Qarshidan Toshkentga qatnaydigan yengil mashinalar bekatiga kelishimiz bilanoq bizni taksi haydovchilari o‘rab olishdi: “Toshkentgami?”, “Keling, benzinli mashina!”, “Bir kishi kerak, hoziroq jo‘naymiz!”, “Aytgan manzilingizga eltib qo‘yaman”, “O‘tirishingiz bilan yuramiz. Narxini kelishtiramiz!”.
– Hoy, birodarlar! – dedim qo‘limni ko‘tarib, – bizning o‘z tanish haydovchimiz bor. O‘sha bilan ketmoqchimiz.
Shundan so‘nggina haydovchilar birin-ketin tarqalishib, bizdan nari ketishdi. Yonimda to‘ng‘ich o‘g‘lim bor edi. Poytaxtga malaka oshirishga chaqirishibdi. Endi qo‘limizdagi sumkalarni biron joyga qo‘yib, nafas rostlamoqchi bo‘lib turgan edik, sal nariroqdagi daraxtlar soyasida turgan oqdan ko‘ra sariqqa moyilroq yuzli, baland bo‘yli, to‘la gavdali, oltmish yoshlarni qoralab qolgan odam lapanglab biz tomonga kela boshladi. U bir oyog‘ini sal sudrab bosardi. Kulrang sport kiyimi unga yarashgandi. Yurishi tanish ko‘rindi. E’tibor berib qaradim. “Polvon-ku! Qamoqdan chiqibdi-da!”.
Polvon bizga yaqinlashib, salom berdi.
– E, Tilovberdi aka, qandaysiz? – Iliq so‘rashdim. – Yaxshi keldingizmi?
–Chiqdim, – dedi u bir yerga qarab olib. – Qani, o‘zingiz? Toshkentgami?
– Ha, bir-ikki yildan buyon ishim o‘sha yoqda. Bolalardan, nabiralardan xabar olib ketayapman. O‘zingiz bunday?
– Go‘sht biznesi bilan shug‘ullanayapman. Bozordan mol olib, Toshkentga jo‘nataman. O‘sha yoqda so‘ydirib, qassoblarga, choyxona-yu oshxonalarga ko‘tarasiga topshiraman. Bugun ham bir yuk mashina mol jo‘natdim. Endi o‘zim ham izidan boraman. Shunga bo‘sh ketgandan ko‘ra, bir-ikki odam olsammi, devdim. Harna, benzinning puli chiqadi. Ketsangiz, olib ketaman.
Mashinaga joylasharkanmiz, o‘g‘lim menga yovqarash qildi. Buning ma’nosini tushundim: “Taksi tiqilib yotgan bo‘lsa-yu, narxini surishtirmay, kelishmasdan bir keksa odamning mashinasiga o‘tirib olganini qarang. Bu odam mashinani qanday haydaydi, qachon yetib boradi. Kech tushib qolgan bo‘lsa…”
– Bu kishi katta polvon. Qishlog‘imizning zo‘r polvoni bo‘lgan. Bu odamga yo‘q, deb bo‘lmaydi, – deb qo‘ydim sekin o‘g‘limga, uning nigohidagi savollarga javob bergan bo‘lib. Ichimda esa o‘yladim: “Sen shaharda o‘sgan bo‘lsang, polvonni qayerdan bilasan. Qishlog‘imizdan Tilovberdi polvonday polvon haliberi chiqmagan. U zo‘r edi!”.
Tilovberdi polvon bilan bir maktabda o‘qiganmiz. U bizdan 5-6 yosh katta edi.
Bolalik paytimizda qishlog‘imizning to‘ylari ko‘pkari va kurashsiz o‘tmasdi. Qurbi yetgan odam, albatta, bu tomoshalarsiz to‘y qilmasdi. Kurash va ko‘pkari bo‘lmagan to‘ylarni “qizil to‘y” deb atashardi.
