Abdujalol Rahimov. Tog‘ go‘zali (qissa)

– Bu yerlar hali dasht. Qarang, g‘ildirakli uychalardan boshqa hech vaqo yo‘q, – kuyinib ketdi qurilish boshlig‘i. – Respublika gazetasining muxbiri bo‘lsangiz, qanday tashlab ketaman? Kattalar eshitishsa, terimga somon tiqishadi-ku!
Men uning bezovta nigohiga ergashib atrofga ko‘z tashladim. Atrofda qum, g‘isht uyumlari. Nariroqda gugurt qutisidek qator terilgan kichik-kichik oq uylar. U yog‘i ko‘klam maysalari bilan qoplangan biy dala. Hozir esa ufqqa tutash bu qir-adirlarni quyoshning qizg‘ish nurlari siypalamoqda.
Ko‘zlari katta-katta, g‘o‘labirdan kelgan boshliq Nazarqul Shodiyevning ovozi mayinlashdi:
– Hech qursa, menikiga borayik, a, nima dedingiz? Xotin g‘ilmindiga toza-a usta. Ertasi Toshkentga o‘zim kuzataman?
Men o‘jarlik bilan oyog‘imni tirab oldim. Oxiri unchalik sodda ham bo‘lmagan bu odam yengildi:
– Hay, mayli, mehmonga yo‘q deb bo‘maydi, – pishillab bo‘shashdi Nazarqul. Pochalarini chang qoplagan shimining cho‘ntagidan g‘ijimlangan dastro‘mol olib, peshonasidagi terni artdi. – Hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmoqchi bo‘lasiz-da, a?
– E-e yashang, xuddi shunday!
– Aslida, dashtda tunashning ham gashti bor.
– Tushungan odamsiz-da, – uni qo‘llab-quvvatlayman. – Ichimdagini topdingiz!
– Xafa bo‘lish yo‘g‘-a?
– Aslo! Meni qorovulga ishonib, bahuzur qaytavering.
– Sizdi-i qorovulga emas, Berdiyor akaga topshiraman, – Nazarqul o‘ylanib qoldi. – O‘ta-a bama’ni odam. Viloyatdagi hamma qurilish­larda Berdiyor Boboyev desa darrov tanishadi. Boya siz ham uning ishini a-ancha kuzatdingiz?
Nazarqul Shodiyev aytayotgan o‘rta bo‘y, qizil yuz, mo‘yloviga oq oralagan odamni esladim. G‘isht terayotganida bo‘zchining mokisidek aniq, chaqqon ishlarkan. Qo‘llari g‘isht to‘pi bilan devor o‘rtasida shunaqangi tez borib-kelardiki, nima qilayotganini ilg‘ab ololmaysan.
– Ha-a, g‘isht terishning hadisini olgan ekan, – Nazarqulning gapini tasdiqladim.
– Shunday, “katta”. Bir o‘zi to‘rt-besh kishining ishini bajaradi. Uni qurilishga bejiz olib kelishmagan-da. “Masterok”ni o‘ynatib yuboradi. Bugun uychasida yolg‘iz qolgan. Sherigi javob olib ketdi.
Ming bir tavallolar bilan boshliqning “araz”ini tarqatib, ortidan ergashdim.
Oqshom qo‘na boshlagandi. Zaminga mart oyining namxush havosi ingan. Ulkan qurilish maydoni tungi oromiga hozirlanayotgandek sokin bo‘lib qoldi.
Men Jizzaxdagi industrial hududda olib borilayotgan ulkan ishlar haqida yozmoqchi edim. 2013 yili boshlangan bu jo‘shqin jarayon ikki yilda butun voha bo‘ylab quloch yozdi. Respub­lika ahamiyatidagi qurilishlarga eng mohir ustalar jalb etildi. Berdiyor ana shundaylardan edi. U bilan g‘isht terayotganida ancha suhbatlashdik. Tengdoshligimiz uchun gapimiz darrov qovushdi…
Men shularni o‘ylab boshliqning ortidan yurdim. G‘isht, beton parchalariga qoqila-qoqila, gugurt qutilaridek qator qilib joylashtirilgan muvaqqat uychalarga yetib oldik. Nazarqul quruvchilar “mahalla”sining etagiga boshladi. Naryog‘i baland-past qir-adir. Barra maysalarning xushbo‘y hidi kelib turibdi. Butun borliq bahor libosiga burkangan. Bu yoqlarda ko‘klam mangu qoladigandek. Ammo unday emas. Erta-indin yoz quyoshida ajriqlar sarg‘ayadi, shuvoq, yantoq bo‘y ko‘rsatib qoladi. Quyosh tandirdek qizdirib, dasht o‘zining asriy hokimligini qo‘ldan bermaslikka urinadi. Shu paytda ko‘p yillar avval o‘zim uchrashgan, cho‘lni o‘zlashtirayotgan odamlarni eslab ketdim. Ko‘z o‘ngimda o‘n yillar davomida tabiat injiqliklari bilan kurashayotgan cho‘lquvarlarning mardonavor qiyofalari gavdalandi.
Berdiyor zamonaviy panellardan montaj qilingan oppoq uychadan jilmayib chiqib keldi. U men bilan tengdosh – qirq besh yoshlarda. Qurilishda, g‘isht terayotganida ko‘zimga boshqacha ko‘ringandi. Hozir jilmayib turgan, yuzi oftobda qizargan qurdoshimning oddiy qishloq kishisidan farqi yo‘q edi: oq-qora katak ko‘ylagining yengini shimarib olibdi, boshida urinib qolgan eski do‘ppi.
– Kelingizlar, – dedi ikki qo‘lini uzatib so‘rasharkan.
– Berdiyor aka, “katta” bugun siz bilan qoladigan bo‘ldilar, – boshliq gapni cho‘zmay, lo‘nda tushuntirdi. – Bir mehmon qilasiz-da endi.
– Jonim bilan. Qani, ichkariga, – Berdiyor o‘zini chetga olib, ochiq chehra bilan uychaga ishora qildi.
– Menga ruxsat berasizmi, yig‘ilish bor edi?
Nazarqul Shodiyevning bu gapi ayni muddao bo‘ldi. Uzoq yo‘l, qurilish ob’ektidagi yugur-­yugurlar ancha tinkamni quritgandi. Bir chekkadagi mana shu uychada orom topishni o‘zim ham istab turgan edim.
– Bahuzur boravering, men bu kishining suhbatini olay, – dedim chin dildan.
U yana allanimalar deb g‘o‘ldiraganicha oq uychalarni oralab nari ketdi. Biz Berdiyor bilan qoldik.
– Qani, ichkariga, – dedi u samimiy jilmayib.
Uychaga kirib, atrofga alangladim; ishchilar yashayotgan bo‘lsa ham xona ozoda, shinamgina ekan. Jihozlari ikkita karavot, javonchalar, ixcham stol, yana ikkita kursidan iborat. Jajji oshxona, dush ham bor.
Berdiyor biroz qarab turdi-da, karavotining yonboshidagi pastak javonchadan toza sochiq olib uzatdi:
– Yuvinib oling, yengil tortasiz. Issiq suv bor. Men hozir dushga tushdim.
Rahmat aytib sochiqni oldim-da, yuvinish joyiga kirib ketdim. Dushdan chiqqanimda kunduzgi charchog‘imdan asar ham qolmagandi. Chehram ochilib, stolning yonboshidagi bo‘sh kursiga o‘tirdim. Berdiyor darrov bir piyola choy quyib uzatdi.
Shu payt uychamizning oldiga zulukrang “Neksiya” kelib to‘xtadi. Berdiyor ochiq derazadan bir qur ko‘z tashlab, tashqariga chiqdi. Kim bilandir gaplashayotgani eshitilib turdi. Birozdan keyin qo‘lida ikkita tsellofan xalta bilan kirib keldi.
– Oshga masalliq olib kelishibdi, – dedi beozor jilmayib. – O‘zimda ham bor edi. Mayli, mehmondi izzati-da.
U darhol oshga unnab ketdi. Berilib sabzi to‘g‘rayotganida uyali telefoni yosh bolalarning o‘yinchoq surnayiga o‘xshagan g‘alati ovoz chiqarib jonlanib qoldi. “Ona qizim”lab ancha gaplashdi. Nevarasining ovozini eshitgisi keldi.
– Nevarani sog‘inibsiz-da? – dedim qizil tugmachani bosib telefonini o‘chirganida.
– Sog‘inaman, biroq… borolmayman, – Berdiyor boshini chayqadi. – Bu – qizim, birinchi xotinimdan.
O‘rtamizga bir fursat noqulay jimlik cho‘kdi. Keyin qurilish haqidagi gaplarga alahsib ketdik.
Osh yeb bo‘lib ancha paytgacha achchiq ko‘k choy ichib o‘tirdik. Biz allaqachon eski qadrdonlardek inoqlashib olgan edik. Ikkimizning ham uyqumiz kelmasdi. Uychadan chiqib, tashqarini aylandik. Dasht tuni o‘ziga xos, ajoyib edi. Shaharning shovqin-suronidan yiroqdagi bu sukunatni chigirtkalarning jon-jahdi bilan berilib chirillashlarigina buzib turibdi. Qo‘shni uychalardan quruvchilarning baland ovozda gapirishlari, qo‘shilishib kulganlari eshitiladi. Shundoqqina oyog‘imning ostidan allanima zuvillab o‘tib ketdi. Cho‘chib tushib, sergaklandim. Berdiyor kuldi:
– Siz o‘ylagan narsa emas, – dedi do‘stona ohangda. – Ilonlar ho-ov narida. Baniodamga yaqinlashmaydi. Bu – tipratikan. Tunda uychalardi oralab nasibasini terib ketadi.
Biz yana ichkariga kirdik.
– Boya gapim chala qoldi, – dedi Berdiyor nimanidir aytishga chog‘lanib. – Qizimni birinchi xotinimdan, dedim sizga. Bu g‘isht teruvchi xotin olib, xotin qo‘yaverar ekan-da, deb o‘ylamang. Biroq hayotimda katta xato qilganman, tan olaman…
Unga sinovchan tikildim. Go‘yo anchadan buyon o‘ziga bir sirdosh topa olmayotgan, ichini kuydirib yotgan achchiq dardini kimga to‘kishni bilmayotgan kishiday uning yuzida og‘riq, alam ko‘pchib turardi.
Shundan keyin Berdiyor boshidan o‘tgan voqealarni gapirib berdi.

…Men g‘allazor qirlar, uzumzor bog‘lar bilan qurshalgan qishloqda katta bo‘lganman. Qishlog‘imizning nomi ham “Uzumzor”. Bolaligim tuproq ko‘chalarni changitib yugurishu dala joylarda mol-qo‘y boqish bilan o‘tgan. Maktabda yaxshi o‘qimadim. Shuning uchun o‘ninchini bitirdim-u, sinfdosh jo‘ram G‘ayrat bilan tuman markazidagi qurilishga ishga bordim. Bizni g‘isht teruvchi ustaga shogird qilib berishdi. Ustamiz Pirmat amaki ellik yoshlardagi, oq-sariqdan kelgan, norg‘ul, gavdali kishi edi.
Qishloqda o‘sgan baquvvat bolalarmiz. Pirmat amakining aytganlarini qilib, g‘isht, paqirda qorishma tashib yuraverdik.
G‘ayrat – bo‘yi mendan pastroq, chorpahil, suyagi yirik, chayir bola. Biroz ichi qoraligi, shumligi bor edi uning. Qurilishdayam ishning og‘iri o‘zimning zimmamga tushdi. Bunga parvo qilmasdim. Jo‘ram-da, kulib qo‘ya qolaman. Zavqlanib-zavqlanib ishlayveraman. Menga g‘isht teruvchilik yoqib qoldi. G‘ayratga qarab o‘tirmay, ikkalamizga aytilgan yumushni tez-tez bajarib qo‘yaman. Shundan keyin Pirmat amakining oldiga borib, g‘isht terishini tomosha qilaman. Usta shunaqangi chaqqon ishlardiki, xayolimda go‘yo ko‘zini yumib ham g‘isht tera olardi. Bo‘sh qoldim deguncha yoniga boraverardim. Usta buni payqab yurgan ekan. Bir kuni “Hov bola, bu yoqqa kel”, dedi. Birpasga belchasini berib, qorishmani yoyishni, qanday qilib g‘isht terishni tushuntirdi. Hayajondan qo‘lim qaltirab g‘isht tera boshladim. Bunday holat har kuni takrorlanadigan bo‘ldi. Shunday qilib Pirmat amakining shogirdiga aylandim. Uning har bitta gapi men uchun qonun edi. Hatto ko‘z qarashlaridan ham nima demoqchiligini tushunib oladigan bo‘ldim. O‘zimni o‘tga-cho‘qqa urib bo‘lsa ham g‘isht terishni o‘rgana boshladim. Bundan o‘zimni yettinchi osmonda his qilardim.
Bir-ikki oyda qo‘lim ishga kelishib qoldi. G‘ishtni qulf-kalit qilib terishni, ravonlik olishni o‘rgandim. Sement-qumli qorishma jazirama yoz kunlarida tez qotib qoladi. Chaqqon ishlash, terilayotgan g‘ishtlarning choklarini buzmaslik kerak. Xato qilsam, ustaning baqirib so‘kinadigan odati bor edi. Bundan xafa bo‘lmasdim. Birozdan keyin Pirmat amakining o‘zi insofga kelib, muloyimlashib qolardi.
G‘ayrat ustimdan kulib yurdi. “Boshingdan “haligindaqa” to‘kib yuborsayam chidaysan, ustaning malayi”, deyishgacha bordi. Ba’zida yarim hazil, yarim chin yoqalashib ketardik. Bir-birimizdan arazimiz uzoqqa cho‘zilmasdi. Jo‘rachilik shu-da, deb o‘ylardim. Biroq ustamiz G‘ayratni sira-sira yoqtirmadi. Bu unga e’tiborsizligi, bor-yo‘qligi bilan ishi bo‘lmayotganidan ham sezilib turardi.
Shunday qilib, oradan salkam bir yil o‘tdi. Men yaxshigina g‘isht teruvchi bo‘lib oldim. Pishgan g‘ishtni ushlayverib qo‘limning terilari shilinib, azob bergan kunlar orqada qoldi. Endi kaftlarim toshdek qotgan, na g‘isht, na loy chaplaydigan belchaning dastasi ta’sir qilardi. Ustamning qavatida mustaqil g‘isht tera boshladim. Endi G‘ayrat menga yordamchi edi. Pirmat amaki o‘ziga boshqa sherik oldi.
Qurilishda Pirmat amakidan o‘tadigan g‘isht teruvchi yo‘q. Brigadadagi ustalarning aytishlaricha, uni katta maosh va’da qilib ko‘-o‘p qurilishlarga chaqirishgan. Lekin u o‘rgangan joyim, daraxt bir yerda ko‘karadi, deb unamabdi. Shuning uchun ham obro‘si baland edi-da.
Ba’zida oldimga kelib, ishimni kuzatib turadigan odati bor edi ustaning. Zig‘irdek kamchilik topsa, qo‘limdan belchani tortib olib, o‘zi g‘isht terib ketardi. Shunday paytlarda yosh boladek ishiga tikilib turaman. Pirmat amakida o‘zimga nisbatan otalarcha mehr borligini ham his qilardim.
Vaqt o‘tib, biz ancha ulg‘aydik. Endi maktabdagi o‘quvchilik davrlarimiz ortda qolgan, muallimlarimizning tergashlaridan ozodmiz. Biroq yaxshi-yomon odamlar orasida o‘z kunimizni ko‘rishimiz kerak. Inidan endigina uchirma qilingan polapondek qiynalgan payt­larimiz ham bo‘ldi. G‘ayrat brigadamizdagi yigitlarga qo‘shilib chekishni o‘rgandi. Pirmat amakining u bilan ishi yo‘q. Meni esa hamon tergashdan charchamasdi.
Oradan yana bir yil o‘tdi. O‘sha bahorda G‘ayrat ikkalamizni harbiy xizmatga chaqirishdi. Tuman markazidagi mudofaa ishlari bo‘limiga qatnay boshladik. Do‘xtirlar yalang‘och qilib obdo-on tekshirishdi. Qurilish idoramizdan ma’lumotnoma olib bordik. Yana bir talay hujjatlarni to‘ldirdik.
Harbiy xizmatga jo‘nab ketishimizdan bir kun avval ustamning oldiga xayrlashgani bordim. O‘shanda qurilish ko‘zimga juda-a chiroyli ko‘rinib ketdi. Men bu yerda o‘zimni uydagidek his qilardim. Sochilib yotgan g‘ishtu qum uyumlari, bu yerdagi har bir unsur, bari-bari mening hayotim edi. Yuragimdan allanarsa uzilib ketayotgandek bo‘ldi. Yugurgilab Pirmat amaki ishlayotgan joyga bordim. U berilib g‘isht terayotgan ekan, kelganimni sezmadi. Qo‘lining chaqqon harakatlariga tikilib ko‘nglim buzildi. Mening ham g‘isht tergim kelayotgandi. Qo‘llarimni g‘isht terayotgandek qimirlata boshlaganimni sezmay qolibman. Tanish ishchilardan biri turtganda uyalib ketdim. Unga e’tibor bermasdan ustamning oldiga yaqinlashib, salom berdim. Pirmat amaki boshqacha, qandaydir muloyim bo‘lib qolgandi.
