Qishloqqa, singlimnikiga borishim kerak. Mashina izlab bekatga chiqdim. Eski “Jiguli” turibdi. Haydovchini tanidim. Narzilla degan yigit. Ozg‘in yuz, kalta mo‘ylov qo‘ygan. Yoshi,chamasi, qirq beshlarda. Yuziga taram-taram chiziqlar tushgan. Tajang fe’lidanmi… Uch-to‘rt bor mashinasiga o‘tirganman. Bir qarasang, rulni siqimlaganicha, mum tishlaganday indamaydi. Bir qarasang, ochilib-sochilib gaplashadi. G‘alati yigit. Lekin ko‘ngli toza. Yo‘l haqigayam talashmaydi. Berganingni olib, rahmat aytib ketaveradi.
Narzilla meni tanib, mashinadan chiqdi.
– Keling aka, – dedi. – Qishloqqami?
– Bo‘shmisiz?
– Ha-da! – U kabinaga o‘tirib, yonidagi eshikni ochdi. – Anchadan beri qoqqan qoziqdek turibman. Mijoz yo‘q.
Men mashinaga o‘tirdim. Narzilla mashinani o‘t oldirdi. Bilak tomirlari bo‘rtib turgan qo‘lini rulga urib qo‘ydi:
– Ketdik-da!
“Jiguli” joyidan qo‘zg‘aldi. Peshonasiga tushgan bir tutam “o‘jar” soch, yo‘lga tikilgan chaqmoqdek ko‘zlar, egnidagi yengi kalta qizil katak ko‘ylak chapanicha ko‘rinish berib tursa-da, mashinani qonun-qoidasi bilan haydaydi. Biz mahallani kesib o‘tadigan tor ko‘chaga burildik. Yo‘lning chap tarafida munkaygan qariya sekin-asta ketib borardi. Ozg‘in. Bo‘yni bukchaygan. U juda sekin, bosaymi-bosmaymi, deb himo bilan yurardi. Yetay deganimizda Narzilla mashina signalini bir bosdi. Chol cho‘chib qaradi. “Jiguli” tor ko‘chadan sekin borardi. Cholning sovuq, nursiz ko‘k ko‘zlari biz tomonga tikildi. Men uni tanidim. Bu, Bozorvoy aka. Shu mahallaning qariyasi. Ko‘pchilik undan o‘zini olib qochadi. “G‘iybatchi”, “tili bilan yuradi”, “qarib quyulmagan”, degan yorliqlari bor. “Qariganda shu ko‘yga tushmasin-da, odam”, deb qo‘ydim o‘zimcha.
– He, onangni…, haliyam o‘sha-o‘sha yurish-a! – Narzilla yomon so‘kindi.
Men uning bunday so‘kinganini eshitmagandim. Indamay, unga qaradim. “Qarichilikdir, aynib qolgandir, deymiz bunday paytda. Keksa odamni so‘kish…”. Narzilla xayolimdan o‘tgan gapni payqagandek:
– Aka, uzr, so‘kinib yubordim, – dedi. – Lokin, bu iplosni ko‘rsam portlab ketaman.
Uning ovozi titrab chiqdi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Qizil katak ko‘ylagining cho‘ntagidan bitta sigaret chiqardi.
– Cheksam maylimi?
– Bemalol.
Sigaretini tutatib, kabina oynasini ochdi. Bosib-bosib tamaki tortdi.
– Aka, bu maraz bir ayolning hayotini buzgan! Meni ishdan ketkazdi, nomimni bulg‘adi.. Umrimda birovning xotiniga ko‘z qisgan yigitmasman. Tepamda Xudo turibdi. Bu!.. Mana shu qildi hammasini!
Biz tuman markazidan chiqa boshlagandik. Kabina oynasidan yengil shabada kirdi. Narzillani o‘z holiga qo‘ydim. Sigaret tutunini ochiq oyna tomonga puflab, yo‘lga tikilganicha borardi. Ko‘cha tarafiga terak ekilgan uylar boshlandi. Biroz yurgach, dala yo‘liga chiqdik. Ikki tomon tutko‘chat. Ortida, g‘o‘zasi belga urib qolgan paxta dalalari. Zovur ko‘prigidan o‘tdik. Tepaga ko‘tarilganimizda Narzilla yana tilga kirdi. Yigirma yillar avval boshidan o‘tgan voqeani so‘zlay boshladi.