Qishloq to‘ylarining ko‘pkari va kurash tomoshalari nihoyatda zavqli bo‘lardi. Biz, bolalar, maktabda darslar tugar-tugamasdan bu tomoshalarga oshiqardik. Ayniqsa, kurash bizning jonu dilimiz edi. Sinfimizdagi aksariyat o‘g‘il bolalar kurash tushishardi. Odatda to‘ylardagi kurashni bolalar boshlab berishardi. Bakovullar dastlab 6-7 yoshli bolalarni davraga taklif qilishar, sekin-asta kurashga tushadiganlarning yoshi kattarib boraverardi. Davlatmand odamlarning to‘ylariga qo‘shni tumanlardan, Qarshi shahridan, Surxondaryodan, Samarqandu Buxorodan, hatto Turkmanistondan ham taniqli polvonlar taklif qilinardi. Har bir qishloqning, tumanning o‘z taniqli polvonlari, zo‘rlari bo‘lardi. Tilovberdi qishlog‘imizning zo‘ri edi. Yetmishinchi yillarda qishlog‘imizda bo‘ladigan to‘ylarda birinchi tovoq(sovrin)ni hech kimga bermagan. U nihoyatda mohirlik bilan olishar, chaqqon va harakatlari tez edi. Tilovberdining kurash usulini ko‘rmagan begona polvon bo‘lsa, albatta, uni birinchi yo ikkinchi qo‘l ushlashishda yelkasidan oshirib tashlardi. O‘n yil desam, balki lof bo‘lar, ammo aniq besh yil Termizdan Samarqandgacha, Kitobdan Buxorogacha bo‘lgan hududda Tilovberdiga teng keladigan polvon topilmadi. U davraga tushib aylanganida, raqibini bir siltab, yelkasidan oshirib otganida davralar karaxt bo‘lib qolganini, olqishdan yeru osmon zirillaganini ko‘p bor ko‘rganman va qishlog‘imizning har bir o‘smir bolasi singari ko‘nglimda bir dunyo g‘urur tuyganman. Bu polvonning bir qo‘lini olib ko‘rishish, salomlashish, suhbatida bo‘lish biz o‘smir yigitchalar uchun katta orzu edi.
Ha, Tilovberdi qishlog‘imizning faxri edi. Har bir elning shunday bir polvoni bo‘lsin ekan. Bu polvonning bir kurashini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman va hozir ham bu voqeani har eslaganimda badanimga titroq, hayajon kiradi.
Adashmasam, maktabni bitirayotgan yilimiz edi. Qir-adirlar ko‘m-ko‘k, qizg‘aldoqlar ochilgan, ayni ko‘klam kunlari edi. Xo‘jalik raisi to‘y qilayotgandi. Chorvachilik fermasining yonidagi adirlikda oldin ko‘pkari berildi. Keyin esa ko‘kalamzorda katta kurash bo‘ldi. Odam ko‘p. Davraning chet-chetida to‘rt-besh qur bo‘lib, polvonlar joylashgan. Qarshidan, Yakkabog‘u Chiroqchidan, Surxondaryodan va boshqa joylardan polvonlar bor. Kurash qizigandan qizidi. Ayniqsa, qarshilik Jabbor polvon boshlab kelgan chechenmi, osetinmi, bir sap-sariq polvon o‘nga yaqin yigitni yiqitdi. Zo‘rman, deganning hammasi pisib qoldi. Bu notanish sariq polvon hamma zo‘rni yiqitgani kamdek, tovoq(sovrin)lar qo‘yilgach, borib birinchi tovoqni ham oldi. Davra jimib qoldi. Ming-ikki ming odam jam bo‘lgan davrada sukunat. Baland bo‘yli sariq polvon o‘zbekcha yaktakni kiyganicha davrani aylanadi. Talabgor yo‘q. Shunda yomon bo‘larkan, birodar?! Bir vaqtlari kurash tushgan, umri polvonlik bilan o‘tgan chollaru yosh polvonlar, qishloqning oriyatli insonlari yerga kirib ketay deydi. Ammo talabgor yo‘q. Zo‘rga taraf yo‘q. Rossiya tomonlardan kelgan notanish sariq polvon esa davrani to‘ldirib aylanadi, aylanaveradi… Qani endi, shu payt yer yorilsayu yutsa… Lekin yer yutmaydi. Polvonlar yurti Ko‘kdala ahlining sharmanda-yu xor bo‘lganini hatto Quyosh ham samodan kulib tomosha qilayotir.
– Qani endi, hozir Tilovberdi bo‘lganida edi! – dedi to‘y kurashining bakovullaridan biri. – Afsus, qadimgilarning yigitga o‘lim yo‘q, u o‘zini o‘tga, cho‘qqa uradi, deganlari rost ekan.
Tilovberdi oldin Qarshi shahrida texnikumda o‘qidi. Keyin tanilib, nomdor polvonga aylangach, uni Jismoniy tarbiya instituti rahbarlari Toshkentga chaqirib, o‘zlari o‘qishga qabul qilishdi. Ammo o‘qishni bitirayotgan yili talabalarning bir janjaliga aralashib, qamalib qoldi, institutdan haydaldi.
– Tilovberdi uyida, – dedi uning tengqurlaridan biri bakovulga. – Ammo ozib-to‘zib ketgan. Birovning yoqasini ushlaydigan holi yo‘q. Ahvolidan uyalib, to‘yga kelmadi.