– Vey, rosti bilan armiyaga ketyapsanmi? – dedi.
Qo‘lidagi belchasini g‘ishtga qo‘ydi-da, oldimga keldi. Birdan mahkam quchoqlab oldi:
– Sensiz zerikib qolaman-ku, Berdiyor bolam!
U odatda “hov bola” deb chaqirardi. Hozir esa otalarcha mehr bilan “bolam” dedi, hatto ovozi titrab ketdi. Men ham g‘alati bo‘lib qoldim. Axir, oz emas, roppa-rosa ikki yilga xayrlashayotgan edik-da. Qanday qilib ustam ishlayotgan joyga borganimni sezmay qolibman.
Paqirda qorishma bor edi. Belchani olib indamay ishga kirishib ketdim. Qurilishga kelmaganimga o‘n kundan ko‘proq bo‘lgandi. Shunaqangi ixlos bilan g‘isht terdimki, birorta chok buzilmadi, bir tomchi qorishma yerga to‘kilmadi. Harbiy xizmatga ketayotganimni, bu yerga nima uchun kelganimni unutib qo‘ygan edim. Qorishma tugaguncha tinmadim. Shu paytda qilayotgan ishimdan har qachongidan ham ko‘proq rohatlanardim, men g‘isht terishni sog‘inib qolgandim.
Qorishma tugaganda qo‘limdagi belchani o‘zim tergan g‘ishtning ustiga qo‘ydim. Yengil tortib, ortimga o‘girilganimda Pirmat amaki tergan g‘ishtimga tikilib turardi. Hozir baqirib beradi, deb o‘yladim. U odatda o‘zi ishlayotgan joyga hech kimni yo‘latmasdi.
– G‘isht termaganimga ancha bo‘ldi-da, – dedim o‘zimni oqlab.
Usta sekin oldimga keldi. Bir tekis terilgan g‘ishtlarga qaradi-da, yelkamga qoqdi:
– Armiyadan qaytganingda to‘g‘ri oldimga kel. Endi bor, sog‘-omon ko‘rishaylik, – deb duo qildi.
Pirmat amaki menga o‘g‘lidek mehr qo‘yib qolgan ekan. U bir daraxt bo‘lsa, men uning mevasi edim. U bir tog‘ bo‘lsa, men bag‘ridan sitilib chiqqan buloq edim. Shu kungacha ustamning duolari bilan yuribman. Sanamoyni ham ustamdan o‘rgangan g‘isht teruvchilik kasbim sabab uchratdim…

* * *
G‘ayrat bilan bir joyda xizmat qilishni juda-juda xohlagan edim. Bolalikdan jo‘ram, qishlog‘imizdan yiroqlarda bir-birimizga suyanch bo‘lamiz, deb o‘ylardim. Qarangki, bu niyatim ham ijobat bo‘ldi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin yigitlarimiz o‘zimizning yurtimizda xizmat qila boshlashdi. Biz o‘z armiyamizning birinchi askarlaridan edik. Bu, ayniqsa, ota-onalarimizni quvontirgan edi o‘shanda. Esingizda bo‘lsa, mustaqillikdan avval dengizdek qalqib turgan davrlar bo‘ldi. Armiyaga ketib, temir tobutda qaytib kelganlar qancha edi…
Bizni uzoqqa emas, viloyatimizning uzoq tog‘li qishlog‘idagi harbiy qismga olib ketishdi. Bu qishloqning nomi Oydin edi.
Oydindagi harbiy qismimiz, chamasi, sakkiz-o‘n gektarli katta hududni egallagan. Qismga kirib kelayotganimizda chala ko‘tarilgan devorga ko‘zim tushdi. Bu devorning g‘ishtlari notekis, pala-partish urilgandi. Usta ko‘rmagan no‘noq kimsaning ishi kaftdagidek ko‘rinib turibdi.
Soqchilikda turgan askar bola to‘siqni ochdi. Biz o‘tirgan avtobus to‘g‘riga qarab yurdi. Bu yer harbiy qismning ofitserlar oilasi yashaydigan tashqari hovlisi ekan. Quyuq daraxtzor ortida pishgan g‘ishtdan bir tekis qilib qurilgan uylar ko‘rindi. Yosh bolalarning qiyqirig‘iga itlarning akillashi qo‘shilib eshitildi. Men armiyani qurol ko‘targan askarlaru harbiy texnikalar qatorlashtirib qo‘yilgan joy deb tasavvur qilardim. Bu yerda esa o‘zimizning qishloqdagidek itlarning ovoziyu bolalarning quvnoq kulgulari eshitilayotgandi.
To‘g‘ridagi katta temir darvoza g‘o‘rillagan, g‘ijirlagan ovozlar bilan ikki tomonga surilib ochildi. Avtobusimiz sekin ichkariga jilib, ulkan daraxtlarning soyasida to‘xtadi. Darvoza berkilganda “Endi qishlog‘imizdan, uyimizdan uzoqdamiz, bu yerda qanday hayot kutyapti?” degan gap xayolimdan kechdi. Yonimdagi G‘ayrat ham shunday o‘yda bo‘lsa kerak, atrofga alang-jalang tikilardi. Ammo shundan keyin bunday o‘ylarga vaqtimiz ham, imkonimiz ham bo‘lmadi. Asfalt yo‘lakda safga tizilgan onimizdan bizlar uchun askarlikning jo‘shqin hayoti boshlangandi.
Qishloq quyoshida toblangan, qurilishda bilagi qotgan yigitlar edik. Salkam bir oylik yosh askar mashqlaridan yaxshi o‘tdik. Harbiy qasamyod qabul qilganimizdan keyin haqiqiy xizmatni ko‘rdik. Biz harbiy texnikalarni o‘rganar edik. Avvaliga bu juda qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Kichik komandir qilib tayinlangan serjant shunday dedi:
– Velosiped minganmisizlar?
– Ha! – deymiz bir ovozdan.
– Velosipedni ta’mirlagan hamdirsizlar?
– Xuddi shunday!
– Demak, bu texnikalarni ham oson o‘rganib olasizlar.
Darhaqiqat, har kuni tinmay mashq qilaverib, juda murakkab ko‘ringan ishlarni ko‘zimizni yumib ham bajaradigan bo‘ldik.
Men harbiy xizmatda qiynaldim deyolmayman. Faqat boshida uyni sog‘inish biroz ichiktirdi. Bir-ikki oyda bunga ham o‘rganib ketdik. Tog‘li Oydin qishlog‘ida yoz fasli boshlandi. Qismimiz hududida daraxtlarga qo‘nib olgan qushlar erta tongdan bor ovozda chug‘urlashadi. Roppa-rosa soat oltida turib, badantarbiya mashqlariga chiqamiz. Osmon tiniq, havo toza. To‘rt-besh chaqirimga yugurish, turnikda mashq bajarishga o‘rgandik. Mushak­larimiz qotib, baquvvat yigitlarga aylana boshlagandik. Shunday kunlarning birida qismimiz komandiri podpolkovnik Xolbek Safarbekov chaqirtirib qoldi. U askarlarga ortiqcha gapirmas, ammo ozodalik, tartib saqlanishini qattiq talab qilardi. Harbiy qismimizning har bir burchagi yog‘ tushsa yalagudek toza, kiyim-boshlarimizga ham dog‘ tegmaydi. Askarlar yotog‘idan chiqib kelganimda komandir hovlida turardi.
– Boboyev, ortimdan yur, – dedi meni ko‘rgani hamon.
Gap-so‘zsiz Xolbek Safarbekovga ergashdim. Nima gapligiga tushunolmay g‘alati bo‘lib ketdim. Chunki komandirimiz bilan hali biror marta ham yakkama-yakka gaplashmagan edim. Biz qism darvozasidan tashqariga chiqdik. Ofitserlar yashaydigan hovlidan bolalarning quvnoq qiyqiriqlari, laycha kuchukning jon-jahdi bilan chiyillashi eshitildi. Oldimizdan katta ola mushuk yugurib o‘tdi.
Komandir qismga kirayotganimizda ko‘rganim – bir cheti qulagan devorning oldiga boshlab bordi.
– Boboyev, qurilishda ishlagan ekansan, g‘isht terishni bilasanmi? – deb so‘radi qulagan devorga tikilib.
– Xuddi shunday! G‘isht teruvchiman, – dedim jonlanib.
– Unda ayt-chi, nima uchun bu devor hali bitmasidan qulagan?
Bunday savolni kutmagandim. “Meni sinab ko‘rmoqchimi? – deb o‘yladim. – Rostini aytsam, jahli chiqsa-chi?”
O‘ylanib turganimni ko‘rib komandirning hafsalasi pir bo‘lib qo‘lini siltadi:
– Sen ham xom ekansan!
Bu gap nafsoniyatimga tegdi.
– Devorni usta termagan, choklar noto‘g‘ri, har ikki yarim-uch metrga “ustun” qo‘yish kerak edi, – dedim shoshib.
Bu gapim komandirga yashindek ta’sir qildi. Birdan chehrasi ochildi. Menga kulib qarab:
– Shu devorni qulamaydigan qilib ko‘tara olasanmi? – dedi.
– Xuddi shunday! – dadil javob berdim.
– Unday bo‘lsa, ikkita yordamchi olib, shu bugundan ish boshlaysan!
Bu gapni eshitib xursand bo‘lib ketdim. Harbiy xizmatda ham g‘isht teruvchiligim kerak bo‘lib qolishi xayolimga kelmagan edi-da.
Yordamchilardan birini o‘zim tanladim. Bu – do‘stim G‘ayrat edi. Ammo keyinchalik ana shu ishimdan bir umr afsuslanib yurdim… Eh, komandirga u ham qurilishda ishlaganini aytib ko‘ndirgandim!.. Ikkinchi yordamchi qilib Esonali degan farg‘onalik yigitni berishdi.
Biz shu kunning o‘zidayoq bel bog‘lab ishga kirishdik. Bukir yog‘ochdek qiyshayib turgan devorni buzib tashlashga to‘g‘ri keldi. Devor askarlarning o‘zlari quygan xom g‘ishtdan ko‘tarilgandi. G‘ishtlar-ku bir navi, gugurt qutisidek tekis bo‘lmasa ham ishga yaroqli edi. Ammo umrida g‘isht termagan “usta”lar o‘zlari bilgancha qalashtirib tashlashgan. Salkam o‘n metrli devorni ikki kunda buzib, saranjomlab oldik.
Esonali, o‘sha farg‘onalik yigit chumolidek tinim bilmasdan ishladi. U favqulodda mehnatkash chiqib qoldi. Go‘yo o‘z uyida ishlayotgandek edi. G‘ishtlarga yopishgan loyni tozalab, birpasda taxlab tashladi. G‘ayrat shu yerda ham o‘zini panaga urdi. Tez-tez dam oladi, ishning yengiliga g‘oz bo‘lib turadi. Unga ortiqcha gap aytishdan o‘zimni tiydim. Nima bo‘lganda ham jo‘ram, biz esa bu yerlarda musofirmiz, bir-birimizni qo‘llashimiz kerak, deb o‘yladim.
Esonali bilan basma-basiga, yeng shimarib ishga kirishdik. Devor mustahkam bo‘lishi kerak edi. Komandirning oldida uyalib qolmasligimiz lozim. Har ikki yarim metrga tayanch ustunlar terdim. Choklarni ustam o‘rgatganidek qulf-kalit qilib ixlos bilan ishlayverdim. Yana to‘rt azamat askar g‘isht quyishga kirishdi. Yozning jaziramasida g‘ishtlar tez quriy boshladi. Ishimiz yurishib ketdi. Tez orada ko‘rsang havas qilgudek ravon devor ko‘tarildi.
Sanamoyni shu kunlarda uchratdim. Ularning uyi biz tiklayotgan devorning ortida ekan. Tog‘ tomondan oqib kelayotgan soy harbiy qismimiz oralab o‘tardi. Bir qiz har kuni suv olgani chiqadi. Chelak ko‘targan sarvqad nozanin ko‘zimga juda chiroyli ko‘rindi. Uning suvga chiqishini zoriqib kutadigan bo‘ldim. Qo‘lim ishda bo‘ladi-yu, xayolimda o‘sha qizning himo bilan bir-bir qadam tashlab kelayotganini tasavvur qilaman, tez-tez soy tomonga mo‘ralayman.
Yoz chillasi boshlanib, kunlar nihoyatda isib ketdi. Oftob zaminni tandirdek qizdirdi. Har zamonda tog‘ tomondan kelayotgan salqin shabada jonimizga oro kiradi. Shundayam tinimsiz suv ichamiz, ichgan suvimiz zum o‘tmay badanimizdan ter bo‘lib oqadi. Paqirdagi qaynatib sovitilgan suvimiz tugab qoldi. Soydan suv olib kelishga hech kimning yuragi betlamadi. Bizga qaynatilmagan suvni ichishga ruxsat berishmasdi. Ichish uchun askarlar oshxonasidan qaynatilgan suv olib kelishadi. Qismimiz do‘xtiri shunday tayinlagan. Chanqab turganimda boyagi qiz chelakda suv olib o‘tib qoldi. Soy tomondan kelayotganida undan ko‘z uzolmadim. Buni qiz ham payqadi.
– Chanqadingizmi? – dedi bir zumga to‘xtab.
Qizning shirin jilmayishi yuragimni sirqiratib yubordi. Ovozi chertilgan chinnidek tiniq ekan. Falakdan qarshimga farishta uchib kelgandek bo‘ldi. U atirguldek yonib, o‘zidan nur taratib turardi. Toshdek qotib qolibman. Qo‘limdagi belcha tushib ketdi. Belchani olish uchun devordan ko‘cha tomonga sakradim. Qiz cho‘chib menga qaradi. U bilan yuzma-yuz turib qoldim. Qiz chelagini yerga qo‘ydi.
– Bildim, chanqagansiz. Mayli, ichib oling, – dedi chelakka imo qilib.
Suv ichadigan idishimiz devor ortida edi. Ikkilanib turganimda qayta chelagiga ishora qildi:
– Shunday ichavering.
– Maylimi?
– Ha-da, savob bo‘ladi.
Qattiq chanqagandim, cho‘k tushib chelakdagi muzdek suvdan simirib, to‘ygunimcha ichdim. O‘rnimdan turdim-u, nimagadir ko‘zim tinib, boshim aylandi. Suv ichib rohatlanganimdanmi, bu mohichehra qarshimda turganidanmi, mast bo‘lib qolgandek edim. Ixtiyorim qo‘ldan ketib, unga tikilib qoldim. Eski askar kiyimidagi davangirdek yigitning yosh boladek mo‘ltirab turishi g‘alati tuyulgan bo‘lsa kerak, qiz nigohini olib qochdi. Shunda u yanayam chiroyli bo‘lib ketdi.
Harbiyda bo‘lgandirsiz, shunday holat sizning ham boshingizdan o‘tgandir. Oylab askarlar yotog‘i, oshxona, harbiy mashqlardan boshqasini bilmagan yosh yigit uchun bunday onlar juda-juda tansiq bo‘lar ekan-da. Bu qiz meni sehrlab qo‘ygandi.
– Ismingiz nima? – so‘radim o‘zimni tutib olib.
– Sanamoy.
– Meniki Berdiyor. Rahmat sizga.
– Arzimaydi.
Qiz shunday dedi-yu, chelagini qo‘liga oldi. Indamay uyi tomon keta boshladi. Xo‘raga tashna otdek ortidan tamshanib qoldim. Devor ortidan G‘ayratning tajang ovozi eshitilganda o‘zimga keldim:
– Hov usta, qayoqda qolding?
– Hozir boraman, – dedim devor urilmagan tomonga yurayotib.
– Tilla topdingmi?
– Shunaqaga o‘xshaydi.
Biz odatdagi ishimizga kirishib ketdik. Ba’zan G‘ayratning jag‘i ochilib qolardi. Bugun ham og‘ziga kelganini gapiraverib jonga tegdi. Mening xayolim bilan kimning ishi bor. Xayolimdan esa o‘sha qiz ketmay qolgandi.
Kun bo‘yi ishlab charchagan bo‘lsam ham, o‘sha tun uzoq vaqt uxlolmadim. Soy bo‘yidan yurib kelayotgan qizning jilmayib qarashlari sira ko‘z oldimdan ketmadi.
Shu kundan Sanamoy bilan tanishib oldik. Soydan suv olgani chiqqanida salom berib o‘tadi. Menga uning bir og‘iz lutfi ham beadad rohat bag‘ishlardi. Uzoqdan sarvdek qomatiga ko‘zim tushsa yuragim qafasdagi qushdek bezovtalana boshlaydi.
