Abdujalol Taypatov. Jiyan (hikoya)

Shaharning eng katta magazinlaridan biri.Tog‘a-jiyan ikkinchi qavatni aylanib yurishibdi.

– Manavi zo‘r ekan,sizga to‘g‘ri kep qolar? – Tog‘a jiyaniga jigar rang kamzul-shimni ko‘rsatdi.– O‘ziyam importniyga o‘xshaydi.

Abdimurod kamzulning u yoq bu yog‘ini ag‘darib ko‘rdi.Asl matodan tikilgan, chet elniki.Shunaqasini anchadan beri topolmay yuruvdi.Razmeri ham juda mos.

– Olamizmi? – Hamdamxon cho‘ntagini kavlashtira boshladi yigitning taraddudlanganligini rozi bo‘ldiga yo‘yib.

Abdimurod ust-boshiga nazar soldi.Yuvilaverib rangi unniqib ketgan,talabalikdan qolgan ko‘kish kamzuli ko‘ziga ko‘rimsiz ko‘rinib ketdi.”Jonivorni besh yildan beri tindirmay kiyadi-da,axir.Aksiga olib yonida puli ham yo‘q”.

–Yo‘q,yoqmadi.Yuqoriga chiqaylik-chi?

Hamdamxon g‘ijindi.”Muncha g‘ururli bo‘lmasa bu yetimcha.Ozib-to‘zib tamom bo‘libdi-yu,yana noz qiladilar.Umringda shunaqasini kiyganmisan,o‘zi?”

Magazinning so‘nggi qavatiga –“Ayollar bo‘limi”ga ko‘tarildilar.Tog‘aning kallasiga “Xotiniga biror matoh oldirmoqchi” degan fikr keldi.Tayyor kiyimlar tartib bilan terib qo‘yilgan qatorga burildi.Qunduz yoqali palto unga ma’qul tushdi.

–Manavini ko‘ring jiyan, kelinposhshaga juda ketadi-da.– Yigitni o‘zi tomon imladi u.

Hamdamxon tanlagan palto chiroyli edi.Esiga xotini tushdi.”Turmush qurganlariga o‘n yildan oshayaptiki,bechoraga tuzukroq narsa sovg‘a qilganini eslolmaydi.Haliyam baxtiga Gulsara aqlli ayol chiqdi.Unim kam,bunim yetishmaydi deyavermaydi.Boriga shukr qiladi.Abdimurod ba’zan “Sen bechorayam menga tegib ro‘shnolik ko‘rmading,odamday yashamading” deb qolsa,”Qo‘ysangiz-chi,o‘zingiz men uchun katta boyliksiz” deydi yoqimli jilmayib. Bunday paytlarda xotinini nihoyatda yaxshi ko‘rib ketadi.Mana bu paltoni oborsa bormi,qanchalik suyunadi.Qani edi!” U paltoning astaridagi narxiga ko‘z yugurtirdi.”Voy-bu,juda qimmat-ku! Buncha pulni qayerdan oldingiz,deb so‘rab qolsa nima deyman? Tog‘am o‘g‘lini o‘qishga kiritmoqchi bo‘lganim uchun sovg‘a qildi,deymanmi? Qaysi til bilan aytadi.Jondan aziz ko‘rgan kishisiga harom pulga sovg‘a? Yana umrida birinchi marta-ya.Aslo! Undan ko‘ra…”

–Keliningizning paltolari ko‘p. Yaqinda xuddi shunaqasidan olib berganman.Hech narsa olmasangiz pastga tushamiz.

Hamdamxon jiyanidagi bu keskin o‘zgarishdan angrayib qoldi.Uning ketidan og‘ir sudralib pastga tushdi.