* * *
– U paytda yigirma beshda edim, – dedi o‘z-o‘zidan mamnun bo‘lib. – O‘ylaysizki, men har doim sho‘pir bo‘lganmanmi?.. Yo‘q. Savdo sohasiga o‘qiganman. Diplomim bor. Avval yordamchi, keyin sotuvchi bo‘ldim. Bizniki aralash mollar do‘koni edi. Halol ishladim. Ishonmaysiz-a? Bo‘rini og‘zi yesayam, yemasayam qonda, a? Ammo-lekin hamma birdekmas, aka. Otam, halol bo‘l, Xudo barakangni beradi, deb nasihat qilardilar. Ishga kirganimning uchinchi yilida zavmagimiz Hojiakbar aka idoraga ishga o‘tdi. O‘rniga meni qoldirdi. Uyam insofli odam edi. Tarozidan urmasdik. Qolgan ushog‘iyam xarajatlarga yetib-ortardi. Planni doim oshirib bajarganmiz. Oylik, shunga qarab yaxshi chiqardi. Do‘kon o‘zimga qoldi. Qattiq harakat qildim. Eplab ketdim.
Idorada yomon gap eshitmadim. Hisobotni Nozima degan hisobchiga topshirardim. Nozima bilan yoshimiz teng. Bir-birimizni ismimiz bilan chaqiramiz. Har kelganimda bitta plitka shokoladmi, tansiq choymi olib kelaman. Xudoga shukur, ko‘nglim o‘zimga to‘g‘ri. Bizda, ayol bilan do‘stmiz, desang boshqacha tushunishadi. U haqida yomon xayolga bormaganman. Aqlli, shirinso‘z edi. Xotinim ham shunday bo‘lsaydi, degan o‘y kelgan xayolimga. Ammo-lekin bu bir havas-da, yaxshi ma’noda. Uning ikki farzandi bor. Eri ishchi edi. Boya aytdim-ku, ko‘nglimda zig‘irchayam egrilik yo‘q mani. Uylanganman. Xotinimni yaxshi ko‘raman. O‘g‘ilchamiz emaklab qoldi. Tashvish yo‘g‘idi, aka. O‘sha yaramas ko‘p ko‘rdi hammasini. Bozorvoy idoramizda bo‘lim boshlig‘i edi.
Narzillaning shundan keyingi hikoyasi bexosdan kelgan dahshatli zilziladek aqlu hushimni oldi. Odamga yomonlik qilish oson ekan-da? Yo tavba! Bir og‘iz gap-a?! Lekin, uni botinib aytishga qora yurak kerak. Ko‘mirdek qop-qora yurak!
– Bir kuni idoraga kelsam, Nozima o‘rnida yo‘q, – yo‘lga tikilganicha davom etdi Narzilla.– Xonadagi qizlar g‘alati qarashdi. Keyinroq kelarman, deb tashqariga chiqdim. Lotok-ariqdan sakrab o‘tayotgandim. Yelkamga birovning qo‘li kelib tushdi. Kuchsiz qo‘l urgandek, chimchilagandek bo‘ldi. Orqamga o‘girilib, dahshatdan haykaldek qotib qoldim! Tizzam qaltiradi, tomog‘im qaqradi. Yuragim orqaga tortib, kalovlandim. Oq nuqtalari bor belburma qizil ko‘ylakli ayol hissiz ko‘zlari bilan tikilib turardi. Labi shishib, do‘rdayib qolgan. Ko‘zlarining atrofi, qovoqlari ko‘kargan. Yonoqlaridagi qontalash jarohatlar uni rosa do‘pposlashganidan dalolat berib turardi. Xudo ursin agar, shu paytda bu yoqimsiz basharani tanimadim. Ilkis xayolimga ichib yuradiganlardanmi, degan o‘y keldi. Shu payt ayolning ko‘zlarida bir ma’no paydo bo‘ldi. Bu qarash tanish, juda tanish, qadrdon edi! Beg‘am, jaydari yuragim qalqib ketdi! Tanidim. Bu Nozima edi! U ta’na, g‘azab bilan qarab turardi.