G‘ayrat bilan Esonali buni sezmay qolishmadi, albatta. Esonali vodiycha tarbiya ko‘rgan, hushmuomala yigit. Meni “usta” deb chaqiradi. Sanamoy bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “Singlim, yaxshimisiz?” deb salomlashadigan bo‘ldi. G‘ayrat o‘zini g‘alati tutardi. Sanamoyni oldimda ko‘rsa qovog‘ini uyib oladi, qo‘lidagi g‘isht yo loy paqirni jahl bilan uloqtiradi. Sanamoy u bilan ochilib gaplashmasdi. Shunga jahli chiqayotgandir, deb o‘ylardim. Ancha go‘l ekanman. Uning botinidan qirindi o‘tayotganini sezmabman…
Oydin qishlog‘ining odamlari oriyatli, ochiqko‘ngil. Dilidagini dangal gapirishadi. Sanamoy ham bizni akalaridek bilib, hol-ahvol so‘rashib ketaverardi.
Komandir devor qurilishidan har kuni xabar olib turdi. Roppa-rosa yigirma kunda devorimiz bitdi. U ishimizdan xursand edi. Bir kuni yelkamga qoqib:
– Yaxshi usta ekansan, – dedi.
Bu menga katta mukofot edi. Ustozim Pirmat amakining ishonchini oqlayotganimdan o‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim. G‘ayrat bilan Esonali komandirning oldiga kelishga haddilari sig‘masdan nariroqda turishdi. Bilaman, komandir ketganidan keyin G‘ayrat meni “patxalim” deb chaqib-chaqib oladi. Uning ana shunday gaplaridan bezillab qoldim. Sheriklarimning beriroq kelishlarini, komandir ularni ham rag‘batlantirishini istayotgandim. Biroq devorga tikilib turgan komandir boshqa narsa haqida gapirdi:
– Xo‘sh, usta, kuz kelsa yog‘in-sochinli kunlar boshlanadi. Devoringga soyabon qilish kerak. Tunuka olib bersak qoqa olasanmi?
– Qoqa olaman-ku…
– Xo‘sh-xo‘sh, gapir, nima demoqchisan?
– Tunuka bo‘yab turilmasa zanglaydi. Biz devor soyabonini pishgan g‘ishtdan terardik. Salobatli, ham puxta bo‘ladi.
– Gapingda jon bor, – komandir o‘ylanib qoldi…
Shu kuni devor qurilishida ishlagan askarlarga dam berishdi. Har birimiz tuman markaziga borib kelish uchun ruxsatnoma oldik. Men qishloqda qolishni, Sanamoy bilan uchrashishni rejalab turardim. Lekin unday bo‘lmadi. Serjantimiz boshchiligida tuman markaziga jo‘nadik. Kinoga tushdik, bozor aylandik. Xullas, o‘zimiz bilgancha yayradik.
Ertasiga harbiy qismimizga quyosh nurida oltindek tovlanayotgan, sap-sariq pishgan g‘isht, qum, tsement olib kelishdi. G‘ayrat bu ishni komandirga men taklif qilganimni bilardi. Rosa jig‘ibiyron bo‘ldi, “patxalim”dan olib “patxalim”ga soldi. Ammo harbiyda ko‘nglingga qarab o‘tirishmaydi. Buyruq so‘zsiz bajarilishi kerak! G‘ayrat bilan Esonalini yonimga olib yana ishga kirishib ketdim. Aslida, bu men uchun rohat edi. Qurilish ishlaridan zavqlanib, mazza qilardim.
Biz yana ishga tushdik. G‘ayrat qorishma tayyorlashga boshchilik qildi. Esonalini ishlatib, o‘zi “usta” bo‘lib oldi.
Men o‘zimiz yasagan yog‘och eshakka chiqib pishgan g‘ishtdan devorga soyabon terayotgandim. Ko‘chada qo‘lida chelak bilan Sanamoy ko‘rindi. Unga tikilib turib qolibman. Qorishma olib kelgan G‘ayratning tovushi o‘zimga keltirdi.
– Yana o‘sha qiz kelyaptimi?! – dedi u tajang­lashib.
– Sekinroq gapir, eshitiladi, – qo‘lim bilan “jim” ishorasini qildim.
– Har kuni sendaylarning nechtasi bilan gaplashadi, – G‘ayrat jahl bilan yerga tufladi.
Uning bu gapi Sanamoyning sha’niga haqorat edi. Qonim qaynab ketdi. Mayli, G‘ayrat – do‘stim, so‘ksa ham chidayman. Lekin men uchun dunyodagi eng suyukli qiz haqida nomaqbul gap aytgan kimsa – yovuz dushmanim! Devorga tiralgan yog‘och eshakdan shiddat bilan sakrab tushdim. Ko‘zim qonga to‘lgandi. G‘azabimni bosolmay qoldim. Pastda har bir harakatimni sovuqqonlik bilan kuzatayotgan G‘ayratning yoqasidan oldim.
– Ovozingni o‘chir! – dedim o‘shqirib. Yana allanimalar deya guvrandim.
G‘ayrat qarshi hujumga shay turgan ekan. U miqtidan kelgan bo‘lsayam juda baquvvat edi. To‘qmoqdek mushtlari bilan ikkala bilagimga shunaqangi zarba berdiki, qo‘llarim o‘z-o‘zidan yoqasini bo‘shatdi. Ikkinchi musht yelkamga tushdi. Orqamga munkib yiqildim. G‘azabim vulqondek qaynab-toshdi. Hech qanday og‘riqni sezmadim. Hansirab o‘rnimdan turdim-u, ikki oyog‘ini ayri yog‘ochdek kerib, qo‘llarini beliga qo‘yib olgan G‘ayrat tomonga otildim. Uning nafrat bilan tikilgan ko‘zlarini hozirgacha unutganim yo‘q. Ha, ha, ko‘zlari botinida yig‘ilib yotgan beadog‘ nafratni menga nayza qilib sanchishga shay edi. Go‘l ekanman, bu haqida keyin ham o‘ylab ko‘rmabman. Buning sababi bor ekanini juda kech bildim… Kech bilganimdan hozirgacha afsusdaman. Butun umr afsuslansam kerak…
Esonali o‘rtaga tushmaganida mushtlashuvimiz anchaga cho‘zilishi aniq edi.
– Bo‘ldi qilinglar! – u G‘ayrat bilan mening o‘rtamga devordek turib oldi. – Oshnalar ham ashinaqa bo‘ladimi.
Men Esonaliga qarab biroz bo‘shashdim. Ammo G‘ayratning mushtlashuvni bas qilish niyati yo‘q edi. U Esonalini uloqtirib tashlamoqchi bo‘lib yelkasidan ushlab jon-jahdi bilan tortdi. Shunda Esonali emas, uning o‘zi uch-to‘rt qadam nariga uchib tushdi. Bu bir lahzada yuz berdi. Nima bo‘lganini payqamay qoldim. Faqat cho‘pdek ozg‘in Esonali qo‘llari bilan yashin tezligida allaqanday harakatlar qilganini ko‘rdim. G‘ayrat chirpirak bo‘lib uchib ketdi-da, gurs etib quladi. Oyog‘i qorishma tashiydigan pachoq paqirga tegdi. Paqir daranglab yumalab ketdi. Men sarosimalanib qoldim. Bir Esonaliga, bir G‘ayratga qarayman. G‘ayrat qattiq tushgandi. Ixrab-sixrab yerdan boshini ko‘tardi. Eng og‘ir ishlarni qilib yurgan, mo‘mingina “qora ishchi”mizga nima bo‘ldi, demoqchidek baqrayib qoldi. Esonali o‘zini yo‘qotmadi. Chaqqon borib G‘ayratga qo‘lini uzatdi:
– Turing, oshna, ayb bizda, – dedi qimtinib.
Hozirgina buqadek baquvvat G‘ayratni bitta qo‘l siltash bilan chillakdek uchirib yuborgan Esonali yosh boladek xijolat chekib turardi. G‘ayrat ham, men ham nima uchun mushtlashganimizni unutib qo‘ygandek edik. Jo‘ram rangi oqarib hamon yerda yalpayib yotardi. Nihoyat o‘ziga kelib qimirlab qoldi. Esonalining do‘stona cho‘zgan qo‘lini siltab, so‘kinib o‘rnidan turdi. Do‘rdoq lablarini alam bilan qimtib, ichiqoralik bilan bir Esonaliga, bir menga o‘qraydi. Esonali hech gap bo‘lmagandek xotirjam edi. Dumalab yotgan pachoq paqirni olib, qorishmaga ketdi. Men devorga tiralgan yog‘och eshakka tirmashib chiqdim. G‘ayrat nima qilishini bilmay simyog‘ochdek biroz qaqqayib turdi-da, u ham pishgan g‘isht olib kelgani ketdi. Tushlikkacha gap-so‘zsiz ishladik.
Nima bo‘lganini Esonali keyinroq aytdi. U bolaligidan “sambo” kurashi bilan shug‘ullangan, yoshlar o‘rtasida respublika chempioni ham bo‘lgan ekan.
G‘ayrat ikki-uch kun tumtayib yurdi. Keyin hammasi avvalgidek bo‘lib ketdi.

* * *
Purviqor tog‘lar etagiga yastangan Oydin qishlog‘i xushhavo, juda go‘zal. Bahaybat toshlar bag‘ridan sitilib chiqqan buloqlarning suvi kengligi bir quloch keladigan soy bo‘lib oqadi. Soy qismimiz oralab o‘tadi. Ofitserlar hovlisidan quyiga, dehqonlarning dalalariga buriladi. Suvi qochganda ko‘cha tomondan paqirni to‘ldirish qiyin. Shunday paytlarda Sanamoy suv olgani ofitserlar hovlisiga kiradi. Soqchilikda turgan paytlarimda u bilan tez-tez ko‘rishamiz. Harbiy mashqlardan toliqqanimizda soy bo‘yida o‘tirib nafas rostlaymiz. Men boshidagi durrasi yengil shabadada hilpirab suv olayotgan Sanamoyni tasavvur qilaman, uni sog‘inaman…
Kuz keldi. Ba’zan osmonni qora bulut qoplab, yildirimlar yog‘du sochib qoladi. Oydinlik dehqonlar daladagi hosilni shoshilinch yig‘ishtira boshlashdi. Biz navbat bilan qismimiz oshxonasi uchun kartoshka kavlagani qishloqqa chiqamiz. Shunday payt­larda Sanamoyni ko‘rib qolaman. Yuragim hapriqib ketadi. Oldiga borsam, miriqib gaplashsam, visoliga to‘yib taftimni bossam deyman. Tez orada ana shunday imkoniyat bo‘ldi.
Kuzning boshlarida hali kunlar iliq edi. Qism bo‘yicha navbatchimiz komandir chaqirayotganini aytib qoldi. Komandirning xonasiga kirganimda Xolbek Safarbekov bahaybat stolida nimalarnidir yozib o‘tirardi.
– Buyrug‘ingizga binoan oddiy askar Boboyev keldi! – dedim qoida bo‘yicha.
– Boboyev, suvoqchilik qo‘lingdan keladimi?
Qurilishda suvoqchilik ishlariga ham ancha ko‘zim pishgandi. Bo‘sh qolgan paytlarimda suvoqchi yigitlarning oldiga borib, ishlariga qarashib yurganman.
– Suvoqchilik qila olaman! – dedim dadil.
Gap nimadaligini fahmlagandim. G‘ayrat, Esonalilar bilan ko‘targan devorimizni suvoq qilish kerak edi. Biroq harbiy o‘quv mashqlari boshlanib bu ish qolib ketdi. Mana endi komandirning o‘zi shu haqda gap ochdi. Yana Sanamoyni har kuni ko‘rishimni o‘ylab ich-ichimdan suyundim.
– Unda o‘zing qurgan devorni yordamchilaring bilan suvoq qilasizlar, – dedi komandir.
Shu kuni yana harbiy qismimizdan tashqarida ish boshladik. Sirtqi devorning suvog‘ini Sanamoylarning hovlisi tomondan boshladim. G‘ayrat bilan Esonali qum, tsement, ohakni aralashtirib qorishma tayyorlab turishdi. Suvoq g‘isht terishga qaraganda ancha tez bitadi. Men ishni ataylab cho‘zardim. Devorning Sanamoylar hovlisi tarafida ishlayotganimizda u choy damlab kelib turdi. Har kuni ko‘rishib, uzoq-­uzoq suhbatlashardik. Shu kunlarda bir-birimizga o‘rganib qoldik. O‘rtamizda muhabbatning ko‘rinmas iplari bog‘landi. Sheriklarim buni payqamasliklari mumkin emas edi. G‘ayratning g‘ashligi kelayotganini sezardim. U ba’zan g‘amgin bo‘lib qolar, ba’zida meni siltab tashlardi. Bu oddiy g‘ashlik emasligini sezmab­man…
Shunday qilib, ikki yil davomida Sanamoy bilan tez-tez uchrashib turdik. Muddatli harbiy xizmatim tugashi arafasida gapni bir joyga qo‘ydik: uylariga sovchi yuboradigan bo‘ldim.
Men endi avvalgi bo‘sh-bayov Berdiyor emasdim. Askarlik hayoti jismimni chiniqtirdi, fikrim tiniqlashdi, o‘z yo‘limni o‘zim topa oladigan bo‘ldim. Bilaklarim toshdek qotgan, chaqqon, cho‘rtkesar yigitga aylandim.
Ayni bahorda G‘ayrat bilan birgalashib qishlog‘imizga qaytdik. Ikki jo‘ra bir kunda xizmatga jo‘nab, bir kunda uyimizga kirib bordik. Ammo G‘ayrat juda-juda o‘zgargan, mendan o‘zini olib qochardi.
Ota-ona, jigarlarimning bag‘ri, qadrdon jo‘ralar bilan diydorlashish – juda shirin damlar edi. Boshim osmonda, quvonchli kunlarimda faqatgina Sanamoyning sog‘inchi qiynadi. U paytlari qo‘l telefoni yo‘q. Tunlarim xayolan sevgilim bilan dil izhorlashib o‘tdi. Uni tushlarimda ko‘rib tong ottirdim. Xat yozishib turamiz, deb kelishgandik. Xatni uylariga jo‘natolmasdim. Xayrlashayotganimizda pochta bo‘limiga “Talab qilib oluvchiga” deb yozishga kelishgandik. Birinchi maktubimni Sanamoyning o‘ziga aytolmagan ishqiy hissiyotlarim bilan to‘ldirdim. Tez orada javob xati keldi. U men ketib harbiy qismimiz huvillab qolganini yozibdi. Buning ma’nosini tushunib, tog‘li Oydin qishlog‘iga qushdek uchgim keldi.
Ishqning hijroni yomon bo‘lar ekan, hayhotdek qishlog‘imizga sig‘may qoldim. Bir hafta o‘tar-o‘tmas o‘zim ishlagan qurilish tashkilotiga bordim. Ustozim Pirmat amaki shu yaqindagi ob’ektda ishlayotgan ekan. Meni ko‘rib quvonib ketdi, o‘z o‘g‘lidek bag‘riga bosib so‘rashdi. Harbiyda ham g‘isht terganimni aytganimda boshi osmonga yetdi. “Endi sen shogird emassan, men bilan birga ishlaysan”, dedi. Shu kunning ertasiga boshliqlar bilan gaplashib, g‘isht teruvchi qilib brigadaga ishga oldirdi. Birinchi kuni g‘isht terayotganimda ishimni kuzatib turdi. Ko‘ngli to‘ldi, chamasi:
– Balli, unutmabsan, deb maqtab qo‘ydi.
Tez orada yoz kelib, kunlar isib ketdi. Tog‘ havosiga o‘rganib qolgan ekanman, quyoshning tig‘ida ishlash oson bo‘lmadi. Biroq meni Sanamoyning sog‘inchi ko‘proq qiynardi. Qo‘lim ishda-yu, xayolim Oydin qishlog‘ida bo‘ladi. Soy bo‘yida uchrashgan paytlarimizni qo‘msayman. Hoziroq uning oldiga uchib borsam, to‘yib-to‘yib bag‘rimga bossam, deyman. Bir oyni amal-taqal qilib o‘tkazdim. Unga xat yozib, yaqinda sovchilar borishini xabar qildim.
Birinchi maoshimni olgan kunim bozordan jiyanlarimga kiyim-kechak olib, qo‘shni qishloqqa uzatilgan Durdona opamnikiga bordim. Meni ko‘rib opam suyunib ketdi. Yelib-yugurib dasturxon tuzadi. Oshga unnamoqchi bo‘lganida, “Opa, gap bor”, deb to‘xtatdim. Durdona opam ko‘zlarini mo‘ltiratib, xavotirga tushib qoldi:
– Nima gap, Berdiyorjon? – dedi ko‘rpachaga cho‘k tushib o‘tirayotib.
Kulib turaverdim. Opamning ichi qizib menga tikilib qoldi.
– Harbiyda bir qiz bilan ahdlashib qo‘yganman, – dedim yerga qarab.
– Voy, Berdiyorjon, kim u qiz?! – Durdona opamning gap ohangi birdan o‘zgardi.
– Sanamoy.
– Ismi chiroyli ekan.
– O‘zi ham chiroyli.
– Ukaginam-a, harbiyda vaqtni bekor o‘tkazmabsan-da!