Kechqurun poyezdga chiqish oldidan rosa yalindi:
 
–Jon jiyan,bu yaxshiligingizni o‘la-o‘lguncha unutmayman! Bizdan qaytmasa,bolalardan qaytar.Qarindoshchiligimiz,marhum otangiz hurmati bir marta xo‘p deng.Tobutkashmiz,axir…

Kap-katta,savlatidan ot hurkadigan, qishloqda kattayu-kichik “eshon
buva” deb hurmatiga qo‘l qovushtirib, doim turdan joy ko‘rsatadigan bu odamning marhum otasining nomini o‘rtaga qo‘yib yolvorishi yigitning ko‘nglini sal yumshatdi.

–Xo‘p,mayli,yozning boshlarida yigitchaning o‘zi bir kelsin.Tanishaylik-chi? – dedi xayrlasharkan.

…Abdimurod kechqurun ishdan kelsa uyda tog‘asi o‘tiribdi.Basavlat, shop mo‘ylov bu odamni o‘quvchilik paytlarida ko‘cha-ko‘yda uchratib qolar, ro‘baro‘ kelganlarida “yaxshimisan,jiyan” deb o‘tardi. Asta-sekin Abdimurod ham uni “tog‘a” deydigan bo‘ldi. Hamdamxonni u otasining janozasida uchratganidan beri qaytib ko‘rmagan, esidan ham chiqay deb qolgandi.O‘sha tog‘asi bugun Toshkentday shahri azimdan so‘rab-surishtirib,uyini topib kelibdi.Ular quchoqlashib ko‘rishdilar.Uzoq so‘rashdilar.
 
Abdimurod katta bir institutda o‘qituvchi.To‘g‘rirog‘i, kafedra mudiri, ilmiy ish olib borayapti.Qishloqdoshlarining ta’biri bilan aytganda: ”Xohlasa ikki-uch bolani joylashtirib qo‘ya oladigan katta domilla”.

–Yashang jiyan! Asli o‘zimizga tortgansizda. Shunday katta shaharda ishlashning o‘zi bo‘ladimi? – Tog‘a har gapida jiyanini maqtardi.
Qishloqdagi o‘zgarishlardan gaplashdilar. Yangi boshliqlar,polvonlar,marhumlar va tiriklar, xullas,o‘sha kuni qishloqda qulog‘i shang‘illamagan odam qolmadi hisob. Oxiri tog‘a muddaoga o‘tdi.

–Jiyan, – dedi salmoqlab,– endi bir xizmatingizni ayamaysiz.Sizni qora tortib keldik.

–Xo‘sh-sh,qanday xizmat ekan, – sergaklandi Abdimurod.–Agar qo‘limdan kelsa…

–Katta o‘g‘limiz bu yil maktabni bitirayapti.

Abdimurod masalaga tushundi.O‘ylanib qoldi. Biroz taraddudlanib, yumshoqlik bilan tushuntirishga urindi.

–Tog‘a,men bunaqa ishni hech qilmaganman.Qolaversa,o‘z kuchi bilan kirgani ma’qul.Ilmning qadriga yetadi.

–Qanaqa ish? Men sizga o‘g‘irlik qiling deyapmanmi? Yo odam o‘ldiring deyayotgan bo‘lmasam.Qo‘lingizdan keladigan ishni so‘rayapman.Mayli,tortinmay aytavering.Qancha xarajati bo‘lsa,roziman.Pul qo‘lning kiri.Mirvalixon odam bo‘lsa bo‘lgani.

–Tushunsangizchi,bunaqa ishlarga hecham aralashmaganman.Bundan keyin ham.–Ensasi qotdi Abdimurodning.
 
Jiyanining gapini tog‘a o‘zicha tushundi.”Ustozing durustga o‘xshaydi-ku!” Yonidan bir dasta pul chiqarib xontaxta ustiga tashladi.

–Domla-pomlanglarga choy-poy oberarsan…–To‘satdan sensiradi u.

Abdimurodning rangi bo‘zday oqardi.–Oli-i-ng! – deya oldi zo‘rg‘a.Ovozi titrab chiqdi.