– Narzilla! Erkakmisiz?! – dedi u o‘zinikiga o‘zshamagan g‘alati ovozda.
“Erkakmisiz?!”. Bu, men umrim bo‘yi eshitgan haqoratlar, so‘kishlar ichida eng achchig‘i! Yigitlik g‘ururimni chilparchin qilib yerga uradigan so‘z edi. Beixtiyor titradim, qaqshadim. Qo‘llarim o‘z-o‘zidan musht bo‘lib tugildi.
– Nozi-ma?! – dedim tishimni g‘ijirlatib.
O‘zimning ovozimni taniyolmay qoldim. Qattiq qimtilgan lablarimdan ilonnikiga o‘xshash vishillagan ovoz chiqdi… Tushuntirib berolmayman… “Erkakmisiz?!” degan haqoratli so‘z meni qaynab turgan suvdek ko‘pirtirib yuborgandi. Ikkinchi tomondan, Nozimaning ayanchli ko‘rinishi, ahvoli yuragimni larzaga keltirdi. Bu o‘sha, men bilgan Nozimami?! Uni kim bu ahvolga soldi?
– Nima gap? – deyoldim angraygancha.
– Nima gapligini Bozorvoy akadan so‘rang! Nimalar degandingiz unga?!
Nozima ikki qo‘lini yuziga bosib uvillab yig‘lab yubordi. Men hamon nima gapligiga tushunolmay aftodahol turardim. Nimadir, qandaydir nihoyatda yomon voqea yuz bergandi. Unga iltijoli tikildim:
– Tushuntirib gapiring, Nozima?!
– Kimga, nima degansiz men haqimda?
– Hech kimga, hech nima…, – dovdirab qoldim.
– Unda… Bozorvoy aka nega…
Nozima o‘ksib-o‘ksib yig‘lay boshladi. Men unga achinib ketdim. Yuragimda vahima paydo bo‘ldi.
– Nima, Bozorvoy aka? – dedim xunobim oshib.
– Erimga… bizni o‘ynashlar, debdi!
Men Nozima chekkan jabrning mohiyatini tushuna boshladim. Buning sababchisi Bozorvoy aka. Yana o‘sha! Idoramizda nechta odamni zir titratgan bu yaramas.
Men yosh bo‘lsam ham mana shularni mushohada qila olardim. Aka, oradan shuncha yillar o‘tdi hamki, o‘sha kunni eslasam badanimga titroq kiradi.
U jim bo‘ldi. Men bu yigitning hikoyasiga ichu tashim bilan sho‘ng‘ib ketgandim. Voqea nima bilan tugashiga shu darajada qiziqardimki, Narzillaning taqdiri mening ham taqdirimga aylandi go‘yo. U esa, qayta junbushga kelgan hissiyotlarini bosib olmoqchidek biroz tin oldi. “Sho‘rlik Nozima! Shu kunlar peshonasiga yozilganmi? – xayol surayotgandek pichirladi u. – Eri bir og‘iz gapga ishondimi? O‘ynashmish! Axir, Nozimadek pokiza ayol haqida bunday xayolga borishning o‘zi gunoh-ku?! Yolg‘onga ishontirish shunchalar osonmi? G‘irt yolg‘on, tuhmat-ku bu?!”
– Men Nozimani ovutish uchun so‘z topolmasdim, – ovozini balandlatib davom etdi Narzilla.– Nima ham derdim? Hammasini to‘g‘rilayman, deymi? Lekin, qanday qilib? Eri bu tuhmatga ishongani aniq. Bo‘lmasa, xotinini shu ahvolga solib do‘pposlarmidi? Balki…tushuntira olarman… Baribir, ko‘nglida shubha-gumon bor. Ajrashib ketishsa-ya?! Yo‘q. U eri bilan ajrashmasligi kerak! O‘rtada ikki bola bor. Uvoli tutmaydimi, anavi iflosni! Nimani o‘yladi? Nega bunday qildi? Nima qasdi bor menda? O‘zimga aytmaydimi?!