– Opa, sovchi yuborish kerak, uydagilar bilan gaplashsangiz…
– Gaplashaman, jonim bilan gaplashaman! Tog‘ tomonlar uzoq-ku?
– O‘zim olib boraman.
– Voy, kuyovning o‘zi sovchilikka boradimi?
– Opa!
– Nima deysan, Berdiyorjon, – opam o‘ylanib qoldi.
– Qizning uyi harbiy qismimizning qavatida. Men jo‘ralarim bilan ko‘rishib turaman. Sovchilaringizga Sanamoyning uyini ko‘rsatib yuboraman.
– Shunday demaysanmi.
Uyimizga Durdona opam bilan birga qaytdik. Otamga maoshimdan qolganini olib kirib berdim. Uzoq duo qildi. Bu paytda Durdona opam onamning oldiga kirib, gapni pishitayotgan edi. Men tezda uydan chiqib ketdim. O‘sha paytda biz tengi qishloq yigitlari juda-a istiholali bo‘lishgan. Mendan avval uylangan jo‘ralarim ham shunday qilishgan.
Kech bo‘lganda uyga keldim. Durdona opam qaytib ketibdi. Onam kulib, odatdagidan boshqacharoq qarshi oldi. Chehrasidan nur yog‘ilib turardi. Shu kungi qiyofasi hali-hanuz ko‘z oldimdan ketmagan. Biz onamiz uchun doimo bola bo‘lib qolaveramiz. “O‘g‘lim er yetib qolibdi, kechagina bag‘rimda olib o‘tirardim-a, endi uylantirishimiz kerak ekan, bola degani qushning polaponidek tez uchirma bo‘lar ekan-da”, deya o‘ylagan bo‘lsa neajab. Onajonimga, mehribonimga yuragimni yorgim keldi. Sanamoyni sevishimni, uning tog‘ osmonidagi ukpar bulutlardek mayin, toshdan toshga sakragan ohulardek go‘zalligini aytish istagini yengolmay qiynaldim. Oriyatdan hamma gaplarim botinimda qolib ketaverdi. Ayb ish qilib qo‘ygan boladek bosh egib turdim.
– Durdona opang hammasini aytdi, – dedilar onam. – Otang ham bildi. Biz rozi. Mayli, bolam, o‘sha qiz ko‘nglingga o‘tirishgan bo‘lsa, kelin qilamiz. Bir-ikki kun tayyorlik ko‘raylik, otang kimni qo‘shib bersa, birga borib kelasizlar.
Men yana Sanamoyni ko‘rishimni o‘ylab shamdek erib ketdim. Uning oldida yuzim yorug‘ bo‘layotgandi. Tezda sovchilar kelishadi, deb ishontirgan edim-da.
Ertasiga otam qarorini aytdi. Sovchilikka Durdona opamning eri Zafar pochcham bilan Pirmat amaki boradigan bo‘lishdi. Pirmat amakini ko‘ndirish mening zimmamga tushdi.
– Otang to‘g‘ri o‘ylagan, – dedilar onam. – Uzoq yo‘l, erkaklar borgani ma’qul.
Pirmat amaki rozi bo‘lmasa-chi, deb cho‘chigan edim. Xavotirim o‘rinsiz ekan. Shu kunning ertasigayoq ustamga yuragimni yordim. Pirmat amaki ochiqko‘ngillik bilan iltimosimga ko‘ndi. “Mayli, Berdiyor, toqqa borish kerak bo‘lsa boramiz-da, sen bola sho‘x chiqding-ku, kelinni o‘sha yoqlardan olib kelar ekanmiz-da”, dedi yelkamga qoqib.
Oydin qishlog‘i bizdan ikki yuz chaqirimlar yiroqda edi. Shanba kuni tong otmasdan Zafar pochchamning “Jiguli”sida yo‘lga chiqdik. Yozning chillasida jaziramaga qolmasdan yetib olaylik, dedik-da.
Mashinada uch soatlar chamasi yo‘l bosdik. Qishloqqa yaqinlashganimiz sari oldindagi yuksak tog‘lar bostirib kelayotgandek tuyulardi. Moviy osmonga tutashgan qorli cho‘qqilarga qarab Sanamoyni esladim. Xayolimda sevgilimning so‘lim chehrasi jonlandi. Men tog‘ go‘zalining shahlo ko‘zlarini, kulib-kulib qarashlarini judayam sog‘ingan edim.
Vaqt o‘tgan sayin yuragim taka-puka bo‘la boshladi: “Sanamoyning uyidagilar yuq deb oyoq tirab turib olishsa, nima degan odam bo‘laman?”
Harbiy qismga yetganimizda rulda o‘tirgan Zafar pochchamga to‘xtash ishorasini qildim. Mashinadan tushib atrofga alangladim. Xayolimda mana hozir paqirini ko‘targan Sanamoy soydan suv olgani chiqib keladigandek tuyuldi. Ammo ko‘cha bo‘m-bo‘sh edi, hech kim ko‘rinmadi. O‘zim, o‘z qo‘llarim bilan ko‘targan ravon devorga birinchi bor ko‘rayotgandek havas bilan tikildim. Hozir jonsiz devor ham men uchun qadrdon va suyimli edi. Axir, shu yerda ishlayotib Sanamoyni topgan edim-da.
Zafar pochchamga devorga tutash, yashil daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zgan hovlini ko‘rsatdim.
– Sen jo‘ralaring bilan bo‘lib tur, o‘zimiz chaqiramiz, – dedilar Zafar pochcham mashina eshigini yopayotib.
Meni ko‘rib harbiy qismimizga kiraverishda qorovulda turgan askarlar suyunib ketishdi. Biri olib, biri qo‘yib uyda qanday kutib olishgani, hozir nima ish qilayotganimni surishtira boshlashdi. Ularni tushundim, uylarini qo‘msashayotgan edi. Menga yopishib olishganining boisi shu. Xizmat davrida o‘zimda ham shunday bo‘lgan. Birorta askarga ta’til berilsa, qaytganidan keyin hammamiz uni qo‘rg‘alab olardik. Men ham uning taassurotlarini jon qulog‘im bilan eshitar, go‘yo o‘zim qishlog‘imizga borib kelgandek bo‘lardim.
Ancha gap-so‘zlardan keyin bu ikki askar nima uchun Oydinga kelganimni so‘rab qolishdi. “Sizlarni sog‘indim, ko‘rib ketay deb keldim”, deb qutuldim. Qism navbatchisiga qo‘ng‘iroq qilib, ichkariga kiritishdi. Qadrdon yo‘lkadan tez-tez yurib ketdim. Uchragan jo‘ralarim bilan quchoqlashib ko‘rishdik. Ular meni askarlar yotog‘igacha kuzatib borishdi. Ichkariga kirganimda navbatchi ofitser komandir so‘rayotganini aytdi. Xolbek Safarbekovning menga munosabati xizmatimning oxirgi kunlarigacha yaxshi bo‘lib qolgandi. Hatto qisqa muddatli ta’til ham bergan. O‘zim voz kechganman. Shundoq ham ikki marta uydagilar kelib ketishgan edi. Komandir quchoq ochib ko‘rishdi. Unga kelishimning sababini ochiq aytdim.
– Boboyev, devor urayotganingda qishlog‘imiz qizini ham yuragidan urgan ekansan-da, – deb kuldi.
Shu kuni harbiy qismimiz oshxonasida mehmon qilishdi. Tushdan keyin nazorat punktiga chaqirtirishdi. Chiqqanimda Zafar pochcham kulib qarshi oldi. Nima gapligini bilolmay hayajonlanar edim. Yuragim bezovta qushdek bejo ura boshladi. O‘zimni biroz bosib, oldiga bordim.
– Qaynim, kelindi otasini ko‘ndirish ancha-a mushkul kechdi, – dedi pochcham salmoqlab. – Ammo-lekin seni yaxshi bilisharkan. “Devor urgan askar bola” deganimizda darrov eslashdi. Pirmat akaga yaxshilab eriydigan bo‘lding. “Meni shogirdim”, deb toza-a maqtovingdi keltirdi. Endi to‘yga tayyorlik ko‘raveramiz.
Biz Oydin qishlog‘idan yaxshi xabar bilan qaytdik. Shu kundan uyimizda to‘y maslahati boshlandi. Zafar pochcham bilan Durdona opam kunda, kunora kelib turishdi. To‘yning oldi-berdilarini kelishish ham pochchamga yuklandi. Chamasi uch-to‘rt bor Oydinga borib keldilar. Ikki oy ichida Sanamoy bilan to‘yi­miz bo‘ldi. Men baxtli edim. Xursandligim olamga sig‘masdi. Sevgan qizimga yetishdim. Qurilishdayam ishim chakki emas. Bir yigitga yana nima kerak.
Biroq sharsharadek quyilib kelgan quvonch­­li kunlarim bir umrlik emas ekan. Oradan yarim yil o‘tib baxtimga ko‘z tegdi. G‘ayrat yegan oshimga zahar soldi. U harbiydan qaytganimizdan keyin qurilishga bormagandi. Tuman markazidagi sug‘urta tashkilotiga ishga kirib oldi.
Qish oylari edi. Biz sinfdosh yigitlar bilan haftasiga bir kun gashtak qilar edik. Galdagi o‘tirish Shodmonqul degan jo‘ramizning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi. Ziyofat quyuq bo‘ldi. Men aroq ichmas edim. Shu kuni jo‘ralarga qiziqib yaxshigina “olib” qo‘yibman. Tunda G‘ayrat bilan uyga qaytayotganimizda nimadandir gap talashib qoldik.
– Sen ham tezroq uylanib olsang, bosilib qolasan, – deyishimni bilaman, G‘ayrat birdan tutaqib ketdi. Yo‘lning o‘rtasida ketayotgan edik. Oldimni to‘sib, vajohat bilan turib oldi. Sovuq qish tunining qorli kechasida ikkimiz yolg‘iz edik. U menga g‘azab bilan tikildi. Ko‘zlaridan uchqun sachragandek bo‘ldi.
– Bir uylangan senmi! – dedi yonboshiga “chirt” etkazib tuflab.
Meni ajablantirgani G‘ayratning ovozida beadog‘ bir nafrat bor edi. Daf’atan gapining mazmunini tushunolmadim.
– Nima demoqchisan?! – etim jimirlashib ketdi.
– Xotiningdi qornidagi bola sendan emas! – ilondek vishilladi u. – Sendan emas, lo‘x! Erkaklar bilan ochilib gaplashib yurishidan bilmadingmi?!
G‘ayratning, yaqin jo‘ramning tomdan tarasha tushgandek bunday deyishi bomba portlashidek ta’sir qildi. Qulog‘im shang‘illab, vujudim muzga aylandi. Osmondagi yulduzlar badanimga sanchilib, butun tanamni tilka-pora qilayotgandek tuyuldi. Bo‘ynimga arqon solingandek, dorga tortilgan odamdek bo‘g‘ila boshladim. Qo‘llarim o‘z-o‘zidan musht bo‘lib tugildi. Bor kuchimni to‘plab yuziga tushirdim. Nima deganim, qanday so‘zlarni aytib so‘kinganimni eslolmayman. G‘ayrat ham qarab turmadi. Jon-jahdi bilan yuz-ko‘zim aralash mushtlay ketdi. Biz yoqalashib qorda dumalashar, bir-birimizni ayamasdan urardik. G‘ayrat mendan ancha baquvvat, kuchli edi. Uning ketma-ket bergan zarbalaridanmi, alamdanmi, karaxt bo‘lib qorda yotib qolibman.
Bir payt o‘zimga kelganimda G‘ayrat yo‘q edi. Sovuq qish kechasida, qor bosgan yo‘lda hush-behush bo‘lib cho‘zilib yotibman. Itlarning akillashidan boshqa ovoz eshitilmaydi. Sovuqdan etim junjikdi. Yarim tunda qishloq chekkasidagi yo‘ldan kim ham o‘tardi. O‘rnimdan qo‘zg‘amoqchi bo‘lib talpindim. Yuzimda, biqinimda sanchiq turdi. Ammo yuragimdagi toshdek og‘ir dard oldida bu og‘riq hech gap emas edi. Qorda o‘tirib oldim. O‘rnimdan turishga majolim yo‘q. G‘ayratning gaplarini eslab o‘kirib yig‘lab yubordim. Qulog‘im ostida “Xotiningdi qornidagi bola sendan emas”, degan dahshatli haqorat qayta-qayta jaranglayverdi. Quloqlarimni berkitib oldim. O‘sha tovush miyamni kemira boshladi…
Shu ahvolda qancha o‘tirganimni bilmayman. O‘zimga kelib, o‘rnimdan turdim. Boshimni egib uyimiz tomonga gandiraklab yurib ketdim. Mastligim allaqachon tarqagandi. Alamdan, iztirobdan yurgan yo‘limda daryodagi qayiqdek chayqalaman. Sanamoyning qiliqlari, erkalanishlari sel boshlanishi oldidagi chaqmoqdek lip-lip etib xayolimdan o‘ta boshladi. Bu o‘ylar meni yanayam kuchliroq g‘azablantirdi.
Tog‘li qishloqning erkagu ayoli ochiqko‘­ngil, jaydari. Sanamoy hech kimdan o‘zini olib qochmasdi. Hamma bilan aka-ukalaridek so‘rashib-salomlashib ketaverardi. Shu odati qishlog‘imizga kelin bo‘lib kelganida ham qolmadi. Birovni aka, boshqasini uka deb yuraverdi. G‘ayratning gapidan keyin bular o‘sha iddaoning isbotidek tuyula boshladi. Yuragimga xanjar sanchilgandi! Bu tig‘ shu paytda yuragimnigina emas, ongimni ham jarohatladi. Sanamoy haqida o‘ylaganim sari G‘ayratning gapida jon bordek tuyulaverdi, uning pokligiga shubham ortdi.
Uyga yetib kelganimda g‘azab otiga mingandim. Xotinim ko‘zimga buzuq ayol bo‘lib ko‘rindi.
Qishlog‘imizda uylar chetan devor bilan o‘ralgan. Darvoza o‘rnidagi to‘siqni surib ochdim. Uzun yo‘lakdan oldinga tomon yurdim. Sanamoy bilan yashayotgan alohida uyimizning chirog‘i yoniq edi. Bilaman, kech qolsam uxlamasdan kutadi. Ko‘nglim alag‘da bo‘ldi. G‘ayratning gapiga ishonmasligim kerak, deb ham o‘yladim. Lekin bu oson emasdi. Bunga kuchim yetmadi! Qo‘llarim yana o‘z-o‘zidan musht bo‘lib tugildi. Uyga shiddat bilan otilib kirdim. Eshik taraqlab ochilganda Sanamoy dahlizga chiqdi. Ko‘zimning atrofi ko‘kargan, burnim qonagan ahvolda ekanman. Meni ko‘rib rangi-quti o‘chib turib qoldi. Uni og‘iz ochishga qo‘ymadim. Alamimni to‘kib olmasam yorilib ketay deyayotgandim.
– Qorningdagi bola kimdan, qanjiq?! – deb quturgan buqadek bo‘kirdim.
Sanamoyning ko‘zlari pirpiradi-yu, gapirolmay qoldi. O‘sha paytda buni aybiga iqrorlik deb o‘ylabman. O‘zimni tutolmasdan yuziga bor kuchim bilan tarsaki tushirdim. U chinqirib yubordi-da, yuzini qo‘llari bilan to‘sib oldi. Butun vujudi kech kuz bo‘ronida qolgan bargdek qaltirardi. Yana xezlanib turganimda madordan ketib yerga yiqildi. Men tepasida turib olib, og‘zimga kelgan gaplar bilan uni so‘kar, buzuqdan olib, buzuqqa solar edim. Sanamoy ingrar, yig‘lar, “yo‘q, yo‘q” deyishdan nariga o‘tolmasdi. Men it bo‘lib ketgandim. Xotinimning har bitta harakati, o‘zini oqlaydigan biror so‘z ham aytmayotgani G‘ayratning gapi rostligiga ishonchimni yanayam orttirdi. Odam g‘azab otiga minganida aql ketadi, deganlari shu ekan-da. Engashib yana musht o‘qtalayotganimda onam kirib qoldi.
– Nima bo‘ldi, nima gap?! – titrab-qaqshab baqirdi menga. – Nega urasan kelindi, nodon bola, og‘ir oyoq-ku, axir! – deya yerda g‘ujanak bo‘lib yotgan Sanamoyga yopishdi.
Onamni qishloqda “Norgul momo” deb hamma hurmat qiladi. Aqlli, zukko ayol. Sanamoyning turishiga yordamlashayotib qo‘li bilan ishora qildi:
– Sen chiq bu yerdan! Meni uyimga kirib o‘tir. Ichib kelibsan-da!
Men turgan joyimdan qimirlay olmasdim. Shu payt yig‘layotgan Sanamoy tilga kirib qoldi:
– Ena, enajon! O‘g‘lingiz bola… bola kimdan, deyapti! – u alamdan dodlab yubordi. – Men bu gapni ko‘tarolmayma-an!
