Tahririyatdagi xonamda o‘tirardim. Salom berib, tortina-tortina yoshgina kelin kirib keldi. U, nari borsa, o‘n sakkizga kirgan. Homilador ekan. Yashil paltosining pastki tugmalari yetmay qolib, qadalmagan. Yuzi oppoq, so‘lim.
– Keling? – dedim.
U qarshimdagi kursiga og‘ir cho‘kdi. Ko‘zlari mungli edi. Gazeta tahririyatiga qandaydir tashvish yetaklab kelgani aniq.
– Vaqtingiz bormi? – dedi xijolatomuz.
– Bemalol. Ismingiz nima?
– Mahliyo.
– Nima gapingiz bo‘lsa, aytavering. O‘qiysizmi yo ishlaysizmi?
Bu savolni berishdan avval chamalab ko‘rdim.Bu qizning tengdoshlari kollejda o‘qishadi. Balki, erta turmushga chiqib, o‘qiyotgandir?
– O‘qiganimda shu ahvolga tushmasdim, – dedi u o‘ksik ovozda. Rangpar yuziga tomchilagan yoshlarni kafti bilan artib, menga qaradi. – Maktabda yaxshi o‘qirdim. She’r ham yozganman, – uyalib jilmaydi u. – Sizga olib kelganman.
Bu jilmayish rutubatli nigohiga nur bag‘ishladi. O‘rtamizda bir daricha ochildi go‘yo. Biz bir-birimizni tushuna boshlagandik. Endi u dadilroq boqdi:
– She’rlarimga “Mahliyo” deb imzo qo‘yarrdim. Esingizda yo‘qmi?
– To‘g‘risi, eslolmayapman.
– Bularning bari bir yil avval mening hayotim edi. Endi, yo‘q! Suvga otilgan toshdek! – U chuqur xo‘rsindi. Oldingizga ko‘nglimdagi… dardlarni aytgani keldim…Sizni o‘quvchilik paytimdan bilaman. Bitta she’rimni gazetada chiqargansiz..
Men o‘ylanib qoldim… Yo‘q, eslay olmadim. Tahririyatga o‘quvchi,talabalar tez-tez kelib turishadi. Gazetaning ish jarayoni tig‘iz. Hammani eslab qolish qiyin. Mahliyo! Ismi chiroyli ekan.
– Maktabni bitirganimdan keyin uydagilar o‘qitishmadi, – dedi Mahliyo, – qizlar haqida har xil gaplarni eshitishgan-da. Hamma undaymas-ku, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri.
– Bir yil o‘tar-o‘tmas turmushga uzatishdi.Yigitning yoshi yigirma yettida ekan. Bir marta uchrashtirishdi-yu, to‘yimiz bo‘ldi. O‘ylab ko‘ring, bir umr birga yashaydigan insonning kimliginiyam bilolmadim. Umr savdosi qimor emas-ku? Nega oyoq-qo‘limni bog‘lab o‘tga tashlashdi?!.. Ikki oycha yaxshi yashadik. Men unga bog‘lanib ham qoldim. Ishi shaharda. Qandaydir katta firmani qo‘riqlashar ekan. Harbiylar kiyimida yurardi. Uch-to‘rt kunlab uyga kelmay qolardi. Men uni sog‘inib kutadigan bo‘ldim.
Mahliyo og‘ir tin oldi. Keyin, boshini sarak-sarak qilib yig‘lab yubordi. Kaftlarini yuziga bosib, biroz o‘tirdi-da, yana menga qaradi:
– Men kelin bo‘lgan uydagi sharoit biznikiga o‘xshamasdi. Qaynonam qattiqqo‘l. Ovqatga masalliq o‘lchab beriladi. Qora undan non yopiladi. Arzonroq-da… Hamma ishimdan kamchilik topishadi… Indamay bo‘ynimni egishga o‘rgandim. Hamma kelinlarda shunaqa bo‘lsa kerak-da, deb o‘ylardim… Mening bir narsalar yegim kela boshladi. Dog‘lanayotgan yog‘ning isiga chidolmay qoldim. Qaynonamga aytganimda jahllari chiqdi:
– Nega darrov yukli bo‘lding? – dedi sovuq qilib. – Kelinlik xizmatini qili-ib yursang bo‘lmasmidi?
Bu gap toshdek og‘ir botdi. Uyga kirib yig‘ladim. Kimsaga aytolmayman, dardim ichimda. Qaynonam uyimizgayam yubormay qo‘ydi. Erim o‘n-o‘n besh kunda keladigan bo‘ldi. Muomalasi avvalgidekmas. Bir og‘iz gapirtirmay, siltab tashlaydi… Bo‘y yetgan qaynimning qiliqlari hammasidan o‘tib tushdi. U kunduziyam, kechasiyam birorta bahona bilan xonamga kirib kelaveradi. Bo‘yi shipga yetadi. Beo‘xshov tirjayib turishidan qo‘rqaman. Gapining tayini yo‘q. Hech qayerda ishlamaydi… O‘qish-yozishniyam bilmasdi. Uni butunlay aqlsiz deyolmaysiz, jiddiy ham emas.
Erimga undan qo‘rqishimni aytdim. “Qo‘yaver, o‘zi shunaqa, invalid, psix”, dedi.
Tez orada erim meni shaharga olib ketdi. Ijara uyda yashay boshladik. Bir kuni ishga ketib, bir oycha kelmadi. Begona joy, ochin-to‘qin, sovuqda qiynaldim. Qaytib ketay, desam undan qo‘rqaman.Homilam besh oylik bo‘lgandi. Kechasi qo‘rqib, mazam bo‘lmay qoldi. Ijara uyning egalari kasalxonaga olib borishdi.