Hamdamxon pulni yigit tomon surib qo‘ydi.–Hali bu xamir uchidan… – U gapini tugatolmadi.

–Ol! Oling deyapman!!! – Baqirib yubordi Abdimurod.

O‘sha kuni tog‘a bilan jiyan boshqa gaplashmadilar.Abdimurod tun bo‘yi uxlolmay chiqdi.Xayoli o‘tmishga,o‘zining abituriyentlik davriga olib qochdi.

…Adabiyotdan og‘zaki imtihon borardi.Ketma-ket ikki yil “yiqilgan” Abdimurod juda puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lib, har qanday savolga faqat “besh”ga javob beraman, deb o‘ylardi. Past bo‘yli,o‘rta yoshlardagi domla Abdimurodning javoblarini beparvolik bilan eshitdi-da,labini cho‘chchaytirib “uch” deya sinov varaqasiga qo‘l uzatdi. Yigit o‘zi bilmagan holda “Nega?” deb yubordi.To‘g‘rirog‘i,og‘zidan chiqib ketdi.”Ikki” dedi domla g‘olibona tirjayib.

–To‘xtang-chi, A’zam Akramovich,– boyadan beri Abdimurodni diqqat bilan tinglayotgan nozikkina, sochlariga oq oralagan ayol – ikkinchi o‘qituvchi unga murojaat qildi.

Abdimurod ayolga najot bilan boqdi.Ayol A’zam Akramovichning qo‘lidan yigitning sinov varaqasini olarkan,e’tiroz bildirdi:

–Yigitning javoblari ancha dadil-ku,domla?! –So‘ngra Abdimurodga yuzlandi.

–Ukajon,– dedi muloyimlik bilan,– Siz bilet savollariga to‘g‘ri javob berdingiz.Xo‘p desangiz, yana ikkita savol beraman.

Ayolning ovozidagi mayinlik yigitni dadillantirdi.Boshi bilan “roziman” ishorasini bildirdi.Ayol domla har bir savolga berilayotgan javoblarni tinglarkan, boshi va ko‘zi bilan “ma’qul” ishorasini bildirardi.Nihoyat to‘liq qanoatlandi,shekilli,ovozini chiqarib “Yaxshi,yaxshi,juda yaxshi!” dedi.

A’zam Akramovich oraga suqildi:

– Mayli,”uch” qo‘yaqoling, Ra’noxon.Ikkinchi marta mahmadanagarchilik qilmaydi.

– Nega endi?– Ayol unga qattiq tikildi.Yuzida qat’iyat ifodasi paydo bo‘ldi. Qorachiqlari kengayib, qoshlari chimirildi.– Bu baho bilan u konkursdan o‘tolmaydi.Bola bechoraga jabr bo‘ladi.Bugun imtihon topshirganlar ichida eng to‘liq javobni shu yigitdan eshitdim.Komissiya chaqiramiz!

Komissiya a’zolari uning bilimini “a’lo”ga baholashdi.Quvonchdan entikib eshikka yo‘nalayotganda ayol uni to‘xtatdi.

–Adabiyot muallimingizga mening nomimdan rahmat aytib qo‘ying,uka. –Uning ko‘zlarida nur porlar edi…

Hali-hali hayotda biron mushkulotga duch kelsa, esiga shu voqea tushadi.Qalbida ezgulikning, adolatning timsoli sifatida yashab kelayotgan o‘sha ustoz-muallimaning nurli siymosi,mehr bilan boquvchi ko‘zlari,qat’iy chehrasi ko‘z oldida jonlanaveradi.

 Abdimurod tog‘asini poyezdga kuzatib qaytarkan, o‘ylanib qoldi.Endi bir umidi tog‘asining o‘g‘li Mirvalidan. Agar u ham ota tarbiyasini olgan bo‘lsa, unda tog‘a-jiyanchilik barham topdi deyavering.
 
1981 yil.