– Uni jo‘ralari ichirgan, sira ichmas edi mening bolam! Sen gapiga e’tibor qilma, kelin, – onam ovuta boshladi.
Biroq shu tobda buning iloji yo‘q edi. Zilzila sodir bo‘lgan edi. Hammayoqni vayron qilib bo‘lgandi bu zilzila. Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. Men nomard G‘ayratning gapi bilan pokiza uyimga olib kelgan da’vo dunyoni ostin-ustun qilib yubordi, Sanamoyning yuragini ovchining o‘qiga uchgan ohudek yaraladi. O‘shanda bu jarohat hech qachon bitmasligini, mening ham yuragimni bir umrga qon qilib qo‘yishini bilmas edim.
Haqiqat shu kunning ertasiga ayon bo‘ldi…
…O‘sha tunda onamning uyiga chiqib ketdim. Otamdan bir shapaloq yedim, so‘kish eshitdim. Shundan keyin issiq elitib, uxlab qolibman.
Kun yorishganda onam uyg‘otdi. Yuragim siqilib o‘rnimdan turdim. Kechagi ichkilikning ta’sirida boshim garang edi. Tundagi voqealarni eslab ko‘nglim g‘ashlandi. Tund basharam onamga yoqmadi:
– O‘rningdan turib yuvinib kel, – dedi bosh chayqab.
Bu tong uyimizda hammaning kayfiyati rasvo edi. Alohida xo‘jalik bo‘lgan akam bilan yangam kelishdi. Ularni onam chaqirtiribdi. Besarligimizning sababini meni oldilariga chaqirishganda bildim.
– Kelin ketib qoldi, – dedi onam alam bilan. – Endi nima qilamiz? Sharmanda bo‘ldik!.. Qol deb Xudoning zorini qildim, bo‘lmadi. “Enajon, mendan rozi bo‘ling”, deb yig‘lab-yig‘lab ketdi. Qishloqda Norgul momoning bo‘yni bukilmagan edi. Endi mana bunday ahvol… Berdiyor bolam, sen aqlli yigit eding-ku, nima bo‘ldi? Ayt, seni kim yo‘ldan urdi? Bu tuhmat gaplarni qay go‘rdan kavlab olding?!
Men shundoq ham adoyi tamom bo‘lgandim. G‘ayratning “Bola sendan emas” degan gapini eslab ich-etimni kemiraman. Bir so‘roq qiynaydi: agar bu gap yolg‘on bo‘lsa, G‘ayrat nega bunday dedi?! Maqsadi nima?! Qayerdan oldi bu bombadek portlagan, bir lahzada hayotimni do‘zaxga aylantirgan, baxtli kunlarimga ilonning zaharini solgan gapni?!
Yig‘ilganlar mendan javob kutishardi. Uyatdan, alamdan hech narsa deya olmadim. Onamning, jigarlarimning ko‘zlariga qarolmadim. Tilim tanglayimga yopishib qoldi. O‘rnimdan turib, o‘qdek otilib uydan chiqib ketdim.
G‘ayratning oldiga borishim, yoqasidan olib, o‘sha mag‘zavadek iflos gapiga javob berishini talab qilishim kerak edi. Qo‘llarim yana musht bo‘lib tugildi. Yana kechagidek vujudim yonib, botinim g‘azab-nafratga to‘ldi!

* * *
Bizning hovlimiz qishlog‘imizni yoqalab o‘tadigan katta yo‘l bo‘yida, G‘ayratlarniki bir ko‘cha nari – o‘rtaliqda. Tunda yoqqan oppoq, yumshoq qorni g‘arch-g‘urch bosib ularning uyi tomonga yurdim. Qorli yerning shaffoflik darajasiga yetgan tiniqligidan ko‘zlarim jimirlashib ketdi. Mening ko‘nglim esa buning aksi edi, bugun uni kadar qoplab olgandi. Bu g‘am-g‘ussa yuki yuragimni g‘ijimlayotgandi, men ado bo‘layotgandim. Yo‘l-yo‘lakay bozorga otlangan bir-ikki hamqishloqlar uchradi. Ularga boshimni qimirlatib, salomlashgandek o‘tib ketaverdim. Ortimdan ajablanib qarab qolishganini payqadim. Ammo buni o‘ylaydigan ahvolda emasdim.
G‘ayratning hovlisi ham biznikidek chetan devor bilan o‘ralgan. Hovliga kirganimda G‘ayratning onasi Sarvi momo kutib turgandek yugurgilab uydan chiqdi.
– Berdiyorjon, kel, o‘g‘lim?! – Sarvi momoning ovozida hadik, qo‘rquv bor edi.
– G‘ayrat uydami? – dedim qovog‘imni uygancha g‘o‘ldirab.
– G‘ayrat jo‘rang saharlab chig‘ib ketgan, chig‘ib ketgan, ayna, – Sarvi momo nimagadir yig‘lamsiradi. – Uzoqqa ketdim, dedi. Qaygaligini aytmadi… Nima bo‘ldi sizlarga, go‘daklikdan ajralmagan jo‘ra edinglar-ku…
Sarvi momoning qolgan gaplarini eshitmadim. U tundagi voqeani bilishini tushundim. G‘ayratning uyida emasligiga esa ishonmadim. Uyat va alamdan bir so‘z ham deyolmay ortimga o‘girildim-da, qalin qorni g‘arch-g‘urch bosib tez-tez yurib ketdim. Shu topda bo‘shashgan, soddagina Sarvi momo ham mening ustimdan kulayotganga o‘xshardi.
Qishloqning qorli yo‘lidan tentakdek gandiraklab borardim. Go‘yo qishlog‘imiz bo‘ylab G‘ayratning “Bola sendan emas, bola sendan emas”, degan ovozi jaranglab eshitilayotgandek tuyuldi. Havoning sovuqligidan emas, ana shu alamli o‘ylardan junjikib uyimiz tomonga shoshildim. Yotoqxonamizga kirib kelganimda ham xonada o‘sha dahshatli so‘zlar jaranglab eshitila boshladi. Ikki qulog‘imni berkitib o‘ringa yotdim…
Tushlik payti bo‘lganda onam uyg‘otdi. Boladek tumtayib o‘tirib oldim. Bir maromda kechayotgan tinch, baxtli hayotim tugagandi. Nafaqat mening, uyimizdagilarning ham tinchi buzilgan, hammaning ko‘ngli xufton edi.
Onam ro‘paramga o‘tirib, sekin gap boshladi:
– Sarvi momong keldi… – onam biroz jimib qoldi. – Tuni bilan ular ham uxlashmabdi. O‘g‘li mastlikda bor gapni aytib beribdi… U ham Sanamoyni yaxshi ko‘rgan emish. Senga aytgan gapi yolg‘on ekan. O‘ch olaman deb shunday qilibdi. Sen ahmoq bola…
Onam o‘kirib yig‘lab yubordi. Men sakrab o‘rnimdan turib ketdim. Bu haqiqat boshimga gurzi bo‘lib tushdi. Peshonamni devorga urgim, dodlagim, o‘zimni mushtlab tashlagim keldi. Ammo ko‘nglimda hech narsa o‘zgarmadi. Ichim bo‘m-bo‘sh. Na suyundim, na taskin topdim. Badanimda titroq turdi. G‘ayratga bo‘lgan nafratim, g‘azabim o‘n, yuz chandon ortdi. Titrab, tirishib qolgan edim. Onam bilagimdan tortdi:
– O‘tir! Hamma gaplarni esingdan chiqar! Sendan qo‘rqib G‘ayratni qochirib yuborishgan. Endi uni ko‘rmaysan. Kelindi qaytarish kerak. Akangdi Zafar pochchangga yubordim, Sanamoyni olib kelasizlar!
– U kelmaydi, – dedim sekin.
– Keladi! Bolangdi yetim qilib qo‘ymoqchimisan?!
Onamning bu gaplari yuragimga otilgan toshdek qattiq botdi. Men Sanamoyning qaytishini istamayotgandim. Ko‘nglim singan chinnidek parchalarga bo‘linib ketgan, G‘ayratning bir og‘iz gapi vujudimni sovuq toshga aylantirib qo‘ygan…
Shu yakshanbada Durdona opam bilan Zafar pochcham biznikida yotib qolishdi. Durdona opam go‘dakligimda ko‘tarib katta qilgani uchun menga juda mehribon edi. Ko‘nglimni ko‘tarishga urinib ancha gaplarni gapirdi. Zafar pochcham esa “Obbo qaynim-ey, nima ishlar qilib qo‘yding, tog‘ tomonlarga yana borarkanmiz-da”, derdi nuqul.
Ertasiga saharda opam bilan pochcham Oydinga jo‘nab ketishdi. Dushanba edi, men qurilishga bordim. Qo‘lim ishda-yu, xayolim boshqa yoqda. Pirmat amaki kuzatib turgan ekan, oldimga keldi.
– Berdiyor, senga nima bo‘ldi, hov bola? Kelin bilan oralaringdan bir gap o‘tdimi? – sinovchan tikildi u.
Ustaga nima deyarimni bilmasdan boladek kalovlandim. Yuragim qon edi, dardim daryo bo‘lib oqayotgan edi. Sanamoyni yo‘qotganimni endi-endi his qilayotgandim. G‘ayrat qilg‘ilikni qilib qochib ketdi. Men esa it azobiga qoldim! Sanamoyga ham og‘ir bo‘lishini o‘ylay boshladim. “Qaytib kelarmikan?” degan so‘roq uyga qamalib qolgan qaldirg‘ochdek miyamda charx uradi. Men-chi, men uning qaytishini xohlaymanmi? Garchi tuhmat bo‘lsa ham o‘rtaga xiyonat haqida gap oraladi. Bu gap bugun-erta qishloqqa yoyiladi. Odamlarning og‘zini yopib bo‘lmaydi… Men arosatda qolgandim. O‘ylarim tagsiz, tayanchsiz lomakonda edi…
Xayol surib qolgan ekanman, Pirmat amaki tirsagimga sekin turtdi:
– Ayt, nima bo‘ldi?
O‘zim ham to‘lib turgandim. Yuragimda to‘plangan zardob yorilsa-yu, sitilib-sitilib oqsa, ozgina bo‘lsa ham yengil tortsam derdim. Biz yonma-yon g‘isht terayotgan edik. Atrofda ustadan bo‘lak hech kim yo‘q. Yerdagi taxlab qo‘yilgan g‘ishtga o‘tirib oldim. Pirmat amaki qarshimga cho‘kdi. U menga ustoz, do‘stim, otamdek bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham bor voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdim. Hech gapni yashirmasdan, hammasini aytdim. Aytib bo‘ldim-u, ancha yengil tortdim. Xayolimda Pirmat amaki muammolarimga yechim topadigandek edi. O‘sha tunning azobi, G‘ayratning bo‘hton gaplari, ertasiga yaramga tuz sepilgandek qiynalganlarim – bari-barisini aytdim.
Pirmat amaki gapimni bo‘lmasdan eshitib o‘tirdi. Ahmoqligim uchun so‘kadi, hatto bir shapaloq urab yuboradi ham deb o‘yladim. Men bunday jazoga loyiq edim. Usta shunday qilganida yanayam yengil tortgan bo‘lar edim. Pirmat amaki o‘yga cho‘mib, boshini chayqadi:
– Chatoq bo‘libdi, chatoq, – dedi afsuslanib. – Berdiyor, uni ikki yil askarlikda yurib sinagan eding. Xotining to‘ydan keyin har kuni yoningda bo‘ldi. Qanday ayolligini nahot bilmading? G‘ayrat jo‘rang asli tirraqiroq bola edi, senga ham itlik qilibdi-da!
Men nodonni Pirmat amakining gaplari hushyor torttirdi. Birdan ko‘zimning oldini qoplagan parda surilib, haqiqatni ko‘ra boshladim. Qiziqqonlik bilan qilib qo‘ygan ishimning oqibatini o‘yladim. Bu mening shu yoshimgacha qilgan eng katta xatom edi. Biroq o‘sha paytda buning jabrini bir umr tortishimni hali bilmasdim.
Ish ham unmadi. Qurilishda kunni bir amallab kech qildim. Uyga kelganimda otam bilan onamdan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Kulib qarshi oladigan sarvqad Sanamoy ham yo‘q! Uyimiz huvillab qolgan.
Otam hovlida g‘imirlab yurgan ekan. Meni ko‘rib qovoq uygancha indamasdan uyga kirib ketdi. Serrayib turib qoldim. Bilaman, uyimga kirsam, Sanamoyni qiynaganlarim xayolimga bo‘rondek yopiriladi, yana ezilaman…
Shu paytdagi ahvolimni onam yaxshi tushundi. Onalar farzandlarini hamisha, hammadan yaxshi tushunadi. Dunyoga keltirgan zurriyodlari bilan umrining so‘nggi damlarigacha ko‘zga ko‘rinmas teran tomirlar bilan bog‘langan bo‘ladi. Onamiz borligi uchun ham biz o‘zimizni inson deb his qilamiz. Eng og‘ir damlarda, hatto o‘lim chang solganida ham beixtiyor “ona-a!” deya emranamiz.
– Berdiyorjon, uyingga kir, – dedi onam yonimga kelib.
Meni boladek yetaklab ichkariga olib kirdilar. Cho‘yan pechka yoqilgan bo‘lsayam, xona sovuqdek tuyuldi. Har bir jihoz Sanamoy bor paytdagidek joy-jo­yida edi. To‘shaklar taxmonga yig‘ilgan. Xontaxta atrofiga baxmal ko‘rpachalar solingan. Sanamoyning shoyi pardasi tutilgan derazadan qorong‘i tusha boshlagan hovlimiz mung‘ayib ko‘rinadi.
Onam bilan xontaxta chetiga o‘tirdik. Hadik, biroz vahima bilan og‘zini poylardim. Men kechagi, hatto ertalabki Berdiyor ham emasdim. Pirmat amakining gaplari aqlimni kiritdi. Go‘yo osmondagi bulutlar tarqab, quyosh charaqlab chiqqan edi. Qilib qo‘ygan ahmoqligimning jabrini allaqachon tortayotgan edim. “Zafar pochcham bilan Durdona opam Oydindan qanday xabar olib kelishadi?”. O‘zim sezmagan holda shu haqda o‘ylay boshlagandim. Qani endi, hammasi bir lahzada unutilsa. Hayotimni ikki kun orqaga qaytarib bo‘lsa edi!
– Pochchang bilan opang qudanikiga borib kelishdi, – dedi onam xonadagi sovuq jimlikni buzib. – Quda ham, qaynonang ham aniq bir gap aytishmabdi. Harqalay, “yo‘q” deyishmabdi-ku. Kelinning o‘zi bo‘lsa “Bormayman, u qishloqqa borolmayman endi”, deb yig‘lab turib olganmish. Durdona opang Sanamoyni ko‘ndirishga chunon urinsa ham foydasi bo‘lmabdi… Endi sabr qilamiz, bolam.

* * *
Kunlar asta-sekin iliy boshladi. Qorlar erib, yo‘l chetlarida yashil maysalar ko‘rindi. Uylarning bo‘g‘otlarida juft-juft bo‘lib qaldirg‘ochlar chirqillab qolishdi. Hamma Sanamoyning “bo‘yni yor berib qolishi”ni kuta boshladi. Shunday qilib kunlar, oylar o‘tdi. Bahor keldi. Durdona opam bilan Zafar pochcham hamon bo‘zchining mokisidek Oydinga qatnashardi.
– Kelin oyog‘ini tirab turib olgan. “Boshqa ovora bo‘lmanglar, endi qaytmayman”, dedi.
Ular oxirgi marta borib kelganlarida ana shunday deyishdi.
Men Sanamoydan ayrilgandim. Qilg‘ilikni qilib qo‘ygan G‘ayrat esa qishloqqa qadam bosmadi. Cho‘lga ketib qolibdi, degan gap eshitdim. Kechagina karillab yurgan yigit suvga tushgan toshdek yo‘q bo‘lib qoldi. Jo‘ralarimdan o‘sha yoqda uylanganini eshitdim.
Qurilishda kun bo‘yi g‘isht teraman. Hammadan ko‘p ishlayman. Ko‘zimni yumib ham g‘isht tera oladigan bo‘ldim. Choklari bexato chiqadi, bir tekis yoyilgan qorishmaga chaqqon-chaqqon g‘isht qo‘yib, qulf-kalit qilib ketaveraman. Pirmat amaki ishimdan minnatdor. U mening ahvolimni hammadan yaxshi tushunar, hayotimning bunday tomonga o‘zgarib ketganiga qattiq achinardi. Har zamonda “Qo‘yaver, hali yoshsan, hammasi izga tushadi”, deb qo‘yadi.
Ertaga nima bo‘lishini aytib bo‘lmas ekan. Hammasi izga tushib ketmadi. Suddan chaqiruv qog‘ozi oldim. Sanamoy ajrashish to‘g‘risida ariza beribdi.