Bakovulga jon kirdi:
– Men qo‘shimcha tovoq-zotlar qo‘yib, davrani ushlab turaman. Iltimos, uni obkelinglar. Mayli, olishmasayam, bir kelsin.
Tilovberdining haqiqatan ham rangi bir alpozda edi.
– Men kurash tushadigan holatda emasman, – dedi u. – Endi xafa bo‘lmaysizlar, og‘aynilar!
Bakovul aqlli odam edi. O‘zi ham yoshligida kurash tushgan, polvonlarning ruhini, qitiq-patini yaxshi bilardi.
–O‘g‘lim, – dedi u Tilovberdining yelkasiga qo‘lini qo‘yib, – avvalo, ko‘nglingni cho‘ktirma, yigitchilikda hammasi bo‘ladi. Hali ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Endi mening gapimga quloq sol: sen qamalib qolgach, bu elda polvon qolmadi hisob. Sening yo‘qligingni bilib, anavi Jabbor g‘irrom manavi sariq polvonni obkelgan. Chunki uning alami bor: bu yerdan necha bor quruq ketgan. Qara, o‘g‘lim, odamlarga, bolalarga qara. Hammaning boshi xam. Bu kunlarni ko‘rguncha o‘lib ketsam bo‘lmasmidi?! Lekin sen chiqmasang, men o‘zim yechinib chiqaman shu sariqqa. O‘lsam, maydonda o‘lay. O‘zim o‘rgilay sendan, chiq, ikki qo‘l tutsang, chidab bersang bo‘ldi, “ovmin” aytib, davrani tarqatib yuboraman. Bundan keyin bakovullik qilmayman. – U osmonga qaradi. – E, xudo, bu elning ayollari ko‘proq polvon tug‘sa bo‘lmasmidi?
Tilovberdining yuzlariga qon gupurdi. Duv qizarib, dadil o‘rnidan turdi.
– Mayli, oqsoqol, kurashganim bo‘lsin. Faqat, iltimos, davrani ushlab turing. Men uni yiqitaman! Bu eldan hali ko‘p polvonlar chiqadi. Sira ko‘ngilni cho‘ktirmang. – Polvon oqsoqolni bag‘riga bosdi.
Shunda bir narsaning guvohi bo‘ldim. Boya kichrayib, aftoda holda o‘tirgan Tilovberdi polvon yaktak kiyib, belbog‘ bog‘lab davraga tushganida yiriklashib, shishib ketgan, bilak-muskullari o‘ynar, alpomishkelbat pahlavonga aylangandi.
Davra sovib qolgan, ishqibozlarning ruhi siniq edi. Bakovul davrada kurashayotgan kichikroq ikki polvonni ularga zotni bo‘lib berib, ajratib qo‘ydi.
– Endi, hurmatli xaloyiq, men davraga yana bir bor birinchi tovoqni ko‘targan Rossiyadan kelgan polvonni taklif qilaman. – Bakovulning ovozi endi boshqacha guldirardi.
Sariq polvon bu maydonda o‘ziga talabgor yo‘qligiga qattiq ishongan shekilli, kiyimlarini ham almashtirib olgan ekan. U yechinmasdan davrani aylandi.
Bakovul unga tanbeh berdi: – Kiyimlaringizni yechib, kurash formasida oldimga keling. Sizga talabgor bor, – dedi qat’iy.
Maydon yana suv sepgandek jim bo‘ldi. Olomon nigohini bir nuqtaga qaratdi va davraga tushgan Tilovberdi polvonni ko‘rib, xaloyiq guvilladi, bir silkindi.
Sariq polvon tomoshabinlarning qiyqirig‘ini eshitib, cho‘chib qoldi. Qarshisida bo‘yi sal o‘zidan pastrog‘u, lekin o‘ziga o‘xshagan oq-sariq, ammo baquvvat raqibini ko‘rib, dovdiradi.
Tilovberdi birinchi qo‘lda sariq polvonning yaktagidan ushlab, uni o‘ngga va chapga silkitib, kuchini, imkoniyatini sinab ko‘rdi. Ikkinchi qo‘lda ko‘pchilik nima bo‘lganini anglamay qoldi. Mening ko‘rganim: sariq polvonni Tilovberdi yelkasidan oshirib otdi. Shunday gavdali odam ikki oyog‘i havoda charxpalak bo‘lib, qoq yelkasi bilan yerga tushdi. Zarbadan yer titrab ketdi go‘yo. Sariq polvon dzyudo kurashining ustasi emasmi, darrov sakrab o‘rnidan turdi va nima bo‘lganini tushunmay atrofga alangladi. Shunday mohir dzyudo ustasi ham Tilovberdining “elka” usuliga, uning tez harakatiga chap berolmadi.