Miyam qotib qolgandi. Nozimani shu yerda qoldirdim-da, qaytib idoraga kirdim. Ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasdi. Yo‘lakda uchragan tanishlargayam qaramadim. Menga Bozorvoy kerak edi. Yaramas, shilliqqurt!
Shu ahvolda xona eshigiga qo‘l yubordim. U to‘rdagi stol ortida bezrayib o‘tirardi. Eshikni ochganimda ko‘k ko‘zlarini menga qadab oldi. Ichimdagi gapni o‘qib olmoqchidek kiprik qoqmay tikildi. Men yosh edim. Nimagadir, biroz bo‘shashdim.
– Ha, – dedi u buni payqab, – o‘ynashingni himoya qilgani keldingmi?
Men nima deyishimni bilolmay qoldim. Botiniy g‘azab, alamimni tashimga chiqarolmay qiynaldim. Nozimani, o‘zimni qanday qilib oqlab olishim mumkin? Buni bilmasdim. Yo‘l topolmay qiynaldim. Kuchli bir bomba portlagan-u, quloqlarim bitgan. Quloqlarimgina emas, miyam ham qotib qolgandi. Nima qilishim, nima deyishim kerakligini bilmasdim. Aqldan g‘azab ustun kelganda shunday bo‘ladi. Bu yaramasning qilmishi hech bir qolipga sig‘masdi. Ko‘zimdan olov chiqsa-yu, uni yondirib-kuydirib jizg‘anagini chiqarsa!
– Ilonga o‘xshab o‘qrayma, – dedi.
Men qarshimda eng yovuz dushmanimni ko‘ra boshlagandim:
– Sen ilonsan! – dedim ichkariga bir qadam bosib.
U o‘rnidan sapchib turdi:
– Yo‘qol! – dedi eshikni ko‘rsatib.
– Yo‘qolaman!
Eshikni zarb bilan urib chiqib ketdim. Lekin oldinda meni katta sharmandalik kutardi. O‘ylab ko‘ring: birovning xotiniga, erlik ayolga ko‘z olaytirishdan ortiq sharmandalik, tubanlik bo‘ladimi?! Bunday gunohga qo‘l urgandan ko‘ra eng baland tog‘dan qulab parcha-parcha bo‘lganing yaxshi emasmi?! O‘zganing jufti haloliga qiyo boqqandan ko‘ra o‘zingni ko‘pirib yotgan dengizga otib, nafs olovini o‘chirganing, suv ostidagi tubsizlik sendek nomardga qabr bo‘lgani ming bora afzal-ku?!
Tashqarida qiy-chuv ovozlar eshitildi. Chiqqanimda, ne ko‘z bilan ko‘rayki, Nozimani eri sochidan ushlab urardi! Bir yigit bilan bir qiz qichqirgancha ularni ajratishga urinishmoqda. Menda go‘yo qanot paydo bo‘ldi. O‘zimni o‘sha tomonga otdim:
– To‘xta! Yolg‘on hammasi! – dedim g‘azabdan vahshiyga aylanib ketgan yigitga.
U Nozimani qo‘yib yuborib, men tomonga o‘girildi:
– Hali senmi, xotinim bilan o‘ynashadigan errayim?! – deb o‘kirganicha otildi.
Yuzimga zarb bilan tushgan mushtdan ko‘z oldimda chaqmoq chaqnadi! Ko‘zimni yumib oldim. Ochganimda, qonga to‘lgan vahshiy nigoh g‘ajib tashlagudek nafrat bilan tikilib turardi. Bolalikda mushtlashib katta bo‘lganmiz. Men ham o‘z-o‘zidan unga tashlandim. Qanday kalla tushirganimni bilmay qoldim. U qo‘rg‘oshinli qo‘g‘irchoqdek qalqib ketdi. Lekin, yiqilmadi. Bir-birimizni yoqamizdan olib yerga dumaladik. Uning alami kuchli edi. Jon-jahdi bilan musht tushirardi. Men g‘ofil ham undan qolishmadim. Yuz-ko‘zimiz qonga belandi! Ko‘ylaklarimiz pora-pora bo‘ldi! Atrofda yig‘ilgan izdihom tomoshabin edi. Bir-ikki yigit bizni ajratishga urinardi.