Belgilangan kuni sudga bordim. Sanamoyni ko‘raman, gaplashaman degan edim. Bu umidim ham puchga chiqdi. Uning nomidan yangasi keldi. Sudning qarori bilan ikki oy muhlat berishdi. Bu muddat o‘tgandan keyin esa… bizni ajratib yuborishdi. O‘shanda yangasi Sanamoyning qizli bo‘lganini aytdi. Mening hali bitmagan yaram yana yangilandi…
Xullas, men xotinim bilan rasman ajrashdim. Sanamoy nafaqa undirish uchun ariza ham bermadi…
Hayotimdagi bu yo‘qotishga chidash oson bo‘lmadi. Tunlari uxlolmasdan to‘lg‘anib chiqardim. Shunday paytlarda G‘ayratni tutib olib bo‘g‘gim, avtomat bilan otib tashlab alamdan chiqqim kelardi. Biroq bu mening xomxayolim edi. Endi biz yurgan so‘qmoqlar tutashmasligi kerakligini bilardim.
Shunday kunlarda onam meni ikkinchi marta uylantirish harakatiga tushdi. Kasbim bor, topish-tutishim yaxshi. Tegaman degan qizlar ham talaygina. Qishloqda gap yotadimi, boshimdan o‘tganlarini hamma eshitgan.
Bo‘lib o‘tgan voqealar ta’sirida ko‘nglim karaxt bo‘lib qolgandek edi. Kelin tanlashni onamning o‘ziga qo‘yib berdim. Haqiqiy sevgi lazzatini inson bir marta totadi. Sanamoy mening birinchi muhabbatim edi. Xayolimda Oydin qishlog‘ida ko‘rganimdek – chelak ko‘tarib soy bo‘yida turgan holida suratga olingandek muhrlanib qoldi. Bilaman, endigisi unday bo‘lmaydi…
Onam kelinlikka Zebi degan qizni tanladi. Zebi hamshiralik bilim yurtini bitirib, qishlog‘imizdagi ambulatoriyada ishlayotgan edi. Bir marta uchrashib, gaplashdik. Men unga yuragimda borini aytdim. Sanamoyni unutishim qiyin bo‘layotgani, biroq u endi qaytmasligini – bari-barini to‘kib soldim. Zebi jim o‘tirib eshitdi. “Mayli, hammasiga roziman”, degan javobni aytdi. Shundan keyin to‘yimiz bo‘ldi.
Mana, oradan ko‘p yillar o‘tdi. Xotinimdan nolimayman, yaxshi turmush qilib kelyap­miz. Hozir yangi qurilgan qishloq vrachlik punktida hamshira bo‘lib ishlaydi. To‘rtta farzandimiz bor. To‘ng‘ich o‘g‘limni uylantirganman, yaqinda nevarali bo‘laman. Sanamoy haqida bir martayam og‘iz ochmadi. Bunga ba’zan o‘zim ham hayron bo‘laman. U esa ko‘ng­limga qaraydi…
G‘ayratni so‘rayapsizmi?.. O‘sha voqeadan o‘n yil o‘tib yuzma-yuz bo‘lganmiz. Savri momo – onasi qazo qilganda. G‘ayratning cho‘ldan kelganini bilganim uchun janozaga borishga ham ikkilanganman.
– O‘g‘lim, hamma gaplar o‘tib ketdi, endi borib jo‘rangga bandalik bildir, – dedi onam.
Onamning gapini ikki qilmay, el qatori ta’ziyaga bordim. G‘ayrat qora chopon kiyib hassakashlar qatorida turar edi. Menga ko‘zi tushib, yerga qaradi. Yaqin jo‘ralardek yelkasidan olib bandalik bildirishim lozim edi. Agar shunday qilsam, badanimga iflos bir narsa ilashib qoladigandek tuyuldi. Ta’ziyaga borish burchim edi, burchimni ado etdim, ammo G‘ayrat bilan so‘rashmadim. Rahmatli Sarvi momoning keyingi ma’rakalarida ham shunday bo‘ldi. Sinfdosh jo‘ralarimiz meni tushunishar edi, ortiqcha gap qilishmadi.
Shundan keyin G‘ayrat bilan uchrashmasam kerak, deb o‘ylagandim. U butunlay cho‘llik bo‘lib ketgan edi. Qishloqqa kamdan-kam kelar, jo‘ralarimizga ham juda-a qo‘shilavermasdi. Biroq bundan besh yil avval taqdir bizni yana uchrashtirdi…
Vaqt odamlarga bo‘ysunmaydi, yillar ko‘ng­limizda armon bo‘lib o‘taveradi. Tengdosh­larimiz bola-chaqali, oldilari quda-­andali. Ulg‘ayganimiz sayin bir-birimizning qadrimizga yanayam ko‘proq yetadigan bo‘ldik. Bahor, yoz oylarida qishloq kishilari ishdan ortmaydi. Endilikda ko‘pchilikning g‘allachilik, bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari bor. Kuzda-ku, dalaning ishi qaynagandan qaynaydi. Bizning sochlarimizga oq oralay boshladi. Lekin qish oylarida avvalgidek gashtakka to‘planib olamiz. Bu odatimizni hozirgacha tark etmadik.
O‘shanda qahraton qish edi. Qor bo‘ralab yog‘ayotgan kunda jo‘ralar bilan gashtakka yig‘iladigan bo‘ldik. Navbat – Safar degan sinfdoshimizniki. Safar – ko‘ngli ochiq, hazilkash, quvnoq yigit. Boshimizni qovushtirib, gashtaklarimizni tashkillashtirib yuradigan ham shu Safarboy.
Safarning uyi qishloq chetida – ulkan yong‘oq daraxtlari bilan qurshalgan katta hovli. Yo‘l yoqalab Safarnikiga ketar edim. Bir payt G‘ayrat menga o‘sha dahshatli so‘zlarni aytgan joyga borib qolibman. Har safar shu yerdan o‘tganimda o‘sha qora tun esimga tushib asabiylashaman. Hozir yana shunday bo‘ldi…
O‘shanda ham qahraton qish edi… Atrof qor bilan qoplangandi. Yo‘lning narigi tomonidagi g‘allazor qirlardan izg‘irin shamol esib, etni junjiktirardi… Ko‘z oldimda G‘ayratning oy yorug‘ida chaqchaygan qahrli ko‘zlari namoyon bo‘ldi. Keyin u hayotimni ostin-ustun qilib yuborgan “Xotiningdi qornidagi bola sendan emas” degan o‘sha dahshatli so‘zlarni aytdi. Biz qorda yumalashib, tevalashib ketdik. Bir-birimizga ayamasdan, jon-jahdimiz bilan musht tushirardik… Men hech qanday og‘riqni sezmasdim. Qir tomondan esayotgan izg‘irin shamol ham karaxt bo‘lib qolgan tanamga zarracha ta’sir qilmayotgandi…
Xayol surib borar ekanman, Safarboynikiga yetganimni payqamay qolibman. Qishning chillasi emasmi, kun qisqa, erta qorong‘i tushdi. Yo‘lakdan yurib, chirog‘i yoniq tanish mehmonxonaga yaqinlashdim. Ichkaridan jo‘ralarimning gangir-gungur hangamalashayotgan tovushlari eshitildi. Endigi gashtaklarimiz avvalgidek qiyqir-qiyqirlar bilan o‘tmasdi. Biz qirqdan o‘tgan, ancha bosilib qolgan erkaklar edik.
Mehmonxonaning ostonasiga qadam qo‘yganimda ichkaridan Safarboyning o‘zi chiqib qoldi.
– Berdiyor, jo‘rajon, kelaqol, – dedi shoshib. So‘ng nimagadir qoqqan qoziqdek tikilib turib qoldi.
– Uyingga kiritasanmi yo qaytib ketaymi?
– E-e, nima deyapsan, – Safar chaqqon harakat bilan o‘zini chetga oldi.
Men hech qanday shubhaga bormasdan mehmonxonaga kirdim. Kirdim-u, birov ustimdan sovuq suv quyib yuborgandek junjikib ketdim. Xonada birovi mo‘ylovdor, birovi ko‘sa jo‘ralarim davra qurishgan. Ularning ko‘pchiligi shirakayf. Dasturxonda ochilgan aroq shishalari bor edi. Jo‘ralarimning o‘rtasida, ne ko‘z bilan ko‘rayki, G‘ayrat o‘tirardi. O‘sha-o‘sha miqti gavda, yo‘g‘on yonoq suyaklari turtib chiqqan yuzi ham o‘zgarmagandek. Faqat to‘lishibdi, sochlari oppoq oqarib ketibdi. Atrofida o‘tirgan tengdoshlaridan ana shu oppoq sochi bilan ajralib turardi. G‘ayratga tikilganimcha haykaldek qotib qolibman. Menda na hadik, na avvalgidek nafrat bor edi. Uning yana jo‘ralarimga qo‘shilib olganidan ijirg‘andim. “U bo‘lgan joyda menga o‘rin yo‘q”, degan xayolga bordim.
Davrada o‘tirganlardan ayrimlarining boshlari egik, boshqalari endi nima bo‘larkin, degan o‘yda bizga tikilib qolishdi. Hamma nimadir yuz berishini kutardi. G‘ayrat ham mast ko‘zlarini pirpiratib bir muddat menga tikilib o‘tirdi. So‘ngra og‘ir yuk bilan qo‘zg‘alayotgan parovozdek pishillab o‘rnidan turdi. O‘tirganlarning oyoqlariga qoqilib-suqilib taypanglab oldimga keldi. Endi men ham hayrat bilan uni kuzata boshlagandim. “G‘ayrat nega adashgan bo‘ridek bu yerda paydo bo‘ldi? Nima kerak unga? Yana mushtlashamizmi? Yoshi o‘tgan sayin alami ortdimi? Axir, o‘sha nomardligi uchun u ham yaxshigina jabrlandi. Tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘idan badarg‘a bo‘lgandek qochdi. Yor-birodarlaridan, jo‘ralarimizdan ayrildi”.
G‘ayratga tikilib turarkanman, botinimdagi g‘alayonni bosishga urinardim. U menga yaqinlashib keldi-da, qo‘qqisdan tiz cho‘kib oldi.
– Berdiyor, men itlik qildim, kechir, – dedi xirilloq tovushda. – O‘shanda aytgan gaplarim yolg‘on! Yolg‘o-on!
– Bilaman, Savri momo onamga hammasini aytgan.
– Unda nega Sanamoy bilan ajrashding?! – G‘ayrat alam bilan baqirib yubordi.
– Ko‘nglim ilimadi.
– Men aytgan gap uchunmi?
– Ha!
– Meni kechir, jo‘rajo-on, kechir! – u telbalardek ikki qo‘lini oldinga cho‘zdi. – Kechiringlar meni-i! Bolangni yetim qilgan ham me-en! Bilaman, Norgul momo, xotining, sen ham… qarg‘agansizlar! Ha, qarg‘agansizlar! Meni qarg‘ish urdi, Berdiyor! Farzandsizman, bolam yo‘q, ikkinchi xotinim ham tug‘madi. Men itni qarg‘ish urdi, jo‘rajo-on!
G‘ayratning ovozi titrab ketdi. U jinnisifat bo‘lib qolgandi. Tirishib ketgan yuziga mastlikdan qisilgan ko‘zlaridan yosh quyildi.
– Qarg‘ishlaringni qaytib olinglar, – hiqilladi u.
– Men bunday deb qarg‘aganim yo‘q, onam ham…
Xona jimjit edi. Hamma jim edi. G‘ayrat yana biroz shunday o‘tirdi-da, o‘rnidan turib, gandiraklaganicha eshikka yo‘naldi. Safar uning ortidan chiqdi…
O‘sha kungi gashtagimiz sovuq o‘tdi. Ichkilik ham jo‘ralarimning ko‘ngliga cho‘kkan kadarni ketkazolmadi.

Bahorda cho‘l tuni ajoyib bo‘ladi. Ochiq derazadan ko‘rinayotgan falakning bir parchasida yulduzlar sirli-sirli jimirlaydi. Uychamizdan cho‘l qo‘yniga tikilib o‘tirarkanman, allaqanday nurli chiziqlar jilva qilib qoldi. Uzoq-uzoqlardan turli jonivorlarning chi­­yillagan, uvillagan tovushlari eshitildi. Biz o‘tirgan xonaning ochiq darchasidan rutubatli havo to‘lqini olib kirgan anbar islar dilni qitiqladi. Ikkimizning ham uxlagimiz kelmayotgandi. Gap gapga ulandi, Berdiyor meni o‘ziga yaqin olib, dilidagi armonlarini to‘kib sola boshladi.
– G‘ayratning o‘sha qish tunida alamdan aytgan yolg‘onlari boshimga ko‘-o‘p taqdir o‘yinlarini soldi, – deb hikoyasini davom ettirdi Berdiyor, – Xudoga shukur, hozir oilam tinch, bola-chaqam bag‘rimda. Onam to‘qsondan oshdi. Umrini uzoq qilsin, deyman doim. Shunday ekan, G‘ayratga yomonlik tilaymanmi. Uning befarzandligiga achindim.
Yana bir gap: men Sanamoyni hech qachon unutganim yo‘q. Shunday paytlar bo‘ladiki, uning so‘lim chehrasi xayolimga quyundek yopirilib kelib, ko‘z oldimda turib oladi. Menga araz bilan boqadi, nimalardir deb qiynaydi. Qachondir bir voqea sodir bo‘ladigandek seskanaman.
Ana shunday voqea o‘tgan yili yuz berdi…
Biz qurayotgan namunali uylar tumanimizning uzoq qishloqlaridan birida edi. Qish iliq kelgan, qurilish jadal davom etayotgandi. Kun bo‘yi zavqlanib ishladim. O‘ylab ko‘ring, qishloq odamlariga pishgan g‘ishtdan ko‘rkam uylar qurish qaysi zamonda bo‘lgan edi! Bu haqda o‘ylashning o‘zi ham kishiga zavq bag‘ishlaydi!
Qurilishda tajribali g‘isht teruvchi bo‘lib qolganman. Ustozim Pirmat amaki bir yil avval qazo qildi. Otamdek aziz insondan ayrilish juda og‘ir bo‘ldi. Ishdan ta’til olib, ma’rakada turdim. O‘shanda qattiq iztirob chekdim, botinimdan bir narsa o‘pirilib ketgandek bo‘ldi. Axir, Pirmat amaki yoshligim, qurilishga ilk kelgan kunlarimning, Sanamoyga uylanishim, yana uni bir umrga yo‘qotishim – butun hayotimning guvohi, suyangan tog‘im edi…
Mamlakatimiz taraqqiy etgani sayin qurilish tashkilotimiz avvalgidan ancha kuchaydi. Yangi texnikalar oldik. Tumanimizda bir paytlar bitta g‘isht zavodi ishlagan bo‘lsa, endi to‘rttaga yetdi. Qishlog‘imizning qiyofasi ham butunlay o‘zgarib ketdi. Namunali uylardan roppa-rosa o‘ttiztasini qurganmiz. Shulardan birini menga berishdi. Boshlang‘ich to‘lovini qurilish tashkilotimiz zimmasiga oldi. Hozir bu uyda to‘ng‘ich o‘g‘lim yashaydi. Endi ishga o‘zimning “Neksiya” mashinamda qatnayman. Ancha avval olganman. Jo‘ralarim kulib yurishadi: “Berdiyor, o‘zing oddiy g‘isht teruvchi bo‘lsang, “Neksiya”da ishga borishing uyat emasmi? Hech bo‘lmasa kichikroq boshliq bo‘lib olgin”, deyishadi hazillashib. Boshliqlar mensiz ham yetib-ortadi. Ular mendek g‘isht teruvchilarni qadrlashadi. Shunday ekan, “Neksiya”da qatnab g‘isht teraversam nima bo‘libdi.
O‘sha qish oqshomida uyga yetib kelganimda qorong‘i tushgandi. Yoshlikdan bir odatim bor: qayerdan kelsam ham, avval onamning oldiga kiraman. Otamiz o‘tganidan keyin onam miskin bo‘lib qolgan. Qachon keladi, deb yo‘limni poylaydi. Ba’zan otamni eslab ko‘zyosh ham qilib oladi.
Shu kuni onamning oldiga kirganimda yonida o‘tirgan yoshgina kelinchakka ko‘zim tushdi. Uning qo‘lida chamasi bir yarim yoshdagi bola bor edi. Kelinchakning bug‘doyrang, biroz cho‘zinchoq yuzi, qimtilgan chiroyli lablari tanishdek tuyuldi. Ancha payt ko‘rmagan qarindoshlardanmi deb o‘yladim. U yengil qo‘zg‘alib o‘rnidan turdi-da, derazaning ro‘parasiga bordi. Bolasini bag‘riga bosib, shamdek qotib qoldi. Ko‘zlarida quvonch, shuning bilan birga, men tushunolmayotgan qandaydir hadik bor edi.
Ajablanib onamga qaradim. Onamning ko‘zlaridan yosh quyilardi. Bu holat meni yanayam hayron qoldirdi.
– Ena, nima bo‘ldi?! – dedim oyog‘imdagi qo‘nji kalta etikni yechayotib.
Darhol oldilariga borib, tiz cho‘kdim. Odamlar diydasi qattiq deydigan Norgul momo bo‘ynimdan quchoqlab yig‘lab yubordi.
