovi ila o‘lchanur», – demish.

Dunyoda har narsaning maxsus o‘lchovi bo‘lar,
Banda af ’olini vijdoni ila tortib ko‘rar.
Bir ishiga vaznda kelsa og‘ir o‘z nafsiga,
Ul ishing qandog‘ bo‘laklarga ravo, loyiq ko‘rar.

VIJDON

Vijdon deb ruhimizga, fikrimizga ta’sir qiladurgan hissiyot, ya’ni sezuv – tuymaqdan iborat ma’naviy quvvatni aytilur. Biz har vaqt af’ol va harakotimizni yaxshi va yomonlig‘ini, foyda va zararlig‘ini onjaq vijdonimiz ila bilurmiz. Vijdon insonning aql va fikrini haqiqiy mezonidurki, bu tarozu ila o‘z kamchiliklarini o‘lchab bilmak ila barobar boshqalarning ham af’ol va harakotini sezur. Agar ishlagan ishi shariat, aql va hikmatga muvofiq bo‘lsa, muhabbat qilur. Qabohat va yomon ishlarni qilsa, nafrat qilur. Biz janobi Haqning amr va nahyini fikr va ruhimizning ma’naviy quvvati o‘lan vijdonimiz ila ayira bilurmiz.

Vijdon yaxshi xulqlarning manbayi o‘ldig‘indan vijdon sohiblari har bir ishni beg‘araz, xolis niyat ila ishlar.

Shul sababli har kim nazarida maqbul va suyukli bo‘lur.

Ammo vijdonsiz kishilarning ishlarida niyat va amallarida, do‘st va oshnoliqlarida yashirin bir g‘arazlari o‘ldig‘indan har vaqt hasrat va nadomat chekub, vijdon azobig‘a giriftor bo‘lurlar.

Har bir insonning haqiqiy foili vijdonidur,
Mevasi yaxshi amaldur, hosili vijdonidur.

Inson diniy vazifalarining uluvviyatini vijdoni soyasida taqdir qila bilur. Chunki, vijdoni salomat kishilar imon va e’tiqodlarini kamolga yetkurmak uchun janobi Haqning buyruqlarini din va millatg‘a foydali ishlarni shod va xurramlik ila ishlar.

Alhosil, vijdon har kimning af’ol va harakotini ko‘rsatadurgan musaffo bir oyinadurki, bu ko‘zguga chin nazar qilg‘an kishi o‘z ayb va kamchiliklarini tuzatmak harakatida bo‘lub, boshqalarning ayb va qusurlarini axtarmoqg‘a vaqti bo‘lmas. Bizim islomiyatda vijdon axloqining islohi uchun sa’y-harakat qilmak lozim o‘ldig‘indan shul doirada harakat qilg‘on kishilar ikki jahonda aziz va mukarram bo‘lurlar. Arastu hakim: «Ruhimizning ma’naviy quvvati o‘lan vijdonimiz, fikrimizga quvvat berguvchi bir vositayi idrokiya deyilur. Ya’ni, hissiyotimizning ruhimizga ta’sir ettirg‘uvchi bir robitayi ilktiriqiyyasidur», – demish.

Ibn Sino hakim: «Vijdon ruh va fikrimizni tuyg‘un qilmakg‘a birinchi vositadur», – demish.

Sof vijdon kabi hech komila mezon o‘lmaz,
Kishi o‘z aybini bilmak kabi urfon o‘lmaz.
Shod-masrur o‘lur insof ila vijdonli kishi,
Kimki vijdonsiz esa, to‘g‘ri, chin inson o‘lmaz.

VATANNI SUYMAK

Vatan. Har bir kishining tug‘ulub o‘skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ulgan, o‘sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg‘usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o‘z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o‘z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo‘lub, har vaqt dilining bir go‘ shasida o‘z vatanining muhabbati turar.

Biz turkistonlilar o‘z vatanimizni jonimizdan ortiq suydigimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumlik, issig‘ cho‘llarini, eskimular shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o‘z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi.

Bobolarimiz «Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda cho‘pon bo‘l», – demishlar.

Men ayblik emas, ey vatanim, tog‘larim,
Bevaqt tashlab ketdim, oyo, bog‘larim.
Hijron qilodur meni judolig‘,
Do‘ndi g‘ama ro‘z-u shab-u chog‘larim.

Hammaga ma’lumdurki, eng muqaddas diniy yerimiz o‘lan Arabistonga bog‘larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilarimizning aksari yana o‘z vatanlariga qaytub kelurlar. Buning sababi, ya’ni bularni tortib keturgan quvvat o‘z vatanlarining, tuproqlarining mehr-u mahabbatidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Hubbul – vatani minal imoni – vatanni suymak imondandur», – demishlar.

Vatan, vatan deya jonim tanimdan o‘lsa ravon,
Banga na g‘am, qolur avlodima uy-u vatanim.
G‘ubora do‘nsa g‘amim yo‘q vujud zeri vahm,
Charoki o‘z vatanim hokidur go‘r-u kafanim.
Tug‘ub o‘san yerim ushbu vatan vujudim xok,
O‘lursa aslina roje’ bo‘lurmi man g‘amnok?

HAQQONIYaT

Haqqoniyat deb ishda to‘g‘rilik, so‘zda rostlikni aytilur. Inson bo‘stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo‘li ila chiqar. Insoniyatning ildizi o‘lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onasi haqqoniyatdur. Janobi Haqning shu nomi muborakini muqaddas bilgan kishi hech vaqt haqqoniyatdan ayrilmas, chunki haqqoniyat nuri qaysi dilda jilvagar o‘lsa, janobi Haqning tavfiqi rabboniysi shu dilda nash’u namo qilur. Aql egalari, vijdon sohiblari har vaqt ko‘rgan, qilgan va bilganlarini, haqiqatni va to‘g‘risini so‘zlar. Ishda to‘g‘rilik birovning nafsiga, moliga xiyonat qilmov, so‘zda to‘g‘rilik har vaqt rost so‘zlamaklikdur.

Rostlig‘ haqning rizosini topar,
To‘g‘ri yo‘lda yo‘q bo‘lurmu hech chopar?

Bizim shariati islomiyada agar bir kishining haqiga bo‘hton qilinub, qilmagan ishni qildi deb so‘z so‘ylansa, bilgan kishi rostini so‘zlab, shul kishini oqlamak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhataram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Annajotu fissiddiqi – najot rostlikdadur», – demishlar. Hazrati mavlono Rumiy: «Islomiyat ayni haqqoniyatdur . Haqni qabul qiluvchilar huquqi shar’iyani saqlamoqg‘a buyurulmishdurlar. Chunki shariat hukmlarining eng asosiy ildizi haqqoniyatdan iboratdur», – demishlar.

Haqshunoslik o‘lmoq sharofatdur jahonda odama,
Haqni izhor aylamak birla ko‘ruk ver olama.
Yarashur insona sidqu to‘g‘rilik gar ko‘rsa girih,
To‘g‘rining yordamchisidur haq taolo g‘am yema.
To‘g‘rilarning maskani firdavs ayvonidadur,
Egrilar ikki jahonda g‘am-alam konidadur.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.