Kimdir xabar qilibdi, militsiya mashinasi yetib keldi. Ikkalamizniyam olib ketishdi. Piyonistalarni terib yuradigan mashinaning temir qutisida o‘tirib, ancha o‘zimni bosib oldim. Nozimaning eri shu yerdayam bir-ikki tashlandi. Formadagi yigitlar ajratib qo‘yishdi.
Ichki ishlar bo‘limida obdon surishtirishdi. Idoramizga ham kirib chiqishgan ekan. Men bor gapni aytdim. Lekin Nozima bilan o‘rtamizda hech gap yo‘qligiga odamlarni ishontirib bo‘lmasdi. Yaramas Bozorvoyning g‘iybatlari ustun keldi. Jinoyat ishi ochishmadi. Arz qiluvchi yo‘q edi-da. Nozimaning eri mum tishlagandek jim bo‘lib oldi. Uni qo‘yib yuborishdi. Menga o‘n besh sutka berishdi.
Ko‘cha supurib, ul-bul ishlarni qilib yuraverdim. Dilgirligim ancha bosilgandek edi. Faqat bechora Nozimani o‘ylab siqilaman. “Nima bo‘ldi ekan? – degan o‘y tegirmon toshidek ezadi. – Eri haqiqatni tushundimi? Ahmoqqa o‘xshamaydi. So‘rab-surishtirgandir, axir!”. Begunoh ayolning kaltakdan shishib ketgan yuzi ko‘z oldimga kelsa, ingrab yuboraman…
Oradan uch kun o‘tdi. Oldimga Hojiakbar aka keldi. O‘sha, o‘zimning ustozim! Endi u idoramizda rais o‘rinbosari edi. Ko‘rinishi xotirjam. Qarashlaridan g‘azab ham, ta’na ham sezmadim.
– Shu ish bo‘lmagan-a? – dedi tikilib turib.
– Yo‘q, – dedim boshimni chayqab.
– Menga qara, – dedi Hojiakbar aka. – Senga ishonaman.
Unga tikilib qoldim. Ko‘zimga farishtadek ko‘rindi. “Ishonaman”, dedi-ya! Bu, men alam-iztiroblar ichida yashagan so‘nggi kunlarda eshitgan birinchi iliq so‘z edi! Haqiqat yuzaga chiqqandek entikdim. Ichim to‘lib ketdi. Ikki kaftimni yuzimga bosib, unsiz yig‘lab yubordim. Yelkam silkinib-silkinib tushardi. Ko‘zlarimdan tinmay yosh oqadi. Buning yana bir sababi bor. Sizga aytmabman. Meni qamashganining ertasiga xotinim uyiga ketib qolgandi. Buni ovqat olib kelgan onam aytdilar. Hatto onamning ham menga ishonib-ishonmayotgani sezilib turardi… O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: butun dunyo menga qarshi. Nima qilishim kerak? Nozimani, o‘zimni qanday oqlab olay? Tuhmat toshni yoradi, deyishgan-ku. Bu tuhmat osuda kunlarimni mumdek eritib yubordi. Ana shu qorong‘ilikda bir shu’la ko‘rindi. Bu Hojiakbar akaning “ishonaman”, degan so‘zi edi!
– Bozorvoyning hisobotlaridan Nozima bir necha marta kamchilik topgandi, – dedi ustoz. – Mana, oqibati. U orqadan pichoq uradiganlardan. Sen ham jabrlanding.
Hojiakbar akaning og‘ir-bosiq ohangda aytgan gaplari meni titratib yubordi. Bu Bozorvoyning o‘chi ekan-da?! Voy, ablah-ey! Gap buyoqda ekan-ku?! Shuni aytsang, so‘ksang, ishdan bo‘shatib yuborsang bo‘lmasmidi?! Bir pokiza ayolning nomini bulg‘ading. Uyini buzding! Men-chi, men?! Axir meniyam xotinim ketib qoldi-ku! Nomim xotinbozga chiqdi!
– Do‘kondan xavotir olma, – dedi Hojiakbar aka.– Yordamching eplayapti. O‘zim qarab turibman.