– Bu Sanamoyning qizi, seni qizing, – dedi yig‘i aralash.
Yuragim qalqib ketdi! Hamon poygakdagi derazaning oldida bolasini bag‘riga bosib turgan kelinchakka qaradim. Ichimdan bir narsa uzilib ketgandek bo‘ldi. Shu lahzada yana Sanamoyni esladim. Uning arazlagan qiyofasi ko‘z oldimga keldi. Beixtiyor kelinchakning yuz-ko‘zlaridan Sanamoyga yoki o‘zimga o‘xshash belgilarni izlayotganimni sezmay qolibman. Onam­ning gaplari osoyishta kechayotgan hayotimga dahshatli to‘fon yopirilganday ta’sir qilgandi. Kelinchakka tikilib qolgan ekanman, onamning titroq ovozlari o‘zimga keltirdi:
– Bu yoqqa qara, bolam.
Kelinchakdan nigohimni olib, boladek onamga yuz burdim. Qo‘llarida sarg‘ayib ketgan eski bir surat. Undan boqib turgan munis chehra juda tanish. Bu qiyofa men uchun dunyodagi eng azizlardan ham aziz edi: onamning yoshlikdagi suratlari!
– Tanidingmi, menman, – dedi onam. – Bu suratga tushganimda yosh bo‘lganman. Sen qo‘limda, go‘dak eding. Uyma-uy yuradigan suratchiga otang oldirgan.
Onam nechuk ko‘hna suratni eslab qolganlarini, sirli ishoralarni tushunolmasdan, mo‘yloviga oq oralagan bola bo‘lib mo‘ltirab o‘tirardim. Hamon deraza oldida bolasini bag‘riga bosib turgan, onam “Sening qizing”, degan kelinchak hayajonning zo‘ridan titroqqa tushib, bizdan ko‘z uza olmasdi. U taqdirini hal qiladigan nimadir sodir bo‘lishini kutib, yolvorgandek bir onamga, bir menga tikildi. Onam o‘sha suratni tutgan ko‘yi unga imo qildi. Bu holatni tushunolmasdan bezovtalana boshladim. Kelinchakka qaradim-u, yuragim orqamga tortib ketdi. U suratdagi onamga, onamning yoshligiga egizaklardek o‘xshardi. Ha, u quyib qo‘ygandek onamning o‘zi edi!
– Bu Sanamoyning qizi, sening qizing!
Onamning takror aytgan gaplari shundoq ham abgor bo‘lib o‘tirgan meni titratib yubordi. Hayotimda odamni karaxt qilib qo‘yadigan titroqni ikkinchi bor his qildim. G‘ayrat o‘sha la’nati so‘zlarni aytganida birinchi marta shunday bo‘lgan. Endi esa topgan davlatim, duru javohirlardan ming bora aziz xazinam – onajonim bu kelinchakni mening qizim deyayotgan edi. O‘sha daqiqadayoq ongu shuurim ko‘zimning oldida isboti bilan turgan bu haqiqatni tan olgandir. Ko‘nglim-chi?! Mening besar ko‘nglim eng og‘ir jazoga mustahiq bo‘lganday ozorlanib qolgan edi-da. To‘qsonga kirgan onam meni tushundi. O‘rnidan turib, biror xatti-harakat qilishga ham haddi sig‘mayotgan kelinchakning oldiga bordi.
– Bu yoqqa kel, – dedi buyruq ohangida.
Men o‘rnimdan turdim. O‘zimga bo‘ysunmayot­gan oyoqlarimni sudrab ularga yaqinlashdim. Onam bir zum ikkilanib turdi-da, quruqshagan qo‘llari bilan kelinchakning yoqasini ohista tortdi. Uning ko‘zlaridan yosh quyilayotgandi. Zabun holati menikidan qolishmasdi. Bo‘ynida xuddi onamnikiga o‘xshagan, gul yaprog‘idek yoyilgan xol ko‘rindi!
Men adoyi tamom bo‘lgandim. Qarshimda mening zurriyodim, mening farzandim, tug‘ilganida otalik zavqini tuyolmagan bolam, ota mehridan benasib, begunohim turardi. Endi bunga shak-shubha qolmagandi. Uning onamga quyib qo‘ygandek o‘xshashi, bo‘ynidagi xol… Ichimdan bir nido, bir faryod vulqondek otilib chiqib, ko‘z oldimni zimistonga aylantirib qo‘ydi. Yig‘ladimmi, ingradimmi, eslolmayman. Qizim bir qo‘li bilan boladek bo‘ynimga osilib oldi.
– Ota, otajon! – qulog‘im ostida mungli bir tovush eshitildi. – Mening otam bor, otamni topdim…
Qizimning qo‘lidagi bolasi chinqirib yig‘ladi…
– Enam, ona qizim! – dedim peshonasidan o‘pib. – Meni kechir…
Boshqa bir og‘iz ham so‘z aytolmadim.
Shu kecha onamning uyida uzoq qolib ketdim. Qizim bilan o‘rtamizda ota-bolalik mehri paydo bo‘ldi. Bu gapim sizga g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, men uni chaqaloqligida ham ko‘rmagan bo‘lsam. Falakning gardishi bilan o‘zi farzandli bo‘lganida qoshimga kelib turibdi. Ana shu holat ikkimiz uchun ham juda-juda sirli va tasodifiy edi. U bizdan ko‘zini uzolmas, yo‘qotgan tilla sirg‘asini topgan qizaloqdek tikilib to‘ymasdi…

Uzundan-uzoq hikoyaning shu joyida Berdiyorning ovozi pasaydi-yu, jim bo‘ldi. Men ham bu g‘aroyib taqdirlar qissasidan qattiq ta’sirlangandim. Berdiyorning ko‘nglidan kechayotgan tuyg‘ularni his qilmaslikning iloji yo‘q edi. Yosh yigitning beg‘ubor ilk muhabbati bir og‘iz so‘z bilan zavol topganiga achinmay bo‘ladimi!
Dasht tunida Berdiyor ikkimiz bedormiz.
– Tashqariga chiqaylik, – dedi u.
Ilgakdagi kiyimining cho‘ntagini kavlab, bitta sigareta oldi.
– Chekasizmi? – menga o‘girildi.
– Yo‘q.
– Harbiydaligimda yigitlar bilan ermak qilib yurganman. Har zamonda, yurak siqilganda tortib qoladi qurg‘ur.
G‘ildirakli uychadan oldinma-keyin tashqariga chiqdik. Ko‘klamning yoqimli havosi bir zumda ko‘ksimni to‘ldirdi. To‘yib-to‘yib nafas oldim. Tun osmoniga tikildim. Yulduzlar hozir yerga to‘kiladigandek tuyuldi.
– Ba’zi-ba’zida yuragimdagi alamlar shu yulduzlardek bolalab ketadi, – Berdiyor ham osmonga tikildi. Uning labidagi sigareta bir cho‘g‘lanib, o‘chdi. – Bilasizmi, nima uchun bularni sizga aytyapman?
Men uning fikrini bo‘lmaslik uchun indamadim. Berdiyor o‘z-o‘ziga gapirayotgandek davom etdi:
– Siz qalam bilan ishlaysiz. Men g‘ishtdan uy tiklaganimdek, aytganlarimni qolipga solishingiz mumkin. Agar shunday qilsangiz, mening xatolarim boshqalarga o‘rnak bo‘ladimi, deyman-da… Endi, yoshim ulg‘ayganda bularni teranroq tushundim. Boshimdan o‘tgan ishlarga, Sanamoydan ayrilishimga, qizimning otasiz o‘sganiga ham qon-qonimizga singib qolgan fe’limiz sabab… Bu fe’limiz ba’zan bizni insofli, mushohadali odamdan yirtqichga aylantirib qo‘yadi. Lahzada qilib qo‘ygan xatomizning talxi bir umrga yetadi… Aytmoqchi bo‘lganlarimni yaxshi tushuntirolmayapman. G‘isht terishga ustaman, gapga kelganda no‘noq. Yosh edim, adashganman, qattiq adashganman.
Berdiyor qorong‘ilik qa’riga tikilib hikoyasini davom ettirdi…
…Qizim onasining keyingi hayotini aytib berdi. Dilimga ozor bermaslik uchun tafsilotlarni tashlab o‘tgani aniq. Uzuq-yuluq hikoyalaridan ham hammasi oydek ravshan edi. Sanamoy uyidagilarga, hatto onasigayam bo‘lib o‘tgan gaplarni aytmabdi. Qanchalar qistovga olishsayam dardini ichiga yutib yuravergan. Onasi ortiga qaytarishga ancha urinibdi. U oyog‘ini tirab turib olibdi. Zafar pochcham bilan Durdona opam qayta-qayta borishganida ham shu takrorlanavergan. Nihoyat, yangasi – akasining xotini bizni ajratish uchun sudga kelganida haqiqatni bilib borgan.
Sanamoy oilada yolg‘iz qiz edi. Singillarining qandayligini akalari yaxshi bilishardi. Yanga aytib borgan gaplar ularning ham quloqlariga yetgan. Qaynog‘alarim uch aka-uka edi. Ular qattiq g‘azablanishibdi. Meni g‘ajib tashlashga tayyor bo‘lib yo‘lga otlanishganida onasi to‘xtatibdi:
– Bolalarim, g‘isht qolipdan ko‘chdi. Endi hech narsa o‘rniga tushmaydi. Singlinglarni bilasizlar, aytganidan qaytmaydi.
Bu paytda Sanamoy qiz farzandli bo‘lgan. Chaqaloqning bo‘ynida onamnikiga o‘xshagan xoli bor ekan. Sanamoy unga Norgul deb ism qo‘­­yibdi. Norgul – onamning ismi. Shuning uchun hozir ham qizimning ismini aytolmayman. Uni “enam, ona qizim” deyman.
Onam avvalgi kelinlariga qattiqqo‘l edi. Sanamoyga esa boshqacha nazar bilan qaradi. Kelinligida qizlaridek ko‘rgan. Qizimizga onamning ismini berishiga shu ham sabab bo‘lgandir…
Bilasiz, qornida bolasi bilan ota uyiga qaytib borgan qizga bizda oson emas. Uning o‘shanda chekkan iztiroblari, achchiq taqdiriga qanday bardosh bergani, bularga qanday kuch topgani yolg‘iz Xudoga ayon. Men esa sochimga oq tushib, dunyoning achchiq-chuchugini tushunganimda so‘nggina bir paytlar qilib qo‘ygan nodonlik­larimning jabrini tortayotirman.
Qizim kelib, ko‘p yillardan beri yo‘qotgan oromimni topgandek bo‘ldim. Yuragimning tubida toshdek qotgan dard biroz yumshadi.Qizim zimiston ko‘nglimga chiroq yoqdi. Ayniqsa, shirin tili bilan mast qilgan jajjigina nevaram tizzamda o‘tirganida olamda mendan-da baxtli odam yo‘q edi. Unga Sherali deb ism qo‘yishibdi. Sherali bobosi ekanligimni bilgandek menga darrov o‘rganib qoldi.
O‘sha tunda qizim bilan nevaram onamning oldida qolishdi. Uyimga kirganimda tun yarimlagandi. Xotinim Zebi uxlamasdan kutayotgan ekan. Qovog‘i soliq. Qizimning kelishi yoqmagani shundoqqina sezilib turibdi. Uni to‘g‘ri tushundim. Qizimdan eshitgan gaplarni yotig‘i bilan aytdim. Sanamoyning allaqachon turmushga chiqqani, bola-chaqali ekanini eshitib, birdan chehrasi ochildi. Uning kechmish­lari Zebini ham befarq qoldirmadi, deb o‘ylayman.
Qizim bilan topishgan kunimizning ertasi, saharda bir narsadan xabar topgandek Zafar pochcham kelib qoldi. Nafaqaga chiqqan, soqol qo‘yib, qishlog‘ining otaxonlaridan bo‘lib olgan edi. Uni ko‘rib quvonib ketdim. Axir, Sanamoylarnikiga sovchilikka borgan, ketib qolganida Durdona opam bilan Oydinga sira og‘rinmay qatnagan ham shu pochcham edi-da.
Onam pochchamga bor gapni aytib berdi. Zafar pochchamning quvonganini bir ko‘rsangiz edi. U xuddi o‘zining qizi qaytib kelgandek hayajonlanardi. Bu holatni ko‘rib ko‘nglim bo‘shab ketdi. Ko‘zimdan oqqan yoshni bilintirmay artdim. Pochcham qizimni “Uyga olib ketaman”, deb turib oldi. Onam ham “Mayli, ammasi bilan tanishadi, ko‘ngli yoziladi”, dedi. Durdona opamning sevinishlarini ko‘z oldimga keltirib men ham rozi bo‘ldim. Onamning oldida birgalashib choy ichdik. Zebi qovog‘ini juda-a ochavermadi-yu, hartugul, mehmonlarga xizmat qilib turdi. Zafar pochcham “Endi turayik, Durdona opangga “surpriz” qilamiz”, deb shoshirardi. Qizim bilan pochchamni o‘zimning mashinamda olib borib qo‘ydim.
Biz qurayotgan namunali uylarda ish tezkor ketayotgan edi. Kuni bo‘yi yosh yigitlardek g‘ayrat bilan g‘isht terdim. Ish tugagan hamon uyga shoshildim. Qizimni, ayniqsa, nevaram Sheralini sog‘ingandim. Bir ko‘rganimdayoq jajji nevaramga shunday bir mehr uyg‘ondiki, buni so‘z bilan tasvirlab berolmayman. Uning munchoq ko‘zlari hayrat bilan tikilganida yuragim orziqib, mahkam quchoqlab bag‘rimga bosib olardim.
Uyga kelganim hamon odatdagidek onamning oldiga kirdim. Qizim bilan nevaram qaytib kelishgan deb o‘ylagandim. Biroq onam yolg‘iz edi. Qizimni, bir kechagina yotib qolsin, deb Durdona opam olib qolibdi. Buni eshitib, endigina opalarini topgan bolalarim ham ammalarinikiga jo‘nab ketishibdi.
Uyda onam, men, Zebi qoldik. Kecha qizim uyalib ko‘p ham gapirmagan edi. Tunda uxlolmasdan onamga bor gapni yashirmay aytibdi. Shu kuni onam qizimning hayotini batafsil so‘zlab berdi…
* * *
Xotira maktab davrimizda chizilgan surat emaski, yoqmagan joylarini o‘chirg‘ich bilan o‘chirib tashlasak. Umringning yaxshi davrlari ham, qora kunlaring ham ko‘ngil puchmoqlarida ipga tizilgan marjondek saqlanib qolaveradi. Hozir o‘sha voqealarni eslab, Sanamoyga qanchalar qiyin bo‘lganini ro‘yi-rost his qilaman.
Qornida bolasi bilan ota uyiga qaytgan kelinchak haqida qishlog‘ida turli gaplar o‘rmalab qolgani tayin. Sanamoyning bu g‘iybatlarni yengib o‘tishi oson kechmabdi. Bola tug‘ilganidan keyin ham quvonish o‘rniga ne azoblarni ko‘rgan ekan bechoragina. Qizimiz yoshiga yetganida maktabga kutubxonachi bo‘lib ishga kirgan. Muallimlikka o‘qish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlabdi.
Qishloq shahar emas, odamlar bir-birlarini yaxshi bilishadi. Yil o‘tgan sayin hamqishloqlarining Sanamoyga hurmati ortadi. Institutni bitirib, maktabida obro‘li muallima bo‘libdi.
Hozir uni yana bir marta, uzoqdan bo‘lsayam ko‘rgim keladi. Bu istagim amalga oshmasligini bilaman. U o‘zi bilan ishlaydigan Karimboy degan muallim yigitga tekkan. Karimboy avval uylangan, xotini qora bosib o‘lgan ekan.
Bizning taqdirimizda judolik bor ekan… Endi Sanamoy baxtli yashasin, deb duo qilaman. U shunga munosib. Men esa qadriga yetolmadim. Birinchi muhabbatimni asray olmadim…
Nodon jo‘ramning tuhmati, mening yoshlikdagi xatom tufayli yo‘llarimiz ayro tushdi. Biroq hayot jomimizga G‘ayrat solgan zahar hali kuchini yo‘qotmagan edi. Uning ta’siri qizginamning tinchgina o‘tayotgan kunlarini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishiga ham bir bahya qolibdi.