Mahliyoning achchiq hikoyasi shu yerga yetganda titrab ketdim! Tirnoqqa zor yurganlar qancha?! Ularning dil iztiroblarini mana shu xonada eshitib, ahvollariga achinganman. Yigirma yetti yoshida yigit haqiqiy erkakka aylanadi. Zuryod nimaligini biladi. Hech kim tushuntirib berolmaydigan sohir tuyg‘u bilan unga intiladi…
– Eringiz biror marta xabar olmadimi? Telefon-chi? Qaysi zamonda yashayapmiz axir?
– Menga uyali telefon ushlatishmasdi. Erim telefon raqamini hech kimga bermagan.
– Bir oy qanday yashadingiz?
– Ayam bilan ukam har hafta kelib pul, oziq-ovqat tashlab ketishardi. Erimni xizmat safarida dedim.
– Shunaqami…
– Shu ahvoldayam yonini olgansiz, demoqchisiz-da?.. Men unga bog‘lanib qolgandim, ishonardim! Buni tushunish uchun ayol bo‘lish kerak… U kasalxonada yotganimda keldi. Ichib olgandi. Dilidagini ochiq aytdi. Yoshi o‘zidan katta xotini, to‘rt yashar o‘g‘li bor ekan… “Bolani oldirib tashla, baribir sen bilan yashamayman, aliment ham to‘lamayman. Senga, o‘rtog‘larim bilan garov o‘ynab uylanganman”, dedi.
– Garov o‘ynab?!
– Qarang, shunaqasiyam bo‘ladimi?! – dedi Mahliyo menga qarab.
Uning ko‘zlaridan duvillab yosh quyildi. Ro‘molchasini olib, yuziga bosdi. Yelkasi silkinib-silkinib yig‘ladi. Ko‘nglidagi faryod ana shu silsilalar bilan tashiga chiqib ketayotgandek edi. Insonni ham shunchalar oyoqosti qiladilarmi?! Insof, vijdon, diyonat, iymon qayoqda qoldi? Bunday kaslar qanday yaralib qolgan? Yer ko‘taraverar ekan-da…
Qarshimdagi xilqat hamon o‘ksib-o‘ksib yig‘lardi. Hali o‘zi o‘smirlik, yoshlik zavqlariga to‘ymagan, ammo ona bo‘lay deb turgan Mahliyoning yuragidagi to‘fonni tushundim. Uning hayotida hammasi chalkashib ketgandi: eriga bo‘lgan muhabbat, farzand kutish baxti, ayrilish, xo‘rlik…
– U shunday dedi-yu, ketdi, – Mahliyoning titroq ovozi eshitildi. – Men uchun osmon uzilib yerga tushgandi go‘yo. Dunyo zulmatga aylandi! Kasalxona yo‘lagida hushimdan ketib yiqilibman. Shifokorlar o‘zimga keltirishganda og‘zim qurib qolgandi. Qornimda og‘riq sezdim, bola bezovtalanardi. Suv so‘radim. “Bolamni asrab qolinglar”, dedim. Ovozim o‘zgarib qolgan, yo‘g‘on, xirqiroq edi. Qo‘rqib ketdim! Kim edim-u, kimga aylandim?! Hayot bunchalar achchiq?! Ko‘nglim muz. U ko‘zimga bolamni yutib yuborayotgan ajdahodek ko‘rindi. “Yo‘q, bolangni unga berma!” derdi ichki bir nido. O‘zimni bosishim qiyin bo‘ldi. Shifokor yoshi katta ayol edi:
– Qizim, og‘ir bo‘l, – dedi. – Biz bu yerda har xil odamlarni ko‘rganmiz. Odamiyligini yo‘qotganlar ham bor. Sen haqiqiy insonni dunyoga keltir! Birinchi bolani asrab qolish kerak! Hozircha, bolangga ziyon yetgani yo‘q. Keyingi hayotingni o‘zing hal qilasan. Eson-omon tug‘ib olsang, farzanding yo‘l ko‘rsatadi.
Umrimda bunday aqlli gaplarni eshitmagandim. Ana shunday shirin xayol bilan uxlab qoldim.
– Qaytib kelmadimi?
– Yo‘q. Dadam bilan ayam kelishdi. Ularga hammasini aytdim. Men tushgan xonadon boy-badavlat edi. Ota-onam oddiy dehqon odamlar. Hammasini allaqachon bilib yurishgan ekan. Uyga olib ketishdi.
– Eringizning uyidagilar kelishdimi?
– Yo‘q. O‘g‘illarining xotini , bolasi borligini bilisharkan. Yuklarimni jo‘natib yuborishibdi.
– Unda, nega sizni…
– Bilmadim, nega meni baxtsiz qilishganini. Shunaqa odamlar ham bor ekan-da.
– Endi nima qilasiz?
– Kasalxonaga farrosh bo‘lib ishga kirganman. Bugun homiladorlik ta’tiliga chiqdim. Farzandim tug‘ilsin. Keyin, o‘qiyman, hamshira bo‘laman… Siz bularni yozing! Boshqa qizlar adashishmasin, sirayam adashishmasin!
Mahliyoning go‘zal chehrasida qat’iyat ko‘rdim. Juda yosh bo‘lishiga qaramay homiladorlik unga qandaydir ulug‘vorlik baxsh etgandi. Hademay ona bo‘ladi. Farzandi qalbini butkul rom qilib oladi. Yashashga undaydi, yo‘l ko‘rsatadi. Mahliyo buni biladi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son