Shu paytda meni bir so‘roq qiynardi: Nozimaga nima bo‘ldi? Uning boshiga tushgan g‘avg‘olarda qay bir ma’noda o‘zimni aybdor hisoblardim. Aybsiz aybdor edim men! Uning alam bilan “Erkakmisiz?!”, degani qulog‘im ostida sovuq jaranglab turardi. Nahotki, u hamma gapni mendan chiqqan deb o‘yladi? To‘g‘ri, shunday yigitlar bor. Birorta ayol yaxshi muomala qilsa, meni yoqtirib qoldi, deya lof uradi. Men unday nomardlardan emasman-ku? Yuragimni tirnayotgan bu so‘roqqa ham Hojiakbar akaning o‘zi javob berdi:
– Nozima, sen kimgadir… o‘shanaqa gap qilgansan, deb o‘ylagan ekan. Bunaqa gap chiqmadi. Hammasi oydinlashdi. Nozimaning eri ishxonaga kelib turardi. Unga Bozorvoy shipshitgan ekan o‘sha gapni.
Ilon ekan bu Bozorvoy! Uning zahari o‘tkir edi. Shuncha odamni qaqshatdi. “Suv balosi, o‘t balosi, tuhmat balosidan asrasin”, deya duo qilardilar buvim. Bu gapning ma’nosiga o‘shanda tushundim…
* * *
Mashina dala yo‘lidan o‘rtacha tezlikda borardi. Narzilla yo‘lga tikiladi. O‘tgan gaplarni eslab, bir yondi-da, sekin o‘chdi go‘yo. Yanayam kim bilsin. Sirtdan sokindir u. Inson bunday zarbani unutoladimi? Hamon yuragi ezilayotgandir? Axir, men, Nozima bilan Narzillaga butunlay begona bir odam, qanchalar ta’sirlandim! O‘zimdagi ularning keyingi taqdirlarini bilish istagini yengolmadim:
– Siz ishdan bo‘shab ketdingiz. Shundaymi?
– Ha.
– Nozima-chi?
– Nozimani Hojiakbar aka ishda olib qoldi. Lekin, eri bilan ajrashdi.
– Eri haqiqatni bilmabdimi?
– Hammasini tushungandir balki… El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Gap-so‘z o‘rmalab ketgandi. Qayta yarashmadi… Ko‘ngli bo‘lmagandir… Aslida, ungayam jabr bo‘ldi. Men xotinim bilan yarashib ketdim. Uning oilasi parokanda bo‘ldi. Ikki bola sarson…
– Keyinchalik Nozima bilan gaplashdingizmi?
– Yo‘q. Ko‘chada ko‘rib qolsam beriroqdan o‘tib ketaman. Shunisi ma’qul. Hozir Bozorvoyning o‘rnida ishlayapti. Shunday deb eshitdim.
– U-chi? – beixtiyor savol berdim.
– Unga nima? Bundaylarni jin ham urmaydi. Pensiyaga chiqqan. Haliyam o‘sha-o‘sha yurish… Ko‘rdingiz-ku…
* * *
Mashina jildirab suv oqayotgan ariq bo‘yidagi oddiy qishloq uyida to‘xtadi. Hovli darvozasi ochiq edi.
– Yetib keldik,– dedi Narzilla. Signalni bir bosib qo‘ydi.
Ko‘chadan hovlidagi kishmish uzumlar osilib turgan so‘ri ko‘rindi. So‘ri ostidagi supadan boshiga oq ro‘mol tashlagan ayol turdi. Meni tanib, ro‘molini to‘g‘irlay-to‘g‘irlay darvoza tomonga yugurdi.
– Aka! – dedi singlim yelkamdan quchib. – Otam o‘rniga otam!
Uning ko‘zidan mehr yoshlari oqardi. Shu payt darvozadan devdek yigit bilan bo‘y yetgan nozikkina qiz birin-ketin chiqib kelishdi. Ular ham “tog‘ajon”lab yelkamga osilishdi.
Men mehr og‘ushida qolgandim. Mashinaning qisqa signalidan o‘zimga keldim. Narzilla qaytib ketayotgandi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son