* * *
Sanamoyni ilk uchratganimda Oydin dunyodagi eng go‘zal qishloq bo‘lib ko‘ringan ko‘zimga. Ayniqsa, bahor paytlarida uning ko‘rki yanayam ochilib ketadi. Tog‘ yonbag‘irlarini qoplagan alvon lolalar betakror go‘zalligi bilan ko‘zni oladi. Tongda turib yuksak cho‘qqilarga tikilsang, olamning qanchalar buyukligini his qilasan. Toza havodan to‘yib-to‘yib simirasan. Yashil maysaga burkangan o‘ngirlarda qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yuradi. Mag‘rur turib olgan cho‘pon qo‘lini peshonasiga soyabon qilib uzoq-uzoqlarga nigoh tashlaydi…
Men bunday manzarani askarlik paytimda juda ko‘p ko‘rganman. Sanamoyga uylanganimdan keyin ham Oydinga tez-tez borib turardik. Bizni Sanamoyning onasi qarshi olardi. Qaynonamni qishloqda “Jumagul checha” de­­yishardi. U qo‘shni qishloqdan kelin bo‘lgan. Shuning uchun yoshi ellikdan oshsa ham hamon “checha”. Qaynonam qotma, bug‘doyrang chehra, qalam bilan chizilgandek yupqa lablarini qimtib yuradigan ayol edi. Boshiga “lakki” qilib o‘ragan guldor ro‘mollari bo‘y-bastiga salobat bag‘ishlaydi. Biz tomonlarda yoshi ulug‘ ayollar hozir ham ro‘molni ana shunday, “lakki” qilib o‘rashadi. Bunda ikkita katta guldor ro‘mol yelka aralash boshga tashlanadi, yana biri qubba qilib o‘raladi. Sanamoyga mag‘rurlik ham, chiroy ham onasidan meros edi. U haqiqiy tog‘ go‘zali edi.
Sanamoy ikkinchi turmushga chiqqanida qizimiz onasi Jumagul chechaning qo‘lida qolgan ekan. U Sanamoyni suyganiga berib og‘zi kuygani uchun Norgulni uy qizi qilib o‘stiribdi. Maktabni bitirganidan keyin uydan chiqarmay qo‘ygan. Bo‘y yetgan qizga sovchilar kela boshlabdi. Jumagul checha shu yerlik O‘ktam degan yigitni kuyovlikka tanlabdi.
O‘ktamning momosi ham Jumagul chechaning ota qishlog‘idan edi. Ular qizlik paytlaridan dugona bo‘lishgan. Shuning uchun kelishuvlari moydan qil sug‘urgandek oson bitibdi. O‘ktam bilan Norgulning to‘ylari juda tez bo‘lib o‘tadi. Sanamoy qizini o‘qitish niyatida bo‘lgan-u, biroq onasiga qarshi chiqolmagan. Jumagul chechani ham ayblab bo‘lmaydi. U nevarasining baxtini o‘ylab shunday qilgan.
Qizim kelin bo‘lgan uy boy-badavlat. O‘ktam oddiy qishloq yigiti. Otasining bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida ishlaydi. Siz Oydin qishlog‘ining olmazor bog‘larini ko‘rmagansiz. Har tup daraxt yuz ellik, ikki yuz kilogacha meva beradi. O‘zimizning mahalliy navlar ana shunday serhosil. Qirmizi, oltinrang tovlanadigan olmalarning shirasi tilni yoradi.
Qizim O‘ktam bilan baxtli yashay boshlaydi.Oradan bir yil o‘tib nevaram Sherali tug‘ilgan. O‘ktam esli-hushli, mulohazali yigit. Buni u bilan birinchi uchrashganimizdayoq bilganman. Erta bahordan kech kuzgacha bog‘da ishlaydi. Qish oylarida jo‘ralari bilan biz singari gashtakka yig‘ilishar ekan. Shunday o‘tirishlardan birida shirakayf jo‘rasi ataylabmi, “Xotiningdi otasini bilmaysanmi?” deb so‘rab qoladi. Bu nozik gap O‘ktamga qattiq botgan. Uyiga kelib xotiniga shu mojaroni boshlaydi. Ona qizim – Norgulimga bo‘y yetganida ham men haqimda hech gap aytishmagan ekan. Sanamoyning kechmish­lari uning uchun sir bo‘lib qolavergan. O‘ktam qayta-qayta siquvga olganidan keyin qizim momosining oldiga borib, bor gapni to‘kib soladi. Norgulning gaplari momosiga bulutsiz osmonda chaqmoq chaqqanday ta’sir qiladi. Nevarasining hayotidayam qizining taqdiri qaytarilayotgandek dahshatga tushibdi.
Bularning bariga ichimizga o‘rnashib olgan shayton sabab. G‘ayratning bir og‘iz tuhmati bilan mening hayotim buzildi. Qizim bechoragayam shunday qora kun tahdid solib qolgan ekan. Jumagul momo Norgulga hamma voqealarni ro‘­­yi-rost aytibdi. Yig‘lab-siqtab, ilojini qilamiz, deb ovutibdi. O‘g‘illari bilan, kuyovlari O‘ktam bilan maslahatlashib, Norgulni biznikiga jo‘natishga qaror qilishibdi. Bu ularga hech ham oson bo‘lmagan. Axir, mening o‘zim ulardan voz kechgan edim. Sanamoyning hayotini do‘zaxga aylantirgan, qizim onasining qornidaligidayoq undan voz kechgan gumroh ham men edim-da.
Qizim Norgulni bizning qishloqqa tog‘asi O‘rol aka olib kelgan. Uyimizga birga kiribdi. Uni onamga topshirib, Oydinga qaytib ketibdi.
O‘rol aka Sanamoyning akasi. U mendan ikki yosh katta. O‘sha paytlarda O‘rol aka bilan yaxshi chiqishar edik, jo‘ra bo‘lib qolgandik desam ham bo‘ladi. U bir gapirib, o‘n kuladigan ko‘ngli ochiq yigit edi.
Qizimni qishlog‘iga yana O‘rol aka olib ketishi kerak edi. Men tunda shu haqda o‘ylanib uxlolmay yotdim. Ona qizimni shundaygina ortiga qaytarib yubora olarmidim. Sanamoyning chekkan jabru jafolari, endi qizimning ham tinch hayotiga chang solayotgan ishlarga men aybdorman-ku. Shularni taroziga solib, bir qarorga keldim: “Norgulni Oydinga o‘zim olib boraman. Nima bo‘lsa peshonamdan ko‘rdim. Sanamoyning akalari yoqamdan olishar, shu yoshimda urib-so‘kishar ham. Faqat ona qizimning yuzi yorug‘ bo‘lsa, uning ham otasi borligini, tagli-tugli ekanini el bilsa bas. Bu yoshlikda qilib qo‘ygan xatolarimning tovonidir balki”.
Ertasiga Zafar pochcham bilan Durdona opam qizimni ergashtirib kelib qolishdi. Norgulning chehrasi ochiq, kulib turardi. Nevaramni olmoqchi bo‘lganimda jajji qo‘lchalari bilan menga talpindi.
– Ota, sizga o‘rganib qoldi, endi suykalib bezor qilib yuboradi, – dedi qizim jilmayib.
Uning ochiqko‘ngillik bilan aytgan gapidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Qizimni, nevaramni topib olib yengil tortgandim shu damda.
Hammamiz uyga kirdik. Onam Durdona opamni ko‘rib arz qila boshladi:
– Enam bor deb tez-tez kelib turmaysan. Men ham g‘animat bo‘lib qoldim, bolam.
– Ena-a, bir hafta bo‘ldi-ku, kelib ketganimga, – jilmaydi Durdona opam.
– Yo‘g‘-e, shunday degin. Men sog‘inaman-da. Ukangdi qizini yaxshi mehmon qildingma, axir?
Durdona opam kulib yubordi. Hammamiz kuldik. Uyimizda ko‘pdan beri bunday kulgular eshitilmagandi, chog‘i. Yoki menga shunday tuyuldi. Hatto xotinim Zebining chehrasi ham anchagina ochilib qoldi. U chaqqon dasturxon solib, qand-qurslarni olib kelgani chiqib ketdi.
– Ena, bugun nevarangiz uyiga qaytadi, – dedi Durdona opam. – Kuyovi tinmay telefon qiladi, o‘g‘lini sog‘inibdi. Tog‘asi olib ketar emish.
– Qizimni o‘zim olib boraman! – dedim.
Durdona opamning gapi og‘zida qoldi. Hamma ajablanib menga qaradi. Onam norozilik bilan boshini chayqadi. Dasturxon tuzayotgan xotinim Zebi cho‘k tushib o‘tirgan ko‘yi yuzimga tikilib qoldi. Ammo bir og‘iz gapirmadi. Bu sukunatni qizimning yig‘isi buzdi.
– Ota, otajonim! – dedi kafti bilan ko‘z yoshlarini artib.
Hamon bag‘rimda tipirchilayotgan nevaram onasining ovozini eshitib chinqirib yubordi. Uni Durdona opam qo‘liga oldi. Qizimning “otajonim” deya hayajonlanishi ko‘nglimni buzdi; ko‘zimdan yosh chiqib ketdi…
Hammamiz yig‘ilib o‘tirganda maslahatlashib, gapni bir joyga qo‘ydik: Oydinga men, Zafar pochcham bilan Durdona opam birga jo‘naydigan bo‘ldik. Shundan keyin onam mening borishimga rozilik berdi. Aslida onam­ning xavotiri ham o‘rinli edi.
Shu payt qizimning qo‘lidagi uyali telefoni jiringlab qoldi. U dam-badam kuyov bilan xabarlashib, uni xotirjam qilib turar edi. Bugun ko‘pchilik bo‘lib borishimizni aytganida u judayam quvondi. Ko‘ngli ochiq yigit ekan, dedim o‘zimcha.
Vaqtni o‘tkazmay, Durdona opamni olib, “Neksiya”da tuman markaziga jo‘nadim. Bozorga kirib, bitta beshik, nevaram, qizimga, kuyovga kiyim-kechaklar xarid qildik. Yo‘l-yo‘lakay qurilish idoramizga kirib boshliqqa uchrashdim. Bor gapni tushuntirib, bitta yuk mashinasi so‘radim. Baraka topgur yosh yigit bo‘lsayam ahvolimni tushunib, mashina berdi.
Uyga keldig-u, yuk mashinasiga bitta g‘unajin, ikki qo‘yni chiqardik. Buni bizda “enchi” deyishadi. Ota turmushga chiqqan qiziga sog‘in sigir qilib olishi uchun bir mol berishi odatimizda bor.
Ona qizim turfa ranglarga bo‘yalgan, qo‘ng‘iroqchalar ilib bezatilgan beshikni ko‘rib biram quvondiki, asti qo‘yaverasiz.
Bularning bari tog‘ go‘zali Sanamoyning, ota mehrisiz o‘sgan qizginamning to‘kkan ko‘z yoshlariga arzirmidi. Men nima qilib bo‘lsa ham yuragimdagi og‘ir yukni yengillatishga urinayotgan edim.
Shu kunning o‘zida onamning duosini olib, yo‘lga tushdik. Ketayotganimizda ona qizim buvisining yuz-ko‘zlaridan o‘pib, ko‘z yoshi qilib oldi. Xotinim Zebi, ukalari bilan ham shunday xayrlashdi. Aytish yodimdan ko‘tarilibdi, qizim uydagi bolalarim bilan allaqachon apoq-chapoq bo‘lib olgandi.
Oydinga “Neksiya”da ancha tez yetib keldik. Qishloqqa kiraverishda to‘xtab yuk mashinasini kutdik. Men qorli cho‘qqilari keksa odamning sochlaridek oqarib turgan tog‘larga qarab askarlik davrlarim, Sanamoy bilan ilk uchrashgan kunlarimni xotirladim. Tog‘ go‘zalining o‘sha paytdagi qiyofasi xayolimda jonlanib entikiblar ketdim. Bular mening olislarda qolgan, his-tuyg‘ularga to‘la yoshligim edi…
Bizni kuyovim O‘ktam, onasi Shodagul opa, bir uy bo‘lib o‘tirgan qarindosh-urug‘lari kutib olishdi. Ularning orasida kichik qayn­og‘am O‘rol akani ko‘rib bezovtalanib qoldim. O‘rol akaning yoshi ulg‘aygan, sochlari oqarib, ancha to‘lishgan. Faqat ochiq chehra bilan kulishlari o‘sha-o‘sha edi. Nima qilishimni bilmasdan jim turaverdim. Uning o‘zi kelib quchoq ochib ko‘rishdi. Zafar pochcham bilan Durdona opam ham Shodagul opa bilan quda-qudag‘aylab so‘rasha ketishdi. O‘ktam – kuyovim, qotma, yuz-ko‘zidan samimiylik yog‘ilib turgan yigit ekan. U o‘sha lahzadayoq Sheraliga yopisha ketdi. Nevaraginam otasining bo‘ynidan quchoqlab sira qo‘yib yubormasdi.
Zafar pochcham bosh bo‘lib g‘unajin, qo‘ylar mashinadan tushirildi. Beshik, sovg‘alarni O‘ktamning uyiga olib kirishdi. Qudamnikida bizni xuddi to‘ydagidek kutib olishdi. Qo‘y so‘yib, et osildi. Eski gina-kudratlarni hech kim eslamadi. Ayniqsa, kuyovim O‘ktamning og‘zi qulog‘ida edi. Men uni o‘z farzandimdek tushunib turardim. O‘ktamning baxtiga ham o‘sha mayda gaplar, jo‘ralarining urug‘-aymoqni “kavla-kavla” qilishlari chang solib turgan edi-da.
Shu kuni qudamnikida yotib qoldik. Sanam­oylarnikidan birortasi keladi degan o‘yim ham yo‘q emasdi. Unday bo‘lmadi. Faqat O‘rol aka bilan ko‘rishdik.
Ertasiga saharlikka tog‘liklarning mehmon kutish odatiga ko‘ra oq osh qilishdi. Bu xamir yoyib, kesiladigan ugra oshimiz. Sariyog‘ quyib, kosada tortiladi. Nonushtadan keyin qudalarning, bir kun qolinglar, deyishlariga qaramasdan yana yo‘lga tushdik.
Xayolimda Oydin qishlog‘ini bag‘riga olgan purviqor tog‘lar bizni xomush kuzatib qolayotgandek edi. Mashina rulini tutib yo‘lga tikilar ekanman, ko‘z oldimdan Sanamoyning so‘lim qiyofasi sira ketmadi. Xayr, tog‘ go‘zali, ko‘ng­lingga bergan ozorlarim uchun kechir, der edim o‘zimcha.

…O‘sha tunda biz juda kech yotdik. Berdiyor bilan Sanamoyning taqdirini o‘ylab uyquga ketganimni sezmay qolibman. Quruvchilar uychasining derazasidan quyosh nuri tushib yuz-ko‘zimni siypalaganda uyg‘ondim. Odatda begona joyda yaxshi uxlolmas edim. Bu yerda o‘z uyimdagidek qattiq uxlab qolibman. Berdiyorning o‘rni bo‘sh edi. Stol ustida bir kosada qaymoq, ikkita tandirdan yangi uzilgan issiq non, sochiq bilan o‘ralgan choynakda choy turardi. Yuvinib, nonushta qilib oldim.
Qurilish maydonida allaqachon ish qizib ketgan edi. Moviy korjomali uch-to‘rt ishchi ko‘tarma kranning patnisga o‘xshagan tagligiga g‘isht taxlayotir. Beton qoradigan moslama oldida belkurakka suyanib olgan sheriklari qorishma tayyor bo‘lishini kutishmoqda.
Berdiyor binoning ikkinchi qavatida g‘isht terayotgan edi. Ishiga berilib ketganidan meni payqamadi. Yonida qotmadan kelgan yosh yigit ham bor. U tikilib turganimni ko‘rib, ustoziga nimadir dedi. Berdiyor pastga qaradi.
– O‘zim chiqaman, – dedim bor ovozda baqirib.
Tovushim texnikalarning shovqiniga singib ketdi. Qo‘lim bilan ishora qildim-da, sap-sariq g‘isht uyumlarini chetlab binoga kirdim. Beton zinadan ikkinchi qavatga ko‘tarilganimda qarshimda Berdiyor jilmayib turardi.
– O‘zim tushayotgandim, – dedi xijolat bo‘lib. – Yaxshi yotib turdingizmi?
– Rahmat, do‘stim.
– Qurilish erta uyg‘onadi. Korxona shu yilning o‘zida ishga tushadi-da.
Berdiyor yonidagi yigitga imo qildi:
– Erkinboy – mening shogirdim. Qo‘li ishga ancha kelishib qoldi. Mustaqil g‘isht teryapti. Erta-indin harbiy xizmatga jo‘naydi. Shundaymi, Erkin?
– Xuddi shunday, usta.
– Qarang, harbiychasiga javob qaytarishniyam o‘rganib olgan,– kuldi Berdiyor. – Xizmatdan keyin qurilishga qaytasanmi, yo…
– Albatta qurilishga-da, Berdiyor amaki, – Erkin samimiy jilmaydi.
Men Berdiyorning qurilishga kelgan kunlari haqidagi hikoyasini esladim.
– Ishlayveringlar, biroz shu yerda turaman, – dedim.
Berdiyor chaqqon g‘isht tera ketdi. Men dasht qo‘ynidagi ulkan qurilish maydoniga ko‘z tashladim. Tepamizdan chirqillashib uchib o‘tgan bir juft qush xayolimni bo‘ldi. Osmon tiniq edi. Uzoq-uzoqlarda cho‘qqisidagi qorli chiziqlar oqarib ko‘rinayotgan tog‘lar. Berdiyor ham beixtiyor o‘sha tomonga nigoh tashladi. Balki shu damda ilk muhabbati – tog‘ go‘zalini eslab qolgandir.

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 12-son