Bakovul o‘ng qo‘lini osmonga baland ko‘tardi va ovozining boricha baqirdi:
– Halol! Tilovberdi polvonniki halol!
So‘ngra kelib polvonni bag‘riga bosdi: “Otangga rahmat, o‘g‘lim!” Maydon hayqiriqdan guvilladi. Davra o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Butun el Tilovberdi polvonni – elning oriyatini saqlab qolgan o‘z polvonini olqishlardi.
Men o‘shandan buyon ham hayotimda ko‘p bor katta tomoshalarni, zo‘r olqishlarni ko‘rdim. Ammo qishlog‘imizdagi o‘sha to‘yda ko‘rganim holatni – g‘olib polvonni olqishlayotgan hamqishloqlarimning shodon chehrasini har gal xayoldan o‘tkazsam, beixtiyor yosh boladay ko‘nglim to‘lib, ko‘zimga yosh keladi. Elim, qani endi, har bir farzanding Tilovberdi polvonday bir og‘ir kuningda senga madadkor bo‘lib, kuningga yarasa, oringni ko‘tarsa!
O‘z xayollarim bilan bo‘lib, Samarqandga kelganimizni payqamay qolibman.
– Non bozoriga to‘xtaymizmi? – Tilovberdi polvon bizga murojaat qildi.
– Albatta-da. Yengilroq tamaddi qilib olsak yaxshi bo‘lardi, – dedim.
Polvon bozordan o‘nta non ko‘tarib chiqqanini ko‘rib, ajablandim.
– Buncha nonni nima qilasiz, polvon?
– E, nimagadir boshqa yerning nonlariga qornim to‘ymaydi. Qog‘ozday, bir siqim. Go‘sht sotilgunga qadar ikki-uch kun turaman, shunda yeyman-da. – Kuladi polvon.
Zimdan Tilovberdi polvonga razm solaman. Oltmishga kirayotgan bo‘lsa-da hali baquvvat, etini oldirmagan. Faqat harakatlari biroz og‘irroq, oldingidek chaqqon emas.
Polvonni gapga solaman. Nega qamalganini so‘rayman.
– Odamlar polvon xalqining esi kamroq bo‘ladi, deyishsa, to‘g‘risi, jahlim chiqardi, – deydi u mahzun. – Yoshim bir joyga borganida ortga qarasam, ko‘p nojo‘ya ishlar qilibmiz. Endi kech. Kamchiligim: nohaqlik, insofsizlikni ko‘rsam, g‘azabimni bosolmayman. – U biroz tin olib, keyin davom etdi.
– Birinchi qamalishim, o‘qishdan haydalishimga bir qiz sababchi bo‘lgan. Kuchim ko‘p, zarbim zo‘r edi. Yoshlikda bo‘lganda, uka. Keyingisini ham eshitgansiz, elda gap yotmaydi. Xo‘jalikda to‘rt-besh yil bo‘lim boshlig‘i bo‘ldim. Bir kuni qishlog‘imizning qizlari, kelin-juvonlarini hasharga chiqarib, dalamizda paxta terdirayotgan edim. Tuman rahbarlaridan biri – vakil tushlikda kelib qoldi. Mashinadan tushar-tushmas baqira ketdi:
– Nega o‘tiribsanlar, bu qanjiqlaring nega paxta termayapti? Sen qayoqqa qarayapsan, ho‘kiz!
Vakilga yaqinlashib, salom berib, qo‘limni uzatgandim, olmadi. Qarasam, og‘zidan aroq hidi kelayapti.
G‘azabim qo‘zidi. Men bir elning katta polvoni bo‘lsam. Bu enag‘ar kim o‘zi? Mana bu mahalladosh qiz-juvonlar, kelinlar oldida kim degan odam bo‘ldim? O‘zimni tutolmay qoldim. Vakilning yoqasidan ushlab, o‘zimga tortdim-u bir musht urdim. Somon to‘ldirilgan qopday po‘kak odam ekan. Ikki oyog‘i ko‘kragim barobar ko‘tarilib, ariqqa yelkasi bilan quladi. Haydovchisi zo‘rg‘a o‘ziga keltirib, olib ketdi…
Gurung-gurung bilan vaqtning o‘tgani sezilmadi. Go‘yo manzilga bir zumda yetib keldik. Mashinadan tushib, xayrlasharkanmiz polvon:
– Shunday qilib, janjalu kurashlarda umr o‘tdi, uka. Balki, hozirgidek sharoit, imkoniyatlar bo‘lganida bizni ham dunyo tanirmidi?! Nasib bo‘lsa, nabiralarimdan jahon chempionlari chiqar…,– dedi.
Uning ovozida biroz o‘kinch, biroz umid ham shukr bor edi.
(“Hurriyat”, 2013 yil).